20- mavzu Tadbirkorlik subyektlarini moliyalash va kreditlash asoslari. Reja


Download 156.5 Kb.
Sana07.04.2022
Hajmi156.5 Kb.
#628046
Bog'liq
20- mavzu Tadbirkorlik subyektlarini moliyalash va kreditlash asoslari.
Значение слов, nazariy mexanika, Slayd, 2.06-Matematika-oqitish-metodikasi, 3-amaliy, 1-оралиқ назорат (1), 3-amaliy, 3-amaliy, Ecotourism, Ecotourism, Dastur, 1-Laboratoriya mashguloti, SF-BEGtest, SF-BEGtest, 2-laboratoriya ishi Sayimov To'lqin

20- mavzu Tadbirkorlik subyektlarini moliyalash va kreditlash asoslari.
Reja:

  1. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlash tushunchasi va turlari

  2. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlashning huquqiy asoslari. Banklar va kredit tashkilotlari kredit munosabatlarning ishtirokchisi sifatida

  3. Kredit majburiyatlarini ta’minlash usullari

  4. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlash asosi sifatida kredit shartnomasi

  5. Kichik biznes subyektlarini kreditlashning o‘ziga xos

  6. Kreditga oid munosabatlarda javobgarlik


Tadbirkorlik subyektlarini kreditlashning tushunchasi va turlari. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlashning huquqiy asoslari. Banklar va kredit tashkilotlari kredit munosabatlarning ishtirokchisi sifatida. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlash asosi sifatida kredit shartnomasi. Kredit majburiyatlarini ta’minlash usullari. Kichik biznes subyektlarini kreditlashning o‘ziga xos xususiyatlari. Kreditga oid munosabatlarda javobgarlik.

1. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlash tushunchasi va turlari


Kredit (lot. creditum - ishonmoq) – boshqa shaxsga muddatlilik, qaytarish va foydalanganlik uchun foiz shaklida to'lov shartlari asosida vaqtincha beriladigan pul mablag'lari, tovar va boshqa qimmatliklardir.



Tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatlarini boshlash yoki yanada kengaytirish maqsadida kredit mablag‘larini jalb qilishga ehtiyoj sezishlari tabiiydir. Hozirda qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlar tadbirkorlik subyektlarning kredit olish jarayonini soddalashtirish, tezlashtirish va imtiyozlar berishga qaratilgan.
Kreditlar qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.
Shuni ta’kidlash joizki, kredit turlarining yagona bir tasnifi mavjud emas (Lankov E. va Ulug‘xo‘jayeva U. (2013-y. 94-b.). Tadbirkorlik subyektlariga beriladigan kredit turlari muddatiga qarab qisqa (1 yilgacha), o‘rta (1–3 yilgacha) va uzoq (3 yildan uzoq) muddatli kreditlarga, ta’minot jihatidan ta’minlangan va ta’minlanmagan ishonchli kreditlar mavjud. FKda shuningdek kreditning ashyolarni kreditga berish va tijorat krediti kabi turlari belgilangan (FKning 747 va 748-moddalari.).
Qiska muddatli kreditlar odatda 1 yilgacha muddatga beriladi. Misol uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar qoida tariqasida 12 oygacha bo‘lgan muddatga beriladi. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi PF–4058-sonli Farmoniga asosan kichik biznes rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, aholi bandligiga va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida ushbu muddat 18 oygacha uzaytirildi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga 24 oy muddatgacha kredit berilishi mumkin (Kichik tadbirkorlik subyektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom. 27.12.2013 . 2546-son).
Kreditdan foydalanishning muddati kreditlanayotgan faoliyat turi amalga oshiriladigan davrga qarab, loyiha o‘zini o‘zi qoplashi hamda kreditni qaytarish va undan foydalanganlik uchun foizlar to‘lashga yetarli foyda olish muddati asosida belgilanadi.
Tadbirkorlik subyektlari “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi (15.09.2006 y.) Qonunga asosan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng kam ish haqining ming baravari miqdoridan oshmaydigan summada mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlardan mikrokredit olishlari mumkin. Bunday tashkilotlarga banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqa kredit tashkilotlari kiradi (7-m).
Investitsiya loyihasi iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa manfaat ko'rish maqsadida investitsiyalar kiritgan holda oldindan belgilangan muddat mobaynida amalga oshiriladigan o'zaro bog'liq tadbirlar va ishlar kompleksi


Yirik investitsion loyihalarni kreditlash “Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga (20.08.2005y. 1509-son.) muvofiq bir necha banklar tomonidan birgalikda sinditsiyalashtirilgan kreditlash orqali amalga oshiriladi. Bunda sinditsiyalashtirilgan kredit berish borasida ikki yoki undan ortiq banklar o‘rtasida o‘zaro kelishuv – bank sindikati tuziladi.
Sindikatda yetakchi bank va ishtirokchi bank qatnashadi. Sinditsiyalashtirilgan kreditlash tashabbusi bilan chiqqan va zimmasiga ishtirokchi-banklar nomidan kredit hujjatlarini yuritish mas’uliyati yuklatilgan qarz oluvchining asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatuvchi bank yetakchi bank hisoblanadi.
Ishtirokchi bank esa sinditsiyalashtirilgan kredit berishda qatnashuvchi bankdir. Sinditsiyalashgan kreditlar faqat yuridik shaxslarga beriladi.
Tijorat banklari o‘z mijozlariga moliyalashtirishning yana bir turi bo‘lgan faktoring xizmatlarini ko‘rsatishlari mumkin. Faktoring operatsiyalari “Tijorat banklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida faktoring operatsiyalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom” (03.08.2000 y. 953-son.) asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, ushbu munosabatlar FKning 313–323 va 749–758-moddalari bilan tartibga solinadi.
Faktoring operatsiyalari:

  • Faktoring – yetkazib berilgan tovarlar, bajarilgan ishlar yoki ko'rsatilgan xizmatlar uchun to'lovchi tomonidan akseptlangan, lekin to'lov talabnomalari bo'yicha haqi to'lanmagan to'lovni regress huquqisiz yetkazib beruvchi (mijoz) tomonidan bank (moliyaviy agent)ga o'tkazish



    budjet tashkilotlariga taqdim etiladigan talablar bo‘yicha;

  • jismoniy shaxslarning qarz majburiyatlari bo‘yicha;

  • to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilingan korxonalarning majburiyatlari bo‘yicha;

  • zarar ko‘rib ishlaydigan korxonalar bo‘yicha;

  • kapital qo‘yilmalarni moliyalash bo‘yicha;

  • eksportga oid konsignatsiya kontraktlari bo‘yicha;

  • kompensatsiya va barter bitimlari bo‘yicha;

  • ishga bosqichma-bosqich yoki bo‘nak bilan haq to‘lash bo‘yicha;

  • to‘lovchi shartnomada kelishilgan vaqt mobaynida, shuningdek, sotish xizmati ko‘rsatilganidan keyin mahsulotni qaytarish huquqiga ega bo‘lgan oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin emas.

2. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlashning huquqiy asoslari. Banklar va kredit tashkilotlari kredit munosabatlarning ishtirokchisi sifatida


Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining kredit olish bilan bog‘liq huquq va kafolatlari “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning (25.05.2000 y.) 8, 16, 29-moddalarida belgilangan. Jumladan, tadbirkorlik faoliyati subyektlari kredit resurslaridan foydalanishda teng huquqlarga egaligi (29-moddaning 1-qismi).


Garchi banklar ham tadbirkorlik subyektlari bo‘lsa-da, boshqa tadbirkorlik subyektlari bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatlarda tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilib, unga muvofiq qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyektining foydasiga talqin etilishi 11-moddada belgilangan.
Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning (25.04.1996 y.) 4-moddasiga asosan banklar o‘z faoliyatlarida kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan o‘z mablag‘lari va jalb etilgan mablag‘lar hisobidan o‘z nomidan kreditlar berishi bank operatsiyalarining bir turi sifatida belgilangan.
Ushbu qonunning 28-moddasiga muvofiq bank operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdori banklar tomonidan mustaqil belgilanishi o‘rnatilgan.
Banklar Markaziy bankda ro‘yxatga olingan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladilar. Ro‘yxatga olish bilan bir vaqtda banklarga bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya topshiriladi (10-m.).
Banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning (08.10.2009 y. 2014-son) 25-bandiga asosan banklarning ustav kapitalining eng kam miqdori 100 mlrd. so’m miqdorida belgilangan.
Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga asosan banklar mulkchilikning har qanday shakli asosida aksiyadorlik jamiyati tarzida tashkil etiladi. Shu sababli banklarga “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonunning (26.04.1996 y.) normalari ham tatbiq etiladi.
Kredit ajratish bo‘yicha qaror bankning vakolat doirasiga qarab boshqaruv organlari tomonidan hal etiladi. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga asosan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, bank kengashi va boshqaruvi bankning boshqaruv organlari hisoblanadi.
Kreditlash jarayonida banklar bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan hamda yirik bitimlar tuzish bilan bog‘liq qoidalar muhim ahamiyatga ega. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 26-moddasiga asosan banklarning o‘ziga aloqador bo‘lgan shaxslar bilan yoki ular nomidan tuzadigan shartnomalari o‘ziga aloqador bo‘lmagan shaxslar bilan tuzadigan shartnomalarga qaraganda ancha qulay shartlarga asoslansa, ularning bunday shartnomalarni tuzishi taqiqlanadi.
Bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan bitim tuzish tartibi batafsil “Bankka aloqador bo’lgan shaxslar bilan tuziladigan bitimlar to’g’risidagi” Nizomda (05.08.2015 y. 2706-son.) belgilangan. Ushbu Nizomning 17-bandiga asosan bankning barcha aloqador shaxslariga to’g’ri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasi bank birinchi darajali kapitalining 100 foizidan oshmasligi lozim..
Yirik bitim tuzish bilan bog‘liq masala “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 83–84-moddalari talablari asosida amalga oshiriladi.
Respublika moliya bozorida xususiy banklarni tashkil etish va ularning faoliyatini kafolatlash maqsadida 2012-yil 17-dekabrda “Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonunning 3-moddasiga asosan xususiy bank va moliya institutlari ustav fondida (ustav kapitalida) muassislar (ishtirokchilar) bo‘lgan jismoniy shaxslarning ulushi kamida ellik foizni tashkil etishi lozim bo‘lgan banklar va boshqa kredit tashkilotlari, sug‘urta tashkilotlari, shuningdek faqat moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi o‘zga yuridik shaxslardir. Xususiy bank va moliya institutlari tadbirkorlik subyektlaridir. Qonunning 14-moddasiga asosan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq to‘lash miqdori xususiy bank va moliya institutlari tomonidan mustaqil belgilash kafolatlari o‘rnatilgan.
Kredit munosabatlarning ishtirokchisi sifatida mikrokredit tashkilotlari ham ishtirok etmoqda. “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunga (20.09.2006y.) asosan mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing berish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va boshqa mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxs mikrokredit tashkilotidir.
Mikrokredit tashkiloti ishlab chiqarish, sug‘urta, savdo-vositachilik va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan boshqa faoliyat bilan bevosita shug‘ullanishga haqli emas.
Mikrokredit tashkilotlari yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi mumkin.
Mikrokredit tashkilotlari davlat organlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari diniy tashkilotlar, boshqa mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Mikrokredit tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tib, litsenziya olganidan keyin mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida Nizom”ning (13.04.2010 y. 2093-son.) 3-bandiga asosan mikrokredit tashkilotlari ustav fondining eng kam miqdori 2,0 mlrd. so’m miqdorida belgilangan.
Kreditlar, shuningdek lombardlar tomonidan ham beriladi. Kreditlar qisqa muddatga (uch oydan oshmaydigan) shaxsiy iste’mol uchun mo‘ljallangan ko‘char mulk garovi ostida fuqarolarga beriladi. Kredit summasi va kreditdan foydalanganlik uchun to‘lov miqdori taraflarning kelishuvi asosida kredit shartnomasida belgilanadi (“Lombard tomonidan o’z faoliyatini va operatsiyalarni amalga oshirish tartibi to’g’risida qoidalar” ” 10.12.2003 y. 1290-son).
Lombardlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziya asosida o‘z faoliyatlarini amalga oshiradi (“ Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibi to’g’risida Nizom” 10.12.2003 y. 1291-son).
Kreditlashda qarzdorning kredit tarixi haqidagi ma’lumotlarni almashish maqsadida “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi Qonun (04.10.2011 y.) qabul qilindi. Kredit axboroti almashinuvi kredit byurosi, kredit axboroti subyekti, kredit axborotini yetkazib beruvchi va kredit axborotidan foydalanuvchining kredit tarixini shakllantirish hamda kredit hisobotini taqdim etish maqsadida kredit axborotini yig‘ish, unga ishlov berish, uni tahlil qilish, saqlash, taqdim etish, undan foydalanish va kredit axborotini himoya qilish borasidagi hamkorligi;
Qonunning 5-moddasiga muvofiq kredit tarixi bu kredit byurosi tomonidan kredit axboroti subyektiga nisbatan shakllantirilgan kredit axboroti majmuidir.
Kredit tarixi o‘z ichiga:
kredit axboroti subyektini identifikatsiyalash imkonini beradigan;
kredit axboroti subyektining kredit bitimlari to‘g‘risidagi, shuningdek ularning ijro etilishi holati haqidagi;
kredit axboroti subyektining fuqarolik-huquqiy shartnoma bo‘yicha pul summasini to‘lash majburiyatlari to‘g‘risidagi;
kredit tarixini shakllantirish sanasi to‘g‘risidagi, shuningdek kredit tarixini shakllantirgan kredit byurosi haqidagi ma’lumotlarni olishi kerak.
Kredit axboroti subyektining bajarilish sanasidan e’tiboran besh yildan ko‘p vaqt o‘tgan pul summasini to‘lash majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kredit tarixiga kiritilmaydi.
Qonunning 7-moddasida kredit byurosiga ta’rif berilgan, unga asosan u qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etilgan va kredit axboroti almashinuvini amalga oshirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxs. Kredit byurosining faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi. Kredit byurosining firma nomida “kredit byurosi” degan so‘z birikmasi yozilgan bo‘lishi kerak.
Kreditlashning huquqiy asosi bo‘lgan boshqa qonun hujjatlari quyida batafsil ko‘rib chiqiladi.
3. Kredit majburiyatlarini ta’minlash usullari

Kreditlashda olinayotgan kredit qanchalik ta’minlanganligiga katta e’tibor beriladi. Banklar ta’minlanmagan kredit berish haqida qaror qabul qilishlari ham mumkin (“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 34-moddasi). Shu bilan birga, banklar kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit berishda kreditning umumiy summasida qarz oluvchining garov ta’minotini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini hisobga olish huquqiga ega (“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi 4-qismi).


Kreditni ta’minlashda fuqarolik qonunchiligida mavjud bo‘lgan majburiyatlarni ta’minlash usullaridan bo‘lgan ko‘char va ko‘chmas mulk garovi, kafillik va kafolatdan keng foydalaniladi.
Kredit siyosati kreditlash jarayonida yuzaga keluvchi tavakkalchilikni boshqarishda bank rahbariyati tomonidan qabul qilinadigan choralar va uslublarni belgilovchi hamda bank rahbariyati va xodimlarini kreditlar portfelini samarali boshqarishga doir ko'rsatmalar bilan ta'minlovchi hujjatdir. U alohida hujjat sifatida ishlab chiqiladi va bank Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.


Banklar kredit ta’minoti miqdorini o‘z kredit siyosatlarida belgilab qo‘yishadi. Misol uchun u 125 foiz bo‘lishi mumkin, ya’ni olinayotgan kredit summasi 100.000 000 (yuz million) so‘mni tashkil etsa, bank kredit olayotgan mijozidan 125.000 000 000 (bir yuz yigirma besh million) so‘mlik ta’minot taqdim etishni talab etishi mumkin.
Bank ta’minot sifatida likvidli bo‘lgan mol-mulk taqdim etilishiga katta ahamiyat beradi. Likvidli mol-mulk – qarz oluvchining oson sotiladigan mol-mulki, shu jumladan ijtimoiy infratuzilma obyektlari, transport vositalari, kompyuter va boshqa asbob-uskunalar, shuningdek qarzdorning boshqa mol-mulki (“Banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibi”. VM 04.12.2002 y. 422-son Qarori).
Shuningdek, bank qonunchilikda undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulkni kredit ta’minoti sifatida qabul qilmaydi (Qarang: “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi (19.11.1991 y.) Qonunning 4-moddasi 2-bandi; “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning (29.08.2001 y.) 52-moddasi; “Qarzdor va uning oilasining normal turmush kechirishi uchun zarur bo‘lgan, ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan uy anjomlari va jihozlari, kiyimlar hamda boshqa buyumlar Ro‘yxati”. VM14.04.2009 y. 110-son Qarori; “Ijro ishini yuritish va sud ijrochilari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 102-bandi. 29.12.2001 y. 1091-son.).
Garov to‘g‘risida”gi Qonunning (09.12.1992 y.) 1-moddasiga asosan bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanadi.
Garov narsasi har qanday mol-mulk, shu jumladan ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov narsasi bo‘lishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaxsi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan talablar, xususan hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablar, alimentlar to‘g‘risidagi talablar hamda boshqa shaxsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno (Qonunning 5-moddasi).
Ushbu Qonunning 8-moddasiga muvofiq qarzdorning o‘zi ham, uchinchi shaxs ham garovga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin.
Garov narsasini almashtirishga, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, garovga oluvchining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Agar garov narsasi nobud bo‘lgan yoki shikastlangan yoxud unga bo‘lgan mulk huquqi yoki xo‘jalik yuritish huquqi qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, garovga qo‘yuvchi oqilona muddatda (nizo chiqqan taqdirda esa sud belgilagan muddatda) garov narsasini tiklashga yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, uni teng qiymatli boshqa mol-mulk bilan almashtirishga haqli (Qonunning 13-moddasi).
Navbatdagi garov garovga qo'yuvchi garovda turgan mol-mulkni boshqa shaxsga boshqa talablarni bajarish uchun berishi


Agar garov to‘g‘risidagi oldingi shartnomalarda navbatdagi garov taqiqlab qo‘yilgan bo‘lmasa, navbatdagi garovga yo‘l qo‘yiladi. Navbatdagi garovga oluvchining talabi bu mol-mulkning qiymatidan avvalgi garovga oluvchilarning talablaridan keyin qanoatlantiriladi.
Mazkur Qonunning 10-modda 2-qismiga muvofiq garov narsasini baholash garovga qo‘yuvchi bilan garovga oluvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra yoki baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq garov narsasini baholashdan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning (19.08.1999 y.) 11-moddasiga asosan baholash obyektlaridan garov narsasi sifatida foydalanilayotganda baholashni o‘tkazishning majburiyligi belgilangan. Biroq ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq baholash obyektining hisobotda ko‘rsatilgan qiymati baholash obyekti xususida bitim tuzish maqsadi uchun tavsiya xususiyatiga ega bo‘lishi belgilangan.
Tadbirkorlik subyektlari kredit ta’minoti sifatida ko‘chmas mulk garovi – ipotekani taqdim etishlari mumkin. “Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunning (04.10.2006 y.) 3-moddasiga asosan ipoteka ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma asosida (shartnoma asosidagi ipoteka) yoki qonun asosida (qonun asosidagi ipoteka) vujudga keladi.
Ipoteka – ko'chmas mulk garovi


Ipoteka asosiy majburiyatdan hosila xususiyatiga ega va u asosiy majburiyat tugaguniga qadar haqiqiy bo‘ladi.
Ipoteka bo‘yicha munosabatlarga nisbatan shuningdek FK va “Garov to‘g‘risida”gi Qonunining garov haqidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.
Ushbu Qonunning 4-moddasiga muvofiq ipoteka bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha qarzdorning o‘zi yoki bu majburiyatda ishtirok etmaydigan uchinchi shaxs (ashyoviy kafil) ipotekaga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin. Ipoteka belgilangan mol-mulk, agar ipoteka to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ipotekaga qo‘yuvchining egaligida va foydalanishida qoladi.

Agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, ipoteka kredit shartnomasi, qarz shartnomasi yoki boshqa shartnoma bo‘yicha majburiyatni, shu jumladan oldi-sotdi, ijara, pudrat shartnomalariga asoslangan majburiyatni, shuningdek, zarar yetkazilishi oqibatida vujudga keladigan majburiyatni bajarilishini ta’minlash uchun belgilanishi mumkin (Qonunning 5-moddsi). Ipoteka to‘g‘risidagi qoidalar, shuningdek:

  • qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq yer uchastkasida barpo etilayotgan qurilishi tugallanmagan mol-mulk garoviga;

  • yakka tartibdagi uy-joy qurish yoki dehqon xo‘jaligini yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqlari garoviga;

  • agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchining ko‘chmas mulk ijarasi to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha huquqlari (ijara huquqi) garoviga;

  • agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, yer uchastkasi ijarasiga doir huquqlar garoviga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Muomaladan chiqarilgan va tasarrufdan chiqarilishi mumkin bo‘lmagan ko‘chmas mulk ipoteka narsasi bo‘lishi mumkin emas.
Qonun hujjatlarida majburiy xususiylashtirilishi nazarda tutilgan yoki xususiylashtirilishi taqiqlangan yoxud cheklangan korxonalar va mol-mulk turlari hamda guruhlari ipoteka narsasi bo‘lishi mumkin emas.
Ushbu Qonunning 12-moddasiga muvofiq ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma (shu jumladan, navbatdagilari ham) notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak. Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran tuzilgan deb hisoblanadi va kuchga kiradi. Ipoteka to‘g‘risidagi shartnomani notarial tartibda tasdiqlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga rioya etmaslik uning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.
Ipoteka shartnomasi “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma”ga (30.03.2010 y. 2090-son) asosan notarius tomonidan tasdiqlanadi.
Ipoteka shartnomalarini tasdiqlashda notarius ipotekaga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq qo‘yadi.
Ko‘chmas mulkni garovga (ipotekaga) qo‘yish to‘g‘risidagi shartnoma shu mulk joylashgan hududdagi notarius tomonidan tasdiqlanadi va maxsus reyestrda ro‘yxatga olinadi.
Ipotekani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni va u haqida tuzilgan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (VM 07.01.2014 y. 1-sonli Qarori) talablari asosida amalga oshiriladi. Ushbu Nizomning 10-bandiga asosan yuridik va jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga o‘zlarining tanlovlariga ko‘ra telekommunikatsiya kanallari bo‘yicha elektron hujjat ko‘rinishida murojaat qilishga haqlidir.
Garov munosabatlarida kreditor hamda qarzdorning huquq va majburiyatlarini ta’minlash maqsadida 2013-yil 23-oktabrda “Garov reyestri to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Garov reyestri – qarzdorlarning majburiyatlari bajarilishini ta’minlash vositasi sifatida berib qo‘ygan mol-mulkiga nisbatan kreditorlarning huquqlari to‘g‘risidagi, shuningdek, qarzdorning mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishga doir huquqlariga qonunga muvofiq qo‘yilgan cheklov hamda qarzdor o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishini ta’minlashi bilan bog‘liq boshqa talablar haqidagi yozuvlarni (bundan buyon matnda yozuvlar deb yuritiladi) o‘z ichiga olgan ma’lumotlarning yagona axborot bazasi;
Garov reyestrini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzurida tashkil etiladigan garov reyestrini yurituvchi tashkilot zimmasiga yuklatilgan.
Kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulk ham garov sifatida rasmiylashtirishi mumkin. “Kichik tadbirkorlik subyektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning (27.12.2013 y. 2546-son) 22-bandiga asosan kredit hisobiga sotib olingan mulk ushbu kredit bo‘yicha o‘z qiymatining 80 foizi miqdorida garov narsasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Ushbu bandning ikkinchi qismida tadbirkorlik subyektlari uchun yana bir qulaylik yaratilgan bo‘lib, banklar qarz oluvchilar tomonidan kredit qaytarilishining ta’minoti sifatida taqdim qilingan mol-mulkni uning xususiyatidan kelib chiqqan holda kreditning qaytarilgan qismiga nisbatan garovdan chiqarish huquqiga ega bo‘lishi belgilangan.
Shuni ta’kidlash lozimki, tijorat banklari o‘z mijozlariga bank kafolati va kafillik berishni kreditlash operatsiyasi sifatida tasniflaydi. Misol uchun, qurilish bo‘yicha tenderda qatnashish uchun banklar o‘z mijozlariga kafillik, kafolat berishadi.
Tijorat banklari tomonidan kafolat berish tartibi “Tijorat banklari tomonidan bank kafolatlarini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda (15.05.2012 y. 2364-son) belgilangan.
Kafolat berish masalasi Bosh bankning kredit qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda mazkur kafolat bank boshqaruvi raisining imzosi bilan rasmiylashtiriladi. Bosh bank tomonidan bank filiallariga kafolat berish huquqining taqdim etilishi taqiqlanadi.
Qabul qilingan qaror natijalari to‘g‘risidagi xabarnoma uch bank kunidan kechiktirmay prinsipalga yuboriladi. Kafolat berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda xabarnomada rad etish sabablari aniq ko‘rsatilishi lozim.
Kafolat berish to‘g‘risida qaror qabul qilingach, kafil va prinsipial o‘rtasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kafillik shartnomasi tuziladi.
Shartnoma Bosh bank kredit qo‘mitasining bayonnomasiga asosan rasmiylashtiriladi va u imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Kafolat bo‘yicha kafilning benefitsiar oldidagi majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 309-moddasida nazarda tutilgan tartibda bekor bo‘ladi:
1) kafolat berilgan summa benefitsiarga to‘lanishi;
2) kafolatda belgilangan muddatning tamom bo‘lishi;
3) benefitsiar kafolat bo‘yicha o‘z huquqlaridan voz kechishi va uni kafilga qaytarib berishi oqibatida;
4) benefitsiar kafilni uning majburiyatlaridan ozod qilishi haqida yozma ariza berish yo‘li bilan kafolat bo‘yicha o‘z huquqlaridan voz kechishi oqibatida.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumi va Oliy Xo’jalik Sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-son Qarorining 43-bandiga asosan FKning 309-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan kafolat bo‘yicha majburiyatning bekor bo‘lish asoslari ro‘yxati tugal hisoblanmasligiga sudlarning e’tibori qaratilgan. Kafolat FKning 25-bobida nazarda tutilgan majburiyatlar bekor bo‘lishining umumiy asoslari bo‘yicha ham bekor bo‘lishi ta’kidlangan.

4. Tadbirkorlik subyektlarini kreditlash asosi sifatida kredit shartnomasi


Tijorat banklari berilayotgan har bir kredit bo‘yicha kredit yig‘majild yuritadilar. Umumiy tartib bo‘yicha banklar “O‘zbekiston Respublikasi banklarida kredit hujjatlarini yuritish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga (02.03.2000 y. 906-son) asosan o‘z mijozlaridan quyidagi hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga haqli:



  • qarzdor tomonidan imzolangan va kredit berilishidan oldingi sana qo‘yilgan, kreditdan foydalanish maqsadlari bayon etilgan va kredit ta’minlangan bo‘lsa, garov narsasi haqidagi ma’lumotni o‘z ichiga olgan ariza;

  • qarz oluvchining ta’sis hujjatlari; bunda hujjatning nusxalari mas’ul kredit xodimi tomonidan qarz oluvchining yuridik ishidan olingan bo‘lishi shart;

  • biznes-reja (iste’mol krediti va biznes-rejani taqdim etish shart bo‘lmagan kreditning boshqa turlari bundan mustasno);

  • agar shaxs qarzdorning vakili bo‘lsa, qarzdor nomidan kredit shartnomasini imzolash huquqini tasdiqdovchi hujjat, imzolar namunasi;

  • qabul qilingan buxgalteriya standartlariga muvofiq tayyorlangan, oxirgi hisobot sanasida qarzdor tomonidan imzolangan moliyaviy hisobotlar, jumladan balans hisoboti hamda daromadlar va pul oqimi bo‘yicha hisobotlar.

Agar kredit ko‘chmas mulk garovi bilan ta’minlangan bo‘lsa, bank kredit ajratishdan oldin quyidagi hujjatlarni talab etadi:

  • ipoteka shartnomasining asl nusxasi;

  • garovga beruvchi va bank tomonidan imzolangan, garov obyekti qiymatini kelishuv dalolatnomasi;

  • garovga qo‘yilgan mulkni sug‘urta qilish shartnomasi va ushbu shartnoma bo‘yicha sug‘urta polisi;

  • garov shartnomasining davlat kadastr idoralarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma yoki davlat kadastr idoralarida garov shartnomasining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi, belgilangan shaklda garov shartnomasiga qo‘yilgan belgi;

  • garov predmetini sotish narxini tasdiqlovchi hujjatlar, agar kredit uni sotib olishni moliyalash maqsadida berilgan bo‘lsa.

  • Agar kredit boshqa shaxs tomonidan kafolatlansa, bank tomonidan kredit yig‘majildiga quyidagi qo‘shimcha hujjatlar kiritilishi talab etiladi:

  • kafillik to‘g‘risidagi shartnoma yoki yozma kafolat;

  • auditorlik tashkiloti yoki auditorning, kafolatchining (kafil) qoniqarli moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi xulosasi;

  • shaxsning kafil nomidan (kafolatchi) kafolat to‘g‘risidagi shartnomani (majburiyatni) imzolash huquqini tasdiqlovchi hujjat.

Ushbu Nizomga asosan bank bo‘lajak qarz oluvchidan kredit hujjatlarini yuritish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotni talab etishi belgilangan.
Kredit qanday maqsad uchun ajratilayotganligiga qarab bank kredit oluvchidan qonunchilikda belgilangan boshqa qo‘shimcha hujjatlarni talab etishi mumkin.
Agar kreditlanayotgan tadbirkorlik faoliyati atrof tabiiy muhitga va fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjud bo‘lsa, unda ushbu loyiha ekologik ekspertizadan o‘tishi lozim. “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lmay turib, loyihalarning bank va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan moliyalanishi, shuningdek ularning amalga oshirilishi taqiqlangan.
Tadbirkorlik faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turiga mansub bo‘lsa, litsenziya mavjudligi va uning muddati o‘tib ketmaganligini bank tekshiradi. Misol uchun, tadbirkor ulgurji savdo uchun kredit olayotganda, unda tegishli tartibda rasmiylashtirilgan litsenziya mavjud bo‘lishi kerak (“Ulgurji savdo faoliyatini litsenziyalash to’g’risida” Nizom. VM 05.11.2005 y. 242-son Qarori).
Kredit oluvchi bankka barcha talab etilgan hujjatlarni taqdim etib, bank Kredit qo‘mitasining kredit ajratish bo‘yicha ijobiy qarori qabul qilingandan so‘ng kredit shartnomasi loyihasi tuziladi.
Tuzilgan kredit shartnomasi loyihasi bank yuridik xizmati xodimlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosa va imzo olinib, mijoz bilan kelishilgandan so‘ng kredit shartnomasi imzolanadi (Qarang: “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning 21-m.).
Amaliyotda bank kredit shartnomaning namunaviy shakllaridan foydalanadi. Bunga qonunchilikda ruxsat berilgan, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi 3-qismi. Bu tadbirkorlik subyekti shartnoma shartlarini o‘zgartira olmaydi degani emas. Bank ham tadbirkor ham tadbirkorlik subyekti ekanligi, ularning tengligi va shartnoma tuzish erkinligi tamoyili mavjudligi esdan chiqmasligi kerak.
Kredit shartnomasi munosabatlari FKning “Kredit” 744–748-moddalar va “Qarz” 732–743-moddalari qoidalari asosida tartibga solinadi.
Kredit shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart. Yozma shaklga rioya qilmaslik kredit shartnomasining haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi (FKning 745-moddasi).
Kredit shartnomasi quyidagi shart va rekvizitlarni o‘z ichiga olishi mumkin:

  • shartnoma tuzilgan sana va joyi; taraflarning to‘liq yuridik nomi; taraflar vakillarining to‘liq familiyasi, ismi-sharifi va ularning vakolatini belgilovchi hujjat nomi;

  • shartnoma mazmuni (predmeti);

  • kredit tavsifi: kredit maqsadi, summasi, valyutasi, foiz stavkasi, kredit bo‘yicha asosiy qarzning qaytarish muddati (jadvali), foizlarni to‘lash muddati;

  • kredit qaytarilishi ta’minoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

  • kredit shartnomasi taraflarining huquq va majburiyatlari;

  • kredit shartnomasi taraflarining javobgarligi;

  • nizolarni hal etish tartibi;

  • taraflarning yuridik (pochta) manzillari, bank rekvizitlari, shuningdek, soliq to‘lovchi identifikatsion raqamlari (STIR), yakka tartibdagi tadbirkorlar yoki jismoniy shaxslar qarzdor sifatida qatnashayotgan bo‘lsa, pasport ma’lumotlari va turar joyi;

  • taraflarning imzolari va muhrlari.

Kredit shartnomasining barcha muhim shartlari yuzasidan taraflar kelishuvga erishgan va u tegishli shaklga keltirilgandan keyin FKning 732-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq shartnoma pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
FKning 746-moddasiga binoan kreditor qarz oluvchini to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblasa, qarz oluvchi kreditni ta’minlash majburiyatlarini bajarmasa, shartnomada nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzsa, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda qarz oluvchiga kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditni berishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli.
Shuningdek, ushbu moddaning 2-qismiga asosan qarz oluvchi ham kredit olishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli. Qarz oluvchi bu haqda kreditorni kredit shartnomasida belgilab qo‘yilgan kredit berish muddatiga qadar xabardor qilishi shart.
Kreditdan foydalanish davrida kredit shartnomasiga o‘zgartirish kiritilishi, qarzdor yoki kreditor o‘zgarish holatlari yuz berishi mumkin. Bunday holatlarga shartnoma va majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llanadi.

5. Kichik biznes subyektlarini kreditlashning o‘ziga xos xususiyatlari


Kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ulushi oshib bormoqda. Ularning bozordagi o‘zgarishlarga tez moslashuvchanligi, yangi ish o‘rinlarini yaratishdagi ahamiyati tufayli kreditlash sohasida ham ma’lum qo‘laylik va imtiyozlar yaratilgan.


Ushbu holatlarni e’tiborga olgan holda kichik biznes subyektlarini kreditlash “Kichik tadbirkorlik subyektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom (27.12.2013 y. 2546-son) talablari asosida amalga oshiriladi.
Ushbu Nizomga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar, dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda oilaviy korxonalar kreditlash obyektlari hisoblanadi.
Kreditlar kreditlanayotgan tadbirning o‘zini-o‘zi qoplashini hisobga olgan holda quyidagi muddatlarga beriladi:

  • qarz oluvchi o‘z faoliyatini boshlashi uchun aylanma mablag‘larni shakllantirish va investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqishga 12 oy muddatgacha;

  • aylanma mablag‘larni to‘ldirishga 18 oy muddatgacha;

  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga 24 oy muddatgacha.

Tijorat banklari kreditlar bo‘yicha kreditlashning imtiyozli davrini belgilashlari mumkin. Kreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori kredit shartnomasiga muvofiq belgilanadi. Kreditlar ilgari olingan kreditlarni qaytarish uchun berilishi mumkin emas.
Qarz oluvchi olingan kredit summasini muddatidan ilgari qaytarishga va ulardan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun hisoblangan foizlarni to‘lashga haqli.
Qarz oluvchining arizasi kelib tushgan kundan boshlab, tijorat bankining kredit qo‘mitasi tomonidan ushbu ariza bo‘yicha asoslantirilgan holda qaror qabul qilish muddati uch ish kunidan oshmasligi lozim.
Kredit berish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilinganda, qarz oluvchi va tijorat banki o‘rtasida kredit shartnomasi tuziladi.
Tijorat banklari tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlariga, dehqon va fermer xo‘jaliklariga Imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan kredit berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (VM 19.05.2000 y. 195-sonli Qarori) asosan ajratiladigan kreditlarning foiz stavkasi miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda eng kam oylik ish haqining ikki ming baravaridan ortiq bo‘lmagan summada belgilangan. Jamg‘arma mablag‘lari ustuvor ravishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi yuqori texnologiyali va innovatsiya loyihalarini, uzoq va borish qiyin bo‘lgan tumanlarda, shuningdek mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan tumanlar va shaharlarda joylashgan ishlab chiqarish mikrofirmalarini, kichik korxonalarni, dehqon va fermer xo‘jaliklarini moliyalashtirish uchun ajratiladi.
Meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalar sotib olish uchun fermer xo‘jaliklariga va kichik biznesning boshqa subyektlariga imtiyozli kreditlar berish va lizing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (VM 20.08.2007 y. 178-sonli Qarori) muvofiq kreditlar 18 oylik imtiyozli davr bilan 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga beriladi. Kreditlarning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasidan ortiq bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Imtiyozli kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni qaytarish imtiyozli davr tamom bo‘lgandan keyingi oydan boshlanadi.
Shuningdek, ta’minot sifatida kredit shartnomasi bo‘yicha sotib olinadigan mini-texnologiyalar va ixcham asbob-uskunalar ular qiymatining 80 foizi miqdorida garov uchun qabul qilinishi, qoplanmagan qismi uchun qarz oluvchi ta’minotning boshqa turlaridan birini taqdim etishi belgilangan.
6. Kreditga oid munosabatlarda javobgarlik

Kredit shartnomasi tuzilib, pul mablag‘lari ajratilgandan keyin qarz oluvchi olingan qarz va undan foydalanganlik uchun foizlarni bankka davriy (odatda har oy oxirida) to‘lovlar orqali amalga oshiradi. Banklar kredit bo‘yicha foizlarni odatda har kuni yillik bazaviy davr – 365 kundan kelib chiqqan holda hisoblab yozadi (Qarang: Tijorat banklarida foizlarni hisoblash to’g’risida Nizom . 30.01.2004 y. 1306-son).


Agar kredit shartnomasida imtiyozli davr berilgan bo‘lsa, misol uchun 6 oy, bu davr ichida faqat kreditga hisoblanadigan foizlar to‘lanadi, 7-oydan boshlab esa asosiy qarz summasi hamda foizlar qarz oluvchi tomonidan to‘lanishi kerak.
Bilamizki, fuqarolik munosabatlaridan kelib chiqadigan javobgarlik uchun asos sifatida ayb mavjud bo‘lishi kerak. FKning 333-moddasiga asosan, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarzdor aybi bo‘lgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun javob beradi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan hamma choralarni ko‘rganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi.
Agar qarz oluvchi qarz va unga hisoblangan foizlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasa yoki lozim darajada bajarmasa bank (qarz beruvchi) quyidagi harakatlarni amalga oshirishi mumkin:

  • qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli (FKning 736-modda 2-qismi);

  • qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda shartnomada belgilangan foizlar to‘langan bo‘lishidan qat’i nazar, qarz qaytarib berilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan FKning 327-moddasida nazarda tutilgan miqdorda foizlar to‘lanishi kerak (FK 736-m. 1-qismi);

  • kredit ta’minoti hisoblangan mol-mulk garovini undirishga qaratishi mumkin;

  • agar garovga taqdim etilgan mol-mulk qiymati kredit summasi va foizlarni qoplashga yetarli bo‘lmasa, undiruvni qarz oluvchining boshqa likvidli mol-mulkiga qaratish;

  • agar qarz oluvchida bankrotlik alomatlari paydo bo‘laganda qarz oluvchini bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan Iqtisodiy sudga murojaat qilish.

Undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratishda FKning 280-moddasi hamda “Garov to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasi talablari asosida amalga oshirilishi kerak. Unga ko‘ra garovga oluvchining (kreditorning) talablari garovga qo‘yilgan ko‘chmas mol-mulk qiymatidan sudning qaroriga muvofiq qondiriladi (Shuningdek: OS va OXS Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-son Qarori).
Shuningdek, garovga oluvchining talabini garovga qo‘yilgan ko‘chmas mol-mulk hisobidan sudga murojaat qilmasdan qondirishga, agar bu garov to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoxud undiruvni garov narsasiga qaratish uchun asoslar vujudga kelganidan keyin garovga oluvchining garovga qo‘yuvchi bilan tuzilgan, notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvi asosida yo‘l qo‘yiladi. Mazkur kelishuv tufayli huquqlari buzilgan shaxsning da’vosiga ko‘ra bunday kelishuv sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Agar garovga qo‘yuvchining garovga oluvchi bilan kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, garovga oluvchining talablari garovga qo‘yilgan ko‘char mol-mulk hisobidan sud qaroriga muvofiq qondiriladi. Agar qonunda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, undiruv garovga oluvchiga topshirilgan garov narsasiga garov to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan tartibda qaratilishi mumkin.
Undiruv garov narsasiga quyidagi hollarda faqat sudning qaroriga muvofiq qaratilishi mumkin:
1) garov to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun boshqa shaxs yoki organning roziligi yoxud ruxsati talab qilinganida;
2) garov narsasi jamiyat uchun tarixiy, badiiy yoki o‘zga madaniy ahamiyatga ega mol-mulk bo‘lsa;
3) garovga qo‘yuvchi yo‘qolgan bo‘lsa va uning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmasa.
Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasining 1-qismiga muvofiq ipotekaga oluvchi undiruvni ipoteka narsasiga qaratish uchun asoslar vujudga kelganidan keyin o‘z talablarini sud tartibida, shuningdek suddan tashqari tartibda, agar bu ipoteka to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoxud ipotekaga qo‘yuvchining ipotekaga oluvchi bilan tuzilgan va notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvi asosida qanoatlantirishga haqli.
FKning 281-moddasi 8-qismiga ko‘ra, agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplashga yetarli bo‘lmasa, u qonunda yoki shartnomada boshqacha ko‘rsatma bo‘lmaganida, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.
Banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish Tartibi”ga (VM 04.12.2002 y. 422-sonli Qarori) asosan qarzdorning pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, bank kredit bo‘yicha qarzdorlikni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan va notarial tasdiqlangan yozma bitim asosida qarzdorning likvidli mol-mulki hisobiga, yoxud undiruvni sud tartibida qarzdorning likvidli mol-mulkiga qaratish yo‘li bilan qaytarishga haqlidir.
Shuningdek, tijorat banklari auksion savdolarida bankrot korxonalarni sotib olish bilan birga, bank krediti bo‘yicha kreditorlik qarzi tarkibida 70 va undan yuqori foizni tashkil etadigan qarzdorligi bo‘lgan bankrot korxona mol-mulkini tugatish qiymatida bank-kreditor Iqtisodiy sud qarori asosida o‘z mulkiga qabul qilishga haqli (Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish Tartibi O’zR Prezidentinig 19.11.2008 y. F-4010-sonli Farmoyishi).
Yuqorida ta’kidlanganidek, qonunchilikda undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk turlari mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.07.2012 y. PF-4455-son “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan tadbirkorlik subyektlarining tijorat banklari oldidagi tadbirkorlik va boshqa tijorat tavakkalchiligi bilan bog‘liq olingan kredit bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini bajarmasa, bu bank-moliya xodimlarini jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmasligi belgilandi.
Download 156.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2022
ma'muriyatiga murojaat qiling