1. Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]


Download 317.1 Kb.
bet1/10
Sana09.01.2022
Hajmi317.1 Kb.
#262651
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
21 18.01.2021




[OKOZ:

1.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.06.00.00 Bojxona ishi / 10.06.02.00 Bojxona ishini boshqarish. Bojxona organlarida xizmatni o‘tash]

[TSZ:

1.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Bojxonaga oid qonun hujjatlari]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

qarori

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida kinologlarni tayyorlash, xizmat itlarini o‘rgatish va sotish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga veterinariya sohasida pullik xizmat ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni huquqiy tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:



1. Quyidagilar:

bojxona organlarida kinologiya xizmatini takomillashtirish, Markazda naslchilik ishlari samaradorligini tubdan oshirish, kinologlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xizmat itlarini tayyorlash hamda ushbu yo‘nalishda kadrlar salohiyatini yuksaltirish, shuningdek, mazkur sohada samarali xalqaro hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha birinchi galdagi ustuvor vazifalarni nazarda tutuvchi 2021 — 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;

2021 — 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida kinologlarni tayyorlash, itlarni o‘rgatish va sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazidagi xizmatga yaroqsiz itlarni sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga veterinariya davolash-profilaktika va laboratoriya-diagnostika ishlari bo‘yicha pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, Markaz tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga veterinariya davolash-profilaktika va laboratoriya-diagnostika ishlari bo‘yicha pulli xizmatlarni ko‘rsatish Markaz hududida alohida tashkil etiladigan veterinariya klinikasi orqali amalga oshiriladi.

3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 18-dekabrdagi 1029-son qaroriga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2021-yil 18-yanvar,

21-son

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi 21-son qaroriga


1-ILOVA

2021 — 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish

KONSEPSIYASI

1-bob. Umumiy qoidalar



1. 2021 — 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2020-yil 5-iyundagi PF-6005-son Farmoni ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

2. Konsepsiyani tayyorlashda chet davlatlarning kinologiya xizmatlari yutuqlari hamda ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajriba o‘rganib chiqildi.

3. Konsepsiyaning asosiy maqsad va vazifalarida Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish belgilangan.

2-bob. Milliy kinologiya markazi faoliyatining joriy holati va mavjud kamchiliklar

4. So‘nggi yillarda Markaz faoliyatini isloh etish, xizmat itlari yordamida samarali bojxona nazoratini amalga oshirish, kontrabanda va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga qarshi kurashishda xizmat itlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

bugungi kunda xalqaro standartlarni hisobga olgan holda Markazda giyohvandlik vositalarini qidirish, qurol-yarog‘, o‘q-dori va portlovchi moddalarni qidirish, himoya-qorovul, qidiruv-qutqaruv xizmati, mina qidiruv, iz-qidiruv va terrorizmga qarshi yo‘nalishlarda kinologlarni tayyorlash va xizmat itlarini o‘rgatish tizimli tashkil etilgan;

bojxona postlari orqali valyuta qimmatliklari hamda tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish uchun xizmat itlari o‘rgatib kelinmoqda;

bojxona organlari uchun xizmat sifatlari yuqori bo‘lgan hamda zot standart talablariga javob beradigan kuchuk bolalarini yetishtirish, zotdor xizmat itlarini ko‘paytirish borasida O‘zbekiston Respublikasining kinologiya yo‘nalishidagi jamoat tashkilotlari hamda kinologiya xizmatlari bilan hamkorlik qilish ishlari yo‘lga qo‘yildi;

bojxona postlarida xizmat itlari yordamida o‘tkazilgan bojxona ko‘riklari, aniqlangan qonunbuzulish holatlari va kinologiya xizmati yo‘nalishida boshqa amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, ularni real vaqt ichida tahlil qilib borish uchun “Kinologiya xizmati” avtomatlashtirilgan axborot dasturi amaliyotga tatbiq etildi;

bojxona organlari hisobidagi xizmat itlarining hisobini yuritish, ro‘yxatga olish, veterinariya tadbirlari o‘tkazilishini nazorat qilish va naslchilik ishlarini yuqori darajada tashkil etish uchun xizmat itlariga mikrochiplar o‘rnatilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shunga qaramay, bojxona organlarida Markaz faoliyatini samarali tashkil etishda bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud.

Jumladan:

Markaz mutaxassislari va kinologlarning chet davlatlarda malakasini oshirish ishlari tashkil etilmagan;

tashqi iqtisodiy faoliyat va chegara bojxona postlarida tovar va transport vositalarini bojxona nazoratidan o‘tkazish hamda turli jinoiy usullar yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarni (giyohvandlik vositalari, portlovchi moddalar, valyuta qimmatliklari, tamaki mahsulotlari) aniqlashda kinologlar va xizmat itlarining samaradorligi past darajada;

Markaz tomonidan veterinariya xizmati ko‘rsatish ishlari hamda itlarda uchraydigan turli kasalliklarning barvaqt oldini olish, aniqlash ishlarida tahlil va monitoring olib borish tizimli tashkil etilmagan;

zotdor xizmat itlarini ko‘paytirish, nasl olish ishlari xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi asosida takomillashtirilmagan;

o‘quv-o‘rgatish texnologiyalari yangilanmagan, sohaga doir ilmiy izlanishlar olib borish, metodik qo‘llanmalar tayyorlash ishlari yetarli darajada emas;

bojxona organlarida xizmat itlarini kunlik oziqlantirish ratsioni bo‘yicha (mahsulot turlari, tayyor quruq ozuqa) ajratiladigan kompensatsiya to‘lovlarini to‘g‘ri sarf-xarajat qilishning elektron-nazorat mexanizmi ishlab chiqilmagan;

xizmat itlari kasaligini aniqlash, to‘g‘ri tashxis qo‘yish, davolash, veterinariya tadbirlarini sifatli olib borish uchun Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati moddiy-texnika bazasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmagan.

3-bob. Konsepsiyaning asosiy maqsadi va vazifalari

5. Konsepsiyaning asosiy maqsadi — Markaz faoliyatining respublika hamda xalqaro miqyosdagi obro‘sini oshirish va yuqori darajali muassasaga aylantirish.

Konsepsiyaning asosiy vazifalari — Markazning o‘quv jarayoni samaradorligini oshirish, xizmat itlari bilan mashq o‘tkazishning ilg‘or usullarini amaliyotga keng tatbiq etish, faoliyatga zamonaviy axborot tizimlarini keng joriy etish, zotdor itlarni ko‘paytirish, veterinariya xizmatini yuqori darajada ko‘rsatish, kinologiya sohasida xalqaro aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish.

6. 2021 — 2023-yillarda Markaz faoliyatini takomillashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:

bojxona organlarida kinologiya xizmatini tubdan takomillashtirish;

kinologiya xizmatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

Markazda naslchilik ishlarini samarali olib borish hamda xizmat itlarini o‘rgatishning yangi usullarini joriy etish;

ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmati faoliyatini takomillashtirish;

kinologlar va xizmat itlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va bu borada kadrlar salohiyatini yuksaltirish;

kinologiya va veterinariya xizmatlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

1-§. Bojxona organlarida kinologiya xizmatini tubdan takomillashtirish

7. Bojxona organlarida kinologiya xizmatini tubdan takomillashtirish borasida amalga oshiriladigan tadbirlar:

bojxona organlarida xizmat olib borayotgan kinologlarning faoliyatini tahlil qilish, amaliyotda uchrayotgan muammolarni o‘rganish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish;

bojxona organlari kinologlarning tajribasi, bilimi, kasbga sadoqati, xizmat faoliyatida erishgan yutuqlari, xizmat va ijro intizomiga rioya etish kabi xislatlarini e’tiborga olgan holda kinologiya xizmatini sifatli tashkil etish maqsadida xodimlarni rag‘batlantirish va xizmat itiga bo‘lgan munosabatni kuchaytirish uchun kinologlarga 1, 2, 3-darajali kinolog ko‘krak nishonlarini joriy etish;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar kinologiya xizmati xodimlari o‘rtasida respublika idoralararo “Eng yaxshi kinolog” ko‘rik-tanlovi uchun bojxona organlari kinologiya xizmati sohasidagi malakali mutaxassis-kinologlarni saralash hamda ish qobiliyati yuqori bo‘lgan xizmat itlarini tayyorlash;

ilg‘or xalqaro tajriba asosida ovchilik, tog‘-cho‘l chorvachiligi, o‘simliklar karantini, o‘rmon xo‘jaligi, qo‘riqlash xizmatlari uchun itlarni tayyorlash;

kinologiya, veterinariya va itchilik yo‘nalishlarida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat tashkilotlari hamda itchilik klublari bilan hamkorlik o‘rnatish;

turdosh muassasalar, respublikadagi ixtisoslashtirilgan ilmiy markaz va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda veterinariya va kinologiya sohasiga doir adabiyotlar, o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish va nashr qilish;

Markazda O‘zbekiston Respublikasi va chet davlatlar kinologlarini o‘qitish va xizmat itlarini tayyorlashda zamon talablari asosida kinologiya sohasida yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib borish;

xizmat itlari yordamida samarali faoliyatni amalga oshirish maqsadida xizmat itlarini turli yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlashda yangi o‘quv-o‘rgatish usullarini yaratish hamda amaliyotga joriy etish.

2-§. Kinologiya xizmatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish

8. Markaz faoliyatining samaradorligini yanada oshirish sohaga zamonaviy va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni taqozo etmoqda.

Shu sababli quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:

bojxona xizmati organlari hisobidagi zotdor itlarning kelib chiqishi (shajarasi) bo‘yicha tahlil ishlarini olib borish uchun “Kinologiya xizmati” avtomatlashtirilgan axborot tizimida alohida dastur yaratish;

bojxona organlari kinologiya sohasida xizmat itlarini kunlik oziqlantirish ratsioni bo‘yicha (mahsulot turlari, tayyor quruq ozuqa) ajratiladigan kompensatsiya to‘lovlarini to‘g‘ri sarf-xarajat qilish elektron-nazorat mexanizmini yo‘lga qo‘yish;

kinologlarni o‘qitish va malakasini oshirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda mashg‘ulotlarni tashkil etish bo‘yicha o‘quv metodikalarini yangilash;

Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida “Kinologiya” ruknini tashkil etish va unda fuqarolar va it boqishga qiziquvchilar uchun umumiy ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar va video roliklar bazasini shakllantirish;

fuqarolar va it boquvchilarga tavsiyalar berish hamda ularga xizmat ko‘rsatish maqsadida onlayn rejimida ishlovchi “Veterinariya xizmati” interaktiv xizmatini yo‘lga qo‘yish.

3-§. Markazda naslchilik ishlarini samarali olib borish hamda xizmat itlarini o‘rgatishning yangi usullarini joriy etish

9. Markazning asosiy vazifasi mavjud mahalliy va xorijiy tajriba asosida turli yo‘nalishlarda xizmat itlarini tayyorlash, naslchilik ishlarining samarali tizimini yaratishdir.

Bunda kuyidagi tadbirlarni amalga oshirish zarur:

huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xizmat itlari pitomniklari, itchilik klublari, shuningdek, chet davlatlar kinologiya xizmatlari bilan zotdor itlarni ayirboshlash borasidagi faoliyatni kengaytirish;

bojxona organlari va boshqa idoralar kinologiya xizmati uchun zotdor xizmat itlarini ko‘paytirish, nasl olish tizimini kinologiya va naslchilik sohasi rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda takomillashtirish;

ilg‘or xalqaro tajriba asosida kinologiya sohasida yangi yo‘nalishlar (CITES) va xizmat itlarini o‘rgatishning yangi usullari bo‘yicha ishlar olib borish;

xizmat itlarining qobiliyatini oshirishda ilg‘or o‘qitish va o‘rgatish metodologiyalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish;

xalqaro va milliy ko‘rgazmalar, musobaqalarda bojxona organlari kinologiya xizmati mutaxassislarining faol ishtirok etishini ta’minlash va yuqori natijalarga erishish hamda Markaz mutaxassislari malakasini oshirish uchun xorijiy davlatlarda maxsus o‘quv kurslarida (eksteryer, xizmat itlarining ishchanlik qobiliyati, musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha hakamlik qilish) o‘qitish.

4-§. Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmatini takomillashtirish

10. Itlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kasalliklarning barvaqt oldini olish, ularni aniqlash va davolashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish hamda Markaz tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni kengaytirish maqsadida quyidagilarni amalga oshirish talab etiladi:

huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirliklar va idoralar hamda tashkilotlar, itchilik klublari, shuningdek, chet davlatlar kinologiya xizmatlari bilan:

itlardagi turli xil kasalliklarni barvaqt aniqlash, veterinariya davolash-profilaktika va laboratoriya-diagnostika ishlari bo‘yicha;

veterinariya sohasida qo‘shma tadqiqot, konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni tashkil etish;

itlarda uchraydigan turli kasalliklarning doimiy monitoringini olib borish va zamonaviy usullarda davolash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish;

Markazda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot instituti va laboratoriyalarda amaliyot o‘tashni tashkil etish;

veterinariya tadbirlarini olib borish sifatini yanada oshirish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida Ixtisoslashtirilgan veterinariya xizmatini xalqaro standartlar va talablarga javob beradigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;

itlarda uchraydigan turli kasalliklarning doimiy monitoringini olib borish va zamonaviy usullarda davolashni joriy qilish;

respublikada veterinariya va kinologiya sohasida chop etiladigan ommabop jurnallarda kinologiya rukni ostida maqolalar chop etish;

respublika va chet davlatlar veterinariya xizmatlari mutaxassislari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

Markazda malakali xodimlar tomonidan veterinariya xizmati bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, adabiyot va qo‘llanmalar yaratishni yo‘lga qo‘yish;

kinologiya va veterinariya xizmati bo‘yicha Markazda aholi uchun pulli o‘quv kurslarini tashkil etish;

bojxona organlari xizmatida foydalanilmaydigan it zotlarini (O‘rta Osiyo va Kavkaz ovcharkasi, Sibir xaskisi, Akita-inu va boshqa) Markazda ko‘paytirish va aholiga sotish ishlarini tashkil etish.

5-§. Kinologlar va xizmat itlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning salohiyatini kuchaytirish

11. Markaz faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirishda hamda keng islohotlarni amalga oshirishda, avvalo, malakali, tajribali va tashabbuskor kadrlarning roli kattadir.

Shu sababli, qo‘yidagi tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi:

o‘quv-metodik bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish;

kadrlarni tanlab olish, tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning salohiyatini yanada yuksaltirish mexanizmini tubdan o‘zgartirish;

bojxona chegarasi orqali kontrabanda ashyolari, tovar-moddiy boyliklar olib o‘tilishini hamda bojxona nazoratida yangi huquqbuzarlik obyektini aniqlash bo‘yicha kinologlarning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish;

xizmat itlari bilan verbal usullar asosida o‘tkazilayotgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar jarayoni bo‘yicha tayyorlanadigan videolavhalarni bojxona organlari masofaviy ta’lim tizimiga joylashtirish;

xorijiy davlatlarning bojxona organlari kinologiya xizmati faoliyatini o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish;

turdosh muassasalar, respublikadagi ixtisoslashtirilgan ilmiy markazlari va oliy ta’lim muassasalari yurtlari bilan hamkorlikda veterinariya va kinologiya sohasiga doir adabiyotlar, o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ishlab chiqish va nashr etish;

Markaz instruktorlarining xorijiy davlatlarda malakasini oshirish;

bojxona organlari masofaviy ta’lim tizimi orqali kinolog-mutaxassislarning nazariy bilimlarini mustahkamlash hamda kasbiy tayyorgarligini oshirish;

kinologiya sohasidagi ilmiy ishlanmalar natijalarini o‘quv jarayoni va bojxona organlari kinologiya xizmati faoliyatiga tatbiq etish;

o‘quv jarayoniga oliy ta’lim muassasalari, Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti mutaxassislarini jalb etgan holda o‘qitish va o‘rgatish jarayonlari tubdan takomillashtirish;

bojxona organlarida kinologiya xizmati faoliyati natijadorligini (kasbiy ta’lim tizimi hamda o‘quv-o‘rgatish metodologiyasi) baholash mezonlarini ishlab chiqish;

yoshlarda kinologiya sohasiga qiziqish uyg‘otish, Vatanga xizmat qilishdek sharafli kasb egasi bo‘lishdek vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish maqsadida Markazda kinologiya xizmati tarixi muzeyini tashkil etish.

6-§. Kinologiya va veterinariya xizmatlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

12. Xalqaro tashkilotlar va chet davlatlarning kinologiya xizmatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro maydonda kinologiya faoliyati sohasida respublikaning barqaror o‘rnini mustahkamlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

respublika va xorijiy turdosh muassasalarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda amaliyotga tatbiq etish;

chet davlatlar va Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy kinologiya markazlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish.

Bunda:

ilg‘or va yetakchi xorijiy davlatlarning kinologiya sohasidagi nazariy va ilmiy yo‘nalishdagi tajribasini o‘rganish va shu asosda o‘quv dasturlarini takomillashtirish;

Jahon bojxona tashkiloti ekspertlarini jalb etgan holda Markazda xalqaro o‘quv-amaliy seminar treninglar tashkil etish;

xorijiy mutaxassislarni amaldagi qonun hujjatlari asosida o‘quv-o‘rgatish jarayoniga jalb etish;

o‘quv qo‘llanmalari va amaliy qo‘llanmalarni ishlab chiqish va nashr etish, shuningdek, kinologiya sohasidagi xorijiy o‘quv materiallarini o‘zbek tiliga tarjima qilish;

Jahon bojxona tashkilotining bosma va elektron nashrlarida Markaz faoliyatini keng yoritish;

xorijiy grantlar asosida zamonaviy asbob-uskunalar, jihozlar va zotdor xizmat itlarini sotib olish.

4-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

13. Mazkur Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish nazarda tutilmoqda:

bojxona chegarasi orqali kontrabanda ashyolari, tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib o‘tishning oldini olish bo‘yicha kinologlarning maxsus bilimlari oshishiga erishiladi;

Markaz faoliyatiga raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarini keng joriy etish orqali yangi axborot tizimlari va interaktiv xizmatlar ishlab chiqiladi;

Markaz tomonidan kinologiya va veterinariya xizmatlari bo‘yicha vazirliklar va idoralarga hamda aholiga va it boqishga qiziquvchilarga pulli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;

kinologiya, veterinariya va itchilik yo‘nalishlarida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa tashkilotlar hamda itchilik klublari bilan yaqindan amaliy hamkorlik o‘rnatiladi;

Markazning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi, zamon talabi asosida kinologiya sohasida yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib boriladi;

o‘quv-metodik bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, yangi texnologiyalar, metodikalar, respublika va xorijiy turdosh muassasalarning ilg‘or tajribasini amaliyotga tatbiq etish yo‘lga qo‘yiladi;

turdosh muassasalar, respublikadagi ixtisoslashtirilgan ilmiy markaz va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda veterinariya va kinologiya sohasiga doir yangi adabiyotlar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladi;

xalqaro maydonda Markazning nufuzini yanada oshirish bo‘yicha zarur barcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

13. Mazkur Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish nazarda tutilmoqda:

bojxona chegarasi orqali kontrabanda ashyolari, tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib o‘tishning oldini olish bo‘yicha kinologlarning maxsus bilimlari oshishiga erishiladi;

Markaz faoliyatiga raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarini keng joriy etish orqali yangi axborot tizimlari va interaktiv xizmatlar ishlab chiqiladi;

Markaz tomonidan kinologiya va veterinariya xizmatlari bo‘yicha vazirliklar va idoralarga hamda aholiga va it boqishga qiziquvchilarga pulli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi;

kinologiya, veterinariya va itchilik yo‘nalishlarida vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa tashkilotlar hamda itchilik klublari bilan yaqindan amaliy hamkorlik o‘rnatiladi;

Markazning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi, zamon talabi asosida kinologiya sohasida yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar olib boriladi;

o‘quv-metodik bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, yangi texnologiyalar, metodikalar, respublika va xorijiy turdosh muassasalarning ilg‘or tajribasini amaliyotga tatbiq etish yo‘lga qo‘yiladi;

turdosh muassasalar, respublikadagi ixtisoslashtirilgan ilmiy markaz va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda veterinariya va kinologiya sohasiga doir yangi adabiyotlar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladi;

xalqaro maydonda Markazning nufuzini yanada oshirish bo‘yicha zarur barcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

5-bob. Konsepsiyani amalga oshirish ustidan monitoring olib borish

14. Konsepsiyani amalga oshirish ustidan tizimli monitoring olib borish, umumiy muvofiqlashtirish, kinologiya faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish va hal etish Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi 21-son qaroriga


2-ILOVA

2021 — 2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Milliy kinologiya markazi faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha

“YO‘L XARITASI”


Download 317.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling