3-mavzu. IX-XII asrlarda o‘zbek davlatchiligi: siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayot. Ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo’shgan hissasi. (2 soat) Reja


Download 71.7 Kb.
bet1/5
Sana13.06.2020
Hajmi71.7 Kb.
#118568
  1   2   3   4   5
Bog'liq
3-4 мавзулар


3-mavzu. IX-XII asrlarda o‘zbek davlatchiligi: siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayot. Ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo’shgan hissasi. (2 soat)

Reja:

  1. Tohiriylar va Somoniylar davrida Movarounnahr.

  2. Somoniylar va Qoraxoniylar o‘rtasidagi kurash.

  3. G‘aznaviylar va Saljuqiylar.

  4. Xorazmshohlar davrida o‘zbek davlatchiligi.

  5. O‘rta Osiyo xalqlari hayotida IX-XII asrlarda yuz bergan uyg‘onish (renessans) davri.

  6. Ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi. Tabiiy va ijtimoiy fanlar ravnaqi. Al-Xorazmiy, Al-Farg‘oniy, Forobiy, Narshahiy, Ibn Sino, Beruniy, Rudakiy, Mahmud Qoshg‘ariy, YUsuf Xos Hojib va boshqalar.

  7. Islom dinining davlat tayanchiga aylanishi. So‘fiylik tariqatlari. YUsuf Hamadoniy, G‘ijduvoniy, Ahmad YAssaviy, Najmiddin Kubro, Bahovuddin Naqshband.

Tayanch so‘z va iboralar: Movaraunnahr,Tohiriy, Somoniy, Qoraxoniy, G‘aznaviy, Saljuqiy, Xorazmshohlar.
Tohiriylar va Somoniylar davrida Movarounnahr

IX asrga kelib O‘rta Osiyo, xususan Movaraunnahrda arab xalifaligiga qarshi olib borilgan kurashlar natijasida mahalliy sulola vakillarining mustaqillikka bo‘lgan intilishlari kuchayib ketdi. CHunonchi, xalifalikning ichki hududlarida ham ziddiyatlar keskinlashib borayotgan edi. Xalifa Xorun ar-Rashid vafotidan keyin uning o‘g‘illari Ma’mun va Amin o‘rtasida o‘zaro kurash boshlanib ketdi. Mahalliy sulola vakillari bu kurashlarga aralasha boshladilar.

Hirot viloyatining Bushang shahridan bo‘lgan Tohir ibn Husayn o‘z nomidagi sulolaga asos soldi. Bu davrda Xorun ar-Rashidning kichik o‘g‘li Ma’mun (asli ismi Abdulla bo‘lgan) Xurosonning noibi edi. Amin va Ma’mun o‘rtasida hokimiyat uchun bo‘lgan kurashda Tohir ibn Husayn Ma’mun tomonidan turib Aminga qarshi kurashdi. Ayrim manbalarning guvohlik berishicha, 813 yilda Ma’mun xalifalik markazi Bog‘dodni egallaydi hamda bir necha yil mobaynida Tohir ibn Husayn xalifa saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qiladi. 821 yilda esa Tohir ibn-Husayn Xurosonga noib yetib tayinlanadi (o‘sha davrda Movaraunnahr ham Xuroson tarkibiga kirar edi). Tohir ibn Husayn Nishopur shahrini o‘zining qarorgohi yetib tanladi. U o‘zi noiblik qilayotgan viloyatlarni xalifalikdan mustaqil boshqarishni orzu qilar edi. Natijada Tohir xalifalikdan mustaqil siyosat yurgizishga harakat qildi. Noiblikka o‘tirgandan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay Tohir xutba nomozidan xalifaning nomini chiqarib tashlaydi. Bu esa uning xalifa Ma’munga qarshi ochiqdan ochiq isyoni belgisi edi.

Ba’zi manbalarda qayd etilishicha, 822 yilda Tohir ibn Husayn Ma’mun odamlari tomonidan o‘ldirildi. Uning o‘rniga Talxa ibn Tohir (822-830 y.) noib yetib tayinlandi. Buning sababi shunda ediki, xalifalik aynan mahalliy hukmdorlarning kuchidan arablarga qarshi qo‘zg‘olonlarni bostirishda foydalanar edi. Xuroson noibining muhim vazifalaridan biri esa o‘ziga qarashli hududlarda viloyat hokimlarini saylash bo‘lgan. Xususan, Tohir dastlabki somoniylar vakillarini Samarqand, Ustrishona, Farg‘ona va SHoshga hokim qilib tayinlagan.

Talxadan keyin taxtga o‘tirgan Abdulloh ibn Tohir o‘zigacha bo‘lgan noiblar siyosatini davom ettirdi. Bu davrda Xuroson noibligiga Movarounnahr, Xorazm, Seyiston, Ko‘histon, Tabariston va Jurjon hududlari kirgan. Har bir viloyat bir necha ma’muriy birliklarga bo‘lingan. Bu birliklar katta va kichik tumanlardan iborat bo‘lgan. Abdulloh o‘z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida ayrim harbiy islohotlar o‘tkazgan edi. Bundan tashqari Tohiriylar yuritgan siyosatning xususiyatlaridan yana biri, ularning islomlashtirish siyosati edi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Tohiriylar davrida O‘rta Osiyoning barcha hududlarida islom dini tarqaladi.

Tohiriylar davlat boshqaruvida turli toifa va qatlamlar mavjud edi. SHunga alohida e’tibor berish kerakki, Tohiriylar qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida yer-suv masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. SHu soha bilan shug‘ullanuvchi qonunshunoslar «Kitob alkuniy» nomli qonunlar to‘plamini tuzdilar. Bu to‘plam yerdan unumli foydalanish va sug‘orish tizimi masalalariga qaratilgan edi.

IX asrning 60-70-yillaridan e’tiboran tohiriy hukmdorlarga qarshi xalq harakatlari kuchaydi. Bu harakatga G‘oziylar boshchilik qildilar. («G‘oziylar» asosan ko‘chmanchi qabilalar hujumini bartaraf qilish maqsadida kambag‘al hunarmandlar va yersiz ziroatchilardan tashkil topgan qurolli qo‘shin). G‘oziylar harakatini aka-uka YOqub va Amir binni Lays boshqardilar. Ular dastlab Seyistonda hokimiyatni qo‘lga olgach, 873 yilda tohiriylarning qo‘shinlariga katta zarba berib, Xuroson poytaxti Nishopurni egalladilar. SHu davrdan e’tiboran tohiriylar sulolasi barham topdi va Xurosonda hokimiyat Safforiylar (misgarlar, YOqub va Amir asli hunarmand-misgar-»saffor» edilar.) qo‘liga o‘tib ketdi. Rasmiy jihatdan Xuroson va Movaraunnahr ustidan hukmronlik qilib turgan tohiriylar sulolasining inqirozga uchraganligi Movaraunnahrdagi mahalliy hokimlarning o‘lkani to‘la mustaqilligini ta’minlash sari harakatlari uchun qulay imkoniyatlar yaratib berdi. Endi bu davrda somoniylar siyosiy maydondagi kurashda erkin harakat qila boshladilar va ular Movaraunnahrda markazlashgan bir butun davlat barpo qilishga kirishdilar. Birlashtirish g‘oyasini shaharliklar ham, dehqonlar ham qo‘llab quvvatladilar. CHunki birlashgan va markazlashgan yagona va qudratli davlatgina ko‘chmanchi qabilalarning hujumini daf qila olishi mumkinligini ular yaxshi bilar edilar. Markazlashgan yagona hamda qudratli davlat kuchli harbiy kuch yaratish imkoniyatini berardi.

Somoniylar davlatiga Somon qishlog‘i (Balx yaqinida, ba’zi manbalarda esa, Termiz yaqinida) oqsoqoli Somonxudotning avlodlari asos solgan. Xalifa Ma’munga bo‘lgan sadoqatlari evaziga 819-820 yillarda Somonxudotning nabiralari Nuh Samarqandga, Ahmad Farg‘onaga, YAhyo CHoch va Ustrushonaga, Ilyos Hirotga hokim yetib tayinlandilar.

839-840 yillarda Nuh ibn Asad Isfijob viloyatini bosib oldi va uni mustahkamladi. U So‘g‘dning bir qismi va Farg‘onaga hokim bo‘lib oldi. Lekin somoniylar davlatini bunyod etishda Ahmadning hissasi ko‘proq bo‘ldi. Uning Nasr, YA’qub, YAhyo, Asad, Ismoil, Ishoq va Homid ismli o‘g‘illari bor edi. Nuh ibn Asad 842 yili vafot etgach, Samarqandni ukalari Ahmad va YAhyo boshqardi; keyin hokimlik Nasr (865-892) qo‘liga o‘tdi. 859 yilda YAhyo ibn Asad vafot etgach, CHoch va Ustrushona Ahmadning ikkinchi o‘g‘li Ya’qubga nasib etdi. Keyin tashabbus Ismoil ibn Ahmad qo‘liga o‘tdi. Buxoroda tohiriylar mavqei sust edi. 874 yilda Husayn ibn Tohir Xorazm shaharlarini talayotgan bir paytda Buxoro zodagonlari iltimosi bilan Nasr Buxoroga Ismoil ibn Ahmad (849-892)ni hokim qilib jo‘natadi.

Nasr Movaraunnahrda markazlashgan davlat tuzishga kirishdi. Xalq bu ishda unga xayrxoh edi. 875 yilda u Shovga (Turkiston yaqinida)ni qo‘lga kiritdi. Xalifa Mu’tamiddan Movaraunnahrni boshqarish uchun yorliq olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu paytda Buxoroda kuchayib ketgan Ismoil akasiga tobe’ bo‘lishni istamadi. 888 yili ikki o‘rtadagi jangda Nasr engildi. 892 yilda Nasr vafot etgach, Ismoil Movaraunnahrning yagona hukmdori bo‘lib qoldi (892-907). 893 yilda u Tarozni, so‘ng Ustrushonani qo‘lga kiritdi.

Mustahkamlanib borayotgan Somoniylar davlatini zaiflashtirish maqsadida Arab xalifasi 898 yilda Movarounnahr hokimligidan Ismoilni tushirib uning o‘rniga safforiylar sulolasidan Amr ibn Laysni hokim yetib tayinlash haqida yorliq jo‘natadi. Ismoil 899 va 900 yillardagi harbiy to‘qnashuvlarda Amr ibn Lays boshliq safforiylar qo‘shinlarini tor-mor keltirdi. Xalifa Ismoil ibn Ahmadni hokim sifatida tan olishga majbur bo‘ldi.

SHunday qilib, Xorazm, Isfijob, CHag‘oniyon va Xuttalondan tashqari (ularning hokimlari somoniylarga tobe’ edilar), ulkan hudud (Movarounnahr va Xuroson) somoniylar tomonidan bo‘ysundirilgan edi. Ular bu yerda 100 yilcha hukmronlik qildilar. 992 yili Qoraxoniylar xoni Bug‘roxon Buxoroni egalladi. Xurosonda Abu Ali Simjuriy va Balxda Foyiq amirga qarshi isyon ko‘tardi. Nuh II yordam so‘rab G‘azna hokimi Sabukteginga murojaat etadi. Sabuktegin 20000 nafarli qo‘shin bilan kelib, Simjo‘riy va Foyiq kuchlarini tor-mor keltiradi. Sabuktegin bu xizmati uchun xalifadan «Nasir-ud-din va ad-davla» (dinu davlat homiysi), uning o‘g‘li Mansur esa «Sayf-ud-davla (davlat shamshiri)» laqabini oladi.

997 yili Nuh II ham, Sabuktegin ham vafot etadi. Nuh II ning o‘g‘li Mansur ibn Nuh (997-999)ga qarshi Nishopur hokimlari Bektuzin va Foyiq isyon ko‘tardilar. Amirning Mansurga e’tiqodi zo‘rligini nazarda tutib, isyonchilar amirning ko‘ziga mil tortadilar. Mansur ibn Nuh vafotidan so‘ng uning ukasi Abdulmalik II ibn Nuh Buxoro taxtiga o‘ltirdi. Mahmud intiqom bahonasida Bektuzin va Foyiqqa qarshi qo‘shin tortib butun Xurosonni bosib oldi. Abdulmalik ibn Nuh qo‘lida faqat Movaraunnahr qoldi.

Ko‘p o‘tmay qoraxoniylar xoni Nasr Iloqxon Buxoroni zabt etdi. Amir xonadoni asirga olindi. Somoniylar davlati tugatildi.

Somoniylar Movaraunnahr va Xurosonda mustaqil davlat tuzish uchun avvalambor, kuchli markazlashgan hokimiyat tuzish kerakligini yaxshi tushunishgan. Bu ayniqsa Ismoil Somoniy hukmronligi davrida kunning dolzarb masalasiga aylandi. CHunki Ismoil Somoniy Movaraunnahr va Xurosonni birlashtirishga va yagona markazlashgan davlat tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Endi bu davlatni idora qilish lozim edi. SHuning uchun Ismoil bir qancha islohotlar o‘tkazdi. Mana shunday islohotlardan biri davlatni boshqarish ma’muriyatini joriy qilish bo‘ldi. Bu islohotga binoan davlatni idora qilish saroyi (dargoh) va 10 ta devon (harbiy-fuqaro mahkamalari) tashkil etildi. Ismoil Somoniy davlatning majmuini tashkil etishda Sosoniylar Eron va Arab xalifaligida qabul qilingan tajribalardan foydalandi va uni zamon talabiga qarab mukammallashtirdi.

Hokimiyatning eng yuqori pog‘onasida somoniylar turib, ular amir unvoni bilan davlatni idora qilganlar. Davlat majmuini mustahkamlashda, Nasr II Somoniyning ma’rifatli vazirlari Abuabdullo Muhammad Jayhoniy va Abufazl Muhammad Balamiylarning xizmatlar katta bo‘lgan. Umuman, Somoniylar hukmdorligi davrida vazirlik mansabiga asosan shu ikki sulola vakillari tayinlangan. Davlat majmuini dargoh va devonlarga bo‘linishi ma’lum darajada rasmiy bo‘lgan. CHunki saroyning nufuzli kishilari ko‘p xollarda devonlarning ishlariga aralashib turganlar. Saroyda siyosiy hokimiyat «Sohibi xoras» qo‘li ostida bo‘lgan. Sohibi Xoras Amirning farmonlari bajarilishini nazorat qilgan. Saroyda SHarbatdorlar, Dasturxonchilar, Tashtadorlar, Otboqarlar, xo‘jalik beklari kabi turli xizmatchilar bo‘lgan. Saroydagi hamma xo‘jalik ishlarini «vakil» boshqargan. Vakil saroydagi e’tiborli kishilardan biri hisoblangan. Narshaxiyning yozishicha, Nasr II Somoniy hukmronligi davrida o‘n devonga Buxoro registonida o‘nta maxsus bino qurilgan.

Devonlar orasida vazir yoki «xo‘ja buzurg» devoni alohida o‘rin tutgan. Bu devonga boshqa hamma devonlar bo‘ysungan. U hamma ma’muriy, siyosiy va xo‘jalik mahkamalarini nazorat qilgan.

Davlatni idora etishda «mustaufiy devon» ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Bu devon davlatning butun moliya ishlarini boshqargan va nazorat qilgan. Devon xazinador tomonidan boshqarilgan.

«Devon Amir-al-mulk» yoki «al-rasayi» davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan rasmiy hujjatlarni tuzish bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari bu devon chet davlatlar bilan bo‘ladigan munosabatlarni ham boshqargan.

«Sohib ash-shurat» devoni davlatning butun harbiy ishlarini, shu jumladan amirning shaxsiy qo‘shinini boshqargan. «Sohib ash-shurat»ning maxsus yordamchisi-Aris bo‘lgan. U mahkama va uning boshlig‘i amir qo‘shini xazinasi bilan shug‘ullangan. Qo‘shimcha bir yilda to‘rt marta maosh to‘lagan. Davlatni idora etishda «sohib al-borid» devonining ahamiyati ham juda katta bo‘lgan. Bu devon davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan hujjatlarni va xabarlarni yetkazish bilan shug‘ullangan. Devonning hamma shahar va viloyatlarda mahalliy mahkamalari bo‘lgan.

«Muxtasiba» devoni bozorlarni, sotuvchilarni, qadoqboshlarning og‘irligi, bozordagi mollarning narxini, sifatini nazorat qilgan.

Davlat xazinasining daromadlarini va xarajatlarini «mushrif» devoni nazorat qilgan. Bundan tashqari «qozi az-ziya» va «vaqf» devonlari bo‘lgan. «Qozi az ziya» devoni davlat yerlarini, «vaqf» devoni hadya etilgan yerlarni va musulmon ruhoniylarining boshqa mol-mulklarini nazorat qilishgan.

Devonlarning aytarli hammasini viloyatlarda boshqarmalari bo‘lgan. Devonlarning viloyatlardagi boshqarmalari bir tomondan o‘z devonlariga, ikkinchi tomondan viloyat hokimiga bo‘ysunishgan. Bundan faqat «Sohib al-borid» devonining amaldorlari mustasno bo‘lgan.

Viloyat va tumanlar amir tomonidan tayinlangan hokimlar tomonidan idora qilingan. Odatda bunday lavozimga mahalliy boy zodagonlar tavsiya etilgan. Somoniylar davlatida musulmon ruhoniylarning ta’siri nihoyatda kuchli bo‘lgan. Ular markaziy hokimiyat ishlarida ham faol ishtirok etganlar. Somoniylar davlatining diniy hayotida hanifiylar mazhabligiga mansub ruhoniylar hamma diniy lavozimlarni o‘z qo‘llariga olishgan. Ruhoniylarning boshlig‘i «ustod», keyinchalik «SHayx ul-islom» deb atalgan. «Ustod» dan so‘ng o‘z lavozimi bo‘yicha ruhoniylar orasida «xatib» turgan. U jome’ masjidlarida juma namozida xutba o‘qish huquqiga ega bo‘lgan. Bu davrda Buxoro SHarqdagi islom olamining eng nufuzli markazlaridan biriga aylanadi. Movarounnahrdagi dastlabki madrasalarning bu yerda barpo etilishi ham bejiz emas.

Yer egaligining quyidagi shakllari mavjud bo‘lgan:

Mulki sultoniy - shaxsan amirga tegishli yer-suv, tegirmon, do‘konlar. Bu mulkni qishloq chorikorlari ijaraga olganlar. YAna yer egaligining toma (umrbod berilgan yer), iqto (merosiy) turlari bo‘lgan.

Xususiy shaxslarga tegishli mulk: hukmdor tabaqa xonadoni, dehqon-zodagonlarga, sayyidlar, sipohsolor, badavlat savdogarlarga tegishli mulklar hisoblangan. SHartli yer egaligi ham bo‘lgan.

Vaqf mulklari: diniy muassasalar va madrasalarga tegishli mulk. Bu mulkni muassasa mutavallisi boshqargan.

Jamoa mulki: yaylov, tog‘ yonbag‘irlaridagi lalmi yerlar.

Xiroj hajmi shariat va davlat qonunlari asosida belgilangan. Somoniylarning birgina Buxoro va Karmana viloyatlari xirojidan tushgan daromadi 116866 dirxamni tashkil qilgan.

Somoniylar davrida yerlar qaytadan taqsim qilindi. Yer egalarining yangi guruhi tashkil topdi. Ularning ko‘pi sipohiylardan chiqqan edi. Masalan, Alpteginning Xurosonda va Movarounnahrda 500 qishlog‘i bo‘lib, biror shahar yo‘q ediki, unda uning qasri yo bog‘i, yoxud karvonsaroyi bo‘lmasa. Uning tasaruffida minglab otlar va chorva mollari bo‘lgan.

Somoniylar davrida qudratli markazlashgan davlatning vujudga kelishi natijasida Movaraunnahr va Xurosonda ma’lum barqarorlik qaror topdi. Bu holat mamlakat iqtisodiy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Movaraunnahr va Xuroson bu vaqtda SHarqning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan o‘lkalaridan hisoblangan. Tarixchilar va geograflar bu borada juda yaxshi ta’riflar yozib qoldirganlar. Ular, bu yerlar juda syerhosil, tabiiy boyliklarga boy, unda ko‘plab qishloq va shaharlar borligini, aholi uchun kerakli hamma narsalar mavjudligini zo‘r ehtiros bilan bitganlar.

Xuroson va ayniqsa, Movaraunnahr dehqonchilik o‘lkalari qatoriga kirgan. Bu yerlarda dehqonchilik asosan sun’iy sug‘orishga asoslangan. Ko‘plab soy va daryolardan chiqarilgan katta-kichik kanallar mavjud bo‘lgan. Buxoro vohasida SHopurkon, SHohrud, Karmana, Poykand, Samarqand vohasida Barj (Darg‘om), Barmsish, Buzmadisoy, Ishtixon kabi kanallar shahar va qishloqlarni suv bilan ta’minlagan. Bundan tashqari bunday kanallar Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va SHoshda ham bo‘lgan. Manbalarga qaraganda SHosh aholisi xalifa Mutasimga (833-842) murojaat qilib vohada suv etishmasligi tufayli kanal qurilishiga yordam so‘ragan. Sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilikdan tashqari lalmikor dehqonchilik ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Dalalarda bug‘doyning turli navlari, arpa, sholi va boshqa boshoqli ekinlar ekilgan. Qishloq xo‘jaligida paxta etishtirishga alohida ahamiyat berilgan. Paxta, ayniqsa, Zarafshon, Qashqadaryo va Marv vohasida ko‘p ekilgan. Bog‘dorchilik ham yaxshi rivojlangan. Bog‘larda olma, shaftoli, nok, behi, anor, anjir, yong‘oq kabi turli mevalar etishtirilgan. Uzum etishtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, Samarqand, Marv, Hirotda etishtirilgan uzumlar juda qadrlangan. Umuman Xuroson va Movaraunnahrning mevalari o‘zining turli navlari va yuqori sifatliligi bilan butun SHarqda dong taratgan. Juda ko‘p quruq mevalar Evropaning turli shaharlariga jo‘natilgan.

Umuman, Somoniylar davrida Xuroson va Movaraunnahr qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlari xususan, dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Somoniylar davrida dehqonchilik bilan bir qatorda hunarmandchilik ham keng sur’atlar bilan tarqalgan. SHahar aholisining ko‘p qismi hunarmandchilikning turli sohalari bilan mashhur bo‘lishgan. Manbalarda qayd qilinishicha, Movaraunnahrda, ayniqsa to‘qimachilik yaxshi taraqqiy qilgan. Bu yerlarda ipak va jundan tayyorlangan turli-tuman gazlamalar o‘zining yuqori sifatliligi, bejirim va nafis naqshlari bilan ajralib turgan. Buxoroning Zandana, Samarqanddagi Vedar va Surxondaryodagi Darzangi to‘qimachilarining mahsulotlari faqatgina Movaraunnahr va Xurosondagina emas, balki Iroq, Eron va Hindistonda ham ma’lum bo‘lgan. Xususan, Narshahiyning yozishicha, Zandanada tayyorlangan gazlamalarga SHarq bozorida ehtiyoj juda katta bo‘lgan. Ibn Xavqal va Muqaddasiyning qayd etishicha, Vedarda tayyorlangan yuqori sifatli gazlamalar aholining yuqori tabaqalari orasida juda qadrlangan. Bu gazlamalardan asosan amirlar, vazirlar, turli amaldorlar, qozilar o‘zlariga liboslar tiktirganlar. Vedar gazlamasi hatto Xuroson parchasi ham deb atalgan. Gazlamalarning turli navlari bundan tashqari Keshda, Nasafda, Dabusiyada va ko‘pgina boshqa shaharlarda ham tayyorlangan.

Kulolchilik ham Somoniylar davrida o‘z taraqqiyotining eng yuqori bosqichlariga ko‘tarilgan. Kulolchilik charxini yanada mukammallanishi natijasida idishlarni bezashda sirlardan foydalanishni kashf etilishi bu borada katta yutuq bo‘ldi. Natijada idishlarni turlari ham, shakllari ham ko‘paydi. Ularning sifati keskin darajada oshdi. Idishlar turli rangdagi sirlar bilan bezatila boshlandi. Manbalarda qayd qilinishicha, ayniqsa, Samarqand, Binket va Marv kulollari tayyorlagan idishlar o‘zining bejirim shakli, yuqori sifati, ajoyib va nafis naqshlari bilan ajralib turgan. Epigrafik naqsh bilan bezatilgan turli-tuman idishlar ayniqsa, diqqatga molikdir. SHu davrga oid shaharlarda olib borilgan arxeologik izlanishlarga qaraganda, kulollar shaharlarda mahalla-mahalla bo‘lib yashaganlar. Mana shunday mahallalar Samarqandda, Marvda, Axsikatda, Termizda ochib o‘rganilgan.

Bu davrda shishasozlik ham keng rivojlangan. O‘rta Osiyo shishasozlari turli shakldagi katta-kichik shisha idishlarni tayyorlaganlar. Idishlar asosan ko‘kimtir va shaffof rangdagi shishalardan tayyorlangan. Ularning ma’lum qismi naqshlar bilan bezatilgan. SHishasozlarning ustaxonalari Niso, Marv, Termiz, Poykant kabi shaharlarda ochib o‘rganilagan. O‘rta Osiyo shishasozlarining mahsulotiga boshqa o‘lkalardan ehtiyoj katta bo‘lgan.

Somoniylar davrida metallurgiya sohasida ham katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan. YOzma manbalar va olib borilgan arxeologik qazish ishlarga qaraganda bu davrda kon sanoati taraqqiyotida katta o‘zgarishlar ro‘y bergan. Bu davrda Badaxshonda kumush, oltin, billur, lojuvard kabi qimmatbaho metall va toshlar qazib olish davom etgan. Ustrushonaning Mink tumanida katta miqdorda temir rudasi, Buttamda oltin, kumush, mis va boshqa metallar, Tuzkon ko‘lida tuz, Farg‘onadagi Nokad degan joydan oltin, kumush, Isfara yaqinida toshko‘mir qazib olingan. Farg‘onada neft ham borligi yozma manbalarda qayd qilingan.

O‘rta Osiyoda somoniylar davrida qog‘oz ishlab chiqarish ham yaxshi rivojlangan. Qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik markaz Samarqand bo‘lib, undagi qog‘ozlarning mahsuloti faqat O’rta Osiyo yoki SHarqda emas, balki Evropada ham mashhur bo‘lgan. Samarqand qog‘ozining olti navi manbalarda qayd qilingan.

YUqorida qayd qilingan hunarmandchilik turlaridan tashqari somoniylar davrida O‘rta Osiyoda toshtaroshlik, zargarlik, duradgorlik kabi sohalar ancha rivoj topgan. Somoniylar davrida kuchli va mustaqil davlatnig paydo bo‘lishi dehqonchilik, hunarmandchilikning rivojlanishi, shaharlarning taraqqiyoti o‘z navbatida ichki va tashqi savdoni yanada uzviylashuviga va taraqqiyotiga olib keldi. Avvalo, shahar va qishloqlar o‘rtasidagi savdo kengaydi. Ikkinchi tomondan shahar va qishloqlarni qo‘shni ko‘chmanchi xalqlar va boshqa davlatlar bilan aloqasi rivojlandi.

Yozma manbalarda qayd qilinishicha, bozorlar katta-kichik shaharlarda va hatto qishloqlarda bo‘lgan. Ayniqsa, karvon yo‘llari bo‘ylab joylashgan, shaharlarda bir nechtadan bozorlar bo‘lgan. Buxoro, Xo‘jand, Nasaf, Kesh, Termiz, Hirot, Marv, Nishopur shaharlaridagi bozorlar katta va juda gavjum bo‘lgan. Istahriyning yozishicha, Samarqandda Movarounnahrning bosh bozorlari joylashgan. Bu yerga hamma yerdan savdogarlar kelgan. Movarounnahrda tayyorlangan mahsulotlarning katta qismi Samarqandga keltirilgan va undan keyin boshqa o‘lkalarga tarqalgan. Ichki va tashqi savdoda ayrim kichik shaharlarning ham o‘rni katta bo‘lgan. Bu borada Poykand shahri muhim ahamiyat kasb etadi. Manbalarda yozishlishicha bu shaharda somoniylardan oldin ham savdogarlar Xorazm, Kaspiy bo‘yidagi o‘lkalar va Xitoy bilan oldi-sotti ishlari olib borishgan. SHahar hokimlari savdogarlar uchun hamma shart-sharoitlarni tug‘dirib berishga harakat qilganlar. SHaharda o‘nlab karvon saroylar mavjud bo‘lgan, ular bozorga yaqin joylarda joylashgan. Savdo rastalari karvonsaroyning o‘zida ham bo‘lgan. Karvon saroylar yo‘llarda ham qurilgan.

Bozorlarda sotiladigan mollar avvalo mahalliy aholining ehtiyojini qondirishga qaratilgan. Hunarmandlar o‘z mollarini sotib oziq-ovqat mollarini xarid qilishgan, o‘z navbatida dehqonlar hunarmandchilik mollarini xarid qilishgan. IX-X asrlarda O‘rta Osiyoning iqtisodiy hayotida savdo-sotiq katta ahamiyatga ega edi. Bu borada ko‘chmanchilar bilan chegaradosh bo‘lgan shaharlarning ahamiyati katta bo‘lgan. Ko‘chmanchilar shaharlarga kelib, dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlarini xarid qilganlar, tyeri va boshqa chorvachilik mahsulotlarini sotganlar.

O‘rta Osiyolik savdogarlar o‘z mollarini arab xalifaligi tarkibiga kirgan davlatlarga, Kavkazga, Xazar va Bulg‘oriyaga, Xitoy va Hindistonga olib borib sotganlar. O‘rta Osiyodan Xitoy bilan O‘rta Yer dengizini birlashtiruvchi va Janubi-SHarqiy Evropaga olib boruvchi karvon yo‘llari o‘tgan. Ayniqsa, O‘rta Yer dengizi bilan bog‘lovchi karvon yo‘li ancha gavjum bo‘lgan. Bu yo‘l Bag‘dod, Hamadon, Nishopur, Marv, Amul, Buxoro, Nasaf, Kesh, Samarqand, Ustrushona, CHoch, Bolasog‘un orqali Xitoyga olib borgan. Xitoyga O‘rta Osiyodan otlar va shisha buyumlar olib borilgan. Xitoydan esa turli-tuman ipak gazlamalar keltirilgan. Xazar, Bulg‘or va Rus yerlariga O‘rta Osiyodan quruq mevalar, turli-tuman gazlamalar, guruch va kumush chiqarilgan. O‘z navbatida janubi-sharqiy Evropadan O‘rta Osiyoga mo‘yna, mis, tyeri, qoramol, qullar keltirilgan. Janubi-sharqiy Evropa bilan bo‘lgan savdo aloqalarida xorazmlik savdogarlarning o‘rni katta bo‘lgan.

Somoniylar va Qoraxoniylar o‘rtasidagi kurash

Qoraxoniylar davlati Ettisuv hududidagi Qarluq (756-940) davlati o‘rnida tashkil topdi. Uning asoschisi Sotuq Bug‘roxon (915-955) hisoblanadi. U 942 yili Bolasog‘un hokimini mag‘lub yetib, o‘rniga o‘zini hoqon deb atadi. Qoraxoniylar davlatiga ikki qabila-yag‘mo va jikil qabilalari birlashdilar. Sotuq zamonida Qoraxoniylar davlati ikkiga bo‘linib ketadi. Birining poytaxti Bolasog‘un bo‘lib, oliy hokimiyat yoshi katta bo‘lgan hoqon tomonidan boshqarilgan; ikkinchi davlatning poytaxti Taroz, keyinchalik Qoshg‘ar bo‘lib, kichik hoqon tomonidan boshqarilgan. Qoraxoniylar Somoniylar davlatidagi milliy nizolardan ustalik bilan foydalandilar. Hasan Bug‘roxonning 992 yili Somoniylarga qarshi yurishi oldidan somoniylar lashkarboshchisi Xuroson hokimi Abu ali Simjuriy u bilan muzokara olib borgan. Somoniylarning boshqa lashkarboshchisi, Balx hokimi Foyiq Raboti Malik yaqinidagi Bug‘roxonga qarshi jangda, har tomonlama ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay taslim bo‘ladi. Iloq hokimi Mansur ibn Ahmad esa, hoqonga tobelik bildirib, uning nomiga pul zarb etadi. Buxorodan Qoshg‘arga ketayotganda Bug‘roxon kasallanib vafot etadi. Bundan foydalangan Nuh ibn Mansur taxtni qayta egallaydi.

996 yili Qoraxoniylar xoni Nasr Buxoroni yana bosib oladi. Somoniylar lashkarboshisi Abul Ibrohim Ismoilning (Muntasir) Buxoroni ozod etish yo‘lidagi urinishlari 1005 yilda muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Somoniylarning G‘aznadagi noibi Sabuqtegin 997 yilda vafot etdi. O‘rniga uning o‘g‘li Mahmud G‘azna hokimi bo‘ldi. Somoniylar amiri Mansur ibn Nuh (997-999) uning ta’sirida edi.

1001 yilda, Sulton Mahmud Qoraxoniylar xoni Nasr bilan shartnoma tuzib, Amudaryoni ikki o‘rtadagi chegara qilib belgiladi. Somoniylar davlati o‘rnida ikki ulkan davlat tashkil topdi:

Birinchisi, Qoshg‘ardan Amudaryogacha cho‘zilgan SHarqiy Turkistonning bir qismida, Ettisuv, SHosh, Farg‘onaning qadimgi hududlarini o‘z ichiga olgan Qoraxoniylar davlati.

Ikkinchisi, Shimoliy Hindiston sarhadlaridan Kaspiy dengizining janubiy qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan hamda hozirgi Afg‘oniston va shimoliy- sharqiy Eronni o‘z ichiga olgan G‘aznaviylar davlati edi.

Iloq hokimlari nomigagina qoraxoniylarga qaram bo‘lib, o‘z yurtlarini mustaqil ravishda boshqarganlar. Iloqdagi dehqonlar sulolasining asoschisi Mansur ibn Ahmadning o‘g‘li Muhammad ibn Mansur (1004-1008) bo‘lgan. Uning o‘g‘li Abushujo Solor ibn Muhammad (1008-1009) qoraxoniylar xoni Ahmad ibn Aliga qaram bo‘ldi. Iloqda Nasr ibn Alining uchinchi ukasi Muhammad ibn Ali (1010-1015) Inoltegin laqabi bilan pul zarb qilgan. Unga Iloq, Xo‘jand, Taroz mulklari tobe bo‘lgan. CHug‘rotegin Husayn ibn Mansur (1016-1030), Muhammad YUsuf Bug‘roxon (1032-1057)ning poytaxti SHosh edi. To‘g‘rultegin Qoraxon YUsuf (1068-1075) zamonida Iloq SHarqiy Qoraxoniylar davlatiga qaram bo‘lgan.

XI asr o‘rtalarida tamg‘ochxon unvonini olgan qoraxoniy Ibrohim ibn Nasr g‘arbiy Qoraxoniylar davlatining poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirdi.

1068 yilda Movarounnahrda qoraxoniy Ibrohim ibn Nasr o‘g‘illari o‘rtasida taxt uchun kurash boshlandi. Kurashda SHamsulmulk g‘alaba qozondi. SHamsulmulk Abulhasan Nasr ibn Ibrohim (1068-1080) davrida Buxoroda katta qurilish ishlar olib borilgan.

1080 yilda SHamsulmulk vafotidan keyin Movaraunnahrda hokimiyat uchun kurash avj oladi. Bundan foydalangan saljuqiy sulton Malikshoh 1089 yili Movaraunnarga bostirib kirdi. Buxoro va Samarqandni zabt yetib, xon Ahmadni asir oldi. Ammo Ahmad bilan sulh tuzib uni o‘z taxtida qoldiradi. Qoraxoniy Ahmadning saljuqlarga itoatkorligi amirlar va ruhoniylar noroziligiga sabab bo‘ldi. Natijada u 1095 yilda o‘ldirildi.

Ahmaddan so‘ng taxtga o‘tirgan Arslonxon (1102-1130) zamonida qoraxoniylar garchi yarim mustaqillik sharoitida siyosat yurgizgan bo‘lsalar ham, Samarqand shahrining obodonligi bo‘yicha katta ishlar qildilar. Harbiy qo‘mondonlar va ruhoniylar Arslonxon hokimiyatidan norozi edilar. Arslonxon betobligi tufayli hokimiyatni o‘g‘li Nasrga topshiradi. Lekin fitnachilar Nasrni o‘ldiradilar. Arslonxon Marvdan Sulton Sanjarni yordamga chaqiradi. Bundan foydalanib, Sanjar 1130 yili Samarqandni egallaydi.

XII asr boshlarida qoraxitoylar Bolasog‘unni egallaydilar. 1138 yilda qoraxitoylar go‘rxoni Sulton Sanjarning qarindoshi, Samarqand hukmdori Mahmudni Xo‘jand yaqinida mag‘lub etadi. SHahar talanib katta tovon undirilgan bo‘lsa-da, bosib olinmadi.

1141 yilda qoraxitoylar yana Movarounnahrga bostirib kirdilar. Bu gal jang Samarqand yaqinidagi Qatvon cho‘lida bo‘ldi. Jangda sulton Sanjar bilan Mahmudning birlashgan kuchlari tor-mor keltirildi. Har ikki tomondan 30 mingga yaqin kishi o‘dirildi. Sulton Sanjar va Mahmud Termiz tomon chekindilar. Sulton Sanjar xazinasi, uning xotini Turkonxotun go‘rxon qo‘liga o‘lja tushdi. Qoraxoniylar Samarqand va Buxoroni egalladilar.

So‘nggi qoraxoniylar qoraxitoylarga tobelikdan qutulgan edilar. Biroq 1212 yilida Alovuddin Muhammad Xorazmshoh g‘arbiy qoraxoniylar davlatining hoqoni Usmonni o‘ldirib, Samarqandni o‘z mulklariga qo‘shib oldi.

Qoraxoniylarda Qoshg‘ar va Bolasog‘un poytaxt sanalib, ulug‘ xon shu shaharlardan birida qarorgohda o‘tirgan. Ulug‘ hoqon yoki ulug‘ xon ul-hoqon degan nomda yuritilgan. Arab manbalarida mazkur unvon sulton ul-salotin, fors tarix asarlarida shahanshohga muvofiq keladi. Aynan yuqoridagi oliy unvon qoraxoniylar davri kitoblarida tamg‘ochxon deb ham yutirilgan.

Qoraxoniylarga qarashli yerlar tamg‘ochxon tomonidan uning o‘g‘illari, qarindoshlari o‘rtasida taqsimlangan edi. SHu bois yer-mulk masalasida ota-o‘g‘il, amaki, jiyanlar hamda aka-uka-yu amakivachchalar o‘rtasida doimiy nizolar yuz berib, u siyosiy ahvolga salbiy ta’sir ko‘rsatib turgan.

Ettisuvdan turib Movaraunnahrni boshqarish qiyin bo‘lgan. Qoraxoniylar davrida Samarqand iloqxoni ancha kuchayib ketgan edi. Saroyda somoniylar davlatida bo‘lganidek vazir, sohibbarid, mustavfiy, hojib, rais-muhtasib kabi amaldorlar bo‘lgan. Qoraxoniylar davlatida imom, sayyid, shayx, sadrlar mavqei kuchli edi.

Qoraxoniylar davlati boshlig‘i lavozimi, hoqonning taxti merosiy sanalgan. Ma’muriy idoralar ikkiga bo‘lingan: dargoh va devonga. Xoqonning ulug‘ hojibi xoqon bilan fuqaro o‘rtasida vositachilik qilgan. Hoqon saroyida quyidagi amaldorlar bo‘lgan: og‘ichi-shoyi kiyimlar xazinachisi; biruk-mehmonlarni qabul qilish bo‘yicha mutasaddi; oshchi-hoqon oshxonasi boshlig‘i (bog‘archi); bitikchi-munshiy; kotib-mirza; qushchi-hoqon ovining tashkilotchisi.

Hoqon harbiy qo‘shinlari chyerik deyilgan, unga suboshi, yoki sipohsolor qo‘mondonlik qilgan. Kichik zobit chovush, sipohiylar to‘dasi qo‘mondoni xaylboshi deyilgan. Qo‘shin o‘nlik, yuzlik, mingliklarga bo‘lingan. Qoraxoniylar hoqoni qo‘shi (harbiy lager) xonto‘y deyilgan. Hoqon qo‘shida doim 9 ta sariq bayroq hilpirab turgan. Hoqonlikda elchini yalavoch yoki yalafar deb atalgan.

Hoqonlik hududlari el, viloyatlarga bo‘lingan. Ijtimoiy tuzumda mavqei ancha baland hisoblangan yirik zamindorlar-dehqonlar qatlami qoraxoniylar davrida o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. O‘rta Osiyo ko‘hna zodagon toifasining bunday ahvolga tushishiga asosiy sabab siyosat maydonida yuz bergan sulolalar o‘rtasidagi taxt almashuvi, eng ta’sirli jihati esa ko‘chmanchilik sharoitiga moslashgan el-uluslarining o‘troq aholi hududlarining ishg‘ol etishidir.

Somoniylar zamonida mazkur sulola uchun xos markazlashgan davlat tuzumidan qoniqmagan aslzoda dehqonlar qoraxoniylarni qo‘llab-quvvatlagan edilar. Yirik xonadon sohiblari-qoraxoniylar hokimiyatda uzoq davr tura olmadilar va vaqti kelib biz hududimizning asosiy hukmdorlari bo‘lib qolamiz deb o‘ylashgan edi. Ularning bunday rejalarini tushungan yag‘mo va jikillarning boshliqlari zodagonlarni quvg‘in qila boshladilar. Buning oqibatida keksa boy qatlam vakillari o‘z ekinzorlari, uy-joylari, mulklari va boyliklaridan mahrum bo‘ldilar. Dehqon degan nom endilikda faqat oddiy jamoatchiga nisbatan aytiladigan bo‘lib qoldi. Aslzodalar o‘zlarining daromad manbayi-yer-mulkdan mahrum bo‘la boshlagan sari oddiy jamoatchi ziroatkorlar ijarachilarga aylana bordilar. Bu paytda yerlar egasiz va qadrsiz bo‘lib qoldi. Unumdor joylar yaylovlarga aylandi. Biroq keyingi voqealar jarayonida Movaraunnahr ijtimoiy hayotida jonlanish yuz berganligi haqida ma’lumotlar bor.

Qoraxoniylarda oddiy xalq budun deyilgan. Soliq to‘lovchi fuqaro rayiyat deb atalgan. Qabila boshliqlari bek deyilgan, savdogarlar sart deb atalgan. Qoraxoniylar davlatida hunarmandchilik (kulolchilik, to‘quvchilik, shishasozlik, temirchilik, zargarlik), shuningdek ziroat va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchi sohalar taraqqiy etgan. SHuningdek, qimmatbaho toshlar, oltin, mis, temir qazib olingan. SHaharsozlik inshootlari pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan. Xonlikda yer egaligining iqto shakli keng tarqalgan. Manbada shunday deyiladi: «Iqtoga sohib bo‘lganlar (muqtalar) shuni bilishlari lozimki, ular faqatgina rayiyyatdan haq molini yaxshilik bilan olishga haqlidirlar va odamlar o‘z tanuv mollari, bola-chaqalari, asbob-uskunalari bilan xavfsiz bo‘lishlari shart. Agar odamlar saroyga kelib, o‘z hollarini ma’lum qilmoqchi bo‘lsalar, ular qarshilik qilmasinlar va qaysi bir muqta shunday qilsa qo‘lini qisqartirib, iqtosini tortib olish, o‘ziga jazo berib, boshqalarga ibrat yetib ko‘rsatish kerak. Ularga shuni bildirib qo‘yish lozimki, mulk ham, rayiyat ham xonnikidir. Muqtalar va valiylar ularni boshlarida shahnadek turib, podshoni rayiyat bilan birga xavfsizlikdan saqlaydilar («Siyosatnoma»). Hoqon, vaqf, jamoa mulklari qoraxoniylar tasarrufidagi asosiy yer-mulklar hisoblanadi.

Qoraxoniylar davlatida saljuqiylarda bo‘lgan kabi iqto egasi o‘z mulkida ishlayotgan ziroatkorlardan belgilangan miqdorda qonun bilan qayd etilgan soliqdan boshqa ortiqcha mahsulot yoki haq olishga huquqi bo‘lmagan. Majburiy ravishda biror-bir mahsulot tortib olinsa, bunday vaziyatda iqtoning ma’lum miqdori qirqib olingan yoki umuman tortib olingan.


Download 71.7 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling