1-mavzu: O’zbekiston tarixi predmeti, uni o’rganishning metodologik tamoyillari, manbalari va ahamiyati Reja


Download 5.05 Kb.
Pdf ko'rish
bet23/39
Sana24.11.2017
Hajmi5.05 Kb.
#20824
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   39

Adabiyot. Bu davrda o’zbek adabiyoti ham jiddiy hayotiy sinovlar jarayonini boshdan 
kechirdi.  O’zining  boy  tarixiy  an’analariga  ega  bo’lgan  bu  adabiyot  xalq  ruhining 
ko’zgusi  sifatida  uning  ma’naviy  hayotida  muhim  rol  o’ynadi.  Biroq  bu  muhim  soha 
faoliyati  sovetlarning  doimiy  nazorati  ostida  kechdi.  Ularning  nazarida  adabiyot  kuchli 
mafkuraviy  qurol  sifatida  yangi  tuzumni  mustahkamlashga  xizmat  qilishi,  millionlar 
ommasini shunga da’vat etmog’i kerak edi. Bu, albatta, har bir ijodkor zimmasiga jiddiy 
mas’uliyat  yuklardi.  Negaki,  har  bir  shoir  yoki  adib  sovet  mafkurasi  talablaridan 
chetlashguday bo’lsa, o’z xalqining boy tarixiy o’tmishi yoxud ulug’ ajdodlari hayotidan 
asar yozguday bo’lsa, uning og’ir jazoga ro’baru kelishi hech gap emas edi. Mana, nima 
uchun  30-yillarda  xalqimiz  faxru-g’ururi  bo’lib  qolgan  bir  qator  favqulodda  iste’dod 
sohiblari qatag’on qilindi, ijodlari bo’g’ildi. Xususan, «xalq dushmanlari» tamg’asi bilan 
nomlari  badnom  qilingan  A.Qodiriy,  A.Cho’lpon,  U.Nosir,  A.Fitrat,  Elbek,  G’.Yunus, 
M.Botu singari so’z san’atkorlarining achchiq qismati bunga yaqqol misoldir. 
Biroq har qanday tazyiqu ta’qiblarga qaramay o’zbek adabiyoti bu yillarda muayyan 
yutuqlarga  erishib  bordi.  Hamza,  S.Ayniy,  A.Qodiriy,  A.Cho’lpon,  A.Fitrat  singari  katta 
avlod  namoyandalari  izidan  G’.G’ulom,  A.Qahhor,  M.Oybek,  H.Olimjon,  U.Nosir, 
K.Yashin,  R.Uyg’un,  Mirtemir,  G’ayratiy,  Oydin,  S.Abdulla  singari  qalam  ahllari 
adabiyot  jarayonga  kirib  keldi.  Ular  o’zlarining  serqirra  ijodlari  bilan  o’zbek  adabiyoti 
xazinasini  boyitishga  munosib  ulush  qo’shdilar.  Bu  o’rinda  A.Qodiriyning  «O’tgan 
kunlar»,  «Mehrobdan  chayon»,  A.Cho’lponning  «Kecha  va  kunduz»,  S.Ayniyning 
«Odina»,  «Sudxo’rning  o’limi»,  A.Fitratning  «Abulfayzxon»,  «Hind  sayyohi  bayonoti», 
Oybekning «Qutlug’ qon», «Navoiy», A.Qahhorning «Sarob», G’.G’ulomning «Ko’kan», 

“Yodgor”  va  shu  singari  o’z  davri  uchun  muhim  voqea  bo’lgan,  badiiy  g’oyasi  yuksak 
asarlarni  alohida  qayd  etmoq  lozim  bo’ladi.  Lekin,  bu  adabiyotning  aksariyat  zabardast 
namoyandalari totalitar tuzum ixtiro etgan qatag’onlik domiga tashlanib, aybsiz ayblanib, 
qatli om etildilar. Ularning betakror ijodi esa avlodlar nigohidan uzoqlashtirib kelindi. 
Milliy  istiqlol  sharofati  tufayligina  ularning  ijodi  yangidan  dunyo  yuzini  o’rib, 
xalqimiz tomonidan sevib o’qilmoqda va o’rganilmoqda. 
 
5. MUSTABID SOVET TUZUMINING O’ZBEKISTONDA YURITGAN 
QATAG’ON SIYOSATI VA UNING OQIBATLARI 
 
Sobiq Ittifoqda ma’muriy-buyruqbozlik, totalitar tizimning qaror topishi. 
Respublika huquqlari, manfaatlarining cheklanishi 
 
Totalitar rejimining qaror topishi. XX asrning 20-yillari ikkinchi yarimlariga kelib 
sovetlar mamlakatining hokimiyat boshqaruv - idora tizimida ham keskin o’zgarish hollari 
yuz berib bordi. Partiya va davlat boshqaruvi muruvvatlarini o’z qo’li ostiga kiritib borgan 
I.V.  Stalin  asta-sekinlik  bilan  o’zining  yakka  xokimligini  butun  choralar  bilan  qaror 
toptirish  harakatida  bo’ldi.  Shu  maqsadga  erishish  yo’lida  u  o’z  atrofiga  bir  guruh 
hushomadgo’y, labbaychi rahbar kadrlarni to’plab, ularni ishga solib, partiyaning ko’plab 
tajribali,  inqilobiy  kurashlar  jarayonida  toblangan,  g’oyaviy  va  siyosiy  jihatdan  yetuk, 
nufuzli arboblarini obro’sizlantirishga intildi. 20-yillarda atayin avj oldirilib, odatiy tusga 
kirgan  «partiyaviy  tozalashlar»  bahonasida  mamlakat  hayotining  u  yoki  bu  muhim 
masalasida  sog’lom,  xolis  fikr  bildirgan  kadrlarni  egallab  turgan  yuqori  vazifalaridan 
chetlattirib borildi. Stalin o’z yo’liga g’ov bo’lgan bunday muxolifatchi kuchlar, kadrlarni 
tor-mor  etish,  o’z  shaxsiy  hokimiyati  rejimini  qaror  toptirib  borishda  V.M.Molotov, 
K.E.Voroshilov,  L.M.Kaganovich,  L.P.Beriya  singari  maslakdoshu  hamfikr  safdoshlari 
xizmatidan ustamonlik bilan foydalandi. Mamlakatda yuz berayotgan barcha o’zgarishlar, 
yangilanishlar  Stalin  nomiga  nisbat  berildi.  Hukmron  Markaz  mafkurasi  bu  nomni  zo’r 
berib ko’klarga ko’tarib maqtash, madh qilishga yo’naltirildi. 
20-yillar oxirlariga kelib Stalin tomonidan yangi nazariy qarash sifatida ilgari surilgan 
«sotsializm  mustahkamlanib  borgan  sari  sinfiy  dushman  qarshiligi  ham  shunchalik 
kuchayib  boradi»,  degan  soxta  g’oya  butun  mamlakat  uchun  halokatli  oqibatlarga  olib 
keldi.  Stalin  va  uning  yaqinlari  mamlakat  va  partiya  hayotiga  oid  har  bir  masalada  o’z 
irodasi,  hukmini  boshqalarga  majbur  etib  bordilar.  O’z  davrida  kompartiya  va  sovet 
hokimiyati  rahbariyatining  o’zak-negizini  tashkil  etgan  Trotskiy,  Buxarin,  Kamenov, 
Zinovyev,  Rikov,  Tomskiy  singari  taniqli  arboblar  shunday  muxolifatchi  guruh  vakillari 
sifatida  egallab  turgan  lavozimlaridan  olinib,  keyinchalik  qatag’onlik  domiga  duchor 
etildilar. 
Shu tariqa, sobiq Ittifoqda 1917-yildan boshlab shakllanana boshlagan totalitar siyosiy 
rejim  20-yillarning  oxiri  30-yillarning  boshlarida  to’liq  qaror  topdi.  Totalitar  rejimning 
mazmun-mohiyati, belgilari quyidagilardan iborat: 
-ko’ppartiyaviylik  tugatiladi,  bitta  partiya  (VKP(b))  butun  mamlkatda  yagona 
hukmron  partiyaga  aylanadi,  uning  qarorlari,  ko’rsatmalari  barcha  hokimiyat  organlari 
tomonidan so’zsiz bajarilishi majburiy bo’ladi; 
-davlat  boshqaruvi  markazdan,  diktator  tomonidan  ma’muriy-buyruqbozlik  tarzida 

amalga oshiriladi, mahalliy hokimiyat organlari amalda qo’g’irchoq bo’lib qoladi; 
-ijtimoiy  munosabatlar  siyosiy,  iqtisodiy,  mafkuraviy,  jismoniy  zo’rovonlik  asosda 
tartibga  solinadi,  xususiy  mulkni  milliylashtirish  orqali  shaxsning  iqtisodiy  erkinligi 
tugatiladi, rejali iqtisodiyot qaror topadi; 
-oshkoralik, turli xil fikr bildirish, muxolifatchilik harakatlari qat’iyan man etiladi; 
-ommaviy  axborot  vositalari,  ta’lim  tizimi,  ijodiy  uyushmalar  orqali  targ’ibot- 
tashviqot ishlari kuchaytirilib, aholi rasmiy (kommunistik) mafkura nuqtai nazardan qayta 
ishlanadi, ular ongiga mafkuraviy aqidalar singdiriladi; 
-siyosiy qatag’onlik shaxsning ongi va hatti-harakatlarini nazorat ostiga olish, mavjud 
tuzumga  nisbatan  xayrixohlik,  sodiqlik,  qo’llab-quvvatlash  tuyg’usini  singdirishning 
asosiy vositasiga aylanadi; 
-rasmiy  mafkuraga  mos  bo’lmagan  barcha  nashriy  mahsulotlarni  yo’q  qilishga, 
intellektual va ijodiy faoliyatni bo’g’ishga yo’naltirilgan senzura organi faoliyat yuritadi; 
-siyosiy qatag’onlikni amalga oshirish uchun maxsus hokimiyat organlari, mehnat va 
axloq  tuzatish  lagerlari  tarmog’i  tuziladi  va  faoliyat  yuritadi,  birga  ishlovchi,  qo’ni-
qo’shnilardan kuzatuvchi, ig’vogar-chaqimchilar yollanadi, aholi qo’rquv ostiga olinadi. 
Respublika  huquqlarining  cheklanishi.  Mamlakatda  totalitar  tizimning  qaror 
topishi,  shubhasiz,  milliy  sovet  respublikalari  hayotiga  ham  dahl  qilib,  ularning  butun 
inon-ixtiyorini  Ittifoq  davlati  tasarrufiga  bog’lab  qo’ydi.  Bu  O’zbekiston  timsolida  ham 
yaqqol  ko’zga  tashlandi.  Avvalo,  respublika  hokimiyati  boshqaruvining  hamma 
bo’g’inlari to’liq ravishda SSR itifoqi organlariga bo’ysundirildi. Shuningdek, bu yerdagi 
yagona  rahbar  tashkilot  -  O’zbekiston  kompartiyasi  ham  VKP(b)  ning  viloyat  bo’limi 
maqomida  faoliyat  yuritardi.  Binobarin,  hukmron  partiya  va  uning  Markazqo’mi  qabul 
qiladigan  har  qanday  qaroru  farmoyishlar,  rahbariy  ko’rsatmalar  respublika  partiya 
tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy va shart edi. 
Respublikaning kasaba uyushmalari, yoshlar tashkiloti (Komsomoli) va boshqa jamoat 
tashkilotlari ham Markazdagi shu xildagi tashkilotlarning aynan andozasi asosida tuzilgan 
bo’lib,  ularga  to’liq  bo’ysungan  holda  faoliyat  yuritardi.  Shu  bilan  birlikda  bu 
tashkilotlarning  barchasi  kompartiya  yetakchiligida,  uning  siyosiy-g’oyaviy  ta’sirida 
bo’lib,  o’z  a’zolarining  ongi,  tafakkurini  shu  partiyaning  mafkurasi,  g’oyasi  ruhida 
shakllantirib,  tarbiyalab  borishlari  kerak  edi.  Negaki,  mustabid  tuzum  sharoitida  jamiyat 
a’zolarini boshqacha ruhda tarbiyalash to’g’risida gap bo’lishi mumkin emasdi. 
Stalincha ma’muriy - buyruqbozlik tizimi ko’zga ko’rinarli va ko’zga ko’rinmas ming 
xil  qizil  iplar  bilan  O’zbekistonni  o’z  domiga  ilintirib,  uning  amaldagi  rasmiy 
mustaqilligini yo’qqa chiqargan edi. Uning mahalliy rahbariyati respublikaning iqtisodiy, 
xo’jalik, madaniy-ma’naviy hayotiga oid biror bir masala, muammoni mustaqil hal etishga 
haqli,  huquqli  emas  edi.  Buning  uchun  avvalo  Markazning  roziligini  olish  talab  etilardi. 
O’zbekiston mustaqilligining nechog’lik rasmiy, yuzaki mazmunda bo’lganligi fakti uning 
yuksak  qonuniy  hujjatlarida  ham  o’z  aksini  topgan  edi.  Jumladan,  O’zbekistonnning 
1937-yilda  qabul  qilingan  Konstitutsiyasi  ham  mohiyat  e’tibori  bilan  asosan  1936-yil  5-
dekabrdan kuchga kirgan SSSR konstitutsiyasining aynan nusxasi edi. 
Unda  respublikaning  mustaqilligi,  fuqarolarining  huquqlari,  erkinliklari  madh 
etilmasin,  biroq  ular  amaliyotda  nechog’lik  soxta,  quruq  safsatalar  bo’lib  chiqqanligi 
hammaga ayondir. 
 

Sovet hokimiyatining O’zbekistonda yuritgan qatag’onlik siyosati va uning 
oqibatlari 
 
Mustabid  tuzum  Markazda  va  joylarda  o’z  mutlaq  hokimiyatini  shakllantirib, 
mustahkamlab  borar ekan, bunda u o’ziga  sodiq  muayyan  siyosiy  va ijtimoiy  kuchlarga 
tayanib ish yuritmog’i kerak bo’lardi. Shu maqsadda Markaz hukumati yangi sotsialistik 
jamiyat  qurilishining  butun  davomida  O’zbekistonga  o’zining  ko’p  sonli  sadoqatli 
xodimlari,  vakillarini  rahbariy  lavozimlarga  yuborib  turganligi  bejiz  emas.  Xususan  ular 
yordamida  o’lka  hayotida  kechayotgan  barcha  jarayonlar,  o’zgarishlardan  doimiy 
xabardor bo’lish, ularning yo’nalishlarini, maqsad, vazifalarini belgilash, mahalliy kadrlar 
faoliyatini  kuzatish,  nazorat  qilish  mumkin  bo’lardi.  Markaz  O’zbekistonlik  milliy 
kadrlarning  kundalik  ishlariga  «ko’z  quloq»  bo’lish,  ular  faoliyatini  tekshirish,  taftish 
qilish  barobarida  sotsializm  qurilishi  yo’liga  sadoqat  bildirganlarni  tanlash,  tarbiyalash, 
ularni yuqori mansablarga ko’tarishni o’z e’tiboridan chetda tutmadi. 
Shu  bois  Markaz  ishonchini  qozonib,  uning  nufuzli  namoyandalari  bilan  yaqindan 
hamkorlik  qilgan,  kerak  bo’lganda  o’z  xalqining  manfaati,  qiziqishlarini  ko’zlab  ish 
yuritgan  bilimdon  kadrlar  soni  ham  ko’payib  borganligi  faktdir.  Ammo  Stalinning 
yakkahokimligi kuchayib, totalitar tuzum bedodligi avj olib borgan sari bunday kadrlarni 
arzimas sabab va bahonalar bilan qiyin-qistovga olish, vazifalaridan chetlashtirish odatiy 
tusga kirib bordi. 
Rahbar kadrlar, ayniqsa o’z xalqi, yurtining milliy manfaatlarini himoya qilib, uning 
istiqbolini  ko’zlab,  o’zida  kuch,  iroda  topib,  bor  haqiqatni  aytishga  jur’at  qilgan  millat 
kishilari  birinchi  navbatda  hukmron  Markaz  uyushtirgan  qatag’onlikka  duchor  bo’ldi. 
Buning  yorqin  ifodasini  Sovet  mafkurachilari  tomonidan o’zbek  milliy  kadrlari  sha’nini 
bulg’ashga  qaratilgan,  atayin  to’qib  chikarilgan  «18  lar  guruhi»,  «Inog’omovchilar», 
«Qosimovchilar»  guruhlari  misolida  ko’rish  mumkin.  Ularning  faoliyatiga  oid  tarixiy 
hujjatlarni  ko’zdan  kechirar  ekanmiz,  bu  insonlar  faoliyatida  ularni  ayblashga  bois 
bo’ladigan hech bir asosli ashyoi dalillar bo’lmaganligiga to’la amin bo’lamiz. Ularning 
yagona  «gunohi»  -  bu  o’z  millati  dardi,  tashvishi  va  manfaatini  ko’zlab  ayrim  muhim 
muammolarni ko’targanligi va ularni hal etishga yuqorining e’tiborini jalb etganligi holos. 
Xo ’sh, bu guruhlar tarkibi kimlardan iborat bo ’lgan? Ular sovet mutasaddilari oldida qanday 
“gunoh” qilgan edilar? 
Respublikaning  taniqli  arboblaridan  iborat  «18  lar  guruhi»  (I.Xidiraliyev,  M. 
Saidjonov,  U.  Ashurov,  R.  Rahimboboyev,  Eshonov)  ga  yer-suv  islohotiga  qarshi 
chiqqan, boy-quloq va yer egalarining manfaatini himoya qilib chiqqanlar, mahalliychilik 
va millatchilik g’oyalarini ilgari, degan soxta aybnoma qo’yildi. Aslida esa ular hukmron 
Markazning  ulug’  davlatchilik  va  shovinistik  siyosatiga,  milliy  kadrlarga  nisbatan 
bepisandlik, loqaydlik  yo’liga qarshi  chiqib,  adolat va haqqoniylik tamoyillarini himoya 
qilganlar. Shu bois rasmiy partiya organlari tomonidan mazkur guruh keskin qoralanadi va 
uning a’zolari turli jazolarga giriftor etiladilar. 
«Inog’omovchilik»  guruhi  to’g’risida  gap  borganda  ham  unga  qo’yilgan  barcha 
ayblarning to’liq tarzda to’qib chiqarilganligi ayon bo’ladi. Ma’lumki, Rahim Inog’omov 
O’zKP(b)  Markazqo’mi  Matbuot  bo’limi  mudiri  va  O’zSSR  Maorif  Xalq  Komissari 
vazifasida faoliyat yuritib kelgan. R.Inog’omov o’zining bir qator nutqlarida O’zbekiston 
kompartiyasining  mustaqil  faoliyat  yurita  olmayotganligiga,  Markaz  organlarining  o’lka 

hayotidagi  zo’ravonligiga  ham  alohida  urg’u  bergan.  Respublikaning  bir  qator  mas’ul 
xodimlaridan  N.Mavlonbekov,  I.Isamuhammedov,  M.Aliyev,  Bobonazarov  singari 
hammaslaklar  Inog’omov  qarashlarini  qo’llab-quvvatlab  chiqqandilar.  Bunday 
muxolifatchi  chiqishlar  hukmron  partiya  mutasaddilarining  qahriga  uchramasdan 
qolmasdi, albatta. Shu  bois 1926, 1927-yillarda  bu guruh  faoliyati  partiya  tashkilotlarida 
bir  necha  bor  muhokama  qilinib,  og’machi  guruhbozlikda  ayblandi.  Inog’omov 
tarafdorlari vazifalaridan olinib, nomlari qoralangan. 
«Qosimovchilik»  guruhi  ham  1929-1930-yillarda  sovet  hukmron  rejimi  tomonidan 
milliy  kadrlarni,  zyolilarni  qatog’on  qilish,  jazolash  maqsadida  atayin  uyushtirilgan 
navbatdagi uydirma edi. O’z SSR Oliy Sudining raisi lavozimida ishlagan A.Qosimov va 
uning  yaqin  maslakdoshlari:  N.  Alimov,  Musaboyev,  Sharipov,  Sirojiddinov  va  boshqa 
jami  7 kishi 1929-yilning 2-yarmida  «bosmachilik»  harakatiga  yon  berganlikda ayblanib 
qamoqqa olinadilar. Ular respublikadagi millatchi tashkilotlar bilan aloqa bog’laganlikda 
ayblandilar.  Bu  guruhning  4  ta  a’zosi  shunday  asossiz  ayblar  bilan  ayblanib,  otib 
tashlandilar. Qolganlari esa ko’p yillik qamoq jazosiga hukm qilindilar. 
Mustabid  tuzum  hukmdorlari  uchun  O’zbekiston  singari  milliy  sovet  respublikasi 
rahbarlari,  xodimlarini  to’la  itoatda  tutishning  birdan-bir  sharti  -  bu  ularning  mustaqil 
faoliyatiga  izn  bermaslik,  vaqti-vaqti  bilan  silkitib  turish,  mabodo  xato,  kamchiliklari 
topilguday bo’lsa, shafqatsiz jazolash yo’li edi. Milliy kadrlar faoliyatiga nisbatan bunday 
noinsoniy,  g’ayriqonuniy  yondashuv  oqibatida  respublikada  o’z  ongli  hayoti,  jo’shqin 
faoliyatini sovetlarning yolg’on, soxta g’oyalari, sotsializm g’alabasi uchun bag’ishlagan, 
shu  yo’lda  jon  fido  etib  kurashgan  qanchalab  yetuk  partiya  va  davlat  rahbarlari 
qatag’onlik  domiga  g’arq  bo’ldilar.  O’zbekiston  ravnaqi,  xalqining  baxtu  saodati  uchun 
fidoyilik  qo’rsatgan  Akmal  Ikromov,  Fayzulla  Xo’jayev,  Abdulla  Rahimboyev,  Isroil 
Ortiqov,  Abdulla  Karimov  va  boshqa  o’nlab  mahalliy  rahbar  kadrlarning  hayot  qismati 
pirovarida mana shunday fojia bilan yakun topdi. 
Mustabid  tuzum  hukmdorlari  va  ularning  chaqqon  dastyorlarining  yeng  shimarib 
qilgan  «sa’y-harakatlari»  natijasida  1937-1938-yillar  davomida  O’zbekistonda  bir  qator 
yirik  aksilinqilobiy  tuzilmalar  tuzilgan,  faoliyat  yuritmoqda,  degan  soxta  ma’lumotlar 
to’plandi.  Mana  shunday  soxta  ma’lumotlar  asosida  respublika  rahbarlari  A.Ikromov  va 
F.Xo’jayev  boshchiligidagi  «Burjua  -  millatchilik  aksilinqilobiy  tashkiloti  markazi»
Abdurauf  Qoriyev  rahbar  bo’lgan  «Musulmon  ruhoniylarning  millatchi-isyonkor 
tashkiloti»,  «Aksilinqilobiy  o’ng  trotskiychi  josuslar  tashkiloti  markazi»,  «Buxoro  va 
Turkiston  baxt-saodati»  nomli  aksilinqilobiy  tashkiloti,  I.Ortiqov  boshliq  «Yoshlarning 
aksilinqilobiy  burjua-millatchilik  tashkiloti»,  «Ingliz  josuslik  rezidenturasi»,  «Yapon 
josuslik-qo’poruvchilik rezidenturasi» kabi tashkilotlar sovet hokimiyatiga qarshi faoliyat 
yuritmoqda deb e’lon qilindi, ularni tuzishda gumon qilinganlar qatag’on qilindi. 
Eng so’nggi ma’lumotlar, tarixiy hujjatlarni har tomonlama o’rganish, tahlil qilishlar, 
surishtirishlar  bunday  tashkilotlarning  respublikada  umuman  bo’lmaganligini  to’la 
tasdiqlamoqda. Demak, bunday aksilinqilobiy tashkilotlar qatag’onlik tuzumi buyurtmasi 
asosida  Markaz va uning  jazo organlari  tomonidan  atayin to’qib  chiqarilgan va  hayotga 
izchil  tatbiq  etilgan.  Buning  orqasida  ming-minglab  begunoh  insonlar  shafqatsiz 
jazolangan  umrlari  xazon  bo’lgan.  XX  asr  boshidan  40-yillargacha  450  ming 
vatandoshlarimizga nisbatan  «jinoiy  ish» ochilganligi, ularning  hayoti ostin-ustun bo’lib 
ketganligi faktdir. 

Faqat  1937-1939-yillarda  O’zbekistonda  hammasi  bo’lib  43  mingdan  ziyod  kishi 
qamoqqa  olingan.  Ulardan  6  ming  920  nafari  otib  tashlangan.  37  ming  nafari  esa  turli 
muddatli qamoq va surgunlarga hukm etilgan. 
Mustabid tuzum jallodlarining bu bedodligini hech narsa bilan oqlab bo’lmaydi. Yaqin 
milliy  tariximizning  bu  qorong’u  zulmati  xalqimiz  dilida  mangu  o’chmas  armon  bo’lib 
qoldi. U faqat milliy istiqlol tufayiligina to’la yuzaga chiqib, bundan yurtimiz fuqarolari 
chinakam ro’shnolik ko’rish baxtiga musharraf bo’ldilar. 
Ziyolilarning  qatag’on  qilinishi.  Stalincha  siyosiy  qatag’onlikdan  jamiyatning 
sog’lom kuchlari, milliy ziyolilar eng ko’p aziyat chekdi, mislsiz qurbonlar berdi. Negaki, 
totalitar  rejim  mutasaddilari  o’zlari  jaholatparast  kimsalar  bo’lganligidan,  ilmu  ma’rifat, 
ziyo  ahlini  qadrlash,  e’zozlash  o’rniga  ularni  xo’rlash,  tahqirlash,  kerak  bo’lsa  yo’q 
qilishni o’zlariga kasb qilib olgandilar. Shu bois vaqti-vaqti bilan ziyoli kadrlarni qatli om 
chig’irigidan o’tkazish, saflarini «yagonalab» turish ular uchun odatiy hol bo’lib qolgandi. 
Masalan,  butun  hayoti  ijodini  millat  baxt-saodati,  yurt  istiqboli  uchun  bag’ishlagan 
Munavvar  qori  shu  davrda  avj  olgan  sovetlar  ig’vosi  va  bo’htonining  aybsiz  qurboni 
bo’ldi.  Uning  rahnomoligida  millat  ravnaqi  va  istiqloli  yo’lida  faoliyat  yuritgan,  xalqqa 
ziyo  taratib  kelgan  «Milliy  istiqlol»  tashkilotining  87  a’zosi  ustidan  sud  uyushtirildi. 
Ularning 49 nafari «Xalq dushmani», «burjua millatchisi» degan ayblar bilan qoralanib, 
og’ir jazolarga hukm qilindilar. 
O’zbek  adabiyotining  ustunlari  bo’lgan,  noyob  ijodlari  xalq  mehrini  qozongan 
Abdulla  Qodiriy,  Abdurauf  Fitrat,  Abdulhamid  Cho’lpon,  Usmon  Nosir,  Mahmud  Botu 
(Xodiyev),  Elbek  (Mashriq  Yunusov),  Fozi  Yunus  kabi  ajoyib  iste’dodlarni  quruq 
bo’htonu  tuhmatlar  asosida  «xalq  dushmanlari»  sifatida  jismonan  yo’q  qilinib,  yorqin 
faoliyati so’ndirildi. 
Masalan,  ulardan  biri  -  professor  Fozi  Olim  Yunusovni  oladigan  bo’lsak,  u  50  dan 
ziyod asarlar muallifi edi. Arab, fors, nemis, ingliz va barcha turkiy tillarni puxta bilardi. 
U hatto rus, arab va nemis tillarida Samarqand universiteti, Toshkent pedagogika instituti 
hamda Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutida umumiy tilshunoslik va til bilimiga kirish 
kabi  maxsus  kurslardan  ma’ruzalar  o’qirdi.  Biroq  bunday  iste’dodlar  qatag’on  jallodlari 
uchun  sariq  chaqalik  qadr-qimmatga  ega  bo’lmagan.  Mustabid  tuzum  farmonbardorlari 
ayniqsa bunda o’zbek xalqining milliy ongi, tafakkurini yoritish, uning o’zligini tanitishga 
fidoyilik  qilgan,  istiqlol  darg’alari  bo’lgan  jadid  namoyandalarini  yo’q  qilishni  o’z 
oldilariga maqsad qilib qo’ydilar. Bunga erishdilar ham. 
O’zbekiston  hukumatining  tashabbusi  va  sa’y-harakati  bilan  20-yillarda  xorijga 
o’qishga  yuborilib,  yaxshi  mutaxasislar,  fan  arboblari  bo’lib  yetishgan  kishilar  atayin 
qatliom  qurbonlari  bo’ldilar.  Agar  Germaniya  yoki  Turkiyada  ta’lim  olgan  bo’lsalar 
ularga o’sha mamlakatlarning josuslari degan ayb qo’yildi. Buning uchun ularning uyida 
tintuv  paytida  chet  elda  bosilgan  kitob  topilguday  bo’lsa,  shuning  o’zi  yetarli  dalil  edi. 
Axir  ular  chet  el  oliy  o’quv  yurtlarida  o’qigan  bo’lsalar  ularda  shunday  kitoblar  bo’lishi 
tabiiy  edi.  Masalaning  bunday  mantiqiy  jihatlari  chalasavod  jazo  organlari  vakillarini 
qiziqtirmagan.  Xorijda  ta’lim  olib,  professorlik  unvoniga  sazovor  bo’lgan  Ahmadjon 
Ibrohimov,  Majid  Ibrohim,  Ibrohim  Yorqin,  Tohir  Shokir,  Abduvahob  Ishoq,  Saida 
Shermuhammad  qizi,  Sattor  Jabbor,  Otajon  Hoshim  va  boshqalar o’sha  davrlarda millat 
faxri  bo’lganlar.  Ularga  ham  “xalq  dushmani”,  “chet  el  josusi”  qabilidagi  tavqi  la’nat 
tamg’asi bosilib qatliom etildilar. 

Stalincha  totalitar-mustabid  tuzum  bedodligi  va  zulmining  haddan  ziyod  kuchayib 
borishi  davomida  nafaqat  yurtparvar  milliy  kadrlar,  fidoyi  ziyolilarning  hayot  tarzi, 
qismati  zavol  topdi,  balki  shu  bilan  birga  millionlab  yurt  fuqarolarining  oddiy  insoniy 
qadr-qiymati,  or-nomusi  toptaldi,  tahqirlandi.  G’addor  tuzum  zulmkorlari  o’z 
g’ayriqonuniy  hatti-harakatlarini  avj  oldirib,  bunda  har  bir  insonning  yurish-turishi, 
kundalik  mashg’uloti,  muomalasidan  tortib  to  uning  qanday  tafakkur  yuritishigacha 
bo’lgan  hamma  jarayonlarni  ham  o’z  nazoratiga  olishga  intilganlar.  Bundan  ko’zlangan 
asosiy maqsad esa insonlar erki, irodasini jilovlash, uni muayyan chegara doirasida ushlab 
turish va shu yo’l bilan badkirdor tuzum  sha’niga dog’ tushirmaslik, uning soxta obro’-
nufuzini asrash, avaylash edi. 
Sovetlar o’z siyosatidan salcha og’ish, unga zid keluvchi hollarga shafqatsizlik bilan 
munosabatda  bo’lardi.  Buning  oqibatida  kishilar  dunyoqarashi,  e’tiqodini  o’z  izmiga 
bo’ysundirish,  uni  kommunistik  axloq,  ilmiy  va  ateistik  tamoyillar  ruhida  shakllantirish 
uchun  hujumkor  kurash  olib  borgan  sovet  mafkurasining  respublika  mehnatkashlarining 
ma’naviy  hayotiga  yetkazgan  zarari  behisob  bo’ldi.  Shu  yo’l  bilan  xalq  ma’naviy-ruhiy 
hayotiga  asrlar osha muhim  hissa qo’shib  kelgan butun boshliq  ruhoniylar  tabaqasi  yo’q 
qilindi. Din peshvolari qattiq ta’qibu quvg’inga olindi. 
Bu  davrda  insonni  qoralash,  uning  peshonasiga  «xalq  dushmani»  tamg’asini  bosish 
tuzum  zolimlari  uchun  huddi  «xamirdan  qil  sug’urganday»  gap  bo’lgan.  Hatto  shunday 
hollarga  duch  kelindiki,  respublikadagi  ko’p  xonadonlarda  vaqti-vaqti  bilan  o’tkazilgan 
tintuv paytida mabodo arab yozuvida bosilgan biror kitob topilguday bo’lsa, uning nomi, 
mazmuni  so’rab,  surishtirilmasdan  o’sha  xonadon  sohibiga  jamiyatga  yot  unsur  degan 
la’nat tamg’asi bosilib, u qamoq yoki surgun jazosiga hukm etilaverilgan. 
Shunday qilib, stalincha qatag’onlik respublikamiz hayotining barcha sohalari uchun 
qonli  fojialar,  beadad  yo’qotishlar  bilan  to’lib  toshgan  davr  bo’ldi.  U  millionlab 
odamlarning  taqdir-qismatida  asoratli  iz  qoldirdi  va  mislsiz  xunuk  oqibatlarni  yuzaga 
keltirdi.  Shunga  qaramay  xalqimiz  o’z  bukilmas  irodasini,  matonatini  namoyon  etib, 
yorug’, charog’on kunlar kelishiga intiqib, kurashib yashadi. U stalincha qatliomning har 
qanday shiddatiga dosh berib, o’z asriy qadriyatlarini, udumlari, rasm-rusumlarini saqlab, 
imon-e’tiqodida  sodiq  qola  bildi  va  hamisha  milliy  istiqlol  sari  dadil  harakatlanishda 
davom etdi. 
Biz,  milliy  istiqlol  davri  kishilari  jonajon  yurtimiz  ozodligi  va  mustaqilligi  yo’lida 
kurashib,  stalincha  qatag’onlik  qurbonlari  bo’lib  ketgan  aziz  insonlar  xotirasini  doimo 
qalbimiz  to’rida  saqlamog’imiz  kerak  bo’ladi.  Bu  har  birimiz  uchun  farzu  qarzdir. 
Yurtboshimizning 2001-yil 1-maydagi farmoni bilan har yili 31-avgust kunini «Qatag’on 
qurbonlari»  xotirasini  nishonlash  kuni,  deb  e’lon  qilinganligi  g’oyatda  quvonarlidir.  Bu 
hozirgi  minnatdor  avlod  kishilarining  shahid  ketganlar  xotirasi  oldidagi  ehtiromining 
umumxalq e’tirofidir. 
 
Download 5.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   39




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling