6-2 Uzb 18 guruh talabasi Rakhmatova Nargiza Abdurauf Fitrat ijodining o‘rganilishi haqida nima bilasiz?


Download 35.38 Kb.
Sana24.04.2020
Hajmi35.38 Kb.
#101191
Bog'liq
fitrat



1.Abdurauf Fitrat ijodining o‘rganilishi haqida nima bilasiz?

XX asrda O‘rta Osiyoda yetishib chiqqan ijodkorlar orasida eng saralaridan biri, eng mumtozi Abdurauf Fitratdir desam xato bo‘lmasa kerak. Shoir, adib, dramaturg, muarrix, munaqqid, adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos, mutarjim, mutafakkir-faylasuf, jamoat arbobi, siyosatchi, pedagog- bir o‘zida shuncha sifatlarni jam etgan Fitrat madaniyatimiz rivojida o‘chmas iz qoldirdi. Biroq gap ijodkor bilimlarining qomusiyligi-yu, shaxsiyatning serqirraligida emas. Muhimi shundaki, Fitrat Vatanini ulug‘ bir muhabbat bilan sevardi va shu muhabbat uning butun faoliyatini yorqin nur bilan yoritib turardi. Fitrat ham Mahmudxoja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lponlar kabi Vatanini erkin va mustaqil ko‘rmoqni istar, xalqning o‘z taqdiriga o‘zi xo‘jayin bo‘lgan holda har qanday kishanlar va bo‘yinturuqlardan xalos bo‘lib yashamog‘ini orzu qilardi. Shuning uchun u hech narsadan hayqmay mustamlakachilarga nafratini hayqirib aytdi. Zolimlarni la’natladi, xalqni uyg‘onishga undadi, jaholat va nodonlik, bid’at va xurofot iskanjalaridan qutulib, ochiq ko‘z, hur fikr bilan yashashga, o‘zligini tanishga chaqirdi. Shu erksevarligi, zulmatga dushmanligi, ziyoga intilishi, elu yurt taqdirini yaxshilash imkoniyatlarini tinmay izlagani Fitratni madaniyatimizning eng yorqinsiymolaridan biriga aylantirdi, uning shuhratini qator Sharq va G‘arb mamlakatlariga taratdi. Biroq ayni shu sifatlari tufayli Fitrat bizning “baxtli” zamonamizga sig‘madi. Stalin barpo etgan qizil imperiyaga mustaqil fikrlaydigan erksevar isyonkorlar emas, hamma narsani “ma’qul” deb ko‘rganini ko‘rmaslikka oladigan xushomadgo‘ylar kerak edi. Quyushqondan chiqqanlar, hukmron mafkura aqidalariga shak keltiradiganlar shafqatsiz jazolanardi.


2.Fitrat shoir, yozuvchi, dramaturg – serqirra ijodkor sifatida.

Abdurauf Fitrat (1886, Buxoro shahri, Buxoro Amirligi — 4-oktabr, 1938, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy oʻzbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri, Oʻrta Osiyo jadidchiligining taniqli vakillaridan biri, birinchi oʻzbek professori (1926).

Jadidchilik miiliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. Turkiyada oʻqigan. Inqilobga qadar Oʻrta Osiyoni Rossiyadan ozod qilinishi harakatlarida faol qatnashgan, politsiya nazorati ostida boʻlgan.

Turkiyadagi „Yosh turklar“ harakatidan ilhomlanib, Buxoroda „Yosh buxoroliklar“ partiyasini tuzgan, uning maʼnaviy rahnamosiga aylangan. Doʻsti va maslakdoshi Munzim bilan hamkorlikda buxorolik 70 nafar yosh turkistonliklarni Germaniyaning bir qator oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborgan (1922). 1886-yilda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan, adibning otasi savdogarchilik bilan shug‘ullangan bo‘lib, 1918-yilgacha Qashqarda turib qoladi. Yosh Abdurauf asosan onasi Mustafo Bibi (Bibijon) tarbiyasida qoladi, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi yirik shoirlarning g‘azallarini tinglaydi

Dastlab eski maktabda, keyinchalik, Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan. 1902–1903-yillarda haj safariga chiqqan, uni ado etgach Arabiston, Anatoliya (zamonaviy Turkiya), Kavkazorti, Eron, Afg‘oniston, Hindiston bo`ylab sayohat qilgan. 1906–1908-yillarda Rossiyaning Qozon, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Moskva, Petrograd shaharlarida bo‘lgan. XX asr boshlarida bujudga kelgan „Tarbiyai atfol“ jamiyati ko‘magida 1908–1913-yillarda Istanbuldagi Voizon madrasasida tahsil olgan va qizg‘in ijod qilgan.

1908–1913-yillarda Turkiya dorilfununida o‘qiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-o‘qituvchilarni hayratga soladi. Unga Fitrat — Donishmand taxallusini beradilar.



Fitrat o‘qishni Istanbulda davom ettirib yurgan kezlarida, hamyurtlari bilan birgalikda „Buxoro ta’limi maorif jamiyati“ni tuzgan. Bu jamiyat buxoroliklarning o‘zaro moddiy-maʼnaviy uyushmasi vazifasini bajargan hamda Buxoro va Turkiston maorifining olg‘a siljishiga doir bir qator ishlarni amalga oshirganFitrat zullisonayn adib bo‘lib, adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib kelgan. Ko‘p o‘tmay u o‘zini dramaturgiya va prozada ham sinab ko‘rdi. U „Munozara“ (dastlabki nomi „Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadid xususida qilgan munozarasi“) asarini Turkiyaga borishdan oldin, 1905–1907-yillarda yaratgan. „Sayha“ („Chorlov“, „Naʼra“) (fors tilida), „Sayyohi hindi“ („Bayonoti sayyohi hindi“), „Rahbari najot“, „Tarixi Islom“ asarlarini esa Turkiyada tahsil paytida yozgan va „Munozara“ 1908-yilda, „Sayha“ 1910-yilda, „Sayyohi hindi“ 1913-yilda Istanbulda bosilib chiqqan. „Rahbari najot“ va „Oila“ 1915–1916-yillarda Bokuda nashr qilingan. Bu asarlar o‘sha davrdayoq xalq orasida keng tarqaldi. Horijiy tillarga ham o‘girildi. Masalan, „Munozara“ 1909–1914-yillar orasida turk, ozarbayjon tillarida, „Sayyohi hindi“ rus tilida chop etilgan. „Rahbari najot“ni esa do‘sti, shoir va noshir Abdulvohid Burhonov Sankt-Peterburgda nashrdan chiqargan. Bulardan tashqari uning „Mavludi Sharif“, „Abo Muslim“, „Begijon“ asarlari va dastlabki sheʼrlari „Oyna“, „Taraqqiy“, „Sadoi Turkiston“, „Turon“, „Hurriyat“, „Buxoroi Sharif“ kabi gazeta va jurnallar sahifalarida eʼlon qilingan. Fitrat dramaturgiyasi ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. U 1916-yildan boshlab teatr uchun ko‘plab asarlar yaratdi. Ammo uning nafaqat 1916-1918-yillarda yozgan „Begijon“, „Qon“, „Abo Muslim“, „Temur sag‘anasi“, „O‘g‘izxon“ singari pyesalari, hatto 1934-yilda yozgan „To‘lqin“ opera librettosi ham bizgacha yetib kelmagan. Maʼlumki, Fitratning 5 pardali „Begijon“ pyesasida dehqonlarning xon zulmiga qarshi ko‘targan isyonlari tasvir etilgan. „Temur sag‘anasi“ pyesasida esa muallifning „Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)“ sochmasidagi istiqlol uchun kurash g‘oyasi o‘zining badiiy tajassumini topgan. Fitrat o‘sha-yillarda yozgan boshqa sahna asarlarida ham tarixiy o‘tmishga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib borgan g‘ayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zo‘ravonlikka asoslangan „yangi tuzum“ni keskin qoralagan. Fitrat ijodining shu davrdagi yetakchi motivi — bolshevizmga qarshi kurash g‘oyasi „Chin sevish“ (1920) va „Hind ixtilolchilari“ (1923) pyesalarida ayniqsa yorqin ifodalangan. Dramaturg Turkistonda Sho‘ro hokimiyati-yillarida sodir bo‘layotgan fojeali voqealarni Britaniyaning mustamlakasi bo‘lgan Hindistonga ko‘chirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind istiqlolchilari siymosida, maʼlum maʼnoda, o‘z vatandoshlari obrazini yaratdi. Javoharlal Neruning eʼtirof etishicha, Fitratning bu asarlari hind xalqining mustamlakachilikka qarshi olib borgan kurashiga kuch va madad bergan.

3. Fitrat she’riyatini tahlil qiling.

Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang. U adib sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, o‘zbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, sheʼr tuzilishining isloh etilishi, adabiy realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan muhim ijtimoiy muammolarning o‘zbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qo‘shdi.


4. Fitratning publitsistikasi va ilmiy merosi haqida nima bilasiz?

Ijtimoiy, huquqiy, diniy va maʼrifiy asarlari orqali ham Fitrat ilm-fan, maʼrifatning turli sohalarida teran iz qoldirdi. U 1914–1916-yillardayoq „Rahbari najot“ („Najot yo‘li“), „Oila“, „Mavludi Sharif yoki Mur’oti xayr ul Bashar“, 1917–1920-yillarda „O‘qu“ („O‘quv“), „Sharq siyosati“, „Yig‘la, Islom“, 1925-yilda „Muxtasar Islom tarixi“ singari asarlarni eʼlon qildi. Fitrat mazkur asarlarida, bir tomondan, shu-yillarda ro‘y bergan siyosiy, ijtimoiy masalalarga munosabatini ifodalagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, musulmon olami uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan yoki muayyan tarixiy davrda saqlanib qoladigan maʼnaviy va maʼrifiy qadriyatlarni tushuntirib berdi. Fitrat bu asarlarida millatning nafaqat siyosiy-ijtimoiy, balki diniy maʼrifiy masalalarda ham yetarli darajada bilimga ega bo‘lmaganini eʼtiborga olib, har bir musulmon bilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalarga yorqinlik bag‘ishladi. Fors tilida yozilgan „Rahbari najot“ risolasida tafsir, hadis, fiqh, kalom ilmlari, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar to‘g‘risida aniq tasavvur berdi, avlod, badan, fikr, axloq tarbitasiga oid falsafiy, etik qarashlarini olg‘a surdi. Fitratning „Oila“ risolasida esa oilaning jamiyat va inson hayotidagi rolini oshirishga, oila aʼzolarining huquqiy meʼyorlarini belgilashga qaratilgan fikr va mulohazalari yanada rivojlantirildi.

Fitrat huquqiy davlat qurish va uning rivojini taʼminlash maqsadida 1918-yilda Yosh buxoroliklar partiyasining 13 bobdan iborat dasturini yozib berdi. Bu dasturda olimning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari o‘zining chuqur ifodasini topdi. Bulardan tashqari Fitrat o‘zbek tilining grammatikasini o‘rganish ishlarini boshlab bergan va shu soha rivojiga katta hissa qo‘shgan. U 1918-yilda Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan hamkorlikda „Ona tili“ darsligini yaratdi. 1921-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Til va imlo qurultoyida Fitrat o‘zbek tilining sofligini taʼminlash va rivojlantirishga qaratilgan bir qancha takliflarni o‘rtaga tashladi. U 20-yillarda o‘zbek tili tabiatini o‘rganishda davom etib, „O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Sarf“ (1925), „O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Nahv“ (1926) darsliklarini yaratdi va bu darsliklar 1930-yilga qadar bir necha marta nashr etildi. Olim o‘zbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bag‘ishlangan bu asarlari bilan o‘zbek tili grammatikasini ilmiy asosda o‘rganish ishiga tamal toshini qo‘ydi. Fitratning tilshunoslik sohasidagi katta xizmatlaridan yana biri uning 20-yillarda qadimiy turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayangan holda, ilmiy-adabiy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha hamda hodisalarni ifodalash uchun o‘zbek tilining lug‘at fondiga yangi so‘zlar hamda atamalarni olib kirganligidadir.

Olim „Eng eski turk adabiyoti namunalari“ (matn, tadqiqot, izohlar, 1927), „O‘zbek adabiyoti namunalari“ (matn, tadqiqot, izohlar, 1-jild, 1928) tazkiralarini tuzib, milliy adabiy merosimizning eng qadimgi davrdan so‘nggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini to‘plab, muayyan tizimga soldi („O‘zbek adabiyoti namunalari“ning ikkinchi jildi nomaʼlum sabablarga ko‘ra eʼlon qilinmagan). „Qutadg‘u bilig“ singari o‘zbek yozma adabiyotining xalq orasida sochilib yotgan noyob yodgorliklarini qo‘lga kiritish, o‘rganish va chop etishga intildi. O‘zbek adabiyotining yirik namoyandalarini ilk bor o‘rganib, „Bedil“ (1923), „Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni to‘g‘risida“, „Qutadg‘u bilig“ (1925), „Ahmad Yasaviy“ (1927), „Yassaviy maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar“, „Hibbat ul-Haqoyiq“, „O‘zbek shoiri Turdi“ (1928), „XVI asrdan so‘ngra o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash“, „Muhammad Solih“, „Fors shoiri Umar Xayyom“ (1929), „Mashrab“, „Farxodu Shirin“ dostoni to‘g‘risida" (1930) kabi katta ilmiy qimmatga ega risola va maqolalar yaratdi. Fitrat bu tadqiqotlari bilan o‘zbek adabiyotshunoslik maktabiga poydevor qo‘ydi.

„Sheʼr va shoirliq“ (1919), „Adabyot qoidalari“ (1926), „Sanʼatning manshai“ (1927), „Aruz haqida“ (1936) singari maqola va risolalari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos soldi.
5. Fitratning hayot va ijod yo‘lini gapirib bering.

Abdurauf Fitrat oʻz tarjimai holida yozishicha, 1884 yilda Buxoroda tugʻildi (S. Ayniy uni 1886 yilda dunyoga kelgan deydi, hozirgi darsliklar va ilmiy tadqiqotlarda ham shu sanani takrorlashadi). Fitrat – Abduraufning taxallusi boʻlib, “tugʻma isteʼdod” maʼnosini beradi. Otasi Abdurahimboy savdo bilan shugʻullangani bois chet ellarga chiqar, dunyo ahvolidan boxabar, oʻqimishli va taniqli odam edi. Onasi Bibijon, adabiyotshunos, Fitrat oilaning toʻngʻich farzandi edi. U boshlangʻich tarbiyani diniy maktabda, soʻng mashhur “Mirarab” madrasasida oldi. Fors va oʻzbek tillarining mukammal bilimdoni boʻlmish Fitrat arab tilini ham chuqur egallab, shaharda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga, ayniqsa, jadidchilik harakatlariga qiziqib qaradi. Oʻzining aytishicha, avval jadidlar harakatiga qarshilik qildi, keyin uning mohiyatini anglab yetgach, bu harakatga qoʻshildi, hatto ashaddiy targʻibotchilaridan biriga aylandi. Jadidlar maslahati va yordami bilan bir guruh yoshlar, jumladan Fitrat Istanbulga oʻqishga yuboriladi. U 1909–1913 yillarda Turkiyada tahsil oldi. 1909 yili Istanbulda “Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilgan munozarasi” kitobi bosilib chiqdi. “Munozara…” Buxoroda bosilishiga amir ruxsat bermagach, Istanbulda nashr etilgan edi. Forscha yozilgan ushbu asarni Hoji Muin oʻzbekchaga aylantirdi va “Turkiston viloyatining gazeti”da bostirdi (1911 y. ). 1913 yilda esa asar alohida kitob holida chiqdi, unga Behbudiy kirish soʻzi yozdi. “Hibs qilish, oʻldirish, sangsor qilish kundagi odatlardan edi, – deb yozadi Fitrat, – u zamonlarda kitob yozishning oʻzi “kofir”lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarni yozdim. Buxoroning idora usulini, taʼlim-tarbiya usulini, bir kuy rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari boʻlgʻon Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirga qaratib bir soʻzboshi yozdim va shuning bilan goʻyo, tanqidning unga emas, maʼmurlariga oid boʻlgʻonini koʻrsatdim”.


6.Fitratshunoslik haqida nima bilasiz?

1988 yil 3 iyunda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida taniqli adabiyotshunos olimlar Izzat Sulton va Salohiddin Mamajonovlarning «Madaniyatimizning ikki siymosi» maqolasi e’lon qilindi. Mualliflar Fitrat ijodini o‘rganish va munosib baholash kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan ekanligaga diqqatni qaratdilar. Nihoyat, 80- yillarning oxirlaridan Fitrat asarlarini o‘rganishda yangi bir bosqich paydo bo‘layotgani ko‘zga tashlandi.

Bevosita adib asarlarini nashr etish, o‘quvchilarga yetkazish ishlari boshlandi. Matbuot sahifalarida uning ilmiy, badiiy, publitsistik asarlaridan namunalar e’lon qilina boshladi. «Sharq yulduzi» jurnalining 1989 yil 1-sonida E. Karimov so‘zboshisi bilan adibning mashhur asarlaridan «Abulfayzxon» dramasi chop etildi. Uni Safo Zufarov nashrga tayyorladi. 90-yillardan adabiyotshunosligimizga bir qator iste’dodli yoshlar kirib keldilar. Jumladan, H. Boltaboyev «Noma’lum Fitrat» nomli maqolasida («Yoshlik» j. 1990 y., 4-son) ilk bor mashhur adibning asarlari ro‘yxatini tuzib, e’lon qildi. Fitrat ijodini xolisona o‘rganish va baholash mustaqillikdan keyin ilmiy va rejali asosga ko‘chdi.

O‘tgan yillar ichida uning ko‘pgina asarlari nashr etildi. Ular haqida ilmiy-tadqiqot ishlari yaratildi. Ko‘plab nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari yozildi. Uning keng qamrovli, qomusiy merosi birgina adabiyotshunoslar, tilshunoslar emas, tarixchilar, huquqshunoslar, musiqashunoslar, elshunoslar kabi juda ko‘p va xilma-xil soha mutaxassislarini o‘ziga jalb etmoqda.


7. H.Boltaboev va O.SHarafiddinov tadqiqotlari haqida gapirib bering.

Ozod Sharafiddinovning Fitrat haqidagi maqolasidan: Abdurauf Fitrat o‘zbek va tojik xalqlarining madaniy rivojida salmoqli o‘rin tutuvchi yorqin siymolardan biridir. Uning taqdiri ham g‘oyat fojeali bo‘lgan — u ayni boy hayotiy tajriba orttirib, qalami qayralib, ilhomi to‘lishib turgan bir choqda Stalin istibdodining qurboni bo‘ldi. Oqlangandan keyin ham ko‘p yillar mobaynida uning asarlari nashr qilinmadi, nomi qora ro‘yxatlardan chiqmay keldi. So‘nggi yillardagina qayta qurish sharofati bilan, oshkoralik va demokratiyaning qanot yoza boshlagani tufayli Cho‘lpon, Elbek va boshqalar qatori Fitratning ham ba’zi bir asarlari dunyo yuzini ko‘rdi, adabiyotshunoslar ular to‘g‘risida maqolalar e’lon qila boshlashdi. Bular, albatta, Fitratni adabiyotimiz tarixidagi o‘zining qonuniy o‘rniga qaytarish borasida boshlagan ishlarimizning debochasi, xolos.

Fitrat kurashlarga, izlanishlarga, aldanishlar va kashfiyotlarga to‘la hayotiy yo‘lini bosib o‘tdi. U 1884 yilda Buxoroda tug‘ildi, eski maktabda o‘qidi, tarix, falsafa va adabiyotdan chuqur bilim oldi, arab, fors, turk tillarini mukammal o‘rgandi. Ayni choqda, eski maktab tahsilini ko‘rgan Fitrat o‘zining ta’biri bilan aytganda, “mutaassib ruhoniy” bo‘lib yetishgan edi.

XX asr boshida butun Sharqda bo‘lgani kabi Buxoroda ham ijtimoiy fikrda jiddiy uyg‘onish boshlanib, jadidchilik harakati kuchaydi. Fitrat ham, “yosh buxoroliklar” deb nom olgan jadidlarning so‘l qanotiga qo‘shiladi va oradan ko‘p o‘tmay — 25 yoshida Turkiyaga o‘qishga ketadi. Istambulda o‘tkazilgan to‘rt yillik hayot, turk ma’rifatparvarlari, adib va shoirlarining ijodi bilan tanishish, yevropacha falsafa va ijtimoiy ta’limotlardan o‘rganish Fitratning qarashlarida keskin burilish yasaydi — endi u Buxoro hayotidagi, Turkiston hayotidagi qoloqliklarni, bid’at va xurofatni aniqroq ko‘radi, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘lib yotgan kuchlar haqida teranroq o‘ylay boshlaydi. Bu izlanishlar Fitratni islohotchilik yo‘liga olib keladi — u din bilan ilmni birga qo‘shishga intiladi va ijtimoiy tuzumni yangilash g‘oyalarini o‘rtaga tashlaydi. Bunda u, ayniqsa, feodal psixologiyaning ko‘rinishlariga, dindagi, yashash tarzidagi mahdudlikka qarshi chiqadi. Fitratning jamiyatni isloh etish haqidagi g‘oyalari “Munozara» va «Bayonati sayyohi hindi” degan publitsistik risolalarida ifodalangan. Bu kitobning ikkovi ham birinchi marta fors tilida Istambulda nashr qilingan edi. Keyinroq esa (1913) Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy nashriyotida A. N. Kondratyev degan odam tarjimasida rus tilida bosib chiqariladi. Bu ikki risola Buxoroda ham, Turkistonda ham ijtimoiy fikrning o‘sishiga kuchli ta’sir qildi.

Fitrat 1913 yilda Buxoroga qaytib, yosh buxoroliklar harakatida faol qatnasha boshlaydi va keyinroq oshkora tarzda amir Olimxonga qarshi kurash yo‘liga kiradi. Ayni choqda, u ham shoir, ham adib, ham adabiyotshunos, ham muarrix, ham tilshunos, ham publitsist sifatida qalam tebrata boshlaydi va tez orada jamoatchilik o‘rtasida katta obro‘ qozonadi. 1920 yilda Buxoro xalq respublikasi tuzilgach, Fitrat yangi hokimiyat tarkibida bir necha yil maorif ishlari bo‘yicha vazirlik vazifasini bajaradi.
8.Fitrat hikoyalarini G‘oyaviy-badiiy tahlil qiling.

Fitrat koʻpqirrali va sermahsul ijodkordir. Bu – uning oz va soz lirikasi, koʻpqirrali dramaturgiyasi, jangovar publitsistikasi va katta hajmdagi chuqur ilmiy tadqiqotlaridir. Uning ijodiy ishlari va ijtimoiy faoliyati xalqni jaholat, turgʻunlik, gʻaflatdan uygʻotish, ilm-maʼrifatga chorlash, erkin, ozod, baxt-saodatli hayotga, birinchi navbatda milliy mustaqillikka chorlashga qaratilgan edi. U oʻzbekning oʻzligini tanishi, ota-bobolari kabi ulugʻvor kashfiyotlar qilishga, birlashgan, kuchli, qudratli davlat tuzishga va dunyoning ilgʻor madaniy mamlakatlariga yetib olishga chaqirdi. Butun ijodining mohiyati xalqning qalb qoʻzini ochishga va mehnat, yaratish, oʻqish, unish, kurashga daʼvatdan iboratdir. Uning ilk toʻplami “Sayha”ning kuchi Fayzulla Xoʻjayev taʼkidlaganidek, “Buxoro mustaqilligi gʻoyasi yorqin milliy shaklda birinchi bor ifodalab berilishida edi”. Vatanga muhabbat, xalqning gʻam-gʻussasiga achinish va zulmdan qutulishga undash tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan.


9.Dramaning yaratilishi va o‘rganilishi haqida gapirib bering.

Fitrat dramalari orasida alohida o‘rinlardan birini «Abul-fayzxon» egallaydi. «Abulfayzxon» janriga ko‘ra — tarixiy fo-jia. Mazmun-mundarijasiga ko‘ra ko‘hna Buxoro tarixidagi g‘oyat mas’uliyatli va murakkab davrlardan birini qalamga olgan.

Bu ashtarxoniylar sulolasining oradan ko‘tarilib, o‘rniga mang‘itlar saltanatining kelishidir. Drama bir qadar o‘rganilgan, u haqda qator maqolalar yozilgan.
10. Dramada tarixiy davr va badiiy to‘qima haqida gapirib bering.

Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi hukmdori bo‘lgan Abulfayzxon (PP—1747) shaxsi boshqalaridan ko‘pda farq qilgan emas. Lekin u yurt so‘ragan XVIII asrning birinchi yarmidagi tarixiy, siyosiy sharoit juda murakkab bo‘lganligi aniq. Gap shundaki, saltanatda Muhammadhakim (pyesada Hakimbiy) bosh mang‘itlar nufuzi benihoya ortib ketgan edi. Ikkinchi tomondan esa, joriy an’anaga ko‘ra ashtarxoniylardan boshqani xon ko‘tarish mumkin bo‘lmaganligi tufayli mang‘itlar o‘z vakillarini taxtga o‘tqaza olmas edilar. Shu sababli, Abulfayzxon nomigagina xon bo‘lib, hamma ishlar mang‘it Muhammadhakim izmida edi. Muhammadhakim, so‘ngroq uning o‘rnini egallagan o‘g‘li Muhammadrahim (dramada Rahimbiy) barcha ishlarni Abulfayzxon orqali amalga oshirar, shu jumladan, saltanat yo‘lidagi dushmanlarini xon qo‘li bilan o‘rtadan ko‘tarar edilar. Bunday qo‘sh hokimiyatchilik birgina saroy doirasida emas, sipohlar orasida ham ikki-yuzlamachilikka keng yo‘l ochgan edi.Asarda Rahimbiyl. Nodirxon, Ulfat, Davlat kabi obrazlar bo`lib ular asarning muvaffaqiyatini ta`minlab bergan.



11. Fitrat - dramaturg. SHekspir va Fitrat haqida gapirib bering.

Uning «Hind ixtilolchilari», «Temur sag'anasi», «O'g'izxon», «Abo Muslim», «Turk tili» kabi asarlarida ham hurfikrlar, qarashlar, ko'zga tashlanadi. Shular qatorida «Qon», «Begijon», «Chin sevish», «To'lqin», «Vose' qo'zg'oloni», «Ro'zalar» kabi dramalari yaratildi. «Abulfayzxon», «Arslon» va «Vose'» (tojik tilida), kabi dramalari g'oyasida ham seziladi. Uning«Qiyomat», «Shaytonning tangriga isyoni» kabi nasriy asarlarida endi ijodkor falsafasining chuqurlashganligi, katta ijtimoiy-hayotiy muammolarni hal etishga intilishi ko'zga tashlanadi.


12. “Abulfayzxon” dramasidagi obrazlar olamibi ochib bering.

Fitrat mana shu tarixiy voqelikning mazmun-mohiyatini konkret obrazlar xatti-harakati va taqdirlar misolida qayta jonlantirishga va ulardan zamon uchun kerakli xulosalar chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Pyesa matnida ayrim holatlar ifodasi, personajlarning xat-ti-harakatlari, so‘zlari musiqa bilan quchaytirilishi lozimligi haqida so‘zlar, ishoralar bor. Ular goho bevosita asar qahramonlari, ba’zan esa muallif tilidan beriladi. Dramaning muvaffaqiyatini ta’min etgan narsa muallifning tarix falsafasini anglaganida, davr voqealari va tur-mushi manzaralarini nozik his qilishida, ota-bobolarimizning maishiy hayoti tafsilotlarini yaxshi bilishida, nihoyat, badiiy zehniyatida edi.


13. SHoir she’rlarida davr ruhi ifodasi va mahorat masalasi haqida gapirib bering.

Fitratning mashhur sheʼrlaridan biri “Mirrix yulduziga” deb nomlanadi. Bu sheʼr uning boshiga koʻp kulfatlar soldi, uni millatchi deb ayblashda yana bir qoʻshimcha dastak boʻlib xizmat qildi. Sheʼrda Fitrat yulduz bahonasida Allohga murojaat etib, bolsheviklarning, bosqinchi rus askarlarining vahshiyliklarini fosh etadi va yurtdoshlarini ularga qarshi ozoddik kurashiga daʼvat etadi. Garchand Fitrat fors, arab tillarini yaxshi bilsa-da, oʻz sheʼrlarida iloji boricha oʻsha tillarga mansub soʻzlarni ishlatmaslikka va sodda oʻzbek tilida yozishga intildi. Uning ustiga Fitrat oʻz badiiy ijodi va ilmiy maqolalari orqali barmoq vaznining qulayligi va keng imkoniyatlarini targʻib qildi. “Bir oz kul!”, “Ishqimning tarixi”, “Yana yondim…”, “Qor” kabi sheʼrlari soddaligi va tuygʻu, kechinmalarni haqqoniy ifodalab berishi bilan jozibalidir. “Oʻqituvchilar yurtiga” sheʼrida elni maʼrifat, haqiqat yoʻliga yoʻnaltirish va jaholatga qarshi kurashga daʼvat etadi.


14. Fitrat she’rlarining maktabda o‘rganlishi haqida gapirib bering.

Abdurauf Fitrat she’riyati haqida so‘z ketganda shuni aytish kerakki- shoir ilk she’ridan boshlab Turk Dunyosini, Turkiston birligi, istiqlol g‘oyasini ilgari surdi, u turk dunyosiga millatparvar va yoniq shoir sifatida tanilgan edi. Bu haqda unga zamondosh tanqidchilardan Abdurahmon Sa’diy shunday yozadi: “Fitrat – hozirgi o‘zbek she’riyatida arab, fors so‘zlariga yo‘lni berkitdi. O‘zbek she’r tuzilishining rivojlanish yo‘llarini belgilay borib, ko‘pgina yosh shoirlarni o‘zining uslubi va tili bilan ergashtira oldi, atrofiga yosh shoirlarni to‘plab ularga til va uslubdan yo‘l ko‘rsatmakdadir.” Shu orqali uning asarlari, she`rlari qalblarga kirib , uning nozik torlarini chertdi va o`quvchiga juda katta ta`sir ko`rsatdi.
Download 35.38 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling