1. Ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va bug‘ qozonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin


Download 120.56 Kb.
Sana28.12.2022
Hajmi120.56 Kb.
#1018439



[OKOZ:

1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.07.00 Alohida toifadagi xodimlarni mehnatining muhofaza qilish]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]

O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktorining
buyrug‘i
Ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va bug‘ qozonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 17-noyabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2729]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv ta’minoti tashkilotlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va bug‘ qozonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor U. XALMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2015-yil 19-oktabr,
107-son
O‘zbekiston “O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktorining 2015-yil 19-oktabrdagi 107-sonli buyrug‘iga
ILOVA
Ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va bug‘ qozonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi hamda 2013-yil 6-noyabrdagi 300-son “Respublikaning issiqlik va suv ta’minoti tashkilotlarini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va bug‘ qozonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va bug‘ qozonlarini o‘rnatish va ulardan foydalanuvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilot deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.
2. Mazkur Qoidalar talablari ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnologik jarayonlarni va sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar orqali amalga oshiriladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
2-bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-son qarori bilan tasdiqlangan Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar.
7. “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, xodimlar soni 50 nafar va undan ortiq bo‘lgan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ziyod transport vositalariga ega bo‘lgan tashkilotlarda esa, bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
11. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
13. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yo‘l qo‘yiladigan chiqarishlarini o‘rnatish qoidalari” bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilotlar o‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim.
18. Lavozim yo‘riqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan rezervuarlar, elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar o‘ta xavfli kasblar ro‘yxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar o‘ta xavfli ishlar ro‘yxatiga kiritilishi zarur.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirishlari shart.
21. O‘ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibda himoyalanish vositalarini qo‘llash
22. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo‘llanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi shart.
24. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
25. Xodimlar Qurilish, qurilish-montaj va ta’mirlash-qurilish korxonalari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalarini bepul berishning namunaviy normalariga (ro‘yxat raqami 2224, 2011-yil 10-may) muvofiq maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibdagi himoyalanish vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak.
27. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qo‘llaniladigan vositalar bundan mustasno.
28. Zaharli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq zarur ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
31. Bosim ostida va boshqa o‘ta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi shart.
32. O‘n sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo‘llanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 1990, 2009-yil 29-iyul) muvofiq, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud bo‘lgan ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
33. Ayollar mehnatidan foydalanish to‘liq yoki qisman taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxatiga (ro‘yxat raqami 865, 2000-yil 5-yanvar) muvofiq, ayollar zararli va noqulay mehnat sharoiti mavjud bo‘lgan ishlarga qabul qilinmasligi kerak.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish shart-sharoitlari
34. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish, unga yo‘l-yo‘riq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
35. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
36. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
37. Tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiyot xizmati ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkaziladi.
38. Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan bo‘yin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qo‘ymaslikka haqlidir.
39. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
40. Xodimlarni sog‘lig‘ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qo‘yish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
41. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
42. Tashkilotning xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xomashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug‘ligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish. Loyihalashtirish me’yorlari”ga muvofiq bo‘lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug‘lik kuchini ta’minlashi;
yoritish asboblari chang to‘planishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo‘lishi.
43. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilatsiya va konditsionerlash” talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
44. Ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, materiallarni saqlash xonalarini gigiyenik jihatdan toza saqlash va xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qo‘yiladigan talablar tegishli normativ hujjatlarda belgilangan qoidalarga muvofiq bo‘lishi lozim.
10-§. Tashkilot maydonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
45. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II 89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” talablariga mos bo‘lishi kerak.
46. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining ko‘rinarli qismiga osib qo‘yilishi zarur.
47. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Maydonlardagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
48. Yozgi mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan bo‘lishi kerak.
49. Qishki mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
50. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m bo‘lib, yon tomonlari devorcha va to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
51. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
52. Tashkilotning hududi chegara bo‘ylab to‘silgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
11-§. Bino va inshootlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
53. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga, yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
54. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari hamda yordamchi binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
55. Muntazam ishlashga mo‘ljallangan xonalarning pollariga yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi, mazkur pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi zarur.
56. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
57. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan bo‘lishi kerak.
58. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq bo‘lishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq bo‘lishi zarur.
59. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
60. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
61. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ish jarayoni halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
62. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari va omborxonalari yong‘indan xabar beruvchi va yong‘inni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
63. Kirish va chiqish yo‘llari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yo‘llarining barcha eshiklari binodan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
64. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
65. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatish.
66. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
67. Shamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
68. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
69. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari o‘tish yo‘laklarining kengligiga qo‘yilgan talablarni buzmasligi zarur.
70. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21° S, o‘rtacha og‘ir ishda 17° S va og‘ir ishda 16° S dan past bo‘lmasligi kerak.
71. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalardagi havo harorati 22° S dan kam bo‘lmasligi kerak.
72. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalargacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
14-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo‘yiladigan talablar
73. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarning ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi zarur.
74. Ichimlik suvi O‘zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq bo‘lishi, uning harorati 8º S dan 20º S gacha bo‘lishi kerak.
75. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o‘rnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
15-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
76. Tashkilot hududi va ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish “Tabiiy va sun’iy yoritish” QMQ 2.01.05-98 talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
77. Yorug‘lik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak.
78. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi zarur. Yorug‘lik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
79. Tashkilot hududi va ishlab chiqarish xonalarida yoritish vositalarining ko‘zni qamashtirishidan saqlash choralari ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
80. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
81. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi bo‘lgan gaz va chang konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli mavjud bo‘lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o‘rnatilishi kerak.
82. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkyerlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
83. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi zarur.
84. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
85. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi kerak.
86. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
16-§. Maishiy imoratlarga qo‘yiladigan talablar
87. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari ShNQ 2.09.04-09 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
88. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning o‘lchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qo‘l yuvgichlar, ichimlik suvi ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng ko‘p xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
89. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
90. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorong‘i paytida yoritilgan bo‘lishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar
91. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
92. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan ta’minlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar bo‘shatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
93. Tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitni oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
18-§. Ish vaqti va dam olishga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
94. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(94-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
3-bob. Ishlab chiqarish (texnologiya) jarayonlariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Ishlab chiqarish jarayonlariga qo‘yiladigan xavfsizlikning umumiy talablari
95. Texnologik jarayonlar GOST 12.3.002-75 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Ishlab chiqarish jarayonlari. Xavfsizlik bo‘yicha umumiy talablar”ga muvofiq tashkil etilishi kerak.
96. Ishlab chiqarish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashda:
ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va qozonlarni o‘rnatish va ulardan foydalanishda mos bo‘lgan texnologik jarayonlarni qo‘llash;
shikastlanish va kasb kasalliklariga olib kelmaydigan ishlab chiqarish uskunalarini qo‘llash;
nazorat-o‘lchov asboblarini, avariyalarga qarshi himoya qurilmalarini hamda axborotni qabul qilish, qayta ishlash va uzatish vositalarini qo‘llash;
tezkor va germetik ishlaydigan berkituvchi va tartiblovchi armaturalarni hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini chegaralovchi vositalarni qo‘llash;
ishlab chiqarish uskunalarini qulay joylashtirish va ish joylarini tashkil qilish;
portlashning oldini olish va yong‘indan himoyalanishga doir texnik va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish zarur.
97. Ishlab chiqarish jarayonida gaz xavfi bor ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
98. Ortiqcha bosimli suv isitish qozonlari, suv isitgichlar va qozonlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish jarayonlarida yong‘in va portlash xavfi bor muhitning ruxsat etilgan chegarasi haqida xabar beruvchi va qurilmani xavfsiz tarzda to‘xtatib qo‘yadigan yoki jarayonni xavfsiz holatga o‘tkazadigan avtomatik himoya tizimi rejalashtirilishi lozim.
99. Tashkilotlarda texnologik jarayonlarni amalga oshiruvchi barcha uskunalarning texnik hujjatlari (pasporti, chizmasi va ishlatishga doir qo‘llanmasi) bo‘lishi kerak.
100. Texnologik jarayonlarni amalga oshiruvchi uskunalar ketma-ketligi blokirovka (avtomatik to‘xtatib qo‘yish) tizimi bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
101. Texnologik uskunalarga tashkilot rahbari tomonidan mazkur ishni bajarish topshirilgan xodim tomonidan xizmat ko‘rsatilishi lozim. Begona shaxslarning ishlab chiqarish joylarida bo‘lishlariga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
102. Ishlab chiqarish jarayonlarini rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda yong‘in va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga muvofiq ta’minlanishi lozim.
103. Belgilangan tartibda sinovdan o‘tkazilmagan yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llash taqiqlanadi.
104. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan ShNQ 2.01.19-09 “Bino, xona va tashqi qurilmalarni portlash, yong‘in va yong‘in xavfliligi toifalarini aniqlash”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
105. Ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
106. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
107. Shamollatish tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi lozim.
108. Yong‘inga qarshi suv ta’minoti manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
109. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi zarur.
110. Ishlab chiqarish amalga oshiriladigan bo‘limlarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadi.
111. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin bo‘lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
112. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ularga yong‘inning oldini olish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
113. Qozonxonada yong‘in (portlash) yuz berganda, yong‘indan saqlash xizmati tezda chaqirilib, qozon holatining nazoratini davom ettirish va yong‘inni o‘chirish choralari ko‘rilishi lozim.
Qozonxonada yong‘in (portlash) yuz berganda, qozonxona binosining tashqarisidagi zulfin yordamida gazning kelishi to‘xtatilishi kerak.
Yong‘in qozonlarga xavf solayotgan bo‘lsa va uni o‘chirishning iloji bo‘lmasa, qozonlarni avariya tartibida tezda to‘xtatish, unga suv yuborib, ichidagi bug‘ni atmosferaga (bino tashqarisi) chiqarib yuborish lozim.
3-§. Elektr qurilmalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
114. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatishda va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablariga rioya qilinishi kerak.
115. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim tayinlangan bo‘lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi shart.
116. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishi uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatish uchun esa, IV malaka guruhiga ega bo‘lishi talab etiladi. Mas’ul xodim davriy ravishda va o‘rnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi bo‘yicha komissiyada sinovdan o‘tishi shart.
117. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilma va tarmoqlarda rejali ta’mirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini;
elektr energiya sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazib turilishini ta’minlashi kerak.
118. Elektr toki o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
119. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa, suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo‘lishi shart.
120. Taqsimlovchi qurilmalar izolatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
121. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qo‘llaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
122. Kabellar va elektr simlarning izolatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va o‘lchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
123. Elektr apparatlari va agregatlarining nollash va yerga ulash simlari butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
124. Quyidagi elektr qurilmalari nollanishi yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlovchi barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past bo‘lgan o‘zgaruvchan tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past o‘zgarmas tokda ishlovchi yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
125. Nominal kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nollash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga o‘rnatilgan nazorat kabellari, kuch kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi bo‘lgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi cho‘lg‘amalari bundan mustasno.
126. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
127. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning g‘iloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim.
128. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘r bilan o‘ralgan va to‘r yerga ulangan bo‘lishi lozim.
129. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi zarur. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi lozim.
4-§. Ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish va nazorat qilishda qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
130. Tashkilot rahbariyati tegishli xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish, qozonlarni soz holda saqlanishini va ulardan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya qilinishini ta’minlashi kerak.
131. Tashkilot rahbariyati davriy ravishda (yilda kamida bir marta) qozonlarning ishlashini nazorat qilib borishi lozim.
132. Qozonlarning texnik holati va ulardan foydalanishni nazorat qilish tashkilot bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida muhandis-texnik xodimlar tomonidan amalga oshiriladi, bular quyidagilardan tashkil topadi:
qozonlarni ishchi holatdaligini ko‘zdan kechirish va ulardan foydalanishda belgilangan tartibga rioya qilinayotganligini tekshirish;
qozonlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish.
133. Qozonlarning texnik holati va ulardan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha muhandis-texnik xodimlari:
kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tashkilot rahbari, sex va bo‘limlarning muhandis-texnik xodimlari uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan topshiriqlar berish;
tashkilot rahbariyatiga kamchiliklarning sabablarini bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berish;
xizmat xodimlari orasida malakasi yetarli bo‘lmagan xodimlar aniqlanganda, shuningdek xodimning malaka oshirish muddatlari o‘tib ketganda, uni qozonga xizmat ko‘rsatishdan chetlatish huquqiga ega.
134. Qozonxonaga qozonlardan foydalanish va qozonxona uskunalariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Zaruriyat tug‘ilganda begona shaxslar qozonxonaga faqatgina uning rahbari ruxsati va uning vakili ishtirokida kirishga ruxsat etiladi.
135. Qozonlarni soz holatda saqlash va ulardan xavfsiz foydalanishga mas’ul etib tayinlangan shaxs maxsus texnik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.
136. Qozonlarni soz holatda saqlash va ulardan xavfsiz foydalanishga mas’ul etib tayinlangan shaxs quyidagilarni ta’minlashi kerak:
qozonlarni ishchi holatdaligini muntazam ko‘zdan kechirish;
ish kunlarida navbatchilik jurnalidagi qaydlarni tekshirish;
qozonlarni o‘z vaqtida rejali ta’mirlashdan o‘tkazish hamda ularni texnik ko‘rikdan o‘tkazishga tayyorlash;
xodimlarga tegishli yo‘l-yo‘riqlar berish;
qozon pasporti va ishlab chiqaruvchi zavodning qozonlarni montaj qilish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalarini saqlash;
qozonxona xodimlari bilan avariya va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish;
qozondan foydalanish va ta’mirlashda texnik hujjatlardagi yozuvlarning to‘g‘riligini tekshirish;
aniqlangan nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish choralarini ko‘rish.
5-§. Qozonlarni avariya holatida to‘xtatishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
137. Qozonlar quyidagi hollarda darhol to‘xtatilishi kerak:
saqlovchi klapanda nosozliklar aniqlanganda;
qozon barabanidagi bosim ruxsat etilgandan 10 foizga oshganda hamda uning oshishi davom etsa;
barabandagi suv darajasi yo‘l qo‘yiladigan eng past darajadan kam bo‘lsa;
barabandagi suv darajasi yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajadan yuqori bo‘lsa;
barcha suv nasoslari faoliyati to‘xtasa;
suv harorat ko‘rsatkichlarining harakati to‘xtasa;
qozonning asosiy qismlarida (baraban, kollektor, kamera, bug‘ va suv o‘tkazish quvurlari, yong‘in qutilari, o‘choq qoplamasi, quvur panjarasi, tashqi ajratgich armatura) yoriq (darz) payvandlangan joylardan o‘tish (suv o‘tish) joylari paydo bo‘lsa yoxud anker bolti uzilsa;
kamerada yoqilg‘i yonganda olov o‘chib qolsa;
suv isitish qozoni orqali o‘tuvchi suv sarfi minimal darajadan kam bo‘lsa;
xavfsizlik va avtomatik ogohlantirish tizimi nosoz bo‘lsa, bu qurilmalarda kuchlanish yo‘qolsa;
qozonda yong‘in yuz berganda va xodimlar jarohatlanganda;
qozonning me’yoriy hisoblangan ishlash muddati tugaganda;
qozondagi suvning sarfini o‘lchaydigan asboblar ishdan chiqsa yoki qozonda 30 soniyadan ortiq vaqt davomida har qanday suv oqimlar to‘xtatilsa;
dudburon va tutun ventilyatorlari o‘chirilganda;
o‘choqda, gaz yo‘li yoki kulni saqlab turuvchi qurilmalarda portlash yuz bersa hamda xodimlar jarohatlanishi va uskunalar shikastlanishiga sabab bo‘lsa;
qozon chetlaridagi mazut va gaz quvurlari buzilishida.
138. Qozonni avariyaviy to‘xtatish tartibi ishlab chiqarish yo‘riqnomalarida ko‘rsatilishi kerak.
Qozonni avariyaviy to‘xtatish sababi navbatchilik jurnalida yozib qo‘yilishi kerak.
139. Qozonxonalarda avariya yuz beradigan hollarda uni to‘xtatishda xavfsizlikni ta’minlash uchun quyidagi choralar qo‘llanilishi zarur:
yoqilg‘i va havo kelishini to‘xtatib, tutun yo‘lini tortish kuchini tezda sustlashtirish;
zudlik bilan o‘choqdagi yoqilg‘ini olib tashlash;
o‘choqda o‘t yonishi to‘xtagandan keyin tutun zaslonkasini, qo‘l bilan yoqish o‘choqlarida esa, uning eshikchalarini ochib qo‘yish;
saqlagich klapanlarini ko‘tarib qo‘yish yoki avariya jo‘mragi orqali bug‘larni chiqarish.
140. Issiqlik elektrostansiyalaridagi qozonlarni avariya holatida to‘xtatish O‘zbekiston Respublikasi elektr stansiyalari va tarmoqlarini texnikaviy ekspluatatsiya qilish qoidalari (ro‘yxat raqami 1405, 2004-yil 10-sentabr) talablariga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
4-bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
141. Asosiy va yordamchi uskunani tegishli texnik hisoblarga ega bo‘lgan poydevor va asoslarga o‘rnatish, moslash va ishonchli tarzda mahkamlash kerak.
142. Uskunani montaj qilish ishlab chiqaruvchi zavod loyihasi va yo‘riqnomasiga mos holda bajarilishi zarur.
143. Uskunani montaj qilish paytida loyihani ishlab chiqqan tashkilotning ruxsatisiz chizmalarga o‘zgartirish kiritish yoki undan chetga chiqishga ruxsat etilmaydi.
144. Uskunani demontaj qilish vaqtida uning elektr yuritmasi elektr tokidan uzib qo‘yilishi, yuritma tasmalari yechib olinishi, ishga tushirish qurilmalariga esa “Ishga tushirilmasin — odamlar ishlayapti!” deb yozilgan plakatlar osib qo‘yilishi lozim.
145. Uskunani elektr tarmoqqa ulash va ishga tushirish faqat hamma himoya va saqlash qurilmalari o‘z joyiga o‘rnatilgandan keyin mas’ul xodim ruxsati bilan amalga oshiriladi.
146. Yaroqsiz uskunada ishlash taqiqlanadi. Uzoq vaqt ishlatilmagan va yaroqsiz uskuna barcha energiya eltgich va texnologik quvuro‘tkazgichlardan (elektr kuchlanishi, siqilgan havo va hokazolar) uzib qo‘yilishi lozim.
2-§. Qozonlarni o‘rnatish va ulardan foydalanishda hamda qozonlarning tuzilishiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
147. Bug‘ va suyuqlik qozonlari qozonxonada alohida-alohida o‘rnatilishi kerak.
148. Qozonlarni ochiq maydonlarga o‘rnatganda yuqori organik issiqlik va issiqlik sovishini oldini olish choralari amalga oshirilishi kerak.
149. Quvurlar va yuqori organik issiqlik idishlari joylashtirilgan qozonxonalarda qozonning sovishiga olib kelmaydigan harorat ta’minlanishi kerak.
150. Qozonxona binosida qozonlarni o‘rnatish joyi eshik qurilmasidan 2 m dan kam bo‘lmagan balandlikda pardevordan ajratilgan holda bo‘lishi kerak.
151. Qozonxona binosidagi birinchi qavat polining balandligi bino atrofidagi hudud balandligidan past bo‘lmasligi kerak.
152. Qozonxonaga kirish-chiqish eshiklari faqat tashqariga ochilishi lozim. Eshiklarda ichkaridan berkitiladigan moslama bo‘lmasligi kerak. Qozonxonadan chiqadigan eshiklar qozonlar ishlab turganda berkitilmasligi zarur.
153. Har bir qozon uchun isitish yuzasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va smolali qatlamdan tozalash grafigi belgilangan bo‘lishi kerak.
154. Qozonxona binosida tez alangalanadigan yoqilg‘i solingan idishlar hamda yonuvchi moylash materiallarining zaxirasini saqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
155. Suyuq yoqilg‘ini yondirishda forsunkalardan tomadigan yoqilg‘ini qozonxona poliga tushirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
156. Suyuq yoqilg‘i keladigan o‘tkazgich quvurlariga zarur hollarda qozonlarga borishini to‘xtatadigan berkitish jo‘mraklari o‘rnatilishi zarur.
157. Qozonxonada favqulodda vaziyatlar uchun ovozli signalizatsiya tizimi, tashkilot rahbariyati va bug‘ iste’molchilari bilan aloqa o‘rnatish uchun aloqa vositalari bo‘lishi zarur.
158. Qozonlar ishlab turganda quyidagilar taqiqlanadi:
o‘choqda yonish jarayoni tugab, bosim atmosfera bosimi darajasiga tushmaguncha qozonni qarovsiz qoldirish;
qozonning bosim ostidagi elementlarida ta’mirlash ishlarini o‘tkazish;
navbatchilikda turgan mashinistga (o‘t yoquvchiga) uning ishlab chiqarish yo‘riqnomasida ko‘zda tutilmagan ishni bajarishni topshirish.
159. Qozonlarning ishlashi to‘xtatilganda, zudlik bilan o‘choqqa yoqilg‘i va havo berishni to‘xtatish, mo‘rilar va shamollatgichlarni berkitish orqali tutun so‘rilishini to‘xtatish hamda barcha havo va gaz zaslonkalarini berkitish zarur.
160. Qozonga va qozonning qurilmalariga ulardan foydalanishga ruxsati bo‘lmagan shaxslarning qo‘yilishi taqiqlanadi.
161. Qozon konstruksiyasining qurilmalari ularning buzilishini oldini olish uchun ankerli boltalar bilan mahkamlanishi kerak.
162. Qozon barabanida ichki qurilmalarni mustahkamlash uchun payvandlangan birikmalardan foydalanish lozim.
163. Qozon tuzilishi uning barcha qismlarining bir xilda isitilishi va me’yoriy ishlash tartibini ta’minlashi lozim. Bunda qozonning alohida qismlari issiqlikdan kengayishini hisobga olish kerak.
164. Qozonda tabiiy havo aylanishi uchun o‘rnatilgan qurilmada barabandan tashqarida joylashtirilgan ilgakka tirgak mahkamlangan bo‘lishi kerak.
165. Qozonning tuzilishi bosim ostidagi barcha qismlardan qozon suv bilan to‘lganda havoni chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
3-§. Qozonlarning qurilmalariga quyiladigan xavfsizlik talablari
166. Qozonxona qurilmalari QMQ 2.04.13-99 “Qozonxona qurilmalari” talablariga muvofiq bo‘lishi zarur.
167. Qozonxona qurilmasi qismlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, tartibga solish, sozlash paytida foydalaniladigan, yechib olinadigan uskunalarini jips o‘rnatish uchun ularga bo‘yoq yoki lak surtish taqiqlanadi.
168. Qozonxona qurilmasining konstruksiyasi uni montaj qilishda, sinash va ta’mirlashda hamda xizmat muddati davomida ishlatishda xavfsizlikni ta’minlashi lozim. To‘siqlarning g‘ilof va eshiklarida ularning ishonchli berk holatda turishini ta’minlaydigan moslamalar bo‘lishi shart.
169. Qozondagi suv sathini ko‘rsatuvchi uskuna yassi, silliq yoki qo‘tir shaffof shisha plastinkadan iborat bo‘lib, kamida 80 mm li ko‘rish tirqishiga ega bo‘lishi zarur. Mazkur ko‘rish tirqishi ko‘pi bilan 2 m balandlikda, old tomonga ko‘pi bilan 30º qiya qilib, tik holatda o‘rnatilishi lozim.
170. Qozonga umumiy bug‘ o‘tkazish qobiliyati qozonning bir soatlik unumdorligidan past bo‘lmagan kamida ikkita bug‘ saqlagich klapanlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
171. Saqlagich klapanlari xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning tegib ketishidan himoyalovchi to‘siqlarga ega bo‘lishi lozim.
4-§. Tuynik, tirqish, qopqoq va o‘txona eshiklaridan foydalanishda qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
172. Baraban va kollektorlarning tuynuklari:
aylana ellips yoki oval shaklda bo‘lishi;
aylana diametri 400 mm dan kam bo‘lmasligi;
ellips yoki oval tuynuk o‘qining o‘lchami 300 x 400 mm dan kam bo‘lmasligi;
tuynuk qopqog‘ining og‘irligi 30 kg dan ortiq bo‘lishi va asbobni qulay ochish va yopishni ta’minlashi kerak.
Ichki diametri 150 mm dan ortiq bo‘lgan kollektorlarda ichki sirtini tozalash va texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun ellips yoki aylana shakldagi 80 mm dan kam bo‘lmagan o‘lchamdagi tuynuklar nazarda tutilishi kerak.
173. O‘choq va gaz yo‘li devorida isitishni nazorat qilish, isitish yuzasi holati, shuningdek baraban va kollektorlarining isitish qismlari izolatsiyasi uchun tuynuk va ko‘zgu nazarda tutilishi kerak.
To‘g‘ri burchakli tuynuklar o‘lchamlari 400−450 mm dan, aylana tuynuklar diametri 450 mm dan kam bo‘lmasligi kerak va qozon qismlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun uning ichiga kirish imkoniyatini ta’minlashi kerak. Issiqlik quvurlari va gaz quvurli qozonlar bundan mustasno.
174. Eshiklar va tuynuklar, qopqoqlar va tirqishlar mustahkam bo‘lishi hamda o‘z-o‘zidan ochilib ketmasligi kerak.
5-§. Qozon qurilmalaridan foydalanishda qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
175. Yoqilg‘i kamerali kuydirish yoki torf taxta qirindisi va boshqa mayda ishlab chiqarish chiqindilarini yoquvchi shaxta o‘choq bilan jihozlangan qozonlar portlashdan saqlovchi qurilmalar bilan ta’minlanishi kerak. Bu qurilmalar qozon ekonomayzeri va kulini yo‘qotish qurilmalari joylashgan o‘txona devorlarida o‘rnatilishi kerak. Portlashdan saqlovchi qurilmalari xodimlarning jarohat olishiga olib kelmaydigan holda o‘rnatilishi kerak.
176. Portlashdan saqlovchi qurilmalarning tuzilish, miqdori, joylashishi va shartli kesimi o‘lchamlari qozon loyihasida ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
177. Qozon utilizatorida qozonga tutun chiquvchi, gazlarni uzatishni tezda o‘chirish imkonini beruvchi, berkituvchi qurilmalar bo‘lishi kerak. Berkituvchi moslamalarni qozonxona binosidan tashqarida joylashtirishda, ular qozonxona xodimi tomonidan ish joyidan (masofadan) boshqarish imkonini beradigan holda o‘rnatilishi kerak.
178. Qattiq yoki gaz holatidagi yoqilg‘ida ishlaydigan boyler qozonlar ulardagi suvning sirkulatsiyasi to‘xtab qolganda o‘choqqa yoqilg‘i uzatishni avtomatik ravishda to‘xtatuvchi qurilma bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
179. Barabandan tashqarida joylashtirilgan va tabiiy suvning sirkulatsiyasi bo‘yicha ulangan boyler quvurlar issiqlikdan erkin kengayishiga xalaqit bermaydigan, uni qozon bilan tutashtiruvchi va undagi gidravlik zarbalarni kompensatsiyalovchi tutqichlar (tirkamalar) yordamida o‘rnatilishi kerak.
180. Cho‘yan ekonomayzyerlarda suv, gaz va tutun yo‘llari o‘chirilish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim. Bunda gaz tutunlarini chiqarish uchun boshqa aylanma tutun yo‘li bo‘lishi lozim.
181. Ekonomayzyerlar ikkita parallel ulangan to‘yintirish qismlar yordamida ulanganda qozonni ekonomayzerning bitta qismi orqali to‘yintirish imkoniyati inkor qilinishi lozim. Ekonomayzerning har bir to‘yintirish qismi gazdan mustaqil o‘chirilish imkoniyati mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.
182. Cho‘yan ekonomayzerning chiqish joyidagi suvning harorati bug‘ qozonidagi to‘yingan bug‘ yoki suv isitish qozonidagi mavjud ishchi bosimdan bug‘ hosil qilinish haroratidan kamida 20° S past bo‘lishi kerak.
6-§. Qozon tagi va quvur panjaralariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
183. Qozonning tagi qavariq yarim shar yoki ellips yoxud torosferik shaklda bo‘lishi kerak.
184. Qozon tagining ellips, torosferik va yassi tub qismi silindrik yondevorga ega bo‘lishi kerak.
185. Payvandlangan birikmalarining tuzilishi va ularning joylashtirilishi isitish qurilmalarining erkin o‘rnatilishini ta’minlashi kerak.
186. Payvandlangan birikmalarning kesilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
187. Yonma-yon joylashgan payvandlangan birikmalar o‘qlari orasidagi minimal masofa payvandlangan detal nominal qalinligidan kam bo‘lmasligi kerak, ammo devor qalinligi 8 mm dan yuqori bo‘lganda kamida 100 mm hamda devor qalinligi 8 mm va undan kam bo‘lganda esa, kamida 50 mm bo‘lishi kerak.
188. Qozonni payvandlab biriktirishda tirgaklar bir-biriga tegib turmasligi kerak. Payvandlangan birikma osti (usti)da tirgaklar joylashtirilganda, foydalanish jarayonida tirgaklardan birikmagacha bo‘lgan masofa ularning holatini nazorat qilish uchun yetarli uzoqlikda bo‘lishi kerak.
Payvandlangan birikmalarning kesishish va qarshilik joyi tirgak bilan qayta yopilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
189. Payvandlangan birikmaning yon tomonidan quvur tirqishining uning o‘qigacha bo‘lgan masofa tirqish diametrining 0.9 barobaridan kam bo‘lmasligi kerak. Ayrim hollarda, payvandlangan birikmada quvur yoki shtutser mahkamlash uchun tirqish diametrining 0.9 barobaridan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi.
190. Ikkita yonma-yon tirqish markazlari orasidagi masofa tirqish diametrining 1.4 barobaridan kam bo‘lmasligi, agar tirqishlarning diametri turlicha bo‘lsa tirqishlar diametrining yig‘indisi yarmining 1.4 barobaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Uzunasiga yoki ko‘ndalang qatorda tirqishlarni joylashtirishda ko‘rsatilgan masofa 1.3 barobargacha kamaytirilishi mumkin. Quvurlar kollektor paneliga ega bo‘lganda tirqish diametrini 1.2 barobargacha kamaytirish lozim.
7-§. Himoya-oldini olish moslamalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
191. Bosimi 4 MPa (40 kgf/cm²) dan katta bo‘lgan bug‘ qozonlarida impulsli himoya-oldini olish (himoya) klapanlari o‘rnatilishi lozim. Ko‘chma qozon va 35 t/h dan kam bug‘ ishlab chiqaruvchi bug‘ qozonlarida esa, faqat prujinali himoya-oldini olish klapanlari o‘rnatiladi.
Richag (pishang, dastak) yuk va prujinali klapanlarning shartli o‘tish diametri 20 mm dan kam bo‘lmasligi lozim.
Bosimi 0,8 MPa (8 kgf/cm²), par ishlab chiqarish hajmi 0,2 t/h gacha bo‘lgan ikkita klapan o‘rnatilgan bug‘ qozonlarida shartli o‘tish diametri 15 mm gacha kamaytirilishiga ruxsat etiladi.
192. Bug‘ning qattiq qizishidan o‘chuvchi muhitda ishlovchi bug‘ va suv isitish qozonlarining har birida kamida ikkitadan himoya-oldini olish moslamalari o‘rnatilishi lozim.
193. Impulsli klapan bilan impulsli himoya moslamalari himoya-oldini olish bosh klapanini birlashtiruvchi quvurning shartli diametri 15 mm dan kam bo‘lmasligi lozim.
194. Bug‘ qozonlarida o‘rnatilgan profilaktik moslamalarining o‘tkazish qobiliyati qozon bug‘ ishlab chiqarishining nominal imkoniyatidan kam bo‘lmasligi kerak.
195. Himoya-oldini olish moslamalari:
tabiiy sirkulatsiyali bug‘ni qattiq bug‘ isitish moslamasi o‘rnatilmagan bug‘ qozonlarining yuqori barabani yoki quruq bug‘xonasida;
to‘g‘ridan to‘g‘ri oqizuvchi va majburiy sirkulatsiyali bug‘ qozonlarida ularning chiqish kollektorlari yoki bug‘ning chiqish yo‘lagida;
suv isitish qozonlarida chiqish kollektorlari yoki barabanida;
oraliq qattiq bug‘ isitkichlarida bug‘ning kirish tarafida;
suv bo‘yicha o‘chiriluvchi ekonomayzyerlarda, suvning kirish va chiqish o‘rnida o‘rnatilishi lozim.
196. Qozonda o‘chirilmaydigan qattiq bug‘ isitkich mavjud bo‘lsa, barcha himoya-oldini olish klapanlari qattiq bug‘ isitkichning chiqish kollektorida o‘rnatilishi kerak.
197. Bosimi 4 MPa (40 kgf/cm²) dan ko‘p bo‘lgan bug‘ qozonlarida impulsli himoya-oldini olish klapanlari (to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etmaydigan) o‘chirilmaydigan qattiq bug‘ isitkichning chiqish kollektorida yoki asosiy qulfli bug‘ o‘tkazgichda o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
Bir xil klapanlar soni toq bo‘lgan holatlarda impulslar uchun olinadigan bug‘ qozonda o‘rnatilgan klapanlarning ⅓ dan kam va ½ dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
Blokli qurilmalarda, klapanlar bevosita bug‘ o‘tkazgichdagi turbina yonida joylashtirilgan hollarda, barcha klapanlar impulsi uchun qattiq qizdirib yuborilgan bug‘ ishlatilishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunda, 50 foiz klapanlarga, qozon barabaniga biriktirilgan kontaktli manometrlardan qo‘shimcha elektr impulsi yuborilishi kerak.
Bir xil klapanlar soni toq bo‘lgan holatlarda qozon barabaniga biriktirilgan kontaktli manometrlardan yuboriladigan qo‘shimcha elektr impulsi klapanlarning ⅓ dan kam va ½ dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
198. Yuqori bosimli turbina silindridan keyin turuvchi bug‘ni oraliq masofada isituvchi energetik bloklarda oraliq bug‘ isitkichga kelayotgan bug‘ning maksimal hajmini o‘tkazish imkoniyatiga ega himoya-oldini olish klapanlari o‘rnatilishi lozim.
Bu klapanlar oraliq bug‘ isitkich tizimiga kiraverishdagi (himoya-oldini olish klapanlari bilan jihozlanmagan) oraliq bug‘ isitkich tizimi bilan bir muncha yuqori bosimga ega manbani bog‘lovchi quvur o‘tkazgichlarning o‘tkazish hajmini, shuningdek bug‘ va gaz-bug‘li issiqlik almashuvi apparatlaridagi haroratni muvofiqlashtiruvchi, yuqori bosimli bug‘ quvurlarining shikastlanishidan yuzaga keladigan yo‘qotishlarni inobatga olgan holda o‘rnatilishlari lozim.
199. Himoya-oldini olish klapanlari har yilda sozlanib turilishi lozim va bu haqida dalolatnoma tuzilib, muhr (plomba) qilinishi kerak.
200. Himoya-oldini olish klapanlari qozon, bug‘ isitkich va ekonomayzyerlarni ruxsat etilgan bosimning ko‘pi bilan 10 foizdan oshmasligini ta’minlashi kerak.
201. Yukli yoki prujinali klapan konstruksiyasi qozon ishlab turgan vaqtda klapanning ishlayotgan yoki ishlamayotganligini, uni majburiy ochish yo‘li bilan tekshirish imkoniyatini ham nazarda tutishi lozim. Boshqaruv shitidan (masofadan turib) klapanni majburiy ochish imkoniyatini beruvchi moslama jihozlangan bo‘lishi lozim.
202. Prujinali klapanlar konstruksiyasi uning belgilangan me’yoridan ortiq cho‘zilishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Klapanlar prujinasi bug‘ oqimining to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishidan himoyalangan bo‘lishi kerak.
203. Himoya-oldini olish klapanlari, ular bilan ishlovchi xodimlarni kuyishdan ehtiyot qilish uchun, bug‘ni chetga olib chiquvchi quvuro‘tkazgichlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu quvuro‘tkazgichlar muzlashdan himoyalangan bo‘lishi hamda ularda to‘plangan kondensatni chiqarib yuborish uchun moslangan drenajlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Drenajlarga berkitish yoki tiqiltirish moslamalari o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
204. Suv isitish qozoni, ekonomayzyerlar himoya-oldini olish klapanlaridan suvni chiqarib yuboruvchi quvur suvning erkin sizib chiqish tarmog‘i (chizig‘i)ga ulanishi lozim. Unda ham, erkin sizib chiqish tarmog‘ida ham hech qanday berkitish yoki tiqiltirish moslamalari bo‘lmasligi lozim. Suvni chiqarib yuboruvchi quvur tizimlari va erkin sizib chiqish moslamalari xodimlarni kuydirib qo‘yishining oldi olinishi lozim.
8-§. Suv sathi ko‘rsatkich moslamalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
205. Qozonda to‘g‘ri ta’sir etuvchi suv sathini ko‘rsatish moslamalari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim (to‘g‘ridan to‘g‘ri oquvchi bug‘ qozonlari bundan mustasno). Ularni takrorlovchi sifatida qo‘shimcha to‘g‘ri ta’sir etuvchi suv sathini ko‘rsatish moslamalari o‘rnatilishi kerak.
206. Har bir suv sathi ko‘rsatkichi qozon barabaniga mustaqil ulanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bog‘lanish quvuri (kolonkasi)da diametri 70 mm dan kam bo‘lmagan ikkita suv sathi ko‘rsatkichi o‘rnatilishi lozim.
207. Suv sathi ko‘rsatkichlarini qozon bilan ulovchi quvurlar shakli (konfiguratsiyasi) ularda suvli qoplar shakllanishiga yo‘l qo‘ymasligini hamda quvurlarning oson tozalanishini ta’minlashi lozim. Bog‘lash quvurlari yoqilg‘ini yondiruvchi mahsulotlar yonishi sababli kelib chiqadigan qizib ketishdan hamda muzlashdan himoyalangan bo‘lishi lozim.
208. Bug‘ qozonlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi sath ko‘rsatkichlarida faqat tekis, ichini ko‘rib turish imkonini beruvchi plastinalar qo‘llanishi kerak.
Ishchi bosimi 4 MPa (40 kgf/cm²)gacha bo‘lgan qozonlarda o‘yilgan, qavat-qavat chizig‘i bor plastinalar ham, har ikki tomoni silliq plastinalar ham qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Ishchi bosimi 4 MPa (40 kgf/cm²)dan ko‘p bo‘lgan qozonlarda esa, har ikki tomoni silliq shaffof mineral (slyud)li plastina yoki plastinalar to‘plami qo‘llaniladi. Ular plastinalarga suv va bug‘ning bevosita ta’sir etishidan himoyalab turishi lozim.
Shaffof mineral bilan qoplanmagan ko‘rish plastinalarning materiali tegishli bosim va haroratda suv va bug‘ tufayli zanglashga nisbatan chidamli bo‘lsa, ulardan ham foydalaniladi.
Ochiq holda o‘rnatilgan utilizator yoki energotexnologik qozonlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi sath ko‘rsatkichlarida har ikki tomoni shaffof minerallar bilan himoyalangan shaffof mineralli yoki oynali plastinalar qo‘llanilishi kerak. Sath ko‘rsatkichlari isitiladigan shkaflarga o‘rnatilgan hollarda oynali plastinalardan foydalaniladi.
209. To‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etuvchi suv sathi ko‘rsatkichlari vertikal yoki 30° gacha oldiga egilgan holatda o‘rnatilishi va u shunday joylashgan va yoritilgan bo‘lishi kerakki, zarur bo‘lganda uni mashinist (operator)ning ish joyidan bemalol ko‘rish imkoniyati bo‘lishi lozim.
210. Ishchi bosimi 4 MPa (40 kgf/cm²)dan ko‘p bo‘lgan qozonlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi suv sathi ko‘rsatkichlari maxsus g‘ilof bilan qoplanib, shaffof plastinalar yorilgan, buzilgan holatlarda ishchi xodimlarni himoyalashga xizmat qilishi lozim.
211. Suv sathi ko‘rsatkichlari ko‘rish darchasining kengligi quyidagicha bo‘lishi kerak:
shaffof oynali plastinalar qo‘llanganda – 8 mm dan kam bo‘lmasligi;
shaffof mineral (slyudyan)li plastinalar qo‘llanganda – 5 mm dan kam bo‘lmasligi kerak.
212. Suv sathini ko‘rsatuvchi moslamalari ularni qozondan o‘chirish va havo bosimida tozalash uchun mo‘ljallangan berkituvchi armatura bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
Berkitish armaturasida uni ochish va yopish yo‘nalishi, kranda esa, o‘tkazish tuynukining joylashgan joyi aniq ko‘rsatilgan (o‘yilgan yoki bo‘yoq bilan chizilgan) bo‘lishi kerak. Berkitish armaturasining o‘tkazish tuynukining ichki diametri 8 mm dan kichik bo‘lmasligi lozim.
Suv sathini ko‘rsatuvchi moslamalarni havo bosimi yordamida tozalash paytida u suvni to‘kib tashlash uchun himoya vositasiga ega bo‘lgan va truba orqali suvni erkin to‘kish imkoniyatini yaratuvchi voronka bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
213. Barabandagi ishchi bosim 4,5 MPa (45 kgf/cm²)dan ko‘p bo‘lgan hollarda suv sathini ko‘rsatuvchi moslamalar ularni qozondan o‘chiruvchi o‘zaro ketma-ket joylashgan berkituvchi qismlar bilan jihozlanishi zarur.
1,3 MPa (13 kgf/cm²)gacha ishchi bosimga ega qozonlarda berkitish moslamasi sifatida konussimon berkitgich kranlardan foydalaniladi.
214. Suv isitish qozonlarida, barabanning yuqori qismiga joylashtirilgan sinov krani ham ko‘zda tutiladi. Baraban yo‘q bo‘lgan hollarda, suvning qozondan magistral quvurga chiqaverishida berkitish moslamasigacha o‘rnatilishi kerak.
215. Suv sathi ko‘rsatkichi shaffof elementining balandligi har ikki tomonidan ruxsat etilgan me’yorning kamida 25 mm yuqorisida bo‘lishi kerak.
216. Bir necha alohida suv ko‘rsatkichli plastinadan iborat suv sathi ko‘rsatkichlar shunday o‘rnatilishlari lozimki, ular qozonning doimiy ravishdagi suv sathini ko‘rsatib turishi lozim.
217. Qozon nazorat qilib turilgan maydonchadan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi suv sathi ko‘rsatkichigacha bo‘lgan masofa 6 m dan ko‘p bo‘lsa, shuningdek moslamalarni ko‘rish imkoniyati sust bo‘lgan holatlar qayd etilganda, ikkita pasaytirilgan masofali sath ko‘rsatkichlari o‘rnatilishi lozim. Bunday holatlarda qozon barabanlariga bir dona to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi suv sathi ko‘rsatkichini o‘rnatish kerak.
Utilizator va energotexnologik qozonlar uchun masofali suv sathi ko‘rsatkichlari qozonni boshqarish pultida o‘rnatilishi lozim.
9-§. Berkitish va boshqarish armaturasiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
218. Qozon yoki uning quvurlariga joylashtirilayotgan armatura korpusida aniq markirovka bo‘lishi va unda:
ishlab chiqaruvchi tashkilot nomi yoki tovar belgisi;
shartli o‘tish yo‘li;
shartli bosim va muhit harorati;
muhit oqimi yo‘nalishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Maxsus texnik shartlar bo‘yicha armatura tayyorlanganda shartli bosim o‘rniga ish bosimi ko‘rsatiladi.
219. Armatura maxoviklarida uni ochish va yopish vaqtidagi aylanma harakat yo‘nalishi hamda qozonlarni o‘rash chizmasiga muvofiq zulfin raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
220. Armaturaning turi, soni va o‘rnatish joyi qozon loyihasida ishonchlilikni ta’minlaydigan holda ko‘rsatilishi kerak.
221. Suvning qozonga kirishida suvning qozondan chiqishini oldini oluvchi qaytarma klapan va berkitish moslamasi joylashtirilishi lozim.
222. Suv isitish qozonlarida suvning qozonga kirish va chiqish yerida, har biriga bir donadan berkitish organi joylashtirilishi lozim.
223. Ishchi bosimi 0,8 MPa (8 kgf/cm2)dan ko‘p bo‘lgan qozonlarda har bir havo purkalovchi va drenaj quvurlarda, shuningdek suv yoki bug‘ namunasi olinadigan quvurda kamida ikkita berkitish moslamasi yoki bir dona berkitish va bir dona boshqarish moslamasi joylashtirilishi lozim. Ishchi bosimi 10 MPa (100 kgf/cm²)dan ko‘p bo‘lgan qozonlarda (aynan ularning quvurlarida) qo‘shimcha ravishda droselli shaybalar o‘rnatilishiga ruxsat etiladi. Bug‘ isitkich kameralariga havo purkash uchun bir dona berkitish moslamasidan foydalanish mumkin. Ishchi bosimi 14 MPa (140 kgf/cm²)gacha bo‘lgan qozonlar uchun havo purkash quvurlari va ularga o‘rnatilgan armaturaning shartli o‘tish o‘rni 20 mm dan kam bo‘lmasligi va bosimi 14 MPa (140 kgf/cm²) va undan ortiq bo‘lgan qozonlar uchun esa, armaturaning shartli o‘tish o‘rni 10 mm dan kam bo‘lmasligi lozim.
224. Qozon, bug‘ isitkich va ekonomayzyerlarning barcha o‘tkazish quvurlarida armaturaning uchma-uch kelgan joyi (ulanish joyi)dan payvandlanishi yoki flanets yordamida ulanishi lozim. 1 t/h gacha bug‘ ishlab chiqaruvchi qozonlarda, to‘ldirilgan bug‘ ish bosimi 0,8 MPa (8 kgf/cm²) va 25 mm gacha bo‘lgan o‘tish sharoitida rezbali armaturalarni ulashga yo‘l qo‘yiladi.
225. Armatura uni boshqarish qulay bo‘lishi uchun, imkon qadar qozonga yaqin ulanishi lozim.
4 t/h dan ko‘proq bug‘ ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan bug‘ qozonlarining asosiy bug‘ berkitish organlari masofadan boshqarish qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lishi va uning boshqaruvi qozon mashinistining ish o‘rniga chiqarilgan bo‘lishi lozim.
226. Har bir qozonning iste’mol chizig‘ida boshqariluvchi armatura joylashtirilishi lozim.
Qozonning iste’mol qilinishi avtomatik tarzda boshqarilganda qozon mashinistining ish o‘rnidan boshqarilishi ko‘zda tutilgan masofali qurilma (uzatma) o‘rnatilishi lozim.
227. Umumiy tortish va bosim berish suv quvurlariga ega bo‘lgan bir necha iste’mol nasoslari o‘rnatilganda, har bir nasosning tortish qismida ham, bosim berish qismida ham berkitish moslamalari joylashtirilishi lozim. Markazdan qochirma nasosning bosim beruvchi tarafidan berkitish organigacha bo‘lgan masofada qaytarma klapan o‘rnatilishi zarur.
10-§. Qozonlarni suv bilan ta’minlash uskunalariga hamda nasoslardan foydalanishga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
228. Umumiy magistralga ulanadigan ta’minot nasoslari bir vaqtning o‘zida ishlashiga yo‘l qo‘yadigan tavsifga ega bo‘lishi lozim.
229. Qozonlarni suv bilan ta’minlash uchun:
elektr o‘tkazgichli markazdan qochirma va porshenli nasoslar;
bug‘ o‘tkazgichli markazdan qochirma va porshenli nasoslar;
bug‘ injektorlari;
qo‘l harakati bilan o‘tkaziluvchi nasoslar;
ichimlik suvi tarmog‘idan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
Ichimlik suvi tarmog‘idan faqat zaxira ta’minot manbai sifatida qozonlarni to‘ldirish uchun foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda suv tarmog‘idagi, qozonning boshqarish organi oldidagi suv minimal bosimi qozonlar uchun ruxsat etilgan yoki belgilangan me’yordan kamida 0,15 MPa (1,5 kgf/cm²)dan ortiq bo‘lishi lozim.
230. Har bir ta’minlovchi nasos yoki injektor qobig‘i (korpusi)da maxsus yorliq qotirilib, unda:
mahsulot ishlab chiqaruvchi tashkilot nomi;
zavod raqami;
suvning nominal haroratda uzatiladigan nominal me’yori;
markazdan qochirma nasoslar uchun bir minutda aylanishlar soni;
porshenli nasoslar uchun bir minutdagi yurishlar soni;
nasos oldidagi suvning nominal harorati;
nominal uzatishdagi maksimal bosim (napor) ko‘rsatilishi kerak.
Nasoslar har bir kapital ta’mirlashdan keyin ulaning bosimi va uzatish kuchini aniqlash uchun sinovdan o‘tkazilishi, sinov natijalari dalolatnoma asosida rasmiylashtirilishi kerak.
231. Nasos yuqori bosim ostida ishlaganda qozon ta’minotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan uzilish (tanaffus)lar oldi olinishi lozim.
232. Qozonlarni suv bilan ta’minlash quvuridagi berkitish jo‘mragi va profilaktik klapani yo‘q bo‘lganligi sababli, suv quvuri bilan belgilangan bosimni kuchaytiruvchi porshenli nasos oralig‘ida profilaktik klapan o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
233. Qozonni to‘ldirish uchun alohida sxemada kamida ikkita to‘ldiruvchi nasos (bittasi – ishchi, ikkinchisi – zaxira) o‘rnatilishi kerak. Nasoslar ikkita alohida elektr quvvatlantirish manbadan ta’minlanishi kerak.
234. To‘ldirish nasoslarining miqdori sxemada shunday hisob-kitob qilib tanlanishi kerakki, eng kuchli nasos to‘xtab qolgan taqdirda barcha qozonlardagi nominal bug‘ quvvati 110 foizdan kam bo‘lib qolmasligi kerak.
235. Suyuqlik qozonlari uchun kamida ikkita elektr o‘tkazgichli aylantiruvchi nasoslar bilan jihozlanishi (shu jumladan, bittasi zaxiradagi nasos) kerak. Ushbu nasoslarda suv uzatish va bosim shunday tanlanishi kerakki, qozondagi issiqlik aylanishining kerakli tezligi tushmasligi lozim.
Suyuqlik qozonlari avtomatik qurilmali aylanish liniyasi bilan jihozlanishi kerak. U iste’molchi to‘liq yoki qisman o‘chirilganda qozon orqali doimiy issiqlik sarfi o‘tishini ta’minlashi kerak.
236. Issiqlikni majburiy uzatish tizimiga ega bo‘lgan bug‘ qozonlari va suyuqlik qozonlari elektroenergiya o‘chirilganda yoqilg‘i uzatishni qisqartiradigan avtomatik himoya vositalari bilan jihozlanishi kerak. Ikkita alohida manbadan elektrodvigatel nasoslarini to‘ldirishda bir manbani ikkinchisiga ulovchi qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
11-§. Saqlagich klapanlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
237. Har bir qozonda kamida ikkita saqlovchi klapan o‘rnatilishi kerak.
238. Saqlagich qurilmalarning o‘tkazish qobiliyati miqdori bug‘ qozonidagi nominal quvvatdan kam bo‘lmasligi kerak.
239. Richag-yuk saqlovchi klapanlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
240. Saqlagich klapanning shartli o‘tkazishi 25 mm dan kam va 150 mm dan yuqori bo‘lmasligi kerak.
241. Qozonlar (idishlar) va saqlovchi klapanlar orasiga uch ustunli ventil yoki boshqa qurilmalarni o‘rnatish ishlari barcha saqlovchi klapanlarni bir vaqtda o‘chirish imkoniyati bo‘lgandagina bajarilishi lozim. Bir yoki bir nechta saqlovchi klapanlar o‘chirilganda, qolganlari kerakli o‘tkazish miqdorini ta’minlashi kerak.
242. Suv qaynaganda (yuqori haroratgacha isitilganda) saqlovchi klapanlardan bug‘ yoki suyuqlik tarqalishi kondensat qurilmalari orqali amalga oshiriladi. Bunda qarshilik bosimi 0,03 MRa (0,3 kgf/cm²) dan oshmasligi kerak.
243. Qozon o‘chirilganda suv ostidagi quvurlarning qotib qolishini oldini olish uchun, ular isituvchi qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.
12-§. Avtomatik himoya vositalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
244. Quyidagi hollarda qozonning avtomatik himoya vositalari (ovozli va chiroqli ogohlantirish moslamalari) ishlashi ta’minlanishi kerak:
issiqlik darajasi ruxsat berilgan eng kam darajadan past bo‘lganda;
issiqlik darajasi ruxsat berilgan eng ko‘p darajadan yuqori bo‘lganda;
issiqlik harorati loyihada ko‘rsatilgan miqdordan oshib ketsa;
issiqlik bosimi loyihada ko‘rsatilgan miqdordan yuqori bo‘lsa;
kengaygan idishdagi issiqlik darajasi yo‘l qo‘yiladigan past miqdordan kamayganda;
pasportda ko‘rsatilgan suyuqlik qozoni yoki minimal bug‘ quvvatiga ega bug‘ qozonlari orqali o‘tuvchi issiqlik sarfi minimal miqdorga yetganda;
goryelka oldidagi gaz xususiyatli yoqilg‘ining bosimi yo‘l qo‘yilmaydigan daraja oshganda yoki undan kamayganda;
rotatsion goryelkadan tashqari goryelkalar oldidagi suyuq yoqilg‘i bosimi me’yoridan kamayganda;
o‘choqdagi olov yo‘li yo‘l qo‘yiladigan miqdordan kamayganda;
majburiy havo o‘tkazgichli goryelka oldidagi havo bosimi me’yoridan kamayganda;
goryelkada olov o‘chganda.
245. Boshqaruv zanjirida ishda avariya holatini keltirib chiqaruvchi nuqsonlar paydo bo‘lganda, shuningdek gidravlik, pnevmatik va elektroenergiya o‘chirgichlarida avtomatik himoya tizimi yoqilishi, isitish o‘chirilishi va rangli hamda ovozli ogohlantirish moslamalari yoqilishi kerak.
246. Ogohlantirish tizimida elektr-energiya yo‘qolganda avtomatik himoya yoqilishi, qozonni isitish o‘chirilishi va qo‘shimcha ogohlantirish tizimi yoqilishi kerak.
5-bob. Ta’mirlash ishlarini bajarishda qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy xavfsizlik talablari
247. Uskunalar ularning texnik hujjatlari talablariga muvofiq holda saqlanishi lozim.
248. Uskunalarni zarur texnik holatda saqlab turish uchun unga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejaviy-profilaktik ta’mirlashning bajarilishi va ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi zarur.
249. Texnologik jarayonda qo‘llaniladigan asosiy asbob-uskunalarni kapital va joriy ta’mirlash tashkilot tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan dasturga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
250. Kapital va joriy ta’mirlash dasturlarida ta’mirlashni o‘tkazish uchun mas’ul shaxslar, shuningdek ta’mirlash ishlarini bajarish tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlash choralari belgilanishi lozim.
251. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazishda bajariladigan ishlarning texnologik ketma-ketligi aks ettirilgan ta’mirlash hujjatlari rasmiylashtirilgan bo‘lishi va ularda quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:
ishlarni bajarish usullari va uslublari;
amalga oshirilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik choralari va maxsus texnologik jarayonlar;
ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va anjomlarning turlari;
ta’mirlangan uskunalar va ularning qismlari texnik talablarga javob berishi haqidagi hujjatlar.
252. Pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariladigan ta’mirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
253. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarini bajarish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilishi kerak.
254. Ta’mirlash ishlari tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan mas’ul xodim rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
255. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan va u yerda xavfsizlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
256. Ta’mirlash ishlarini boshlashdan oldin unda ishtirok etadigan barcha xodimlar ta’mirlash ishlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ularga ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berilishi zarur.
257. Ta’mirlash jarayonida yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
258. Ta’mirlash paytida ish joylari, yo‘llar va zinapoyalarni turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
259. Qismlarga ajratish bilan bog‘liq ta’mirlash ishlari amalga oshiriladigan kompressorlar boshqa barcha texnologik quvurlar va o‘tkazgichlardan uzib qo‘yilishi lozim.
260. Sig‘imlar, bunkyerlar va boshqa chuqur joylarda ishlayotgan xodim mahkamlangan qutqaruv arqoniga ega bo‘lishi, arqonning ikkinchi uchi tashqariga chiqarilgan va kuzatuvchi nazorati ostida bo‘lishi kerak.
261. Ta’mirlash ishlarini balandlikda bajarishda havoza va taxta to‘shamalardan foydalanish zarur.
262. Havoza va taxta to‘shama o‘rnatishning imkoni bo‘lmasa, xodimlar balandlikda ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart. Ehtiyot kamarlari va arqonlar mahkamlanadigan joylar konstruksiyalarda oldindan belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
263. Ta’mirlash ishlarini balandlikda bajarganda, asbob-uskuna va materiallarni maydoncha qirg‘og‘iga qo‘yish yoki yerga tashlash taqiqlanadi. Asbob-uskunalarni saqlash va tashishda maxsus sumka yoki qutilardan foydalanish zarur.
264. Qizigan uskunaning ichiga kirgan holda ta’mirlash ishlarini olib borishga uskuna shamollatilib, ichidagi gazlar butunlay chiqarib yuborilgandan va undagi harorat kamida 40° S gacha pasaytirilgandan so‘ng ruxsat etiladi.
265. Materiallarni uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan bo‘lishi va tushib ketmaydigan usulda bajarilishi kerak.
266. Yoritish chiroqlarini ta’mirlash ishlarida faqat 12 V kuchlanishdagi ko‘chma lampalar, portlashdan himoyalangan akkumulyatorli chiroqlardan foydalanish kerak.
267. Yoritish maqsadida mash’ala, gugurt, kerosinli fonarlar, shamchiroqlardan foydalanish taqiqlanadi.
268. Asbob-uskunalarni ta’mirlash va sozlash ishlari maxsus o‘qitilgan va yo‘l-yo‘riq berilgan, tegishli bilim va malakaga ega xodim tomonidan amalga oshirilishi kerak.
269. “Yoqilmasin, odamlar ishlayapti!” deb yozilgan yozuvni olib tashlash, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha talablar qo‘yiladigan ishlar bajarilgandan so‘ng uskunani ishga tushirish, faqat mas’ul xodim ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
270. Ta’mirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar ish joyidan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi moslamalar o‘z joyiga o‘rnatilishi kerak.
2-§. Qozonxonalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishga qo‘yiladigan talablar
271. Har bir qozon ishga tushirilgunga qadar – dastlabki, foydalanish jarayonida – davriy hamda zarurat tug‘ilganda – navbatdan tashqari texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak.
272. Dastlabki texnik ko‘rik qozonning birinchi bor montaj qilinganidan keyin amalga oshirish lozim.
273. Davriy texnik ko‘rik qozonning pasportida ko‘rsatilgan texnik ko‘rikdan o‘tkazish muddatida o‘tkazilishi lozim.
274. Navbatdan tashqari texnik ko‘rik:
qozonning ichki yuzasi tozalanganda yoki u yoxud uning qismlari ta’mirlashdan o‘tganda;
qozon 12 oydan ortiq vaqt davomida ishlamaganda;
qozon qayta montaj qilingan hamda yangi joyga o‘rnatilganda;
qozondagi darz va yoriqlar tuzatilganda yoxud qozonning asosiy qismlarida payvandlash ishlari o‘tkazilganda amalga oshiriladi.
275. Tashqi va ichki texnik ko‘rikni o‘tkazishdan oldin qozon sovutilib hamda sinchiklab kul, qurum va boshqa iflosliklardan tozalanishi kerak.
276. Qozonni tashqi va ichki texnik ko‘rikdan o‘tkazishda devorning ichki va tashqi yuzasida yoriq, darz va yemirilish paydo bo‘lishiga e’tibor qaratilishi kerak. Qozon qismlaridagi metall qizishi xavfini keltiruvchi hamda qoplamning buzilishiga sabab bo‘luvchi nosozliklar ko‘zdan kechirilishi lozim. Barabandagi ichki qurilmalar texnik ko‘rik o‘tkazishga xalaqit bersa ular olib tashlanishi kerak.
277. Texnik ko‘rikdan o‘tkazishda qozonning mustahkamligiga shubha keltiruvchi yoriq va darzlar aniqlanganda, bunday qozonlardan ularning kelib chiqish sababi aniqlashtirilguncha vaqtincha foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
278. Texnik ko‘rik natijalari qozon pasportiga texnik ko‘rikni o‘tkazgan shaxs tomonidan qayd etilishi lozim.
Texnik ko‘rikni o‘tkazishda qo‘shimcha sinov va tekshirish amalga oshirilsa qozon pasportiga sinov o‘tkazishning sababi va natijalari qayd etiladi.
279. Qozondan foydalanish muddati texnik ko‘rik natijalari bo‘yicha undan foydalanish sharoiti va imkoniyatlari asosida aniqlanishi kerak.
6-bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
280. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
281. Mansabdor shaxslar va xodimlar xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(281-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
7-bob. Yakuniy qoida
282. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi va “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi hamda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 5-oktabr
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 5-oktabr,
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 8-oktabr,
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABDUHAKIMOV
2015-yil 8-oktabr,
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2015-yil 12-oktabr,
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori A. QURBANOV
2015-yil 12-oktabr,
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2015-yil 14-oktabr,
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2015-yil 14-oktabr,
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B. ABDUSAMATOV
2015-yil 16-oktabr,


(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 46-son, 586-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)

Download 120.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling