1. Qadimgi Xett haqida manbalar. Qadimgi Xett davlatchiligi. Yangi Xett podsholigi
Download 63.03 Kb.
|
1 2
Bog'liq4.QADIMGI KICHIK OSIYO (XETT PODSHOLIGINING ICHKI VA TASHQI SIYOSATI).
4.QADIMGI KICHIK OSIYO (XETT PODSHOLIGINING ICHKI VA TASHQI SIYOSATI). Reja: 1. Qadimgi Xett haqida manbalar. 2. Qadimgi Xett davlatchiligi. 3. Yangi Xett podsholigi. 4. Ijtimoiy-iqtisodiy hayot. 5. Din va madaniyat. 1. Uzoq vaqt qadimgi dunyoning qudratli davlatlaridan biri – Xett davlati fanga ma`lum emas edi. XIX asrdan boshlab topilgan bir qator arxeologik manblar bu davlat haqida ma’lumot beradi. XIX asr 30-yillarida qadimgi Xett davlati poytaxti Xattusa shahrining topilishi ushbu davlat haqida qimmatli ma`lumotlarni paydo bo`lishiga sabab bo`ldi. Xattusa shahri geografik jihatdan qulay hududda joylashgan bo`lib, Qora dengizga yaqin, Galis daryosidan uncha uzoq bo`lmagan joyda, mil. avv. III ming yillikda asos solingan. Xattusa mil. avv. 2000-yilliklarda ossuriyalik savdogarlarning savdo markazlaridan biriga aylangan. Xattusa nomi bilan o`sha davr manbalarida qayd etilgan. Mil. avv. 1700-yilda Kussar podshosi Anitta tarqor xett-nesit shaharlarini o`z davlati ostiga birlashtirgan va Xattusani bosib olib, vayron qilgan. Mil. avv. XVI asrda Xattusili I Xattusani davlat markaziga aylantirgan va katta qurilishlarni amalga oshirgan. Xattusa 8 kmlik devor bilan o`ralgan va 5 ta darvozasi bo`lgan. Bizgacha Sherlar darvozasi, Sfinks darvozasi nomli darvozalari yetib kelgan. Xattusada juda ko`plab ibodatxonalar mavjud bo`lgan. Bu ibodatxonalar orasida shaharning quyi qismida joylashgan mil. avv. XIII asrga oid “Buyuk ibodatxona” o`zining ulug`vorligi va me’morchiligi bilan mashhur bo`lgan. Mil. avv. 1190-yillarda Xattusa “dengiz xalqlari” tomonidan vayron qilingan. Xattusa 400 yildan so`ng frigiyaliklar tomonidan qayta tiklangan, ellin davlatlari, Rim va Vizantiya imperiyasi tarkibiga kirgan. Keyinchalik tarix sahnasida ko`rinmay qolgan. XIX asr 30-yillarida fransuz olimi Sharl’ Feliks Teks’ye (1802 –1871) Kichik Osiyoning Bo`g`ozqoya degan joyidan (Anqaradan 145 km sharqda) qadimgi Xett poytaxti Xattusa xarobalarini topib, ilk bora o`rgangan va 1839-yilda Xett davlati haqidagi ma’lumotlarni nashr qildirgan. 1861-yilda fransuz arxeologlari Edmon Giyom (1826 – 1894) va Jorj Perro (1832 – 1914)lar ham Xattusa xarobalarida qazishmalar olib borgan va to`plangan ma`lumotlar 1872-yilda nashr etilgan. 1906 – 1907-yillarda nemis filologi G.Vinkler (1863 – 1913) va yordamchisi Makridi-bey kabi arxeologlar Bo`g`ozqoyada qazishma ishlarini olib borib, katta Xett shahri xarobasini ochgan. Mashhur Xett-Misr sulhi ham Bo`g`ozqoyadan aynan ular tomonidan topilgan. Xattusada qazishmalarni 1931 – 1934-yillarda nemis arxeologlari Kurt Bittel (1907 – 1991) va Gans Gyuterbok (1908 – 2000) davom ettirgan va 4 ta arxeologik qatlam ochgan. Xattusa shahri xarobasidan mudofaa devorlari qoldiqlari, minorali darvozalar, 5 ta saroy xarobasi, mixxat bilan yozilgan 20 mingga yaqin loy taxtachaga yozilgan boy arxiv topilgan. Bu topilmalar shaharni mamlakat poytaxti bo`lganligidan dalolat beradi. Xattusadan Xett davlati ramzi “Ikki boshli burgut” tasvirlari (bo`rtma tosh tasvir) ham topilganli e’tiborli. Bo`g`ozqoyadagi Xattusa shahri yodgorliklari 1986-yilda YUNESKOning “Butun dunyo merosi” ro`yxatiga kiritilgan. Xettlar haqidagi ma’lumotlar Kichik Osiyodan tashqari, Suriya va Ikkidaryo oralig`ining bir qator hududlaridan ham topilgan. Xususan, nemis olimi Felix fon Lushan (1854 – 1924) 1888-yilda Turkiya – Suriya chegarisidagi Zanjirli (Gazantep viloyati) hududidan xettlarga tegishli ichki qal’a devorlari va 2 ta saroy xarobasini topib o`rgangan. 1927 – 1932-yillarda Chikago instituti arxeologlari Alishar tepaligi (Anatoliya, Anadolu)da olib borgan qazishmalarida Yangi Xett podsholigiga oid qal’a va qimmatli yodgorliklarni topib o`rgangan. Zanjirli shimoli-g`arbida joylashgan Qoratepa (Turkiya, Kodjaeli viloyati) dan Xett davriga oid ko`plab haykallar, Xett va Finikiya yozuvlari yozilgan tosh plitalar topilgan. Qadimgi Xett davlatiga oid bir qator yozma manbalar ham mavjud. Ilk Xett iyeroglifida loy taxtachga yozilgan bitiklar 1861-yilda Jorj Perro boshchligidagi fransuz arxeologlari tomonidan Bo`g`ozqoyadan (Xattusa)dan topilgan va 1862-yilda nashr qilingan. Katta Xett yozuvlari arxivi 1906-yilda Bo`g`ozqoyadan, Gugo Vinklar boshchiligidagi nemis arxeologlari tomonidan topilgan. Bugungi kunga qadar 20 mingdan ortiq loy taxtachaga yozilgan Xett hujjatlari o`rganishga muvaffaq bo`lingan. Xett yozuvlari arxivi chex olimi Bedrjix Grozniy (1879 – 1952) tomonidan 1915 – 1916-yillarda o`rganilgan. Bedrjix Grozniy xett tilini Hind-Yevropa til oliasiga kirishini isbotlgan. Grozniy 1917-yilda ilk bora Venada xett tili grammatikasiga oid asar nashr qildirgan. Shuningdek, Xett arxivi hujjatlari ingliz xettshunosi Oliver Gerni (1911 – 2001) tomonidan ham o`rganilgan. Oliver Gerni 1934 – 1935-yillarda Berlinga borib, nemis olimi Gans Egelol’f (1881 – 1939) bilan birga Xett hujjatlarini tadqiq etadi. 1911 – 1914-yillarda Karxameshdan ingliz arxeologlari loy taxtachalarga yozilgan xett yozuvlarini topganlar. Bu loy taxtachalar bugungi kunda Britaniya muzeyida saqlanadi. Xett arxivlaridan hukmdorlar yozuvlari, diniy matnlar, huquqiy hujjatlar, sulh shartnomalari, kelishiv va ittifoq bitimlari, tuli xil bag`ishlovlar, mif va dostonlar, yer va savdoga oid hujjatlar topilgan. Ular orasida podsholarga tegishli – Anitta, Telepin yozuvlari, Mursili II salnomalari g`oyat muhim manbalardir. Misr (1887-yilda Tell-Amarna arxividan Misr-Xett munosabatlariga doir hujjatlar, Tutanxamon maqbarasidan xettlarga oid arxeologik topilmalar topilgan.), Ossuriya, Bubil hujjatlarida ham Xett davlati haqida qimmatli ma’lumotlar mavjud. Xettlarning Kichik Osiyoga kirib o`rnashishi bo`yicha ikki xil qarash mavjud: birinchisi – g`arbdan, Bolqon yarim orolidan kirib kelganlar; ikkinchisi – sharqdan, Kavkazdan kirib kelganlar. Kichik Osiyoda yashagan eng qadimgi qabilalar olimlar tomonidan protoxettlar deb atalgan. Mil. avv. III ming yillikda Kichik Osiyoda keng tarqalgan til protoxett tili bo`lgan. Mil. avv. II ming yillik boshlarida Kichik Osiyoda nesiylar deb atalgan xalqlar paydo bo`lgan. Ma’lumotlarga ko`ra, nesiylar – Hind-Yevropa guruhiga mansub bo`lgan. Shuningdek, bu yerlarda Palay, Luviya kabi qabilalar ham mavjud bo`lgan. Mil. avv. II ming yillik boshlarida Xett xalqi tarkib topgan. Xettlar – Hind-Yevropa til oilasida so`zlashuvchi, yevropoid irqiga mansub bo`lgan. 2. Xett davlatchiligini 2 davrga bo`lib o`rganish mumkin: 1. Qadimgi Xett saltanati – mil. avv. XVIII – XVI asrlar. 2. Yangi Xett saltanati – mil. avv. XIV – XII asrlar. Xett qabilalari uzoq vaqt tirli qabilalar, davlatlarga qarshi kurash olib borishga majbur bo`lgan va natijada, Xett qabilalari ittifoqi tashkil topgan. Bu ittifoq markazlari – Kushshar, Nesha, Zalpuva va Xattusha shaharlari bo`lgan. Ular o`zaro ham kurash olib borgan va mil. avv. XIX asrda dastlabki Xett davlati shakllana boshlagan. Eng qadimgi Xett yozuvlarining birida Kushhar hokimi, xett-nesit podshosi Anitta (mil. avv. 1790 – 1750) ning qo`shni qabilalar bilan urushi va g`alabalari tasvirlangan. Anitta qo`shni xett shaharlari, xususan, Xattusani bosib olgan. Shu tariqa Xett davlati vujudga kelgan. Bu davlat poytaxti Nesha shahri edi. Xett davlati boshqaruv tizimida urug` oqsoqollarining mavqei yuqori hisoblangan. Podsho tomonidan chaqiriladigan, qurol ko`tara oldigan barcha erkaklar ishtirok etadigan kengash “Pankus”, zadogonlar kengashi “Tuliya” deb atalgan. Xettda dastlab eng kuchli qabila boshlig`i podsho bo`lgan. Mil. avv. XVII asr boshlaridan Xett davlati markazlasha boshlagan. Xett Tabarna yoki Labarna (mil. avv. 1680 – 1650) hukmronlik davrida kuchaya boshlagan. Tabarna Neshadan turib mamlakatni boshqargan va Xupisna, Tuvanuva, Nenassa, Landa, Sallara, Purusxanda, Lusna kabi shaharlarni o`z davlati tarkibiga qo`shib oladi. Tabarna davlatini “Dengizdan dengizgacha” kengaytirganligi podsho yozuvlarida qad etilgan. Tabarna o`zini “Ulug` podsho” deb atagan va o`z davlatini Bobil podsholigi bilan teng hisoblagan. Tabarna Birinchi Xett sulolasi asoschisi hisoblangan va keyinchalik uning ismi podsholik unvoniga aylangan. Keyingi Xett podsholari o`zlarini “Tabarna” yoki “Labarna” deb ataganlar. Xett malikalari yoki podshoni singillari Tabarnaning rafiqasi Tavannanna nomini unvon sifatida qabul qilganlar. Tabarna vorisi Tabarna II (Labarna II) yoki Xattusili I (mil. avv. 1650 – 1620) hukmronlik davrida Xett davlati yanada kuchaygan. Tabarna II Xett davlati poytaxtini Xattusaga ko`chirgan, o`zi ham Xattusili (Xattusiyalik) nomini olgan. Poytaxt Xattusaga ko`chirilgach davlat rasmiy ravishda “Xatti”, zamonaviy fanda “Xett” deb atala boshlangan. Xattusili I Xettning istilochi hukmdorlaridan biri bo`lib, hukmronligining daslabki yilidayoq xettlar Mesopotamiya va Shimoliy Suriyadagi birqator shaharlarni bosib olganlar. Xattusili I hukmronligining to`rtinchi yilida Xettga Shimoliy Mesopotamiyadan xurritlar bostirib kirganlar. Ko`plab Xett shaharlari ularni qo`liga o`tgan. Mamlakatda qo`zg`olonlar boshlangan. Xattusili I yozuvlarida qayd etilishicha, faqatgina Xattusa uning qo`lida qolgan. Xattusili I xurritlar xujumini qaytargan va qo`zg`olonchilarni tor-mor qilgan. Nenassa, Ul`ma, Salaxsuvu, Sanaxvittu shaharlari vayron qilingan. Xattusili I qudratini tikab olgach, Shimoliy Suriyaga bostirib kirgan va bu yerda Yamxad davlati bilan to`qnash kelgan. Urush bir-neha yil davom etgan. Xettlar Zarunti, Xashshu, Sippasna, Xaxxum, Karxamesh kabi yirik shaharlarni bosib olgan. Yamxad bilan janglarning birida Xattusili I og`ir yarador ham bo`lganligi Xett hujjatlarida qayd etilgan. Xattusili I Yamxad hukmdori Yarimlim III va uning vorisi Xammurabi bilan Xalabda tinchlik silhi imzolagan. Yamxad hukmdorlari Xattusili Iga sodiqlik haqida qasam ichishgan. Xattusili I hukmronliginig so`nggi yillarida mamlakatda qo`zg`olonlar ko`tarilgan. Unga fitna uyushtirilgan. Xattusili I qo`zg`olon ko`targan Sal’pani, nabirasi Mursili Xalabni qamal qilgan. Ikki yil qamaldan so`ng Sal’pa qo`lga kiritilgan va vayron qilingan. Xattusili I Xattusaga qaytgan va vafot etgan. Taxtga Xattusili Ining farmoniga asosan nabirasi Mursuli I (mil. avv. 1620 – 1594) o`tirgan. Mursuli I Kichik Osiyoni katta qismini qo`lga kiritib, Suriya va Ikkidaryooralig`iga kirib borgan. Xalabni qo`lga kiritib, Bobil ustiga yurush qilgan. Tahminan, mil. avv. 1595-yilda xettlar Bobilni bosib olgan va talagan. Xammurapi sulolasiga nuqta qo`ygan. Bobildan juda katta o`lja bilan qaytgan. O`ljalar orasida Bobil bosh xudosi Marduq va uning rafiqasi Sarnipat haykallari ham bor edi. Mursuli I Bobil istilosidan qaytgach, Xattusada qarindoshi Xantili (singlisining eri) boshchiligida unga suiqasd uyushtrilgan va o`ldirilgan. Mursuli I vafotidan so`ng, taxtga fitnachilar rahbari Xantili I (mil. avv. 1594 – 1560), so`ng kuyovi Sidanta I (mil. avv. 1560 – 1550), so`ngra Ammuna (mil. avv. 1550 – 1530), Xussiya I (mil. avv. 1530 – 1525) o`tirgan. Bu davrda ko`chmanchi xurrit, kaska (gazgey) qabilalari xujumi kuchaygan. Mamlakatning katta qismi qo`ldan ketgan. Ma’lumotlarga qaraganda, Mursuli I dan keyin taxtga kelgan 5-hukmdorgina mamlakatda tartib o`rnatgan. Telipinu (mil. avv. 1525 – 1500) davrida Xett o`zini tiklab olgan. Telipinu taxt vorislari tartibini ishlab chiqqan. Unga ko`ra, podsholik hokimiyatini katta o`g`il, agar katta o`g`il bo`lmasa, ikkinchi o`g`il yoki katta qizining eri olishi kerak edi. Shuningdek, Telipinu Pankus vakolatlarini qayta ko`rib chiqqan. Podsho vakolati kuchaygan. Telipinu Xett davlati hududlarini kengaytirgan. Shimoliy Suriyadagi qo`ldan chiqib ketgan ayrim shaharlarni qayta bo`ysindirgan. Telipinu vafotidan so`ng qadimgi Xett podsholigi nihoyasiga yetgan. 3. Telipin vafotidan so`ng Xettda inqiroz boshlangan. Hukmdorlar tez-tez almashgan. Mamlakatda Alluvamna, Xantili II, Taxurvaili, Sidanta II, Xussiya II, Muvatalli I navbatma-navbat hukmronlik qilganlar. Bu hukmdorlarning ko`pi fitna qurboni bo`lgan. Xett katta hududlaridan mahrum bo`lgan. Muvatalli I vafotidan so`ng O`rta Xett podsholigi nihoyasiga yetgan. Yangi Xett sulolasi ilk vakili Tudxaliya II (mil. avv. 1460 – 1440) hukmronlik davrida Xett o`zining qudratini tiklay boshlagan. Kichik Osiyodagi Arsava, Masa, Lukka shaharlarini davlati tarkibiga qo`shib olgan. Vilus (Ilion, Troya) bilan do`stona aloqalar o`rnatgan. Tudxaliya II davlat chegaralarini mustahkalash uchun kaska (gazgey) qabilalariga qarshi kurash olib borgan va ularga zarba bergan. Shimoliy Suriyaga bostirib kirgan va Yamxad, Mitanni, Assuva, Mukish davlatlaridan tashkil topgan ittifoqchilar qo`shinini mag`lub etgan. Xalab, Assuva va Alalax shaharlarini vayron qilgan, Shimoliy Suriyani qo`lga kiritgan. Tudxaliya II vafotidan so`ng taxtga Arnuvanda I ( mil. avv. 1440 –1420) o`tirgan. Arnuvanda I davrida Mitanni Xettdan Suriya va Kussuvantu (xurrit davlati, Kichik Osiyo janubi-sharqida)ni tortib olgan. Biroq bu davrda Xettga kaska qabilalarri bostirib kirgan. Ular bilan urushda Xett omadsizlikka uchragan. Arnuvanda I dan so`ng taxtga Xattusili II (mil. avv. 1420 – 1400) o`tirgan. Xattusili II Kussuvantuda Xett hukmronligini tiklagan. Yamxad davlatini bo`ysindirgan. Xattusili II dan so`ng taxtga Tudxaliya III (mil. avv. 1400 – 1380) o`tirgan. Tudxaliya III davrida Xettda siyosiy vaziyat og`irlashgan. Shimoldan kaska qabilalari, g`arbdan Arsava qo`shinlari, shimoli-sharqdan Assi va Xayasi, sharqdan Isuva qo`shinlari Xettga bostirib kirgan. Ma’lumotlarga qaraganda, kaska (gazgey) qabilalari poytaxt Xattusani ham vayron qilgan. Tudxaliya III ning o`g`li Suppiluliuma (mil. avv. 1380 – 1334) davrida Xett qudratli davlatga aylangan. Bu davrda Xett Misrni kuchsizlanganligidan foydalanib, Shimoliy Suriyadagi Misrga tegishli hududlarni bosib oladi. Manbalarda “Katna knyazi Akkizi Misr fir’avniga, Xett podshosi butun mamlakatga o`t qo`ydi va Katnaning o`ziga xavf solmoqda” deb yozadi. Xettlar Suriyaning bir qator shaharlarini, Xalabni bosib olgan. Misrning Finikiyadagi tayanchi, port shahar Bibl ham xettlar tomonidan istilo qilingan. Xett Misrga qarshi qo`zg`alon ko`targan Suriya knyazlari ittifoqiga tayanib, Falastinga ham kirib borgan. Suppiluliuma Mitanni bilan ham urushlar olib boradi. Mitanni mag`lub bo`ladi va poytaxti Vasuchan vayron qilinadi. Xettlar Ossuriyaga ham zarba beradi. Suppiluliuma I davrida Xett armiyasi hududdagi eng qudratli armiyaga aylanadi. Xett hukmdori Suppiluliuma va Misr hukmdori Amenxotep IV o`rtasida yaxshi aloqalar o`rnatilgan. Qadimgi Misr arxivlarida (El-Amarna) Suppiluliumaning Misr fir’avni Amenxotep IVni taxtga o`tirgani bilan tabriklagan xati mavjud. Amenxotep IV ning vorisi Tutanxamon ham xettlar bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilgan. Tutanxamon vafot etgach uning yosh rafiqasi malika Anxesenamon Suppiluliumaga maktub yozib, uning o`g`liga turmushga chiqmoqchiligini ma’lum qilgan. Suppiluliuma bunga rozi bo’lgan, lekin Xett shahzodasi Zannansa Misr chegarasida o`ldirilgan. Xett shahzodasini o`ldirilishida Misr hukmdori Xoremxeb ayblangan va Suppiluliuma Misrga urush boshlagan. Natijada, uzoq davom etgan Misr – Xett urushi boshlanib ketgan. Suppiluliuma yozuvlarida, Misr ustidan g`alaba qilganligi va katta o`ljlarni qo`lga kiritgani qayd etiladi. Biroq yurush vaqtida Misrda vabo tarqagan, Suppiluliuma o`lat yuqtirib olgan va vafot etgan. Suppiluliumaning katta o`g`li Arnuvanda II (mil. avv. 1334 – 1333) Suriyda harbiy xarakatlarni davom ettirgan va Misr bilan urushlar olib borgan. Ma’lumotlatga qaraganda, Arnuvanda II ham otasi kabi o`latdan vafot etgan. Natijada, Suppiluliumaning kenja o`g`li Mursili II (mil. avv. 1321 – 1295-yy.) taxtga o`tirgan. Mursili II ichki kelishmovchiliklarga barxam bergan, ko`tarilgan qo`zg`alonlarni bostirgan. Xettning azaliy raqibi Arsava davlati boshchiligidagi ittifoqchilarni mag`lub etgan. Arsava hukmdori Uxxasiti va uning vorislari “dengizga qochgan”. Mursili II Xettga bostirib kirgan kaska (gazgey) qabilalari bilan 20 yil kurash olib borgan. Ularni ustiga 10 marta yurush qilgan va mamlakat hududidan xaydab chiqargan. Mursili II davrida Xett Kilikiya va Armanistonga qo`shin tortadi. Suriyadagi mavqeyini mustahkamlaydi. Bu davrda Xett qudratli davlatga aylangan. Mursili II ning o`g`li Muvatalli II (mil. avv. 1295 – 1282) hukmronligi davrida Xett tobora janubga siljib boradi va Misr bilan to`qnash keladi. Ikki o`rtada uzoq davom etgan kurash boshlanadi. Natijada, Muvatalli II poytaxtni Xattusadan janubga, Galis (Qizilirmoq) daryosi janubida joylashgan Dattash shahriga ko`chirgan. Fir’avn Seti I davrida Misr qo`shinlari Suriyaga bostirib kiradi va Amurru mamlakatini, so`ngra Kadeshni bosib oladi. Seti I hukmronligining so`nggi yillarida Xett Misr bosib olgan hududlarni, xususan, Kadeshni qaytarib oladi. Yosh Misr fir’avni Ramzes II (mil. avv. 1279 – 1213) hukmronligining 5 yilida Kadesh yaqinida Misr va Muvatalli II boshchilidagi Xett qo`shini o`rtasida yirik jang bo`ladi. Kadesh jangida Misr qo`shini: 20 – 25 ming atrofida askar, 1,500 jangavor aravadan iborat bolgan. Xett qo`shini: 27 – 30 ming askar, 5000 jangavor aravadan iborat bo`lgan. Jangda Ramzes II – “ga`laba qozonganman” degan bo`lsada, xettlar Misr qo`shinlariga jiddiy zarba bergan. Misr va Xett o`rtasidagi urush harakatlari davom etgan. Muvatalli II umrining oxirigacha Misr bilan kurash olib borgan. Xett hukmdorlari Mursuli III (mil. avv. 1282 – 1275) va Xattusili III (mil. avv. 1275 – 1250) hukmronligi davrida ham Misr bilan urush harakatlari davom etgan. Uzoq davom etgan Misr – Xett urushidan so`ng, Xett hukmdori Xattusili III va Misr fir’avni Ramzes II o`rtasida tahminan mil. avv. 1270-yil atrofida Misr-Xett sulhi tuzilgan [Qarang: 11-ilova]. Sulh uch tilda – Misr-Xett-Akkad tillarida yozligan bo`lib, unga ko`ra, Suriya ikki davlat o`rtasida taqsimlangan. Xattusili III qizini katta boyliklar bilan Ramzes IIga turmushga bergan. Xattusili III Bobilni o`z ta’siriga olishga harakat qilgan. Biroq bu davrda Ossuriya kuchayib, Xettga xavf sola boshlagan. Xett kuchsizlanib borgan. Xattusili IIIdan so`ng, Tudxaliya IV (mil. avv. 1250 – 1230), Kurunta (mil. avv. 1230 – 1209), Arnuvanda III (mil. avv. 1209 – 1205) va Suppiluliuma II (mil. avv. 1205 – 1178) hukmronlik qilganlar. Tinimsiz urushlar natijasida, Xett kuchsizlangan. Mil. avv. XIII asr oxiri – XII asr boshlarida Kichik Osiyo, Finikiya va Falastinga O`rta yer dengizidagi orollaridan “dengiz xalqlari” bostirib kirgan. Mil. avv. 1190-yilda “dengiz xalqlari” bergan zarbadan Xett davlati parchalanib ketgan, Xattusa vayron qilingan. Bu haqida “dengiz xalqlari” xujumini to`xtatgan Misr hukmdori Ramzes III faxrlanib shunday deydi: “Xettlardan tortib, bironta mamlakat ham ularning xujumiga bardosh bera olmadi”. Ossuriya podshosi Tiglatpalasar I (mil. avv. 1115 – 1076) Xettga so`nggi zarbani bergan. Xett parchalanib ketgan. Xett davlati qoldiqlaridan bo`lgan Karxamesh knyazligi Ossuriya podshosi Sargon II tomonidan mil. avv. VIII asr oxirlarida bosib olingan. 4. Xettda chorvachlik rivojlangan. Xett hujjatlarida qo`ylar mamlakatning asosiy boyligi sifatida qayd etilgan. Mil. avv. XIV asrga oid Xett qonunlarida molga egalik huquqini beruvchi 35 ta modda bor. Qonun yirik chorvadorlar huquqini himoya qilgan. Mol o`g`irlaganlar jiddiy jazolangan. Masalan: Qoramol, ot yoki qo`yni o`g`irlagan kishi, o`g`irlagan narsasining qiymatini 15 barobar to`lashi lozim edi. Xettlarda yilqichilik ham rivojlangan. Otni xettlar “Sharqdan keltirilgan hayvon” deb atashgan va ulug`lashgan. Xett davlatida asta-sekinlik bilan dehqonchilik ham rivojlana borgan. Azim daryolar yo`qligi (Misr, Ikkidaryooralig`i kabi) dehqonchilik taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko`rsatgan. Sun’iy sug`orish inshootlaridan foydalanish qonun yo`li bilan belgilab qo`yilgan. Masalan: Kanal jamoat mulki hisoblangan. Kanal suvini ruhsatsiz ariq orqali oqizish ta’qiqlangan. Donli ekinlar bilan birga, poliz va bog`dorchilik ham rivojlangan. Ayniqsa, uzumchilik taraqqiy etgan. Daraxtzorlar qonun yo`li bilan himoya qilingan. Xususan, Xett qonunlarida “Yetkazgan zarari uchun bitta daraxtga 6 shekel kumush to`lanishi, yana daraxtni tiklashi va shunda gunohidan xalos bo`lishi” belgilangan. Qadimgi Xettda konchilik ishlari rivojlangan. Xett hududida kumush konlari ko`plab topilgan. Shuning uchun ham Tavr tog`lari “Kumush tog`lar” deb atalgan. Ba’zi olimlar fikricha, “xatti” so`zi ham “kumush” degan ma’noni bildiradi. Mamlakat hududidan mis va temir ham qazib olingan. Temir haqida mil. avv. XIX asrdagi Xett yozuvlarida ma’lumotlar bor. Mil. avv. XIV asrga oid Xett yozuvlarida temir – “osmondan tushgan metal” deb atalgan. Temirni misrliklar – benipet, yunonlar – sideros (lotincha sidus – yulduz) deb atashgan. Mil. avv. II ming yillik o`rtalarida Xett temirni tashqariga chiqara boshlagan. Xett temiri qo`shni davlatlarda mashhur bo`lgan. Mashhur Tutanxamon maqbarasidan ham xett temir xanjarlari topilgan. Xettlar tosh va daraxtlardan ham keng foydalanishgan. Xom-ashyoga boy bo`lgan Xett taraqqiyot uchun barcha narsaga ega edi. Xett qonunlarida qurol-yarog`lar, hunarmandchilik turlari – kulollar, temirchilar, duradgorlar, etikdo`zlar, tikuvchilar, to`quvchilar, movutchilar haqida ma’lumotlar mavjud. Xettda savdo-sotiq rivojlangan. Xettda dastlab ossuriyalik savdogarlarni ta’siri kuchli edi. Shuningdek, bobillik savdogarlar kuchli mavqega ega edi. Bobil pul tizimi ham Xettda keng tarqalgan. Qadimgi Xett jamiyatida xun olish odati mavjud bo`lgan. Keyinchalik bu odat jazo bilan almashtirilgan. Mil. avv. XVI – XV asrlarga va mil. avv. XIII asrga oid Xett qonunlari nusxalari bizgaha yetib kelgan. 200 moddadan iborat Xett qonunlari bir qator yevropalik va rossiyalik olimlari tomonidan o`rganilgan. Xett qonunlariga ko`ra, oilada otaga cheksiz huquq berilgan. U o`z qo`l ostidagi oilasini sud qilishi va jazolashi mumkin edi. Shuningdek, ota qizlarini sotishi ham mumkin bo`lgan. Xiyonat shavqatsiz jazolangan. Xett qonunlarining 197-moddasida, ayol eriga hiyonat qilayotganida qo`lga tushsa, er ikkisini ham o`ldirishga ruhsat bergan. Unga jazo berilmagan. Xettda qulchilik rivojlangan. Qulchilikning eng muhim manbasi urush edi. Qullardan xo`jalik ishlarida keng foydalanilgan. Xett qonunlarida qullar va ularni majburiyatlari belgilab qo`yilgan. Xususan, Xett qonunlariga ko`ra, “Qul o`g`irlikka tushsa bu uchun 6 shekel kumush to`lashi kerak. Qulning yana burun va quloqlari kesilsin” deb qayd e’tilgan. Istilochilik yurushlari natijasida, Xettda qullarning soni keskin ko`payib ketgan. Xususan, mil. avv. II ming yillik o`rtalariga oid Xett yozuvlariga ko`ra, bosqinchilik urushlari natijasida, 1 askarga in’om etilgan qullar soni 10 kishiga yetgan. Shuningdek, Xett yozuvlarida qullar qo`zg`olonlari haqida ham ma’lumotlar keltirilgan (mil. avv. XVII asrda Xettusuli I o`lganidan so`ng). 5. Xett madaniyatiga Bobil madaniyati katta ta’sir ko`rsatgan. Dastlab, Xettda Bobil yo`zuvidan foydalanishgan. Mil. avv. XIV asrda Bobil yozuvi asosida Xett yozuvi shakllangan. Bobil tilida yozilgan asarlar Xett tiliga tarjima qilingan. Shumer-Bobil – Xett lug`atlari mavjud bo`lgan. Xett saltanatida aholi 8 ta mahalliy tilda so`zlashgan. Xett adabiyotining ayrim durdonalari bizgacha yetib kelgan. Xususan, “Kohin Kellning xudolar kurashi haqida”gi afsonasi, Mitannilik Kikkulaning “Yilqichilik haqida”gi asari ma’lum. Shuningdek, Bo`g`ozqoya arxividan “Gilgimas” haqida rivoyat topilgan bo`lib, shumerliklarning “Gil’gamesh dostoni”ga juda o`xshash. Xettda binokorlik, arxitektura rivojlangan. Xashamatli saroylar, rejali shaharlar, qal’a va qo`rg`onlar, chiroyli va ulug`vor haykallar, bo`rtma suratlar juda mashhur. O`ziga xos poydevor ustiga qurilgan ustunlar xett arxitekturasining Egey va Miken arxitekturasiga o`xshashligini ko`rsatadi. Xettda podsholar ilohiylashtirilgan. U bosh ruhoniy ham bo`lib, diniy marosimlarni ham amalga oshirgan. Podsho o`lganidan so`ng esa xudoga tenglashtirilgan. Xett podshosini “Quyoshim” deb atash lozim bo`lgan. Xettda hukmdor yoki malika motam marosimi 13 kun va undan ko`p davom etgan. Jasad maxsus pechda kuydirilgan va xoki yig`ilib, stol ustiga qo`yilgan. Dasturxon oziq-ovqat bilan tuzatilgan. Xett – 1000 xudolik mamlakat sifatida tilga olinadi. Xettda hosildorlik kuchlarini o`zida aks ettiruvchi tabiat onasi – ulug` ma’buda ayol qiyofasida tasvirlangan. Xett yozuvlarida bu ma’buda – Ma (Kibela, Reya) nomlari bilan atalgan. Xettda tog` cho`qqilari xudosi, chaqmoq, yashin, momaqaldiroq, osmondan tushadigan yog`in tufayli hosildorlikni aks ettiruvchi ma’bud – Teshub (Tarxunt)ga sig`inishgan. Teshub – Xett podsholigi, davlat homiysi hisoblangan. Teshubni beliga qilich taqqan va chap qo`lida bir tutam yashin, o`ng qo`lida esa jang boltasi ushlagan xolda tasvirlashgan. Xett dinida 3-ulug` ma’bud – tiriluvchi va tabiat ma’budi Telepin hisoblangan. Telepin kalta kiyim kiygan, yoniga xanjar taqqan va qo`sh tomonli bolta ushlagan, soqol-mo`ylovsiz yigit qiyofasida tasvirlashgan. Shuningdek, Xettda osmon va quyosh ma’budasi, bosh ma’bud Teshubning rafiqasi Xebat; yer osti mamlakati ma’budi Nirgalning ham obro`si yuqori hisoblangan. Xett xudolari asosan, yovvoyi hayvonlar ustida turgan, tog` cho`qqilarida ketayotgan xolda tasvirlangan. Xettda yovvoyi hayvonlardan kiyikni muqaddas deb bilganlar. Qazishmalarda Xett ibodatxonlaridan kiyik haykalchalari ko`plab topilgan. Xettda folbinlik ham rivojlangan. Download 63.03 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling