2-amaliy mashg`ulot


Download 41.5 Kb.
Sana02.01.2022
Hajmi41.5 Kb.
#185938
Bog'liq
2-amaliy mashgulot. Mvzu bayoni


2-amaliy mashg`ulot. Manbalarning janriy o`ziga xosliklari, gloss, interpolyatsiyalar, abjad, ta’rix, muammo

Reja:

        1. Manbalarning janriy o`ziga xosliklari.

        2. Gloss, interpolyatsiyalar haqida.

        3. Abjad, ta’rix, muammo.

Tayanch tushunchalar: manba, gloss, interpolyatsiya, abjad, ta’rix, muammo
Qo‘lyozma nusxalarning hoshiyalarida uchraydigan izohlar, to‘ldirishlar, konkretlashtiruvchi mulohazalar, boshqa manbalarga havolalar, Qur’oni karim oyatlari yoki hadislardan shu munosabat bilan keltirilgan misollar matnshunoslikda gloss deb ataladi. Ular asosiy matndan alohida bo‘lib, umumiy mazmunni to‘ldirishga xizmat qiladi. Zamonaviy matnshunoslikda izohlar nomi ostida keltiriladigan barcha ma’lumotlar glossga taalluqlidir. Qadimiy manbalarda ularni sahifadagi asosiy matn hoshiyasida yozish rasm bo‘lgan. Ammo qo‘lyozmadan nusxa ko‘chirish jarayonlarida ayrim xattotlar hoshiyadagi bitiklarni asosiy matnga qo‘shib yuborgan holatlar ham uchraydi. Bunday o‘zboshimcha tahrir interpolyasiya deyiladi. Interpolyasiyani asosiy matndan ajrata olish matnshunos oldida turgan murakkab vazifalardandir.

Gloss – qo‘lyozma nusxalarning hoshiyalarida uchraydigan izohlar, to‘ldirishlar, aniqlik kirituvchi mulohazalar, boshqa manbalarga havolalar, oyat va hadislarning hoshiyadagi tafsirlari.

Interpolyatsiya – hoshiyadagi bitiklarning asosiy matnga qo‘shib yuborilishi. Matnshunos asosiy matnning o‘ziga xos uslubi va strukturasini jiddiy o‘rganish orqali interpolyatsiyani aniqlash mumkin. Shuningdek, qo‘lyozma matnining ilgari o‘chib ketishi, yirtilishi natijasida ma’no mavhumligiga sabab bo‘lgan o‘rinlarini va ayni shu nusxadan ko‘chirilgan keyingi nusxalardagi matn bo‘laklarini qiyoslash orqali interpolyatsiyani ajratib olish mumkin.

Ta’rix. Ta’rix-biror bir voqea-hodisa sodir bo‘lgan sanani abjad harflari vositasida ifodalashdir. Atoqli sharqshunos E.E. Bertels unga shunday ta’rif bergan: ”Ta’rix-xronogramma,-bu, biror-bir hodisa sanasining she’riy ifodasidir. Hirot aslzodalari davralarida bu o‘yinga katta qiziqish bilan qaralardi. Masjid, madrasa, karvonsaroy, hovuzlarning qurilish sanasini belgilash uchun maxsus satrlar to‘qilar va binolarga chiroyli qilib yozib qo‘yilardi180. Arab, fors va turkiy xalqlar mumtoz adabiyotida bu janr juda mashhur bo‘lib, hatto shoirlar o‘rtasida mahorat mezonini ham anglatgan.

Ta’rix yozishning bir necha talablari mavjud. Avvalo, zikr etilajak sana aniq bo‘lishi lozim. Amir Alisher Navoiy Hirotda madrasa qurdirganda unga mudarris etib Mir Atoullohni tayinlaydi. SHunda yangi mudarris buning sharafiga shunday ta’rix bitadi:



Chun madrasa soxt Mir bo ilmu adab,

Farmud maro ifodai ahli talab.

CHun dar shashumi mohi rajab ijlos,

Ta’rix talab az “shashumi mohi rajab”1.

(Mir ilmu adab uchun madrasa qurib, ilm ahli talabini ifodalashni buyurdi. Darslarga o‘tirish rajab oyining oltinchi kuni boshlanganidan uning ta’rixini “rajab oyining oltinchi kuni”dan izla. )

Ushbu ta’rix moddasida ikkita “shin” 600, ikkita “mim”-80, alif-1, hoyi havvaz-5, re-200, jim-3, be-2 raqamlarini ifodalab kelmoqda. Ularni qo‘shsak, hijriy 891 yil chiqadi. Milodiy yilga aylantirsak 1486 yil hosil bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, muallif sana, yil va oyni ustalik bilan ta’rix moddasida aks ettira olgan.

Ikkinchidan, raqamlarni hosil qiluvchi harflar yig‘indisi muayyan ma’noni anglatilishi shart. Ana shu so‘z tarix moddasi deb ataladi. Kichik bir she’r, qit’a yoki baytda tarix moddasining muayyan leksik birlikni ifodalashi bilan bir qatorda uning she’r kontekstiga mos kelishi shoirdan katta mahorat talab qiladi. Masalan, qozi Ixtiyoriddin Mo‘‘min Mirzo vafotiga “xarobi mulk”, ya’ni “mamlakat xarob bo‘ldi” so‘zini ta’rix qilgan. Abjad bo‘yicha ushbu ta’rix moddasidan hijriy 903 yil chiqadi

Uchinchidan, ta’rix moddasi kam sonli bo‘lsin. Masalan, Alisher Navoiy shahzoda Shoh G‘arib Mirzo mast holda vafot etganiga ishora qilib, “maxmur” , ya’ni “mast” so‘zini ta’rix qilgan. Undan abjad hisobi bo‘yicha hijriy 886 yil chiqadi.

Ta’rixlar ikki xil bo‘ladi: suvariy va ma’naviy. Suvariy ta’rixlar zohiriy jihatdan aniq-ravshan ko‘rinib turadi. Bunday holatda abjad hisobi lozim bo‘lmaydi.

Ma’naviy ta’rixda lafzning ma’nosi mavzuga mantiqan mos bo‘lishi kerak.

Ma’naviy ta’rixlar to‘rtga bo‘linadi:



  1. To‘liq sonli (Komil al-a’dod)

  2. Ortiq sonli (Zoid al-a’dod).

  3. Kam sonli (Noqis al-a’dod).

  4. Ortiq va kam sonli (Zoidu noqis al-a’dod).

Shuningdek, ta’rixlar sarih (aniq-ravshan) va ta’miya (mavhum, tezda tushunilmaydigan ) kabi ikki qismga bo‘linadi.

Sarih ta’rixlar harf-raqamlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shish orqali hosil qilinadi. Agar butun bir misra ta’rix moddasi bo‘lsa, u holda bunday ta’rix “tarixi tomm”, ya’ni to‘la tarix deb ataladi. Sarih ta’rixlarga nuqtali harflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shish orqali hosil qilinadigan ta’rixlar ham kiradi.



Ta’miya ta’rixlar muammo janrida ko‘roq uchraydi. Bunda ta’rix moddasi so‘z yoki harflarni she’rdagi ishoraga muvofiq chiqarib tashlash (isqot), ko‘paytirish, bo‘lish yoki qo‘shish orqali aniqlanadi.



180 Бертельс Е.Э. Навои и Джами, стр.40 .

1 Султон Муҳаммад б. Дарвеш Муҳаммад Балхий.Мажмаъ ал-ғароиб. ЎзФАШИ,инв№1262. 307б-вар .

Download 41.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling