1. O’zbekiston hududida topilgan va o’rganilgan ibtidoiy ajdodlarimiz yashagan qanday manzilgohlarni bilasiz?


Download 25.7 Kb.
Sana21.06.2020
Hajmi25.7 Kb.
#120838
Bog'liq
1 topshiriq javoblar


1. O’zbekiston  hududida topilgan va o’rganilgan ibtidoiy ajdodlarimiz yashagan qanday manzilgohlarni bilasiz?

O’zbekiston xududida ilk paleolit davriga oid, asosan ashel` bosqichiga oid makonlar XX asrning ikkinchi yarmida ko’plab topildi va bu davrning ko’plab noma’lum tomonlarini ochishga imkoniyati vujudga keldi. Toshkent viloyatida Bolttag’or, Ko’lbuloq, Qizilmolma, Toshsoy, Buxoro viloyatida Uchtut, Farg’ona vodiysida Selungur, CHashma va So’x makonlar topib o’rganilgan. Farg’ona vodiysida topilgan CHashma va So’x makonlari O’rta Osiyo xududida topilgan eng qadimiy makonlar deb topildi. Seleng’ur g’orida sinantrop turiga mansub odam suyaklari topilib, jahonda katta shov-shuvga sabab bo’ldi.



Selungur makoni. O’zbekiston hududida ashel` bosqichiga oid eng mashhur makon—Selungur g’ori hisoblanadi, chunki shu yerdan ilk ajdodlarimiz nishonasi—odam suyaklari qoldiqlari topildi. Selungur g’ori Farg’ona shahridan janubiy—g’arbda Haydarkonning g’arbiy chekkasida joylashgan.

Selengur g’ori 1958 yilda akademik A.P.Okladnikov tomonidan o’rganilgan. U bu makonning qaysi davrga oid ekanligini aniqlash maqsadida g’orning o’ng tomoninga tekshiruv shurfini solgan. Natijada dastlab u yerdan bir necha uchrindilar topib uni so’nggi paleolit davriga oid deb va uning sanasini 40—30 yilliklar bilan belgilagan. U yerda 1960 yillarda Ya.G’.G’ulomov boshchiligida Farg’ona paleolit otryadi Xaydarkon atrofida tadqiqot ishlari olib bordi. 1980 yilda arxeolog O’.Islomov boshchiligidagi O’zR FAga qarashli Arxeologiya institutining paleolit otryadi Selungur makonni qayta tekshirib, g’orning g’arbiy tomonida tekshiruv shurfini soldi. U yerda tadqiqot ishlari 1988 yillargacha davom etdi. Tadqiqotlar davomida o’rtacha qalinlikda 20-40 sm dan iborat 5 ta madaniy qatlam aniqlandi. Ular o’rta qalinlikdagi 60-70 sm dan iborat tabiiy qatlamdan bilan ajratilgan. Bu yerda ajdodlarimiz o’z makonlarini 5 marotaba uzoq vaqt mobaynida tark etib yashaganlar. Madaniy qatlamlardan toshdan yasalgan mehnat qurollari: qo’l cho’qmori, to’mtoq boltalar, pichoqsimon qurollar, ko’plab tishli qurollar, qush tumshug’iga o’xshash qurollar qazib olingan. Beshinchi qatlamdan ashel` davriga mansub qo’l cho’qmori topildi. U ajdodlarimiz ishlatgan ilk quroldir.

Makonning eng muxim topilmalari bo’lgan odam suyaklari 3 va 2 qatlamdan topilgan. U yerdan odamning yelka suyagining bir bo’lagi, bosh suyagi engak qismining bir bo’lagi, 14 ta tish topilgan. Antropologlar ularni tadqiq qilib, ashel` davrida yashagan arxantroplar deb topdilar.

O’rta paleolit davri yodgorligi O’zbekistonda dastlab 1938 yilda Teshiktoshda topilgan. Hozirgi kunda esa O’rta Osiyo hududi bo’yicha ularning soni 300 dan ortgan. Ulardan 50 dan ortik makon keng o’rganilgan. Lekin hozirgacha Teshiktosh makoni o’zining qadimiyligi va arxeologik materiallarga boyligi bilan hamon ajralib turadi.

O’zbekistonda keyingi davrlarda must`e davriga oid ko’plab makonlar topib tadqiq qilingan. Faqatgina Toshkent voxasining o’zidan 30dan ortiq yodgorlik topilgan. Zarafshon voxasi va Qizilqum xududlaridan xam ko’plab topib tadqiq qilingan. Boysun tog’i mintaqasidan Teshiktosh g’or–makoni, Amir Temur g’ori, Toshkent vohasidan Obiraxmat, Xo’jakent, Bo’zsuv, Ko’lbuloq g’or–makonlari, Farg’ona vodiysidan Jarqo’ton, Bo’ribuloq, Tomchisuv manzilgohlari, Zarafshon voxasidan Omonqo’ton, Go’rdara, Qo’tirbuloq, Zirabuloq, Takalisoy g’or makonlari, shuningdek Uchtut–Vaush–Ijond va Qopchig’oy ustaxonalaridir.

Teshiktosh g’or–makoni Teshiktosh g’or makoni nafaqat O’zbekiston, balki butun O’rta Osiyoda must`e davrining eng nodir namunasi hisoblanadi. U Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi Boysun tog’ining janubiy yon bag’ridagi Turgandaryoning Zavtalashgan darasida, dengiz sathidan 1500 m balandlikda joylashgan. G’or shimoliy-sharqqa qaragan bo’lib, kengligi old qismida 20 m, chuqurligi 21 m, balandligi 9 m. bo’lgan. G’or 1938–1939 yillarda A.P.Okladnikov tomonidan tekshirilgan va tadqiqotlari natijasini 1939–1949 yillarda nashr qildirgan.

Olib borilgan tadqiqotlar natijasida g’orda 5 ta madaniy qatlam aniqlangan. Ulardan toshdan yasalgan mehnat qurollaridan 339 tasi, 2520 ta singan, uchrindi tosh qurollar, 101 ta turli shakldagi nukleuslar topilgan. Teshiktosh materiallari must`e davri madaniyatining rivojlanishini aniqlash imkoniyatini berdi. G’or–makon rivojlangan must`e davriga oid bo’lib (Levallua–must`e) uning so’nggi paleolit davriga o’tish evolyutsiyasini kuzatish mumkin.



Obirahmat g’or makoni Toshkent shahridan 100 km shimoli—sharqda, G’ariy Tyan`—SHanning CHotqol tizmasidagi Paltov soyining yuqori sohilida joylashgan. G’or yoysimon shaklda bo’lib, eni 20 metrdan ortiqroq, janubga qaragan, sathi keng, quruq va yorug’. G’or–makon 1966–1972 yillarda R.X.Sulaymonov tomonidan o’rganilgan. U must`ening rivojlangan va so’nggi bosqichlariga oid.

Unda 10 m qalinlikdagi 21 ta madaniy qatlam aniqlangan. Ulardan 30 mingdan ortiq ohaktoshli chaqmoqtoshdan yasalgan turli mehnat qurollari– nukleuslar, paraqalar, o’tkir uchli sixchalar, qirg’ichlar, pichoqlar va kurrakchalar topilgan. Ular o’ziga xos prizma shaklidagi yorma texnika, qisman levallua tipidagi texnika asosida ishlangan. G’ordan hayvon suyagidan ishlangan bigizlar ham topilgan. SHuningdek, gulxan izlari, kul, ko’mir, bug’u, tog’ echkisi, to’ng’iz, jayron, g’or sheri, arxar va boshqa hayvonlarning suyaklari ham topilgan. Bu yerda odamlar 120—40 ming yil muqaddam istiqomat qilganligi aniqlangan. Ular ovchilik va termachilik bilan shug’ullanganlar. Keyingi yillarda Obirahmatni arxaik jihatdan o’rganish ishi qayta tiklandi. Uning yuqori qatlamlari tosh qurollari ichida yuqori paleolit davri materiallari mavjudligi aniqlandi. Arxeologlar Obirahmat yodgorligining yuqori qatlamlarini 46—50 ming yilliklar bog’lab uni ilk yuqori paleolit yodgorliklari sirasiga kiritmoqdalar. Demak, ibtdoiy odamlar g’orda uzoq davr iste’qomat qilishgan.



2. Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto» O’zbekiston  tarixini o’rganishda qanday ahamiyatga ega?

O’rta Osiyoning qadimgi tarixini o’rganishda “Avesto” ning o’rni beqiyosdir. Unda diniy e’tiqod va xalqlarning o’zaro aloqalari bilan bir qatorda ularning hayoti, turmushi, urf-odatlari, marosimlari aks ettirilgan. Shuningdek bu buyuk asarda tarix, falsafa, dinshunosli, manbashunoslik, geografiya, etnografiya va umuman, ijtimoiy-siyosiy hayotnig barcha jabhalariga oid eng qadimgi ma’lumotlar to’plangan.

“Avesto” da bayon etilgan asosiy g’oyalar, diniy e’tiqodning ilk sodda bilimlari Zardusht nomi bilan bog’langan. Olimlar zardushtiylik dini ta’limotini quyidagi uchta tarixiy qism (davr) ga bo’lib o’rganadilar, birinchisi, eng qadimiy qismi miloddan avvalgi uch ming yillikda vujudga kelgan ilohlarga aytilgan madhu sanolar-yashtlardir; ularda qabila-urug’chilik tuzumidagi e’tiqodlar, ko’p xudolik tasavvurlari tasvirlangan; ikkinchisi, gatlardeb atalgan qismidir. Bunda Axuramazda nomli xudo haqida fikrlar yozilgan; uchinchisi, qadimiy ko’pxudolik va keyingi yakkaxudolik g’oyalari orasidagi kurash sharoitlarida eramizdan oldingi V asrda har ikkisini kelishtiruvchi mazdaviylik dini shakllangan. “Avesto” bu dinning oxirgi va asosiy qismini bayon etgan55.

Juda ko’pchilik tadqiqotchilarninig fikricha, Zaratushtra afsonaviy bo’lmasadan, tarixiy shaxs hisoblanadi. U yunon-rim manbalarida Zoroastr, qadimgi fors tilida Zardusht, o’rta fors tilida Zaratushtra nomi bilan eslatiladi.Manbalarning guvohlik berishicha, u Spitama avlodidan bo’lib, otasini Porushasp, onasini Dugdova deb atashgan. Uning nomi “oltin tuchli”, “oltin tuya yetaklagan odam” ma’nosini beradi.Zaratushtraning otasi kohinlar tabaqasiga mansub bo’lib, u tug’ilgan mamlakat bizga noma’lum. Bularning barchasi Zaratushtra hayoti tarixi, uning tug’ilgan joyi va sanasi, zardushtiylikning vatani hamda dastlabki yoyilgan hududlari haqida to’la ma’lumot bera olmaydi. Ammo, Avestoning maxsus boblari Zaratushtrani tarixiy shaxs sifatida yoritadi56.

Sharqshunoslar orasida “Avesto” ning yaratilishi haqida turli fikrlar mavjud: ularninig ayrimlari yodgorlik tarkibidagi eng ko’hna madhiyalar, miflar va mifologik borazlarga suyanib, uning dastlabki qismlari eramizdan oldingi IX asrlarda yaratilgan, degan hulosaga kelishgan. Ular ba’zi matn va madhiyalaryakkahudolik e’tiqodi paydo bo’la boshlagan ilk paytlarda kohinlar tomonidan yaratilib, keyinchalik “Avesto”ni tuzganlar ulardan ham foydalangan, deb uqtirishadi. Bir guruh avestoshunoslar kitobninig yozila boshlashini bevosita Zardushtning Sablon tog’ida kechgan hayoti bilan bog’laydilar va bunda Hotlar asosan payg’ambar she’rlaridan tashkil topganiga suyanadilar. Harxolda “Avesto”da ajdodlarimizning eng qadimiy she’rlari, musiqa, badiiy tafakkur mevalari, diniy aqidalariyu ilmiy dunyoqarashlari mujassamlangani aniq57.

“Avesto” Zardusht va mazdoparastlik dini ulamolari tomonidan yozilib, to’planib bo’lgach, maxsus kotiblar tomonidaning ho’kiz terisidan tayyorlangan qog’ozga oltin suvi bilan ko’chirilgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, “Avesto” 21 nask (kitob) dan iborat bo’lgan. Bu haqda “Tarixi Balamiy”da ham aniq ma’lumot mavjud. Makedoniyalik Iskandar Eronni bosib olgach, “Avesto” ning “dijnabisht”-arxivd, otashkada, xazinalarida saqlanayotgan eng nodir nus’hasini tarjima qildirib olib, o’zini yoqtirib yuboradi.Gushtasp xazinasidagi “Avesto” nusxasining taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda. Sosoniylar sulolasining dastlabki podshosi Ardasher Bobokan Xirbadan nomli donishmandga “Aveston” ni qayta tiklash vazifasini topshiradi. U bir qancha zardushtiy ulamolar bilan hamkorliada obidani asl holiga keltiradi. Keyingi tadqiqotlardan aniqlanishicha, Xirbadan yuborgan yetti mu’bad Seiston, Balx, Marv hamda Eron Vij (Xorazm)ni kezib chiqadilar.Ular Turonzaminda “avesto”ni yoddan biladigan baxshilarni qidirib topadilar. Natijada “Gohlar” hamda “Vendidod”ning eng mukammal nusg’alarini xorazmlik uchta mu’bad og’zidan yozib olishadi. Sarchashmalarning guvohlik berishicha, zardushtiylik uzil-kesil shakllangan davrlarda markaziy shaharlarda podsho yoki hokim farmonlari. Markaziy hokimiyatning mahalliy boshqaruvchilarga, qo’shni davlatlarga yo’llagan maktublarining nus’halari har xil nask (kitob)lar saqlanadigan “dijnabisht” (arxivlar) mavjud bo’lgan. Samarqand dijnabishtida “Avesto”ning nodir nus’halaridan biri saqlangan.

Shundan so’ng Shopur ikki davrida mu’badlarning mu’badi Ozorpod Mehrospondon “Avesto”ning parokanda qismlarini to’playdi., unga ko’p nom, tushunchalarni keng sharhlovchi “Zend Avesto” kitobini yaratadi. Arablar istilosi davrida o’z e’tiqodlarida sobit qolgan yuzlab eroniylar xonadoni Janubiy Hindistonga hijrat qiladilar va hozirgi ajdodlar udumini asrab qolishgan. Ularning Bombeyda zardushtiylik udumini o’rganadigan Koma ilmiy markazi ham mavjud. Ana shu ma’naviyat o’chog’ida Ardasher davrida ko’chirilgan “avesto” nusxalari saqlanadi. Shuningdek, kitobning bir qo’lyozmasi Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburgdagi Saltikov Shchedrin nomidagi Davlat kutubxonasining Sharq qo’lyozmalari bo’limida ham mavjud. Bundan tashqari “Avesto” XIX asrning o’rtalarida fransuz, ingliz va nemis, rus tillarida ilmiy izohlar bilan bir necha marotaba nashr etilgan: endilikda biz “Avesto”ning ikki muallif tomonidan bajarilgan nomukammal tarjimasiga ham egamiz
3. Markaziy Osiyo hududida ilk davlat uyushmalari qachon paydo bo`la  boshladi va ular qaysilari?

Miloddan avvalgi IV-III-II asrlarda qadimgi Xorazm mustakil davlat bo’lib, Iskandar, Salavkiylar va Yunon-Baktriya davlatlari tarkibiga kirmagan. Bu xol Xorazmda o’ziga xos maxalliy davlatchilik tizimi rivojiga muxim omil bo’ldi.

O’rta Osiyoda Miloddan avvalgi 3 ming yillikning o’rtalarida bronza (mis, qalay va qo’rg’oshin qorishmasi) davri boshlanishi bilan ota urug’i - patriarxat topadi. Bronza davrida dehqonchilik xo’jaligi yangi erlarda, jumladan O’zbekiston hududida ham keng yoyilgan. Mazkur davrda ishlab chiqarish munosabatlari tez rivojlanib, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar yangi asosda taraqqiy etadi.

O’rta Osiyoda qabilalar tomonidan yangi erlarni keng o’zlashtirish jarayoni miloddan avvalgi 4 ming yillikning oxiri - 3 ming yillikda boshlangan. Zarafshonning yuqori qismida, Panjikent shahridan 15 km g’arbda topilgan 90 gektar maydonda joylashgan Sarazm qishlog’i harobasi moddiy topilmalarida Janubiy Turkmaniston ziroatchilari va Xorazmning Kaltaminor madaniyatlariga mansub buyumlar bor. Xuddi shu davrda (miloddan avvalgi 4-3 ming yilliklarda) Afg’onistonning shimoli-sharqida Hind-Pokistonning mashhur Xarappa madaniyati vakillarining makonlari paydo bo’ladi.

Bronza davrida O’rta Osiyoning janubiy viloyatlarida baland bo’yli, boshi cho’zinchoq, yuzi tor odamlarning vakillari tarqalgan. O’rta Osiyoning shimoliy dasht va cho’l qismida janub aholisidan farq qilgan boshi dumaloq, yuzi juda keng va cho’ziq bo’lmagan qabilalar yashagan. Janubiy qiyofali odamlar O’rta er dengizi irqining vakillari deb ataladi. Ular Olb Osiyo, Mesopotamiya, Eron, Afg’oniston, O’rta Osiyoning janubi, Hindiston kabi katta grafik hududga yoyilganlar. Shimoliy qiyofali odamlar Janubiy Sibir hududidan to Qozog’iston va O’rta Osiyoning shimoli-sharqiy qismida, Ural, Volga erlarigacha tarqalganlar.

Miloddan avvalgi 2 ming yillikning ikkinchi yarmida O’rta Osiyo hududida qadimgi janubiy va shimoliy qiyofadagi, ya’ni dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan odamlar vakillarining aralishib ketishi jarayoni boshlanadi. Shu davrga kelib bronza davri qabilalari O’rta Osiyodagi turli elatlarga asos solganlar.

O’zbekiston hududida joylashgan shu elatlarning vakillari - so’g’dlar, baqtriylar, xorazmiylar va saklar, o’zbek xalqining qadimgi ajdodlaridan bo’lib, ular haqida ayrim ma’lumotlar qadimgi yozma manbalarda saqlangan.

Miloddan avvalgi 1 ming yillikdan boshlab, yirik madaniy-tarixiy viloyatlar - Xorazm, Baqtriya, So’g’d, Farg’ona, Shosh (Choch) qadimdan, to o’rta asrlargacha Sharq hududlarida juda mashhur bo’lgan.

Antropologik va yozma manbalarning ma’lumotlari O’rta osiyoda alohida eng qadimgi elatlarning shakllanishi va etnik hududlarning ajrala boshlashi miloddan avvalgi IX - VIII asrlarga oid bo’lgani haqida dalolat beradi. Bu masalani o’rganish juda murakkab muammo bo’lsa ham, shubhasiz aytib o’tish kerakki, miloddan avvalgi VI asrning ikkinchi yarmida Erondagi ahmoniylar sulolasi podsholarning O’rta Osiyoga yurishlari boshlanganda bu elatlarning ajrala borish jarayoni butunlay tugagan va turli qadimgi xalqlarning hududiy joylashuv chegaralari, viloyatlarning umumiy chegaralari ahmoniylardan ancha oldingi davrlarda shakllangan edi. Yozma manbalarga ko’ra ahmoniylar O’rta Osiyoning alohida yirik viloyatlariga qarshi harbiy yurishlarni boshlaganlar. Demak, O’rta Osiyo viloyatlari va aholisi haqida, ularning hududiy joylashuvi va ayrim viloyatlarning chegaralari haqida Sharqda turli ma’lumotlar to’plangan edi.

Jahon tarixidagi ilk davlatlar dehqonchilik kabi ishlab chiqaruvchi xo’jaliklar paydo bo’lgan joylarda shakllandilar. Ming yillar davomida faqat termachilik va ovchilik hisobiga yashab kelgan, dehqonchilikni bilmagan ko’pgina qabilalar va elatlar davlatchilik bosqichiga ko’tarila olmadilar.

Eng qadimgi davlatlar miloddan avvalgi 4-ming yillikda Ikki daryo oralig’ida (Mesopotamiya) va qadimgi Misrda paydo bo’ldi. Bundan 10 ming yillar ilgariyoq bu erda termachilik va ovchilik asosida ekinlarni etishtirishga va yovvoyi hayvonlarni qo’lga o’rgatish - chorvachilikka o’tish boshlanadi. Asta-sekinlik bilan dehqonchilik bu erdan qo’shni hududlarga (Kavkazorti, Eron, O’rta Osiyo, Hindiston, Xitoyga) tarqaladi. Miloddan avvalgi 3-2-ming yillikdayoq Qadimgi Sharq mamlakatlari o’rtasida qalin tarixiy-madaniy aloqalar mavjud edi.

Arxeologik topilmalar shuni ko’rsatmoqdaki, miloddan avvalgi 2-ming yillik o’rtalarida O’zbekiston (Surxon vohasi)da qadimgi dehqonchilik madaniyati rivojlanishi asosida ilk davlatchilikka o’tish jarayoni boshlanadi. Bu jarayon bosqichma-bosqich rivojlanishining o’ziga xos xususiyat va qonunlarga ega edi.

Ilgarigi o’quv qo’llanmalari va darsliklarda ilk davlatlarning shakllanishini ekspluatatsiyaning paydo bo’lishi yoki boshqa kishilar mehnati bilan yaratilgan mahsulotni o’ziniki qilib olishning vujudga kelishi natijasida jamiyatning bir-biriga dushman sinflarga bo’linishi bilan bog’lab tushuntirilar edi. Aslida, turli manbalar ilk davlatchilikka o’tishda boshqacha tarixiy vaziyatni ko’rsatmoqda.


4. Kushonlar davlatining tashkil topishini va uning saltanatlik bosqichiga ko`tarilishi to`grisida so`zlab bering.

Avesto ma’lumotlarini arxeologik materiallar bilan qiyosiy o’rgangan olimlarning fikricha, mil.avv. II ming yillikning o’rtalariga kelib O’rta Osiyo xalqlari siyosiy hayotida o’zgarishlar sodir bo’lib, davlatchilikning ilk ko’rinishi shakllana boshlaydi. Bu davrda ushbu hududlarda yashagan aholining katta qismi yirik vohalarni jadallik bilan o’zlashtirilishi natijasida chorvador ko’chmanchilikdan o’troq dehqonchilikka o’ta boshlaydi. Bu esa keyinroq Baqtriya, Xorazm, Marg’iyona, Parfiya, So’g’diyona kabilarda davlatchilik tizimining vujudga kelishiga asos bo’lgan edi. Misol uchun, Avestoning “Vandidod” kitobida Oliy xudo Axuramazda yaratgan o’n oltita mamlakat (o’lka)ning hududiy –ma’muriy, siyosiy hamda qonunchilik tizimiga oid ma’lumotlar berilgan.

Ushbu ma’lumotlarga ko’ra davlatni, kavi ya’ni, boshqaruv tizimi bilan bog’liq bo’lgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va huquqiy masalalar bilan shug’ullanuvchi shaxs (podsho) boshqargan. O’z navbatida davlatni boshqarish huquqi sulolaning bir vakili qo’lidan ikkinchisiga meros sifatida o’tishi diniy va dunyoviy jihatdan qonunlashtirilgan.

“Avesto” davlat boshqaruvining murakkab tizimi haqida ma’lumotlar beradi. Bu ma’lumotlarga ko’ra mil.avv. VII-VI asrlarda O’rta Osiyo jamiyatining asosi kichik-kichik oilalardan iborat bo’lib, har bir oila o’rtacha 5-6 kishidan tashkil topgan. Ular katta patriarxal oila a’zolari hisoblangan. Katta oila esa 20-25 kishidan tashkil topgan. Jamoalar hayotida urug’chilik tuzumining arim hususiyatlari saqlanib qolgan. Katta oila a’zolari tomonidan xujalikni tashkil etish, yerga birgalikda egalik qilish va umumiy turur joyda – uy-qo’rg’onlarda yashash odati yuqoridagi fikr dalilidir.

Davlatning boshqaruv tizimi oilalar yoki uy-joy birlashmasi- “nmana” yoki “dmana”, katta oila oqsoqoli-“nmanapati”, urug’ jamoasi boshlig’i- “vis”, katta qishloq oqsoqoli -“vispati”, qabila boshlig’i- “zantupati”, viloyat hokimi- “daxyupati”, bir necha viloyatlar hokimi- “kavi”lardan tashkil topgan. “Avesto”da oila, urug’ va qabila anglatish uchun “pati” so’zi ishlatilgan. “Kavi” yoki “sastar” mamlakatni idora qilgan shaxsga nisbatan ishlatilgan. Avestoning Yasht kitobida quyidagicha ma’lumot bor: “Ko’p yaylovlarga ega bo’lgan Mitrani biz ulug’laymiz. Unga hyech kim yolg’on gapira olmaydi: uyda oila boshlig’i, urug’ oqsoqoli, qabila yo’lboshchisi va mamlakat hokimi ham yolg’onchi bo’lsa, g’azablangan Mitra butunlay oilani, urug’ni, qabilani, mamlakatni va ularning boshliqlarini ham tamoman yo’q qiladi”.

Ayrim tadqiqotchilar (H.Boboyev, T.Do’stjonov, S.Hasanov, Ya.Ollamov) ilmiy tahlillarga asoslanib “Avesto”da tasvirlangan va O’rta Osiyo hududida shakllangan ilk davlatchilik asoslarining vujudga kelishi jarayonini quyidagi uch davrga ajratadilar:

Birinchi davr- eng qadimgi davr bo’lib, bunda adolat va insoniy baxt-saodat hukmron bo’lgan.

Ikinchi davr- yaxshilik ruhlari bilan yomonlik ruhlari o’rtasidagi adolat uchun kurash davom etgan.

Uchinchi davrda- aql-idrok va adolat tantana qilib, dehqonlar badavlat, davlatning siyosiy va qonunchilik tizimi mustahkam bo’lgan.

Bizning kunlarimizga qadar yetib kelgan “Avesto” kitobi va zardushtiylarning an’analari hamda ta’limoti, inson hayoti va odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy munosaatlari ma’lum qonun-qoidalarga yoki ma’lum huquqiy tartibga asoslangani haqida ma’lumot beradi.

Tarixiy ma’lumotlardan ma’lumki, Zaratushtra yashagan davr ijtimoiy-siyosiy munosabatlar qaror topayotgan notinch va murakkab davr edi. Bir necha bor adolatsizlik, shavqatsizlik va zo’ravonliklarning guvohi bo’lgan Zaratushtra o’zining dastlabki ta’limotini yovuzlik va zo’ravonlikka qarshi qaratadi. Aynan shuning uchun ham Zaratushtra ta’limotining asosini tartibga chaqirish, huquqiy normalarni belgilash, adolatga intilish, hulq-odob tantanasi, tinchlikka intilish hamda ezgulikka da’vat etish tashkil etgan.

“Avesto”da kishilarning o’zaro muomala va munosabatlarida berilgan va’daning ustidan chiqish, majburiyat va qasamiga sodiq qolish odatiy qonunlar ekanligini kuzatish mumkin. Agar qasam ichib ahd qilgan kishi o’z ahdini bajarmagan yoki buzgan bo’lsa, da’vogar o’z haqligini isbotlash uchun sinash va jazolanish usulidan foydalangan. Adolatli sud qilish sinash va jazolashning 33 ta usuli mavjud bo’lib, agar so’z qasami buzilsa, suv bilan sinash, agar shartnomaga oid bo’lsa, olov bilan sinash jarayonida aybdorga o’zining haqligini isbotlashga imkon berilgan64.

“Avesto”da jinoyat va jazo masalalari har tomonlama tartibga solinganligini kuzatish mumkin. Misol uchun, jinoyatlar quyidagi turlarga bo’lingan: dinga qarshi jinoyat, shaxsga qprshi jinoyat, tabiatga qarshi jinoyatlar kabilar.

Shaxsga qarshi harakatlar ichida qurol olib tahdid solish, birovni kaltaklab hushidan ketkazish, unga jarohat yetkazish, qonini oqqizish, suyagini sindirish, boshini yorish kabi harakatlar qattiq jazolangan. Mulkiy jinoyatlardan o’g’irlik, firibgarlik, talon-taroj, bosqinchilik, qarzdorlik kabilar “Avesto”da gunoh hisoblangan.

Dinga qarshi jinoyatlar, qasddan qilingan jinoyatlar va takroriy jinoyatlar uchun ayniqsa qattiq jazolar belgilangan. Birovni qasddan urib, uning qonini to’kkan kimsani, ellik qamchidan to’qson qamchigacha savalashgan. Shuningdek, agar kimki birovni urib suyagini sindirsa, jinoyatchiga nisbatan otning terisidan yasalganqamchi bilan, yetmishdan to’qson qamchigacha urish jazosi belgilangan.

“Avesto” oilani, farzandlarni, uy-joyni asrab-avaylashga chaqiradi: “kimning uyi bo’lsa, u uysiz bexonumon odamdan yaxshiroqdir”. Oila va jamiyatdagi, xususan, ma’lum xonadon egasi va oila a’zolari, er va xotin, ota va o’g’il, kuyov va qaynota, qo’ni-qo’shnilar o’rtasidagi ahloqiy va huquqiy munosabatlar keng qamrovli bo’lib, ular yolg’on, zo’ravonlik va nohaqlikka qarshi qaratilgan. Nohaqlik va jinoyatga to’siq qo’yish, ularning oldini olish machsadida “Avesto” qonunlari inson va jamoaning huquqiy nazorat qilishga qaratilgan.

“Avesto”ning tub ma’no-mohiyati belgilab beradigan “Ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal”, degan tamoyilda hozirgi zamon uchun ham behad ibratli bo’lgan saboqlar borligini ko’rishmumkin. “Ezgu niyat, so’z va ish birligini jamiyat hayotining ustivor g’oyasi sifatida talqin etish bizning bugungi ma’naviy ideallarimiz bilan naqadar uzviy bog’liq, nechog’li mustahkam hayotiy asosga ega ekani, ayniqsa, e’tiborlidir”65, deb yozadi Islom Karimov

“Avesto”dagi diniy-falsafiy va madaniy ta’limot, davlatchilik va qonunchilik tizimi o’sha davrdagi jamiyat va fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini boyitishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan edi. Ushbu muqaddas kitobda yuksak ahloq, pokiza vijdon, marhamatlilik, bag’rikenglik, insonlarga va ona zaminga nisbatan doimiy g’amxo’rlik targ’ib etilgan. “Avesto”ning asosini tashkil etgan bunday tushuncha, yo’l-yo’riq, komil insonga xos fazilatlar, qat’iy xulosa va fikrlar davlatning siysiy, ijtimoiy va iqtisodiy qudratini oshirib, uni yanada mustahkamlanishiga xizmat qilgan. Bu muqaddas kitobning o’sha davrdagi qadr-qimmati hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini saqlab qolganligi shubhasizdir66.



5.  Miloddan avvalgi I ming yillikning oxiri va milodning  dastlabki asrlarida o`zbek davlatchiligi, Qang‘ (Kunxa), Dovon, Kushon davlatlari haqida ma'lumot bering.

Tadqiqotchilarning fikriga qaraganda, Salavkiylar sulolasi bilan doimiy ravishda olib borilgan kurashlar natijasida mil.avv. III asrning boshlarida Qang‘ davlati paydo bo‘ldi. Keyinchalik Yunon-Baqtriya davlati hamda ko‘chmanchi qabilalar bilan kurashlar natijasida Qang‘ davlati yanada mustahkamlandi va ayrim manbalarda O‘rta Osiyodagi yirik davlatlardan biri sifatida eslatiladi. Bu davlatning asosiy negizini Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi qang‘lar tashkil etganlar. Mil. avv. II asrning boshlariga kelib Qang‘ davlatining yerlari birmuncha kengayib sharqda Farg‘ona vodiysi (Dovon), shimoli-sharqda usun, yuyechji qabilalari bilan shimoli-g‘arbda Sarisu daryosi, g‘arbda, Sirdaryogacha borgan. Bu katta hudud Toshkent vohasini, Talas vodiysini va qisman Chu vodiysining quyi oqimidagi yerlarni o‘z ichiga olib Qang‘ davlatining asosiy yerlari hisoblangan, Mil.avv.II-I asrlarda qang‘liklar Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi yerlarni va Xorazmni o‘zlariga bo‘ysundiradilar.

Qadimgi manbalarda Qang‘ davlat hokimiyati qay tarzda idora qilinganligi haqida aniq ma’lumotlar berilmagan. Katta Xan sulolasi tarixida (mil.avv. 202-mil. 25 yy.) faqat bir marta Qang‘uy (Qang‘) podshosi o‘z oqsoqollari bilan maslahatlashib ish tutganligi eslatib o‘tiladi. Tadqiqotlar natijalaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Qang‘ davlati kengashida qabila boshliqlari, harbiy sarkardalar faol ishtirok etganlar. Podsho saroyi qoshidagi kengashda davlatning ichki hamda tashqi siyosati va boshqa barcha muhim masalalar maslahat bilan hal qilingan.

Qang‘ davlatiga qarashli yerlar bir necha viloyatlarga bo‘linib ularning har birini alohida hokim boshqargan. Viloyat boshliqlari jobu yoki yobu (Xitoy manbalarida-chjavou) deb atalgan. Qang‘ hukmdorlari mamlakatni ana shu jobularga tayanib idora etgan. Bu viloyatlarning ko‘pchiligi Qang‘ davlatining kuchaygan davrlarida, ya’ni, mil.avv. II-I asrlarda tobe etilgan. Xitoy manbalarida qang‘arlarga qarashli beshta: Susye, Fumu, Yuni, Gu, Yuyechyan viloyatlari eslatib o‘tiladi. Tadqiqotchilar ularni qadimgi Toshkent, Sug‘diyona va Xorazm hududlarida joylashgan deb hisoblaydilar.

Manbalarda Qang‘ podsholarining ikkita: yozgi va qishgi qarorgohlari eslatiladi. Ular yozni O‘trorda (hozirgi Qozog‘istondagi Aris va Turkiston oralig‘ida) qishni esa Qanqa (Qanxa, hozirgi Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida) o‘tkazganlar. O‘troq aholidan tashqari Qang‘ davlatining chegaralarida bir qancha qabilalar mavjud bo‘lib, ular dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik bilan ham shug‘ullanib kelganlar. Ular bahor va yoz mavsumlarida o‘z chorvalari bilan ko‘chib, yozgi yaylovlarda yashaganlar. Qishda esa chorvalari bilan o‘z an’anaviy qishlov joylariga qaytib kelganlar. Qang‘lar podsholari va beklari yirik chorvadorlar bo‘lib, ular issiq kunlarni yaylov joylarida, yozgi qarorgohlarida o‘tkazganlar.

Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi aholining ma’lum qismi mil.avv. III-milodiy V asrlarda o‘troq hayot kechirganlar. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga qaraganda, O‘tror, Oqtepa, Qorovultepa, Qovunchi, Choshtepa, Mingo‘rik xarobalari o‘rnida qang‘arlarning qo‘rg‘onlari va ko‘xna shaharlari bo‘lgan. Shahar va qishloqlarda yashovchi o‘troq xalqlar ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholiga nisbatan yuqori turganlar. Toshkent vohasida yashovchilar asosan dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganlar. Ular arpa, bug‘doy, tariq, no‘xat, sholi va boshqa donli ekinlar yetishtirganlar. Mevali daraxtzor va uzumzorlari ko‘p bo‘lgan. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi qang‘arlar asosan, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganlar.

Qoramozor, Qurama va Chotqol tog‘larida temirchilik, misgarlik hunarining rivojlanishi uchun kerakli ma’danlar bo‘lgan. Bu joylardan juda ko‘plab mis, temir, kumush va boshqa metallar olingan. Ustalar turli metallarni bir-biriga qo‘shib, mustahkam qurollar yasashni ham o‘zlashtirganlar. Shuningdek, kundalik ehtiyoj buyumlari ishlab chiqarilib ichki va tashqi savdo uchun turli mahsulotlar tayyorlangan.

Qang‘ shaharlari qalin va baland devorlar bilan o‘ralgan. Devorlarning tashqarisida qal’a atrofi gir aylantirilib chuqur va keng qilib handaq qazilgan. Shaharlar ichida mustahkam istehkom (ark) va shahristonlarning ham baland mudofaa devorlari, bir necha darvozalari bo‘lgan. Yirik shaharlardan tashqari, Toshkent vohasida yuzga yaqin aholi yashaydigan katta va kichik qo‘rg‘onlar ham mavjud bo‘lgan.



Qang‘arlarga xos madaniyat Toshkent vohasidagi Qovunchitepadan topib o‘rganilgan bo‘lib, fanda Qovunchi madaniyati nomi bilan mashhurdir. Arxeologik topilmalar ma’lumotlariga qaraganda bu madaniyat asosan Toshkent vohasi, Sirdaryo o‘rta oqimi, Yettisuv va Shimoliy Farg‘onada keng tarqalgan. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi xalqlarning So‘g‘diyona, Farg‘ona va Tyanshan tog‘ining shimoli-sharqiy qismida yashovchi xalqlar bilan yaqin aloqada bo‘lganligi tufayli Qovunchi madaniyati ancha taraqqiy etgan.

Milodiy V asr o‘rtalariga kelib qang‘arlar yeridagi o‘troq va qisman o‘troq aholi O‘rta Osiyoda yangidan tashkil topgan Yeftalitlar davlatiga tobe bo‘ldilar.
Download 25.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling