1-Ma’ruza: Shahar injenerlik inshootlari. Reja


Download 22.05 Kb.
Sana08.02.2023
Hajmi22.05 Kb.
#1178440
Bog'liq
1-2 Maruza.docx filename=utf-8 1-2 Маъруза


1-Ma’ruza: Shahar injenerlik inshootlari.
Reja :



  1. Injenerlik inshootlari turlari.

  2. Injenerlik inshootlarining rivojlanishi.

  3. Xozirgi sharoitda rivojlanish istiqbollari.

Zamonaviy shaharlarni obodonlashtirish va inson faoliyatining me’yoriy ritmini ta’minlashda muxandislik inshootlarining ahamiyati katta. Asrlar osha shaharlar rivojlanishi bilan birga muhandislik inshootlari ham rivojlanib keldi. Zamonaviy shaharlarda keng darajadagi har xil muhandislik inshootlaridan foydalaniladi. Ularni loyihalash uchun hisoblash masalalari va har xil konstruktiv tizimlarni loyihalashni bilish talab qilinadi. Konstruktiv tizimlar metall, beton, temirbeton, yog‘och kabi materiallardan qilinishi mumkin.


Muhandislik inshootlari avtomobil, temir yo‘l, piyoda harakatlarining xavfsizligini ta’minlaydi; shahar yo‘l tarmoqlarini mukammallashtiradi; yer osti bo‘shlig‘idan foydalanishda muxandislik yechimlarini amalga oshirishga imkon beradi, bu esa shahar hududini tejashda juda ahamiyatli hamda daryo va boshqa suv havzalarini obodonlashtirishni ta’minlaydi.
Muhandislik inshootlariga quyidagilar kiradi:

  • ko‘priklar, estakadalar, viaduklar;

  • qirg‘oqbo‘yilar, ularning tirgak devorlari va tushish joylari;

  • bir qavatli va ko‘p qavatli , yer osti va yarim yer osti garajlari va avtomobil turar joylari;

  • sport inshootlari;

  • minora va machtalar;

  • har xil konstruktiv yechimga ega bo‘lgan piyoda o‘tish joylari (ko‘chadan tashqari).

Shahar muhandislik inshootlarini loyihalash va qurish sohasida ixtisoslashgan muhandis-quruvchi chuqur bilimlar asosida har bir konkret holda konstruksiyaning samarali turini qo‘lay bilishi shart.
Murakkab hollarda loyihalashning variantli usuli qo‘llanib, shu asosda inshootning eng qulay yechimi beriladi. Buning uchun materiallar qarshiligi, qurilish mexanikasi, qurilish materiallari, metall va temirbeton konstruksiyalarini loyihalash sohalarida bilimga ega bo‘lish, loyihalashni avtomatlashtirish tamoyillari va EHM ni qullay bilish kerak. Me’yoriy va texnik hujjatlarni bilishi lozim.
Shaxar aholisining o‘sib borishi yangi shaharlar qurish va eskilarini kengaytirish asoslarining bosh omillaridan biridir. Shahar xududiga nisbatan axolining tezroq ko‘payishi shaharsozlikda odamlarning mehnat qilishi, turmushi va dam olishi uchun eng yaxshi sharoitlarni ta’minlovchi ishlab chiqarish xududlarini, turar joylarni, jamoat va madaniy muassasalar, transport, muhandislik qurilmalari va energetikani oqilona tashkil etishni nazarda tutish majburiyatini yuklaydi. Bu masalani hal qilish ko‘p darajada aholini joylashtirish, shaharning bundan keyingi rivojlanishi, axolining mehnat qilish va dam olish sharoitlarini yaxshilashning xususiyatini belgilab beradi.
Jahondagi yirik shaharlar egallagan hududlar ancha katta o‘lchamlarni, xususan, Qarachi shahrining maydoni 3530 km2 ni, Istanbul-1970 km2 ni, Shanxay-1600 km2 ni, London-1580 km2 ni, Dexli-1400 km2 ni, Pekin-1370 km2 ni, Nyu-York-1214 km2 ni, Moskva-1080km2 ni tashkil etadi. Bu shaharlarning ma’muriy chegaralaridagi, axolining ko‘pchilik qismi shaharlar bilan bog‘liq bo‘lgan shahar atrofi hududlarida yashashini xisobga olmagandagi maydonlardir.
Shaharlarning o‘sishi, aholining shahar atrofi bilan mexnat va madaniy-mayishiy aloqalari, shuningdek shahar atrofi hududlarining dam olish uchun foydalanilishi transport vositalarining keng rivojlanishiga olib keldi. Keyingi yillarda ayniqsa yengil avtomobil transporti juda tez rivojlandi, u uzoq masofalarga borishning, harakatlanish va qulaylik tezligini ta’minlaydi. Bu o‘z navbatida quyidagilarning zarurligini shart qilib qo‘yadi:

  • Shaharning, shahar atrofi xududining va shahar tashqarisidagi avtomobil yo‘llarining eng muxim qismlari orasida qulay aloqani tashkil etish, shuningdek piyodalarning xavfsiz va qulay harakatlanishlari uchun mos sharoitlar yaratish maqsadida yuk tashish va yo‘lovchilar transportining uzluksiz va xavfsiz harakatlanishini ta’minlash;

  • Turar joy dahalariga va jamoat binolariga olib boradigan qulay kirish yo‘llari va yo‘lakchalarini barpo qilish;

  • Shaxsiy avtomashinalar uchun garaj xo‘jaligini va avtomashinalarning uzoq vaqt va vaqtincha turishi uchun avtomobillar to‘xtash joylarini tashkil etish va boshqa ko‘pgina ishlar.

Shaharlarda avtomobil parki axoli soniga qaraganda ancha tez sur’atlar bilan o‘smoqda. Shahar rivojlanishining ma’lum bir bosqichida ko‘cha tarmog‘ining transport vositalari bilan o‘ta tirbandlashuvi yuzaga keladi.
Shahar ko‘chalarinig o‘ta yuklanishi ma’lum bir paytda ko‘cha harakatining falaj xolatga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin, bunday holat jaxondagi yirik shaharlarda xozirdanoq yuz bermoqda.
Chorrahalar yaqinida transport vositalarining tez-tez to‘xtashlari ularning eskirishini tezlashtiradi va yo‘llarning buzulishiga sababchi bo‘ladi (bunda yo‘l sirtining siljishlari va to‘lqinsimon qatlamlar hosil bo‘ladi). Transport vositalari chorrahada to‘xtaganda va harakatlanishni boshlagan vaqtda shahar xavosini zaharlovchi katta miqdorda tutunli gazlar ajratib chiqaradi. Shuning uchun shahar harakatini oqilona tashkil etish masalasi ko‘cha tarmog‘ining xolatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqdir, bu esa yangi shaharlarda ko‘chalarning maqsadga muvofiq qarashda va rejalashtirishda sifat jihatidan yangi qarorlar qabul qilishni talab etadi. Vujudga kelgan vaziyatdan chiqishning yo‘li turli darajadagi shahar magistrallari kesishuvlarini barpo etish, ko‘prikli o‘tish yo‘llarini, yo‘l ko‘priklarni qurish hisoblanib, ular harakatlanish tezligini va xavfsizligini xamda yo‘l uzoqligini qisqartirishni ta’minlaydi.
Shahar transport inshootlarining umumiy majmuida shuningdek yer osti avtomobil to‘xtab turish joylari va garajlari, transport, yo‘lovchilar va kollektor tonnellari muhim o‘rinni egallaydi, ana shular zamonaviy yirik shaharning hayotini tasavvur etish qiyin. Bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan ayrim yer osti inshootlari qatori uzun (davomli) tonnellar tarmog‘i bilan o‘zaro birlashtirilgan yirik yer osti transport va ko‘p vazifani bajaruvchi majmualar barpo etilmoqda. Ko‘pgina shaharlarda katta uzunlikdagi ko‘chadan tashqari yer osti avtomagistrallari nazarda tutilmoqda. Transportning yangi tezkor turlari uchun ham katta miqdordagi tonnellar va yer osti inshootlarini qurish kerak bo‘ladi.
Zamonaviy shaharlar yer usti va yer osti makonidan foydalangan holda faqat gorizontal bo‘yicha emas, balki vertikal bo‘ylab ham kengayib bormoqda. Vertikal zonalashtirish transport va piyodalar oqimlarini, tranzit va maxalliy, tezkor va oddiy transportni ajratishga imkon beradi. Bunda transport magistrallari va piyoda yo‘llari joylashuvining yer sathida, uning ustida yoki yer ostida kabi turli xil variantlari bo‘lishi mumkin.
Shahar transport muammolarini muvaffaqiyatli hal qilishga yer osti makonini kompleks o‘zlashtirish va foydalanish, ya’ni transportni o‘tkazish va muxandislik kommunikatsiyalarini yotqizish, avtomobillarni vaqtincha va doimiy saqlash, muxandislik qurilmalarini, savdo korxonalarini, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari va h.k. larni joylashtirish uchun turli xil ob’ektlar va inshootlarni yer ostida joylashtirishga imkon beradi.
Shaharning daryo bo‘yi hududlarini rejalashtirish va qurish, qirg‘oq chizig‘iga rejada, profilda (kesimda) va uning me’moriy bezatilishida ma’lum yo‘nalish berilishini talab qiladi. Qirg‘oq bo‘ylarining hajmiy-kompozitsion yechimlari bog‘liq bo‘lgan mikrorayonlardan tabiiy yoki sun’iy suv xavzalari akvatoriallariga erkin chiqishni ta’minlashi kerak. Shaharning markaziy qismlarida ular shahar me’moriy kompozitsiyasining bosh fasadlari (old qismlari) hisoblanadi.
Xalq xo‘jaligining, shaharlarni joylashtirish tizimlarining doimiy rivojlanishi munosabati bilan yo‘lovchilar va yuk tashishlar, transport vositalari miqdori ortib boradi.
Sanoati rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, avtomobillar sonining ko‘payishi bir qator noqulay oqibatlarni keltirib chiqaradi, ular orasidan quyidagilarni aloxida ta’kidlash lozim:

  • joylashtirish xususiyatining o‘zgarishi, xarakatlanish masofalarining ortishi;

  • ko‘p miqdorda yonilg‘i iste’mol qilinishi tufayli atrof muhitning ko‘p yuqori darajada ifloslanishi;

  • jamoat transporti axamiyatining pasayishi;

  • ko‘cha va yo‘l tarmoqlarida transport vositalarining tirbandlanib to‘xtab qolishi, ularni qayta qurish, rivojlantirishga katta xarajatlar qilinishi;

  • zich joylashgan turar joylarda, avtomobillar to‘planadigan punktlarda ularning to‘xtab turishi uchun joyning yetishmasligi.

Aytib o‘tilgan muammolarning oxirgisi borgan sari dolzarb bo‘lib bormoqda. Transportning rivojlanishini shunday tarzda yo‘naltirish zaruriyati paydo bo‘ladiki, bunda avtomobillashtirishning o‘sishi bilan bog‘liq masalalar, shu jumladan ular to‘xtab turadigan joylarni loyixalash va joylashtirish hech bir qiyinchiliksiz va asosli istiqbol bilan hal etilishi kerak.
Transport tizimining jadal rivojlanishi bir qator masalalarni, shu jumladan mamlakatni tezkor avtomobillashtirish sharoitida transportning to‘xtab turish joyi muammosini hal qilish yo‘llarini izlashni taqozo etadi. Transportning barcha turlari uchun to‘xtab turish joylari va garajlari muammosini hal qilish shaharsozlik siyosatining tarkibiy qismidir.
Darslik yuqorida bayon qilinganlardan tashqari sport inshootlarini, minora va machtalar, EUL tayanchlari kabi baland inshootlarni, rezervuarlar va suv bosimi minoralarini, shuningdek ochiq va berk bozorlarni loyixalash, qurish va foydalanish bilan bog‘liq masalalar doirasini o‘z ichiga qamrab oladi. Unda shu inshootlar bo‘yicha nazariya va amaliyotning zamonaviy yutuqlari aks ettirilgan bo‘lib, ularni talabalar bilishlari zarur va shahar qurilishi hamda xo‘jaligi soxasida mashg‘ul bo‘lgan mutaxassislarga ham foydali bo‘lishi mumkin.
Download 22.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling