1-2 -mavzu: Huquq fanlari bo’yicha yaratilgan Davlat Ta'lim Standartlari, dasturlar tahlili. (4 soat). Reja


Download 31.5 Kb.
Sana16.05.2020
Hajmi31.5 Kb.
#106886
Bog'liq
Huquq o'qitish metodikasi. Seminar 1-2 -mavzu.


“Milliy g’oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo’nalishi 3-“b” guruhi

Qosimov Sarvar Anvarjon o’g’lining

seminar ishi
1-2 -mavzu: Huquq fanlari bo’yicha yaratilgan Davlat Ta'lim Standartlari, dasturlar tahlili. (4 soat).
Reja:

1. DTS va o’quv dasturlarining maqsadi va vazifalari.

2. O’rta umumta'lim maktablari uchun yaratilgan DTS, dasturlar tahlili.

3. Akadеmik litsеy va kasb-hunar kollеjlari uchun yaratilgan DTS, dasturlar tahlili.

4. Maktab, akadеmik litsеy va kasb-hunar kollеjjlari huquq fanlari dasturlari tahlili.

6. Maktab, akadеmik litsеy va kasb-hunar kollеjlarida, o’qitiladigan huquq fanlarining tarbiyaviy ahamiyati.


Huquq fanlarini o‘qitish metodikasi fanini o’qitishdan maqsad: Huquq o’qitish metodikasi fanini o’qitishdan maqsad talabalarda Huquqshunoslik, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganish, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy huquqi fanlarini o’rgatish uchun zarur nazariy va amaliy bilim va ko’nikmalarni shakllantirishdir. Huquq o’qitish metodikasi fanini ilmiy pedagogik fan bo’lib, yosh avlodning huquqiy bilimlari samaradorligini oshirish, huquqiy madaniyatini shakllantirish maqsadida Huquqshunoslik, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganish, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy huquq fanlarini o’qitish jarayonini tadqiq etadi. Shuningdek, Huquq ta’limini o’qitishning o’ziga xos xususiyatlari, metodlari, vositalari, dars va uning turlari va tuzilishini o’rgatish, huquq bilimlarni odamlar ongiga singdirish va uni e’tiqodga aylantirishning samarali usullarini ishlab chiqish fanning maqsadidir.

Huquq fanlarini o‘qitish metodikasi fanini o’qitishdan maqsad– umumta’lim va o’rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimida o’qitiladigan huquq fanlarining maqsadini, ta'lim-tarbiya vazifalari, mazmuni, metod va usullarini, o’quvchilarga huquqshunoslikdan puxta bilim berish; o’quvchilarni huquqiy ongli, savodli va huquqiy madaniyatli, qonunlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash va kamol toptirishda huquq ta’limini o’qitishning eng muhim vositalarini belgilashga mos bilim, ko’nikma va shakllantirishdir.

Huquq fanlarini o‘qitish metodikasi fanining vazifasi - talabalar ta'lim va tarbiya jarayonini tashkil etish, ta'lim jarayoning samaradorligini oshirish, zamon talablari, innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida huquq fanlarini o’qitishga bo’lgan munosabatlarni shakllantirishdan iborat.

Huquqiy ta’lim, uning tarkibiy qismlari, o’qitish shakllari, usul va uslublari, huquqiy ta’lim modeli, uning bosqichlari,o’quv Dasturi, o’quv rejasi, kalendar reja, tematik reja,dars, mashg’ulotlar, mustaqil ish, ko’rgazmali vositalar, reyting tizimi to’g’risidagi bilimlar vositasida talabalarda axloqiy, huquqiy bilim, ko’nikma, malaka va odatlarni shakllantirish - huquqiy madaniyatini rivojlantirishdan iborat.

Huquq o’qitish metodikasi fani talabalarda huquq fanlarini o’qitish uchun zaruriy bilimlar berish, olingan bilimini hayotga tadbiq etish mahoratini egallash,o’zi ustida ishlash, izlanish, ko’nikma va malakalarini qo’llay olishlari uchun mo’ljallangan. Shuningdek:

- Talabalarga maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o’qitiladigan huquq fanlarini o’qitish metodlarini o’rgatish;

- o’quvchilar ongida milliy g’oya va mafkurani, yuksak ma’naviyatni va huquqiy madaniyatni shakllantirish;

- talabalarning olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo’llash metodlarini o’rgatish;

- huquq ta’limi bo’yicha darsni tashkil etish, dars va uni turlarini ajratish, darsda turli xil manbalardan, vositalardan foydalanish usullarini o’rgatish asosiy vazifa hisoblanadi.

Fan bo’yicha talabalarning bilim, ko’nikma va malakalariga qo’yiladigan talablar:

Huquq fanlarini o‘qitish metodikasi fanini o’zlashtirishga qo’yiladigan talablar Davlat ta’lim standartidagi malakaviy tavsifga muvofiq ishlab chiqiladi va quyidagicha bayon etiladi.

“Huquq o’qitish metodikasi” fanni o’zlashtirish jarayonida amalga oshiradigan masalalar doirasida bakalavr:

Huquq o’qitish metodikasi o’quv fanini o’zlashtirish jarayonida amalga oiriladigan masalalar doirasida bakalavr, DTS va dasturlar, darsliklar va ularga qo’yiladigan ilmiy-metodik talablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o’qitiladigan huquq fanlarini o’qitish metodlarini o’rgatish, o’quvchilar ongida huquqiy tasavvur va tushunchalarni shakllantirish, huquq o’qitishning o’ziga xos xususiyatlari, metodlari va vositalarini o’rgatish, huquq o’qitishning tashkiliy shakllari, dars, uning turlari va tuzilishini bilishi kerak;

Talabalarda huquq o’qitish metodikasiga bo’lgan qobiliyat va iste'dodini shakllantirish va rivojlantirish, zamon talablari, innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida huquq o’qitishga bo’lgan munosabatlarni shakllantirish ko’nikmalarga ega bo’lishi kerak;

Huquq o’qitish metodikasi fanining bo’lajak mutaxassislar uchun ilmiy va amaliy ahamiyati, huquq o’qitish metodikasidan huquq o’qitish jarayonini amalga oshirishda unumli metodlarni tanlab olish va ularni qo’llay bilish, nazariy jihatdan olgan bilimlarni amaliyotda qo’llash malakalarga ega bo’lishi kerak.

- Huquq ta’limini o’qitish metodikasi ilmiy pedagogik fan ekanligi huquqiy ta’lim, uning tarkibiy qismlari, huquqiy ta’lim modeli, uni amalga oshirish, huquq fanlarini o’qitish malakasini egallash haqida tasavvurga ega bo’lishi zarur.

- Davlat va huquq, ularning rivojlanishi, tariyxi, huquq manbalari, konstitutsiya ,qonun, qonunchilik, huquq meyorlarini to’g’ri qo’llay olishi kerak.

- kasbiy faoliayatning mos sohalarida huquq normalarini shakllantirishda ahamiyatga ega bo’lgan meyoriy va faktik ma’lumotlarni to’plash;

- Huquqiy tushinchalarni huquq normalari va huquqiy munosabatlarni tahlil qilish;

- Sifatli va malakali huquqiy xulosalar tayyorlash va ta’lim jarayonida ulardan samarali foydalana olish ko’nikmalariga ega bo’lishi kerak.

Pedagogikaga oid adabiyotlarda o’qitish metodlariga katta ahamiyat beriladi. Didaktika bilan shug’ullanuvchilar metodni o’quv jarayonining o’zagi, ko’zlangan maqsad va pirovard natijani bog’lovchi vosita deb izohlaydilar.O’qitish metodi “o’qitishning maqsadi – mazmuni, metodi, shakli, usullari” tizimida muhim o’rin egallaydi.

Metod deganda, ta’limda maqsadga erishish, masalalarni hal qilish yo’llari, usullari tushuniladi. O’qitish metodi tarkibida usullar alohida ajralib turadi.

Usul – metodning unsuri bo’lib, uning tarkibiy qismi, metodni amalga oshirishda bir martagina qo’llaniladi va alohida qadam hisoblanadi.

Fanni o‘qitish uslubiyoti – ta’lim tizimida ushbu o‘quv fanining ahamiyati va o‘rnini belgilaydi, uning vazifalarini va o‘qitish mazmunini aniqlaydi, ushbu fan bo‘yicha qo‘llanilayotgan usul, shakl va o‘qitish vositalari bayonini o‘z ichiga oladi.

Ta’lim-tarbiya kishilik jamiyati paydo bo’lishi bilan boshlangan va rivojlangan. Bola tug’ilishi bilanoq ota-onasining parvarishi orqali atrof-muhit bilan tanishadi. Turmush faoliyati boshlanishi bilan ishlab chiqarish tajribasi va malakalarini o’zlashtiradi, shu jarayonda unda aqliy va jismoniy kamolot, madaniy, axloqiy va estetik qarashlar shakllanadi. SHaxsga ta’lim-tarbiya berishni o’ziga kasb qilib olgan kishilar paydo bo’lib, asta-sekin ta’limiy maqsadlar shakllanadi, shuningdek, kishilarning ijtimoiy sifatlari aniqlanadi.

Dastlab ta’lim beruvchilar yoshlarni otda yurishga, kamondan o’q otishga va adolatli bo’lishga o’rgatishgan. Ajdodlarimiz o’z Vatanini, xalqini sevish, do’stlariga va safdoshlariga sadoqatli bo’lish, or-nomusni qadrlash kabi ijtimoiy sifatlarga ega bo’lganlar.

SHarqda taraqqiy etgan ta’lim-tarbiya to’g’risidagi ta’limotlarni o’rganishda falsafa, huquqshunoslik, sharqshunoslik, tarix, filologiya, pedagogika sohasida ish olib borgan H.Boboev, A.Jo’zjoniy, V.Zohidov, A.Zunnunov, M.Inomova, Z.Muqimov, S.Nishonova, A.Saidov, H.Samatova, M.Xayrullaev, O.Eshonov, SH.O’razaev, K.Hoshimov kabi olimlar alohida o’rin egallaydilar. Ular ta’lim-tarbiya sohasida huquqiy ta’lim-tarbiyaning, jumladan, huquqshunoslik, fiqhshunoslik, hadisshunoslik yo’nalishlarining rivojlanishida juda ko’p ijobiy natijalar ro’y berganligini isbotlab berganlar.

Tadqiqot jarayonida O’zbekiston hududida huquqiy ta’lim tizimining shakllanishi va rivojlanishini to’rt davrga bo’lib o’rgandik.

Birinchi davr – huquqiy ta’limning qadimgi davri – davlat va huquq paydo bo’lishidan to islom huquqi o’rnatilguniga qadar (mil.av. VI-V asrdan milodning VII asrigacha) bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.

Ushbu davrda zardushtiylikning muqaddas kitobi – “Avesto”, shuningdek, odat huquqi, So’g’d huquqi kabi manbalarda bayon etilgan ta’lim-tarbiyada qo’llanilgan usul va vositalar natijasida bolalar ona zamin va uning tabiati, tabiat hodisalari, odamlarning kundalik hayot tarzi, hayvonot va jonsiz olam haqida tasavvurga ega bo’lgan. Ularning nazarida tashqi dunyo kengayib borayotgandek bo’lib, fikrlash qobiliyati va tafakkurlari rivojlanib bordi. Masalan, zardushtiylik ta’limotining “Avesto” kitobida inson hayoti va odamlarning ijtimoiy-huquqiy munosabatlari ma’lum qonun-qoidalarga asoslangani haqida ma’lumotlar mavjud . Unda yer, suv, havo muqaddas deb e’lon qilinib, ularni asrash barcha narsadan ustun bo’lgan. Atrof muhitni iflos qilgan va uni asrash qoidalarini buzganlar jazolanib, huquqiy ta’lim-tarbiyaga asos solingan. Oila va jamoada berilgan so’zdan yoki qasamdan voz kechish, odamlar o’rtasida tuzilgan ahdnomani buzish katta gunoh hisoblangan. “Avesto”da ko’p bolali oilalarga davlat hisobidan nafaqa tayinlash lozimligi qayd etilgan. SHuningdek, “Avesto”da “yaxshilik ta’limini va sadoqatni amalga oshirib..., yaxshi hokimlar hukm yuritaversinlar. Odamlarga va ularning avlodlariga baxt-saodat keltiradigan ta’limni amalga oshirsinlar”, deb ta’kidlangan. Zardushtlik ta’limotida 15 yosh balog’at yoshi sanalgan. 15 yoshga yetganlarga Zardusht qonunlari, axloqiy va ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal yo’riqlari o’rgatilib, ular adolatlilik, halollik ruhida tarbiyalanganlar.

Ikkinchi davr – islom huquqi o’rnatilganidan to Markaziy Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinguniga qadar (milodning VII asridan XIX oxirlarigacha ) bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.

Markaziy Osiyoga islom kirib kelishi bilan bu an’anaviy sifatlar mustahkamlanib, boyitilgan. Islomning asosiy manbai bo’lmish “Qur’oni Karim” da axloq-odob, kishilarning tengligi, birodarligi, jamiyatga xizmat qilish, ota-onaga hurmat kabi masalalar ravshan aks ettirilgan. Islomning ikkinchi muqaddas manbai-“Sunna” (payg’ambarning so’zlari, amallari va tasdiqlari)da insonning ma’naviy kamolot mezoni, dunyoqarashining kengligi, bilimlarni qay darajada egallanganligi ko’rsatilgan. SHaxs bo’lib yetishishda muhim omil – bilim egallash, deb qayd etilgan.

Islom ta’limotida birovning haqiga hiyonat qilish, halol mehnat bilan topgan molini, mablag’ini zo’rlik va aldov yo’li bilan olish, o’g’rilik qilish – og’ir gunoh, qabih odat, deb ta’kidlangan. SHuning uchun ham huquqiy ta’lim berishda Qur’oni Karim, hadis va boshqa manbalardagi ko’rsatmalardan foydalanish, ularni hozirgi zamon talablariga bog’lash zarur. Masalan, “Moida” surasidagi 3-oyatda: “Ey mo’minlar, Ollohning o’zi uchun haq yo’lni tutuvchi, adolat bilan shahodat - guvohlik berguvchi bo’lingiz. Biron qavmni yomon ko’rishingiz sizlarni adolat qilmaslikka tortmasin!...” – deb, buyuriladi. Demak, shaxsiy adovat orqali adolatsizlikka yo’l qo’ymaslik ta’kidlangan. SHuningdek, “Niso” surasida mulk huquqi, meros huquqi, omonat, to’g’ri guvohlik berish xususida, “Baqara” surasida esa ayollik huquqlari, qarz berish to’g’risida huquqiy ta’limotlar berilgan.

Hadislarda ham ilm haqida, bilim olish haqida hikmatlar mavjud. Jumladan, ilm o’rganmoq va ilm o’rgatmoqning fazilati, ilmga e’tiborsizlikning oqibati, kishilar dilidan ilmning ko’tarilishi, olimlarning shaxsi, tushunishi qiyin kishilarga ilm o’rgatish haqidagi qoidalarni misol tariqasida keltirish mumkin.

O’tmishda yashab ijod etgan buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz islom ta’limoti asosida ijod etib, kelajak avlodlar uchun buyuk meros qoldirganlar. Bugungi kunda bu noyob meroslarni o’rganish, ularni tahlil qilish, ularning ijobiy natijalarini amalda tatbiq etish ilm-fan namoyondalarining, huquqshunoslar ilmiy jamoatchiligining, ilmiy tadqiqot olib borayotgan bo’lajak olimlarning asosiy vazifasi deb hisoblanib, shaxs huquqiy ongini shakllantirishda samarali natijalarga erishiladi.

Imom Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud an-Naso’iy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg’inoniy, Abdulxoliq G’ijduvoniy, Bahouddin Naqshband singari aziz-avliyolarimiz, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug’bek kabi allomalarimiz to’plagan ilmlar ham huquqiy ta’limda katta ahamiyat kasb etadi.

Imom al-Buxoriy ta’lim-tarbiya, xususan huquqiy ta’lim to’g’risidagi qarashlarida to’g’ri so’zli bo’lishga, va’daga vafo qilishga da’vat etib, munofiq kishining uchta belgisini ko’rsatadi , ular: yolg’on gapirish, va’daga vafo qilmaslik va omonatga xiyonat qilishdan iboratligini aytadi. U oilaviy muhitning barqaror, tinch, oila a’zolarining sog’-salomat, to’q bo’lishini va bir-birlarini hurmat qilishlarini istaydi. U o’z ta’limotida bilim o’rganish, uni o’rgatish yo’llari va usullari masalasiga alohida e’tibor qaratadi.

VIII asr oxiri IX asr boshlariga kelib islom va uning huquqshunoslik, hadisshunoslik sohalari rivojlangan. Bu davrda O’rta Osiyo jahon ilm-fanining, kishilik jamiyatining taraqqiy etishiga, shuningdek, islom dinining axloqiy-huquqiy tarbiyadagi mavqeiga katta hissa qo’shadi.

Tarixiy taraqqiyotning turli davrlarida ilm va fanning turli sohalari bo’yicha (tibbiyot, matematika, astronomiya, tarix va h.k.) maktablar mavjud bo’lgan. SHu maktablar qatorida huquqiy ta’limni rivojlantirishga asoslangan, huquqiy bilimlar tizimini tashkil etgan fiqh maktablari ham bo’lgan. Taniqli huquqshunos olim Z.Muqimov fiqh maktabida VIII-XIII asrlarda o’qish jarayonini to’rt bosqichga bo’ladi: 1) quyi yoki boshlang’ich ta’lim olish; 2) o’rta ma’lumot olish; 3) Buxoro shahridagi alohida madrasada ta’lim olish; 4) islom dunyosining yetuk markazlari va madrasalarida (Bag’dod, Qohira va h.q) ta’lim olish. Bu o’quv muassasalarini tugatganlar yuqori diniy va davlat mansablariga tayinlanganlar.

Bu davrda maktab va madrasalarda ilmiy-nazariy bilimlar bilan birga ish yuritish, huquqshunoslikka, savdo-sotiq ishlariga oid, meros va taqsimot kabi ta’limiy bilimlar ham o’rgatilgan.

XIV-XVI asrlarda Movarounnahrda ta’lim-tarbiya va pedagogik fikrlar ancha yuksak taraqqiyot bosqichiga ko’tarildi. Mirsaid SHarif Jurjoniy, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy kabi buyuk allomalar, mutafakkiru ulamolar ma’rifiy ta’lim-tarbiya asoslarini yaratib berdilar. Masalan, buyuk bobokalonimiz Amir Temur davlatni boshqarish va uni idora qilish, haqiqatgo’ylik va adolat haqida ta’lim berganlar. Bunga oid qoidalar “Temur tuzuklari”da bayon etilgan. Amir Temur fikricha, davlatni adolatli qonunlar asosida boshqarish, davlat ishlarini adolatli boshqarish uchun vazir saylash kerak.

O’zbekiston hududidagi xonlik va amirliklar davrida ta’lim-tarbiya, jumladan, huquqiy ta’lim rivojlangan. Xususan, So’fi Olloyor fiqhga oid asarlar yaratgan. Unda islom dinining asosiy qoidalari ifoda etilgan. O’zbek bolalari o’qiydigan maktablarda talabalarning savodi chiqarilgandan so’ng So’fi Olloyor kitobi o’qitilgan.

Musulmon maktablarida ta’lim tizimi quyidagi bosqichlarda amalga oshirilgan:

1) quyi maktab – bu maktablarda 4 yil savod o’rganishgan;

2) halimxona maktabi – (namoz) yod oldirib o’rgatilgan;

3) qorixona – Qur’oni Karim yod olingan;

4) maktab-internat – o’rta madrasa bo’lib, o’rta ma’lumot berilgan;

5) oliy maktab – oliy madrasa hisoblangan.

Jumladan, umumbashariy tsivilizatsiya rivojidagi o’rni va ahamiyati jihatidan Uyg’onish davrining yorqin namunasi sifatida tarixda zarhal sahifalarni tashkil etgan Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyati ham ushbu davrga xosdir. Bu ilmiy maskanda SHarq va G’arb o’lkalaridan kelgan, turli millat va dinga mansub bo’lgan olimlar faoliyat ko’rsatgan bo’lsa-da, uning negizini Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy va Ibn Sino, Mahmud Xo’jandiy, Ahmad ibn Hamid Naysaburiy kabi bizning mintaqamizda tug’ilib, kamol topgan yetuk allomalar tashkil etgani va fiqhshunoslik ilmiga ham katta hissa qo’shgani barchamiz uchun iftixor bag’ishlaydi.

O’rta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olinganidan keyin musulmon maktablarida o’zgarishlar ro’y bergan va Turkistonda dastlabki rus-tuzem maktablari ochilgan.

Uchinchi davr – XX asr boshlaridan to O’zbekiston Respublikasining mustaqilligigacha (1917 yildan to 1991 yilga qadar) bo’lgan davrni o’z ichiga oladi.

XX asr boshlarida Turkistonda eski usuldagi maktab o’z faoliyatini davom ettirgan. 1917 yil inqilobidan keyin tashkil etilgan maktablarda ikki bosqichli – 9 yillik va 7 yillik ishchi-yoshlar maktabi, o’rta hunar bilim yurtidan iborat ta’lim tizimi bo’lib, unda ayrim qonunlarning o’rganilishi bilan cheklanilgan.

Turkiston maorif komissarligi tuzgan dasturda huquqiy ta’limning asosiy maqsadi o’quvchilarni kommunizm ruhida tarbiyalashga qaratilgan.

XX asr boshlarida jiddiy tus olgan jadidchilik harakatining namoyandalari milliy mustaqillik, ozodlik uchun kurashlarini ma’rifat uchun kurash bilan bog’liq holda olib borganlar.

Ilmiy tadqiqot davomida respublika davlat arxivi materiallari bilan tanishib chiqilganda quyidagilar aniqlandi:

1. Xalq maorifi vazirligining Bosh inspektori A.Kupning 1876 yil 13 yanvarida qilingan dokladiga binoan rus-tuzem maktablarida musulmon huquqining o’qitilishi man etilgan.

2. A.Kupning 1881 yil 27 avgust dokladiga binoan va 1881 yil 31 oktyabrdan Xalq maorifi vazirligi departamentining qaroriga binoan haftada bir yoki ikki marta Samarqand shahar bilim yurtida yevrey o’quvchilar uchun yevrey dini haqidagi qonunlar o’qitilishi joriy etilgan.

3. 1902-1903 o’quv yilidan boshlab, haftada 2 soat “Zakona Bojiya” (Xudo qonunlari) fani kiritilib, dastur ishlab chiqilgan. Bu fanni o’qitadigan muallim “Zakonouchitel” (Qonunshunos o’qituvchi) deb atalgan.

4. SHo’rolar davrida esa ishchi fakultetlarda “Jamiyatshunoslik” kursida yoshlar mehnati, mehnatga haq to’lash, mehnat muhofazasiga oid masalalar o’rgatila boshlangan. SHuningdek, ba’zi ishchi fakultetlarda davlat to’g’risida ham bilim berilgan. Samarqanddagi oliy pedagogika institutida (1927-1929 y.) III kurs o’quv rejasiga “Osnovы Sovetskogo prava” fani kiritilgan. Toshkent industrial texnikumida (1928-1929 yy.) IV kurs o’quv rejasiga “Rabochee i promыshlennoe zakonodatelstvo” fani kiritilgan. O’zbek davlat paxtachilik-irrigatsiya institutida (1930-1931 yy.) o’quv rejasiga mehnat, suv huquqi, mehnat muhofazasi fanlari kiritilgan.

5. O’zbekistonda 1937 yildan boshlab maktablarda VII sinfda “SSSR Konstitutsiyasi” o’qitila boshlangan. Bu kurs bo’yicha o’qitish metodikasi ishlab chiqilgan. Oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida ham “SSSR Konstitutsiyasi” o’qitilgan va imtihon bilan talabalar bilimi aniqlangan. O’rta ta’lim maktablari uchun (1937-1938 yy.) Konstitutsiyani o’qitish metodikasi yaratilgan.

6. O’zbekistonda yetti yillik o’rta maktablarning o’quv rejasida (1951-1952yy.) SSSR Konstitutsiyasini o’rganish 66 soat hajmda belgilangan. O’rta maxsus va oliy o’quv yurtlarida ham Konstitutsiya o’rgatilgan.

7. 1975 yil 7 yanvarda SSSR Maorif vazirining VIII sinflarda “Sovet davlati va huquqi asoslari” kursining o’qitilishi to’g’risidagi buyrug’i e’lon qilingan. Yuqori sinflarda esa “Sovet qonunchiligi asoslari” kursining o’qitilishi joriy etilgan.

8. Oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida ham “Sovet davlati va huquqi asoslari” fani o’quv rejasiga kiritilgan.

Bu fanlarni o’qitishda asosan yosh avlodni huquqiy tartib va intizomga, majburiyat va burchga o’rgatishga ko’proq e’tibor berilgan. Inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularning davlat tomonidan kafolatlari to’g’risidagi masalalarga kam e’tibor berilgan. O’quvchi va talabalarning mustaqil va erkin fikrlashiga yo’l qo’yilmagan.

To’rtinchi davr –O’zbekistonning mustaqillik davrini o’z ichiga oladi. 1991 yil 31 avgustda O’zbekiston Respublikasi mustaqil deb e’lon qilingandan keyin mustaqillikni, yurt farovonligini, xalqning tinchligini, osoyishtaligini saqlash va kelajak avlod haqida qayg’urish, sog’lom, har tomonlama barkamol avlodga e’tibor ustuvor vazifa qilib qo’yildi. Ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini jamiyatda amalga oshirilayotgan yangilanish, rivojlangan huquqiy davlat qurilishi jarayonlariga moslash; kadrlar tayyorlash tizimi muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, pedagogik faoliyatning nufuzi va ijtimoiy maqomini ko’tarish; kadrlar tayyorlash tizimi va mazmunini mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollaridan, jamiyat ehtiyojlaridan, fan, madaniyat, texnika va texnologiyaning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda qayta qurish; ta’lim oluvchilarni ma’naviy-axloqiy, huquqiy tarbiyalashning turli shakllari hamda uslublarini ishlab chiqish va joriy etish vazifalari hal qilinmoqda.

3. Fanning o’quv rejadagi boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqligi, uslubiy jihatidan uzviyligi va ketma-ketligi

Huquq ta’limini o’qitish metodikasi fani asosiy ixtisoslik fani hisoblanib, 6-semestrda o’qitiladi

Mazkur kurs barcha fanlar bilan, ayniqsa ijtimoiy-gumanitar fanlar, jumladan, falsafa, siyosatshunoslik, tarix, madaniyatshunoslik, iqtisod, huquq va boshqa fanlar bilan uzviy bog’liqlikda. Huquq o’qitish metodikasi fani, huquq, ma’naviyat asoslari, milliy g’oyani o’qitish metodikasi, tarix, pedagogika, psixologiya fanlari bilan uzviy bog’liq.

Huquq o’qitish metodikasi fani, huquq, pedagogikaning asosiy didaktik talablari, darsga qo’yiladigan talablar, psixologiya fanlari bilan uzviy bog’liq.

Huquq o`qitish metodikasi fani avvalo huquqiy fanlari bilan uzviy bog`langandir.

Boshqa fanlar kabi huquq o`qitish metodikasining eng birinchi huquqiy manbasi-O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidir.

Har bir huquqiy fanning o`z xususiy manbai mavjud, masalan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi Jinoyat huquqining manbai, O`zbekiston Respublikasi fuqarolik Kodeksi Fuqarolik huquqining manbaidir. Huquq o`qitish metodikasining bugungi kunda maxsus darsligi, o’quv qo’llanmalar chiqarilmagan, shu sababli bu fan o`qitilishida umumiy manbalardan foydalanib o’tilmoqda.

Davlat va huquq nazariyasi fani «huquqiy norma, huquqiy munosabat, davlat, davlat organi, fuqarolik» kabi muhim tushunchalar mazmunini ochib beradi.

Konstitutsiyaviy huquq fani yuqorida ko`rsatilgan ko`pgina boshqa tushunchalarga asoslanib, O`zbekiston Respublikasidagi huquqiy normalarni, huquqiy institutlarni, xalq hokimiyatchiligi, davlat shakli, davlat organlari tizimi, fuqarolikka oid tushunchalar xususiyatini konkret tarzda ochib beradi. Huquq o`qitish metodikasi fani Konstitutsiyaviy huquq fanining asosiy mavzularini o`qitishni o`rgatadi va shu bilan birga olingan bilimlar yuzasidan xulosalar chiqaradi, talabalarga tahlil qilishni, yangi faktlarni, bilimlarni o`zlashtirishni, izlanishga, qonuniy hujjatlar ustida yanada ko`proq ishlashni o`rgatadi.

O`qitish jarayonida talabalar huquq fani bo`yicha olgan bilimlarini mustahkamlab, fan o`qitish uslublarini ham bilib oladilar.

Huquq o`qitishda o`quvchilarning yoshi, bilimi, fikrlash qobiliyati va umuman psixik faoliyatini e'tiborga olmasdan turib, ularning o`quv faoliyatiga samarali ta'sir etib bo`lmaydi. Shu sababli huquq metodikasi psixologiya bilan chambarchas bog`liqdir.

Huquq o`qitish jarayonida ustoz va shogird o`rtasida ma'naviy yaqinlik sog`lom va tetik kayfiyat vujudga keltirilishi o`quvchilarning o`quv faoliyatini aktivlashtiradi, darsning samaradorligini oshiradi.

Psixologiya fani o`quvchilardagi psixik faoliyatning umumiy qonuniyatlarini o`rganadi, uslubiyot esa, o`quvchilarning psixik faoliyatini ularning huquqiy materialini o`zlashtirishlari bilan bog`liq bo`lgan tomonlarini tadqiq etadi. Shuning uchun o`quvchilardagi psixik faoliyatning tadqiq etish metodlaridan ham foydalanadi.

Psixologiya psixik faoliyatning umumiy qonuniyatlarini o`rganadi, uslubiyot esa, huquq o`qitishning mazmuni va maetodik usullar bilan psixik faoliyat orqali erishiladigan natijalar o`rtasidagi qonuniyatli bog`lanishlarni o`rganadi.

Demak har ikkala fanning o`rganadigan ob'ektlari qisman o`xshash bo`lsada, vazifalari boshqa-boshqadir.

Huquq o`qitish metodikasini o`qitishda yaxshi natijalarga erishish, o`quvchilarning huquqiy materiallarini puxta o`zlashtirishlari bilan psixik faoliyati o`rtasidagi qonuniyatli bog`lanishlarni ham o`rganadi, o`quvchilarga ta'lim-tarbiya berishda psixologiya faniga suyanadi, o`quvchilarning psixik faoliyatini o`rganishda psixologik tekshirish metodlaridan foydalanish yo`llarini ham ko`rsatib beradi.

Huquq o`qitish uslubiyoti ta'lim-tarbiya haqidagi pedagogika fani, uning tarkibiy qismi bo`lgan didaktika bilan chambarchas bog`liq.

Metodika pedagogik jihatdan yaxshi natijalarga erishish maqsadida ham huquq o`qitish jarayonini o`rganadi. Metodika o`rganadigan huquq o`qitish jarayoni ham, pedagogik jarayon ham o`qitishda yaxshi natijalarga erishishni ko`zda tutadi. O`qitish jarayonini o`rganish uslublari-pedagogik uslublar bo`lib, o`qitish natijalarining ko`rsatkichlari ham pedagogik ko`rsatkichlardir.

Huquq o`qitish metodikasi didaktikaning asosiy printsiplaridan birining huquq o`qitish jarayoniga tatbiq etishda uning mazmunidagi o`ziga xos xususiyatlarni ham e'tiborga oladi, huquq o`qitish jarayonining tarkibiy qismlari o`rtasidagi qonuniy bog`lanish va munosabatlarni aniqlashtiradi va shu asosda o`qitishning maqsadi, mazmuni, metod va usullari hamda o`qitish jarayonini jihozlashga doir talablarni belgilab beradi.

Huquq o`qitish metodikasi pedagogika fanining mustaqil bir tarmog`i bo`lib, u o`zining mustaqil tekshirish predmetiga ega.

4.O‘zbekiston Respublikasi «Ta’lim to‘g‘risidagi qonun», «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»ga binoan huquq fanini o‘qitishda o‘tkazilayotgan islohatlar.

Mustaqillikning ilk yillarida qabul qilingan normativ – huquqiy hujjatlar ta’lim tizimiga qaratildi. Jumladan, I.Karimov O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi IX sessiyasida so’zlagan nutqida: “Umumta’lim maktablarida o’qitilayotgan fanlarning soni 20 ga yetadi. Lekin, afsuski, o’quv rejalarida yoshlarga axloq va odob, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy bilimlar asoslarini o’rgatadigan fanlar yetarli o’rin olgan emas”, - deb tanqidiy fikr bildirgan. Darhaqiqat, mustaqillikgacha bo’lgan davrda ta’lim tizimida huquqshunoslik fanlariga juda oz soat (116 soat) ajratilgan. Bugungi kunda uzluksiz ta’limning barcha turlarida huquqshunoslik fanlariga jami 240 soat ajratildi.

Respublikada yaratilgan davlat standartlarida ijtimoiy maqsadni ifodalashga e’tibor berildi va huquqiy ta’lim-tarbiyani takomillashtirish maqsadida aniq ishlar amalga oshirildi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 13 iyunda qabul qilgan “Yoshlarning huquqiy ta’limini takomillashtirishning Kompleks dasturi to’g’risida”gi 296-sonli qarori, Oliy Majlisning 1997 yil 29 avgustda tasdiqlagan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi” to’g’risidagi 466-1-sonli qarori va shu qaror asosida Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 29 maydagi 235-sonli “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish haqida”gi 2000 yil 21 sentyabr qarori, O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilgan “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” , O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o’rganish ishini yaxshilash haqida”gi 1997 yil 25 iyun farmoni, “Ta’lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni voyaga yetkazish” to’g’risidagi 1997 yil 6 oktyabr farmoni, “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o’rganishni tashkil etish to’g’risida”gi 2001 yil 4 yanvar farmoyishi, “2004-2009 yillarda maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi to’g’risida”gi 2004 yil 1 iyul farmoni, “O’zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag’batlantirish to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi qarori shular jumlasidandir.

Kadrlar tayyorlash milliy dasturida ta’lim tizimiga ilg’or pedagogik texnologiyalarni joriy qilish va o’zlashtirish zarurligi belgilandi.

O’zbekistonning ijtimoiy – pedagogik sharoitiga moslashgan ta’lim texnologiyalarini yaratish va ularni huquqiy ta’lim-tarbiya amaliyotida qo’llash: birinchidan, huquqiy ta’limni jadallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida eng ilg’or pedagogik tadbirlardan foydalanish; ikkinchidan, an’anaviy o’qitish tizimida yozma va og’zaki usullarning ijobiy tomonlarini qo’llash; uchinchidan, huquqiy axborotlarning keskin ko’payib borayotganligi sababli ularni tizimli ravishda yoritish va tushuntirish; to’rtinchidan,har bir ta’lim oluvchining potentsial imkoniyatlarini rivojlanish kabilarni taqozo etadi.

Oxirgi yillarda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirgan ishlar hech kimdan kam bo’lmaydigan hayot barpo etish, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy, ijtimoiy – huquqiy yuksalishida mustahkam zamin yaratdi.

Fikrimizcha, huquqiy ta’lim tizimida amalga oshirilgan tadbirlar ijobiy natijalar berishi bilan birga kelgusida yoshlarning huquqiy ongini yanada rivojlantirish uchun rejalar tuzilishi, “Uzluksiz ta’lim tizimida huquqiy ta’limning yagona kontseptsiyasi” yaratilib, uni amalga oshirishning muayyan bosqichlari aniqlangan holda, ushbu bosqichlarda bajariladigan alohida vazifalar belgilanishi talab etiladi. Ushbu kontseptsiyada uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishning kontseptual asoslari va eng muhim istiqbol vazifalari, ijtimoiy-pedagogik shart-sharoitlari, amalga oshirish manbalari hamda o’quv-tarbiya jarayoni mazmunini yangilab borish mexanizmlari belgilanadi. Kontseptsiyaning amalga oshirilishi uzluksiz huquqiy ta’lim tizimi faoliyati samaradorligini ta’minlash va uni rivojlantirishning yangi sifat darajasiga ko’tarish imkonini beradigan uslubiy, tashkiliy, axborot, huquqiy va kadrlar ta’minotini muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.

Har bir bosqichda yilma-yil amalga oshirish jarayoni xususiyatini belgilovchi ko’rsatkichlar hamda vazifalarning uzluksiz ta’lim tizimi holatiga ta’sirini o’rganish rejalashtirilgan. Uni hayotga tatbiq etish Davlat ta’lim standartlari, rejalari va o’quv dasturlarini yangilash, kadrlar salohiyati va me’yoriy bazani takomillashtirish, shuningdek, huquqiy ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etishni o’z ichiga olgan tashkiliy-metodik tadbirlar kompleksi vositasida amalga oshiriladi. Boshlang’ich, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim Davlat ta’lim standartlarining uzviyligini, huquqiy ta’limning uzluksizligi ta’minlash choralari belgilanadi.

Biz qurayotgan yangi jamiyat, hayotimizga tobora kirib kelayotgan yangilanish jarayonlari, islohotlarning taqdiri va kelajagi, avvalo, xalqimizning bu o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlashiga, ularning ijtimoiy faolligi, dunyoqarashi, ongu tafakkurining yuksalishiga bog’liq. Bu esa ta’lim-tarbiya tizimining mukammalligiga asoslanadi. O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuni, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” asosida mamlakatimiz ta’lim tizimi tubdan o’zgardi. Ta’lim O’zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e’lon qilindi.

Ta’lim-tarbiya masalasi mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlab bugunimiz va kelajagimizni hal qiladigan eng dolzarb vazifa sifatida qaralgan va ta’lim-tarbiya sohasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilgan. Amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, farzandlarimizning har tomonlama barkamol bo’lib ulg’ayishi uchun yaratilayotgan zamonaviy sharoitlar tufayli yoshlarimizning jismoniy va ma’naviy jihatdan hech kimdan kam bo’lmasdan voyaga yetayotgani barchamizga ma’lum.

Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy printsiplari: ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi; ta’limning uzluksizligi va izchilligi; umumiy o’rta, shuningdek o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi; o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo’nalishini: akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o’qishni tanlashning ixtiyoriyligi; ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi; davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi; ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv; bilimli bo’lishni va iste’dodni rag’batlantirish; ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg’unlashtirish deb belgilandi. Davlat siyosatining ushbu tamoyillari barcha ta’lim turlari orqali shaxs huquqiy ongini shakllantirishga xizmat qiladi.

5. Umumiy o‘rta ta’lim, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun yaratilgan Davlat Ta’lim standarti, dasturlar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar.

Davlat ta`lim standarti (DTS) - o`quvchi – talabalar umumta`lim tayyorgarligiga, saviyasiga qo`yiladigan majburiy minimal darajani, ta`lim mazmuni, shakllari, vositalari, usullarini, uning sifatini baholash tartibini belgilovchi hujjatdir. Davlat ta`lim standarti o`z mohiyatiga ko`ra o`quv dasturlari, darsliklar, qo`llanmalar, nizomlar va boshqa me`yoriy hujjatlarni yaratish uchun asos bo`ladi.

Davlat ta`lim standartini bajarish O`zbekiston hududida faoliyat ko`rsatuvchi barcha ta`lim muasasalari uchun majburiydir.

O`quv rejasi (tayanch va ishchi) – ma`lum bir yo`nalishda mutaxassis tayyorlashni tartibga soluvchi me`yoriy hujjatdir. U davlat ta`lim standartining tarkibiy qismi bo`lib, ta`lim muassasasi moliyaviy ta`minotini belgilashga asos bo`ladi.

O`quv dasturi - ma`lum bir fan bo`yicha qanday mavzularni o`rganishni belgilovchi me`yoriy hujjatdir. U DTSning tarkibiy qismi. Namunaviy va ishchi dasturga bo`linadi. Ishchi dastur har yili yangilanadi va qo`shimchalar bilan boyitib boriladi.

Uzviylik va uzluksizlik haqida gap ketar ekan, tevarak olamda, hamma narsada bir-biriga uzviy va chambarchas bog`liqlik bo`lgani kabi, ta`limda ham hamma narsa bir-biri bilan vobasta ekanini yodda tutish lozim. Darhaqiqat, uzviylik talabalar olayotgan bilimning aniq tartibga solinishini ta`minlaydi.

Uzviylik va uzluksizlik darsliklar va darsning tuzilishida ham namoyon bo`lishi kerak. Ya`ni mavzuni tushuntirish, takrorlash, mustahkamlash, o`rganilgan materialni identiv maqsadlar qo`yib tekshirish talab qilinadi. Toki o`quvchilar tizimli asosda ishlash malakasiga ega bo`lsinlar.

Fanlararo aloqalar masalasiga alohida e`tibor qaratish lozim. Chunki, har bir predmetning ichki tuzilishida boshqa bir qator predmetlarga doir materiallar mavjud bo`ladi. Masalan, “Huquqshunoslik” fanida falsafa, tarix, pedagogika, psixologiya, milliy g’oya, iqtisodiyot va boshqa fanlarga doir bilimlar talab qilinadi.

“Huquqshunoslik” fanida, umuman ijtimoiy-gumanitar fanlarda fanlararo aloqalar ta`minlansa, bu bir-birini takrorlashning oldini oladi.

Uzluksizlik – “Huquqshunoslik” fani mavzulari, bo`limlari, bosqichlarining oddiydan murakkabga qarab o`zaro bog`langanligi, bardavomligi demakdir.

“Konstitutsiyani o’rganish” fanidan o`quv dasturlari, darslik va o`quv qo`llanmalari ta`lim turlari bo`yicha tuzilgan bo`lib 1-4 sinflarda bu fanning alifbosi, ya`ni, eng sodda shakldagi ma`no va mazmuni «Odobnoma» darslariga singdirilgan. Har bir sinfda 10 soat dars berilgan bo`lib o`quvchilarning bilim darajalari va yosh xususiyatlariga moslashtirilgan.

5-7 sinfga mo`ljallangan o`quv dasturida va darslikda har bir sinfga 17 soatdan dars ajratilgan.

Kalendar-tematik reja va reja-konspekt tuzish.

Dars ishlanmasi – bu ta’limiy mazmunga ega loyiha, shuningdek, o‘qituvchi tomonidan tuzilishi majburiy bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Uni tuzishda o‘qituvchining dars jarayonidagi faoliyatini rejalashtirish, dars mazmuni boyitish, ta’lim samaradorligini oshirish maqsadi ko‘zlanadi. Dars ishlanmasini yildan-yilga takomillashtirib va mukammalllashtirib borish, yangi metodlarni qo‘llash, yangi materiallarni kiritish bilan yangilab turilishi lozim. Binobarin, ta’lim jarayoniga yangi DTS, o‘quv dasturlari, zamonaviy ta’lim texnologiyalarning joriy etilishi, o‘qituvchi tomonidan yangi axborot texnologiyalari, zamonaviy texnik vositalarining qo‘llanishi bilan dars ishlanmalariga qo‘yilgan talablar ham o‘zgarib boradi. Dars loyihasi (ishlanmasi)ni uchun tayyor, standart qolip mavjud emas. CHunki dars “jonli” tashkil etilishi zarur. Darsning bu xususiyatiga ko‘ra uni hech qanday qolipga solib bo‘lmaydi. U dars turi va tanlangan metodlarga qarab turlicha bo‘lishi mumkin.

Davlat ta’lim standartlari – me’yoriy hujjat bo‘lib, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuniga hamda sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

2005 yil 13 avgustida O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining «O’quvchi-talabalar ongi va qalbiga Milliy g’oyanisingdirishda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni o’zaro uyg’un holda tashkil etish bo’yicha uslubiy tavsiyalar» e’lon qilindi. Ushbu uslubiy tavsiyalar takomillashgan Davlat ta’lim standartlarini yaratishda asos bo’lib xizmat qildi. Davlat ta’lim standartlarida asosan o’quvchi-talabalarga beriladigan bilimlarning darajasi aniqlanadi va fan mazmuniga qator talablar qo’yiladi. Chunki berilayotgan bilim ma’lum bir hajmda chegaralanadi.

Davlat ta’lim standarti (DTS)-o’quvchi –talabalar umumta’lim tayyorgarligiga, saviyasiga qo’yiladigan majburiy minimal darajani, ta’lim mazmuni, shakllari, vositalari, usullarini, uning sifatini baholash tartibini belgilovchi hujjatdir. Davlat ta’lim standarti o’z mohiyatiga ko’ra o’quv dasturlari, darsliklar, qo’llanmalar, nizomlar va boshqa me’yoriy hujjatlarni yaratish uchun asos bo’ladi.

Davlat ta’lim standartini bajarish O’zbekiston hududida faoliyat ko’rsatuvchi barcha ta’lim muasasalari uchun majburiydir.

Standart — ta’limda yaratilgan me’yoriy reja, dastur, darsliklarni o’zlashtirish ekvivalenti, ya’ni ta’lim mazmunini o’zlashtirish darajasidir. Standartni ishlab chiqishda o’quvchini haddan tashqari zo’riqtirib yubormaslik talablariga rioya qilish, ya’ni u o’quvchi yoshiga mos, uni bajarishga qurbi etadigan darajada bo’lishi kerak. Bunda, albatta, ta’lim oluvchining qiziqishi, xohishi, ehtiyoji hisobga olinishi lozim. Ta’lim standartlarini o’zlashtirishda shaxsga muhim ahamiyat berilishi, unga yakka tartibda yondashilishi maqsadga muvofiqdir. Standartlarni o’quv jarayoniga tatbiq etishdan oldin o’ta puxtalik bilan tajriba-sinovdan o’tkaziladi va shu asosda bosqichma-bosqich o’quv jarayoniga kiritib boriladi.

Davlat va jamiyat ta’lim muassasalari oldiga muayyan ijtimoiy buyurtmalar qo’yayotgan ekan, o’sha muassasalar tomonidan tayyorlanadigan kadr egallashi lozim bo’lgan ijtimoiy sifatlarning minimal chegarasini ham ko’rsatib berishi tabiiydir. Tarbiyalanuvchi yoki ta’lim oluvchilar egallashi lozim bo’lgan bilim, ko’nikma, malaka yoxud ma’naviy sifatlarning eng quyi miqdori ilmiy asoslarda belgilab berilgan rasmiy pedagogik hujjat —davlat ta’lim standarti hisoblanadi. Standartlarda belgilangan natijalarga erishilmasa, yo o’sha ko’rsatkichlarni egallay olmagan bola, yoxud yoshlarda muayyan miqdordagi bilim, ko’nikma, malaka va ma’naviy sifatlarni shakllantira olmagan pedagogikani mukammal deb bo’lmaydi. Bundan ko’rinib turibdiki, davlat ta’lim standarti (DTS) nazorat vositasi, ayni vaqgda, ta’lim muassasalarida ko’zlangan ko’rsatkichlarni qo’lga kiritish uchun zarur bo’lgan sharoitni belgilash o’lchovi hamdir. Davlat ta’lim standartlarining ko’rsatkichlari amaldagi mavjud ta’lim mazmunidan emas, balki shakllantirilayotgan o’quvchiga singdirishi lozim bo’lgan sifatlarning jahon bo’yicha zarur deb hisoblangan miqdoridan kelib chiqadi.

Davlat ta’lim standartlarining ikki asosiy vazifasini alohida ta’kidlab ko’rsatish mumkin. Bunday standartlar umumiy o’rta ta’lim va o’rta maxsus ta’lim tizimida o’quvchilarga beriladigan ta’lim mazmunining majburiy minimumini hamda bitiruvchilarning tayyorgarlik darajasiga qo’yiladigan talablar majmuasini belgilab beradi. Ta’lim mazmunining majburiy minimumi o’quv dasturlari va darsliklarda to’liq o’z ifodasini topishi shart. Bitiruvchilarning tayyorgarlik darajasiga ko’ra o’quvchi muayyan bosqichda egallashi shart bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalarning minimal miqdori belgilanadi.

Umumiy o’rta ta’limning davlat ta’lim standartlari talablari boshlang’ich ta’lim hamda umumiy o’rta ta’lim bitiruvchilariga qo’yiladi. 11-sinfni bitiruvchi har bir o’quvchi davlat ta’lim standartlarida belgilangan bilim, ko’nikma va malakalarga erishgan bo’lishi shart.

Ta’lim standartlari joriy qilinsa, davlat buyurtmachi sifatida ta’lim muassalari oldiga vazifa qo’yadi. Mazkur muassasalar esa ana shu vazifalarni yaxshiroq uddalash uchun o’quvchilarga qaysi bosqichda qancha bilim, ko’nikma, malaka yoki ma’naviy sifatlar singdirish lozimligini aniq belgilab olgan holda ish ko’radi. Shu tariqa ta’lim-tarbiya jarayoni tavakkalchilikdan, ko’r-ko’rona faoliyat ko’rsatishdan qutuladi, ilmiy asoslangan me’yoriy talablar asosida faoliyat ko’rsatadi.

Ta’lim-tarbiya jarayoniga DTSni joriy etish talablari rivojlangan G’arb mamlakatlari tajribasiga asoslanadi. Ammo, shuni ham aytish kerakki, hali dunyodagi birorta jamiyatda ta’limni standartlashtirish keng ko’lamda amalga oshirilayotgani yo’q. Chunonchi, mazkur yumushga birinchi bo’lib qo’l urgan Franstiyada bu ish hanuzgacha sinov darajasida, AQShda esa DTS yaratishga endigina kirishilmoqda. Yaponiya va Germaniya ta’lim muassasalarida mazkur muammoni hal etish rejalashtirish bosqichida turibdi. O’zbekistonda ta’lim standartlari masalasiga davlat miqyosida yondashildi va uni ilmiy yo’sinda hal etishdan tashqari, ta’lim-tarbiya amaliyotiga joriy qilish maqsadida uzoq vaqt izlanishlar olib borildi, tajriba-sinovlar amalga oshirildi.

Shuni aytish kerakki, davlat ta’lim standartlari atamasi XX asrning 70-yillarida tug’ilgan va endigina amalga oshirila boshlagan bo’lsa-da, aslida u bugun paydo bo’lgan yangilik emas. Negaki, ta’lim-tarbiya tushunchasi oldiga muayyan talablar qo’yila boshlagan zamonlardan buyon shunday me’yorlar mavjud. Faqat qadimda ular standart deb atalmagan. Lekin, mohiyat e’tibori bilan har qanday jamiyat tarbiya muassasalari davlatga qarashli bo’lmagan zamonlarda ham o’z talablari tizimiga ega bo’lgan. Chunki, ta’lim-tarbiya muassasasini bitiruvchisi muayyan jamiyatda yashashi, faoliyat ko’rsatishi lozim. Binobarin, u o’sha jamiyat talablari darajasidagi bilim, ko’nikma va malakalarni egallashi shart hisoblangan.

Mamlakatimizda pedagogika ilmi ham, amaliyoti ham yangilanib bormoqda. Ma’lumki, har qanday millatning yangilanishi yoshlar tarbiyasidan boshlanadi. Yoshlar esa bugungi kunda oilada va asosan ta’lim-tarbiya muassasalarida shakllantiriladi. Shuning uchun ham, mustaqil davlatimiz va uning rahbariyati ana shu muassasalar faoliyati imkon qadar zamon talablari darajasida bo’lishiga e’tiborini qaratmoqda. DTS barkamol shaxsni shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogika faoliyatidagi samaradorlikni nazorat qilish vositasidir. Hozir yaratilayotgan barcha didaktik vositalarning ana shu standartlarga muvofiq bo’lishiga katta e’tibor berilmoqda.

O’rta umumta’lim, o’rta ta’lim va o’rta maxsus ta’lim tizimlari uchun yaratilgan o’quv dasturlari tuzilishi, mazmuni

O’rta umumta’lim o’rta ta’lim va o’rta maxsus ta’lim tizimlari, akademik listey va kasb-hunar kollejlari uchun yaratilgan darsliklarimiz tili ravon, sodda, ixcham, o’quvchi hayoti, faoliyatiga yaqin matnlardan tashkil topgandagina, u bolalarning sevimli kitobi bo’ladi, o’quvchilar mustaqil holda o’rganishi mumkin bo’lgan «ikkinchi o’qituvchi» vazifasini bajaradi, to’la ma’nodagi bilim manbaiga aylanadi.

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, didaktikaning semantik jihatlarini aniqlash kam o’rganilgan sohalarga kiradi. Hanuzgacha tushunish muammosi (mohiyati) olimlar tomonidan turlicha talqin qilinadi, didaktlar semantik jihatdan murakkab matnlar va g’oyalarni bayon qilish usullari ustida kam bosh qotirmoqdalar. Ilmiy konstepstiyalar murakkablashib, chuqurlashib borayotgan hozirgi davrda semantik muammolar o’quv materiallarini bayon qilish, o’quvchilarni fan rivojining yangi davrini tashkil qiluvchi nazariyaga ertaroq olib kirish, ta’limda dalillar bilan nazariya munosabatlarini hal qilishga o’tish muhim ahamiyatga ega. Bu masala ham tezroq o’z echimini topishi kerak.

Yana bir muammo ustida to’xtalishni lozim topdik. Gap shundaki, biz qo’pincha «ta’lim mazmuni» bilan «o’quv fani mazmuni» tushunchalarini bir xil deb qaraymiz. Aslida unday emas. Oldingi tushuncha kengroq, ya’ni o’quv fani mazmuni faqat shu fanga oid bilimlarni — tushuncha, hukm, xulosalarni o’z ichiga oladi. Ta’lim mazmuni esa bundan tashqari, ilmiy bilish metodlari, usullari va amallari, ya’ni o’quvchilarda mustaqil bilish malakalarini hosil qiluvchi metodologik bilimlarni (ta’rif, isbot, tahlil, sintez, indukstiya, dedukstiya, tasniflash, sistemalashtirish, umumlashtarish va boshqalarni) ham o’z ichiga oladi. Bu borada ham darsliklarimizda anchagina kamchiliklar mavjud.

Dastur – o‘quv predmetining mazmuni, uni tahsil oluvchilar tomonidan o‘zlashtirilishining eng maqbul usullari, tartibi, axborot manbalarini o‘zida mujassamlashtiruvchi me’yoriy hujjatdir.

O’quv rejasi - (tayanch va ishchi) –ma’lum bir yo’nalishda mutaxassis tayyorlashni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatdir. U davlat ta’lim standartining tarkibiy qismi bo’lib ta’lim muassasasi moliyaviy ta’minotini belgilashga asos bo’ladi.

O’quv dasturi - ma’lum bir fan bo’yicha qanday mavzularni o’rganishni belgilovchi me’yoriy hujjatdir. U DTSning tarkibiy qismi. Namunaviy va ishchi dasturga bo’linadi. Ishchi dastur har yili yangilanadigan qo’shimchalar bilan boyitib boriladi.


Adabiyotlar.


  1. I.A.Karimov “O’zbekiston kelajagi buyuk davlat”. Toshkent 1992-yil

  2. I.A.Karimov “Buyuk kelajagamizning huquqiy kafolati” Toshkent 1994-yil

  3. Z.M.Gaffarov, O.A.Karimova “Правовоговоспитанияиобучения” Toshkent “O’qituvchi” 1996-yil

  4. O.A.Karimova “Huquqiy tarbiya metodikasi” Toshkent TDPU 2001-‘’yil

  5. O.A. Karimova “Huquqiy tarbiyaning asosiy yo’nalishlari” Toshkent “O’zbekiston” 1999-y

  6. O.A.Karimova, M.Davletova, N.Akaeva “Huquqiy o’qitish metodikasi” (metodik qo’llanma) Toshkent 2001-yil

  7. N.N.Azizxo’djaev “Pedagogika texnalogiya va pedagogik mahorat ” Toshkent 2003-yil

  8. U.Tolipov,M.Usmonboyewa” Pedagogik texnologiya ,nazariya va amaliyot” T.2006-y

  9. O’zbekiston Respublikasi davlat va huquq asoslari. 8-sinflar uchun darslik Toshkent 2010-yil

10. Pazilov A.Tlegenov A.Pedagogika. No’kis, “Bilim”, 2009-yil

11. Kudaybergenova T.Huquqshunoslik darslarini modulli o’qitishda innovatsion metodlardan foydalanish. O’quv – metodik qollanma . Nukus, 2017.
Download 31.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling