1-Boshlovchi Assalom-u alaykum, hurmatli mehmonlar, aziz o`quvchilar. Bugun biz buyuk sarkarda amir temur tavalludining 684 yil to`lganligi munosabati bilan o`tkazilayotgan ushbu bayram kechasiga to`plandik


Download 47.09 Kb.
Sana30.11.2020
Hajmi47.09 Kb.
#156498
Bog'liq
AMIR TEMUR ssenariyasi


1-Boshlovchi

Assalom-u alaykum, hurmatli mehmonlar, aziz o`quvchilar.Bugun biz buyuk sarkarda AMIR TEMUR tavalludining 684 yil to`lganligi munosabati bilan o`tkazilayotgan ushbu bayram kechasiga to`plandik.

2-boshlovchi

Amir Temur — o’zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug’vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag’ishlab kelayotgan ulug’ siymolardan biridir. 

1-boshlovchi

Yillarning qa`ridan omon chiqolgan, Istibod taxtini yengib, yiqolgan, Istiqlol mash`alin gurlab yoqolgan, Boshi osmon bo`lsin bugun o`zbekning, Dong`i doston bo`lsin bugun o`zbekning!

2-boshlovchi

Beruniy yaratgan ziyosi bilan, Jon tabibi IBN SINOsi bilan, Qaddi baland bo`lsin bugun o`zbekning, Jismi payvand bo`lsin bugun o`zbekning!

1-boshlovchi

Amir Temur 1336-yil 9- aprelda Shahrisabzning Kesh shahri yaqinidagi Yakkabog` tumani ,Xo`ja Ilg`or qishlog`ida Tavvalud topdi .Amir Temurning to`liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag`ay ibn Amir Barqul. Amir Temur oʻrta asrning  yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi.

2-boshlovchi

Temur yoshligidan bilimga tashna bo`lishi bilan birga harb ilmiga qiziqqan,otlarni juda sevgan va mohir chavandoz bo`lgan.

1-boshlovchi

Amir Temur juda oliyjanob qalb egasi bo`lgan.U Movarounnahrdek buyuk davlat tuzgan.Eron, Turkiya,Hindiston kabi yirik davlatlarda ilm-ma`rifat ,madaniyatni targ`ib etgan.Qizil o`rdaning istilochilik hukmronligiga barham bergan.

2-boshlovchi

Amir Temur iqtisodiy mustahkam, xalq manfaatlarini himoya qiluvchi davlat tuzdi.

1-boshlovchi

Amir Temur buyuk siyosatchi, sarkarda,o`z davriningbuyuk davlat arbobi bo`lgan.Uning shiori – “Kuch – adolatdadir”, degan purma`no hikmat bo`lgan.

2-boshlovchi

A.T 27 ta katta – kichik tarqoq shaharlarni birlashtirib, qudratli davlat tuzdi.

1-boshlovchi

A.T davlatining poytaxti – Samarqand shahri bo`lib, juda obod va chiroyli shaharga aylantirdi.

2-boshlovchi

Bobomiz Samarqand, Buxoro va Turkistonda tarixiy obidalar madrasalar, maqbaralar qurdirdi. Obodonlashtirish ishlarini olib bordi.

1-boshlovchi

Endigi navbatni Amir Temur haqida ma`lumotlarga bersak.Marhamat!

Amir Temurning ota-onasi

Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi Amir Taragʻoy esa barlos urugʻining oqsoqollaridan hamda Chigʻatoy ulusining eʼtiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan. Shu bois Amir Temurning otasi amir Taragʻoy ham yilda bir

marotaba Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yigʻinlarda muttasil qatnashar edi. Shu bilan birga u, Sharafuddin Ali Yazdiyning taʼkidlashiga koʻra, "ulamo va sulaho va muttaqiylargʻa mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi...". Taragʻoybek piri Shamsuddin Kulolni ayniqsa chuqur ehtirom qilgan. Keyinchalik shayx Kulol Amir Temurning ham piri boʻlgan. Taragʻoybek 1360 yilda vafot etgan.
Amir Temurning yoshligi

Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga toʻlgach, otasi uni oʻqishga berdi. Amir Temur yoshlik chogʻlaridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga oʻq uzish, boshqa turli mashq va harbiy oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir boʻlib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqalar bilan toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, astasekin navkar boʻlishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana

borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilganlar.

Temurning bosib olgan yerlari

Amir Temur oʻzining ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aqlu zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Taragʻoy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili (1355) Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon og'oga uylantiradi. Keyingi nikoh tuayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadilar. Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yoʻlidagi harakati 14-asrning 60-yillari boshlaridan boshlandi. 14-asr ning 50-yillari oxirida Movarounnahrda amirlarning oʻzaro kurashi kuchayib, amir Qazagʻon oʻddirildi. Mamlakatda siyosiy parokandalik avjiga chiqib, ogʻir tanglik sodir boʻldi. Xondamirning "Habib ussiyar" kitobida keltirilgan maʼlumotlarga qaraganda, ulus oʻnga yaqin mustaqil bekliklarga boʻlinib ketgan. Samarqand viloyatida amir Bayon sulduz, Keshda amir Hoji barlos,

Xoʻjandda amir Boyazid jaloir, Balxda Uljoy Bugʻa sulduz, Shibirgʻonda Muhammad I Xoja Aperdi nayman, Koʻhistonda Badaxshon shohi amir Sotilmish, Xuttalonda Kayxusrav, Hisori Shodmon hududida amir Husayn va amir Xizr Yasovuriylar oʻzlarini hokimi mutlaq deb eʼlon qiladilar.

Bu davrda Chigʻatoy ulusining sharqiy qismi — Yettisuv va Sharqiy Turkistonda hukmronlik qilayotgan moʻgʻul xonlari Movarounnahrdagi ogʻir siyosiy vaziyatdan foydalanib, bu yerda oʻz hokimiyatini oʻrnatishga harakat kiladilar. Jeta xonlaridan Tugʻluq Temur va uning vorisi Ilyosxoja 1360 — 61 va 1365 y. larda Movarounnahrga bir necha bor bostirib kiradilar. Moʻgʻul xonlarining boskinchilik yurishlari va zulmiga karshi xalq harakati boshlanadi. Biroq, Movarounnahr amirlari xalqqa bosh boʻlib, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashga jurʼat eta olmaydilar. Ularning bir qismi dushman tarafiga oʻtadi, ikkinchi qismi esa el-yurtni tark etib, oʻzga mamlakatlardan boshpana izlaydilar. Amir Temurning amakisi, Kesh viloyatining hukmdori amir Hoji barlos Xurosonga qochadi. Mana shunday ogʻir pallada siyosat maydoniga Amir Temur kiradi. Moʻgʻullarga qarshi turish uchun kuchlar nisbati teng emasligini hisobga olgan 24 yoshli

Amir Temur 1360 yilning boshida Tugʻluq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishadi. Sharoit taqozosi bilan xon xizmatiga oʻtib, uning yorligʻi bilan oʻz viloyatining dorugʻasn etib tayin qilinadi. Shubhasiz, bu noilojliqdan qoʻyilgan siyosiy hamda strategik qadam boʻlib, bu bilan Amir Temur moʻgʻullarning navbatdagi talontarojining oddini olgan, mamlakat va xalqni falokatdan qutqargan edi. Biroq, Movarounnaxrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxoja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361 yilning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur boʻladi.

Xivaning janubida, Urganjiy dashtida Amir Temur Tugʻluq Temurning yana bir raqibi — qaynogʻasi amir Husayn bilan uchrashadi. Amir Temur moʻgʻullar bilan kurashish maqsadida u bilan birlashib, ikkovlon kuch toʻplashga kirishadi. Dastlab ular Tugʻluq Temurxonning farmoniga binoan Amir Temurni taʼqib qilishga kirishgan Xiva dorugʻasi Toʻqol (Tavakkal) bilan jang qiladilar. Soʻngra 1362 yilning kuzida Seistonda viloyat hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib

mekroniylar bilan boʻlgan toʻqnashuvda Amir Temur oʻng kifti va oʻng oyogʻidan jarohatlandi.

Amir Temur va amir Husayn keyingi ikki yil davomida Ilyosxoja boshliq Jeta lashkari bilan bir necha marta jang qiladilar. Nihoyat, 1364 y. oxirida ular moʻgʻul qoʻshinlarini Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq boʻladilar.

Biroq, Movarounnahrni qoʻldan chiqarishni istamagan Ilyosxoja 1365 y. ning bahorida yana Turkiston ustiga qoʻshin tortadi. Toshkent bilan Chinoz oraligʻida ikki oʻrtada sodir boʻlgan jang tarixda "Loy jangi" nomi bilan shuhrat topadi. Jangda amir Husaynning xiyonati oqibatida magʻlubiyatga uchraydilar va oʻz qoʻshinlari bilan Amudaryo boʻylariga chekinib, Balx viloyatida oʻrnashdilar. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xoʻjand, Jizzax va boshqa bir qancha shahar hamda qishloklarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand oʻsha paytlarda katta qoʻshinga qarshilik koʻrsata olmasdi. Shaharning na devori va na mustahkam istehkomlari, na qurollangan sipohiysi bor edi. Bek va amirlar shaharni tark etgan edi, lekin moʻgʻullarga qarshi xalq koʻtariladi, sarbadorlar shahar mudofaasini oʻz qoʻllariga oladilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand

shahrida moʻgʻullarga qaqshatqich zarba beradilar. Ilyosxoja dastlab Samarqandni, soʻngra butun Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur boʻladi. Sarbadorlarning moʻgʻullar ustidan qozongan gʻalabasi haqidagi xabar amir Husayn bilan Amir Temurga ham borib yetgan. Amir Temur qishni Qarshida, Husayn esa Amudaryo boʻyida oʻtkazib, 1366 y. bahorida Samarqandga yoʻl oldilar. Ular Konigita toʻxtab sarbadorlarning dushman ustidan qozongan gʻalabalaridan mamnun boʻlganliklarini va ular bilan uchrashmoqchi ekanliklarini bildiradilar. Biroq, sarbadorlarning boshliqlari amirlar huzuriga kelganlarida amir Husayn buyrugʻi bilan Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof bilan mavlono Xurdak Buxoriylar dorga tortiladi. Mavlonozodani esa Amir Temur. oʻz himoyasiga olib kutqarib qoladi. Shu tariqa sarbadorlar boshliqsiz qoldirilib, Movarounnahrda amir Husaynning hukmronligi oʻrnatiladi, ammo koʻp vaqt oʻtmay Husayn bilan Amir Temur oʻrtasidagi munosabat keskinlashib, ochiqdan-ochiq nizoga aylanadi. Amir Temurning nufuzi ortib borayotganligidan xavfsiragan amir Husayn Balxga qaytib, uning qalʼa devorlari va istehkomlarini mustahkamlashga kirishadi. Balx, Qunduz va Badaxshondan koʻp sonli lashkar ham toʻplaydi. Kesh va Qarshi viloyatlariga bosh boʻlgan Amir Temur ham amir Husaynga qarshi hal qiluvchi jangga hozirlik koʻradi. 1366 — 70 yillar oʻrtasida bir necha bor toʻqnashuvlar boʻlib oʻtadi.
"Buyuk amir" sifatida saylanishi

14-asrning 60-yillarida Movarounnahrda hukm surgan nihoyatda ogʻir siyosiy va iqtisodiy vaziyat mamlakatni birlashtirib, kuchli bir davlat tashkil etishni taqozo qilmoqda edi. Amir Husayndan koʻra Amir Temur zamonining bunday talabini yaxshiroq tushunardi. Shuning uchun ham oʻz faoliyatining dastlabki bosqichida barcha harakatni Movarounnaxrda markazlashgan davlat tuzishga qaratadi. Bunday maqsadni amalga oshirishda u ruhoniylar, harbiylar, savdogarlar va shahar hunarmandlari tabaqalariga suyanadi. Amir Temur tarqoq mamlakatni birlashtirishga kirishar ekan, kurashni avvalo ichki gʻanimlaridan boshlaydi. 1370 y. bahorida Amir Temur amir Husaynga qarshi yoʻlga chiqadi. Qoʻshin Termiz yaqinidagi Biyo qishlogʻiga yetganda makkalik shariflardan Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, unga oliy hokimiyat ramzi katta nogʻora — tabl bilan yalov — bayroq tortiq qiladi. Shubhasiz bu voqea katta siyosiy ahamiyatga ega edi. Chunki u saltanatlik ramzi edi. Amir Temur buni yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham Balxga yetmasdan Oʻrpuz mavzeida u amir va noʻyonlari bilan kengash oʻtkazadi. Koʻpchilikning

xohish va ixtiyori bilan, oʻsha davr qonun-qoidalariga koʻra, chingiziylar avlodidan boʻlgan Suyurgʻatmish oʻgʻlon Movarounnahr podsholigi taxtiga oʻtqazildi. Amir Temur qoʻshini to Balxga yetib borgunicha, unga yoʻl-yoʻlakay yangi-yangi kuchlar kelib qoʻshildi. Shu asnoda amir Husaynni koʻpchilik amirlari tark etdilar. Jangda amir Husayn qoʻshinlari yengildi, ikki kunlik qamaldan soʻng , 1370 yilning 10 apr.da Balx sh. Amir Temurga taslim boʻldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu gʻalabadan soʻng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan boʻlgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni oʻz nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur "koʻragon", yaʼni "xonning kuyovi" unvonini oldi.

1370 yilning 11 aprelida Chigʻatoy ulusining barcha beklari, amirlari, viloyat va tumanlarning dorugʻalari hamda Termizning sayyidlari (xudovandzodalari), shuningdek Amir Temurning yoshlikdan birga boʻlgan quroldosh doʻstlari va piri Sayyid Barakaning ishtirokida oʻtkazilgan qurultoyda anʼanaga koʻra chingiziylardan Suyurgʻatmishxon mamlakat hukmdori deb eʼlon qilingan boʻlsada, amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur oʻzi boshqardi, viloyatlardagi hokimiyatni oʻgʻillari, nabiralari va yaqin amirlari orqali idora qildi. Samarqand Amir Temur davlatining poytaxtiga aylantirilib, oʻsha yilning yozida shahar devori va qalʼasi tiklandi, saroy va qasrlar bino qilindi.

Temur davlati va unga qaram yerlarning mustahkamlanishi

Mamlakatning siyosiy va iqtisodiy mavqeyini mustahkamlab, koʻpdan davom etib kelayotgan ichki tarqoqlikka barham berish, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish maqsadida Amir Temur (1370 y. iyunida) Samarqandda katta qurultoy chaqirdi. Unda markaziy davlat tizimini shakllantirish va qoʻshin tuzish masalalari muhokama etildi.

El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qoʻshinning tuzilishiga katta ahamiyat berdi. U "amir" va "amir ul-umaro" kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi. Qoʻshinni harbiy jihatdan isloh qilar ekan, u ayniqsa lashkarboshilarni tanlash va ularni tarbiyalash, harbiy qismlar va ularning joylashish tartibi, navkar va sarbozlarning qurollanishi hamda intizom masalalariga nihoyatda eʼtibor beradi (yana q. Temuriylar harbiy sanʼati).

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelgach, dastlabki vaqtlardayoq mamlakatda roʻy bergan ogʻir iqtisodiy tanglikni bartaraf qilish uchun eng

avvalo soliq tizimini tartibga soldi. Davlat soliqlarini yigʻishda aminlar, kalontarlar va soliq yigʻuvchilarni raʼiyatga nisbatan insof va adolatli boʻlishga, qonunga xilof ish tutmaslikka chaqirdi, chunki saltanatning barqarorligi koʻp jihatdan raʼiyatning hol-ahvoli, uning davlat va davlat boshligʻiga boʻlgan sadoqatiga bogʻliq. Raʼiyatni himoya qilish qonun bilan mustahkamlangan, qonun barchaga barobar boʻlgan. Amir Temur nafaqat oʻz xalqini, balki zabt etilgan mamlakatlarning aholisini ham imkoni boricha qonun himoyasiga olgan. Ularni asirlik va talon-tarojlardan saqlagan.

Amir Temur Movarounnahrni moʻgʻullar hukmronligidan ozod etib, bu qad. mamlakatda mustaqil davlat barpo etgan boʻlsada, hali mamlakatda barqaror tinchlik oʻrnatilgan emas edi. Bir tomondan ayrim viloyat

hokimlari Amir Temur hakimiyatini tan olishdan bosh tortib turgan boʻlsalar, ikkinchi tomondan mamlakatning sharqiy va shim. hududlari notinch edi. Moʻgʻuliston bilan Oq Oʻrda hukmdorlari Fargʻona vodiysining sharqi, Oʻtror, Yassi (Turkiston) va Sayram sh.lariga xavf solib, bu hududlarga tez-tez hujum qilar va aholini talontaroj qilardi. Shuning uchun ham Amir Temur dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini taʼminlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. 1370 y. kuzi va 1371 y. bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Shibirgʻon viloyati boʻisundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar. Ammo Xorazm Oq Oʻrda hukmdorlariga suyanib, hanuz boʻysunishdan bosh tortib kelardi. Xorazmni Amir Temur Chigʻatoy ulusining ajralmas qismi deb hisoblab, uni oʻz davlatiga koʻshib olish siyosatini tutdi. Ammo bu masala elchilar vositasida tinch yoʻl bilan hal etilmagach, Amir Temur Xorazm hududiga besh marotaba yurish qildi. Birinchi yurishi 1371 y. yoz (iyul)ida Kot shahrini egallash bilan yakunlandi. Amir Temurning 1373 y. bahori va 1375 y. yozida Xorazm tomonga qilgan ikki yurishi natijasiz tugadi. Bu asnoda Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish bilan ittifoq tuzib olgan Xorazm hukmdori Yusuf soʻfi, uning yordamida Amir Temur davlati hududlariga bir necha bor yurish qilib, Qorakoʻl viloyati va Buxoro tumanlarini talon-taroj etdi. Bunday vaziyat shubhasiz, 1379 yilda Amir Temurni toʻrtinchi marotaba Xorazmga qoʻshin tortishga majbur etdi. Lekin, bu yurish ham avvalgilari kabi sulh tuzish bilan tugadi. Biroq shunga qaramay, Yusuf soʻfi ilgari Xorazmning Chigʻatoy ulusiga tegishli boʻlgan jan.-sharqiy (Kot va Xiva sh.lari birga) qismini yana qaytadan bosib oldi. Amir Temur davlatiga nisbatan Yusuf soʻfining tutgan bunday tajovuzkorona siyosati Xorazm ustiga Amir Temurning beshinchi marta yurish qilishiga sabab boʻldi. 1388 yilda Xorazmning poytaxti vayron etilib, uning hududlari Amir Temur davlatiga boʻysundirildi.

Amir Temur davlati

Bu orada Amir Temur Moʻgʻuliston hokimi Qamariddin bilan ham toʻqnashib qoldi, chunki bu davrda uning Movarounnahrga boʻlgan talonchilik xurujlari kuchayib ketgandi. 1370 — 71 yillarda u Toshkent va Andijon ustiga bir necha bor bosqin qilib, talab qaytgandi. 1376 yilda esa Qamariddin hatto Fargʻona vodiysining talaygina qismini bosib oldi. Amir Temur mamlakatning shim.-sharqiy hududlariga nisbatan boʻlayotgan muttasil taxdidni bartaraf qilish uchun Qamariddinga jiddiy zarba berishga kirishadi. Yigirma yil (1371 — 90) mobaynida Sohibqiron Moʻgʻulistonga yetti marta yurish qilib, moʻgʻul hukmdorlari Anqotoʻra va Kamariddin ustidan gʻalaba qozondi. Shu zaylda Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda ichki tarqoqlik, oʻzaro nizolar, shuningdek Moʻgʻuliston tomonidan boʻlib turgan tazyiqqa chek qoʻyib, ushbu hududda yashovchi elu elat va xalqlarni yagona davlatga birlashtirdi. Bu shubhasiz, Movarounnahr aholisi taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi.

Eron va Kavkazga yurishi

Ammo, Amir Temur bu bilan qanoatlanmadi. Tez orada u qoʻshni davlatlar va xalqlar ustiga yurish qilib, ularni oʻziga boʻysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻydi. Bu davrda Oltin Oʻrda, Xuroson va Erondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat uning uchun juda qoʻl keldi. Amir Temur harbiy yurishni Xurosondan boshladi. 1381 y. u Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya sh.lari jangsiz taslim boʻldi. Xuroson, xususan uning poytaxti Hirot strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlib, Eron, Iroq, Shom va boshqa mamlakatlarga oʻtishda koʻprik vazifasini oʻtardi. 1381 — 84 yillar davomida Amir Temur Eronning katta qismini egalladi. Avval (1381) Kalot, Turshiz va Sabzavor, keyin (1383) Seistonning Zireh, Zova, Farah va Bust qalʼalari, 1384 yilda esa Astrobod

viloyati va Ozarbayjonning Omul, Sori, Sultoniya va Tabriz sh.lari boʻysundirildi.

Temurning uch yirik yurishlari

Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga uch marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda "uch yillik", "besh yillik" va "etti yillik" urushlar nomi bilan mashhur. Uch yillik (1386 — 88) harbiy yurishlar oqibatida Jan. Ozarbayjon, Iroqning shim. qismi, Gurjiston va Van koʻli atrofidagi yerlar egallandi.

Uch yillik yurish

Amir Temur shu bilan birga shim.-gʻarbdan, yaʼni Oltin Oʻrda tomonidan boʻlayotgan tazyiqqa barham berish maqsadida Toʻxtamishga qarshi uch marta qoʻshin tortishga majbur boʻldi. U 1389 y. da Dizaq (Jizzax)ning Achchiq mavzeida, 1391 yilning 18 iyunida (hozirgi Samara bilan Chistopol sh.lari oraligʻida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida (qarang Qunduzcha jangi) va nihoyat, 1395 yilda (28 fev.) Shim. Kavkazda Terek daryosi boʻiida Toʻxtamish qoʻshiniga kakshatqich zarba beradi (qarang Terek daryosi boʻyidagi jang). Amir Temur harbiy yurishlari oqibatida Quyi Idil (Volga) viloyatlari, Saroy Berka, Saroychik va Hojitarxon (Astraxon) kabi shaharlar gʻorat qilindi. Amir Temur Toʻxtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yelets shahrini ishgʻol qildi. Sharafuddin Ali Yazdiy Amir Temurning Moskva yurishini shunday taʼriflaydi: "Sohibqiron Maskavga sorikim, Rusning shaharlaridan erdi, tavajjuq qildi. Anda yetkonda nusratshiʼor cheriki ul viloyatni (shahar va atrofini) chobtilar va andagʻi hokimlarni tobeʼ qildi. Va cherikning eliklariga sonsiz mol tushti..." ("Zafarnoma", 179-bet). Bu urushda Azaq (Azov), Kuban va Cherkas yerlari ham kuchli aziyat chekdi. Qizigʻi shundaki, Amir Temur Idilning Turotur kechuvi boʻyida Oʻrusxonning oʻgʻli Quyrichoq oʻgʻlonni chaqirtirib, unga qoʻlga kiritilgan sobiq Joʻchi ulusini inʼom etdi. Rossiya tarixchilari B. D. Grekov va A. Yu. Yakubovskiyparnmnt yozishlaricha, Amir Temurning Toʻxtamish ustidan qozongan gʻalabasi, faqat Markaziy Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek tarqoq Rus knyazliklarining birlashishi uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan.

Besh yillik yurish Shundan soʻng Amir Temur butun eʼtiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindiston yerlarini uzil-kesil zabt etishga qaratdi. U besh yillik (1392 — 96) urush davomida Gʻarbiy Eron, Iroqi Ajam va Kavkazni egalladi, natijada muzaffariylar va jaloiriylar sulolasining hukmronligi barham topdi.

Amir Temurning Hindiston ustiga qilgan urushi (1398 y. may — 1399 y. mart) qariyb oʻn bir oy davom etdi. Amir Temur Hindistondan katta oʻlja, shu jumladan 120 jangovar fil bilan qaytdi. Oʻljalarning bir qismi qoʻshinga taqsimlab berildi, qolgani Samarqand va Kesh sh.larida olib borilayotgan qurilishlarga sarflandi.
Temurning Usmonli imperiyasiga yurishi

Amir Temurning 1399 — 1404 yillarda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Baʼalbak), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabning Ubuliston oʻlkasi (qad. Kappadokiya) bilan Bagʻdod, shuningdek Turkiyaning katta qismi zabt etiladi. Anqara jangida Amir Temur jahonning bukj sarkardalaridan biri Boyazid Yildirim ustidan gʻalaba qozondi. Turkiya sultoni asirga olindi. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, oʻgʻillari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushdilar. Soʻng , Amir Temur Anadolu ya. o.ni egallab, Oʻrta dengizning sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. Soʻngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos o.laridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim boʻldilar, Misr ham oʻz itoatkorligini izhor etdi. Amir Temur Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir sh.larini egallab, Vizantiya va butun nasoro olamining Boyazidga yigʻib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qoʻlga kiritdi. Birgina Bursa shahridan olingan oltin va javohirlarning oʻzi kattagina karvonga yuk boʻlgan. Bandi qilingan Boyazid

oʻrdugohga olib kelingach, Amir Temur unga hurmat va ehtirom koʻrsatdi. Uning vafotidan soʻng (1403 y. 9 mart) esa vorislariga himmat koʻzi bilan boqib, ularga beqiyos muruvvatlar qildi. Chunonchi Boyazidning toʻngʻich oʻgʻli Sulaymon Chalabiyni turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim

etib tayinladi. Edirne (Adrianopol) sh. uning poytaxti qilib belgilandi. Anadoluning shim.-gʻarbiy qismi suyurgʻol sifatida Iso Chalabiyga inʼom qilinib, Bursa sh. uning poytaxtiga aylantirildi. Usmonli turklar davlatining markaziy qismini boshqarishni Muso Chalabiyga topshirdi.
Sulton Boyazid I Yildirimning Amir Temur tomonidan asir olinishi

Amir Temur Usmonli turklar davlatini butunlay bosib olish niyatida boʻlmagan, chunki u Yevropa davlatlarining Yaqin Sharq mamlakatlariga nisbatan tajovuzkorona niyatda ekanligini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun ham Amir Temur Usmonli turklar davlatini saqlab qoldi va Boyazidning vorislariga muruvvat qoʻlini choʻzdi. Shunday boʻlsada, Boyazid ustidan qozonilgan bu gʻalaba bilan Amir Temurni Fransiya qiroli Karl VI (1380 — 1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399 — 1407) tabriklab, unga maxsus maktub yubordilar. Chunki Amir Temur endigina uygonayotgan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, butun Yevropaning xaloskoriga aylangan edi.

Amir Temurning Samarqanddagi maqbarasi

Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404 y. 27 noyab.da 200 ming qoʻshin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. Biroq Xitoy ustiga yurish Amir Temurning Oʻtrorda vafoti (1405 y. 18 fev.) tufayli amalga oshmay qoldi. Amir Temurning vafoti haqidagi xabar garchi avvalda sir tutilsada, ammo koʻp vaqt oʻtmay bu noxush xabar mamlakat boʻylab tarqalib ketadi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi (qarang Amir Temur maqbarasi).
Amir Temur — buyuk davlat asoschisi. U Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar gʻoyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shim.-gʻarbda Quyi Volga, Don buylari; shim.-sharqda Balxash koʻli va Ili daryosigacha; jan.-sharqda esa Shim. Hindistongacha bulgan mamlakatlar buysundirildi. Amir Temur. davlatni aql-zakovot va huquqiy asos bilan idora etgan. Uning "... davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim", degan soʻzlari buning yorqin dalilidir.

1-boshlovchi
Temur Samarqanddagi bazmda

Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu qoʻhna dunyoda oʻtgan koʻp jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan. Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr buyi bunyodkorlik bilan mashgʻul bulgan. Uning "Qay bir joydan bir gisht olsam, oʻrniga un gʻisht qoʻydirdim, bir daraxt kestirsam, oʻrniga unta kuchat ektirdim" degan soʻzlari buning yorqin isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham meʼmorlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat boʻlgan. Shu maqsadda Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur ustahunarmandlari mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar. Amir Temur zabt etgan mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bagʻdod, Darband, Baylaqon)ni qayta tikladi. Amir Temur Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bagʻdodda Madrasa, Turkistonda mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan boʻlsada, lekin asosiy eʼtiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining qabri ustiga maqbara, oʻgʻli Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur hukmronligining ilk davrida Kesh shahrini poytaxtga aylantirish niyatida boʻlib, uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad koʻtardi. Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat qildi. Shu boisdan bu shahar "Qubbat ul-ilm val-adab" unvoniga ega boʻldi. Saltanat poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab yashnadi. Shaharda Isfahon, Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh sh.larining meʼmoru binokorlari qoʻli bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida esa bogʻ-rogʻlar va boʻstonlar barpo etiladi (qarang Amir Temur bogʻlari). Amir temur bogʻlari – Amir Temur Samarqand atrofida bunyod ettirgan bogʻlar. A.Amir Temur bogʻlari xususidagi dastlabki maʼlumotlar oʻtmish tarixchilarishoirlarisayyohlari asarlarida uchraydi. Shuningdek, A.Amir Temur bogʻlari Oʻrta asrlar rassomlariminiatyuralarida ham tasvirlangan.

2-boshlovchi

A.Amir Temur bogʻlari tuzilishiga koʻra 2 turga boʻlingan: 1) chorbogʻlar – geometrik (toʻrtburchaktoʻgʻri toʻrtburchak) shaklda boʻlib, har tomoni taxminan 1 km masofaga choʻzilgan. Sahnidan oʻtgan ariqlar ularni teng 4 qismga ajratib turgan. Atrofidagi baland paxsadevorlarning har burchagida minora boʻlgan. Markazda saroy joylashgan. Bunday bogʻlarning darvozalarishahar tarafga qaratib qurilgan; 2) tuzilishi geometrik shaklda boʻlmagan, tabiiy daraxtzor va chakalaklar bagʻrida barpo etilgan bogʻlar. Bunday bogʻlar hukmdor shikor (ov) qilishi uchun moʻljallangan boʻlib, asosiy qismi tabiiy, qoʻl tekkizilmagan holda saqlangan. Ularning kichik bir qismigagina dam olish uchun saroy, koʻshk va chodirlar qurilgan, hovuzlar qazilib, favvoralaroʻrnatilgan. Bu turdagi bogʻlarning oʻsimlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boy boʻlgan.

A.Amir Temur bogʻlaridan eng mashhurlari quyidagilar;Bogʻi Baland. Amir Temur Samarqandning shimolidagi Choʻponota maqbarasi yaqinida nabirasi(Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishda EronOzarbayjon va boshqa mamlakatlarbogʻchilik sanʼati ustalari hamda meʼmorlari qatnashgan. Bogʻ oʻrtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr boʻlib, uning atrofidagi uzumzoranjirzor va olmazorlar boqqa goʻzal bir tarovat baxsh etib turgan.

Bogʻi Behisht. Amir Temur Samarqandning gʻarbidasuyukli xotini Tuman ogʻa (Xayrunniso)ga atab qurdirgan (1378). Yozma manbalarda "Bogʻi Jannat" nomi bilan ataladi.Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, bogʻ oʻrtasidagi atrofi xandak bilan muhofaza etilgan sunʼiy tepalik ustida Tabriz oq marmaridan kurilgan hashamatli saroy boʻlgan. Saroyga bir necha koʻtarmakoʻpriklar orqali kirilgan. Saroyning bir tarafida hayvonot bogʻchasi ham boʻlgan.

Bogʻi Davlatobod. Amir Temurga Hindiston yurishidan qaytgan kuni (1399 yil 22 aprel) hadya kilingan. Arxeologik tadkikotlar (I. A. Suxarev, 1936 va Oʻ. Alimov, 1967)ga koʻra, u Samarqanddan 13 km janubidaKatta Oʻzbekiston traktining chap tomonida boʻlgan. Amir Temur bu bogʻda zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, tantanali marosimlar oʻtkazgan, elchilarni kabul qilgan. Arxeologik kazishlar natijasida bogʻning 1350x900 m maydonini egallagani, atrofi baland paxsa devor bilan oʻralgani va unda ariqlar, 4 hovuz (biri 62x28 m, ikkitasi 25X25 m, yana biri 32x32 m) hamda saroy (poydevori 70x70 m) boʻlgani aniqlandi. Saroy sunʼiy tepa (bal. 12 m) ustiga qurilgan, atrofi xandaq (eni 20 m) bilan oʻralgan. Unga 2 ta koʻtarma koʻprik orqali kirilgan.

Bogʻi Dilkusho (Koʻngil ochuvchi bogʻ). Amir Temur xotinlaridan biri – Toʻqalxonim sharafiga qurdirgan (1397). Samarqanddan 5 km sharqdaPanjakentyoʻlining oʻng tomonida (qadimgi Hinduvon qishlogʻioʻrnida) joylashgan. Har tarafi 900 m uzunlikdagi baland paxsa devor bilan oʻralgan, 4 darvozasi, markazida hashamatli saroy boʻlgan. Saroy uch qavatli boʻlib, har qavatida favvora otilib turgan. Saroy devorlariga Amir Temur olib borgan urushlardan lavhalar chizib qoʻyilgan. Amir Temur Ispaniya elchisi Rui Gonzales de Klavixoniana shu bogʻda qabul qilgan. Bu bogʻ oʻrnida hozir Dilkusho qishlogʻi joylashgan.

Bogʻi Jahonnamo (Jahon koʻzgusi). Amir Temur Samarqanddan 7 farsax (42 km) narida, Zarafshon togʻietagida qurdirgan (1398). Unda saroy va qalʼa boʻlgan. "Zafarnoma"da yozilishicha, bu bogʻning hududi benihoyat katta boʻlib, yoʻqolib qolgan ot 6 oydan soʻng topilgan ekan.

Bogʻi Maydon. Amir Temur Samarqandning shimolida, Choʻponota tepaligi etagida qurdirgan. Tarixiy manbalarga Karaganda, bogʻda hashamatli bir ayvon(koʻshk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxtboʻlgan. Mirzo Ulugʻbek bu bogni yanada obod qilgan. Bobur shu haqda bunday deb yozadi: "Bu bogʻning oʻrtasida (Ulugʻbek) bir oliy imorat qilibdur. Chil(qirq) sutun derlar, du (ikki) oshyona (kavat), sutunlari tamomi toshdin. Bu imoratning toʻrt burchida toʻrt manordek burjlar qoʻporibturlarkim, yuqorigʻa chiqar yoʻllar bu toʻrt burjdindur. Oʻzga tamom yerlarda toshdin sutunlardir. Baʼzini morpech xiyora (burama, koʻpqirrali) qilibturlar. Yuqorigi oshyonaning toʻrt tarafi ayvondir, sutunlari toshdan. Oʻrtasi chordora uydir. Imorat kursisini tamom toshdan farsh qilibdirlar". Bu bogʻ oʻrni hozir ham Bogʻi Maydon deb ataladi.

Bogʻi Nav (Yangi bogʻ). Amir Temur Samarqandning janubida qurdirgan (1404). Lolazor qishlogʻi oʻrnida joylashgan. Bu bogʻ toʻrtburchak shaklda boʻlib, atrofi baland paxsa devor bilan oʻralgan, har burchagida minora qad koʻtarib turgan. Markazida boshqa bogʻlardagiga nisbatan kattaroq qasr, uning oldida hovuz boʻlgan.

Bogʻi Chinor. Amir Temur Samarqandning sharqida (Konigilning janubi-gʻarb tarafida, hozirgi "Qoʻsh tamgalik" tepaligi oʻrnida) barpo qildirgan (1404). Unda chinorlar koʻp boʻlgan. Markazida xochsimon tarxli saroy joylashgan.

Bogʻi Shamol. Amir Temur 1397 yil nabirasi(Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Samarqandning gʻarbida boʻlgan. Undagi saroy toʻrtburchak shaklda boʻlib, har tomoni 1500 qadamni tashkil qilgan. Devorlariga marmar qoplanib, sahni qora yogʻoch va filsuyagidan ishlangan. Bu bog joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham "Bogʻi Shamol" deb ataladi.
Hofizi Abroʻning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega boʻlgan har bir masalani hal etishda, shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda u tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar oʻtkazardi. Amir Temur saroyida ulamolardan mavlono

Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin Munshi, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono Nuʼmonuddin Xorazmiy, Xoʻja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va boshqa xizmat qilardi. Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va maʼnaviyat aqliga koʻrsatgan gʻamxoʻrligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: "Agar Temur qayerda fan, madaniyat va sanʼat ahlini uchratsa, ularni oʻz homiyligiga olar, ularga izzat-ikrom koʻrsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan oʻz oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlarda foydalanardi". Amir Temur davrida savdo va hunarmandchilik gʻoyatda rivojlanadi. Yangi bozorlar, savdo rastalari barpo qilinadi. Klavixo Samarqand bozorlarida bugʻdoy va guruchning moʻlligi va arzonligi haqida gapirib, shahar hunarmandchiligi mahsulotlarini — atlas, kimxob, har xil ip va jun toʻqima mollar, moʻynali va ipakli poʻstinliklar, attorlik mollari, ziravor va dorivorlar, zarhal va lojuvardlar hamda boshqa mollarning serobligini ham taʼkidlaydilar. Bu davrda Amir Temur va uning joy Sulton Mahmudxon asir olingan noiblari Xitoy va Hindistondan Oʻrta Osiyo orqali Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga yoʻnalgan asosiy xalqaro savdo yoʻli — "Buyuk ipak yoʻli"ni nazorat qilib, savdo karvonlari qatnovi xavfsizligini taʼminlashda, rabotlar, qalʼalar, koʻpriklar qurish yoʻlida muhim chora-tadbirlar koʻrdilar va Sharq bilan Gʻarb oʻrtasida savdo-sotiq va elchilik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga gʻoyat katta eʼtibor berdilar. Amir Temur eng muhimi, Eron, Ozarbayjon va Iroqdagi mayda hukmdorlar oʻrtasidagi tarqoklik va boshboshdoqlikka barham berib, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga, xalqgar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qoʻshdi. Amir Temur Yevropaning Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi yirik kirolliklari bilan bevosita savdo va diplomatik aloqalar oʻrnatdi.

Amir Temurning harbiy yurishlari, jangu jadallarining oqibatlariga baho berilar ekan, shuni alohida taʼkidlash kerakki, uning faoliyati qoʻyilgan maqsad va rejalari jihatidan ikki bosqichga boʻlinadi. Birinchi bosqich (1360 — 86)da Amir Temur Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish yoʻlida kurashdi, Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy zodagonlardan iborat ijtimoiy kuchlar (mulkdor dehqonlar, harbiylar, hunarmandlar, savdogarlar va ruhoniylar) yordamida tarqoq mulklarni birlashtirish uchun kurash olib bordi. Amir Temurning bu davrdagi faoliyati Oʻrta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti taraqqiyoti yoʻlida shubhasiz ulkan ijobiy ahamiyat kasb etadi. Mamlakatda tarqoqpik tugatilib, markazlashgan davlatning tashkil topishi ijobiy oqibatlarga olib keldi. Mamlakat i.ch. kuchlarini va moʻgʻullarning bir yarim asrlik hukmronligi natijasida boʻhronga uchragan iqgisodni tiklash uchun qulayroq sharoit vujudga keldi. Ayni vaqnda xoʻjalikning asosi boʻlgan dehqonchilikda muayyan siljishlar roʻy berdi. Yangi-yangi ariq (kanal)lar qazilib, dehqonchilik maydonlari kengaydi. Hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topib, shaharlar obodlashdi va gavjumlashdi. Amir Temur biror mamlakatni tasarrufiga olishdan avval albatta oʻsha joy aholisiga tinchlik yoʻlini taklif etgan, bu yoʻl inkor etilgan holdagina harbiy kuch ishlatgan.
Amir Temur hayotligi chogʻidayoq saltanatni asosan toʻrt qism (ulus)ga boʻlib, oʻgʻil, nabiralariga taqsimlab bergan: Xuroson, Jurjon, Mozandaron va Seyiston (markazi Hirot) Shohruxga, Gʻarbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Fors, yaʼni Eronning jan. qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afgʻoniston va Shim. Hindiston (markazi Gʻazna, keyinchalik Balx) Pirmuhammadga suyurgʻol qilib berilgan. Amir Temur davlati oʻziga xos tartib-qoidalarga asoslangan holda idora etilgan (qarang Temuriylar davlati). Amir Temur asos solgan bu davlat Xuroson va Movarounnahrda 16-asr boshigacha mavjud boʻlib, Shayboniyxon tomonidan tugatilgan.

Shoʻrolar tuzumi davrida Amir Temur. shaxsi va faoliyatiga adolatsizlik bilan yondoshilib, bir yoqlama baho berilib kelindi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng bunday qarashlarga barham berildi. Amir Temurning jahon tarixida tutgan oʻrni oʻz joyiga qoʻyila boshlandi. Oʻzbekistonda uning faoliyatini oʻrganishga va uni ommalashtirishga keng yoʻl ochildi. Uning nomi Oʻzbekistonda abadiylashtirildi. Koʻplab shahar va qishloqlardagi shoh koʻchalar, maydonlar, jamoa xoʻjaliklari, maktablar, kinoteatrlar va boshqa uning nomi bilan ataldi. Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarning markaziy maydonlarida Amir Temurga haykal oʻrnatildi, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Temuriylar davri muzeyi barpo etildi (1996), "Amir Temur" ordeni taʼsis etildi (1996) va Xalqaro Amir Temur jamgʻarmasi tashkil qilindi (1995). Toshkent, Samarqand va xorijiy

mamlakatlarda YUNESKO rahbarligida hazrat Sohibqiron tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi (1996). Amir Temur haqida ikki qismdan iborat badiiy film, spektakllar va sheʼriy hamda nasriy asarlar yaratildi.

1-boshlovchi

Sohibqiron buyuk davlat tuzishda, uning gullab – yashnashida quyidagi qoidalarga qat`iy amal qilganligini aytib o`tan:

1.Men davlatni shoshmay, insonparvarlik bilan boshqardim.

2.Tartib va qoidalarga rioya qilish – mening davlatimni mustahkamladi.

3.Men o`z askarlarimga g`amxo`rlik va oliyjanoblik ko`rsatdim.

4.Men davlatni haqgo`ylik va aql bilan boshqardim.

5.Adiblar, allomalar, olimlar, tarixchilarga muruvvatli bo`ldim.

6.O`z ishimda qat`iy va dadil bo`ldim.

7.O`z xalqimni doim tushundim.

8.Yaxshiga yaxshi, yomonga qattiqqo`l bo`ldim.

9.Men doim ahillikni istadim.

10.O`z askarlarimni hurmat qildim va qonun-qoidalarga qattiq rioya qildim.
Download 47.09 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling