Zo‘riqish bosh og‘rig‘i qanday kasallik?
Download 14.46 Kb.
|
zo‘riqish bosh og‘rig‘i.QIZIL
Zo‘riqish bosh og‘rig‘i – qanday kasallik? Shu kungacha stress va doimiy ruhiy siqilishlar zo‘riqish bosh og‘rig‘ining asosiy sababi qilib ko‘rsatilmoqda. Asosan boshni ikki tomondan siquvchi og‘riqlar va ensa sohasi og‘riqlari bilan namoyon bo‘ladi. Kasallik 20–40 yoshlar orasida ko‘p uchraydi. Ammo u bolalik va o‘smirlik davrida ham, yoshi kattalarda ham rivojlanishi mumkin. Doimiy depressiya, ruhiy siqilishlar, qo‘rquv va xavotir, o‘tkir va surunkali stresslarga qo‘p duchor bo‘ladigan odamlarda zo‘riqish bosh og‘rig‘i ko‘p uchraydi. Shuningdek, ishlash va dam olish tartibi buzilishiga ham katta urg‘u beriladi. Doimo bir xil holatda o‘tirish ham, ya’ni kompyuter monitori oldida soatlab qolib ketish yoki shu kabi boshni qimirlatmay ishlaydigan holatlar ensa va chaqqa mushaklari taranglashuviga va zo‘riqish bosh og‘rig‘i rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Boshning turli nuqtalarini bosib tekshirsa, o‘sha nuqtalar og‘riyveradi. Bemor boshning ikki tomoni qattiq siqib og‘rishidan shikoyat qiladi. U ushbu bosh og‘riqlarni shunday ta’riflaydi: “Doktor mening boshim xuddi siqib turuvchi kaska kiydirib qo‘ygandek yoki tasma bilan qattiq qisib bog‘lab qo‘ygandek og‘riydi”. Ba’zida og‘riq uncha kuchli bo‘lmasa-da, uningsiqib og‘ruvchi xususiyati saqlanib qoladi. Barcha tomondan siqib va bosib turuvchi bosh og‘riqlar ushbu kasallik uchun juda xos. Bu uni migrendan farqlovchi asosiy belgi hamdir. Migrendan farqli o‘laroq, zo‘riqish bosh og‘rig‘ida ko‘ngil aynishi va qusish deyarli kuzatilmaydi. Lekin, og‘riq xurujlari paytida yorug‘lik va ortiqcha shovqin ularga yoqmaydi. Keyinchalik lo‘qillovchi bosh og‘riqlar ham qo‘shiladi. Zo‘riqish bosh og‘rig‘ining uchun ikki tomonlama og‘riqlar juda xos bo‘lsa-da, ba’zida og‘riqlar bir tomonlama tus oladi. Ular hatto boshning ma’lum bir qismida, ya’ni peshona, chakka, ensa yoki tepa sohasida joylashishi mumkin. Juda ko‘p hollarda bosh og‘riqlarga nevroz va psixoz belgilari ham qo‘shiladi yoki kuchayadi. Og‘riq paytida bemorning kayfiyati tushib ketadi, hech kim bilan gaplashgisi kelmay, qorong‘i xonaga kirib yotib oladi. Agar og‘riqlar kunduzi boshlansa, ishni tashlab uyga keladi va yotib uxlashga harakat qiladi. U tezroq og‘riqdan qutulish uchun kuchli og‘riq qoldiruvchi dorilar qilishni iltimos qilaveradi. Biroq, bu og‘riqlar migrendagidek kuchli bo‘lmaydi. Bemorning atrofida yaxshi psixologik muhit yaratilsa va bemorga dorilar olaverish yaxshi emasligi tushuntirilsa, u bu dorilardan vaqtincha voz kechishi mumkin. Ba’zi bemorlarning boshini uqalasa ham bosh og‘rig‘i kamayadi va uyquga ketadi. Davolash kompleks tarzda olib boriladi. Buning uchun farmakologik, fizioterapevtik va psixoterapevtik muolajalar qo‘llaniladi. Farmakologik dorilar, ko‘pincha bosh og‘riq paydo bo‘lgan paytlarda tavsiya etiladi. Yengil holatlarda sitramon ham bosh og‘riqni yaxshi bartaraf etadi. Ba’zi hollarda bemor paratsetamol yoki atsetilsalitsil kislotasi qabul qilsa, bosh og‘rig‘i to‘xtaydi yoki kamayadi. Kuchliroq bosh og‘riqlarda bu dorilar samara bermaydi. Bunday paytlarda nevropatolog nazoratida davolanish zarur. Bemorning kechqurun tinch uxlashi juda ahamiyatlidir. Shuning uchun uxlatuvchi dorilar ham buyuriladi. Kunduz kunlari tinchlantiruvchi giyohlardan tarkib topgan dorilar (valerian ekstrakti va h.k.) tavsiya etiladi. Bemorga reflektor ta’sirga ega bo‘lgan davolash muolajalari, ya’ni igna bilan davolash, dorilar elektroforezi, bo‘yin va boshni uqalash, dorsanval kabi muolajalar ham yordam beradi. Bemor sog‘lom turmush tarziga o‘rgatiladi. Unga bosh og‘riqning asosiy sabablari psixoemotsional zo‘riqishlar va kam harakatli hayot tarzi (bir xil vaziyatda o‘tirib ishlash) ekanligi tushuntiriladi. Bemor o‘zining kun tartibini to‘g‘ri tuzib chiqishi, yashash va ishlashda bir xillikdan voz kechishi zarurligi uqtiriladi. Yillar mobaynida shakllanib qolgan stereotip hayot tarzini keskin o‘zgartirish ham og‘riqlar kamayishiga olib keladi. Rejali tarzda sport bilan shug‘ullanish, ayniqsa ertalabki sayr, yugurish va suzish stereotip bosh og‘riqlarni bartaraf etishda juda foydali amallardir. Shuningdek, uyquga ketishdan oldingi tungi sayrlar (ayniqsa, shaharda yashaydiganlar uchun) ham o‘ta foydali. Download 14.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling