1. Alisher Navoiy haqida Shoirning o`z asarlaridagi ma`lumotlar


Download 102.5 Kb.
Sana27.06.2020
Hajmi102.5 Kb.

1- amaliy. Navoiyshunoslik

Mavzu: Mavzu: Navoiy hayoti va ijodi zamondoshlari xotirasida
Reja:

1.Alisher Navoiy haqida

2.Shoirning o`z asarlaridagi ma`lumotlar.

3. Zamondoshlarining asarlarida keltirilgan ma`lumotlar.

4. XVI-XIX asrlardagi tazkira, lug`at, tarixiy va badiiy asarlar.

5. Navoiy ijodining ilmiy mezonlar asosida o`rganilishi.

Tayanch so’z va tushunchalar: devon, kulliyot, “malik ul-kalom”, Hiloliya”, “Amiri Kabir”,

“Shifoiya”, “Chor devon“,“Dor ul-huffoz”,  Xondamir, Shavq dostini, tazkira, lug’at.




Alisher Navoiy haqida . XV asr jahon ma’naviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hijriy 844 yil ramazon oyining 17-kuni (1441 yil 9 fevral) da Hirotda tug’ilgan. Hirot shahri XV asr birinchi yarmida Sohibqiron Amir Temur asos solgan ulug’ saltanatning ikkinchi poytaxti, Temurning kenja o’g’li Shohrux Mirzoning qo’l ostidagi obod manzillaridan biri edi.

Alisher tug’ilgan xonadon Temuriylar saroyiga eskidan yaqin va yurtda muayyan nufuz sohibi edi. Bo’lg’usi shoirning otasi G’iyosiddin Muhammad o’g’lining tarbiyasiga jiddiy e’tibor berdi. Alisherning she’riyatdagi ilk ustozi tog’asi Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali G’aribiylardir. Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Qobuliy haqida: “Yaxshi tab’i bor erdi, turkchada mayli ko’proq erdi…” desa, G’aribiy haqida: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Ko’proq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xo’b erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…” deydi.

1447 yilda Shohruh vafot etgach, Temuriy shahzodalar o’rtasida toj-taxt dardi xuruj qilib, yurtda taloto’p boshlandi va G’iyosiddin Muhammad xonadoni ham ko’p qatori vatanni tark etdi. Yosh Alisher uchun taqdir sinovlari boshlandi. Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur 1452 yilda Hirot taxtiga o’tirgach, Alisherning otasini Sabzavorga hokim etib tayinladi. Lekin oradan ko’p o’tmay G’iyosiddin kichkina dunyodan ko’z yumdi. Bu paytda Alisher endigina 12 yoshga qadam qo’ygan edi. Abulqosim Bobur Alisher va uning maktabdosh do’sti Husaynni o’z tarbiyasiga oldi, 1456 yili esa o’zi bilan Mashhadga olib ketdi. Keyinchalik Husayn Boyqaro sipohiylik yo’lini tanladi, Alisher esa zamonaning “malik ul-kalom”i Mavlono Lutfiy tahsini va hayratiga sazovor bo’lgan iste’dod egasi bo’lib yetishdi. “Faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutib erdi”, deb yozadi Navoiy 1455–1458 yillar haqida.

Taqdir Alisher Navoiyni zamonaning ulug’ va sharafli kishilariga yaqin qildi, ustoz-murabbiylik etuvchi zotlar bilan oshno etdi. 1466–1468 yillar Alisherning umri asosan Samarqandda kechdi. Sulton Husayn Boyqaro Hirotni egallaganda, Alisher Navoiy 28 yoshli mukammal bilimlar egasi, yurtga tanilgan shoir va tajribali davlat arbobi darajasiga yetishgan edi.

1469 yilda Sulton Husayn iltimosiga ko’ra Alisher Navoiy Samarqanddan Hirotga qaytadi va ramazon hayiti munosabati bilan do’sti sharafiga bitilgan “Hiloliya” qasidasini unga taqdim etadi.

Husayn Boyqaro Alisherni muhrdor qilib tayinlaydi va shu paytdan shoirning el xizmatidagi faol jiddu jahdi boshlanadi. Ko’p o’tmay Navoiy muhrdorlikni o’zining yaqin do’sti va fikrdoshi, shoir Amir Shayxim Suxayliyga topshiradi. “Bu nozikta’b va zukko Amir 20 yildan ortiq Boyqarog’a mulozim bo’ldi”. Lekin Boyqaro do’stining noroziligiga ham qaramay, 1472 yil fevralida uni vazir lavozimiga tayinlaydi va “Amiri Kabir” (“Ulug’ Amir”) unvonini beradi. Bu lavozimda Navoiy el-ulus manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, madaniyat ravnaqi, adolat tantanasi uchun foydalanadiki, bularning barchasi oqibat natijada Sulton Husayn davlatining barqarorligi va nufuzini ta’minlaydi.

Hirot bu davrda nihoyatda ko’rkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, she’riyat, nafis san’atlar rivoj oldi. Talabalar uchun “Ixlosiya” madrasasi, darveshlar uchun “Xalosiya” xonaqohi, bemorlar uchun “Shifoiya” shifoxonasi, masjidi Jome yoniga Qorixona (“Dor ul-huffoz”) qurildi. Ulug’ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qo’lyozmalarni oqqa ko’chirish, ularni badiiy bezash bilan band edilar. Hirotda yana “Nizomiya”, Marvda “Xusraviya” va boshqa madrasalar bino etildi.

Navoiy madrasa, shifoxonalar qurdirib qo’ya qolmasdan, ularni kerakli darajada jihozlash, o’z-o’zini ta’minlash uchun vaqf yerlar ajratib berish, mudarrislar, tabiblar va boshqa xodimlar bilan ta’minlash, ularga oylik maosh, ozuqa, kiyim-bosh belgilashgacha, talabalar nafaqasi va kitoblarigacha – barcha-barchasini mukammal boshqarib, tashkil etib berar edi va o’zi doimo xabar olib, nazorat qilib turishni ham unutmasdi. Binolar qurilishi tarhi bilan bevosita shug’ullanar, usta va shogirdlar mehnatidan boxabar bo’lib turardi. Shoir o’z huzuriga tez-tez she’r, ilm va san’at ahlini chorlab, ma’rifiy suhbatlar uyushtirib turar, yosh iste’dodlarni tarbiyat qilib, ularga sharoit yaratardi. Xondamir, Behzod, Vosifiy va o’nlab ushbu tarbiyatga noil bo’lgan iste’dod egalari shular jumlasidandir.

Shu davr ichida Alisher Navoiy o’z qo’li bilan birinchi devoni “Badoyi ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi. Bu devonga uning yoshlik va yigitlik paytlarida yozgan 800 dan ortiq she’rlari jamlangan bo’lib, shoir ijodiy kamolotining birinchi bosqichini aks ettiradi.

Alisher Navoiyga bag’ishlangan tarixiy va ilmiy asarlarda batafsil tavsif qilinishicha, 1469–1481 yillar Alisher Navoiyning ijtimoiy hayot va obodonchilik borasidagi eng faol xizmat ko’rsatgan yillari bo’lgan. Shoir 1481 yili “Vaqfiya” asarini yozib, unda o’zining binokorlik va xayriya ishlariga yakun yasab, o’z-o’ziga hisob bergan.

Navoiy dehqonchilik ishlarini yo’lga qo’yib, juda yaxshi natijalarga erishgan. Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor mikdorida edi. Ulug’ Amir bu daromadning ko’p qismini xayrli ishlarga sarf qilgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 rabot, 20 hovuz, 16 ko’prik, bir qancha to’g’on, ariq, hammom, masjid-madrasalarni eslaydi. Navoiy turli soha olimlariga homiylik qilib, o’nlab ilmiy risolalar bitilishiga bevosita sababchi bo’lgan.

1483 yildan Alisher Navoiy o’zining buyuk “Xamsa” asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni o’z ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan oshiq bo’lib, Navoiyning barcha she’riy merosining deyarli yarmini tashkil qiladi. “Xamsa” – Alisher Navoiy ijodining qalbidir.

Fors tilidagi birinchi “Xamsa” buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) tomonidan yaratildi. Shoir hech bir o’rinda o’zining “Xamsa” yozganligini qayd etmaydi. Nizomiy vafotidan 100 yil o’tib, Hindistonda tug’ilib o’sgan forsiyzabon turk o’g’loni Xusrav Dehlaviy Nizomiy “Xamsa”siga birinchi bo’lib tatabbu yozadi va “xamsachilik” an’anasini boshlab beradi. Dehlaviy “Xamsa”si Nizomiyga ajoyib sharh va undagi mazmunlarning yangicha talqini sifatida o’zining ham, salafining ham shuhratini olamga yoydi. Keyingi XIV–XV asrlar mintaqa ma’naviyati “Xamsa” an’anasi ta’sirida rivoj oldi, shoirning salohiyati va iqtidori hech bo’lmaganida “Xamsa”ning bir dostoniga munosib javob yoza bilish bilan o’lchanadigan bo’ldi. Bu jahon ma’naviyati tarixida betakror hodisadir. Turkiy adabiyotda Qutb va Haydar Xorazmiylar boshlab bergan “xamsachilik” an’anasi o’zining kamolini Alisher Navoiy ijodida topdi.

Islom aqidalariga ko’ra bir kecha-kunduzda o’qiladigan besh vaqt namoz “al-Xamsatu” deyiladi, dinimizning besh ustuni (rukni) ham – tavhid (imon), namoz, ro’za, zakot, haj – o’ziga xos “Xamsa” (beshlik)ni tashkil etadi. Demak, Nizomiy dostonlarini “Xamsa” turkumi sifatida talqin etilishi, unga Amir Xusrav va Navoiy javoblari bejiz emas. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus to’xtalib, “Xamsa”ning har bir dostoni yozilishini kunning ma’lum vaqtlarida o’qiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlari bilan qiyos etadi hamda “Xamsa”ni buyuk tog’ cho’qqisiga ko’tarilish mobaynida besh o’rinda to’xtab, nafasni rostlash uchun bino etilgan besh oromgohga o’xshatadi.

Navoiy o’z “Xamsa”sini yaratishga 1483 yilda kirishgan bo’lsa, uning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”)ni o’sha yili yozib tugatdi. 1484 yilda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” (“Yetti sayyor”), 1485 yilda “Saddi Iskandariy (“Iskandar devori”) dostonini poyoniga yetkazdi. Shoir o’z “Xamsa”siga kiritilgan dostonlarda o’sha davr uchun muhim bo’lgan muammolarni qo’ydi, mutafakkir sifatida ilg’or qarashlarni ilgari surdi, o’zbek tilining qudratini olamga namoyish etdi.

Navoiyning turkiycha “Xamsa”sining yaratilishi XV asrda Xuroson eli uchun favqulodda shodumonlik va saodat sifatida qabul qilindi. Davrning ikki qutbi – ma’naviyat piri Jomiy va buyuk sulton Husayn Boyqaroning hayrati va yuksak e’tirofi ushbu haqiqatga dalildir.

Navoiy shu yillar orasida ikkinchi devoni – “Navodir un-nihoya” (“Behad nodirliklar”)ni tuzishga kirishdi. Mutafakkir adib tarixiy haqiqatga ham muayyan izchilliqda o’z munosabatini bildirib o’tishni insof yuzasidan lozim topdi va “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymog’i”) asarini yozib tugatdi.

1487 yili qishda Navoiy Astrobod hokimi etib tayinlandi. Boshqa bek va amirlar uchun sharafli hisoblanishi joiz bo’lgan bu martaba Amir Alisherning nozik tabiati uchun muayyan darajada ozorli bo’ldi. Ammo shoh hukmi vojib, Amiri Kabir o’lkaning hassos bir xududini muhofaza va obod qilish niyatida jo’nab ketdi. Astrobodda Navoiyning ikki yil chamasi hokimligi bu shahar ahli uchun saodatli, Boyqaro saltanati uchun xayrli bo’ldi.

Bu orada birin-ketin Navoiyning eng yaqin ustoz va musohiblari hayotdan ko’z yumdilar. 1488 yili Sayid Hasan Ardasher, 1492 yili Abdurahmon Jomiy, 1493 yili Pahlavon Muhammad vafot etdi. Navoiy ustozlari xotirasiga “Holoti Sayid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asarlarini shu yillar ichida yozib tugalladi. Bu asarlarida o’sha davr voqeligiga oid qimmatli ma’lumotlar bilan birga Navoiy yaratgan yangi badiiy olamning nazariy asoslariga oid bir qator dalil va mulohazalar ham bayon etilgan. Shu yillarda yana Navoiy davr shuarosi xususida “Majolis un-nafois” va Islom ma’naviyatining buyuk siymolari, xususan, turk, fors, hind mashoyixlari tarixiga oid “Nasoim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabbodasi”) risolalarini yozadi. Bu asarlar nihoyatda muhim manba bo’lib, o’sha davr ma’naviyatining jonli siymolaridan mingga yaqin kishi haqida qimmatli ma’lumotlarni o’zida jam etgan. Bundan tashqari nafaqat tasavvuf irfoni va adabiyoti, balki Islom davri ma’naviyatining boshqa muhim jihatlari haqida ham ko’plab nazariy mulohazalar ushbu asarlar qatidan joy olgan bo’lib, ularni mufassal tadqiq etish milliy ma’naviyatimizni xolis anglab yetishda bugungi avlodlar uchun benazir manba va asos bo’lib xizmat etadi.

1492 yilda aruz ilmiga bag’ishlangan “Mezon ul-avzon” (Vaznlar o’lchovi”) risolasi yozildi va shoir o’z lirik ijodini qayta taqsimlab, yangi devonlar majmui – “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma’nolar xazinasi”)ni yaratish ishiga astoydil kirishdi. “Chor devon” nomi bilan shuhrat qozongan bu buyuk majmua 45 ming misraga yaqin turli janrlardagi kichik va o’rta hajmli she’rlarni o’zida jamlagan bo’lib, “G’aroyib us-sig’ar” (“Bolalik ajoyibotlari”), “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik davri nodirliklari”), “Badoye’ ul-vasat” (“O’rta yosh kashfiyotlari”), “Favoyid ul-kibor” (“Keksalikdagi foydali mulohazalar”) nomlari bilan ataladi. Bu to’rt jiddda 16 janrga oid 3000 dan ortiq she’r bo’lib, ularda 2600 g’azal, 210 qit’a, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo va boshqalar mavjud. “Xazoyin ul-maoniy”ga oldingi ikki alohida devondagi she’rlarning deyarli barchasi kirgan bo’lib, keyin yaratilgan 1400 ga yaqin yangi asarlar qo’shilgan.

Bu turkiy tilda yozilgan asarlari, dostonlari, she’rlaridan tashqari Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan oshiq she’r, muammo janri haqida “Mufradot” risolasini, “Sittayi zaruriya”, “Fusuli arbaa” turkum qissalarini yozdi, “Foniy” taxallusi bilan alohida devon tuzdi. Ushbu asarlar Xoqoniy, Amir Xusrav, Sa’diy, Hofiz, Kamol Xo’jandiy, Jomiy kabi fors adabiyotining mumtoz namoyandalari bilan ijodiy bahsda tug’ilgan bo’lib, ham badiiy ifoda, ham mazmuniy teranlikda salaflar bilan teng qudrat namoyish etadi.

Navoiy 1498 yilda “Lison ut-tayr”, 1499 yilda “Muhokamat ul-lug’atayn”, 1500 yili “Mahbub ul-qulub” asarlarini yozdi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. Adib “Muhokamat ul-lug’atayn”da o’zining butun ijodiy yo’lini sarhisob qilib, turkiy tiddagi she’riyatning qudratini ta’kidlagan. Unda, jumladan, quyidagi ma’lumot bor: “Chun “Lison ut-tayr” ilhomi bila tarannum tuzupmen, qush tili ishorati bila haqiqat asrorini majoz suratida ko’rguzupmen”. Alisher Navoiy go’daklik chog’laridan tasavvuf she’riyatining ustodi Farididdin Attor yaratgan “Mantiq ut-tayr” asariga mehr qo’ygani bizga ma’lum. Umrining oxirida ushbu asarga tatabbu – javob yozar ekan, o’zining shungacha yozgan barcha asarlariga falsafiy yakun yasaydi. Attor asari Borliqning yagona mohiyati haqida, Haq asrori va inson uchun uni anglab yetish imkon darajasi haqida edi. “Lison ut-tayr” mazmuni “Mantiq ut-tayr”ga zid yoki undagi fikrlarning takrori ham emas, balki yangi tarixiy-ma’naviy bosqichdagi sharhi, talqinidir.

Attorning qushlar tilidan yozilgan dostonida irfoniy ehtiros nihoyatda jo’shqindir. Navoiy esa bosiq voqeaband tasvirga urg’u beradi, qushlar sarguzashtida va ichki hikoyalarda hayotiylikni kuchaytiradi. Bu bejiz emas. Oxirgi xulosada Navoiy salafiga qaraganda olg’a ketadi, masala mohiyatini teranroq his qiladi va badiiy tasvirni ham shunga munosib yaratadi.

Nihoyat Navoiy oxirgi asari – “Mahbub ul-qulub” (“Ko’ngillarning sevgani”) risolasida barcha savollarga yana o’zi javob bergan. Bu asar tom ma’noda ijtimoiy-falsafiy va axloqiy g’oyalarga to’liq bo’lib, XV asrda mavjud bo’lgan barcha ijtimoiy toifalar mohiyati mufassal ochib berilgan, ijtimoiy va axloqiy hodisalarning o’zaro bog’liqligi, yaxlitligi ishonarli ta’kidlangan. Bu asar turli aforizm, maqol va matnlarga boy bo’lib, xalq orasida juda keng tarqalgan.

Alisher Navoiy o’zi va salaflari – Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Iroqiy va boshqalar yaratgan mustaqil badiiy tafakkur tarzini “majoz tariqi” deb nomladi va unda Haq asrori “majoz suvratinda” aks etishini ta’kidlagan. Bu Borliqni o’ziga xos idrok etish tarzi Naqshbandiyaning “Dil ba yoru dast ba kor” qoidasiga muvofiq bo’lib, unda ibrat, ilm, irfon va amal bir nuqtada birlashar va yangi dunyoga ko’z ochardi. Tavhid ta’limoti va e’tiqodini idrok etishning eng yuqori bosqichi bo’lgan bu dunyoqarash tizimi “Xamsa” va “Lison ut-tayr” asarlarida, shoir lirikasida badiiy in’ikosini topgan.

1500 yillarga kelib shoirning hayot sharoiti qiyinlashib, sog’ligi zaiflashib qolsa-da, ijoddan to’xtamadi. 1501 yilning boshida Navoiy kasallikdan vafot etdi. Butun Hirot xalqi o’zining buyuk shoiri bilan xayrlashishga chiqdi va 7 kun davomida motam tutdi.



Shoirning o`z asarlaridagi ma`lumotlar. Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida ilk ma’lumot beruvchi manba bu shubhasiz ulug‘ shoirning o‘z asarlaridir. Shoir garchi o‘z tarjimai holini maxsus yozib qoldirmagan bo‘lsa-da, lekin Navoiyning deyarli barcha asarlarida uning shaxsiyati, ijodiy va ijtimoiy faoliyati haqida muayyan fikrlar keltiriladi. Xususan, “Vaqfiya”, “Munshaot” asarlarida ulug‘ shoirning ijtimoiy faoliyati aks etsa, “Majolisu-n-nafois”, “Xamsa”, “Munojot”, “Xazoyinu-l-maoniy” kabi asarlarida shaxsiy hayoti, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”, “Xamsatu-l-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” kabi asarlarida shoir qalamiga mansub ba’zi asarlarning yozilish tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarni uchratish mumkin.

Zamondoshlarining asarlarida keltirilgan ma`lumotlar.Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn” (“Ikki baxtli sayyoralarning kelib chiqishi va daryolarning qo‘shilishi”) asari shoir haqida ma’lumot beruvchi ilk manbadir. Bu asar 1467-1470 yillar oralig‘ida yaratilgan va bevosita hazrat Navoiyning nazorati ostida yakunlangan. Bu asardagi ma’lumotlar keyinchalik boshqa tarixiy asarlarda aynan takrorlanadi. O‘sha davrning yana bir tarixchisi Muhammad ibn Xovandshoh Mirxondning “Ravzatu-s-safo” (“Soflik bog‘i”) asarida ham Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga doir qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Asar 7 jilddan iborat bo‘lib, Navoiyning bevosita topshirig‘i va homiyligida yaratilgan. “Ravzatu-s-safo” O‘rta Sharq va Osiyo tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, Navoiy haqidagi ma’lumotlar asarning asosan 7-qismida – Sulton Husayn Boyqaro saltanati davri tavsifida uchraydi.
Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkiratu-sh-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) asari Alisher Navoiy nomi zikr etilgan ilk tazkiradir. Tazkirada besh asr davomida yashab faoliyat yuritgan 150 ga yaqin ijodkor haqida ma’lumot keltiriladi. Asar 1486 yilda yaratilgan bo‘lib, muqaddima, 7 qism va xotimadan iborat. Hazrat Navoiy hayoti va faoliyatiga doir ma’lumot asarning xotima – muallifga zamondosh shoirlar haqidagi qismida keltirilgan.

Mu’iniddin Muhammad al-Zamjiy al-Isfizoriyning “Ravzatu-l-jinnot” (“Jannat bog‘i”, 1492) asarida hazrat Navoiyning Bodgis viloyatining Chihil duxtaron qasabasida rabot qurdirgani, Farididdin Attor mozori ustida ravoqli imorat solgani haqidagi ma’lumot keltiriladi.

Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, “Haft avrang” (“Yetti taxt”), “Nafahotu-l-uns” (“Do‘stlik tarovati”) asarlarida ham Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar keltiriladi. Xususan, Sa’diy SHeroziyning “Guliston” i ta’sirida yaratilgan “Bahoriston” asari 8 ravza (bob)dan iborat bo‘lib, 7-ravzada 39 shoirdan biri sifatida Alisher Navoiyga to‘xtalib o‘tiladi va uning komil axloqi ijodidan ham yuksakroq ekanligi ta’kidlanadi.
Husayn Boyqaroning “Risola”sida ham hazrat Navoiyning turkiy tildagi ijodi, xususan, she’riyati hamda “Xamsa” asariga yuksak baho berilib, buyuk shoir “so‘z mulkining kishvaristoni, sohibqironi” deb ulug‘lanadi.

G‘iyosiddin Humomiddin Xondamirning “Xulosatu-l-axbor” (“Xabarlar xulosasi”, 1498-1499) va “Habibu-s-siyar” (“Do‘stlar siyrati”, 1515-1523) asarlarida Husayn Boyqaroning Xuroson taxtiga o‘tirishi va Alisher Navoiyning Hirotga qaytishidan boshlab, ulug‘ shoirning vafot etishigacha bo‘lgan davr oralig‘idagi voqealar bayon qilinadi. Tarixchining “Makorimu-l-axloq” asari esa Navoiyning yuksak axloqiga bag‘ishlangan maxsus risola bo‘lib, shoir tarjimai holiga doir muhim faktik ma’lumotlarning keltirilganligi bilan ahamiyatlidir.


Zayniddin Vosifiy qalamiga mansub “Badoye’u-l-vaqoye’” (“Go‘zal voqealar”) xotiralar to‘plamining to‘rt bobi (XIV-XVII) Alisher Navoiy shaxsiyatiga bag‘ishlangan. Unda hazratning fe’li-sajiyasi, zamondoshlari bilan ijodiy muloqotlari, Navoiy bilan bog‘liq turli qiziqarli voqealar haqida so‘z boradi.

Shuningdek, Abdulloh Hotifiyning “Layli va Majnun”, Husayn Voiz Koshifiyning “Javohiru-t-tafsir” (“Tafsir javohirotlari”, 1493-1494), Atoulloh Asiliyning “Ravzatu-l-ahbob” (“Do‘stlik bog‘i”), Atoulloh Mahmud Husayniyning “Badoye’u-s-sanoye’” (“Badiiy san’atlar”), Shamsiddin Muhammad Badaxshiyning “Risolai muammo”, Husayn bin Muhammad Husayniyning “Risolai muammo” (1499), Ahliy SHeroziyning “Kulliyoti Ahliy SHeroziy”dagi muvashshah-qasidai masnu’si va boshqa ko‘plab asarlarda ham Alisher Navoiyning hayoti, ijodi va ijtimoiy faoliyati haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan.



Abdurahmon Jomiy: “Kel, Jomiy, umr bo’yi mashaqqat tortib, ko’nglingdan shu “besh ganj”ni dunyoga chiqarding. Sening bu “Besh”ing (“Xamsa”ng) shunday kuchli panja bo’ldiki, daryokaflar qo’li buralib ketdi… Biroq har xazina o’lchovchi (ya’ni yetuk shoir) qalamidan bu o’tar dunyo “Besh xazina” bilan boyigandir. U “Besh”liklarga sening “Besh”ing qachon tenglashardi? Ularning bir xazinasi sening yuz xazinangdan yaxshidir. Xususan, u panjaki, ganjadan sarpanja urganda Sher kabi o’z sarpanjasini urdi, turkiy tilda bir ajoyib qo’shiq kuyladiki, jodu nafaslilar og’zi muhrlandi. Bu qalamga falakdan ofarinlar yog’ilsin! Chunki bu yoqimli naqshni o’sha qalam yaratdi va forsiy til egalari, forscha nazm durlarini tuzuvchilarga rahm qildi: u ham shu forsiy tilda yozganda boshqalarga so’z aytishga majol qolmasdi. Bu mo’jizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kim-u, Xusrav kim bo’ldi? U boshqa tilda so’z yuritganidan aqlga oradagi farqni ajratish uchun yo’l qolmadi. Ey (Navoiy), sening tab’ing so’z ustodidir. Qalaming ochqichi bilan so’z eshigini ochding. Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan o’rin olgan (turkiy) so’zga sen yangidan obro’ berding. Uni ijod maydoniga olib chiqding. U sening ra’ying nuridan safoli bo’ldi, lutfing navosi (boyligi)dan navoli (bahramand) bo’ldi”.

  Rashidiy: “U (Alisher Navoiy)ning kelib chiqishi baxshilarga borib taqaladi. Otasini “Kichkina baxshi” deyishgan, u saroyda amaldor bo’lgan. Mir Alisher bolalikdan Sulton Husayn mirzo bilan do’stlashgan. Sulton Husayn mirzo podshoh bo’lgach, Alisher Navoiy uning xizmatiga kelgan, mirzo uni behad qadrlab, g’amxo’rliklar ko’rsatgan, Mir Alisher esa xalqqa xuddi shunday g’amxo’rlik qilgan”.

  Hakimshoh Qazviniy: “Hech kim turkiy she’rni undan yaxshiroq ayta olmagan va nazm durlarini undan yaxshiroq socha olmagan”.

  Xondamir: “874-yilning boshlarida Mirzo Yodgor Muhammad Hasanbek turkman yordami bilan Xurosonni qo’lga kiritish payiga tushdi. Sultoni Sohibqiron (Husayn Boyqaro) esa bir to’da amir va qo’shinni dushmanga qarshi yuborib, ular orqasidan o’zi ham jo’nadi. Nusrat nishonli bayroqlar Mashhaddan o’tganda, dushmanning yaqinlashgan xabari ilg’or askar boshliqlariga ketma-ket eshitildi. Shu sababdan zafar bayroqli podsho dushman tomonga tezlik bilan harakat qilish xohishini bildirdi. Ammo uning muborak tiliga vaqt belgilash uchun munajjim chaqirilsin degan so’z keldi. Bu vaqtda ulug’ martaba egasi va hazrat sultonning yaqin do’sti (Alisher Navoiy) arz qildiki, munajjim chaqirib, paytning yaxshi-yomonligini hozirda tekshirishning foydasi yo’q. Chunki payt muvofiq bo’lsa yo bo’lmasa ham ishini kechiktirish mumkin emas va tezlik bilan harakat qilish lozim”… Biroz yurilgandan keyin ishni boshlash uchun otlanib chiqishning maqsadga g’oyatda muvofiq ekanligi aniq ma’lum bo’ldi”.

“Garchi oliy hazratga o’zidagi tab’ quvvati va qobiliyati ko’pligi jihatidan har ikki nav, ya’ni turkiy va forsiy she’rlar muyassar bo’lsa-da, uning o’tkir tab’i (ning moyilligi) forsiychadan ko’ra turkiychaga ortiqroq edi”.

XVI-XIX asrlardagi tazkira, lug`at, tarixiy va badiiy asarlar.Alisher Navoiy haqidagi ma’lumotlar XV asrdan keyingi tazkira, tarixiy va badiiy asarlarda ham keltirib o‘tiladi. Xususan, Hasanxoja Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” tazkirasi Navoiyning “Majolisu-n-nafois” tazkirasi asosida yaratilgan bo‘lib, tazkiraning birinchi bob, to‘rtinchi faslida “Amir Haydar Alisherning muqaddas yodi” sarlavhasi ostida buyuk shoirning “Xamsa”si va turkiy g‘azallarining umumiy hajmi, forsiy tildagi she’rlaridan parcha keltiriladi .
Faxriy Hirotiyning “Latoifnoma” asari Alisher Navoiyning forsigo‘y xalqlar orasida mashhur bo‘lishida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur asar aslida “Majolisu-n-nafois”ning fors tiliga qilingan tarjimasidir. Asarning muallif tomonidan qo‘shimcha tarzda kiritilgan 9-majlisi bevosita hazrat Navoiyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. “Latoifnoma”da buyuk shoirning ota-bobolari, Sulton Husayn Boyqaro bilan bolalikdan davom etib kelgan do‘stlik rishtalari, Navoiyning Samarqanddagi hayoti, davlat arbobi sifatidagi faoliyati, mol-davlati hajmi, vafoti tafsilotlari bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar keltirilgan. Faxriy buyuk shoir asarlaridan 14 tasi nomini ham sanab o‘tadi.

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari Alisher Navoiy shaxsiyati va uning ijodiga berilgan bahoning o‘zgachaligi bilan alohida ajralib turadi. Asarda Navoiyning sulton Husayn Boyqaro bilan hammaktab ekanligi, Sulton Abu Sa’id Mirzo tomonidan surgun qilinganligi, Samarqandda Ahmad Hojibek homiyligi ostida yashaganligi, tab’i nozikligi, olti masnaviy (“Xamsa” va “Lisonu-t-tayr”), to‘rt devon (“Xazoyinu-l-maoniy”) tartib berganligi, “Munshaot”ni tuzganligi haqida ma’lumotlar keltirilishi asnosida shoirning “Mezonu-l-avzon” va “Devoni Foniy” asarlari xususida ba’zi tanqidiy fikrlar ham bildiriladi.

Mirzo Haydar Do‘g‘lotning “Tarixi Rashidiy” asari ikki jilddan iborat bo‘lib, asosan 1541-1545 yillar oralig‘ida yozib tugallangan. Asarda hazrat Navoiyning Sulton Husayn bilan bolalikdan do‘st ekanligi, keyinchalik uning saroyida xizmat qilganligi, fazlu hunar ahliga homiylik qilganligi, ko‘plab imoratu binolar, masjidlar qurganligi, tab’i nozikligi bilan bog‘liq fikrlar boshqa tarixiy manbalardagi ma’lumotlarga mos kelgani holda shoirning otasi uyg‘ur baxshi(kotib)laridan ekanligi va oddiy odam bo‘lganligi haqidagi qarashlar tarixiy asosga ega emas deb aytish mumkin.

Lutf Alibek Ozarning “Otashkadai Ozariy”, Som Mirzo Safaviyning “Tuhfai Somiy”, Rizoqulixon Hidoyatning “Majmu’au-l-fusaho” (“Go‘zal so‘z egalarining to‘plami”) kabi asarlarida ham hazrat Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq fikrlar muayyan darajada bayon qilib berilgan.

Bu davrda Alisher Navoiy asarlarini chuqurroq o‘rganish uchun maxsus lug‘atlar ham tuzila boshlaydi. Navoiy hayotining so‘nggi yillarida uning asarlari asosida “Badoye’u-l-lug‘at” (tuzuvchi Tole’ al-Iymoniy al-Haraviy), bir oz keyinroq “Lug‘ati Navoiy” yaratiladi. 1560 yilda Aloyi binni Muhibiy “Al lug‘atu-n-Navoiyat va-l-istishhodatu-l-chig‘atoiyat” (“Navoiy lug‘ati va chig‘atoy tili dalillari”) lug‘atini tuzadi. Shuningdek, bu davrda Navoiy asarlaridagi ko‘pgina so‘zlarni usmonli turk tilida tushuntirish maqsadida “Abushqa” lug‘ati ham yaratiladi. XVIII asrda Mirzo Maxdiyxon tuzgan “Mabonu-l-lug‘at” (“Lug‘at poydevori”), XIX asrda Fath Ali Kojariyning “Lug‘oti atrokiya” (“Turklar lug‘ati”), Muhammad Xoksor tomonidan 1798 yilda tuzilgan “Muntaxabu-l-lug‘at” (“Tanlangan lug‘atlar”) hamda Shayx Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy” kabi asarlarida ham Alisher Navoiy ijodidan olingan parchalarga keng o‘rin ajratiladi.

Navoiy ijodining ilmiy mezonlar asosida o‘rganilishi.O‘tgan asrning 20-30 yillaridan boshlab yurtimizda Alisher Navoiy ijodini chinakam ilmiy mezonlar asosida o‘rganishga kirishildi. Bu sohadagi dastlabki qadam sifatida Abdurauf Fitratning “Navoiyning forsiy shoirlig‘i ham uning forsiy devoni to‘g‘risida” (“Maorif va o‘qitg‘uchi” jurn., 1925) va “Farhodu Shirin” dostoni to‘g‘risida” (“Alanga” jurn., 1930) maqolalarini ko‘rsatish mumkin.

Butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqi miqyosida Navoiy tavalludining 500 yilligini keng nishonlash haqida qaror qabul qilinishi munosabati bilan “Xamsa”ning qisqartirilgan varianti (Sadriddin Ayniy, 1939), “Chor devon”, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”, “Mahbubu-l-qulub” asarlari nashr qilindi, turli tadqiqot va monografiyalar yaratildi, shoir asarlari rus, ukrain, tojik, ozarbayjon va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilindi. Olim Sharafiddinov (“Alisher Navoiy”, 1939), M.Shayxzoda (“Genial shoir”, 1940), V.Abdullayev (“Navoiyning Samarqanddagi hayoti va faoliyati haqida”, 1940) kabi olimlarning tadqiqotlari yaratildi; A.Borovkov, YE.E.Bertels, H.Olimjon, X.Zarif, O.Usmonov, M.Shayxzoda hamda boshqa ijodkor va olimlarning ilmiy maqolalarini o‘z ichiga olgan “Rodonachalnik uzbekskoy literaturi” (“O‘zbek adabiyotining asoschisi”, 1940) to‘plami e’lon qilindi.

Sobiq Ittifoq hududida 1941 yilda II jahon urushi boshlanganligi sababli Alisher Navoiy yubileyi 1948 yil may oyida nishonlandi va shu munosabat bilan YE.E.Bertels (“Navoi. Opit tvorcheskoy biografii”), O.Sharafiddinov (“Alisher Navoiy. Hayoti va ijodiyoti”), S.Ayniy (“Alisher Navoiy”)larning ilmiy risolalari e’lon qilindi.

XX asrning 60-yillaridan boshlab navoiyshunoslik yanada sermahsul ishlarni amalga oshirdi. “Xamsa”ning mukammal nashri (Porso Shamsiyev, 1960), “Xazoyinu-l-maoniy”ning akademik nashri (Hamid Sulaymonov, 1959-60) va Alisher Navoiy “Asarlar”i 15 tomligining e’lon qilinishi navoiyshunoslikdagi muhim voqealardan bo‘ldi. O‘tgan asrning 90-yillarigacha Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan tadqiqotlar ro‘yxatining o‘zi alohida bir kitobni tashkil qiladi (Alisher Navoiy:1441-1501 yil. Adabiyotlar ko‘rsatkichi, 1991). 1987-2003 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti hamda H.S.Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti tomonidan Alisher Navoiyning 20 jildlik “Mukammal asarlar to‘plami” e’lon qilindi . P.Shamsiyev, N.Mallayev, V.Zohidov, I.Sulton, H.Sulaymonov, A.Qayumov, S.G‘aniyeva, A.Rustamov, A.Hayitmetov, A.Abdug‘afurov, S.Erkinov, B.Valixo‘jayev, Y.Ishoqov, N.Komilov, R.Vohidov, M.Hakimov, L.Zohidov kabi olimlar navoiyshunoslik taraqqiyotiga alohida hissa qo‘shdilar.


Mustaqillik yillaridan boshlab Alisher Navoiy ijodini yangicha tamoyillar asosida o‘rganish boshlandi. I.Haqqulovning “Tasavvuf va she’riyat” (1991), “Navoiyga qaytish” (2007), S.Hasanovning “Navoiyning yetti tuhfasi” (1991), M.Muhiddinovning “Ikki olam yog‘dusi” (1991), H.Qudratullayevning “Alisher Navoiyning adabiy-estetik qarashlari” (1991), A.Hayitmetovning “Navoiyxonlik suhbatlari” (1993), “Temuriylar davri o‘zbek adabiyoti” (1996), A.Abdug‘afurovning “Buyuk beshlik saboqlari” (1995), R.Vohidovning “Alisher Navoiyning ijod maktabi” (1994), “Alisher Navoiy va ilohiyot” (1994), N.Komilovning “Tasavvuf” (1996-1999; 2009), S.Olimovning “Ishq, oshiq va ma’shuq” (1992), “Naqshband va Navoiy” (1996), N.Jumayevning “Satrlar silsilasidagi sehr” (1996), A.Hojiahmedovning “Navoiy aruzi nafosati” (2006), A.Qayumovning o‘n ikki jildlik “Asarlar” (2010), “Dilkusho takrorlar va ruhafzo ash’orlar” (2011), Alibek Rustamovning “Hazrati Navoiyning e’tiqodi”, (2010), Sh.Sirojiddinovning “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy tipologik, tekstologik tahlili” (2011), N.Komilovning “Ma’nolar olamiga safar” (Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar, 2012) kabi tadqiqotlari; M.Hamidovaning “Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining ilmiy-tanqidiy matni va matniy tadqiqi” (1994), M.Muhiddinovning “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi”(“Xamsa”larning birinchi dostoni asosida, 1995), Q.Ergashevning “O‘zbek nasrida insho” (Navoiyning “Munshaot”i misolida, 1996), M.Akbarovaning “Alisher Navoiy g‘azallarida qofiya” (1997), Sh.Sirojiddinovning “Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga oid XV-XIX asrlarda yaratilgan fors-tojik manbalari” (qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlil, 1998), A.Erkinovning “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqinining XV-XX asr manbalari” (1998), K.Mullaxo‘jayevaning “Alisher Navoiy g‘azaliyotida tasavvufiy timsol va badiiy san’atlar uyg‘unligi: (“Badoye’ ul-bidoya” devoni misolida, 2005), S.O‘tanovaning “Alisher Navoiy g‘azaliyotida rang simvolikasi” (2007), Z.Mamadaliyevaning “Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidagi ramziy obrazlar tizimi” (2011) kabi dissertatsion ishlari shular jumlasidandir.

Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibiga kiruvchi besh doston 2006 yilda asl matni va mukammal nasriy bayoni bilan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi tomonidan lotin yozuvida nashr etildi.


Alisher Navoiy tavalludining 570 yilligi munosabati bilan shoir asarlarining 10 jildligi e’lon qilindi . Shuningdek, “Xazoyinu-l-maoniy” kulliyoti tarkibiga kiruvchi 4 devon ham nashrdan chiqdi.

Navoiy ijodining G‘arbda o‘rganilishi. Navoiy asarlari XVI asrlardayoq Yevropada ma’lum edi. 1557 yilda italyan tilida Venetsiyada nashr etilgan tabrizlik arman yozuvchisi Xristofor Tabriziyning “Sarandib shohining uch yosh o‘g‘loni ziyorati” asarining ikkinchi qismida Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonidan olingan Bahrom va Dilorom sarguzashti bayon qilinadi. Shuningdek, XVII asr gruzin shoiri Sitsishvili Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonini ijodiy tarjima qilib, “Yetti go‘zal” dostonini yaratadi.

1697- yilda fransuz olimi Artoleme d’Yerbelo “Sharq kutubxonasi” nomli ensiklopediyada Navoiy tarjimai holi va asarlari nomini keltirsa, sharqshunos Silvestre de Sasi (1758-1838) o‘z tadqiqotlarida Alisher Navoiyning shoir va davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga to‘xtalib o‘tadi.

XIX asrga kelib, Yevropada Alisher Navoiy asarlari va uning asarlari asosida tuzilgan lug‘atlarni nashr etish ishlari boshlanadi. Fransuz sharqshunosi Katrmer 1841 yilda Parijda Navoiyning “Muhokamatu-l-lug‘atayn” va “Tarixi muluki ajam” asarlarini nashr ettiradi. Rus olimi I.N.Beryozin o‘zining “Turk xrestomatiyasi” nomli kitobiga shoir asarlaridan parchalarkiritadi.
Rus sharqshunosi V.V.Velyaminov 1868 yilda Aloyi binni Muhibiyning “Al lug‘atu-n-Navoiyat va-l-istishhodatu-l-chig‘atoiyat” (“Navoiy lug‘ati va chig‘atoy tili dalillari”) lug‘atini Sankt-Peterburgda nashr ettiradi. Fransuz sharqshunosi Pave de Kurteyl esa Navoiy asarlaridan foydalanib, lug‘at tuzadi.

G‘arbda Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatini ilmiy aspektda o‘rganish XIX asrdan boshlangan deb aytish mumkin. 1818 yilda nemis olimi X.Purgshtall “Navoiyga oid bitiklar” asarini yaratib, unda Alisher Navoiyning nasl-nasabi, shoirlik, davlat arbobi va bunyodkorlik ishlariga to‘xtalib o‘tadi. Rus sharqshunosi P.Savelyev 1835 yilda shoir ijodiga bag‘ishlab maxsus “Alisher Navoiy” nomli maqola yozadi.

1856- yilda M.Nikitskiyning “Emir’ Nizam-Ed-Din’-Ali Shir’. Gosudarstvennom i literaturnom yego znachenii” (“Amir Nizomiddin Alisher: davlat arbobi va shoir sifatida”) nomli shoir ijodiga bag‘ishlangan ilk magistrlik dissertatsiyasi vujudga keladi. M.Nikitskiy Navoiyning hayoti va faoliyatini ancha to‘liq o‘rgangani, uning shoir, olim va davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga yuqori baho bergani holda Sharq mumtoz adabiyotidagi ijodiy an’analarni anglab yetmagani uchun Alisher Navoiyni “fors-tojik adabiyotining tarjimoni” deb e’lon qiladi.

Aynan shu tarzdagi g‘ayriilmiy qarashlar fransuz sharqshunoslari M.Belen (“Alisher Navoiy”,1868), E.Bloshe “Milliy kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo‘lyozmalar katalogi”, L.Buva (“Temuriylar davri sivilizatsiyasidan lavhalar”,1926; “Mo‘g‘ul imperiyasi”,1927), ingliz sharqshunosi E.Braun (“Tatar xonliklari davridagi fors adabiyoti tarixi”,1920), rus sharqshunosi V.Bartoldlarning tadqiqot va ilmiy maqolalarida davom ettirildi. Xususan, V.Bartold o‘zining “Mir-Ali-Shir i politicheskaya jizn” (“Mir Ali SHer va siyosiy hayot”) maqolasida Navoiyning davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga ijobiy baho beradi, lekin uning adabiy merosi mohiyatini anglab yetmaydi. Olim mazkur maqolada: “Alisher Navoiy o‘zining devonlarida va boshqa ko‘plab badiiy asarlarida faqatgina forsiy shoirlarning taqlidchisi sifatida namoyon bo‘ladi”, – deb yozar ekan, masalaga adabiyotshunos emas, balki tarixchining nigohi bilan yondashadi va har bir detalda aniqlik, mantiq, reallik va konkret voqelikni ko‘rmoqchi bo‘ladi.

Aslida esa Musulmon Sharqida ijodkorning salohiyati G‘arb adabiyotidagidan farqli ravishda yangi syujet yaratishiga qarab emas, balki an’anaviy voqelik, mavzu, qahramonlar doirasida yangi fikr ayta olish iqtidoriga qarab belgilangan. Aynan mana shu an’anaviylikni anglay olmaslik yuqoridagi olimlarning Alisher Navoiy ijodiga noxolis baho berishlariga olib kelgan.
Nihoyat sharqshunos olim YE.E.Bertels Alisher Navoiy va Farididdin Attor dostonlarini qiyosiy o‘rganish orqali (“Navoi i Attar”) hazrat Navoiyning original shoir ekanligini isbotlaydi. Shu tariqa Alisher Navoiy ijodini xorijda keng ilmiy aspektda xolis o‘rganish ishlari boshlab yuboriladi.

Nemis olimi A.Kurellaning “Buyuk shoirning qayta kashf qilinishi” nomli tadqiqoti g‘arb navoiyshunosligida yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu tadqiqotdan so‘ng G‘arbda Navoiy shaxsiyati endi ikki yo‘nalishda: ham buyuk ijodkor, ham davlat arbobi sifatida tadqiq qilina boshlandi. Inglizzabon olimlardan M.Sabtelni, V.Feldmen, D.Genchturk, D.Devin, K.Adaxl, G.Dikning ilmiy izlanishlari va tarjima borasidagi faoliyatlari, Berlin shahrida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan simpoziumning tashkil qilinishi va unda navoiyshunos olimlar va shoir asarlari tarjimonlari B.Haynkele, K.Shuning, Y.Paul, M.Kirhner, Z.Klaynmihel, E.Taube va boshqalarning turli mavzulardagi ma’ruzalari g‘arb navoiyshunosligining tobora rivojlanib borayotganligidan dalolatdir . Bularning barchasi bugungi globallashuv jarayonida Alisher Navoiy ijodi va shaxsiga butun dunyoda qiziqish va ehtiyojning ortib borayotganini ko‘rsatadi.

  Abdurahmon Jomiy: “Kel, Jomiy, umr bo’yi mashaqqat tortib, ko’nglingdan shu “besh ganj”ni dunyoga chiqarding. Sening bu “Besh”ing (“Xamsa”ng) shunday kuchli panja bo’ldiki, daryokaflar qo’li buralib ketdi… Biroq har xazina o’lchovchi (ya’ni yetuk shoir) qalamidan bu o’tar dunyo “Besh xazina” bilan boyigandir. U “Besh”liklarga sening “Besh”ing qachon tenglashardi? Ularning bir xazinasi sening yuz xazinangdan yaxshidir. Xususan, u panjaki, ganjadan sarpanja urganda Sher kabi o’z sarpanjasini urdi, turkiy tilda bir ajoyib qo’shiq kuyladiki, jodu nafaslilar og’zi muhrlandi. Bu qalamga falakdan ofarinlar yog’ilsin! Chunki bu yoqimli naqshni o’sha qalam yaratdi va forsiy til egalari, forscha nazm durlarini tuzuvchilarga rahm qildi: u ham shu forsiy tilda yozganda boshqalarga so’z aytishga majol qolmasdi. Bu mo’jizakor nazm tarozisi qarshisida Nizomiy kim-u, Xusrav kim bo’ldi? U boshqa tilda so’z yuritganidan aqlga oradagi farqni ajratish uchun yo’l qolmadi. Ey (Navoiy), sening tab’ing so’z ustodidir. Qalaming ochqichi bilan so’z eshigini ochding. Ravnaqdan qolib ketgan va xorlik burchagidan o’rin olgan (turkiy) so’zga sen yangidan obro’ berding. Uni ijod maydoniga olib chiqding. U sening ra’ying nuridan safoli bo’ldi, lutfing navosi (boyligi)dan navoli (bahramand) bo’ldi”.

  Rashidiy: “U (Alisher Navoiy)ning kelib chiqishi baxshilarga borib taqaladi. Otasini “Kichkina baxshi” deyishgan, u saroyda amaldor bo’lgan. Mir Alisher bolalikdan Sulton Husayn mirzo bilan do’stlashgan. Sulton Husayn mirzo podshoh bo’lgach, Alisher Navoiy uning xizmatiga kelgan, mirzo uni behad qadrlab, g’amxo’rliklar ko’rsatgan, Mir Alisher esa xalqqa xuddi shunday g’amxo’rlik qilgan”.

  Hakimshoh Qazviniy: “Hech kim turkiy she’rni undan yaxshiroq ayta olmagan va nazm durlarini undan yaxshiroq socha olmagan”.

  Xondamir: “874-yilning boshlarida Mirzo Yodgor Muhammad Hasanbek turkman yordami bilan Xurosonni qo’lga kiritish payiga tushdi. Sultoni Sohibqiron (Husayn Boyqaro) esa bir to’da amir va qo’shinni dushmanga qarshi yuborib, ular orqasidan o’zi ham jo’nadi. Nusrat nishonli bayroqlar Mashhaddan o’tganda, dushmanning yaqinlashgan xabari ilg’or askar boshliqlariga ketma-ket eshitildi. Shu sababdan zafar bayroqli podsho dushman tomonga tezlik bilan harakat qilish xohishini bildirdi. Ammo uning muborak tiliga vaqt belgilash uchun munajjim chaqirilsin degan so’z keldi. Bu vaqtda ulug’ martaba egasi va hazrat sultonning yaqin do’sti (Alisher Navoiy) arz qildiki, munajjim chaqirib, paytning yaxshi-yomonligini hozirda tekshirishning foydasi yo’q. Chunki payt muvofiq bo’lsa yo bo’lmasa ham ishini kechiktirish mumkin emas va tezlik bilan harakat qilish lozim”… Biroz yurilgandan keyin ishni boshlash uchun otlanib chiqishning maqsadga g’oyatda muvofiq ekanligi aniq ma’lum bo’ldi”.

“Garchi oliy hazratga o’zidagi tab’ quvvati va qobiliyati ko’pligi jihatidan har ikki nav, ya’ni turkiy va forsiy she’rlar muyassar bo’lsa-da, uning o’tkir tab’i (ning moyilligi) forsiychadan ko’ra turkiychaga ortiqroq edi”.
Asosiy adabiyotlar:
1.Sirojiddinov Sh va b. Navoiyshunoslik. Darslik. – T.: TAMADDUN, 2018.

2.Sirojiddinov Sh. Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili. – T.: Akademnashr, 2011.

3.Yusupova D. O’zbek mumtoz va milliy uygo’onish adabiyoti (Alisher Navoiy davri). O’quv qoo’llanma. – T.:TAMADDUN, 2016.

4.Is’hoqov YO. Navoiy poetikasi. – T.: Fan, 1983.

5.Komilov N. Xizr chashmasi. – T.: Ma’naviyat, 2005

6.Komilov N. Ma’nolar olamiga safar. – T.: TAMADDUN, 2016.

7.Alisher Navoiy. G’azallar. Sharhlar. – T.: Kamalak, 1991.

8.Haqqul I. Navoiyga qaytish. 1-kitob. –T., 2007.

9.Haqqul I.Navoiyga qaytish. 2-kitob. –T., 2011.

10.Alisher Navoiy: qomusiy lugo’at. 1-2-jildlar Mas’ul muharrir Sh.Sirojiddinov. – T.: SHarq, 2016.


Qo’shimcha adabiyotlar:
1.Sh.Mirziyoev. Erkin va farovon demokratik Oo’zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. - T.: O’zbekiston, 2016.

2.Oo’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boo’yicha Harakatlar strategiyasi” too’go’risidagi Farmoni (Xalq soo’zi 2017 yil, 8 fevral).

3.Sh.Mirziyoev. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. -T.: O’zbekiston, 2017.

4.Sh.Mirziyoev. Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi. - T.: Oo’zbekiston, 2017.

5.Oo’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari” too’go’risida (Xalq soo’zi 2017 yil, 21 aprel ).

6.Navoiy Alisher. Mukammal asarlar too’plami. 20 jildlik. 1-20 jildlar. –T. Fan, 1987-2003.

7.Ochilov E. Bir hovuch dur. – Toshkent: 2016.– Toshkent: 2016.– Toshkent: 2016.

9.8.Komilov N. Tasavvuf. – T.: Movarounnahr - O’zbekiston, 2009.

Hayitmetov A. Navoiy lirikasi. – T.: O’zbekiston, 2016.

Internet saytlari

1.www.alishernavoiy.uz

2.www.ziyo-net.uz



3. www.literature.uz

4. www.kutubxona.uz
Download 102.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling