1-reja. Mehnat muhofazasining huquqiy-tashkiliy asoslari


Download 67 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi67 Kb.
#194152
Bog'liq
1-reja. Mehnat-WPS Office


1-reja. Mehnat muhofazasining huquqiy-tashkiliy asoslari.

Har qanday demokratik jamiyatda shu jamiyat taraqqiyoti qay darajada bo‘lishidan qat’iy nazar o‘zining huquqiy manfaatlaridan kelib chiqib va inson huquqlarini himoyalashga asoslangan qonun asoslari, ya’ni Konstitutsiyasi bo‘lishi zarur.

Konstitutsiya avvalo inson huquqlarini himoya qilishi, shu bilan bir qatorda iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar ham himoyalanishi kerak. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi 1992 yil 8 dekabrda o‘zining birinchi demokratik Konstitutsiyasini qabul qildi.

Konstitutsiyaning IX bobi iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni himoyasiga qaratilgan. 37-moddada «Har bir shaxs qonunda ko‘rsatilgan tartibda mehnat qilish, erkin kasb tanlash, odilona sharoitlarda mehnat qilish va ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir» deyilgan va uning davomida «Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari (harbiy xizmat chog‘ida, favqulodda holat sharoitida va hokazo) majburiy mehnat taqiqlanadi» deyilishi avvalgi Konstitutsiyadagi tarqoq umumiy jumlalar asosida berilgan va ishyoqmas, dangasa shaxslar uchun asosiy istehkom bazasi bo‘lib xizmat qiladigan «barcha fuqarolar ish bilan ta’minlanadi» degan qonundan tubdan farq qilishi ko‘rinib turibdi.

Shu bobning 38-moddasida «Barcha yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi» deyilgan jumla ham bir muncha ijobiy xususiyatlarga ega. Dam olish huquqini ta’minlash, mana shu huquqni amalga oshirilishini ta’minlaydigan ijtimoiy bazaga asoslanishi kerak. Bu bandda ana shu bazani ta’minlash imkoniyatini beradigan qonun barpo etilishi mumkinligi belgilangan, bu esa oldinga karab siljish imkoniyati demakdir.

39 - Moddada «Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan maxrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.

Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordamning boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas» deyilgan.

Oldingi Konstitutsiyalarda ijtimoiy ta’minlanish masalasi hal qilingan bilan uning miqdori hech kimni qiziqtirmas edi. Bu Konstitutsiyada qo‘shimcha ravishda tirikchilik uchun etarli mikdorda belgilanishi, albatta keyingi nafaqa haqidagi qonuniyatlarda uning miqdorini oshirish imkoniyatini beradi.

40-Moddada «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega» deb belgilangan.

Ilgari qabul qilingan Konstitutsiyalarda bepul tibbiyot xizmatidan foydalaniladi deyilgan edi. Ammo unday tibbiyot xizmatidan bepul foydalanish imkoniyatlari yaratilmagani sababli bu qonun tibbiyot sohasini inqiroziy tanglikka olib keldi. Hozir belgilangan modda bo‘yicha tibbiyot xizmati korxonalari tashkil etilishi va jumladan malakali tibbiyot xodimlari o‘z shaxsiy davolash muassasalariga ega bo‘lishi shu bilan esa davolash sohasida raqobat vujudga kelishi bilan Respublikamiz aholisi malakali tibbiyot xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Hozirgi vaqtda sanoat korxonalaridagi ko‘p sohalari mexanizatsiyalashtirilgan bo‘lishiga qaramay, ba’zi bir hollarda yuklarni qo‘l bilan ko‘tarish hollari uchrab turadi. SHuning uchun ayollarga yuk ko‘tarish qoidalari belgilab qo‘yilgan (SanPiN RUz № 0364 – 18).

Ayollarga va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashg‘ul bo‘lgan shaxslarga beriladigan qo‘shimcha engilliklar tug‘dirilgan. Bunday ayollarni va 12 yoshgacha bo‘lgan farzandlari bo‘lgan ayollarni tungi (soat 22 dan soat 6 gacha), ishdan tashqari, dam olish kunlaridagi ishlarga jalb qilish va komandirovkaga yuborish taqiqlanadi. Ma’muriyat ba’zi hollarda bunday ayollarni vrach xulosasiga asosan, o‘rtacha ish haqini saqlagan holda engil ishlarga o‘tkazishi lozim. Ayollarga tuqqunga qadar etmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — etmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Mamlakatimizda yoshlar uchun qo‘shimcha kafolatlar hamda ularning mehnatini muhofaza qilishga katta e’tibor berilmoqda. O‘smirlar 16 yoshdan va ba’zi paytlarda kasaba uyushma qo‘mitalarining roziligi bilan istisno tarzda 14 yoshdan ishga qabul qilinadilar. 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar ishga qabul qilinayotganda tibbiyot ko‘rigidan o‘tkazadilar, keyinchalik ular 18 yoshga to‘lganga qadar har yili ana shunday ko‘rikdan o‘tkazilib turiladi. Balog‘atga etmagan ishchilar uchun qisqartirilgan ish haftasi belgilangan 16-18 yoshgacha – 36 soat, 14-16 yoshgacha 24 soatlik. Bular tungi va xizmatdan tashqari bajariladigan ishlarga, zararli va xavfli ishlarda ishlashga ruxsat berilmaydi. O‘smirlarning yuk ko‘tarish normasi o‘g‘il bolalar - 13 kg, qizlar uchun - 9 kg.[1]

Qonunchilik tarixi

Mehnat va salomatlikni muhofaza qilish tarixi qonunchilik hukmronligi ostida bo‘lgan. Hukumatlar salomatlik va mehnatni muhofaza qilish muammolarini kuzatganlar va bu muammolarni qonunlar va tegishli qarorlar qabul qilish yo‘li bilan echishga harakat qilganlar. Bu mamlakatdagi yo‘riqnomalar 1970-yilda qabul qilingan sog‘liq va mehnatni muhofaza qilish haqida qonun qabul qilinishi bilan o‘zining oliy nuqtasiga etdi.

Xavfsizlikni qonunlashtirishga bo‘lgan ilk urinishlarda ko‘z ko‘z uchun prinsip doim ustun bo‘ldi. Hukumatning nisbatan xavfsiz ish joylarini tashkil qilishdagi harakatlarni rag‘batlantirishlari dastlab qonunbuzarlarni jazolash doirasida olib borilgan. Bu tushuncha Vavilon qonuniga 4000 yil ilgari kiritilgan bo‘lib, bu mashxur eramizdan avvalgi 2100-yilda yozilgan Hammurapi kodeksining izdoshi bo‘lgan. Hammurapi bu kodeksni o‘z hukmronligining 30-yilida yozgan. Bu kodeksga binoan kemasozlar o‘zlari qurgan kemalardagi nuqsonlar natijasida yuzaga kelgan moddiy zararlarni yuklarni etkazib bo‘lgandan so‘ng bir yil davomida to‘lab berishlari shart bo‘lgan. Kema kapitanlari suvda yo‘qolgan yoki yaroqsiz holatga kelgan moddiy tovarlarning teng yarim bahosini jarima sifatida to‘lashlari kerak bo‘lgan. Qulni o‘z xo‘jasidan boshqa birov yaralasa qulning xo‘jayiniga kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘lgan. Malakali ishchi va xodimlarning o‘z ishiga ma’suliyatsiz va qo‘pollik bilan yondashishi mumkin bo‘lmagan. Malakali xodimlarning xatosi tufayli yuzaga kelgan talofatlar shu malakali xodimlarni jazolash orqali undirilgan. Quruvchi qurgan uy qulashi natijasida kimdir halok bo‘lsa quruvchining yaqinlaridan birini o‘ldirish mumkin bo‘lgan. SHifokorning xatosi natijasida bemor halok bo‘lsa, uning qo‘lini kesib tashlashligi mumkin bo‘lgan. Ko‘z ko‘z uchun prinsipi amalda bo‘lgan.

Hammurapi davridan va uning zamondoshlari davridan to o‘rta asr nihoyasigacha xavfsizlikni qonunlashtirishga bo‘lgan urinishlar haqida juda kam ma’lumotlar saqlangan. Ilk ishlab chiqarish korxonalari ishchilarni lahzalarda halok bo‘lishi yoki tan jarohati olishiga yoki imkon tug‘diruvchi xavfli harakat qiluvchi uskunalar va ochiq uskunalardan tashkil topgan qopqonlar seriyasidan ham ko‘proq edi. Britaniyaliklar o‘z farzandlari haqida qayg‘urib xavfsizlik qonunini ishlab chiqdilar (Grimaldi va Simonds 1989). 1800- yillar Amerika Qo‘shma Shtatlarida juda ko‘p halokatlar sodir bo‘ldi. Bu halokatlar hukumat tomonidan kichik javoblar bilan qarshi olindi. Bu halokatlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi gazeta va jurnallarda bosib chiqilishi natijasida Amerika fuqarolari o‘z hukumatlaridan ishchilarni ish beruvchilardan himoya qilishni ta’minlanishini talab eta boshladilar. Aholining salomatlik va mehnatni muhofaza qilish haqidagi xavotirlari o‘sib bordi. Ish beruvchilarning harakatidan norozilik, ish joyidagi halokatlarning ko‘payishi jamoatchilikni noroziliklariga sabab bo‘ldi. Buning natijasida ilgari ish beruvchilarni himoya qilgan qonun organlari ishchilarni himoya qilish faoliyatini kirgazuvchi qonun qabul qilishga majbur bo‘ldilar. Ilk qonunchilikning kattagina qismi reaktiv tarzda yuzaga kelgan ya’ni ma’lum tabiiy ofatga javob natijasida qonunlar amalga kiritilgan. Keyingisi – 1900- yillardagi salomatlik va xavfsizlikni rivojlantirishdagi muhim voqealarning berilishi.

Mehnat muhofazasi fani quyidagi bo‘limlardan iborat:

1.Mehnat muhofazasi qonunchiligi va uni tashkil etish.

2.Xavfsizlik texnikasi.

3.Ishlab chiqarish sanitariyasi.

4.Yonginni oldini olish tadbirlari.

Mehnat muhofazasi qonunchiligi-mehnat qilish va dam olishning huquqiy qoidalarini o‘z ichiga oladi, hamda ularni himoya qilishni kafolatlaydi.

Xavfsizlik texnikasi-ish oluvchilarga ishlab chiqarishdagi xavfli omillarning ta’sir etishining oldini olishga qaratilgan tashkiliy texnikaviy tadbirlar hamda vositalar tizimini o‘rgatadi.

Ishlab chiqarish sanitariyasi-ish oluvchilarga ishlab chiqarishdagi zararli omillarning ta’sir etishining oldini oluvchi tashkiliy, gigienikaviy va sanitariya, texnikaviy tadbirlar hamda vositalar tizimidan iboratdir.

Yong‘inni oldini olish- ishlovchilarni yong‘in va portlashdan himoya qilishga qaratilgan texnikaviy va tashkiliy tadbirlar yigindisidan tashkil topgandir.

2-reja. Mehnatni muhofaza qilishga doir tadbirlarni tashkil qilish.

O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 22 sentyabrdagi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida” yangi tahrirdagi Qonunida belgilanishicha “Mehnatni muhofaza qilish — mehnat jarayonida insonning xavfsizligini, hayoti va sog‘lig‘i, ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga doir huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya tadbirlari hamda vositalari tizimi”. Qonunda, shuningdek, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitini ta’minlashga qaratilgan huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy-texnikaviy, tibbiy va boshqa tadbirlar belgilangan.

Yuqoridagilardan tushuniladiki, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitini ta’minlash uchun mehnat muhofazasining keng ma’nodagi tushunchasiga tayanmoq lozim. Mehnatni muhofaza qilishning birorta tarkibiy qismi etarli bo‘lmasa, umuman mehnat muhofazasini to‘liq ta’minlab bo‘lmaydi.

Shuningdek, mehnat muhofazasi deganda mehnat huquqining turli bo‘limlariga taalluqli huquq normalari yig‘indisi tushuniladi. Bular jumlasiga ishga qabul qilishdan asossiz bosh tortishni taqiqlovchi, asossiz xodimlarni ishdan bo‘shatish yoki boshqa ishga o‘tkazishni cheklovchi hamda boshqa ko‘plab qulay mehnat sharoitlari yaratilishiga qaratilgan yo‘nalishlar kiradi.

Tor ma’noda esa mehnat muhofazasi deganda xodimlarning ishlab chiqarishdagi mehnat faoliyati jarayonida hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitini yaratib berishga xizmat qiluvchi huquqiy normalar yig‘indisi tushuniladi. Shuningdek, mehnat muhofazasi xodimlar uchun xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlari yaratish bilan birga, ishlab chiqarish uchastkalarida texnikaviy, sanitariya-gigiena sharoitlarini ta’minlash maqsadida belgilangan standartlar va normativlarning ishlab chiqilishi va ularga amal qilishni ta’minlashga oid iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy chora-tadbirlardan iborat bo‘ladi.

Mehnat huquqi institutining asosiy tamoyillaridan biri – mehnat muhofazasini ta’minlash tamoyili, shuningdek xodimning mehnat muhofazasiga nisbatan sub’ektiv huquqi sifatida ham qaraladi. Aniqroq aytganda, har bir xodim xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlariga ega bo‘lishi va ish beruvchidan ana shunday sharoitlarni ta’minlashni talab qilishga haqlidir.[1]

Mehnatni muhofaza qilishning huquqiy manbai O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining “Mehnatni muhofaza qilish” bobi (211-223-moddalar) va boshqa qoidalar, O‘zbekiston hukumatining mehnatni muhofaza qilishga oid qarorlari, vazirliklar va idoralarning ishlab chiqarishdagi texnika xavfsizligi, sanitariya hamda gigienaga, profilaktikaga oid yo‘riqnomalar, standartlar, texnikaviy shartlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, korxona va tashkilotlarning bevosita o‘zida ishlab chiqilgan, ish beruvchilar hamda xodimlar vakillik organlari bilan o‘zaro kelishib tasdiqlagan mehnatni muhofaza qilishga oid me’yoriy hujjatlar hisoblanadi.

O‘zbekistonning davlatlararo ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalari, O‘zbekiston ishtirok etgan yoki tan olgan xalqaro shartnomalar ham mehnatni muhofaza qilishga oid qonunchilikning muhim manbalaridan hisoblanadi.

“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqarish usullari, mulk shaklidan qat’i nazar, mehnatni muhofaza qilishni tashkil etishning yagona tartibini belgilaydi hamda fuqarolarning sog‘lig‘i va mehnati muhofaza qilinishini ta’minlashga qaratilgan.

Fuqarolarning sog‘lig‘i va mehnatini muhofaza qilishga qaratilgan mazkur qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnatni muhofaza qilinishi huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan.

Mazkur qonun ishlab chiqarish sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’min etishda juda katta ahamiyat kasb etadi. SHuningdek, qonun:

1.Mehnatkashlarning mehnat muhofazasiga oid huquqlarni ta’minlaydi;

2.O‘zbekiston Respublikasi hududida mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat muhofazasiga oid munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning yagona tartibini belgilab beradi;

3.Xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashga huquqiy asos yaratadi.

Mehnat qonunchiligi borasida qabul qilingan qonunlar orasida O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni alohida o‘rin tutadi. Mazkur qonunning asosiy vazifasi:

1.Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashga doir huquqlarning davlat tomonidan kafolatlanishini ta’minlash;

2.Fuqarolar sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;

3.Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishdan iborat.

Shuningdek, bu borada boshqa qonun hujjatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan qabul qilingan qarorlar, boshqa davlat organlari hujjatlari, jamoat shartnomasi hamda kelishuvlari tadbiq etiladi.

Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlari keng doirada qo‘llanishi bilan farq qiladi.

Mehnat muhofazasi texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasini ham o‘z ichiga oladi. Texnika xavfsizligi deganda ishlab chiqarishni zararli omillari ta’sirini bartaraf etishga qaratilgan tashkiliy tadbirlar va texnikaviy vositalar tizimi nazarda tutiladi. Ishlab chiqarish sanitariyasi deganda, ishlab chiqarishning zararli ta’sirlarining oldini olishga yoki ularni kamaytirishga qaratilgan tashkiliy tadbirlar va texnikaviy vositalar tizimi tushuniladi.

“Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasida- Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari o‘z aksini topgan bo‘lib, unga ko‘ra:

Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Bundan ko‘rinib turibdiki mehnat muhofazasi bo‘yicha tasdiqlangan xalqaro me’yorlar milliy qonunchilikda o‘z aksini topadi.

Mehnat muhofazasiga oid qonunlar mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha korxona va tashkilotlarga, kooperativlar, dehqon-fermer xo‘jaliklarida yollanib ishlayotgan yoki a’zo bo‘lgan holda mehnat qilayotgan barcha fuqarolarga, ishlab chiqarish amaliyoti davrida korxonalarga jalb etilgan o‘quvchilar va talabalarga, korxonadagi ishlarga jalb etilgan harbiy xizmatchilarga, muqobil xizmatni o‘tayotgan shaxslarga, shuningdek davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladigan boshqa ishlarga jalb etilgan barcha fuqarolar mehnatini muhofazalashga nisbatan tadbiq etiladi.

Mehnat Kodeksining 211-moddasiga ko‘ra, mehnat muhofazasi mehnat munosabatlarining muhim tarkibiy elementi hisoblanib, undan ish beruvchi uchun ham, xodim uchun ham muhim huquqlar va majburiyatlar vujudga keladi.

Mehnat Kodeksining 212-moddasida mehnat muhofazasi yuzasidan xodimlarning majburiyatlari ko‘rsatilgan bo‘lib unga ko‘ra: - “Xodim mehnatni muhofaza qilish normalariga, qoida va yo‘riqnomalariga, shuningdek ma’muriyatning ishni bexatar olib borish haqidagi farmoyishlariga rioya qilishi, olingan shaxsiy vositalardan foydalanishi, insonlar hayoti va sog‘ligiga bevosita xavf soladigan har qanday holat haqida, shuningdek ish jarayonida yoki u bilan bog‘liq holda sodir bo‘lgan har qanday baxtsiz hodisa haqida o‘zining bevosita rahbarini (brigadiri, ustasi, uchastka boshlig‘i va boshqalarni) darhol xabardor qilishi shart”.

Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga qat’iy amal qilish xodimning burchi bo‘lib, unga rioya etmaslik intizomiy javobgarlikka va intizomiy jazo qo‘llanishiga sabab bo‘ladi. Mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishini tekshirib borish va zarur shart-sharoitlari bilan ta’minlash ish beruvchining majburiyatlari sirasiga kiradi.

Korxonalarda mehnat muhofazasiga oid ishlarni rejalashtirish va amalga oshirish, bu sohani ish beruvchi tomonidan boshqarish korxonalarning xo‘jalik mustaqilligi bilan uyg‘un holda olib borishiga asoslanadi.

Mehnatni muhofaza qilish rejalari muayyan tarmoq mintaqada sog‘lomlashtirish, mehnat sharoitlarini takomillashtirishning tarkibiy qismidir.

Mehnatni muhofaza qilish ishlari korxona loyihalanishi, qurilish va foydalanishiga topshirilishidan boshlab, ishlab chiqarish jarayoni davomida ham uzluksiz amalga oshirilib boriladi.

Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 19-moddasida ob’ektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish, ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqarish va ta’mirlash chog‘ida mehnatni muhofaza qilishga oid talablarni ta’minlash.

Sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlashga qaratilgan profilaktik choralar jumlasiga yuqoridagilardan tashqari, korxonalarda mehnatni muhofaza qilish xizmatlari bo‘lishi lozimligi haqidagi, mehnatni muhofaza qilishga oid yo‘riqnoma va boshqa me’yoriy hujjatlarning ishlab chiqilishi, xodimlarning shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishlari va bu vositalardan foydalanish xodim uchun majburiy ekanligi, zararli ishlab chiqarish sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarning kasallikka chalinishlarining oldini olish maqsadida belgilangan me’yorlarga muvofiq profilaktik oziq-ovqat mahsulotlari, sho‘r suv, sut va sut mahsulotlari bilan ta’minlanishlari, ayrim toifaga mansub yoki zararli mehnat sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarni ishga qabul qilish paytida hamda ish davomida vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turish lozimligi, sog‘ligi holatiga ko‘ra xodimlarni engilroq ishga o‘tkazib turilishi kabi tadbirlar ham kiradi.

Mehnatni muhofaza qilish maqsadlari uchun davlat mablag‘lari ajratiladi hamda ulardan to‘liq va maqsadga muvofiq foydalanilishi davlat hamda jamoatchilik yo‘li bilan nazorat qilinadi. Korxona tomonidan mehnatni muhofaza qilish uchun ajratilgan mablag‘lardan to‘liq yoki maqsadga muvofiq foydalanmaslik davlat va moliya intizomini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.

Korxonalarda xodimlar ish beruvchilar hisobidan baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklariga chalinishdan majburiy sug‘urta qilib qo‘yiladi. Mehnat muhofazasiga oid umumiy va maxsus qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunida, “Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunida, O‘zbekiston Respublikasining “Sanitariya nazorati to‘g‘risida”gi Qonunida, O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunida va boshqa qonunlarda hamda ular asosida ishlab chiqilgan me’yoriy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan.

Xodimlarning ayrim toifalariga mansub bo‘lgan shaxslarning (ayollar, o‘smirlar va boshqalar) mehnatni muhofaza qilish masalalari ularga doir bo‘lgan maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Mehnat sharoitining yaxshilanishi ijtimoiy natijalarga - ya’ni mehnatkashlarning sog‘lig‘ini yaxshilash, o‘z ishidan mamnunlik darajasini oshirish, mehnat intizomini mustahkamlash, ishlab chiqarish va jamoatchilik faoliyatini oshirishga olib keladi.

Mehnat muhofazasi talablariga javob bermaydigan biron bir yangi mashina yoki mexanizm ishlab chiqarishga qabul qilinmasligi kerak. SHuningdek mehnat muhofazasi talablariga javob bermaydigan biror sex yoki korxona ishga tushirilmasligi kerak.

Mehnat hakidagi qonunlar korxonalar ma’muriyatiga quyidagi vazifalarni yuklaydi:

1.Sog‘lom va xavfsiz ish sharoitlarini ta’minlash.

2.Kasbiy kasalliklarni va jarohatlarni oldini oluvchi zamonaviy xavfsizlik texnikasi vositalarini tadbiq qilish.

3.Ishchi va xizmatchilarni bepul korjoma va himoya vositalari bilan ta’minlash.

4.Zararli ish sharoitlarida maxsus sut va maxsus oziq-ovqatlar bilan ta’minlash.

5.Tibbiy ko‘riklarni o‘z vaqtida o‘tkazib turish.

6.Yo‘riqnomalarning barcha turlarini o‘z vaqtida o‘tkazib turish va Mehnat Kodeksiga binoan og‘ir va zararli ishlarda ayollar va yoshlar mehnati taqiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “Yangi texnologik jarayonlarning yaratilishi, yangi ashyolarning qo‘llanilishi prinsip jihatdan yangicha yondashuvni, mehnat xavfsizligini ta’minlashning yangi usullar hamda vositalarini ishlab chiqarishni, shuningdek ana shu masalalar bo‘yicha yangi normativlarni yaratishni taqozo etmoqda. SHu sababli mehnat muhofazasiga doir normativ hujjatlarni tartibga solish zarurati paydo bo‘ldi.

3-reja. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazorat tashkilotlari.

Mehnat muhofazasi bo‘yicha qonunlarning bajarilishini nazorat qilib turish quyidagi davlat tashkilotlariga yuklatilgan:

1. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi.

2. “Sanoatkontexnazorat” agentligi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya epidemiologiya nazorati.

4. Respublika Ichki ishlar vazirligining yong‘indan muhofaza qilish Bosh boshqarmasi.

5. O‘zbekiston Respublikasi energetika va elektrlashtirish Davlat aksionerlik jamiyati.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi korxonalarda xavfsiz ishlash, texnika xavfsizligi bo‘yicha me’yyor qoidalariga, sanoat sanitariyasi va mehnat gigienasiga hamda mehnat qonunchiligiga rioya qilish masalalarini nazorat qiladi. Har bir tarmoq o‘z texnik inspektoriga ega.

“Sanoatkontexnazorat” agentligi bug‘ qozonlarining to‘g‘ri ishlashini, bosim ostida ishlaydigan idishlarni, yuk ko‘tarish mashinalari (ko‘tarma kranlar, liftlar), ekskovatorlar, gaz uskunalari magistral quvurlari ishini va portlovchi moddalarni ishlatish, saqlash va tashish ishlarini nazorat qiladi.

Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati havo, suv va tuproqni ifloslanishdan ogohlantirish, shovqin va titrashni yo‘qotish, sexlarning sanitariya holatlarini yaxshilash (harorat, nisbiy namlik, yoritilganlik va h.k.) ishlarini nazorat qiladi.

Davlat yong‘in nazorati yong‘inga qarshi tadbirlarni, ut o‘chirish vositalarining holatini, yong‘in haqida xabar berish vositalarining ishini nazorat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi energetika va elektrlashtirish Davlat aksionerlik jamiyati korxonalardagi energiya tizimlarining texnik ekspluatatsiyasini va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishni nazorat qiladi.

Barcha ishlab chiqarish korxonalarida uch pog‘onali nazorat amalga oshiriladi.

I pog‘ona – har kuni usta jamoatchi-nazoratchi birgalikda sexdagi ish joylarini aylanib chiqib, uchragan kamchiliklarni tuzatish choralarini ko‘radilar.

II pog‘ona – har hafta sex boshlig‘i katta jamoatchig‘nazoratchi bilan birgalikda sexdagi ish joylarini aylanib chiqib, uchragan kamchiliklarni tuzatish choralarini ko‘radi.



III pog‘ona – oyda bir marta korxona bosh muhandisi mehnat muhofazasi muhandisi bilan birgalikda ish joylarini aylanib chiqadilar. Bu nazorat bo‘yicha korxonada qaror chiqariladi.

Barcha korxona, tashkilot, muassasa, vazirliklar va tarmoqlarda mehnat muhofazasi qonunlari bajarilishining oliy nazorati. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga yuklatilgan.
Download 67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling