„zbekiston respublikasi oliy va o„rta maxsus ta‟lim vazirligi termiz davlat universiteti tarix fakulteti fuqarolik jamiyati kafedrasi
G'arb mamlakatlarida ilk g'oyaviy qarashlar va ularning takomil bosqichlari
Download 1.85 Mb. Pdf ko'rish
|
„zbekiston respublikasi oliy va o„rta maxsus ta lim vazirligi te
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3. Sharq va Markaziy Osiyoda goyalarning namoyon bolishi, ularning gumanistik mohiyati.
2. G'arb mamlakatlarida ilk g'oyaviy qarashlar va ularning takomil bosqichlari. Xuddi shuningdek, ijtimoiy zaruriyat taqozosiga ko'ra, falsafiy g'oyalar ham muayyan tizimni shakllantirib, odamlarning e'tiqodi va dunyoqarashiga aylanadi. Olamning yaralishi, mavjudlik xossalari, uning asosini tashkil etuvchi birlamchi narsaning mohiyati kabi masalalarga turlicha yondashish natijasida monizm, dualizm, plyuralizm, idealizm va materializm singari oqimlar vujudga kelgan. Monizm – olamning asosi bitta deb tushuntiradi. Dualizm – olam xudo tomonidan yaratilgan, lekin uning rivojlanishi o'zining moddiy xususiyatlariga ham bog'liq deb ta'lim beradi. Plyuralizm – olam ko'p narsalarning birikishi natijasida vujudga kelganini yoqlaydi. Idealizm – olam va odamning yaralishi, dunyoning yashashi va rivojlanish qonuniyatlari, borliq hamda yo'qlik masalalarida ruhiy va ilohiylik tamoyillarini ustuvor deb biladi, ularni mutlaqlashtiradi. Materializm – olam va odamni ilohiy kuch yaratmagan, ular moddaning rivojlanib borishi natijasida paydo bo'lgan, deb o'rgatadi. G'oyalarning tarixiy va ma'naviy asoslarini o'rganishda butun jahon, xususan, G'arb mamlakatlari hamda xalqlari merosining ham o'rni bor. Uning ilk taraqqiy davrlari Qadimgi Yunoniston va Rim davriga borib taqaladi. Yunonistonda dastlabki ilmiy-falsafiy g'oyalar miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Milet maktabi vakillari ta'limotida o'z ifodasini topdi. Ushbu maktabning ilk namoyondalaridan Geraklitning g'oyalari stixiyali dialektikaga asoslangan va u olov — olamning asosi, deb bilgan. Uning fikricha, olamda hamma narsa harakatda. Kurash — hamma narsaning otasi, hamma narsaning podshosi, degan edi u. Suqrotning fikricha, falsafaning markazida axloq masalalari turmog'i lozim. Jamiyatning ravnaqi, tinchlik va osoyishtaligi, farovon hayoti axloq-odobning ahvoliga bog'liq. Bu masalalar Sharq falsafasida ham katta o'rin tutganligi bois xalqimiz Suqrotni hurmat bilan tilga olib, uning axloq-odob haqidagi fikrlariga amal qilib kelgan. Aflotun ―G'oyalar dunyosi va soyalar dunyosi‖ ta'limotining asoschisidir. Uningcha, g'oya haqiqiy borliq, biz biladigan va yashaydigan dunyo esa uning soyasidir. Haqiqiy o'zgarish va taraqqiyot g'oyalar dunyosiga xos, soyalar dunyosidagi harakat esa uning aksidir. G'oyalar dunyosining qonuniyatlarini hamma ham bilolmaydi. Ularni biladiganlar nihoyatda kam uchraydi, ular ulkan aql egasi bo'ladi. Aksariyat kishilar esa soyalar dunyosi bilan kifoyalanadi. Arastu asoslagan g'oyalarga ko'ra, olamdagi narsa va hodisalar to'rtta sababga ega. Bular moddiy sabab, ya'ni modda (materiya); shakliy sabab yoki shakl; yaratuvchi sabab; pirovard sabab yoki maqsad sabablardir. Yaratuvchi sabab harakat manbaidir. Masalan, ota va ona bolaning ulg'ayishi sababchisidir. Uningcha, davlat boshqaruvi jamiyatning erkin va farovon hayoti uchun xizmat qilishi lozim. Tarix shundan dalolat beradiki, markazlashgan yirik davlat va imperiyalarning paydo bo'lish jarayonida g'oya hamda mafkuralarning ahamiyati yanada ortadi. Miloddan oldingi IV-I asr va milodning boshlaridagi Rim tarixi bunga yaqqol misol bo'ladi. Ushbu shahar-davlatda uning fuqarolari xudolar tomonidan oliy maqomga ega kishilar sifatida tan olingani to'g'risidagi g'oya ustuvor edi. Bu, o'z navbatida, barcha rimliklarning o'zaro tengligi g'oyasi keng shakllanishiga va shu asosdagi mafkuraning mustahkamlanishiga sabab bo'lgan. Ana shu mafkuraga ko'ra, Rim aholisi rohat-farog'atda yashashi, asosan mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumni saqlab turishi, ko'p ming sonli qullar esa mehnat qilishi lozim bo'lib, ushbu hol barcha qonunlarda belgilab qo'yilgan edi. Tarixdan ma'lum va mashhur bo'lgan Spartak boshchiligidagi qullar qo'zg'oloni ana shu tartibga qarshi ko'tarilgan harakat ekanini yaxshi bilamiz. Qo'zg'olonchilar soni 100 mingga etishiga qaramasdan, bu harakatning g'alaba qozona olmasligi muqarrar bo'lgan. Chunki o'sha paytda rimliklar o'zlari uchun qonunga va yashash mezoniga aylangan g'oya asosida shakllangan tartibni buzishga yo'l qo'ymas edi. Bu g'oya rimliklarning hayot-mamoti uchun jang borayotgan bir sharoitda ularning orasidagi Spartak va uning tarafdorlariga qarshi bir necha yuz ming askarni saralab olish imkonini bergan. Umuman olganda, qadimgi Rimdagi o'ziga xos ma'no- mazmunga ega bo'lgan (ya'ni, ―qullar mehnati — fuqarolarning rohat-farog'ati‖ tamoyili asosidagi) tenglik g'oyasi asta-sekin xalqni olomonga, imperiya uchun zarur bo'lgan askarlarga, yuqoridagi tamoyilni so'zsiz himoya qilishga shay turgan armiyaga aylantirgan. Imperiyani yaratadigan dunyoqarash hamda mafkura shu tariqa shakllangan. Bu esa, o'z navbatida, ana shu armiyaning boshliqlari — Rim imperiyasining jahongir lashkarboshilari Yuliy Sezar, Oktavian Avgust va boshqalarni tarix sahnasiga olib chiqqan. O'sha davrda Rimning yonginasida Afina davlati ham gullab-yashnagan, uning asosiy hayot tamoyili erkinlik g'oyasiga tayangan edi. Rim armiyasi madaniy taraqqiyot jihatidan ustun bo'lgan Afinani tez orada zabt etdi. Ammo o'z hududida Afinadagidek erkinlik g'oyasini ustuvor tamoyilga aylantira olmadi. Chunki erkinlik g'oyasi totalitarizm uchun eng asosiy ma'naviy xavf bo'lib hisoblanadi. Xayoti erkinlikka asoslangan Afina insoniyat madaniyatining tamal tosh-laridan biri, yuksak ma'naviy qadriyatlar ustuvor bo'lgan sivilizasiyani dunyoga keltirgan edi. Bu davrdagi fan va madaniyat taraqqiyoti insoniyatni hozirgacha ham o'ziga maftun etib kelmoqsa. Rim esa fan va madaniyat bobida Afinaga tenglasha olmadi, bu sohada undan ustunroq bo'lgan biror kashfiyot yoki yangilik yarata olmadi. U bor-yo'g'i dunyoga dahshat solgan tajovuzkor va musta-bid imperiyani, urushqoq va zo'rovon armiyani yarata oldi, xolos. Rimliklar o'sha davrda Afinani mahv etgan va uning ustidan hukm-ronlik o'rnatgan bo'lsa-da, ammo afinaliklardan o'rganishdan or-nomus qilmagan. Hatto, eng atoqli Rim zodagonlari ham o'z farzandlari uchun ustoz-o'qituvchilarni afinaliklar orasidan tanlagan va bundan faxrlanib yurganlar. Mashhur fransuz faylasufi J. J. Russo bu to'g'rida shunday deb yozgan: ―Siyosiy jihatdan tobe bo'lgan Afina g'oyaviy va ma'naviy jihatdan Rimni beixtiyor tiz cho'kishga majbur qilgan edi. Rimliklar bu borada hech qachon afinaliklarning qarshisida o'zlarini g'olib deb hisoblay olmaganlar‖. Fransuz adibi Andre Morua bu jarayonni tahlil qilib, quyidagi fikrni bildirgan: ―Yevropa bu g'oya va yo'llar ning qaysi biri to'g'ri ekanligini to'la-to'kis ajratib, o'z yo'lini ularning biri asosida tanlab ololmadi. Salib yurishlari domiga tortilgan va o'rta asrlar so'ngida imperiyalarni yaratgan Yevropa qadimgi Rim yo'lidan, Rimning halokatidan keyin mustaqillik va milliy davlatchilikni ixtiyor etgan Evropa esa qadimgi Afina yo'lidan bordi. XX asrda fashizmni dunyoga keltirgan Yevropa birinchi yo'ldan, shu yuz yillikning oxiriga kelib erkin taraqqiyot sari yuz tutgan Yevropa esa ikkinchi yo'ldan bormoqda. Bir asrda, nisbatan qisqa davr orasida bunday holning yaqqol namoyon bo'lishi, evropaliklarning qonida bu yo'llarning ikkalasi uchun ham umumiy genlar saqlanib qolganidan dalolat beradi‖ . Ushbu misollar o'rganiladigan g'oya va mafkuralarning insoniyat tarixidagi o'rni, davlat va jamiyat taqdiriga ta'siri qanday bo'lganini yaqqol ko'rsatadi. 3. Sharq va Markaziy Osiyoda g'oyalarning namoyon bo'lishi, ularning gumanistik mohiyati. Markaziy Osiyodagi falsafiy g'oyalarni moniylik va mazdakiylik ta'limotida ham ko'ramiz, ular jamiyatda adolat, erkinlik, teng huquqlilik tamoyillarini qaror toptirishga da'vat etgan. Bu g'oyalar Vatan ozodligi uchun kurashgan Muqanna boshchiligidagi harakatning ma'naviy manbalaridan biri bo'lib xizmat qilgan. Mamlakatimiz tarixi islom dini yurtimizga kirib kelguniga qadar ham ming yillar mobaynida amal qilib kelgan turli g'oyalar tizimiga ega bo'lganidan dalolat beradi. Arablar yurtimiz hududini bosib olganlaridan so'ng o'zlarining g'oyalariga mos kelmaydigan juda ko'p ma'naviy boyliklarni ayovsiz yo'q qilishgan. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy ―Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar‖ asarida yozganidek, ―Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini o'rgangan va bilimini boshqalarga o'rgatadigan kishilarni halok etib va butkul yo'q qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib bo'lmaydigan darajada yashirin qoldi‖. Istiqlol tufayli ajdodlarimiz yaratgan boy va o'lmas madaniy merosni o'rganish, tarixiy xotirani tiklash, xalqimiz qalbida haqiqiy vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga sodiqlik tuyg'ularini shakllantirish imkoni tug'ildi. Mintaqamizda ilk o'rta asrlarda vujudga kelgan g'oyalar o'sha davr madaniyatining bir qismi bo'lib, u ulug' bobokalonlarimizning islom diniga, Sharq falsafasi va jahon sivilizasiyasiga katta ta'sir ko'rsatgan ta'limotlarida ifodalangan. Ma'lumki, islomiy g'oyalar Qur'oni Karim va hadislardagi ta'limotning asosi sifatida shakllanib, ular islom qonun-qoidalari, iymon-e'tiqod talablari, huquqiy va axloqiy me'yorlarda o'z ifodasini topgan. Bunday g'oyalarni anglashda Imom Buxoriyning Qur'oni karimdan keyingi asosiy kitoblardan biri sifatida tan olinadigan ―Sahihi Buxoriy‖ asari katta ahamiyat kasb etadi. Unda islom ta'limotining asosiy g'oyalari sharhi o'z ifodasini topgan. Ushbu ta'limotni o'rganish va uning turlicha talqin qilinishi ko'plab mazhablarni vujudga keltirdi. Islom falsafasida mashshoiyunlar va tabbiiyunlarning (Arastu falsafasi va tabiatni o'rganishga ahd qilganlarning) falsafiy g'oyalari o'sha davr ma'naviyatining dunyoviy hamda diniy masalalarda, jahon falsafiy tafakkurida ro'y berayotgan jarayonlarga nisbatan tashabbuskor kuch ekanini ko'rsatib turibdi. Bu sohadagi asosiy g'oyalarga ko'ra, insoniyat istiqboli komil insonni shakllantirish orqali yuzaga keladi, iymon-e'tiqod, axloq-odob esa inson tafakkurining ajralmas tarkibiy qismidir. Mazkur yo'nalishdagi g'oyalar talqinida o'z o'rniga ega bo'lgan Xoja Ahmad Yassaviy ta'limotida insonning o'z gunohlarini, jumladan, shaxsiyatparastlik, ta'magirlik, boriga qanoat qilmaslik kabi illatlari ayovsiz ochib tashlanib, ulardan uzoqlashishga da'vat qilinadi. Vatanparvarlik jasoratini ibrat tariqasida ko'rsatgan Najmiddin Kubro o'z tariqatining mohiyatini o'nta usulda mujassamlagan. Bular - Tangriga o'z xohishi bilan yuzlashish, zuxd fi dunyo - har qanday lazzatdan o'zini tiyish, tavakkul - Allohga e'tiqodi pokligi uchun barcha narsalardan voz kechish, qanoat, uzlat - xilvatni ixtiyor qilish, mulozamat az-zikr - uzluksiz zikr, tavajjuh - Haqqa muhabbat qo'yish, sabr - nafs balosidan ozod bo'lish, muroqaba - tafakkurga g'arq bo'lish, rizo - Tangri xushnudligini qozonishdan iborat. Tasavvuf ta'limotiga ko'ra, ezgu g'oyalarni insonlar qalbida shakllantirish bilan birga, farovon hayot kechirishning asosiy manbai mehnat orqali kun kechirish ekanini targ'ib etishdir. Bahouddin Naqshband ta'limotining mohiyati ―Dil ba yoru dast ba kor‖ g'oyasida yakqol ifodasini topgan. Inson Alloh inoyati natijasi bo'lib, bu dunyoni unutib qo'ymasligi lozim, uning qalbi doimo Allohda, qo'li esa mehnatda bo'lmog'i kerak. Uning ta'kidlashicha, qonun vujud va qalbni tarbiyalaydi, bu esa ko'ngilni poklab, ruhni ilohiy kuvvatdan bahramand qiladi. Abu Nasr Forobiy inson aql vositasida ilm- fanni yaratadi, deydi. Fan tufayli hodisalar mohiyati ochib beriladi, har bir fan insonning muayyan ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Mutafakkir o'z asarlarida komil inson, fozil fuqaro, odil hukmdor, baxt-saodat, unga erishish yo'llari, davlatning xususiyatlari, axloqiy va aqliy tarbiya, ijtimoiy istiqbol to'g'risidagi ilg'or g'oyalarni ilgari surgan. Buyuk qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniyning falsafiy qarashlari tabiiy-ilmiy g'oyalari asosida shakllandi. Beruniy ―Oddiy javharlar paydo bo'lish va yo'q bo'lishni bilmaydi‖, degan g'oyani ilgari surgan. Bunda abadiylik birinchi sabab bilan bog'liq, chunki u yaratuvchi umrini anglatadi. Yana bir alloma Abu Ali ibn Sino o'z asarlarida ilm va axloq-odob uyg'unligi, inson kamoloti, baxt-saodat, ijtimoiy adolat, kishilarning o'zaro hamkorligi, hukmdorning burchi to'g'risida qiziqarli g'oyalarni ilgari surgan. Uningcha, barchani bir xil ijtimoiy mavqega erishtirib bo'lmaydi. Aslida ular uchun muayyan sharoit yaratib bermoq lozim. Insoniyat tarixida shunday g'oyalar borki, ular buyuk ishlarga tayyor millatlarni o'zining yo'lboshchilari yetakchiligida, tarixning muayyan qisqa bosqichlarida ming yillarda qo'lga kiritish mumkin bo'lgan natijalarga erishishga undaydi. Aynan bunday goyalarning amaliy ifodasi insoniyat tarixiga shu millatga mansub buyuk kishilarning o'chmas nomini bitadi, jahon madaniyatini boyitadi, umumbashariy taraqqiyotga ulkan hissa bo'lib qo'shiladi. Har bir xalqning tarixi shu xalqdan etishib chiqqan buyuk siymolar, mard qahramonlar va fidoyi insonlar hayoti hamda faoliyati asosida bitiladi. Xalqimizning Shiroq va To'maris, Spetamen, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug'bek, Navoiy va Bobur Mirzo kabi atoqli farzandlari bunyodkor g'oyalar sohiblaridir. Amir Temur va temuriylar davridagi ana shunday yuksak g'oyalar xalqimizning milliy dahosini eng yuksak cho'qqiga ko'tardi. Amir Temurning ―Kuch - adolatda‖ g'oyasi mamlakatdaga salbiy illatlarni yo'qotishda, turli janjal va nizolarni bartaraf qilishda, haqiqat va adolat o'rnatishda, insonparvarlik g'oyalarini tarqatishda asosiy o'rin egalladi. Shu davrning mevasi - Alisher Navoiy ijodiy merosida insonparvarlik va komil inson g'oyalari muhim o'rin egallaydi. Shoir o'z asarlari orqali ushbu g'oyalarni yoydi, turli millat va elatlar o'rtasidagi do'stlikni ulug'ladi. Xalqni farovonlikka, baxt-saodatga eltuvchi, hamma teng, zulm-istibdoddan xoli bo'lgan davlat tuzumini orzu qildi. Navoiyning yaxshilik, ezgulik, muhabbat, do'stlik, adolat, tinchlik, osoyishtalik kabi umuminsoniy g'oyalari, ma'naviy-axloqiy qadriyatlar to'g'risidagi qimmatli fikrlari respublikamiz istiqlolga erishganidan so'ng ham barkamol insonni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz o'tmishida temuriylardan keyingi ijtimoiy-falsafiy g'oyalar rivoji alohida o'ringa ega. Ma'lumki, temuriylar davlati asta- sekin inqirozga yuz tutib, mayda davlat-larga bo'linib ketdi, mahalliy nizolar kuchayishiga olib keldi. Bu iqtisod, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san'at ravnaqiga o'z ta'sirini ko'rsatdi. Ayniqsa, tabiiy-ilmiy fanlar rivoji zaiflashdi, dunyoviy bilimda tanazzul ro'y berdi. Shunga qaramasdan, davr mohiyatini aks ettiradigan teran fikr va g'oyalar vujudga keldi. Masalan, Boborahim Mashrab insof, adolat, diyonat, saxovat, aql-zakovat, ruhiy komillik, halol-lik, mehr-oqibat, kamtarlik kabi ma'naviy-axlokiy fazilatlarni tahlil qilib, salbiy illatlarni qoraladi. Uningcha, inson o'z millati boyligi bilan emas, balki odamiyligi, insonparvarligi. vijdoni bilan boshqalardan afzal bo'la oladi. Shoir o'z ijodida Allohga muhabbat g'oyasini tasvirlaydi. U tasavvufning qalandarlik tariqatini tanlaydi, xalqni ezgulikka, insof va diyonatga, to'g'rilikka chaqiradi. Inson hirsu ochko'zlik, hayvoniy sifatlar, manmanlik, xudbinlik kabi xislatlardan poklanish uchun o'z asli - ilohiy ishqqa yuz tutishi lozim. Aks holda, u insoniyligini yo'qotib, tubanlashib ketishi muqarrar. Ogahiy o'z ijtimoiy qarashlarida insonparvarlik g'oyalarini ilgari surdi, odamlarni yaxshilik va ezgulikka, xayrli ishlarga va ma'rifatparvarlikka da'vat etdi. Ahmad Donish esa o'z asarlarida mamlakatni odilona boshqarish uchun islohot zarurligini uqtirdi. Uningcha, hukmdor bilimdon, aqlli bo'lib, xalqning manfaatini himoya qilishi, o'z atrofidagilar bilan kengashib, davlatni idora qilishi lozim. A.Donishning g'oyalari hamon o'z ahamiyatini yo'qotmagan. XX asr boshida vujudga kelgan jadidchilik harakatining taraqqiyparvar namoyondalari - Behbudiy, Fitrat, Cho'lpon, Munavvar qori, Abdulla Avloniylar ijodi va faoliyatida ma'rifatparvarlik g'oyalari yanada kuchaydi. Ular yangi maktablar qurish, yosh avlodni ilmli kilishga, ma'rifat va taraqqiyot uchun kurashga katta hissa qo'shgan mutafakkirlardir. Ularning asarlarida millat va Vatan taqdiri, axloq va ta'lim-tarbiya kabi masalalar, xalqlarni birlashtirish, butun o'lkaning ma'rifiy taraqqiyoti uchun kurash g'oyalari ilgari surilgan. Shuningdek, xalqni asriy qoloqlikdan qutqarish yo'llari, iqtisod, tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatni xom ashyo qaram-ligidan xalos etish, ma'rifat va ma'naviyatni yuksaltirish masalalari yoritilib, jaxon fani hamda texnikasi yutukdarini o'rganish kabi g'oyalar ham jadidlar faoliyatining asosiy mezonlaridan biri edi. Ularning millatparvarlik va vatanparvarlik ruxi bilan sug'o-rilgan g'oyalari hozir ham ma'naviyat hamda ma'rifatni ravnaq toptirishda, xalqning o'zligini anglashida muhim ahamiyatga ega. 4. G'arb mamlakatlarida g'oyaviy qarashlarning takomil bosqichlari (ilk o'rta asrlar va Renesans davri). Ta'kidlash joizki, g'oyalar tarixini o'rganishda o'rta asrlar va yangi davr Yevropasida vujudga kelgan g'oyalar ham e'tiborga loyiq, zero, Uyg'onish davri g'oyalari hayotning hamma tarmog'ida ilg'or, muhim va inqilobiy o'zgarishlarga sabab bo'ldi. Ma'naviy uyg'onayotgan millat va hududda hech qachon aqidaparastlik o'z ta'sirini to'la-to'kis saqlab qola olmaydi. Yevropada ham xuddi shunday bo'ldi. Ilm-fan sohasida chuqur o'zgarishlar ro'y berib, yangi g'oyalar ilgari surila boshlandi. Uygonish davri Yevropa fani va falsafasi ham insoniyat tarixida eng buyuk ko'tarilish davrlaridan biri bo'lib qoldi. Bu davrda Yevropada utopizm (yunoncha utopos-xayoliy, mavjud bo'lmagan joy) g'oyalari shakllandi. Angliya qirolligining lord-kansleri, gumanist olim Tomas Mor (1478-1535) ―Utopiya‖ asarining birinchi qismi Angliyada dehqonlar XVI asrda ersiz qolib xonavayron bo'lish sabablari tahlil qilinadi. Utopizmni rivojlantirgan T. Mor va T. Kompanelli qarashlari sosialistik va kommunistik ta'limotlarning g'oyaviy asoslaridan biridir. Bu ta'limotlarning eng asosiy kamchiligi shundaki, farovon jamiyatning andozasi bir yoki bir necha guruh kishilar tomonidan tayyorlanib, yuqoridan pastga tushiriladi, ya'ni xalq xohlaydimi- yo'qmi, uni qabul qilishi shart qilib qo'yiladi. Bunday jamiyatda o'rnatilishi ko'zda tutilgan tartiblar xalqning turmush tarziga, urf-odat va qadriyatlar tizimiga mos kelishi yo kelmasligi mutlaqo e'tiborga olinmaydi. Tomas Morning fikricha, xususiy mulkning mavjudligi adolat va ijtimoiy farovonlikka to'sqinlik qiladigan asosiy sababdir. Xususiy mulk yo'q qilingan jamiyatdagina ijtimoiy adolat qaror topadi. U yangi jamiyat modelini ―Utopiya‖ deb atab, bu orol davlatda mulk jamiyatniki bo'ladi. Davlatni boshqarish organlari asosan ishlab chiqarishni tashkil qilish va etishtirilgan mahsulotlarni taqsimlash bilan shug'ullanadi. Bunday jamiyatning shiori ―Har kim qobiliyatiga yarasha, har kimga ehtiyojiga ko'ra‖ degan qarashda ifodalangan. Italiyalik olim Tomazo Kompanellaning (1568—1639 yy.) ―Quyosh shahri‖ risolasida ham ideal jamiyat g'oyasi ilgari surilgan. Muallifning fikricha, bu jamiyatda ham xususiy mulk bo'lmaydi, jamiyatni ruhoniy boshqaradi. Uning uchta yordamchisi — Kuch-qudrat, Donolik va Muhabbat bor. Birinchisi harbiy ishlar bilan shug'ullanadi. Ikkinchisi fan, san'at, ta'lim-tarbiya bilan shug'ullanadi. Uchinchisi ozik-ovqat, kiyim-kechak va nasl masalalari uchun javobgar. Eng oliy xukmdor Quyosh, ya'ni faylasuf (metafizik) yordamchilarining ishini boshqarib, nazorat qilib turadi. Kompanellaning xususiy mulkka nafrat: oilaga ham taalluqli bo'lib, uning Quyosh shahrida oila bo'lmaydi. Ayol-lar vaerkaklar o'rtasidagi munosabatlar qisqa muddatli va almashinib turadi, asosiy maqsad sog'lom nasl olishga qaratiladi. Fuqarolar bir-birini emas, faqat jamoani sevishi kerak. Quyosh shahri fuqarolarining diniy e'tiqodi ham xristianlikdan o'zgacha ko'rinishda. Biroq Kompanellaning bu asarida ijtimoiy adolat insonlarni haq-huquq va erkinliklaridan mahrum qilish evaziga o'rnatiladi. Bu davrda yashagan Nikolay Kopernik fanda tub o'zgarish yasagan geliosentrizm g'oyalari bilan mashhur. U bizning planetamiz markazi Er emas, quyoshligini isbotladi. Uning bu kashfiyoti dunyoga teologik qarashga zarba berib, tabiatshunoslikda to'ntarish yasadi. Uning g'oyalari Jordano Bruno tomonidan rivojlantirildi. U haqiqiy g'oya ilmiy tajribaga suyanishi kerak, sxolastika ni tugatishi kerak, deya ta'kidlagan edi. Uningcha, koinot yagona, moddiy, cheksiz va abadiy, juda ko'p planetalar kuyosh sistemasidan tashqarida ham mavjud. 5. XV-XVII asrlardagi ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlar va XVIII va XIX asrlardagi yangi zamon g'oyalarining shakllanishi. Yangi davr mutafakkiri Fransis Bekon fikricha, tabiatni bilishda bir necha ―idollar‖ insonga halaqit beradi. Ular asosan to'rtta. Birinchisi — urug' idollari, bular inson zotiga, butun odamlarga xos. Ikkinchisi — g'or idollari. Bu har bir odamning o'ziga xos xususiyatlari natijasida yanglishishi. Uchinchisi — maydon idollari bo'lib, u ma'lum bo'lgan tasavvurlarga — tayanish odati, noto'g'ri yoki noaniq terminologiyalarga tanqidiy yondashmaslik oqibatida vujudga keladi. To'rtinchisi — teatr idollari: ular avtoritetlar fikriga ko'r-ko'rona ergashib, qadimgilarning g'oyalarini davom ettiraveradi. Rene Dekart ijodida dualizm g'oyalari asosiy o'rin tutadi. Uning ―Men fikr qilayapman, demak, men mavjudman‖, degan g'oyasi mashhur. Faylasuf Jon Lokk Rene Dekartning ―tug'ma g'oyalar‖ to'g'risidagi qarashlariga qarshi chiqadi. Uning fikricha, bilish tabiat va inson o'rtasidagi munosabatlardan iborat bo'lib, haqiqatlar esa kishilarning bu jarayonda hosil qilgan tushunchalari, g'oyalari olamga mos kelishidan iborat. Lametri va Gelvesiy, Didro va Golbaxlar ijodida milliy davlatchilik, inson erkinligi va haq-huquqlariga oid g'oyalar alohida o'rin tutadi. Ular tomonidan yaratilgan 35 jildlik ―Ensiklopediya‖ asari o'sha zamonning ma'naviy muammolarini ma'rifatli yo'l bilan hal qilishning usul va imkoniyatlarini ko'rsatib, ―Yevropa qomusi‖ darajasiga ko'tarilgan edi. Nemis mumtoz falsafasining asoschisi Immanuil Kantning tabiiy-ilmiy g'oyalari tabiat hodisalarini metafizik ruhda tushuntiruvchi ta'limotlarga zarba berdi. I.Kantning inson irqlarining tabiiy kelib chiqishi haqidagi nazariyasi ham muhim ahamiyatga ega. U tomonidan fanga kiritilgan ―Narsa o'zida‖ g'oyasiga ko'ra, sezgi a'zolarimizga ta'sir natijasida sezgilar xaosi vujudga keladi. Bu xaos bizning aqlimiz quvvati bilan tartibga solinadi va bir butunga aylantiriladi. Biz tabiat qonunlari deb bilgan narsalar aslida aql tomonidan hodisalar dunyosiga kiritilgan aloqadir. I.Kant ta'limoti bo'yicha, makon va zamon g'oyalari insonga uning tasavvurlaridan oldin ma'lum. Makon va zamon real emas, balki faqat tushunchada, g'oyalarda. Nemis faylasufi Gegel o'z g'oyalarida I.Kantning ―narsa o'zida‖ haqidagi ta'limotiga qarshi chiqadi. Borliqning asosida ―dunyoviy aql‖, ―mutlaq g'oya‖ yoki ―dunyo ruhi‖ yotadi. Gegelning falsafiy g'oyalar tizimi kamchilik va ichki qarama-qarshiliklardan holi bo'lmay, u bilimning ob'ektiv asosi mutlaq ruhdir, maqsadi esa shu mutlaq ruhning o'z-o'zini anglashidir. Gegelning falsafiy g'oyalari mana shu masalani amalga oshirishga qaratilgan edi. G'arb mamlakatlarida Gegel o'rtaga tashlagan falsafiy g'oyalardan ta'sirlangan turli falsafiy maktablar va oqimlar vujudga keldi. G'arbda shovinizm, kosmopolitizm va nigilizm kabi mafkuralar ham yuzaga kelgan. Shovinizm – muayyan shaxs, davlat yoki millatni boshqa shaxs, davlat yoki millatdan ustun qo'yishga undaydi. Kosmopolitizm – ko'proq vatansizlikni yoqlaydigan, milliy qadriyat va an'analarni tan olmaydigan qarash va yashash tarzidir. Nigilizm – ko'proq ba'zi ma'naviy mezonlarni tan olmaslikka, ularning ayrimlarini rad etishga undaydigan ta'limot. Yuqoridagi falsafiy oqimlarga doimo ham mafkura shakllari sifatida qaralmaydi. Ammo gohida ularga asoslangan ta'limotlar paydo bo'ladi va bu ta'limotlarda muayyan g'oyaning mutlaqlashtirilishi turli mafkuraviy xatolarga sabab bo'lishi ham mumkin. Ana shu sababdan bu oqimlarning mazmun-mohiyatini bilib qo'ygan ma'qul. Ba'zi mafkuralar, muayyan ijtimoiy shart- sharoit taqozosiga ko'ra, davlat mafkurasiga aylanadi. Ayrimlari davr o'tishi bilan o'zining mavqeyini yo'qotsa-da, umumbashariy qadriyatlar manbayi sifatida tarixiy ahamiyatga ega bo'ladi. Turli-tuman mafkuralar o'rtasidagi bahs-munozaraga sabab bo'luvchi yoki ularni uyg'unlashtiruvchi g'oyalar ham qadim zamonlardan buyon mavjud va bu jarayon insoniyatning tafakkur rivojiga ta'sir etib kelmoqda. Shuningdek, bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi bo'lgan g'oyaviy tizim va mafkuralar tortishuvi ham uzoq tarixga ega. Bunga ilohiy kuch, ya'ni xudoni butunlay rad etuvchi ateizm –dahriylik bilan xudo va ilohiylikni mutlaqlashtiruvchi teizm – xudojo'ylik o'rtasida azaliy bahs-munozara yorqin misol bo'la oladi. Bu an'anaviy tortishuv, shunchalik ilm-fan taraqqiyotiga qaramay, bugungi kunda ham muayyan darajada davom etmoqda. Fransiyada imperator Napoleon shaxsiga sig'inish natijasida paydo bo'lgan shovinizm g'oyalari XIX asrning 30-yillarida keng tarqalgan. Keyinchalik u bir xalqni boshqasidan afzal deb biladigan zararli oqimga aylangan. ―Buyuk millatchilik shovinizmi‖, ―buyuk davlatchilik shovinizmi‖, ―irqiy shovinizm‖ kabi tushunchalar aynan shuning natijasida paydo bo'lgan. Ko'hna tarix tajribalari, bugungi taraqqiyot saboqlaridan ayon bo'lmoqdaki, dunyodagi g'oya va mafkuralar qanday shaklda bo'lmasin, ular avvalo inson qalbidagi ikki tuyg'u – bunyodkorlik va buzg'unchilik intilishlaridan kuch oladi. Xullas, g'oyaviy nuqtayi nazardan olganda, insoniyat tarixi xilma-xil g'oya va mafkuralarning vujudga kelishi, amaliyoti, bir-biri bilan munosabatidan iborat uzluksiz jarayondir. Bu jarayonda turli g'oyalar maqsad va vazifalari, kimning manfaatlarini ifoda etishiga qarab bir-biridan farq qiladi. Ayrim davlatlarning zo'ravonlik vasvasasiga berilib, o'z ehtiyojlarini boshqa xalqlar hisobiga qondirish istagi talonchilik va bosqinchilik, buyuk davlatchilik va tajovuzkor millatchilik, fashizm va ekstremizm g'oyalarini yuzaga keltirgan. Ular butun insoniyatga ko'plab kulfat keltirib, uning taraqqiyotini orqaga surgan. Ezgu maqsad-muddaolarga xizmat qiladigan mafkuralarga bunyodkor g'oyalar asos bo'ladi. Vayronkor g'oyalar asosida shakllangan mafkuralar esa xalqlar va davlatlarni tanazzulga boshlaydi, insonni asoratga soladi, hayotni qabohatga aylantiradi. Shu ma'noda, yuksak g'oyalar odamlarni oliyjanob maqsadlar sari etaklaydi. G'oyasi etuk, e'tiqodi butun, qadriyatlari yuksak insongina mardlik namunalarini ko'rsata oladi. Jahon tarixidan, jumladan, xalqimizning o'tmishidan ham, qaysi sohada bo'lmasin, mardlik va jasorat ko'rsatish uchun insonga ulug'vor g'oya madad ekaniga ko'plab misollar topiladi. Download 1.85 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling