Zooinjeneriya
Buxgalteriya hisobining kombinatsiyalashgan shakli
Download 123.26 Kb.
|
“ZOOINJENERIYA” FAKULTETI
Buxgalteriya hisobining kombinatsiyalashgan shakli
Kombinatsiyalashgan shaklga asoslangan buxgalteriya hisobi bir necha hisob registrlarini (hisob qaydnomalarini) qo‘llash orqali amalga oshiriladi. Hisob qaydnomalarida yozuvlar xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish Jurnalida va boshlang‘ich hisob hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Buxgalteriya hisobining kombinatsiyalashgan shaklini yuritishda buxgalteriya hisobining quyidagi hisob qaydnomalaridan foydalaniladi: a) asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq; b) moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 5-ilovasiga muvofiq; v) kapital qo‘yilmalarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 6-ilovasiga muvofiq; g) tovar-moddiy zaxiralarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 7-ilovasiga muvofiq; d) boquvdagi va o‘stirishdagi hayvonlarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 8-ilovasiga muvofiq; e) xaridor va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 9-ilovasiga muvofiq; j) boshqa debitorlik qarzlarini hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 10-ilovasiga muvofiq; z) pul mablag‘larini hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 11-ilovasiga muvofiq; i) mol yetkazib beruvchi va pudratchilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 12-ilovasiga muvofiq; k) hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 13-ilovasiga muvofiq; l) mehnatga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 14-ilovasiga muvofiq; m) boshqa majburiyatlarni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 15-ilovasiga muvofiq; n) xususiy kapitalni hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 16-ilovasiga muvofiq; o) hisobot davri xarajat (sarf)larini hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 17-ilovasiga muvofiq; p) dehqonchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot chiqishini hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 18-ilovasiga muvofiq; r) chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot chiqishini hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 19-ilovasiga muvofiq; s) yordamchi ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlarini hisobga olish qaydnomasi — ushbu Nizomning 20-ilovasiga muvofiq; t) sof foyda (zarar)ni hisoblash qaydnomasi — ushbu Nizomning 21-ilovasiga muvofiq; u) xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasi — ushbu Nizomning 22-ilovasiga muvofiq. Har bir qaydnoma bir yoki bir necha foydalanilayotgan buxgalteriya schyotlari bo‘yicha operatsiyalar hisobi uchun qo‘llaniladi. Har bir xo‘jalik operatsiyasining summasi bir vaqtning o‘zida ikkita qaydnomaga yoziladi: birinchisida — schyotning debeti bo‘yicha kreditlanadigan schyotning raqamini ko‘rsatgan holda (“Korrespondensiyalanuvchi schyot” ustunida), ikkinchisida esa — korrespondensiyalanadigan schyotning krediti bo‘yicha va xuddi shunday debetlanadigan schyotning raqamini ko‘rsatgan holda yoziladi. Ikkala qaydnomalarda ham tegishli ustunlar bo‘yicha yozuvlar xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish Jurnalida va boshlang‘ich hisob hujjatlarida keltirilgan ma’lumotlar asosida sodir bo‘lgan operatsiyalarning mazmuni asosida amalga oshiriladi. Qoldiqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lgan qaydnomalarda, hisobot davrining boshidagi buxgalteriya yozuvlari, tegishli schyotlar bo‘yicha o‘tgan davrning oxiridagi qoldiqlarni o‘tkazish yo‘li bilan boshlanadi. Alohida qaydnomalardagi aktivlar, majburiyatlar va xususiy kapitalni hisobga oluvchi schyotlarning qoldiqlari, yozuvlarni amalga oshirishga asos bo‘lgan tegishli boshlang‘ich hisob hujjatlari (kassa hisobotlari, bank ko‘chirmalari va boshqalar) ma’lumotlari bilan solishtirilishi shart. Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni hisobga olish qaydnomasi: asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlar (0100) bo‘yicha va moliyaviy ijara shartnomasi bo‘yicha olingan asosiy vositalarni hisobga oluvchi schyotlar (0300) bo‘yicha asosiy vositalarning, nomoddiy aktivlarni hisobga oluvchi schyotlar (0400) bo‘yicha nomoddiy aktivlarning, asosiy vositalar eskirishini hisobga oluvchi schyotlar (0200) bo‘yicha eskirishning va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga oluvchi schyotlar (0500) bo‘yicha amortizatsiyaning mavjudligi va harakatlanishining analitik va sintetik hisobi registri bo‘lib hisoblanadi. Qaydnomada asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha ma’lumotlar pozitsiyali usul bilan har bir obyekt bo‘yicha alohida yozib boriladi. Agar asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha harakatlanish mavjud bo‘lsa, har oyda ularning aylanma summalari hisoblanadi va hisobot oyidan keyingi 1-sanaga qoldiq chiqariladi. Asosiy vositalar bo‘yicha, shu jumladan moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi asosida olinganlari bo‘yicha ham eskirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2003-yil 9-oktabrdagi 114-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ga (2004-yil 20-yanvar, ro‘yxat raqami 1299 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 3-son, 35-modda) muvofiq hisoblanadi. Nomoddiy aktivlar bo‘yicha amortizatsiya tanlangan usulga binoan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2005-yil 25-martdagi 35-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ga (2005-yil 27-iyun, ro‘yxat raqami 1485 — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 25-26-son, 188-modda) muvofiq hisoblanadi. Aktiv qismi bo‘yicha hisoblangan eskirish (amortizatsiya) summalarini va barcha asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bo‘yicha jamg‘arilgan eskirishni nazorat qilish uchun qaydnomada eskirishni (amortizatsiyani) o‘sib boruvchi tartibda hisobga oluvchi tegishli ustunlar ko‘zda tutilgan. Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish qaydnomasi uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0600) va qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalarni hisobga oluvchi schyotlarda (5800) hisobga olinadigan moliyaviy investitsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan. Kapital qo‘yilmalarni hisobga olish qaydnomasi kapital qo‘yilmalarni hisobga oluvchi schyotlarda (0800) hisobga olinadigan fermer xo‘jaliklarining asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarga qo‘yilgan investitsiyalari, shuningdek mahsuldor va ishchi hayvonlar asosiy podasini shakllantirish bo‘yicha xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan. Tovar-moddiy zaxiralarni hisobga olish qaydnomasi materiallarni hisobga oluvchi schyotlarda (1000) va tayyor mahsulotlarni hisobga oluvchi schyotlarda (2800) aks ettiriladigan tovar-moddiy zaxiralarning analitik va sintetik hisobi uchun mo‘ljallangan. Qaydnoma bir oy (chorak) uchun ochiladi va moddiy javobgar shaxslar bo‘yicha barcha turdagi qimmatliklar kesimida ularning u yoki bu turi bo‘yicha hisobot davridagi harakatlanish bo‘lgan yoki bo‘lmaganligidan qat’i nazar, alohida yuritiladi. Boquvdagi va o‘stirishdagi hayvonlarni hisobga olish qaydnomasi o‘stirishdagi va boquvdagi hayvonlarni hisobga oluvchi schyotlarda (1100) hisobga olinadigan fermer xo‘jaligiga tegishli o‘stirishdagi va boquvdagi hayvonlarning mavjudligi va harakatlanishini hayvonlarning guruhlari bo‘yicha (yosh hayvonlar, katta yoshdagi hayvonlar, boquvdagi, yaylovdagi hayvonlar; parrandalar; yovvoyi hayvonlar; quyonlar; asalari oilasi; katta yoshdagi chorva mollari, sotish uchun asosiy podadan chiqarilgan, aholidan sotish uchun qabul qilingan chorva mollari va boshqalar) analitik hisob uchun mo‘ljallangan. Bunda, o‘stirishdagi va boquvdagi hayvonlarning miqdoriy va summaviy ko‘rsatkichlarining kamayishi to‘g‘risidagi ma’lumot hayvonlar guruhlari bo‘yicha “Xo‘jalik operatsiyasi mazmuni” ustunining tegishli qatorida “minus” belgisi bilan ko‘rsatiladi. Xaridor va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi olinadigan schyotlarni hisobga oluvchi schyotlarda (4000) hisobga olinadigan xaridorlar va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarning hisobi uchun qo‘llaniladi. Qaydnomada 4010 schyotning debeti bo‘yicha pozitsiyali usulda, xaridor va buyurtmachilarning sotilgan tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlar uchun debitorlik qarzlari yozib boriladi. 4010 schyotning kreditida yakuniy hisob-kitoblar bo‘yicha operatsiyalar (shu jumladan, xaridor va buyurtmachilardan olingan avanslarni hisobga kiritish) pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlarning krediti bilan korrespondensiyalangan holda aks ettiriladi. Boshqa debitorlik qarzlarini hisobga olish qaydnomasi, fermer xo‘jaligining mahsulotlar va boshqa aktivlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lmagan xo‘jalik operatsiyalari natijasida yuzaga keladigan debitorlik qarzlarining analitik va sintetik hisobi uchun mo‘ljallangan. Ushbu qaydnoma, uzoq muddatli debitor qarzlari va kechiktirilgan xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlar (0900), 4210 “Mehnat haqi bo‘yicha berilgan bo‘naklar” schyoti, mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga berilgan bo‘naklarni hisobga oluvchi schyotlar (4300), budjetga bo‘nak to‘lovlarini hisobga oluvchi schyotlar (4400), maqsadli davlat jamg‘armalariga va sug‘urtalar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini hisobga oluvchi schyotlar (4500), xodimlarning boshqa operatsiyalar bo‘yicha qarzini hisobga oluvchi schyotlar (4700) va turli debitorlar qarzlarini hisobga oluvchi schyotlarda (4800) hisobga olinadigan boshqa debitor qarzdorlikning har bir turi uchun alohida ochiladi. Pul mablag‘larini hisobga olish qaydnomasi, fermer xo‘jaliklari tomonidan kassadagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlar (5000), hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘larini (5100), chet el valyutasidagi pul mablag‘larini (5200), bankdagi maxsus schyotlardagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlarda (5500) hisobga olinadigan pul mablag‘larining hisobi uchun qo‘llaniladi. Pul mablag‘larini qabul qilish va topshirish, kirim va chiqim hujjatlarini rasmiylashtirish, kassa kitobini yuritish, kassa operatsiyalari to‘g‘risidagi hisobotni tuzish Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari (ro‘yxat raqami 2687, 2015-yil 22-iyun) bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Pul mablag‘larini hisobga olish qaydnomasida hisob-kitob schyoti va bankdagi boshqa schyotlar bo‘yicha operatsiyalar yozuvlari bank ko‘chirmalari va unga ilova qilingan hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Hisob-kitob schyoti bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish va rasmiylashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi, mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan schyotlarda (6000) hisobga olinadigan mol yetkazib beruvchilar va pudratchilar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish uchun qo‘llaniladi. Qaydnomada 6010 schyotning krediti bo‘yicha pozitsiyali usul bilan olingan moddiy qimmatliklar uchun mol yetkazib beruvchilarning schyotlari, shuningdek pudratchilarning bajarilgan ishlar va xizmatlari uchun schyotlari yoziladi. 6010 schyotning debetida mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarning schyotlari bo‘yicha yakuniy to‘lov operatsiyalari, pul mablag‘larini hisobga oluvchi schyotlar krediti bilan korrespondensiyalashgan holda aks ettiriladi. Hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi hisobning kombinatsiyalashgan registri hisoblanadi, unda 4220 “Xizmat safarlariga berilgan bo‘naklar” schyoti, 4230 “Umumxo‘jalik xarajatlari uchun berilgan bo‘naklar” schyoti va 6970 “Hisobdor shaxslarga qarzdorlik” schyotlari bo‘yicha hisobdor shaxslar bilan hisob-kitoblarning analitik va sintetik hisobi birlashtirilgan. Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni hisobga olish qaydnomasi, mehnat haqi bo‘yicha xodimlar bilan hisoblashishlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6700) hisobga olinadigan mehnat haqi bo‘yicha hisob-kitoblar hisobi uchun mo‘ljallangan. Qaydnomaning “6710 — schyoti kreditidan quyidagi schyotlar debetiga” bo‘limida fermer xo‘jaligining ishchilariga bajarilgan ishlar uchun qonunchilikka muvofiq hisoblangan mehnat haqi summalari aks ettiriladi. Qaydnomaning “6710 — schyoti debetidan quyidagi schyotlar kreditiga (ushlab qolingan)” bo‘limida ishchilarning mehnat haqidan qonunchilikka muvofiq barcha ushlanmalarning (jismoniy shaxslarning daromadlaridan soliq, berilgan bo‘naklar summasi, hisobdor shaxslar tomonidan o‘z vaqtida qaytarilmagan summalar, turli korxonalar va shaxslar foydasiga ijro varaqalari bo‘yicha summalar va boshqalar) summasi aks ettiriladi. “To‘lanadi” ustunida ishchilarga to‘lanishi lozim bo‘lgan summa aks ettiriladi. Qaydnoma to‘lov hujjati ham hisoblanadi va fermer xo‘jaligi ishchilariga mehnat haqini to‘lash uchun mo‘ljallangan. Fermer xo‘jaligi xodimlariga to‘lanishi lozim bo‘lgan mehnat haqi o‘z vaqtida to‘lanmagan holatda, ushbu qaydnomaning “To‘lanadi” ustunida “Deponentlangan” deb yoziladi va ko‘rsatilgan summa har bir xodim bo‘yicha (pozitsiyali usuldagi yozuv bilan) keyingi oyning qaydnomasida “20__ y ________dagi qoldiq (xodim oldidagi qarzdorlik)” ustuniga o‘tkaziladi. Boshqa majburiyatlarni hisobga olish qaydnomasi, fermer xo‘jaligining asosiy ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan xo‘jalik operatsiyalari natijasida yuzaga keladigan boshqa majburiyatlarning analitik va sintetik hisobi uchun mo‘ljallangan. Ushbu qaydnoma, kechiktirilgan majburiyatlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6200), olingan bo‘naklarni hisobga oluvchi schyotlarda (6300), budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6400), sug‘urta va maqsadli davlat jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha qarzni hisobga oluvchi schyotlarda (6500), qisqa muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi schyotlar (6800) va 6970 “Hisobdor shaxslarga bo‘lgan qarz” schyotidan tashqari turli kreditorlarga bo‘lgan qarzlarni hisobga oluvchi schyotlarda (6900) hisobga olinadigan boshqa majburiyatlarning har bir turi bo‘yicha kreditorlar kesimida alohida ochiladi. Xususiy kapitalni hisobga olish qaydnomasi, hisobot davri uchun fermer xo‘jaligi xususiy kapitalining holati va harakatlanishi haqidagi ma’lumotni uni shakllantirish manbalari bo‘yicha aks ettirish uchun mo‘ljallangan. Ushbu qaydnoma fermer xo‘jaliklari tomonidan ustav kapitalini (8300), rezerv kapitalini (8500), taqsimlanmagan foydani (qoplanmagan zararni) (8700) va maqsadli tushumlarni (8800) hisobga oluvchi schyotlarda hisobi yuritiladigan xususiy kapitalning analitik va sintetik hisobini yuritish uchun qo‘llaniladi. Hisobot davri xarajat (sarf)larini hisobga olish qaydnomasi, hisobot davri xarajatlarini (sarfini) ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining tannarxiga olib boriladigan ishlab chiqarish xarajatlari va ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, davr xarajatlari bo‘yicha umumlashtirish uchun qo‘llaniladi. Ushbu registrda hisobot davrining xarajatlari (sarflari) haqidagi ma’lumot 2010 “Asosiy ishlab chiqarish” schyoti, 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish” schyoti va davr xarajatlarini hisobga oluvchi schyotlar (9400) aylanmasidan kelib chiqqan holda aks ettiriladi. 2010 “Asosiy ishlab chiqarish” schyoti, 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish” schyoti va davr xarajatlarini hisobga oluvchi schyotlar (9400) debetidagi xarajatlar turli schyotlarning kreditlaridan boshqa qaydnomalardagi ma’lumotlar va bevosita alohida boshlang‘ich hisob hujjatlaridagi ma’lumotlardan yig‘iladi. Tugallanmagan ishlab chiqarish mahsulotlariga (ishlar, xizmatlarga) sarflangan xarajatlar aniqlanishi bilan ularning haqiqiy tannarxi aniqlanadi va ular 2010 “Asosiy ishlab chiqarish” schyoti va 2310 “Yordamchi ishlab chiqarish” schyotlarining kreditidan mahsulotlardan (ishlar, xizmatlardan) foydalanish yo‘nalishlariga qarab tegishli schyotlarning debetiga hisobdan chiqariladi — omborga (2810 “Ombordagi tayyor mahsulotlar” schyoti), realizatsiyaga (9110 “Realizatsiya qilingan tayyor mahsulotlar tannarxi” schyoti), hisobot davrining yakunida esa davr xarajatlarini hisobga oluvchi schyotlarning (9400) aylanmasi summasi 9910 “Yakuniy moliyaviy natija” schyotiga yopiladi. Dehqonchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot chiqishini hisobga olish qaydnomasi moddalar bo‘yicha yil boshidan boshlab o‘sib borish tartibida xarajatlarning, shuningdek mahsulot chiqishining analitik hisobi uchun mo‘ljallangan. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot chiqishini hisobga olish qaydnomasi moddalar bo‘yicha yil boshidan boshlab o‘sib borish tartibida xarajatlarning, shuningdek chorvachilik mahsulotlari chiqishining analitik hisobi uchun mo‘ljallangan. Yordamchi ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlarini hisobga olish qaydnomasi yordamchi ishlab chiqarish va ko‘rsatiladigan xizmatlar (bajariladigan ishlar) xarajatlari turlari bo‘yicha analitik hisobni yuritishga mo‘ljallangan. Xarajatlar 2310 schyotning debetida xarajatlar moddalari bo‘yicha kreditlanadigan schyotlarni ko‘rsatgan holda aks ettiriladi. Xizmatlar 2310 schyotining kreditidan hisobot davri davomida rejali tannarx bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlarni hisobot davri yakunida haqiqiy tannarx darajasigacha tuzatib berilgan holda hisobdan chiqariladi. Sof foyda (zarar)ni hisoblash qaydnomasi fermer xo‘jaliklarining hisobot davrida sof foydani (sof zararni) hisoblab chiqish uchun olingan daromadlar va sarflangan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan. Fermer xo‘jaligining hisobot davri qaydnomalarida (dehqonchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot chiqishini hisobga olish qaydnomasi, chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot chiqishini hisobga olish qaydnomasi, yordamchi ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlarini hisobga olish qaydnomalaridan tashqari) aks ettirilgan moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalarini umumlashtirish, xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasida amalga oshiriladi. Hisobot davrining yakunida har bir schyotning debet va krediti bo‘yicha aylanmasi hisoblanadi va hisobot davrining oxiriga (keyingi hisobot davrining boshiga) qoldiq chiqariladi. Xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasi sintetik hisob registri sanaladi, uning asosida hisobot davrining oxirida mablag‘larning va ular manbalarining mavjudligini aniqlash va moliyaviy hisobotni tuzish mumkin. Xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasi hisobot davri uchun ochiladi va unda hisobot davridagi operatsiyalar hisobi umumlashtiriladi. Xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasining so‘nggi varag‘i fermer yoki qonunchilikda belgilangan tartibda u tomonidan belgilangan shaxs tomonidan imzolanadi. Xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasining “Schyotning raqami va nomi” ustunida buxgalteriya hisobini yuritishda qo‘llanilgan barcha schyotlar keltiriladi va “20___ y. “___” ________ dagi qoldiq” ustuniga mablag‘lar turlari va ularning manbalari bo‘yicha hisobot davri boshidagi mavjud qoldiq summalari o‘tkaziladi. Aktiv schyotlarning qoldiqlari ushbu ustunning “debet” qismida, passiv schyotlar bo‘yicha esa — “kredit” qismida yoziladi. Shundan so‘ng, “20___ yil ______ uchun jami aylanma” ustunida shu hisobot davridagi ushbu schyotlar aylanmalarining jamisi yoziladi. “20___ y. “__” ______ dagi qoldiq” ustunida aktivlarni, majburiyatlarni va xususiy kapitalni hisobga oluvchi schyotlarning har biri bo‘yicha hisobot davrining yakunidagi mavjud qoldiq summalari aniqlanadi. “Qaydnoma nomi” ustunida esa keltirilgan schyotda hisob obyekti yuritiladigan qaydnomaning nomi ko‘rsatiladi. Xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasida keltirilgan aktivlarni, majburiyatlarni va xususiy kapitalni hisobga oluvchi schyotlarning qoldiqlari 1-sonli shakl — buxgalteriya balansiga o‘tkaziladi. Xo‘jalik operatsiyalarini hisobga olish Jamlanma qaydnomasida keltirilgan hisobot davridagi daromadlar va xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarning aylanmasi 2-sonli shakl — moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotga o‘tkaziladi. Download 123.26 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling