Jinsiy ko‘payishning quyidagi turlari tafovut etiladi:
1.Otalanish.
2.Partenogenez.
3.Androgenez.
4.Ginogenez.
Otalanish natijasida ikki xil gameta o‘zaro qo‘shilib zigota hosil qiladi. Natijada yangi organizmda ota-ona irsiy axboroti kombinatsiyalanuvchi kuzatiladi. Ana shu holat otalanishning biologik ahamiyatini aniqlab beradi. Partenogenez - organizmlar ko‘payishining alohida bir turi bo‘lib, yangi organizm otalanmagan tuxum hujayrasidan rivojlanadi. Partenogenezning ikki xili aniqlangan: tabiiy partenogenez, sun’iy partenogenez. Androgenezda urug‘ hujayrasi yadrosi tuxum sitoplazmasida rivojlanadi. (tuxum hujayra yadrosi rivojlanishida qatnashmaydi). Ginogenezda tuxum hujayrasi boshqa turga mansub organizmlarning spermatozoidlari yordamida maydalanishi va rivojlanishi mumkin. (lekin spermatozoid yadrosi rivojlanishda qatnashmaydi).
Organizmning shaxsiy (individual) taraqiyoti ontogenez deb ataladi. Ontogenez jinsiy ko‘payuvchi organizmlarda otalanishdan (zigota hosil bo‘lishi bilan) boshlanib, shu individning o‘limi bilan tugaydi. XIX asrda E.Gekkel va F.Myuller individlar ontogenezini o‘rganib u shu turning filogenezining (tarixiy rivojlanishining) qisqacha takrorlanishi ekanligini aniqladilar. Ularning bu xulosasi fanda biogenetik qonun sifatida ma'lum. Ontogenezning lichinkali, lichinkasiz, ona qornida kechuvchi turlari mavjud. Lichinkali ontogenez asosan umurqasiz hayvonlarga xosdir. Lichinkasiz ontogenez esa tuxum hujayrasida sariqlik moddasi ko‘p bo‘lgan hordalilarda uchraydi. Sut emizuvchilar va odamlarga ona qornida kechuvchi ontogenez xosdir. Chunki ularning tuhum hujayrasi juda kam miqdorda sariqlik tutadi va rivojlanayotgan organizm ozuqani ona organizmidan oladi.
Ontogenez 3 bosqichda kechadi va bu bosqichlar proembrional, embrional va postembrional davrlar deb ataladi. (Odamlarda prenatal (tug‘ulguncha), perinatal (28 haftadan – tug’ulgandan keyin 7 kuniga), neonatal (tug‘ulgandan keyin 1 oygacha) va postnatal davrlar ham tafovut etiladi).
Do'stlaringiz bilan baham: |