1-bob. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi


Download 28.58 Kb.
Sana23.05.2020
Hajmi28.58 Kb.
#109226
Bog'liq
Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari


XUSUSIY MULKNI HIMOYA QILISH VA MULKDORLAR HUQUQLARINING KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA

Qonunchilik palatasi tomonidan 2012-yil 19-iyulda qabul qilingan


Senat tomonidan 2012-yil 30-avgustda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.



2-modda. Xususiy mulk huquqi

Xususiy mulk huquqi shaxsning qonun hujjatlariga muvofiq qo‘lga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 182 va 210-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasi.

Xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi.



 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 207-moddasi.

Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir.

Davlat xususiy mulkning but saqlanishini ta’minlash va uning ko‘paytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni.

Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina o‘z mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 197—206 moddalari, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 27-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual kodeksining 211289-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom.

3-modda. Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

4-modda. Xususiy mulk huquqini amalga oshirish

Mulkdor o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra hamda o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor o‘z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo‘lmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli. U o‘z mol-mulkidan xo‘jalik faoliyatini va qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun foydalanishi, uni boshqa shaxslarga egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun tekinga yoxud haq evaziga berishi mumkin. Mol-mulkdan foydalanish fuqarolarning, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi, atrof-muhitga zarar yetkazmasligi kerak.



 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 172-moddasi.

Barcha mulkdorlarga o‘z huquqlarini amalga oshirishda teng sharoitlar ta’minlanadi.

Intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan mutlaq huquqlarning egalari va tijorat sirining egalari ushbu Qonun hamda boshqa qonunlar bilan belgilangan huquqlar va kafolatlardan foydalanadi.

5-modda. Xususiy mulk huquqining muddatsizligi

Xususiy mulk huquqi muddatsizdir. Mulkdorga mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish muddati belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.



6-modda. Buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishi

Davlat buzilgan xususiy mulk huquqining tiklanishini va uning sud orqali himoya qilinishini kafolatlaydi.

Mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq to‘la hajmda qoplanishi kerak.

 LexUZ sharhi

Qarang: mazkur Qonunning 14-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14 va 15-moddalari.

7-modda. Mulkdor huquqlarining ustuvorligi

Mulkdorning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida mulkdor huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qiladi, unga muvofiq qonun hujjatlaridagi xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdorning foydasiga talqin etiladi.



2-bob. Xususiy mulkni himoya qilish

8-modda. Xususiy mulk huquqini himoya qilish usullari

Xususiy mulk huquqini himoya qilish quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:

xususiy mulk huquqini tan olish;

xususiy mulk huquqi buzilishidan oldingi holatni tiklash va xususiy mulk huquqini buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tug‘diradigan harakatlarning oldini olish;

bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash;

davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish;

xususiy mulk huquqini mulkdorning o‘zi himoya qilishi;

burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish;

zararning o‘rnini qoplash;

neustoyka undirish;

ma’naviy ziyonni qoplash;

xususiy mulk huquqi munosabatlarini tartibga solishda qonun hujjatlari barqarorligini ta’minlash;

davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining qonunga zid bo‘lgan hujjatining sud tomonidan qo‘llanilmasligi;

mol-mulkning ayrim turlariga bo‘lgan xususiy mulk huquqining vujudga kelganligini, o‘zgarganligini va bekor qilinganligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.

Xususiy mulk huquqini himoya qilish qonunga muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 11-moddasi.

9-modda. Davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish

Davlat organining va boshqa organning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan va xususiy mulk huquqini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 12-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 3-kichik bo‘limi (“Davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan berilgan shikoyat va arizalar bo‘yicha ish yuritish”) va O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksining 24-moddasi birinchi qismi 9-bandi.

10-modda. Xususiy mulk huquqini mulkdorning o‘zi himoya qilishi

Xususiy mulk huquqini mulkdorning o‘zi himoya qilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Xususiy mulk huquqini mulkdorning o‘zi himoya qilishi usullari huquq buzilishiga mutanosib bo‘lishi va huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak.

11-modda. Mulkdorlar huquqlarini himoya qilishda teng huquqlilik

Mulkdorlarga xususiy mulk huquqini himoya qilish uchun davlat tomonidan teng sharoitlar ta’minlanadi.



12-modda. Xususiy mulk huquqini amalga oshirishga davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi

Xususiy mulk huquqini amalga oshirishga davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.



 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 36-moddasi.

13-modda. Xususiy mulkka tajovuz qilishga yo‘l qo‘yilmasligi

Xususiy mulkka tajovuz qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonunga xilof ravishda xususiy mulk huquqini cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nomaqbulligi oldindan ma’lum bo‘lgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan undan mol-mulkni, moliyaviy mablag‘larni yoki boshqa mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish taqiqlanadi.

Mulkdorning xo‘jalik faoliyatiga pirovard natijada uning mol-mulki tortib olinishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan yoxud mulkdorni o‘z mulkiga bo‘lgan huquqidan voz kechishga majbur qiladigan qonunga xilof ravishdagi aralashuv taqiqlanadi.

Xususiy mulkka tajovuz qilish qonunga binoan ta’qib qilinadi.



14-modda. Davlat organlari va boshqa organlar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash

Davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yoki ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi), shu jumladan davlat organi va boshqa organ yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat chiqarilishi natijasida mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni davlat va boshqa organ yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi kerak. Davlat organlari va boshqa organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash sud qarori bilan shu mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin.



 LexUZ sharhi

Qarang: mazkur Qonunning 6-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14 va 15-moddalari.

15-modda. Davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish

Mulkdor davlat organlari va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bog‘liq qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan, o‘z xohishiga ko‘ra, bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat berish bunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining xo‘jalik protsessual kodeksi.

Mulkdor xususiy mulk huquqining amalga oshirilishi bilan bog‘liq o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida davlat organlarining va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat etganida davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.



3-bob. Mulkdorlar huquqlarining kafolatlari

16-modda. Undiruvni mol-mulkka qaratish yo‘li bilan mol-mulk olib qo‘yilayotganda mulkdor huquqlarining kafolatlari

Mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv mol-mulkka qaratilgan taqdirda, uning olib qo‘yilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 5-bobi (“Undiruvni qarzdorning mol- mulkiga qaratish”) va 6-bobi (“Undiruvni qarzdor yuridik shaxsning mol-mulkiga qaratishning xususiyatlari. qarzdor yuridik shaxsning mol-mulkini xatlash va realizatsiya qilish”).

17-modda. Mulkdorning mol-mulki natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinayotganda uning huquqlari kafolatlari

Xususiy mulk bo‘lgan mol-mulk natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 202203 va 204-moddalari.

Xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkni, shu jumladan yer uchastkasini natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilingan hollarda olib qo‘yish, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mulkdorga uning bozor qiymati, shuningdek bunday olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘la qoplanishi sharti bilangina amalga oshiriladi.

Mulkdor xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkini natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilish to‘g‘risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.

18-modda. Qonunga muvofiq o‘ziga tegishli bo‘lolmaydigan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi bekor qilinganda mulkdor huquqlarining kafolatlari

Agar qonunga asosan shaxsga tegishli bo‘lolmaydigan mol-mulk uning mulki bo‘lib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qo‘yilgan mol-mulkning qiymati shaxsga to‘lanadi.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 199-moddasining ikkinchi qismi.

19-modda. Mulk huquqi mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo‘yishga qaratilmagan holda bekor qilinganda uning huquqlari kafolatlari

Davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo‘yishga qaratilmagan qarori, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki dov-daraxtlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga faqatgina qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yilib, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng mol-mulk beriladi va u ko‘rgan boshqa zararlarning o‘rni qoplanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni to‘la hajmda qoplanadi.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 206-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 34-moddasi.

Davlat organining mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo‘yishga qaratilmagan qarori, shu jumladan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishi mulkdor bilan kelishuvga ko‘ra tegishincha tuman, shahar, viloyat va Toshkent shahar hokimining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladi.

Yer uchastkasini olib qo‘yish va uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qo‘porib tashlash to‘g‘risidagi qaror aholi punktlarining bosh rejalariga, shuningdek turar joy dahalari hamda kichik dahalarini batafsil rejalashtirish va qurish loyihalariga muvofiq qabul qilinadi.

Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qo‘porib tashlashga zararning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘la qoplanmagunga qadar yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organlari uyning, boshqa imoratlarning, inshootlarning yoki dov-daraxtlarning mulkdorini qabul qilingan qaror to‘g‘risida buzib tashlash boshlanishidan kamida olti oy oldin, bildirishnomaga tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimi qarorining ko‘chirma nusxasini ilova qilgan holda yozma ravishda (imzo qo‘ydirib) xabardor qilishi shart.

Oldingi tahrirga qarang.

Olib qo‘yilayotgan yer uchastkalaridagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki dov-daraxtlarni baholash baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda xususiy mulk huquqi bekor qilinayotganda olib qo‘yilayotgan mol-mulkning qiymati ana shu mol-mulk bevosita olib qo‘yilishidan oldingi paytdagi yoki olib qo‘yilishi haqidagi xabar mol-mulkning qiymatiga ta’sir ko‘rsatgan paytdagi holatga ko‘ra baholovchi tashkilot tomonidan belgilanadi.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 205-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi mulkni baholash milliy standarti (10-son mbms) “Ko‘chmas mulk qiymatini baholash” (ro‘yxat raqami 2044, 2009-yil 18-noyabr).

(19-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ-391-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)

Yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorga buzib tashlanayotgan mol-mulkning o‘rnini qoplash, buzib tashlanayotgan uyning mulkdoriga turar joy berish, buzib tashlanayotgan uy o‘rniga yakka tartibda uy-joy qurishi uchun fuqaroga yer uchastkasi berish, yer uchastkasi va boshqa mol-mulk olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi va shartlari qonun hujjatlarida belgilanadi.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom.

Mulkdor xususiy mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror sud tomonidan nizo hal etilguniga qadar amalga oshirilishi mumkin emas. Mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalalari ham nizoni ko‘rib chiqishda hal etiladi.



20-modda. Mol-mulkni boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olish

Mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunga xilof egaligidan talab qilib olishga haqli. Mazkur huquqni amalga oshirishda davlat organlari mulkdorga ko‘maklashishi shart.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 228229 va 230-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 33-moddasi.

21-modda. Mulkdorning huquqlarini egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan huquqbuzarliklardan himoya qilish

Mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishi, garchi bu buzilishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etilishini talab qilishi mumkin. Mazkur huquqni amalga oshirishda davlat organlari mulkdorga ko‘maklashishi shart.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 231-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 33-moddasi.

22-modda. Xususiy mulk huquqining qonunga muvofiq bekor bo‘lishi oqibatlari

Xususiy mulk huquqini bekor qiladigan qonun qabul qilingan taqdirda, ushbu qonunni qabul qilish natijasida mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni, shu jumladan mol-mulkning bozor qiymati davlat tomonidan to‘la hajmda qoplanadi. Zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar sud tomonidan hal etiladi.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 233-moddasi.

23-modda. Xususiy mulk munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjati qabul qilingandagi kafolatlar

Xususiy mulk munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjati mulkdorning huquqiy holatini yomonlashtirgan yoki mulkdorga qo‘shimcha majburiyatlar yuklagan taqdirda, orqaga qaytish kuchiga ega emas.



 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasi.

24-modda. Mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi

Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi.



Oldingi tahrirga qarang.

Quyidagi ko‘char va ko‘chmas mol-mulk xususiylashtirilgan korxonalarning mol-mulki deb e’tirof etiladi (qonunga muvofiq xususiylashtirilmaydigan obyektlar bundan mustasno):

xususiylashtirilgan korxonalarda davlat mol-mulkini xususiylashtirishni amalga oshirish paytida aniqlanmagan ko‘char va ko‘chmas mol-mulk;

xususiylashtirishni amalga oshirish paytida tasarruf etish huquqisiz foydalanishga berilgan, korxona hududida joylashgan ko‘char va ko‘chmas mol-mulk.



(24-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ-391-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)

Oldingi tahrirga qarang.

Xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan obyektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish taqiqlanadi.



(24-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyundagi O‘RQ-436-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 24-son, 487-modda)

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni.

25-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mulk huquqi kafolatlari

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bilan teng ravishda mulk huquqidan foydalanadi.



 LexUZ sharhi

Shuningdek, qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining VI-bo‘limi (Ajnabiy fuqarolar, tashkilotlar va davlatlarning mulki).

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

26-modda. Nizolarni hal etish

Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari sohasida yuzaga kelgan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.



27-modda. Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.



28-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.



29-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.



 LexUZ sharhi

Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2012-yil 25-sentabrdagi 189 (5609)-sonida e’lon qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,



2012-yil 24-sentabr,

O‘RQ-336-son
Download 28.58 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling