3-amaliy mashg‘ulot Mavzu


Download 83.63 Kb.
Sana29.05.2020
Hajmi83.63 Kb.
#111734
Bog'liq
Nureddinova Royya 3-amaliy mashg'uloti


3-amaliy mashg‘ulot
Mavzu: Tilning paydo bo‘lishi. Tillarning o‘zaro ta’siri va rivojlanish qonuniyatlari. Substrat va superstat hodisalari.

I bosqich.

1)Tilning paydo bo’lishi masalasi insoniyatni qadimdanoq qiziqtirib keladi. Tilning paydo bo’lishi juda murakkabdir. Bu masala faqat tilshunoslikning emas, boshqa ko’p fanlarning: antropologiya, psixologiya va etnografiya kabi fanlarning ham o’rganish obyektidir. Tilning paydo bo’lishi masalasi – til qachon va qayerda paydo bo’lgan, dastlab nechta til bo’lgan, u yoki bu tillar qanday tuzilishda bo’lgan va shu kabi savollarga hali ilmiy asoslangan mukammal javob topilgan emas. Ba’zi olimlarning fikricha, til taxminan besh yuz ming yillar ilgari paydo bo’lgan. Umuman, tilning qanday sharoitlarda paydo bo’lishi masalasini ilmiy farazlarga asoslanib o’rganish mumkin bo’ladi. Tilshunoslik ilmi bir – biriga yaqin bo’lgan psixologiya, fiziologiya, etnografiya, arxeologiya, tarix va shunga o’xshash fanlarning dalillariga suyanib, tilning kelib chiqishi masalasiga yondashishi mumkin.


2) Тilda narsa nomi bilan narsa orasida hech qanday bog’lanish yo’q, bu nomlar mazkur tilda gaplashuvchi odamlar tomonidan yaratilgan, ya’ni, til inson tomonidan yaratilgan, degan fikrni ilgari surishgan bir guruh olimlar tarixda anomalistlar deb nom olgan.
3) “Narsa bilan uning nomi orasida muayyan bog’lanish bor. Bu bog’lanish narsalarning xususiyatlaridan, tabiatidan kelib chiqqan va bu bog’lanish ilohiy kuch tomonidan o’rnatilgan” degan fikrni ilgari surishgan bu oqimga tarixda anologistlar deb nom olgan.
4) Hozirgi til tarixi fani dunyoda umuman tilning qanday paydo bo’lganligi to’g’risidagi hech qanday dalillarga ega emas. Chunki hozir bizga ma’lum tillarning yozuv tarixi 10-15 ming yildan oshmaydi.

Tilning butun imkoniyatlari nutqda ifodasini topadi. Nutqning og‘zaki va yozma shakli bo‘lib, yozma nutq yozuv orqali namoyon bo‘ladi. Yozuv ma’lum bir tarixiy jarayon mobaynida aloqa-munosabatning muhim vositasi bo‘lib shakllanadi. Yozuvning tarixiy ahamiyati quyidagilarda aks etgan:

1. Yozuv ma’lum tarixiy jarayon natijasida shaklanadi va kishilar orasidagi bavosita aloqa-munosabat vositasi sifatida ijtimoiy manfaatlar uchun xizmat qiladi.

2. Kishilik jamiyati erishgan barcha ma’naviy yutuqlar yozuv orqali avloddan avlodga yetkaziladi.

3. Yozuv uchun masofa va vaqt ahamiyatsizdir.

4. Yozuvning xabar yetkazish imkoniyati tufayli turli masofadagi axborotlar umumiy ma’lumotga aylanadi.

5. Yozuv kishilik jamiyati taraqqiyotining muayyan bosqichlarini, xalq tarixi, etnografiyasini adabiyot va san’at tarixini, tilning tarixiy taraqqiyot bosqichlarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yozuvsiz tilning va xalqning tadrijiy taraqqiyotini o‘rganib bo‘lmaydi. Dunyodagi aksariyat tillar o‘z yozuviga ega. Yozuvning hozirgi ko‘rinishlari dastlabki shakllarning takomillashib borishi natijasida paydo bo‘ldi. Tadqiqotlardan ma’lumki, yozuvning dastlabki ko‘rinishlari ramziy ifodalar tarzida yuzaga kelgan. Fanda piktografik, logografik, ieroglifik, fonografik kabi yozuv turlari bor.

Piktografik yozuv. Voqea-hodisalar haqidagi tafakkur ma’lumotlari jonli va jonsiz vositalar orqali ifodalangan yozuv piktografik yozuv hisoblanadi. Bu atama “chizilgan” va “yozaman” degan ma’nolardagi so‘zlardan tuzilgan. Yozuvning bu turi ma’lumotlarning dastlabki qaydlarini yetkaza oladi va mavhum tushunchalarni ifodalash imkoniyatiga ega emas. Insoniyat bundan besh ming yil avval ixtiro qilgan yozuv jamiyatning rivojlanishi, unung tarixi, madaniyati, urf-odati va umumanjahon sivilizatsiyasidan darak beruvchi eng nodir kashfiyotdir. Tilshunoslikning yozuvni o‘rganuvchi sohasi "grammatalogiya" (grekcha -grammat - to‘g‘ri yozaman, logos - fan) deyiladi. Eramizdan taxminan 120 asr oldin turli rasmlar, skulptura va grafikaga tegishli belgilar shartli ravishda narsalar, tushunchalar va biror jumlani ifodalash uchun qo‘llangan va bu piktografik (loticha pictum - rasm, pingo- chizaman) yozuvning hosil bo‘lishiga asos bo‘lgan. Turli chizma grafik vositalar yordamida axborot yetkazib berish bundan bir necha yuz yil avval ham keng qo‘llangan.

Piktogrammalar o‘zlarining axborot berish vazifasini to‘la bajarmay, ba'zi g‘oyalarni ifodalasa, ular ideogrammalar deyiladi (grekcha idea - g‘oya) va ularni biriktirish vositasida biror axborot berish mumkin bo‘ladi. Xitoy yozuvidagi bir necha yuzta ideogrammalar aslida narsalarni ifodalovchi rasmlardan kelib chiqqan. Bunday ideografik yozuvga shumer (keyinchalik akkad) yozuvi (eramizdan avvalgi IV—I asrlar), elam yozuvi (eramizdan avvalgi XXIII—IV asrlar), misr yozuvi (eramizdan avvalgi XXX—V asrlar), xet yozuvi (asrimizdan avval XV-XII asr), maya yozuvi (IV-XVI asrlar) va atstek yozuvi (XVI asrgacha) ham kiradi.

Piktrogramma va ideogramma O‘rta yer dengizining janubiy-sharqiy qirg‘og‘ida va Fors ko‘rfazi hududlarida qo‘llanmay qoldi va ular o‘rniga aniq so‘zlarni ifodalovchi belgilar - logo grammalar (grekcha logos - so‘z, nutq) kashf etildi. Bu yozuv grafik vositalar yordamida so‘zlarning ma'nolarini ifodalagan. Qadimiy shumer piktrogrammalari va ideogrammalarining rivojlanishi natijasida mixsimon logogrammalar hosil bo‘lgan. Davrlar o‘tishi bilan ba'zi grafik belgilar so‘zlarning ma'nosini emas, balki ularning ma'nosiz qismlarini, ya'ni bo‘g‘inlarni ham ifoda qilgan. Mixsimon yozuvni shumerlardan Mesopotamiyaga kelgan akkadlar, ya'ni vavilonlilar va ossiriylarning vorislari qo‘llaganlar. Tovush elementlarining grafik belgilari (ularni fonogrammalar deyiladi - grekcha fon — tovush, nutq) ossiriy- vavilon mixsimon yozuvida qo‘llaniladi va uni sillabogrammalar (grekcha syllabal — bo‘g‘in) deb ataladi. Fonografik va sillabo-grafik yozuvlarda qo‘llangan grafemalar unli va undosh tovushlarni ham ifodalagan. Bu keyincha (grekcha konsonant "undosh") yozuvining paydo bo‘lishiga olib keladi. Konsonant yozuvning rivojlanishi natijasida grek yozuvi va undan keyin lotin (Rim) yozuvi paydo bo‘ldi. Grek va lotin yozuvlari Bolqon va O‘rta yer dengizi bo‘yidagi xalqlarga tarqaldi va eramizdan avvalgi II asrdan boshlab xristian dini tarqalishi natijasida IV asrda gotlar (sharqiy germanlar), VI-V asrlarda efioplar, armanilar va gruzinlarga yetib keldi. Qadimiy Vizantiya davlatidagi Saloniki shahrida yashovchi aka-uka Konstantin Kiril va Mefodiy grek yozuvi asosida slavyan yozuvini (863— 869-yillar) kashf etdilar. Bundan yuz yil keyin slavyan xristian madaniyati yozuvi Rossiyaga tarqaldi. Hozirgi rus tilida qo‘llanayotgan kirillitsa yozuvi aslida o‘sha aka-uka Kiril va Mefodiylar taklif etgan alifboning qayta ishlangan nusxasidir. Shunday qilib, yozuvlarni asosan ikki turga bo‘lish mumkin: 1) ideografik (piktogramma, logogramma, sillabogramma) va 2) fonetik (grek, lotin, kirillitsa va h.k.) yozuvlar. Bu fonetik yozuvlar tarixiga nazar solsak, finiikiy (eramizdan avvalgi XX asrdan boshlab Suriya va Falastinda tarqalgan), oramiy (Yaqin Sharqda eramizdan oldin VIII asr) va undan kelib chiqqan qadimgi hind yozuvlari brahma (eramizdan avval III asr) va devanagari (eramizdan avvalgi VII asrdan boshlab) yozuvlari mavjud. Devanagari yozuvi qadimiy sanskrit tilida qo‘llangan va keyincha boshqa hindiy tillarida, jumladan, hindi, marathi, nepali, gondi, munda tillarida ishlatilgan. Hind alifbosi boshqa mamlakatlardagi tibet, kxmer, mon, birma, tai, loas, yaran va h.k. tillarda qo‘llanadi.


II bosqich.
2) Тillarning shakllanishi va rivojlanishi


Ovozga taqlid nazariyasi

kishilarning o`z atrofidagi predmetlarning chiqargan ovoziga taqlid qilishi natijasida dastlabki so`zlar, predmetlarning nomlari paydo bo`lgan, deb hisoblaydi

Undovlar nazariyasi

tilning paydo bo`lishi masalasini talqin qiluvchi nazariyalardan biri bo`lib, bu nazariya tarafdorlari tildagi barcha so’zlar kishilarning ichki tuyg`ulari, qahr-g’azablari, his-hayajonlari, ixtiyorsiz baqirishlari natijasida paydo bo’lgan, deb da’vo qiladilar. Bu nazariya ham qadimiy bo`lib, uning asosida ham hayvonlarning baqiriq-chaqiriqlari yotadi. Mazkur nazariya asoschilarining fikricha, ibtidoiy odamlar hayvonlarning baqiriq chaqiriqlarini o’rganib, ular orqali o’zlarining ichki kechinmalari, g’am-alamlarini ifodalashgan: oh, uh, joy, ing kabi so’zlar bunga misol qilibko’rsatiladi

Mehnat hayqiriqlari nazariyasi

tarafdorlari tildagi barcha so’zlar ibtidoiy kishilarning birgalashib mehnat qilish jarayonida mehnat qilishga undaydigan ixtiyorsiz qiyqirishlar natijasida paydo bo’lgan, deb da’vo qiladilar

Ijtimoiy kelishuv nazariyasi

Bu nazariya XIX asrning ikkinchi yarmida

paydo bo’lib, uniilgari suruvchi olimlar ba’zida bir-biriga zid xulosalarga kelishgan, ularning tilning kelib chiqishi to’g’risidagi asosiy fikrlari bir xil



1) “Mehnat hayqiriqlari” nazariyasi


3) “Dunyoda millatning  borligini bildiradigan oynai hayoti bu uning tili va adabiyotidadir”

 Ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o’z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta’min etadi. Har bir millatning o’z Vatani, oilasi bo’lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo’ladi. Inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo’lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo’ladi. Hattoki, go’dak ham o’z vatanini, ota-onasini, dunyoni o’z ona tili orqali anglaydi va atay boshlaydi. Farzand tarbiyasida onaning o’rni beqiyos bo’lganidek, insonning hayotda o’z o’rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o’rni ulkan ahamiyatga ega. Shu bois tilni, onaga qiyoslab ona tili deb ataydilar. Til inson vujudida qon-qoniga singib oqadi. Jamiki, ezgu fazilatlar, avvalo, ona allasi va ona tilining bebaho jozibasi orqali singadi. Inson qalbida ona tiliga nisbatan sof tuyg’u, mehr-muhabbat alanga oladi. Turk dunyosining buyuk marifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali aytganidek:  “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”.

1989-yil 21-oktabrda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o’zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo’yildi. O’zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so’ng barcha davlat hujjatlari o’zbek tilida yuritiladi, gazeta va jurnallar o’zbek tilida chop etila boshlandi. 1993-yil 2-sentabrda “Lotin tiliga asoslangan o’zbek alifbosini tuzish tog’risida”gi qonun qabul qilingandan so’ng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib o’rin egallash muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Shu sababli chet ellerda ham o’zbek tiliga qiziquvchilar, uni o’rganuvchilar soni ortib bordi. Dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo’lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o’zbek tilining  borligi uning naqadar sof, mukammal, purma’no va jozibadorligidan darak beradi. Rossiyalik tilshunos olima, professor A. M. Kozlyanina “O’zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador” deb bejiz ta’kidlamagan. Shunday ekan ona tilimizning shundayin go’zalligini, sofligini keying avlodlarga yetkazish bizning vazifamizdir. Negaki, ona tilni ulug’lash, asrab avaylash o’sha tilda so’zlashadigan har bir insonning burchidir.

Til – millatning ma'naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi. XXI asr o‘rtalariga borib, Xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250taning ichida ekani quvonarli, albatta.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi. Til – millat ko‘zgusi, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Ulug‘ shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanmoqda.

4) “So‘z durrining tafovuti mundin dog‘i beg‘oyatroq va martabasi mundin ham benihoyatroqdur. Andoqki, sharafidin o‘lgan badang‘a ruhi pok yetar, kasifidin hayotliq tang‘a zahri halok xosiyati zuhur etar.



So‘z gavharedurki, rutbasining
Sharhidadur ahli nutq ojiz.
Andinki erur xasis muhlik,
Ko‘rguzguchidur Masih mo‘jiz.

Ma’nosi: “So‘z shunday gavhardirki, martabasini aniqlashdan nutq egalari ojizdir: martabasi – yomon so‘zning halok qiluvchiligidan tortib, yaxshi so‘z bilan Isoning mo‘jiza ko‘rsatishiga (odam tiriltirishiga) qadar boradi”.

Hazrat Alisher Navoiy bu misralari bilan - nutq odobi, so‘zga sohiblik, so‘zning orqa-o‘ngini va uning nutqdagi hamda muloqotdagi o‘z o‘rnini bilish kabi fazilatlarni inson axloqining tamallaridan biri deb hisoblagan, buni jamiyatga anglatish borasida ham amaliy, ham nazariy fikrlarni ilgari surgan.

Ma’lumki, til tilsimining qudratini teran tasavvur etish va bu qudratni tugal ishga solish uchun muntazam mahorat va malaka talab qiladigan narsa tilning o‘z mohiyatida mavjud. Til mohiyatan bitmas-tuganmas, unda cheksiz-chegarasiz ifoda imkoniyatlari mujassam. Alisher Navoiy betakror iste’dodi bilan bu qudratni o‘ziga buysundira olgan alloma sifatida ayni imkoniyatlarni ichdan ko‘ra va ko‘rsata bilgan. Shu bois u tildagi mavjud ifoda imkoniyatlaridan nutq vaziyati va maqsadiga eng muvofig‘ini tanlash oson emasligini, so‘zlovchi bu borada mahoratini oshirishga har vaqt e’tibor bilan qarash shartligini ta’kidlagan.

5) Sharq tilshunosligida tilning paydo bo‘lishiga oid mulohazalar bildirilgan. Jumladan, Alisher Navoiyning "Muhokamat ul-lug‘atayn" asari muqaddimasida o‘sha davr dunyoqarashiga mos bo‘lgan tilning paydo bo‘lishiga doir qarashlar bayon qilingan. Alisher Navoiy tilning paydo bo‘lishini Nuh alayhissalom avlodlariga bog‘laydi: "Mundin so‘ngra uch nav tildurkim, asil va mo‘tabardur va ul tillar iborati gavhari bila koyilining (aytuvchi, so‘zlovchi) ajoyib zevar va har qaysining furuyi (shox, daraxtning shoxi) bag‘oyat ko‘ptur. Ammo turkiy va forsiy va hindiy asl tillarning manshaidurki (bir narsaning chiqib kelgan manbayi, kelib chiqish joyi, boshlanishi), Nuh payg‘ambarning uch og‘ligtakim, Yofas va Som va Homdur, etishu. Va bu mujmal tafsili budurki, Nuh toyon Jashviridin (to‘lqin, falokat) najot va aning mahlakasidin (xavf - xatar joyi va vaqti, halokat, xavf - xatar) hayot topti, olam ma’murasida bashar jinsidin osor va inson navidin namudor qolmaydur erdi. Yofasniki, tavorix ahli Abu - 1 - turk bitirlar, Xito mulkiga yibordi va Somniki, Abu - 1 - furs bitirlar, Eron va Turon mamolikining vasatida (o‘rta, o‘rtaliq) voliy (hokim, hukumdor, podshoh qildi va Homniki, Abu -1 -hind depturiar, Hindiston bilodiq (shaharlar, mamlakatlar) uzatti. Va bu uch payg‘ambarzoda avlod va atbol (tobelar, fuqarolar, qaramlar, izdoshlar) mazkur bolg‘an mamolikda yoyildilar va qalin bo‘ldilar. Va Yofas o‘g‘loniki, Abu -1 - turkdur, tank ahli ittifoqi (bir fikrga kelish, hammasi degan ma’noda depturlarki, nubuvvat (payg‘ambarlik) toji bila sarafroz va risolat (payg‘ambarlik, rasullik) mansabi bila qarindoshlaridin mumtoz (saralangan, ajratilgan bo‘ldi. Va uch tilki, turkiy va forsiy va hindiy bo‘lg‘ay. Bu uchovning avlod va atbol orasida shoe bo‘ldi. (“Muhokamat ul – lug‘atayn"dan).

6) 1999-yilda yer yuzi aholisi 6 mlrdga yetdi. Mana shu aholi 2976 xil tilda gaplashadi. Ayrim darslik va qo’llanmalarda tillarning miqdori 3000 dan ortiq deb ko’rsatiladi.Shundan 200 tilning har birida 1 mln.dan ortiq , 70 tilning har birida 5 mln. dan ziyod, faqat 13 tilning har birida 50 mln.dan ortiq kishi so’zlaydi.Qolganlarining har birida esa 1 mln.dan oz kishi gaplashadi. Kavkaz tog’larida joylashgan Dog’istonda 1 mln.dan ortiq aholi bo’lib, ular 40 ga yaqin tilda so’zlashadi. Dunyodagi tillar kelib chiqishi, lug’aviy va grammatik jihatdan yaqinligiga qarab bir necha til oilalariga bo’linadi.Yer yuzida 20 ga yaqin til oilasi bor.

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida» gi qonunining 1-bandida: «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir» deb yozilgan. O‘zbek milliy tili qadimgi turkiy tilning bir tarmog‘i, tarkibiy qismidir. Uning tarkibida uch: qarluq, qipchoq, o‘g‘uz lahjalari bor. Hozirgi o‘zbek adabiy tili milliy tilning sayqallashtirilgan, ishlangan, muayyan qolipga solingan shakli. Dunyo tillarining genealogik tasnifi bo‘yicha turkiy tillarning qaysi tillar oilasiga mansubligi haqida uch xil ilmiy qarash bor:

1. Bir guruh olimlar (V.Shott, V.Tomsen va boshqalar) turkiy tillarni Ural-oltoy tillari oilasiga mansub deb hisoblaydilar. Shuningdek, bu oilaga tungus-manjur, yapon, koreys, fin-ugor tillarini ham qo‘shadilar.

2. Bir guruh olimlar (R.Ramsted, Ye.D.Polivanov va boshqalar) turkiy tillarni Oltoy tillari oilasiga mansub deb hisoblaydilar. Fin-ugor tillarini esa ajratadilar.

3. Boshqa guruh olimlar (V.V. Radlov, F.E. Korsh, N.A. Baskakov va boshqalar) esa mazkur tillarni Turkiy tillar oilasi deb ajratadilar.

O’zbek tili oltoy tillar oilasining turkiy tillar turkumiga kiradi. Dunyoda 24 xil turkiy til bor: o’zbek, turkman, boshqird, ozarbayjon, qozoq, qirg’iz, turk, uyg’ur, qoraqalpoq, tatar, chivash, yoqut, qorachoy, balqar, tuva, oltoy turklari, xakas, gagauz, shor, qoraim, no’g’oy, oyrot, karagas.

O’zbek adabiy tili tarixi quyidagi davrlarni o’z ichiga oladi:

1. Qadimgi turkiy adabiy til (X – XII asrlar). O’rxun-Enasoy yodgorliklari (VI – VII asrlar), Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit – turk ” (“Turk tillari devoni”), Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” (“Saodatga yo’llovchi bilim” asarlari shu tilda yaratilgan.

2. Eski o’zbek adabiy tili (XIII – XIX asrning ikkinchi yarmigacha). Xorazmiyning “Muhabbatnoma” , Rabg’uziyning “Qissasi Rabg’uziy”, Atoiy, Sakkokiy, Sayfi Saroyi, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab,Turdi, Maxmur, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqa ko’pab ijodkorlarning asarlari shu tilde yaratilgan.



3. Hozirgi o’zbek adabiy tili (XIX asrning ikkinchi yarmidan hozirgi davrgacha). “Turkiston viloyati gazeti” nashr qilina boshlangan vaqtdan (1870 yil) e’tiboran to hozirgi kungacha yaratilgan barcha asarlar hozirgi o’zbek tilining namunalari hisoblanadi.

O’zbek tili XI asrdan boshlab mustaqil til sifatida shakllana boshladi va XIII asrda eski o’zbek adabiy tili shakllanib bo’ldi. 1989 yil 21 oktyabrida o’zbek tili O’zbekiston Respublikasining davlat tili ekanligi haqida qonun qabul qilindi. Shundan keyin tilimizning yangi taraqqiyot bosqichi boshlandi.
Download 83.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling