3 mavzu. Mustaqil O‘zbеkiston Rеspublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati. Reja


Download 20.87 Kb.
Sana03.01.2023
Hajmi20.87 Kb.
#1076331
Bog'liq
3- мавзу


3 - mavzu. Mustaqil O‘zbеkiston Rеspublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati.
Reja:

  1. O‘zbekiston davlat mustaqilligining e’lon qilinishi va uning tarixiy ahamiyati.

  2. Mustaqillikning ilk davrida davlat suvеrеnitеtini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar.

  3. Mustaqil O‘zbеkiston davlatining yuzaga kеlishi va mustahkamlanishida I.A.Karimovning tarixiy xizmatlari.

Markaz va respublikalar o‘rtasidagi munosabatlar tobora taranglashib, markaz boshqaruv qobiliyatini yo‘qotgan, har bir mintaqa, har bir respublika o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bir sharoitda tarixiy vaziyatni to‘g‘ri baholay bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Oliy Kengash sessiyasini chaqirish va unda O‘zbekiston Mustaqilligi haqida Qonun qabul qilishni talab qildi.


O‘zbekiston - mustaqil davlat. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1991-yil 26-avgust kuni O‘zbekistonning davlat mustaqilligi to‘g‘risida qonun loyihasini tayyorlash hamda 31-avgustda Oliy Kengash sessiyasini chaqirishga qaror qildi.
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi va Markaziy nazorat qo‘mitasining 28-avgustda bo‘lgan qo‘shma Plenumi Respublika Kompartiyasining KPSS MQ bilan har qanday aloqasini to‘xtatishga, KPSSning barcha tashkilotlaridan chiqishga, uning Markaziy organlaridagi o‘z vakillarini chaqirib olishga qaror qildi. Ana shunday vaziyatda O‘zbekiston Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari VI sessiyasi 1991-yil 31-avgustda o‘z ishini boshladi. O‘zbekistonning mustaqil davlat deb e’lon qilinishida mazkur sessiya katta tarixiy ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash lozim. Unda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida» hamda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi masalalar kun tartibiga qo‘yilib, qizg‘in muhokama qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimov nutq so‘zlab, sobiq Ittifoqda so‘nggi paytlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealarni, davlat to‘ntarishiga urinish oqibatlarini tahlil qilib, ular O‘zbekiston taqdiriga, xalqimiz tarixiga bevosita daxldor ekanligini har tomonlama asoslab berdi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi va uni mustaqillik to‘g‘risidagi qonun bilan mustahkamlashni taklif qildi. Oliy Kengash deputatlari tomonidan moddama-modda muhokamadan so‘ng «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi 336- XII-sonli Qonun qabul qilindi.
So‘ngra «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Oliy Kengash Bayonoti» qabul qilindi. Bayonotda bunday deyilgan edi:..«Mustaqillik Deklaratsiyasini amalga oshira borib, O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi O‘zbekistonning Davlat mustaqilligini va ozod suveren davlat - O‘zbekiston Respublikasi tashkil etilganligini tantanali ravishda e’lon qiladi».
Oliy Kengash sessiyasi «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida»gi 335-XII-sonli qaror qabul qilindi. Mazkur qarorda:
1) Respublikaning davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Oliy Kengash bayonoti tasdiqlansin va respublika bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi deb atalsin;
2) 1-sentabr O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb belgilansin va 1991-yildan boshlab bu kun bayram va dam olish kuni deb e’lon qilinsin, deb qat’iy belgilab qo‘yildi.
«O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun g‘oyat katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu qonun asosida O‘zbekistonning huquqiy holati tubdan o‘zgardi. O‘z mohiyatiga ko‘ra bu hujjat respublika uchun vaqtincha konstitutsiya rolini ham o‘ynaydigan bo‘ldi. 17 moddadan iborat ushbu qonun suveren O‘zbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab berdi. Qonunning birinchi moddasida: «O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan birga, mustaqil, demokratik davlatdir», - deb qonunlashtirib qo‘yildi.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasining xalqi suverendir va respublikada davlat hokimiyatining birdan-bir sohibidir. U o‘z hokimiyatini ham bevosita, ham vakillik idoralari tizimi orqali amalga oshiradi, deb belgilab qo‘yildi.
Mustaqillik asoslari to‘g‘risidagi qonunda O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi, davlat chegarasi, hududi daxlsiz va bo‘linmas bo‘lib, uning xalqi o‘z xohish-irodasini erkin bildirmasdan turib o‘zgartirilishi mumkin emas, deb qat’iy qonunlashtirib qo‘yildi.
Mazkur qonunda respublika hududidagi yer, yer osti boyliklari, suv va o‘rmonlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy va boshqa resurslar, respublikaning ma’naviy boyliklari O‘zbekiston Respublikasining milliy boyligi, mulki hisoblanadi, deb belgilab berildi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida oltin, boshqa qimmatbaho metallar va toshlarni qazib chiqarish, qayta ishlash va saqlashni mustaqil amalga oshiradi hamda nazorat qiladi, o‘z oltin zaxirasini yaratadi, - deyiladi bu qonunda.
1991-yil 30-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari VII sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga konstitutsiyaviy maqom berish haqida»gi 358-XII-sonli Qonuni qabul qilindi. Jumladan, unda shunday deyiladi:
1. «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida» 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga konstitutsiyaviy maqom berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi moddalariga «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunning moddalariga zid kelgan hollarda mazkur Qonunga amal qilinsin», - deb belgilab qo‘yildi.
Shu tariqa, xalqimizning asriy orzusi, umidlari ushaldi, ro‘yobga chiqdi.
Uzoq yillar davom etgan kurash natijasida mamlakatimiz, xalqimiz siyosiy qaramlik asoratidan qutildi. Dunyo xaritasida yana bitta mustaqil davlat - O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida yangi davr - milliy istiqlol davri boshlandi. O‘zbekiston uchun mustaqil ichki va tashqi siyosat yuritish, xalqimiz uchun o‘z taqdirini o‘zi belgilash, o‘zlari uchun munosib turmush yaratish imkoniyati vujudga keldi.
Umumxalq referendumi. O‘zbekiston erishgan istiqlolni mustahkamlash uchun, avvalo, xalqning fikrini bilish, mustaqillikka munosabatini aniqlash zarur edi. Shu maqsadda 1991-yilning 18-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasi «O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Qarorda quyidagilar belgilandi:
1. 1991-yil 29-dekabr, yakshanba kuni O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi o‘tkazilsin.
2. Referendumda ovoz berish byulleteniga masala quyidagi ta’rifda kiritilsin: «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini ma’qullaysizmi?».
Referendumga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Referendumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi, 13 okrug, 7 ming uchastka saylov komissiyalari tuzildi. 1991-yil 29-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan referendumda 9 million 898 ming 707 kishi yoki saylov ro‘yxatiga kiritilganlarning 94,1 % qatnashdi. Ularning 98,2 % referendumda qo‘yilgan savolni ma’qullab ovoz berdi. Demak, O‘zbekistonning Davlat mustaqilligi umumxalq tomonidan yakdillik bilan ma’qullandi. Shuni ta’kidlash lozimki, referendum butun respublika hududida qonun asosida tashkiliy jihatdan uyushqoqlik, fuqarolarning yuksak siyosiy faolligi bilan o‘tdi. Buni referendumda AQSH, Turkiya, Malayziya va boshqa mamlakatlardan kelgan mustaqil kuzatuvchilar ham tasdiqladilar.
Islom Karimov - O‘zbekistonning birinchi Prezidenti. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin davlat boshqaruvining yangi, zamonaviy va samarali tizimi - prezidentlik respublika boshqaruvi shakli rivojlantirishga kirishildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabridagi VIII sessiyasida umumxalq referendumini o‘tkazish qarori bilan birga «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonuni, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida» qaror qabul qilindi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 1991-yil 29-dekabr, yakshanba kuniga belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovini o‘tkazuvchi Markaziy saylov komissiyasining zimmasiga yuklandi. Saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. 13 ta okrug va qariyb 7 mingta uchastka saylov komissiyalari tuzildi. Oliy lavozimga ikki nomzod - O‘zbekiston XDP va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi nomzodi I.A.Karimov va «Erk» Demokratik partiyasi vakili Saloy Madaminov (Muhammad Solih) nomzodi qo‘yildi.
1991-yil 29-dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovlar yakuniga ko‘ra, 8 million 514 ming 136 ovoz yoki ovoz berishda qatnashganlarning 86 foizi Islom Karimov nomzodini, 1 million 220 ming 474 saylovchi (12,3 %) Saloy Madaminov nomzodini yoqlab ovoz berdi.
1991-yil 30-dekabrda Markaziy saylov komissiyasi okrug komissiyalari majlis bayonlarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonunning 35 moddasiga asosan Islom Abdug‘aniyevich Karimovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblashga qaror qildi. Shunday qilib, mamlakatimizda birinchi marta yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy va alternativ asosdagi saylovda I.A.Karimov 5 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 4-yanvarda bo‘lgan navbatdan tashqari IX sessiyasida Prezident Islom Karimov so‘zga chiqib, o‘ziga bildirilgan ishonch uchun butun respublika xalqiga samimiy minnatdorchilik bildirdi va qasamyod qildi.
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning tarjimayi holi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov - 1938-yil 30-yanvarda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Millati - o‘zbek. Oliy ma’lumotli, O‘rta Osiyo politexnika va Toshkent xalq xo‘jaligi institutlarini tugatgan. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega. Mehnat faoliyatini 1960-yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshlagan.
1961-yildan 1966-yilgacha V.P. Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi. 1966-yilda O‘zbekiston SSR davlat reja komitetiga ishga o‘tib, bosh mutaxassislikdan Respublika davlat reja komiteti raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
1983-yilda I. Karimov O‘zbekiston SSR Moliya vaziri, 1986-yilda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, Respublika davlat reja komitetining raisi etib tayinlanadi.
1986 - 1989-yillar mobaynida Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi, 1989-yilning iyunidan boshlab O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi.
1990-yil 24-mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991-yil 31-avgust kuni I.A.Karimov tarixiy voqea - O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi. 1991-yil 29-dekabridan muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida I.A.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
1995-yil 26-martda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddatini 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirish masalasi bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Unda 11 mln. 245 028 kishi yoki ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 99,3 % ishtirok etdi. «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddatini 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirishga siz rozimisiz?» degan savolga 11 mln. 199 ming 415 kishi, yoki ovoz berishda qatnashganlarning 99,6 % ijobiy javob berdi. Shunday qilib, I.A.Karimovning vakolat muddati 2000-yilgacha uzaytirildi.
2000-yil 9-yanvarda muqobillik va demokratik tamoyillar asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovda ro‘yxatga olingan saylovchilarning 95,10 foizi, 12 mln. 123 ming 199 saylovchi qatnashdi. Saylovda qatnashganlarning 91,90 foizi Islom Karimov uchun, 4,17 foizi A. Jalolov uchun ovoz berdi. 3,93 foiz byulleten haqiqiy emas deb topildi. Shu asosda I.A.Karimovning ikkinchi bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
2002-yil 27-yanvarda o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijalariga hamda uning asosida O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan Qonuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga o‘zgarishlar kiritildi. Natijada prezidentlik vakolati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.
2007-yil 23-dekabrida muqobillik asosida o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, I.A.Karimov 7 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan 2011-yil 12-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 90-moddasining ikkinchi qismiga tuzatishlar kiritilishi munosabati bilan Prezident vakolati 5 yil muddatga saylanishi belgilandi. 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi Prezident saylovida I.A.Karimov 5 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi (1994-yil), o‘ndan ortiq xorijiy mamlakatlar universitet va akademiyalarining faxriy fan doktori, professor va akademikligiga saylangan. Shuningdek, «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni va «Oltin Yulduz» medali sohibi (1994), «Mustaqillik» (1996), «Amir Temur» (1998) ordenlari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tinchlikni mustahkamlash, ma’naviyatni tiklash, sportni rivojlantirish sohasidagi xizmatlari uchun bir qator xalqaro tashkilotlar va nufuzli xorijiy davlatlarning orden va medallari bilan mukofotlangan.
O‘zbek xalqining ulug‘ farzandi, mustaqil O‘zbekiston davlati asoschisi va Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 2016-yil 2-sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi. 2016-yil 3-sentabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Samarqand shahrining qadimiy Hazrati Xizr masjidida dafn etildi.
2017-yil 25-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev qarori asosida Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish va merosini har tomonlama o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti «Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy (yodgorlik) majmuasi» tuzildi.
Majmua tarkibida: muzey, ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazi, kutubxona va o‘quv zali, konferensiya zali mavjud. Majmua o‘z faoliyatini Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi bilan o‘zaro hamkorlikda olib boradi.
Download 20.87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling