2-Mavzu: Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi. 4 soat Reja


Download 27.62 Kb.
Sana29.09.2020
Hajmi27.62 Kb.
#131859
Bog'liq
Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari Sharq falsafasi


2-Mavzu: Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi.

4 soat

 

Reja

1.Misr va Bobil falsafiy maktablari. Markaziy Osiyoda zardushtiylik ta’limotidagi falsafiy fikrlar

2.Qadimgi Hindistonda falsafiy maktablar

3.Konfutsiy va Lao Szi ta’limoti

4.Beruniy, Forobiy, Ibn Sinoning ta’limotlari

5.Ilk o’rta asrda tasavvuf va islom ilohiyotshunoslik ta’limotlari

6.Temuriylar sulolasi davridagi falsafiy fikrlar

7..XX-XXI asr o’zbek falsafasi

 

1..Eramizdan avvalgi to’rtinchi ming yillikning oxiri va uchinchi ming yillik boshlarida qadimgi Misr va Bobil hududida dastlabki diniyfalsafiy fikrlar, olam haqidagi fanlar, ya’ni astronomiya, kosmologiya, matematika, mifologiyaga oid qarashlar birmuncha rivoj topgan. Qadimgi Misr va Bobilda shakllangan falsafaning eng asosiy xususiyati shundan iborat ediki, ularda, bir tomondan, xudolarga ishonch, ilohiy kuchlarning tabiat va jamiyatga ko’rsatadigan ta’sirini mutloqlashtirish xususiyati ustuvor bo’lgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, afsona va rivoyatlar tarzida bo’lsa-da, dunyoviy bilimlar, ilmiy qarashlar ham asta-sekin shakllana boshlagan umuman, bunday hususiyatni, qadim zamondagi barcha sivilizasiyalarga xos deyish mumkin.Sharqning  o’ziga xosligi, unga mansub bo’lgan madaniy taraqqiyot jahon sivilizasiyasining beshigi, dunyo xalqlari rivojiga  qo’shilgan munosib hissa ekani ham sir emas. Qolaversa, Vatanimiz sivilizasiyasining  sharq sivilizasiyasi quchog’ida voyaga yetgani va uning qadriyatlarini o’zida aks ettirganini, unga  va butun dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir ko’rsatganini doimo esda tutish darkor.

Sharq madaniyati taraqqiyotining ilk davrlari  deganda,  ko’pgina mutaxassislar bizning Vatanimiz  o’tmishini, Misr, Bobil va insoniyat tarixining eng qadimgi sivilizasiyalaridan biri bo’lgan Shumer davrlarini esga oladi. Bularning har biri insoniyat  tarixida jamiyat hayoti, qadriyatlar tizimining o’ziga xosligi,  boshqarish va iqtisodiy jarayonlarning muayyan tarzda  namoyon bo’lishi bilan tavsiflanadi.

 Jahon manaviyati durdonalaridan biri Misr madaniyatidir. Misr mifologiyasida ijtimoiy hayot haqida, hayot ma’nosi to’g’risida fikr yuritib, dunyo ne’matlaridan bahramand bo’lib, shod hurram yashashga, o’lim vahimasiga tushmaslikka da’vat etganlar. «Nasixatnoma» asarida odamlarni bilim olishga, unga ixlos qo’yishga chaqiriladi. Dastlabki taqvim (kalendar), tibbiyotga doir asarlar misrda paydo bo’lgani shu da’vatlarning dastlabki samaralari edi. Qadimgi Misr yodgorliklarida tibbiy hodisalar moddiy ibtidosi haqida fikrlar bor. Ularda hamma narsalarning asosi suv, butun koinotda havo mavjud deyilgan. Ba’zi Misr yodgorliklarida «inson o’lgach, uning jismi qulga aylanadi», «o’z nomining abadiy qolishini hohlagan kishi oxirat haqida hayol qilmasdan, bu dunyo ishlari bilan shug’ullanishi lozim» deyilgan. Bobilda, xususan, Xammurapi davrida (yer.av IV ming yillikning boshlari) quldorlik tuzimining ijtimoiy ziddiyatlari keskin tus oldi. Ishlab chiqarishning taraqqiy etishi bilan Bobilda astronomiya, matematika, geografiya fanlarida ma’lum yutuqlarga erishildi.

     Bobil olimlari algebraning asoslarini, kvadrat va kub ildizlarni chiqarishni bilganlar, astronomlar osmon yulduzlari kartasini chizganlar. Er. Av. II asrda yashagan Bobillik Selevka hatto olamning geliosentrik tuzilishi haqida faraz qilgan.

    Bobilda dastlabki falsafiy fikrlar 6 ming yil muqaddam boshlandi. O’sha davrlarda «Gilgamesh haqidagi doston», «Adapa» doston, «Xujayinning qul bilan suhbati» badiiy asari juda katta shuhrat qozondi. Bu asarda diniy qarashlar qattiq tanqid qilindi. Bu asar Bobilda qulchilik rivojlangan paytda jamiyatning bir tomonda boylik, ikkinchi tomonda ochlik, qashshoqlik o’sgan bir paytda vujudga kelgan. Bu yodgorlikda qul donishmand, hayotining mazmunini to’g’ri tushunadigan qilib tasvirlangan. Unda xudo yo’liga qilinadigan qurbonliklarning xojati yo’q, chunki xudo ovqatga muhtoj emas, deb diniy-mifologik qarashlar ustidan kulinadi.

Oxirat, jannat kabi diniy fikrlar rad etiladi. Teksda qo’yidagi fikrlarni o’qiymiz: «Tepalikka chiqib qarigin, shaharlardagi vayronliklarni ko’rgin, o’lgan va oddiy odamlarning kalla suyagiga nazar tashlagin. O’lim hammani baravar qilgan, ularni bir-biridan ajratib bo’lmaydi».

Eramizdan avvalgi X asrdan eramizning VII asrlarigacha bo’lgan davr mahsuli bo’lgan diniy-falsafiy ta’limotlardan biri zardushtiylikdir. Bu ta’limotga Zardusht asos solgan bo’lib, Sharq va Garbda Zaratushtra, Zaroastr nomlari bilan mashhurdir. Manbalarga ko’ra, Zardusht eramizdan avvalgi VI asrning birinchi yarmida yashagan. Lekin uning tarixiy yoki afsonaviy shaxs ekanligi haqida aniq bir to’xtamga kelingani yo’q. U o’zini payg’ambar deb e’lon qilgan. Lekin uning payg’ambarligi ilohiy asosga ega emas. Ya’ni bu haqiqat ilohiy kitoblarda o’z tasdig’ini topmagan.



Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatmoqdaki, bu ta’limot Vatanimiz hududida, xususan, Xorazm zaminida paydo bo’lgan. U o’z davrida xalqni ezgulik va adolat goyalariga da’vat etish, hayotbaxsh an’analarni shakllantirish, dehqonchilik va shahar madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan, uning goyalari bilan boglik qadriyatlar bugungi kungacha yashab kelmoqda va xalqimiz turmush tarzining o’ziga xos xususiyatlarini belgilashda ulkan qimmat kasb etmoqda.  Zardushtiylikning bosh kitobi «Avesto»dir. unda Qadimgi xalqlarning dunyo to’grisidagi tasavvurlari, o’ziga xos qadriyat va urf-odatlari aks etgan. Unda olamning azaliy qarama-qarshi kuchlari- yaxshilik va yomonlik, yorug’lik va zulmat, issiqlik va sovuqlik, hayot va o’lim borasidagi qarashlar o’z ifodasini topgan. «Avesto»da, shuningdek, tabiat falsafasi, tarix, etika, tibbiyotga oid ma’lumotlar ham berilgan.

   2.Qadimgi hind jamiyati hayot haqidagi ilk manba Vedalar hisoblanadi. Hindistonning qadimiy gimni, falsafiy qarashlari uning madaniy merosining yozma yodgorliklarida, asosan 4 vedada (bilimlar, diniy gimnlar, qo’shiqlar to’plami) o’z ifodasini topgan. Bu vedalardan eng muhimi Rigveda bo’lib, eramizdan taxminan 1500 yil oldin maydonga kelgan. Qolganlari esa Yajurveda, Samaveda va Atxarvavedalardan iborat. Eramizdan 1000 yil oldin Upanishad (maxfiy ta’limot) oqimi vujudga kelib, uning ijodiy mahsullikda, deb tushuntiradi. Upanishadlar falsafasining mohiyati shundaki, u jonni ruh bilan tenglashtiradi. Upanishadlarcha, tan jonning qobig’i bo’lib, jon esa – dunyoviy ruhning bir bo’lagidir. Upanishadlardagi falsafiy mavzular asosan insonni o’rab turgan borliq, uning hayotidagi o’rni va vazifasi, tashqi olam va inson tabiati, uning hayoti va ruhiyatining mohiyati, bilish imkoniyatining chegaralari axloq me’yorlari haqidadir.Qadimgi Hind falsafiy maktablari ikki guruhga bo’linadi. Hindistonlik faylasuflar bu guruhlarni astika va nastika deb ataydi. Vedanta, sankxya, yoga, vaysheshika, n’yaya va mimansa — astika guruhiga kiruvchi falsafiy maktablar. Ushbu maktablarning tarafdorlari «Veda»ning muqaddasligini tan olib, birdan-bir haqiqat undagina ifodalangan, deyishadi. Chorvaka-lokayata, buddizm va jaynizm — nastika guruhiga kiradi. Chorvaka-lokayata tarafdorlari materialistik ta’limotni ilgari surganlari uchun «Veda»ning muqaddasligini tan olishmaydi hamda olam ilohiy kuch tomonidan yaratilmagan, «Veda» haqiqiy bilim bermaydi, deb ta’kidlashadi. Buddizm va Jaynizm diniy-falsafiy maktablar bo’lishiga qaramay, ular ham «Veda»ning muqaddasligini tan olmagan. Sankxya Qadimgi Hindistondagi dualistik falsafiy maktab bo’lib, olam asosida moddiy unsur (prakriti) modda va ruh (puro’sha) yotadi, deb hisoblaydi. Bu yo’nalishga, asosan, olamdagi barcha narsalar ikki unsurning turli teng miqdorda (proporsiyada) birikishidan yuzaga keladi, olam sababiyat orqali rivojlanadi, olamda uchta sabab mavjud, deyiladi. Ular quyidagilardir: moddiy sabab, yaratuvchi sabab, aloqador bo’lmagan sabab. Bu falsafiy maktab haqida buyuk bobokalonimiz Abu Rayxon Beruniy «Hindiston» asarida atroflicha fikr yuritgan



3.Qadimgi Xitoyda fan va madaniyat o’ziga xos shaklda rivojlangan. Eramizdan avvalgi ikki minginchi yilning o’rtalariga kelib, Yuan-in davlatida muayyan xujalik shakli yuzaga kelgan. Eramizdan avvalgi XII asrda esa, urushlar natijasida davlat Chjou qabilasining qo’liga o’tgan. Bu hokimiyat eramizdan avvalgi III asrgacha davom etgan. Bu vaqtda diniy mifologik dunyoqarash xukmronlik qilgan. U olam va tabiatning paydo bo’lishini o’ziga xos tarzda tushuntirgan va dunyoviy bilimlar rivojiga o’z ta’sirini o’tkazgan.Bunday ruhdagi falsafiy g’oyalar ayniqsa qadimgi Xitoy donishmandi Konfutsiy (551-479) ijodida yaqqol aks etgan. Uning «Hikmatlar»i, ya’ni aforizmlari juda mashhur. Konfutsiy ta’limotida umuminsoniy qadriyatlarning xitoy xalqi turmush tarzida o’ziga xos tarzda namoyon bo’lishi, bu xalqqa xos ma’naviy mezonlar aks etgan. Bu ta’limot bir necha asrlar davomida ushbu hududda milliy g’oyalar majmui, millatning mafkurasi sifatida odamlarning ma’naviy ongi va qiyofasi shakllanishiga ta’sir ko’rsatgan. U hozirgi Xitoyda ham o’zining muayyan ahamiyatini saqlab qolgan. Konfutsiy fikricha, olamni osmon boshqaradi. Osmon irodasi — taqdirdir. Biz yashab turgan olam, undagi tartib osmon xukmdori tomonidan yuborilgan. Jamiyat xayotidagi tartibga qattiq amal qilish talab etiladi. Tartib, Konfutsiy nuqtai nazariga ko’ra, ilohiy mazmunga ega va uning mohiyatini «Li» tushunchasi belgilaydi. U, ya’ni tartib dunyoning mohiyatini aks ettiradi. Binobarin, jamiyatdagi barcha harakatlar unga binoan amalga oshishi lozim. Tartib—insoniyat jamoasining eng oliy hayotiy qadriyatlaridan biridir. Konfusiyning ta’kidlashicha, shaxs faqat o’zi uchun emas balki jamiyat uchun ham yashashi kerak. Konfusiy ta’limotida insonning hayotdagi ijtimoiy o’rni nihoyatda ulug’, u o’ziga ravo ko’rmagan narsani boshqalarga ham ravo ko’rmasligi, o’ziga ravo ko’rgan narsani boshqalarga ham ravo ko’rishi lozim. Konfusiyning qarashlari keyinchalik jahon falsafasida axloqiy tamoyillar rivojida, adolat, birodarlik, erkinlik g’oyalari takomilida muhim o’rin tutgan. Bu ta’limot Xitoyda ikki ming yil davomida davlat dini darajasiga ko’tarilgan va xalq hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.Qadimgi Xitoyning ko’zga ko’ringan faylasuflaridan biri Lao-Szidir (VI-V asrlar). Uning ta’limotiga ko’ra, olam, jamiyat va inson hayoti Dao qonuniga buysunmog’i lozim. Daosizm ta’limoti ana shu tariqa shakllangan. Dao qonuni — tabiatning yashash qonunidir, undagi rang-baranglik kurashi va uyg’unligi abadiyligining e’tirof etilishidir. Bu qonunga ko’ra, olamning asosini tashkil etuvchi «Si», ya’ni beshta unsur — olov, suv, havo, yer va yog’och yoki metall olamdagi barcha jismlar asosini tashkil etadi hamda ularning yuzaga kelishini ta’minlaydi. Lao-Szining ta’kidlashicha, olamda hech bir narsa doimiy va o’zgarmas, harakatsiz holda bo’lishi mumkin emas.

 4.Abu Rayxon Beruniy (973 — 1048) deyarli barcha fan soxalarida ijod etgan buyuk qomusiy alloma va mashhur mutafakkirdir. U yaratgan 152 ta asardan 28 tasi bizgacha yetib kelgan. Uning tabiatni o’rganishdagi xizmati kattadir. Alloma jismlarning o’zaro tortishuvi, Quyosh va Oyning tutilishi, zarra, inersiya va sun’iy tanlanish, rivojlanish anomaliyasi, Yer qa’rida ruy beradigan geotektonik siljishlar, Yer qiyofasining tadrijiy tarzda o’zgarib turishi, xilma—xil olamlar to’grisida ilmiy bashoratlarni ilgari surgan. Uning falsafiy qarashlari tabiiy-ilmiy qarashlari ta’sirida shakllandi. U modda va zamon, qonuniyat, zaruriyat va tasodifiyat, harakat va rivojlanish, ziddiyat, sabab va oqibat kabi falsafiy muammolarqa katta e’tibor bergan.Beruniyning asarlarida bilish masalalari muhim maqomga egadir. Bilishga bo’lgan qiziqishning ikkita sababi bor. Birinchidan, bu o’ziga xos lazzatdir. Ikkinchidan, bilishdan maqsad odamlar ehtiyojlarini qondirishdir. Bilish sezgilar yetkazib bergan ma’lumotlardan boshlanadi. Ular bilishning yo’qori bosqichi aqliy bilish uchun o’ziga xos kumakchi va asos bo’lib xizmat qiladi. Bilimning chinligi ko’zatuv va sinov—tajriba orqali belgilanadi. Ular tufayli ashyolarning muhim jihatlari o’rganiladi, ularning miqdoriy tomonlari aniqlanadi, bilish jarayonining samaradorligi oshib boradi.Beruniyga ko’ra, inson qiyofasi tabiat ta’sirining natijasidir. Uning ichki qiyofasisiga kelsak, uni inson cheksiz sa’y-harakatlar oqibatida tubdan o’zgartirishi mumkin. Har bir kishi o’z xulk-atvorining sohibidir. Jamiyat tadrijiy o’zgarishlar orqali rivojlanib boradi. Adolat, fuqaro uchun gamxurlik, zulmni bartaraf etish, jamiyatni aql va adolat tig’i ostida boshqarish mutafakkirning idealidir.

O‘zining ensiklopedik (hamma tomonlama) bilimlari sharofati bilan «SHarq Arastusi» va «Ikkinchi muallim» (Arastudan keyin) unvonlariga sazovor bo‘lgan Abu Nasr ibn Muhammad Forobiy (873-950) buyuk faylasuf edi. Forobiy 873 yilda Forob shahrida (Aris daryosining Sirdaryoga quyiladigan joyi) tug‘ildi. O‘z hayotining oxirgi yillarini Forobiy Halab va Damashqda o‘tkazdi va o‘sha erda 950 yili vafot etdi. Uning 160 jilddan ko‘proq asarlarining barchasini ikki guruhga bo‘lish mumkin: qadimgi yunon olimlari risolalariga sharh shaklida yozilgan asarlar, va asl nusxadagi tadkiqotlar. Forobiy fikricha, yagona borliq olti bosqichdan iborat bo‘lib, ular ayni bir vaqtda barcha mavjud narsalarning ibtidosi sifatida bir-birlari bilan sababiy bog‘lanishdadirlar.Ular quyidagilar, 

1-sabab (Xudo)

2-samoviy jismlar borlig‘i

3- faol aql

4-ruh

5- shakl


6-modda

  SHunday qilib, xudo va modda, yagona bir butunni tashkil etib, bir qator bosqichlar orqali bir-birlari bilan sababiy bog‘lanishdadirlar. O‘zlarining sababiy bog‘lanishlari tufayli ushbu ibtidolar ikki ko‘rinishga ajratiladilar: «vojibul vujud» - shunday narsaki, mavjudligi o‘zidan kelib chiqadi; «mumkinul vujud» - shunday narsaki, uning mavjudligi boshqa narsadan kelib chiqadi. «Mumkinul vujud» o‘zining bor bo‘lishi uchun sababga ehtiyoj sezadi, va  qachonki u paydo bo‘lsa, boshqa narsa tufayli, «vojibul vujud» ga aylanadi. Forobiyning ibtidolar haqidagi ta’limoti shundan guvohlik beradiki, unga yangi aflotunchilikning emanatsiya nazariyasi ta’sir o‘tkazgan bo‘lib, u ilk islom e’tiqodidagilarning nuqtai nazarlaridan mohiyatan farq qiladi. Forobiy o‘rta asrlar davrida birinchi bo‘lib fanlar tasnifini vujudga keltirdiki, u o‘sha vaqtdagi ilmiy bilimlarning ensiklopediyasi hisoblanar edi. Forobiy falsafasining inkor etib bo‘lmaydigan joyi shundaki, u nazariy falsafani haqiqiy va asosiy ilm, deb bilib, qolgan barcha fanlarni unga tobe bo‘lgan ikkinchi darajali sohalar maqomiga qo‘ydi. Falsafalar o‘rtasidagi umumiy dunyoqarashlar bilan kifoyalanmay, din bilan falsafani ham ayrim bir qismga joyladi.



Abu Ali ibn Sino (980-1037) buyuk alloma va mutafakkir. U Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog’ida tuqilib, Hamadon shahrida vafot etgan. Ibn Sinodan qolgan ma’naviy me’ros taxminan 280 nomdan ziyotroqdir. Ibn Sino 260 nomdan ko’proq boy adabiy va ilmiy meros qoldirdi. Bizgacha uning 160 asari yetib kelgan. Ular ichida eng yirigi 22 jilddan iborat «Kitob ash-shifo» («Ruhni davolash kitobi») bo’lib, o’z ichiga mantiq, fizika, riyoziyot va metafizikani qamrab oladi. Uning boshqa asarlari «Qonun fit-tib» («Davolash ilmi qonuni»), «Kitob an-najot» («Najot topish kitobi»), «Donishnoma» («Bilimlar kitobi») va boshqalardir. Ibn Sino qalamiga quyidagi badiiy asarlar ham mansub: «Risola at-tayr», «Solomon va Ibsol», «Hay ibn Yaqzon». Ibn Sino dunyoni yagona birlikda deb hisoblaydi: «Bo’shlik mavjud emas … butun dunyo yagona jismdir». Ibn Sino harakat tahliliga katta e’tibor qaratib, uni mexanik tarzda o’rin almashtirish deb qaramaydi: «Harakat deb odatda shunday narsaga aytiladiki, u makonda sodir bo’ladi, ammo hozirgi vaqtda bu tushunchaning ma’nosi boshqacha bo’lib, makoniy harakatdan ko’ra umumiyroq bo’lib qoldi». Ibn Sino ta’kidlaydiki: «Qandaydir ashyoning har qanday holati va harakati, imkoniyatda shunday qandaydir ashyo bo’lganligi sababidan harakat deb ataladi».

5.Tasavvuf (so’fizm) falsafiy oqim va diniy-ma’naviy hodisa sifatida islom dini doirasida paydo bo’ldi. Tasavvufning muhim jihatlari yirik musulmon ilohiyotchisi Abu Xomid Muhammad ibn Muhammad al-Gazzoliyning (1059-1111) «Diniy ilmlarning tiriltirilishi» asarida bayon etilgan. Ul zot dunyo qonuniyatlarini aql orqali bilishni e’tirof etgan, lekin Ollohni aql bilan anglash mumkin emasligini ta’kidlaganlar. U faqat kalb, maxsus ruhiy harakatlar — iltijo-ibodatlar kumagida bilib boriladi.Tasavvufda Kubraviya, Yassaviya, Naqshbandiya tariqat-suluklari keng tarqalgan. Islom dining rivojlanishiga Sharq xalqlarining ta’siri katta bo’ldi. Islom dinining muqaddas kitobi «qur’oni Karim»dir. qur’oni Karim yer yuzi musulmonlarining dasturi, diniy ahkomlar manbaidir. «qur’on» so’zi arabchadan olingan bo’lib, u «o’qish» deagn ma’noni bildiradi. muhammad payg’ambar  40 yoshga yetganda unga Ollohdan vahiy kela boshlaydi, ya’ni bu payg’ambarlk vahiysi bo’lgan. Shu asosda «qur’oni Karim» 22 yil davomida vahiy orqali Muhammad payg’ambarga nozil bo’lgan. Unda 114 ta sura, 6236 ta oyat bor. Yigirmata surada oila va u bilan bog’liq masalalar tilga olinishi insoniy jamiyatda juftlik naqadar zarur ekanligini ko’rsatib turadi. Shuningdek, qur’oni Karimda shariat masalalari ham o’z o’rnini topgan.

6.Temuriylar sulolasi davridagi falsafiy fikrlar Mavoraunnahr mo‘g‘ullardan ozod bo‘lgandan keyin, 1370 yildan boshlab mamlakatda Amir Temur (1336-1405) hukmron bo‘ladi. Sa’duddin Ma’sud binni Umar Taftazoniy (1322-1392) islom falsafasi bo‘lgan kalomning yirik vakili edi. U Niso (Ashxobod) shahri yaqinidagi Taftazon qishlog‘ida tug‘ildi. Al-Ijiy va Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniy kabi mashhur olimlardan ta’lim oldi. Taftazoniy o‘ttiz yilga yaqin davr ichida G‘ijduvon, Jom, Turkiston, Hirot va Mavoraunnahrning boshqa shaharlaridagi madrasalarda dars berib, yirik olim sifatida shuhrat qozondi.Taftazoniy o‘zining «Tahzib al-mantiq va al-kalom» asarida insonning xulq-atvoridagi iroda erkinligi masalasiga kengroq to‘xtaladi. Uning fikricha, har qanday olijanoblik va xayrli ishlar o‘z tabiatiga ko‘ra xudoning mohiyatidan kelib chiqadi va u hamma narsaning xoliqi sifatida xayr-sharofatning yaratganligi sababidan insonlarni yomon xulq-atvordan tiyilib turishga chorlaydiMir Sayyid SHarif Jurjoniyning (1339-1413) falsafiy qarashlari va mantig‘i. Amir Temur tomonidan SHeroz fath etilishi munosabati bilan 1387 yilda u erdagi yirik olimlar qatorida Samarqandga kelganlar orasida mashhur faylasuf va mantiqshunoslardan Ali ibn Muhammad Mir Sayyid SHarif Jurjoniy ham bor edi. Ilmiy adabiyotlarga Mir Sayyid SHarif nomi bilan kirgan Ali ibn Muhammad ibn Ali Husayniy Jurjoniy 1339 yilda Eronning Gurgon viloyati markazi bo‘lgan Astrobod shahri yaqinidagi Tog‘u qishlog‘ida tug‘ildi. Jurjoniy fikricha, hamma jismlar bir-biriga bo‘lgan o‘zaro munosabatda sabab-oqibat nisbatida bo‘ladilar. XV  asir olimlaridan biri Amir Temurning nevarasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek (1394-1449) edi. Movaraunnahr hukmdori bo‘lgan sulton Ulug‘bek, Fan va madaniyat taraqqiyotiga kata e’tibor qaratdi. 1428 yilda Ulug‘bek boshchiligida Samarqandda o‘sha zamondagi eng katta rasadxona  qurildi. U 1437 yilda o‘zining astronomiya sohasidagi asari bo‘lgan «Zije Ko‘ragoniy» («Ko‘ragoniyning yulduzlar jadvali») risolasini yozib tugatdi. Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi» nomli asari ham borki, unda mo‘g‘ullar imperiyasining tarixi bayon etilgan. Ulug‘bek, o‘z atrofiga iste’dodli olimlarni to‘pladi. Eronning Koshon shahridan yirik riyozidon va astronom bo‘lgan G‘iyosuddin Jamshid al-Koshiy (vaf. 1430) taklif qilingan edi. O‘nli kasrni kashfiyoti al-Koshiyga mansubdir. Ulug‘bekdan keyin uning ishini shogirdlari davom etirdi  .    Ulardan    eng mashhuri - mashhur riyozidon va astronom Ali Qushchi (1403-1474) edi. Uning asosiy asari – «Astronomiya haqida risola» edi. Ali Qushchi ob’ektiv dunyoning mavjudligiga, moddiy Ashe va hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi, ularning soddadan murakkabga o‘tib turishligiga ishonar edi.Ushbu davirdagi ulug‘ mutafakkir va gumanist Abdurahmon Jomiy(1414-1492) qomusiy olim edi. U geometriya, astronomiya, kosmografiya, matematika fanlarini puxta o‘zlashtirgan, arab tili, falsafa, ritorika, axloqshunoslik borasida yirik asralar yozgan edi. Allomaning muhim asarlari sirasiga «Bahoriston», «SHarxi ruboiyot», «Haft avrang», «Lavoih», «Nafahot ul-uns» va boshqalar kiradi. Jomiy borliqni vahdati vujudta’limoti asosida talqin qiladi. Temuriylar davrida ko’zga ko’ringan ulug‘ o‘zbek shoiri, davlat arbobi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy (1441-1501) Hirotda tavallud topadi Navoiy falsafiy qarashlari vahdati-vujud va tasavvuf ta’limotiga asoslangan. Mutafakkir o‘zining dunyoqarashida Olloh, tabiat va inson birligidan kelib chiqadi. Navoiyning dunyoqarashida gnoseologik masalalar ham muhim o‘rinni egallaydi. U sezgi va aql yordamida zohiriy narsalarni, murakkab jarayonlarni idrok qilish mumkinligini qayd qildi. Uning aqidasiga ko‘ra, aql tufayli hissiyot bergan ma’lumotlar umumlashtiriladi, hodisalardagi umumiy va muhim narsalar bilib olinadi. Aql uningcha, Alloh in’om etgan bebaho gavhardir, u hamma boyliklardan afzaldir.

7.XX asr o’zbek falsafasi kam o’rganilgan ziddiyatli davrni qamrab oladi. Chunki hozirgi davr tanqidchilarida sovet davrida falsafa bo’lmagan, u davrda intellektual hayot o’lgan va uzoq muddatga qotib qolgan, faqat ayrim hollarda ba’zi mardlargina o’zlarining g’oya va qarashlarini ayta olganlar degan fikr shakllangan. Biroq bu noto’g’ri fikr. Chunki aynan XX asr boshlarida shakllangan jadidchilar harakati jamiyatni ma’rifat orqali yangilash g’oyasini ilgari surganlar, Behbudiy, A.Avloniy, A.Fitrat kabilar bir guruh yoshlarni chet elga o’qishga yuborib, yangi avlod ziyolilarini tarbiyalashga o’zlarining munosib hissasini qo’shganlar.

1917 yilda bolsheviklar partiyasi g’alaba qozonib, dunyo xaritasini katta Sovet ittifoqi degan mamlakat egallab, unda partiyaviylik mafkurasi hukmronlik qilsada, O’zbekistonda falsafiy fikr rivoji to’xtab qolgan emas

 

TAYANCH TUSHUNCHALR

“Avesto”  “Veda”-diniy kitoblar. Astika-“Veda” ning  muqadasligini tan oluvchi, nastika- uning muqaddasligini tan olmaydigan maktabdir.  Dao-tabiyat qonuni, Si-borliqning asosida yotgan besh unsur, yan-yorug’likkuchi, in-zulmat kuchi, «vojibul vujud» - mavjudligi o‘zidan kelib chiqadi; «mumkinul vujud» - uning mavjudligi boshqa narsadan kelib chiqadi. «kalom» -arabcha ta’limot,    mutakallimlar-kalom tarafdorlari.

 

SAVOLLAR

 

1.Qadimgi Misr va Bobilda falsafiy fikirlarni izoxlang.



2.Qadimgi Hindistonda falsafiy maktablarqaysilar.

3.Konfutsiy va Lao Szi ta’limoti moxiyati.

4.Markaziy osyo faylasuflari ta’limotlari

ADABIYOTLAR

 

1.Karimov I.A. Asosiy vazifamiz – Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishdir. –T.: O’zbekiston, 2010.



2.Soifnazarov I. Kurs leksiy po filosofii. – T.: 2004.

3.To’ychiyev B.T. Sosialnaya filosofiya. Albom sxema –T.: 2009.



4.Falsafa asoslari. Nazarov Q tahriri ostida. –T.: Sharq, 2005.

5.Falsafa. Mamashokirov S. Tahriri ostida. -T.: Sharq, 2005

 

Internet saytlari:

 

1.          www. ziyo net.uz



2.          www.faylasuf.uz

3.www.philosophy.ru.



4.http//www.intencia.ru.
Download 27.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling