© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016
www.ibt.org.ru; ibt_inform@ibt.org.ru
AYUB
PAYG‘AMBAR
KITOBI
Kirish
Ayub kitobida bayon qilingan voqealar
taxminan Ibrohim, Is’hoq va Yoqub
payg‘ambarlar davrlarida yuz beradi. Mazkur kitob zamirida barcha zamonlar uchun
dolzarb bo‘lgan quyidagicha savol yotadi: “Nima uchun Xudo
solih kishilarning bu
hayotda azob tortishlariga yo‘l qo‘yadi?”
Ayub g‘oyat boy kishi edi. U chin dildan Xudoga sajda qiladi. U nafaqat yaxshi inson,
balki Xudoga sodiq, solih kishi bo‘ladi. Lekin shayton Xudoga Ayubni yomonlab, Ayub
Xudodan olayotgan baraka tufayligina Unga xizmat qilayotganini aytadi. Shundan keyin
Xudo shaytonga Ayubni sinab ko‘rishga ijozat beradi. U
shaytonga Ayubni boyligidan,
farzandlaridan va nihoyat sog‘ligidan mahrum qilishga ruxsat beradi. Shunda ham Ayub
Xudoga sodiq bo‘lib qoladi.
Ayubning boshiga kulfat tushganda, uch do‘sti uni yupatishga keladi. Ular, sog‘lik va
farovonlik — Xudo
marhamatining belgisi, deb ishonadilar. Ayub sog‘ligidan ham,
farovon hayotidan ham
ayrilgani uchun, ular Ayubga, Xudo
seni qandaydir gunohing
uchun jazolayapti, deb aytadilar. Ayub esa o‘zining aybsizligini ta’kidlab, do‘stlarining
gaplarini o‘rinsiz deb biladi. Ayub do‘stlari bilan ko‘p bahslashadi, ammo ikkala tomon
ham bir–birining gaplari noto‘g‘ri ekanini isbotlay olmaydi. Nihoyat, ular bahslashishni
to‘xtatadilar.
Bahs davomida qattiq azob chekayotgan Ayub bir necha marta Xudoga yolvoradi.
“Nima sababdan qiynalayotganimni tushuntir”, deb Undan talab qiladi. Lekin Xudo
uning bu savoliga javob bermaydi. Aksincha, Ayubga zohir bo‘lib, O‘zining buyuk ishlari
haqida so‘z yuritadi, Ayubni so‘roqqa tutadi. Ayub Xudoning buyukligi va donoligiga tan
beradi. Ayub kam bilsa ham ko‘p gapirgani uchun Xudo unga tanbeh beradi. Biroq
sodiqligi uchun uni maqtaydi, unga ko‘p baraka beradi. Kitob yakunida Ayubning
farovonligi, yana farzandlar ko‘rgani va oldingidan ikki baravar ko‘proq boylik
orttirgani haqida bayon qilinadi.
Xullas, azob–uqubatlar orqali Ayub Xudoning butun borliq ustidan yagona Hukmdor
ekanini bilib oladi, har qanday vaziyatda ham faqat Xudoga sajda qilish kerakligini tan
oladi. Mazkur kitob bizga hayotimizning eng og‘ir damlarida ham
umidimizni Xudoga
bog‘lashni va faqat Unga suyanib yashashni o‘rgatadi.