15 mavzu seminar topshirig'i


Download 16.21 Kb.
Sana18.11.2021
Hajmi16.21 Kb.
#175457
Bog'liq
15.falsafa


15 mavzu seminar topshirig'i

Alloh taolo in’om etgan mustaqilligimizning sharofatidan xalqimizga butun dunyo eshiklari ochildi. Xoxlagan inson dunyoning xoxlagan go’shasiga sayohat, tijorat, ta’lim olish yoxud boshqa maqsadlarda borishi mumkin. Bizning jonajon diyorimiz ham boshqa millatu xalqlarga o’z eshiklarini o’ziga xos tarzda mehmondo’stlik bilan ochdi. Shukrkim yurtimizdan mehmon arimaydi, xalqimiz esa ularni qabul qilishdan hech ham charchamaydi. 

Ammo sho’rolar davrida toptalgan g’ururimiz, xalqimizning kesilgan ildizi alamini haligacha his qilyapmiz va undan aziyat chekyapmiz. Dunyoga madaniyat nimaligini o’rgatgan, butun jahon sivilizatsiyasiga salmoqli hissa qo’shgan buyuk insonlarni tarbiya qilgan bu xalqqa “madaniyat”dan dars bermoqchi bo’lgan ruslar uning buyuk tarixini yo’q qilib, yangicha xalq shakllantirishga harakat qildilar. Bu yo’lda ular har qanday jirkanchliklardan ham qaytmadilar. Xalqimizning tarixini buzib ko’rsatdilar. Xalqqa pandu nasihat qilib, ta’lim-tarbiya beradigan ziyolilarni yo’q qildilar. Har bir ishining natijasini o’ylab bajaradigan xalqni  oxirini o’ylashga haqqi yo’q bo’lgan, faqatgina buyruqni bajaradigan ongsiz xalqqa aylantirishga harakat qildilar. Ular ma’lum miqdorda shu maqsadlariga ham erishdilar. Ammo Allohning inoyati bo’lmish bu mustaqillik xalqimizga o’zligini qaytardi. Unga tarixini berdi va aslini in’om etdi. Xudosizlikdan ota-bobolarimiz ming yillardan berti e’tiqod qilib kelayotgan haq dinimizga qaytdik, imom Buxoriy, al Xorazmiy va Ibn Sinolardek buyuk allomalar, Alisher Navoiydek buyuk mutafakkirlar va Amir Temurdek buyuk sarkardalarning avlodi ekanimizni faxr bilan tuydik. Bugunga kelib yoshlarimiz dunyoning istalgan joyidagi yoshlar bilan tenglasha oladigan holda zamonaviy bilimlarga ega bo’lib, texnologik ilmlarda ham o’zlarini ko’rsatishga harakat qilyaptilar.

Ammo ushbu texnologiya asrida ommaviy axborot vositalarining barcha shakllari biz uchun ochiqligi bizga ba’zi bir jihatlardan zarar ham yetkazdi va yetkazmoqda. O’tgan ittifoq davrida yashagan va millatimiz va xalqimizga xos ta’lim tarbiyalardan bebahra qolgan ba’zi kimsalar o’z oilalari va farzandlariga millatimizning ma’naviyati va qadriyatlariga mos tarbiya berolmaganliklari tufayli  bugunga kelib ularning ongidagi fikriy bo’shliq ularni boshqalarning tuzog’iga tushib qolishga olib kelmoqda. Ommaviy axborot vositalarida namoyon bo’layotgan, asal shaklida tayyorlangan zaharlarga o’zlarini urib zaharlanmoqdalar va buning natijasida boshqalarni ham o’z domlariga tortmoqdalar. O’zimizda beriladigan turli Koreys va Turk yoki Meksika filmlaridan “ sevgi, muhabbatni ” o’rgangan yosh yigit va qizlar o’z “sevgi”lari uchun kurashish yo’lida hatto ota-onadan ham kechishdek pastkashliklarga boryaptilar. Ba’zilari hatto o’z joniga qasd qilyapti. Internet saytlaridan turli axloqqa zid kliplar, filmlar yoki konsertlarni tomosha qilayotgan yoshlar ko’rgan narsalarini o’z hayotiga tatbiq qilishga harakat qilishyapti va natijada jamiyatni zavoli hisoblangan turli buzuqliklar kelib chiqyapti. Televizorlarda namoyon bo’layotgan ochiq-sochiq kiyimlar bilan yopingan qo’shiqchi yoki aktrisa qizlar va ularning oynayi jahonda uyalmay ko’rsatayotgan ba’zi harakatlari ongi hali mukammal rivojlanmagan, endi unib o’sib kelayotgan yosh qizlarimizga o’rnak bo’lmoqda. Tor shimlar va mazkur moda kiyimlariga talab oshganligidan bozorlarimizda o’zbekona milliy kiyimlarimizni ba’zida topolmay qolasan kishi. Ko’chalarimizda “MODA” shiori ostida sochlarini qizlarning sochidek uzun qilib yurgan, bo’yinlariga har xil zanjirlar osib olgan, hatto quloqlariga ham sirg’a taqib bu qilayotgan ishlaridan uyalmay yurganlarga nima deysiz?! Achinarlisi bularni ko’rganda yoshlarimiz jirkanish o’rniga havas nazari bilan qarayotganidir. Gazeta va jurnallarimiz go’yoki millatimiz vakillarida ibrat olarli narsa qolmagandek gollevud aktyorining yoxud aktrisasining hayotini yoritish, uning hayotidagi “ibratli” qissalarni ommaga yetkazish bilan ovora. Hozirda yozilayotgan badi’iy kitoblarning ko’pi ham ishqiy sarguzashtlar, muhabbat insonni boshiga soladigan mashaqqatlar va oqibatda albatta uning g’alabasini nishonlash bilan hamma murod-maqsadiga yetishini uqtirish bilan yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko’rsatyapti. Bu millat yoshlarining ongini zaharlash, ularni xalq va millat xizmati yo’lida har qanday mashaqqatlarga ham sabr qilishga undash o’rniga o’z nafsi uchun ota-ona, do’stu birodar hamda millatni ham qurbon qilishni o’rgatish emasmi? 

G’arbliklar o’zlarida tarqab ketgan bu illatlarni o’zlari yolg’izlanib qolmaslik uchun boshqalarga ham (eksport qilish) tarqatishni niyat qilgan va bu yo’lda sa’yu harakat qilayotgan bir paytda ba’zi vatandoshlarimizning mazkur harakatlari bilib-bilmay ularga yordam berish bo’lmayaptimikan? Bunday ommaviy madaniyat girdobiga tushib qolgan yoshlardan hech qachon haqiqiy vatanparvar, o’z millati uchun jonini ham beradigan inson chiqmaydi deb ishonch bilan ayta olamiz. Chunki shaxsan men, bunday kimsalarni o’z ajdodlarining yo’lidan, milliyligidan yuz o’girgan insonlar deb hisoblayman. Yigitlarimizda yigitlik g’ururi, qizlarimizda nomus va iffat bu bizlarga ota-bobolarimizdan, momolarimizdan qolib kelayotgan katta boylik va oltin merosdir. Shunday qimmatbaho boyliklarini aqlan olib qaraganda ham noto’g’ri hisoblangan, insonlikka ham to’g’ri kelmaydigan qo’shtirnoq ichidagi “madaniyatlar”ga almashtirgan kimsalardan millat ravnaqi va xalqimiz kelajagini bundanda go’zal qilish yo’lida nima ham kutish mumkin? 

 Bizning buyuk madaniyatimiz, milliyligimiz qayda qoldi?! Agar shunday ko’r-ko’rona taqlidga davom etaversak unda millatimizning oqibati nima bo’ladi? Bu jamiyatimizning har bir vakilini tashvishga solishi kerak bo’lgan savollar bo’lishi lozim. Boshqa millatlardan, xalqlardan o’rganishimiz kerak bo’lgan narsalar ham yo’q emas, buni albatta e’tirof etishimiz kerak. Lekin aqlli inson doimo foydali narsani o’rganishi kerak. O’ziga ham, jamiyatiga va millatiga ham zararli narsani qilishi bu aqlu mantiqqa to’g’ri kelmaydigan, insonni Yaratganning oldida ham, xalqining oldida ham javobgar bo’lishiga olib keladigan ishdir. 



Axloqu tarbiya bobida g’arb dunyosi hali bizdan o’rganishi kerak bo’lgan juda ko’p narsalar bor. Biz ulardan hayoyu iffatsizlik, nomussizlik, ichkilikbozlik, ta’magirlik va shunga o’xshash illatlarni o’rganamizmi yoki ular bizdan hayo va iffatni, or-nomusni,poklik va xolislikni o’rganadilarmi? Kuchli millat hargiz yuksak ma’naviyati toptalishiga, o’z vakillari tomonidan oyoq osti qilinishiga yo’l qo’ymaydi. Qo’limizda oltin bo’laturib birovning oyog’i ostidagi temir parchasiga havas qilmaylik. Ota-onalarimiz, murabbiy va muallimlarimiz, qolaversa barchamiz yoshlarimizni ma’naviy barkamol bo’lib voyaga yetishlari uchun mas’ulligimizni unutmaylik. Ularni qarovsiz qoldirmaylik va ularga ota-bobolarini yuksaklarga ko’targan ma’naviyat malhamidan berishni hargiz yodimizdan chiqarmaylik. Zero hozirgi zamon- fikriy kurashlar zamonidir. Millatni o’zgartirish uchun uning dunyoqarashi va fikrini o’zgartirsa kifoya. 
Download 16.21 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling