Њзбекистон Республикаси Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги
Download 0.82 Mb.
|
Termiz sanoat va transport kasb-hunar kolleji a. Shukurov, N. Mu
Nutqning aniqligi. Aniqlik ham nutqning asosiy kommunikativ sifatlaridan biridir. Agar to‘g‘rilik nutqning yuzaga kelishida faqat til omili, zaruriy belgisi sifatida qaralsa, nutqning aniqligi deyilganda uning shakllanishiga xizmat qiladigan, tildan tashqaridan bo‘lgan omillarni ham nazarda tutish lozim bo‘ladi. Bunda dastlab til va tafakkur munosabati turadi. Chunki, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar o‘rtasidagi mutanosiblik va uning nutqda aks etishi ana shu aniqlikning xuddi o‘zidir.
Boshqacha aytganda, tabiat va jamiyatdagi turli voqyea-hodisalar, predmetlar, olamning jug‘rofiy tuzilishi, kishilarning his-tuyg‘ulari, harakat va holatlari har bir tilda o‘z atamasiga - nomiga ega. Ana shu atamalar yordamida bu hodisalar inson tomonidan anglanadi, tushuniladi, idrok qilinadi va fikr almashinadi. Shuning uchun ham, nutq oldiga u aniq bo‘lishi kerak deb talab qo‘yilganda til birligi hamda u ifodalayotgan tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar o‘rtasidagi muvofiqlik tushuniladi. Masalaga shu talablardan kelib chiqib yondoshiladigan bo‘lsa, nutq aniqligi nutq madaniyati va mas’uliyatining g‘oyat zarur sharti bo‘lib qoladi. Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Tog‘ay Murod va boshqa ko‘plab adiblarimizning tilga bo‘lgan munosabatlarini ana shu mas’uliyat samarasi deb tushunish to‘g‘ri bo‘ladi. Bu jihatdan A. Qahhorning ijodi va til mahorati haqidagi ayrim mulohazalari diqqatga sazovordir. Ma’ruf Hakimning «Qahramonning o‘limi» hikoyasini tahlil qilgan yozuvchi Botir beliga qator beshta bomba qistirib…, Qo‘lida bomba ushlagan holda ko‘chaga yugurdi jumlalaridagi bomba so‘zining noto‘g‘ri qo‘llanganligini, yozuvchining bomba va granatani farqlamasligini tanqid qiladi. A.Qahhor tahlilda davom etib, hikoyadan yana misollar keltiradi: Botir «Sulton akaning oyoqlarini silaganda qo‘liga yelimga o‘xshagan bir narsa yopishganligini sezdi: qorong‘ida nima ekanligini bilolmay qoldi». Shu yerning o‘zida «Jenya… yigitning ko‘ziga uzoq tikilib qoldi». Qo‘lga tekkan qon ko‘rinmagan qorong‘ida ko‘z ko‘rinadimi, deydi yozuvchi. U yana yozadi: «Adabiyotda yolg‘onning katta-kichigi yo‘q. Hammasi ham baravar zarardir. «Uchrashuv» (M.Hakim)da mana bunday yolg‘on gap bor: «Ahmad osmonga qaradi. Haqiqatan ko‘kni bulut bosgan. Bironta ham yulduz yo‘q edi!» Shundan besh satr pastda: «Ahmad osmonga nazar tashladi. Haqiqatan uzoq ufqdan chiqib kelayotgan bulutlarning ko‘rinishi xunuk edi». Uzoq ufqdan chiqib kelayotgan bulutlarni ko‘rish uchun havo qisman bo‘lsa ham ochiq bo‘lishi kerak. Bu yerda yo «ko‘kni bulut bosgan»i, bironta ham yulduz yo‘qligi yolg‘on yoki «uzoq ufqdan chiqib kelayotgan bulutlar» to‘g‘risidagi gap behuda (Qahhor A. Yoshlar bilan suhbat. – T., “Yosh gvardiya” 1968, 44-46-betlar). O‘zbek tilining aloqa vazifasi doirasida yozuvchilik va jurnalistlik faoliyatida, o‘qish-o‘qitish jarayonida, millat vakillarining kundalik muloqot jarayonida bunday kamchiliklar uchrab turibdi. Tildagi bu nuqsonni V.V.Vinogradov ham o‘z vaqtida qayd qilgan edi: «…uchinchi keng tarqalgan stilistik kasallik – bu so‘zning voqyelikka mos kelmasligidir, so‘zning predmetdan uzilib qolishi – bu buzilish, hatto ba’zan uning predmet (asosiy) ma’nosini yo‘q qilishdir. Bu kasallik tasvirlanayotgan hayot bilan tanish bo‘lmaslikdan, yozuvchilar o‘zlari chizayotgan narsa va hodisalarni yaxshi bilmasligidan kelib chiqadi» (Vinogradov V.V. Zametki o yazike sovetskix xudojestvennix proizvedeniy // V kn.: Voprosi kulturi rechi. – M.,1955, s.63). Shunday qilib, aniqlik – bu so‘zning o‘zi ifodalayotgan voqelikka mos va muvofiq kelishidir. Aniqlikni boshqacha tushunish ham mumkin. Bu so‘z va uning ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan ma’nosi hamda uning nutqda qo‘llanishi bilan muvofiq kelishidir. (Golovin B.N. Osnovi kulturi rechi. – M.: Visshaya shkola, 1980, s.126). Ko‘rinadiki, aniqlik nutqning asosiy xususiyati sifatida, eng avvalo, til tizimidagi leksik daraja bilan bog‘lanadi. «Nutq aniqligi» atamasi ostida voqyelik va uning tildagi ifodasi bo‘lgan leksik birlik – so‘zlar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlik anglashiladi. Xo‘sh, qaysi til birligi namunaviy nutqning yaratilishiga ko‘proq xizmat qiladi? Bu savolga sinonimlar, deb javob berish ma’qul bo‘ladi. Chunki ular mazmunan bir-birlariga yaqin bo‘lsa ham, ma’no ottenkalariga ko‘ra farqlanadi. Ana shu ottenkalardagi farqlar ularni tanlab ishlatish imkoniyatini beradi. Masalan, aniq, ochiq, yaqqol, ravshan, yorqin, oydin, ayon sinonimlarini olib ko‘raylik. Garchi ular umumiy ma’noda bir sinonimik qatorni tashkil qilishsa ham. birining o‘rnida ikkinchisini qo‘llash hamma vaqt mumkin bo‘lavermaydi. Aniq eshitdim deyish to‘g‘ri bo‘lgani holda oydin eshitdim deyish mumkin emas, hamma narsa ayon, hamma narsa ravshan, hamma narsa aniq , hamma narsa oydin deyish mumkin bo‘lgani holda hamma narsa yorqin deb bo‘lmaydi. Chunki asosan aniq eshitishga, ochiq va oydin tushunishga, yaqqol va yorqin ko‘rish va eshitishga, ravshan ko‘rish va tushunishga xos (Hojiyev A. O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati. – T., “O‘qituvchi”, 1974, 30-bet). Bu kabi ma’no nozikliklarini payqamaslik ifodada g‘alizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, katta va uzun, qadam qo‘ymoq va qadam tashlamoq juftliklarini olib qaraylik: Bo‘yi mendan kattaroq, o‘zi sap-sariq (O‘.Hoshimov). Uzun-qisqalik va katta-kichiklik ikki xil o‘lchov sanaladi, Birida ikki nuqta orasidagi masofa, ikkinchisida hajm o‘lchanadi. Shuning uchun bo‘yni katta deb bo‘lmaydi. Uni baland yoki uzun deyish ma’qul. Yana: Mustaqil hayotga qadam tashlayotgan yoshlarimiz nikohdan o‘tishganlaridan keyin qishloq markazidagi yodgorlik poyiga hurmat-ehtirom bilan gulchambarlar qo‘yadilar («Sharq tongi» gazetasi). O‘qiganda ma’nodagi noziklik go‘yo sezilmayotgandek tuyulsa ham, bu o‘rinda qadam qo‘ymoq iborasini qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki qadam qo‘ymoq da harakatni endi boshlash ma’nosi mavjud, qadam tashlamoq esa harakatdagi bu chegarani ko‘rsata olmaydi. Mana bu Meni yangi ishga yo‘rgaklagan hamqishloqlarim, shuningdek, ustoz Ma’rifat Rofiyevalar foydali maslahat va amaliy yordamlarini mendan ayamay, kasbni o‘zlashtirib olgunimcha madadkor bo‘lib turdilar misolidagi yo‘rgaklamoq so‘zi umuman noto‘g‘ri qo‘llanilgan. U o‘rgatmoq, jalb qilmoq ma’nolarini ham bera olmaydi, ishga yo‘rgaklamoq deb ibora tuzib ham bo‘lmaydi. Ko‘p ma’noli so‘zlardagi ma’no nozikliklarini payqash ham nutq jarayonida aniqlikka xizmat qiladi. Zulfiya ijodidan misol keltiramiz. Shoira simob so‘zining quyidagi ma’no ottenkalarini farqlagan: a) yaltiroqlik: Simob to‘lqinlari tutib osmonni, / Muttasil yomg‘irlar zeriktirsa ham; b) tozalik, musaffolik: Kuyni tinglab simobday chashma / Jilvalanib qildi karashma; v) belgini kuchaytirish: Oq simob rang bulutday siljib / Biz tomonga kelar qo‘ylar galasi kabi.
Aniqlikni vazifaviy uslublar doirasida tushunish ham o‘ziga xos. Masalan u so‘zlashuv uslubida vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Rasmiy uslubda esa u tildagi tayyor, shtamp holidagi so‘z va iboralardan foydalanishni taqozo qiladi. Ilmiy uslubda atama va uning ifodalanish aniqligi asosiy o‘rinda turadi. Ommabop va badiiy uslublarda esa so‘z va iboralar faqatgina badiiy-estetik vazifani bajarishdan tashqari yozuvchining maslagi, g‘oyaviy maqsadiga mos bo‘lishi va shunga xizmat qilishi lozim bo‘ladi. Ana shu sabablarga ko‘ra so‘z qo‘llash aniqligining chegarasini belgilash birmuncha murakkab ish bo‘lib, u tilni yaxshi bilishni va uning vazifaviy uslublar doirasida qo‘llanish imkoniyatlarini o‘rganishni taqozo qiladi.
Download 0.82 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling