1. Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin


Download 25.87 Kb.
Sana21.04.2023
Hajmi25.87 Kb.
#1370736
Bog'liq
3075 05.10.2018




[OKOZ:

1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.17.00.00 Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish. Soliq sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik]

[TSZ:

1.Moliya / Soliqlar (yig‘imlar, bojlar)]

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining
Qarori
Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 05-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3075]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2022-yil 27-apreldagi 2022-14-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3364, 29.04.2022-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5490-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-avgust,
2018-68-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2018-yil 28-avgustdagi 2018-68-son qaroriga
ILOVA
Davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq davlat soliq xizmati organlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomga asosan soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi davlat soliq xizmati organlarida amaliyotga joriy etilgan “Tahlika-tahlil” dasturiy mahsuloti (bundan buyon matnda dasturiy mahsulot deb yuritiladi) orqali tadbirkorlik subyektlarida soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini avtomatik tarzda inson omili aralashmagan holda tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.
2. Dasturiy mahsulot xavfni tahlil etish tizimini davlat soliq organlaridagi mavjud ichki va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-oktabrdagi PQ-1843-son “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati idoralari axborot-kommunikatsiya tizimi faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan tashqi ma’lumotlarga, veb sahifalari va ijtimoiy tarmoqlardan olingan axborotlarga asosan quyidagi yo‘nalishlarda:
tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kartochkalarida soliq qarzdorligi mavjudligini;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq majburiyatlarini bajarilishida soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha taqdim etilgan soliq hisobotlariga muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) qayta hisob-kitoblarning amalga oshirilganligini;
tadbirkorlik subyektlari hisobot davri mobaynida dastlab ro‘yxatga olingan yuridik manzilini bir hududdan boshqa bir hududga muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marta) o‘zgartirib borilganligini;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘zlariga tegishli bo‘lmagan to‘lov terminallari bilan foydalanilganligini;
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aynan bir tadbirkorlik subyekti faoliyatidan noroziligi haqidagi murojaatlarni va boshqa yo‘nalishlarni tahlil qiladi.
3. Dasturiy mahsulot mazkur Nizomning 2-bandida belgilangan yo‘nalishlarga asosan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini to‘liq tahlil qiladi hamda yakuniy natijalarni ballik tizim orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasini baholaydi.
4. Dasturiy mahsulot orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasini ballik tizimda baholash aniqlangan kamchiliklar summasi va holatidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
5. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan dasturiy mahsulotdan shakllantirilgan soliqqa oid huquqbuzarlik xavfi darajasi tahlili chorak davomida bir marotaba har chorakdan keyingi oyning 25 sanasida o‘tkaziladi, bundan bankdan tashqari yirik miqdordagi pul aylanmalarni amalga oshirgan tadbirkorlik subyektlarini doimiy soliqqa oid huquqbuzarlik xavfini tahlil qilish muddati mustasno.
6. Aniqlangan holatlar yuzasidan davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarida soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshirish o‘tkazishni kelishish to‘g‘risida prokuratura organlariga tashabbus bilan murojaat qilinadi.
7. Dasturiy mahsulot orqali soliqqa oid huquqbuzarlik xavfining ballik tizimi natijalariga ko‘ra soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi quyidagi uch toifaga bo‘linadi:
a) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari;
b) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rtacha bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari;
v) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari.
2-bob. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash
8. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari ro‘yxati dasturiy mahsulotdan shakllantiriladi.
9. Dasturiy mahsulotdan shakllantirilgan ro‘yxatda keltirilgan tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organi tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqoriligi to‘g‘risida tadbirkorlik subyekti xabardor qilinadi hamda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda kameral nazoratdan o‘tkaziladi.
10. Kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan aniqlashtirilgan qayta hisobotlar yoxud asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmaganda davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarida tekshirish o‘tkazishni kelishish to‘g‘risida prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkin.
3-bob. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rtacha bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash
11. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rtacha bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari ro‘yxati dasturiy mahsulotdan shakllantiriladi.
12. Dasturiy mahsulotdan shakllantirilgan ro‘yxatda keltirilgan tadbirkorlik subyektlarining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organi tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rtachaligi to‘g‘risida tadbirkorlik subyekti xabardor qilinadi hamda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda kameral nazoratdan o‘tkaziladi.
13. Kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlarni bartaraf etish yuzasidan tadbirkorlik subyektlari tomonidan aniqlashtirilgan qayta hisobotlar yoxud asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmaganda davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarida tekshirish o‘tkazishni kelishish to‘g‘risida prokuratura organlariga murojaat qilishi mumkin.
4-bob. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash
14. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarida kameral nazorat o‘tkazilmaydi.
15. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi past bo‘lgan soliq to‘lovchilarga tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida prokuratura organlariga murojaat qilinmaydi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
17. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etish xavfni tahlil etish natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
18. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O. MURODOV
2018-yil 29-avgust,
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 29-avgust,


(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.10.2018-y., 10/18/3075/2006-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

Download 25.87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling