4-seminar mashg'ulot Navoiyning “Munojotnoma” si sharhi


Download 28.07 Kb.
Sana22.01.2022
Hajmi28.07 Kb.
#439571
Bog'liq
4-seminar mashg'ulot
Maruza 1 (1), 5-topshiriq (2), 11-mavzu, Холматов Баходир Насиржонович, 1, Onalar maktabi hisoboti 23-maktab, СЕРТИФИКАТ, Erishgan yutuqlari 106, Eski ozbek yozuvi mustaqil ish! (1), 6-MAVZU (5), 6-MAVZU (5), Oraliq nazorat-WPS Office (1), Schotlar, Schotlar

4-seminar mashg'ulot

Navoiyning “Munojotnoma” si sharhi

Alisher Navoiyning taxminan 1460–1470 yillarda tuzilgan birinchi rasmiy devoni “Badoe’ ul-bidoya”ning nasriy so’zboshisida mukammal devon tuzish shartlari bayon qilinib, har qanday devon Allohga hamd va Rasulullohga, alayhissalom, na’t mazmunidagi g’azallar bilan boshlanishi zarurligini birinchi talab sifatida keltiriladi va devondagi dastlabki besh g’azal aynan Alloh hamdiga bag’ishlanadi, keyingi uch g’azalda Rasuli akramga, sallallohu alayhi vasallam, bo’lgan muhabbat izhor etiladi va eng asosiysi, ularda munojot ruhi yaqqol sezilib turadi.

Hazrat Navoiyning 24–25 yoshlar oralig’ida ustozi va do’sti Sayyid Hasan Ardasherga yozgan masnaviy shaklidagi maktubining dastlabki 11 bayti hamd va munojotni, keyingi 10 bayti Sarvari Koinotga, alayhissalom, atab bitilgan.

Bu shuni bildiradiki, Alisher Navoiy hazratlari yuksak e’tiqodli inson bo’lib tarbiya topgan, hech qachon Allohning zikrini unutmagan, Haqni sevgan musulmon o’z Robbisiga qanday iltijo bilan o’tinsa, xuddi shunday yuksak maqomda o’z Parvardigoriga tobelik va qullik izhor etgan. Umrining turli fasllarida, turli yillarda yozilgan Alisher Navoiyning munojot asarlari u kishining muayyan yosh chegarasida emas, balki umrbod mana shunday ilohiy muhabbat shavqidan yonib yashaganligini bildiradi.

Islom aqiydasiga ko’ra, banda o’zining chinakam holatini anglagan sayin Allohning ulug’ligini, marhamati va rahmati cheksizligini his etadi hamda o’zining g’arib, gunohkorligini chin dildan e’tirof qilib, tavba yo’lida bardavom bo’ladi. Biz Alisher Navoiy munojotlarini xuddi shunday tushunishimiz kerak.

“Xamsa”dagi munojotlar shoirning 40–44 yoshlari oralig’ida bitilgan bo’lsa, “Lison ut-tayr” va “Munojot” asari 59–60 yoshlari oralig’ida yozilgan. Agar bu ikkala davrdagi munojotlarni qiyoslasak, ularning har birida Allohga bo’lgan chinakam taslimiyatni, tobelikni, cheksiz muhabbatni ko’ramiz. Agar “Xamsa”dagi munojotlar mazmun jihatdan o’zaro yaqin bo’lsa, “Lison ut-tayr”ning kirish qismidagi munojot va biz o’rgangan “Munojot” asari mohiyatan o’zaro mos kelishiga guvoh bo’lamiz:

“Lison ut-tayr”da:

Jonima isyon mayidin mastlig’,


Ko’ngluma fisq ahlig’a pobastlig’.

Yuz havo boshimg’a solib nafsi shum,


Xayli shayton aylabon haryon hujum.

“Munojot”da:

Ilohi, lahvu havo mayidin mastmen, ujbu riyo jomidin mayparastmen, bu dastovizlar bila shaytong’a hamdastmen.

“Lison ut-tayr”da:

Bir taaddi peshalikni xo’b deb,
O’zni oshiq deb, oni mahbub deb.

Har sitamkim tundxo’edin yetib,


Ul chu yetg’och oh urub, o’zdin ketib.

Otashin la’lidin o’t jonim aro,


Ro’zg’orim zulfu xolidin qaro.

“Munojot”da:

Ilohi, pariuzorlarg’a meni devona qilding va sham’i ruxsorlarg’a ko’nglumni parvona qilding, bu sabablardin rasvolig’ bila olamg’a afsona qilding.

“Lison ut-tayr”da:

Qilmadim umrumda bir rak’at namoz,
Sar-basir mahzi niyoz, ey beniyoz…

…Tutmadim oting qilib farzonaliq,


Sabha eldin osmayin yuz donaliq.

Bir amal hargiz riyosiz qilmadim,


Zarqsiz hargiz o’zumni bilmadim.

“Munojot”da:

“Ilohi, namozeki, el bo’lmag’uncha qilmag’aymen, xudnamolig’dur va ul namoz uchun xirqavu rido xudoroylig’dur”.

“Lison ut-tayr”da:

Bas xijolatdin manga yo’qtur hayot,
Ne uchunkim o’lturur hardam uyot.

…Gar manga bu dard bedarmon erur,


Lek darmoni sanga oson erur.

Dardima darmon inoyat aylagil,


Tavbai komil hidoyat aylagil,

Adlu ehsoningg’a xos etgil meni,


Nafsi zolimdin xalos etgil meni…

“Munojot”da:

Ilohi, o’zluk yomonlig’idin o’zlugum bila o’ta olmaydurmen va yaxshilarning etagin yomonlig’im uyotidin tuta olmaydurmen…

…Ilohi, umidimni karamingdin ma’dum qilma va rahmatingni xaloyiqqa om qilg’onda meni ham mahrum qilma…

… Ilohi, men tavba qildim degandin ne sud, Sen tavba bergilki, ham Tavvob Senu ham Ma’bud.

Bu shuni ko’rsatadiki, Alisher Navoiy umrining so’nggida o’zini Allohga yana ham yaqinroq his etgan, bu davrda uning o’z Robbisiga bo’lgan ehtiyoji, intilishi yuksak cho’qqisiga ko’tarilgan va bu buyuk mutafakkirning qaynoq misralarida aks etgan.



Islom dini aqiydasiga ko’ra, tavba insonni poklaydi, gunohlari Allohning huzurida o’chirilishiga, afv etilishiga sabab bo’ladi, yuksak maqomlarga ko’taradi. Alisher Navoiyning 60 yosh bo’sag’asida, o’z mamlakatida eng yuksak maqom tutgan paytida bunday xokisor va samimiy, dil tubidan vulqon yanglig’ otilib chiqqan iltijolari u zotning chinakam siyrati qanchalik ulug’vor bo’lganligini bildirib turadi.

Umuman olganda, turkiy millatning quyoshi bo’lgan hazrat mir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlarining har bir asarini o’rganish, chuqur tadqiq etish, tushunish, xalqimiz, ulg’ayib kelayotgan yoshlarimiz orasida targ’ib qilish ma’naviy yuksalish, ruhiy poklanish asosi bo’lib xizmat qiladi.
Download 28.07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2023
ma'muriyatiga murojaat qiling