402-guruh talabasi Asatullayeva Dilnavoz Savollar: Qaysi asar Odil Yoqubovning dastlabki jiddiy muvaffaqiyati sifatida e’tirof etilgan?


Download 169.5 Kb.
bet1/2
Sana03.10.2020
Hajmi169.5 Kb.
  1   2

402-guruh talabasi Asatullayeva Dilnavoz

Savollar:

1. Qaysi asar Odil Yoqubovning dastlabki jiddiy muvaffaqiyati sifatida e’tirof etilgan?

2. Odil Yoqubovning "Ulug‘bek xazinasi" asari o‘zbek adabiyotidagi ilgarigi tarixiy romanlardan qay jihatlari bilan farqlanadi?

3. Odil Yoqubovning "Diyonat"romani o‘zbek adabiyotida zamonaviy mavzuni yoritish sohasiga qanday yangilik olib kirdi?

4. Odil Yoqubovning "Ko‘hna dunyo" asari roman janrining qaysi shakliga mansub?

5. Odil Yoqubovning "Adolat manzili" romani o‘zbek adabiyotida qanday yangilik bo‘ldi?

6. Nima sababdan "Osiy banda" romani Odil Yoqubov ijodining cho‘qqisi hisoblanadi?

7. Odil Yoqubovning qaysi qissalari o‘zbek adabiyotining eng jiddiy muvaffaqiyatlari qatoridan o‘rin oldi?

8. Odil Yoqubov ijodi haqida qaysi adabiyotshunoslar tadqiqot olib borgan?

Javoblar:

1. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov 1926 yili Qozogʻiston Respublikasi Chimkent viloyati Turkiston tumanining Qarnoq qishlogʻida xizmatchi oilasida tugʻildi. 1944 yilda oʻrta maktabni tugatib, 1945–1950 yillarda harbiy xizmatda boʻldi, sovet-yapon urushida ishtirok etdi. 1951–1956 yillarda Oʻrta Osiyo Davlat universitetining filologiya fakultetida oʻqidi, 1955–1959 yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, “Literaturnaya gazeta”ning (1959–1963,1967–1970) respublikamiz boʻyicha maxsus muxbiri, “Oʻzbekfilm” kinostudiyasida va respublika kinematografiya qoʻmitasida bosh muharrir, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida bosh muharrir oʻrinbosari (1970–1982) boʻlib ishladi. Soʻng “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining (1982–1989) bosh muharriri, Yozuvchilar uyushmasining raisi (1989–1996), Oʻzbekiston Atamalar qoʻmitasi raisi va Turkiston xalqlari madaniyati arboblari assambleyasining vitse-prezidenti (1998–2004) lavozimlarida xizmat qildi. Odil Yoqubov ijodiy yoʻlini uch bosqichga boʻlish mumkin. Birinchi bosqich 50-yillardan boshlanadi. Odil Yoqubovning matbuot yuzini koʻrgan ilk asari “Tengdoshlar” (1951) qissasi edi. “Tengdoshlar”ga qadar ham u koʻplab hikoyalar, bir roman qoralagan edi. Yozuvchi keyinchalik “Farzandlar burchi” ocherkida ularni urushdan soʻnggi yillarda ancha keng yoyilgan konfliktsizlik “nazariya”si taʼsirida yaratilgan mashqlarning oʻzbekcha muvaffaqiyatsiz varianti deb ataydi, “Tengdoshlar”ni “oʻrtacharoq” asar sanaydi. “Tengdoshlar” qissasida bolalarning yozgi dam olish chogʻidagi hayoti manzaralari gavdalantirilgan boʻlib, ular deyarli har jihatdan goʻzalligi bilan ajralib turar edi. Qissadagi bolalar shodlikka toʻla hayot kechiradilar, bogʻlarda olma terib, mehnat gashtini suradilar, oʻqishda kuzgi sinovga qolgan oʻrtoqlari Poʻlatga yordam berib, sinfdan-sinfga koʻchishiga hissa qoʻshadilar. Butun yoz davomida bu oʻquvchilar turmushida deyarli bironta ham koʻngilsiz yoki ziddiyatli hodisa roʻy bermaydi. Faqat Raisa degan qizning yuzini ari chaqib olganligi koʻngillarga biroz noxushlik soladi. Koʻrinadiki, ”Tengdoshlar” povesti konfliktsizlik “nazariya”sining qoliplariga toʻliq mos keladigan qilib yozilgan edi. Buni payqamagan adabiy tanqidchilik esa 50-yillarning boshida asarni oʻrinsiz ravishda haddan ortiq darajada yuqori baholash bilan band boʻlgan edi. Hamza nomli teatr sahnasida qoʻyilib, matbuotda ijobiy baholangan qator dramatik asarlariga ham muallif tanqidiy yondashadi. “Mana endi bu asarlarning saviyasini ham, qimmatini ham yaxshi bilaman... Badiiy ijodning butun murakkabligini men endi shuncha xatolardan keyin tushundim”, - deb eslaydi u. Odil Yoqubovning oltita dramasi boʻlib, shulardan beshtasi oʻsha zaifgina pesalar qatoriga kiradi. Bu dramalari “Chin muhabbat”, “Olma gullaganda”, “Yurak yonmogʻi kerak”, “Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim...” va “Fotihi Muzaffar yoxud bir parivash asiri” (“Avlodlarga vasiyat”) deb nomlangan boʻlib, ular ancha zerikarli voqealardan iboratligiga, qahramonlar nutqi gʻoyalar bayoniga aylanib ketganligiga koʻra badiiy ijod sohasida ulkan muvaffaqiyat darajasiga koʻtarilmadi. “Bir koshona sirlari” pyesasi O. Yoqubovning eng yaxshi yozilgan dramalaridan biridir, chunki unda muallif zamondoshlarimizning yorqin xarakterlarini keskin toʻqnashuvlarda, taʼsirchan sahnalarda koʻrsatishga muvaffaq boʻldi.

Odil Yoqubovni yozuvchi sifatida elga tanitgan “Muqaddas” (1961) qissasi bilan ijodiy yoʻlining ikkinchi bosqichi boshlanadi. “Tengdoshlar”dan “Muqaddas” qissasiga qadar oʻtgan davr goʻyoki yozuvchi uchun ijodda oʻzligini topish yoʻlidagi betinim izlanish, odat tusiga kirgan adabiy qoliplar bilan murosasiz olishish, kitobiylik inersiyasini yengib oʻtish pallasi boʻldi. Yozuvchi “Muqaddas” qissasida hayotdan olgan zavqini, oʻz yurak dardini, hayajonlarini izhor etdi, qalamga olgan voqealarni bor murakkabligi, ziddiyatlari, chinakam nafosati bilan kitobxonga yetkazishga urindi. “Muqaddas” soʻzi faqat qissa qahramonining ismi bilan bogʻliq boʻlmay, yozuvchi asarda gʻoyaviy-badiiy tadqiq etgan vijdon, burch, diyonat singari tushunchalar talqinini ham oʻz ichiga qamrab oladi. Qissada oliy oʻquv yurtiga kirish uchun imtihon topshirayotgan ikki yoshning hayotdagi ilk mustaqil qadamlari, quvonch va tashvishlari nihoyatda samimiy hikoya qilingan. Yozuvchi aytmoqchi boʻlgan gap kitobxon koʻnglini hayajonga solarli darajada goʻzal bir poyetik shaklda ifodalangan. Qissa qahramoni Sharifjon muayyan bir vaziyatda oʻz irodasiga, eʼtiqodiga xilof ravishda xudbinlik koʻchasiga kiradi. Oʻzgalar manfaatiga zid bu xatti-harakat avvalo qahramonning oʻzi uchun noxushlik olib keladi, eng aziz tuygʻusi-muhabbatidan, sevgilisidan judo qiladi. Sharifjonning qingʻir yoʻllar bilan sevgilisi Muqaddas oʻrniga oʻqishga kirib qolishi bir tasodif, ammo shu voqea zamirida yozuvchi hayotning muayyan haqiqati, ziddiyati, falsafasini koʻradi, yaʼni turmushda koʻpchilik foydasiga zid har bir xatti-harakat avvalo oʻsha odamning shaxsiy manfaatiga ham nomuvofiq tushishini juda nozik va taʼsirchan ifoda etadi. “Muqaddas” qissasi naqadar taʼsirchan chiqqanligi va adabiyotda hodisa boʻlganligi haqida dunyoga mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov muallif uyidagi suhbatda 1998 yilda shunday degan ekan: “Kechroq boʻlsa ham “Muqaddas”ni oʻqidim. Mening “Jamila”m va “Sarvqomat dilbarim” ertaroq rus tilida chiqdi. Aslida sening “Muqaddas”ing avvalroq chiqqanida sen mendan ham mashhur boʻlib ketarding” (Yoqubova M. Ulugʻ va sadoqatli muhabbat. “Jahon adabiyoti”, 2012, № 10, 178-bet).



Adibning “Muqaddas” qissasidan tortib, “Diyonat” va “Osiy banda” romanlariga qadar yaratilgan eʼtiborga sazovor deyarli barcha asarlari insoniy burch va vijdon muammosi tevaragida aylanadi. Chunonchi, “Qanot juft boʻladi” (1968) qissasi yozuvchi ijodiy takomilida muhim oʻrin tutadi. Yozuvchi endi bir emas, koʻplab ijtimoiy, maʼnaviy-ahloqiy muammolarni koʻtaradi. “Qanot juft boʻladi” qissasining yetakchi qahramonlari – Akramning ikkilanishlari, iztiroblari, Sayyoraning adashishi, boshqa personajlar taqdiri va xarakteridagi kuchli hamda ojiz jihatlar faqat tabiiy xususiyatlar samarasi emas, balki ayni paytda real vaziyat, muhit mahsuli sifatida murakkab hayot, fan-texnika inqilobi, davr surʼati bilan bogʻliq holda tahlil etiladi. Asarda shaxsga xilma-xil tomondan yondashib, odamni osongina “yaxshi”-yu “yomon”ga, “ijobiy” va “salbiy” qahramonga chiqarib qoʻyishdan oʻzini tiyish, inson qalbini his etgan holda qalam tebratish yaqqol koʻrinadi. Asarning birinchi sahifalarini ochar ekanmiz, asosiy qahramonlardan Sayyoraning “Sevgi, zamon va axloq” mavzusidagi munozaraga ketganini anglaymiz. Keyin goʻyo munozaraning oʻzida qatnashib, muhabbat va axloq masalalariga doir turli-tuman qarashlar toʻqnashuvining guvohi boʻlamiz. Birin-ketin asarga kirib keluvchi personajlar bilan tanishar ekanmiz, asosiy eʼtibor ular hayotining mazkur tomonini, yaʼni muhabbat haqidagi tushunchalarini, axloqiy, oilaviy munosabatlarini ochib berishga yoʻnaltirilganini payqaymiz. Demak, qissada muhim va dolzarb, yaʼni ijtimoiy-tarixiy jihatdan asoslangan muammo – sevgi, axloq va oila masalasi qalamga olingan. Markaziy qahramonlar-arxitektor, fan nomzodi Akram va uning xotini-meditsina institutini tugatuvchi Sayyora koʻpdan beri birga yashayotgan, farzand koʻrgan, ijtimoiy hayotda faol, chuqur bilimli kishilar boʻlsalar-da, mazkur muammo ustida koʻp bosh qotirishga, axloq, muhabbat borasida toʻgʻri yoʻlni qidirishga, turli xildagi toʻsiqlarni yengib oʻtishga majbur boʻladilar. Buning sabablaridan biri-Sayyoraning oʻzi sezmagan holda kinorejissyor Shavkat singari yengiltak-axloqan nopok, muhabbat va oila borasida salbiy fikrlarni yoyuvchi shaxslar orasiga tushib qolishi va ularning taʼsiriga berilishidir. Ular taʼsirida Sayyora oʻziga yarashmaydigan harakatlar, yangilik niqobi ostida mavqeiga mos boʻlmagan ishlar, erining rashkini uygʻotuvchi injiqliklar qiladi. Shuning uchun tabiatan ancha vazmin Akramning unga tarsaki tortib yuborishini tabiiy hol sifatida qabul qilamiz. Bu voqea Akram va Sayyoraning keyingi harakatlari, psixik holatlari tabiiyligiga, haqqoniyligiga dalil boʻladi. Jumladan, shu voqea tufayli va Oydinbuloqda oʻz loyihasi asosida sanʼat saroyi qurilayotgani uchun Akram ona qishlogʻiga ketadi; qoʻlga tushirilgan xat oqibatida u yerda avvalgi sevgilisi bilan uchrashib, qishloqdagi adolatsizliklar toʻgʻrisidagi arzini tinglaydi. Natijada, qissaning asosiy mavzuiga qishloqdagi ijtimoiy munosabatlar masalasi kelib qoʻshiladi va uning taqozosi bilan adolat uchun kurashuvchi Hamida, qishloqdagi turli nohaqliklarning aybdori, munofiq, lekin baʼzi ijobiy fazilatlarga ham ega boʻlgan Turobjon, ayollarga feodallarcha munosabatning timsoli boʻlmish Sodiqboy, katta hayotiy tajriba egasi, adolatparvar, dono, quvnoq tabiatli amaki singari shaxslarning turli-tuman xarakterlari, hamda ularga bogʻliq syujet chiziqlari kirib keladi. Qishloqdagi vaziyat taʼsirida Akram ongida, qalbida oʻzgarishlar sodir boʻladi: u sanʼat saroyi loyihasidagi kamchiliklarni, Sayyoraga nisbatan qoʻpollik qilganini anglaydi. Bu oʻzgarish esa, uning keyingi harakatini, yaʼni Sayyoradan uzr soʻrashini yuzaga keltiradi. Tarsakidan oʻzini oʻta tahqirlangan deb hisoblagan jurnalist Ubayjonning hozirgi muhabbat toʻgʻrisidagi mohiyat eʼtibori bilan haqqoniy qarashlarini Shavkatjonning salbiy fikrlaridan, qiliqlaridan farqlay olmagan Sayyora erini kechira olmaydi, jinoyatchilik toʻdasiga yanada yaqinlashadi. Oʻzi xohlamagan holda bosh rolni oʻynash haqidagi taklifni qabul qilib, Oydinbuloqqa, syomkaga joʻnaydi. U yerda esa, xilvatda Akram bilan uchrashgani bahona boʻlib, Hamida eri tomonidan pichoqlangan edi. Vrach yoʻqligi uchun Turobjon kasalxonaga Sayyorani olib keladi. Oqibatda Sayyora qaynoq hayot ichiga tortila boshlaydi: u Hamidani davolashi jarayonida bu ayol bilan Akram oʻrtasidagi avvalgi munosabatlar mohiyatini anglay boshlaydi, qishloqdagi munosabatlar doirasiga tortiladi, adolat uchun kurashga qoʻshiladi. Kurash jarayonida turli xildagi xarakterlarning qirralari, xususan, Sayyoraning haqiqat tantanasiga intilishi, dadilligi, insonparvarligi hech bir taʼkidsiz, zoʻrma-zoʻrakiliksiz, hayotiy holda namoyon boʻladi. Chunonchi, uning adolatsizlikka qarshi kurashdagi faolligi Sodiqovning jazolanishini talab qilishida, Turobjon bilan keskin tortishishida, jiddiyroq harakat qilmoq uchun Ubayjonni chaqirishida (sevgilisi Shohistaga raisning ukasidan sovchilar kelayotgani ham bu yigitning qishloqqa kelishini taqozo qilardi), syomkaga bir muncha vaqt bormay qoʻyishida va boshqa yorqin epizodlarda yaqqol koʻrinadi. Adolat uchun kurash Sayyoraning xarakteriga, xususan, Akramga boʻlgan munosabatiga ham taʼsir etadi. Jumladan, Turobjonning gapni qishloqdagi adolatsizliklardan boshqa yoqqa burib: “Agar turmushni bilsangiz... Akramday yigitning yuziga oyoq qoʻyarmidingiz? Shunday pok, oliyjanob yigitning qadriga yetmay, gulday hunaringizni tashlab, artistka boʻlib, ukangiz tengi olifta yigitchalar bilan...” – deyishi Sayyoraga juda qattiq botadi; dadasining gaplari Akram toʻgʻrisida chuqurroq oʻylashga majbur qiladi, erini kechirmayotgani toʻgʻri emasligini toʻliq anglashi uchun yoʻl ochadi. Sayyorani qishloqqa olib kelgan sabablardan biri-kinosyomka voqeasi edi. Lekin shu bilan syomka oʻz kuchini yoʻqotmaydi, asarda muallaq boʻlib qolmaydi, balki Sayyora xarakterining rivojini, xatosini anglash jarayonini tezlashtiruvchi omil sifatida ham xizmat qiladi. Chunonchi, syomka bilan bogʻliq voqealarda, xususan, osh, ichkilik ustida Shavkatning oʻziga sevgi izhor qilishida rejissyorning axloqan tuban, muhabbat borasida betayin shaxs ekanini anglaydi. Syomka jarayonining oʻzi esa, Sayyoraga uning notoʻgʻri yoʻlga kirib qolganligini anglatadi. Buni aks ettirishda yozuvchi tasodifga oʻrin beradi: syomka vaqtida qoqilib tushib, Sayyoraning oyogʻi sinadi va u kasalxonaga tushadi, natijada, koʻp narsa, oʻzining xatti-harakatlari, turmush qiyinchiliklari toʻgʻrisida qaytadan oʻylab koʻrishga majbur boʻladi. Garchand, tasodiflar hayotda mavjud ekan, ular adabiyotdan ham oʻrin oladi. Faqat yozuvchi asariga tasodiflarni kiritar ekan, ularning boʻlishi mumkinligiga kitobxonni ishontirishi lozim. Sayyoraning yiqilib tushishi va oyogʻi sinishi voqeasi mana shunday boʻlishi mumkin, yaʼni asoslangan hodisadir, chunki avvaldan syomkalarda qatnashib yurmagan, bu sohada koʻnikma hosil qilmagan Sayyoradek shaxsning notoʻgʻri harakatlar qilishi, qoqilishi tabiiydek tuyuladi. Tasodifiy voqea boʻlsa-da, u bizga Sayyoraning Shavkatdek artistlar toʻdasiga qoʻshilib, xato qilganligini, turmushda yanglishganligini anglash jarayonini his qilishimizga, koʻz oldimizga keltirishimizga yordam beradi. Syomka vaqtida Sayyora huddi oʻzidek yoʻlga kirgan Nilufarning Shavkatga mahliyo boʻlib, Zafarga bevafolik qilganini anglaydi. Natijada, uning ongida Akramning Shavkatdan ustunligi, oʻzining Nilufardek boʻlolmasligi haqidagi qaror shakllanadi.

Qishloqda adolatning tantanasi va Akramning institutdagi nohaqliklar ustidan gʻalabasi bu qarorni qatʼiylashtiradi. Shu sababli Sayyoraning avvaliga Akram bilan ketishga koʻnmagandek boʻlib, keyin beixtiyor uning koʻkragiga boshini qoʻyib, piq-piq yigʻlashini juda tabiiy, hayajonli manzara, qissaning mantiqan chuqur dalillangan xotimasi sifatida qabul qilamiz.

Koʻramizki, qissada juda koʻp voqealar, turli xildagi xarakterlar, syujet chiziqlari mavjud. Lekin ularning deyarli barchasi muayyan muammo, makon va zamon doirasida, tabiiylik, mantiqiylik va sababiylik qonuniyatlari asosida oʻzaro chambarchas bogʻliqlikda, aloqadorlikda qamrab olingan. Bundan tashqari ular nihoyatda ibratli, muhim gʻoyani-inson sevgi, axloq, oilaviy munosabatlar borasida chinakam toʻgʻri yoʻldan bormogʻi, poklikka, samimiylikka erishmogʻi uchun ilmli, ijtimoiy ishlarda faol boʻlishdan, muhabbat va axloq sohasidagi yangilik va eskilik haqida tortishishdan tashqari hayot sabogʻidan, tajribasidan oʻrnak olishi zarur,-degan gʻoyani dalillashga, yuzaga chiqarishga xizmat qilgan, uni ongimizga, qalbimizga singdirgan. Ubayjonning: “Umuman, biz bir qanotidan ayrilgan qushday turmushdan bir oz ajralib qolgan ekanmiz”,-degan soʻzlarida ham mazkur gʻoyaga ishora seziladi.

Demak, ijtimoiy-tarixiy va psixologik jihatdan chuqur dalillash muallifga hayotni hayot holida, yaxlit shaklda, haqqoniy qamrab olishga, muayyan maqsad va gʻoyani ishonarli, emotsional tarzda ruyobga chiqarishga imkon bergan. Bizning qissada badiiy dalillash ancha pishiqligi haqidagi fikrimizni tanqidchi A.Sharipova “u qadar toʻgʻri emas”,- deb hisoblaydi (Sharipova A. Yozuvchi munosabati. “Sharq yulduzi”, 1970, 2- son , 212-213 betlar). Avvalo, bizning “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida bosilgan taqrizimizdan: qissada bironta ham dalillanmagan oʻrin yoʻq ekan, degan xulosa kelib chiqmaydi (“Oʻzbekiston madaniyati” 1969 yil 8 avgust). A.Sharipova qisman toʻgʻri koʻrsatgan oʻshanday oʻrinlardan yana biri sifatida Turobjon xarakterida sodir boʻlgan oxirgi katta oʻzgarishni eslash mumkin: qishloqda nohaqliklar, adolatsizliklar mavjudligini tan olishni istamay yurgan Turobjon har tomondan tazyiq sezib, qutilishga imkon bermaydigan ahvolga tushib qolgach, toʻsatdan taslim boʻladi va Hamidaga: “Men yengildim va sizdan kechirim soʻrab keldim!.. Turobjon yomon boʻlsa, yomondir, ammo adolatsizlik qilganda boʻyniga oladigan odati ham bor”, -deydi. Bu hodisa Turobjon xarakteridagi chinakam oʻzgarishning oqibatimi yoki unga xos munofiqlikning yana bir koʻrinishimi? Yetarlicha aniq ochilmaganligi sababli kitobxon buni tushunolmaydi. Ammo ayrim pishiq dalillanmagan oʻrinlarning mavjudligi va A.Sharipova qayd etgan boshqa baʼzi kamchiliklar asar haqida unga quyidagicha keskin hukm chiqarishga aslo imkon bermaydi: “Yozuvchi voqelik hodisalariga faol munosabatda boʻlsa, tasvirga oʻz pozitsiyasini singdirib yuborsa, yozuvchi aytmoqchi boʻlgan gap kitobxon uchun noaniq boʻlib qolmasa! Darhaqiqat, “Qanot juft boʻladi” qissasining asosiy kamchiliklaridan biri ham yozuvchining koʻpgina masalalarni ochiq qoldirishi, ularga muallif munosabatini kitobxonning bilib ololmasligidir” (“Sharq yulduzi”, 1970, 2-son 213-bet). Qissada muallifning pozitsiyasi sezilmasligi haqidagi fikrlar mutlaqo notoʻgʻridir, chunki yozuvchi har sahifada u yoki bu hodisaga, personajga nisbatan oʻz munosabatini dekloratsiya qilmasa-da (buning hojati ham yoʻq), kitobxon asarni oʻqir ekan, voqealar va personajlar xatti-harakatlarining mohiyatini anglay boradi, yomonni yaxshidan, salbiyni ijobiydan bemalol ajratib oladi, Sayyora va Akramlarga xayrixoh boʻlsa, Shavkat va Turobjonlarning salbiy tomonlaridan nafratlanadi, ularning obrazlari orqali ilgari surilgan gʻoyani idrok etadi. Demak, asarning asosiy gʻoyasi va muallifning pozitsiyasi uzundan-uzoq dekloratsiyalarsiz, jar solishsiz qissaning badiiy toʻqimasi orqali yuzaga chiqarilgan.

Umuman, badiiy dalillash masalasiga jiddiy eʼtibor berilganligi sababli “Qanot juft boʻladi” qissasida deklarativlik, illustrativlik singari nuqsonlar deyarli uchramaydi.

Odil Yoqubov “Bir feleton qissasi” nomli asarida (1962) hayot chigalliklarini butun ziddiyati bilan yoritishga harakat qilgan. Qissada jurnalist Uchqun yaxshi surishtirmay, shoshma-shosharlik bilan bir vaqtlar mehnatda dong taratgan, keyinchalik esa yengil hayot kechirish yoʻliga kirib ketgan ayol haqida feleton chiqarib yuboradi. Faqat keyinroq Uchqun katta xatoga yoʻl qoʻyganligini sezib qoladi, vijdon azobiga tushadi, asli pokiza yigit yuz bergan xatoni tuzatish uchun qalb daʼvati bilan kurashishga otlanadi. Xuddi oʻsha kurash jarayonida qahramondagi vijdon, diyonat tuygʻusining kuchi namoyon boʻladi.

Odil Yoqubov “Muqaddas”dan boshlab deyarli har bir asarida biror jiddiy masalani koʻtarish bilan barobar, qalamga olingan muammolarning hayotiy ildizini, sabablarini ochishga intiladi. Shu intilishning samaralaridan biri sifatida O.Yoqubovning “Yer boshiga ish tushsa...” nomli birinchi romani (1966) maydonga kelgan edi. Unda muallif asar markaziga yagona shaxsni emas, balki bir necha qahramonni chiqarish yoʻli bilan ikkinchi jahon urushi davrida front orqasida voyaga yetgan yoshlarning, yaʼni kurashchan avlodning mehnatdagi jasoratlarini, qalblaridagi shodligu iztiroblarini, adolat yoʻlidagi ayovsiz janglari mohiyatini ochib berishga uringan edi. Asar markaziga Mashrab, Akmal, Qoʻchqor kabi uch yosh yigitning deyarli teng huquqli timsolini qoʻyish yoʻli bilan O.Yoqubov oʻz ijodiga va umuman, oʻzbek adabiyotiga polifonik tasvir unsurlarini olib kira boshlagan edi. Mazkur unsurlar yozuvchining tarixiy romanlarida yanada ulkanroq muvaffaqiyatlarga olib keldi.

2. Yozuvchining 70-80-yillarda yaratgan “Ulugʻbek xazinasi”, “Koʻhna dunyo” asarlari faqat adib ijodidagina emas, balki butun oʻzbek romanchiligi rivojida ham yangi bir bosqichni tashkil etadi. Bu asarlar adib ijodiy yoʻlining yetuklik bosqichini boshlab berdi.

Yozuvchi xoh zamonasi, xoh olis tarix haqida qalam tebratmasin, har doim koʻpchilikni hayajonga soladigan katta ijtimoiy muammolarga eʼtiborni tortadi, keskin dramatik xarakterlar yaratadi. Odil Yoqubovga katta shuhrat keltirgan asar “Ulugʻbek xazinasi” romani (1973) boʻldi. Davrimizning ulkan adibi Chingiz Aytmatov “Ulugʻbek xazinasi” romani haqida shunday yozadi: “Bu yuksak va oliyjanob proza namunasi. Badiiy quvvati jihatidan salmoqdor bu tarixiy roman meni larzaga soldi. Bu esa yaxshi asarning birinchi alomati. Bundan ham muhimi shundaki, romanni oʻqirkanman, koʻnglimda turkiy xalqlarimiz tarixi uchun iftixor tuygʻusi joʻsh urdi”.

Mashhur shoh va olim Ulugʻbek haqida asar yozish niyati O.Yoqubov qalbida ancha ilgari tugʻilgan edi. Avvaliga u Ulugʻbek toʻgʻrisida bir biografik qissa yozgan boʻlib, asardan koʻngli toʻlmagani uchun nashr ettirmagan edi. Shu orada “Izvestiya” gazetasida mashhur adabiyotshunos olim I. Andronikovning bir maqolasi bosilib chiqadi. Maqolada Mirzo Ulugʻbekning katta kutubxonasi boʻlganligi va u olim quvgʻinga uchragan paytda qayergadir yashirilganligi, lekin oʻsha bebaho xazina izsiz yoʻqolib ketishi mumkin emasligi yozilgan edi. Goʻyo shu maqola turtki boʻlib, O. Yoqubov oʻz asarini Mirzo Ulugʻbekning oʻlmas maʼnaviy xazinasi uchun kurash haqidagi roman darajasiga koʻtaradi. Odil Yoqubov oʻz romanida Mirzo Ulugʻbekning adolatli sulton va buyuk olim ekanligi, katta kutubxonasi boʻlganligi hamda uni saqlab qolish yoʻlida kurashlar borganligi, pirovardida shohning taxtdan quvilib, yovuzlarcha qatl etilganligi haqidagi tarixiy dalillarni jonlantiradi. Lekin yozuvchi shularning oʻzi bilan cheklanmaydi. Agar cheklanganda, tarixiy roman emas, balki ilmiy kitob yuzaga kelar edi. Romanda Ulugʻbekni “yegnida odatda saroyda kiyib yuradigan zarbof toʻn oʻrniga koʻk yashil movut chakmon, boshida rasadxonada va madrasada kiyadigan uchlik qora duxoba qalpoq, oyogʻida ichiga olmaxon moʻynasi qoplangan qoʻnji issiq etik”li holda koʻramiz. Ulugʻbekning taxtdan chetlatilib, boshi olinishi voqealari ham, avvallari arxar oviga chiqishlari ham xuddi shu taxlitda namoyon qilinadi. Romanda Ulugʻbek timsoli kitoblar uchun kurash masalasi bilan uzviy bogʻliqlikda koʻrsatilishi ham shu maqsadga xizmat qiladi. Yozuvchi qahramonni turli voqealar oqimida gavdalantirar ekan, ular taʼsirida personaj qalbida, ongida qanday oʻzgarishlar sodir boʻlganligi, qanday oʻy-fikrlar tugʻilganini ham tasvirlab boradi. Shu tariqa kitobxon koʻz oʻngida Ulugʻbekning hazin kechinmalari, iztiroblari, kitoblarni saqlab qolishdek muqaddas burchini unutmaganligi, ular haqida qaygʻurishi, kurashishi oʻzaro aloqadorlikda namoyon boʻladi. Qahramonning soʻzlashish tarzida ham davr ruhi yaqqol seziladi.

“Ulugʻbek xazinasi”ning tasvir maromi koʻpgina tarixiy asarlardan farqli oʻlaroq xiyla tezkor, shiddatli. Asarda oʻtkir dramatik lavhalar, ichki ruhiy kechinmalar, xarakterlar va gʻoyalarning oshkora toʻqnashuvi asosiga qurilgan yorqin epizodlar koʻp. Bir tomondan, romanda biz talay kuchli ruhiy kolliziyalar tasvirini oʻqiymiz. Ulugʻbek iztiroblari, Abdullatifning ota oʻlimidan keyingi vasvasayu ruhiy qiynoqlari, xususan, bogʻdagi soʻnggi kechadagi dahshatli holati keskinligi bilan berilgan. Ikkinchi tomondan, yozuvchi xarakterlararo toʻqnashuvlar tasviriga katta eʼtibor qaratgan. Ulugʻbekning shayx Nizomiddin bilan ilmiy musohabasi, oʻgʻli Abdullatif bilan yuzma-yuz toʻqnashuvi, Ali Qushchi bilan mavlono Muhiddin orasidagi dahanaki janglar – bular shunchaki olishuvlar boʻlmay, turli gʻoya, eʼtiqodlarning kurashidir. Yozuvchi Ulugʻbek va uning davri kishilari nutqini jonlantirar ekan, oʻsha zamon turkiy tilining xususiyatlarini meʼyor bilan saqlagan holda personajlar soʻzlashuvini individuallashtirishga hamda uning hozirgi kunlarimizda ham tushunarli boʻlishiga erishgan.



Odil Yoqubov romanda mashhur tarixiy shaxs Xoʻja Ahror siymosini gavdalantirishda ham maʼlum darjada Maqsud Shayxzoda anʼanalari izidan borib, tarix haqiqatiga nomuvofiqroq timsol yaratadi. Xoʻja Ahror romanda Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” tragediyasidagi kabi oʻta reaksion, shafqatsiz, yovuz boʻlmasa-da, yozuvchi uning toʻgʻrisida salbiy tasavvur tugʻdirishga, yaʼni qay darajadadir adolatli shohning dushmani qilib koʻrsatishga urinavergan. Romanning oʻrtalarida asosiy qahramon dushmanlari tomonidan oʻldiriladi. Shu voqea tasviridan keyin Chingiz Aytmatov hafsalasi pir boʻlib, kitobni oʻqimay tashlab qoʻygan. Bir necha oy oʻtgandan keyin u istar-istamas kitobni yana oʻqishga tutinadi, lekin endi to asar oxirigacha qoʻlidan qoʻymay qiziqib mutolaa qiladi. Buning sababi shunda ediki, O. Yoqubov Ulugʻbek oʻlimidan keyin ham uning xazinasi uchun boʻlgan kurashlar tasvirini qiziqarli va taʼsirchan shaklda davom ettirish yoʻlini topgan edi. Roman oʻrtalaridan oʻsha kurashning davomchisi sifatida tarix sahnasiga Ulugʻbekning shogirdi Ali Qushchi chiqadi. Uning faoliyati bilan bogʻliq holda kitoblar xazinasini saqlash yoʻlidagi xatti-harakatlar adolat va haqiqat tantanasi uchun kurash darajasiga koʻtariladi. Shunday qilib, asar oʻrtalarida bir asosiy qahramon oʻrniga ikkinchisini chiqarish, ularni yonma-yon tasvirlash, yaʼni polifoniya unsurlarini aralashtirish yoʻli bilan yozuvchi maʼrifat, adolat va haqiqat tantanasi uchun kurashlar hech bir zamonda soʻnmaganligi toʻgʻrisidagi gʻoyani kitobxon qalbini larzaga soladigan darajada ifodalashga muvaffaq boʻlgan. Ulkan gʻoyaviy-badiiy qiymatiga koʻra “Ulugʻbek xazinasi” romani uchun yozuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Hamza nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Asarning yuksak qiymatga ega ekanligi respublikamizdan tashqarida ham eʼtirof etilgan edi. Xususan, mashhur boshqird yozuvchisi Mustay Karim muallifga yoʻllagan maktubida romanga quyidagi tarzda yuqori baho bergan edi: “Romanning gʻoyaviy qudrati, emotsional taʼsir kuchi juda zoʻr. Ayniqsa, uning zamon bilan hamohang ekanligi, chin maʼnodagi zamonaviy asar darajasiga koʻtarilganligi muhimdir... Zotan tarixiy asar odamlarni hozirgi kunga munosib turmush kechirishga, yaxshi yashashga daʼvat etishi kerak. Sizning romaningiz shunday asarlar sirasiga kiradi”.

Download 169.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling