https://old.sammi.uz/uz/news/1858581
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqi
Hurmatli forum ishtirokchilari! Qadrli yoshlar!
Sizlar bilan bugun mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston yoshlari forumida uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman.
Ushbu muhtasham zalda to‘plangan, shuningdek, shahar va tumanlardagi studiyalarda o‘tirgan faol va tashabbuskor o‘g‘il-qizlarimizni, butun mamlakatimiz yoshlarini bugungi anjuman bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda, sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlayman.
Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz va azmu shijoatingizga suyanamiz.
B archangiz yaxshi bilasiz, biz bugun o‘z oldimizga ulkan marralarni qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik.
Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz. Shu sababli, ushbu sohalarda tub islohotlarni izchil amalga oshirmoqdamiz.
Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shadilar.
Barchangizga ayonki, bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Har kuni, yangi-yangi muammo va vazifalar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, yakunlanib borayotgan yilimiz insoniyat uchun juda og‘ir va sinovli bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasidan millionlab odamlar aziyat chekdi.
Shunday murakkab davrda mard va fidoyi yoshlarimizning oldingi saflarda turganiga hammamiz guvoh bo‘ldik.
El boshiga ish tushganda, yoshlarimiz, kerak bo‘lsa, aziz jonlarini garovga qo‘yib, xalqimiz dardiga darmon bo‘ldilar. Sizlarning tengdoshlaringiz uyma-uy yurib, karantin davrida qiynalgan oilalarga amaliy yordam berdilar. Ayniqsa, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida minglab o‘g‘il-qizlarimiz ko‘ngilli sifatida faoliyat olib borganini bugun alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Yuragida ezgulik va mehr-oqibat tuyg‘ulari jo‘sh urgan ana shunday yoshlarimizga, ularga ta’lim-tarbiya bergan ota-onalari va ustoz-murabbiylariga bugun yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Do'stlaringiz bilan baham: |