7- sinfda ko’makchilarni o’rganish


Download 24.1 Kb.
Sana15.12.2020
Hajmi24.1 Kb.
#167486
Bog'liq
Maqola



7- sinfda ko’makchilarni o’rganish
Xoliqova Bo’rigul To’g’ilovna

Oqoltin tumani 1- maktabning ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi

So’zlarning so’rog’I va qanday umumlashgan ma’no ifodalashiga ko’ra guruhlarga bo’linishi so’z turkumlari deyiladi.

So’z turkumlari ma’no va vazifasiga ko’ra quyidagi guruhlarga bo’linadi:1.Mustaqil so’zlar(fe’l,ot, sifat, son,ravish , olmosh ).2.Yordamchi so’zlar(ko’makchi, bog’lovchi, yuklama ).3.Undov so’zlar.4. Taqlid so’zlar. 5. Modal so’zlar.Bulardan undov so’zlar, taqlid so’zlar va modal so’zlar alohida olingan so’zlar sifatida ham nomlanadi.

O’quvchilar 7-sinfda yordamchi so’zlar haqida to’liq ma’lumotga ega bo’ladilar. Lekin o`quvchilarga yordamchi so’zlarni o’rgatish jarayonida ularning ba’zi bir grammatik xususiyatlariga alohida e’tibor qaratish kerak bo’ladi. Shu asosda yordamchi so’zlarga xos bo’lgan belgilar mohiyatini o’quvchilar yaxshi anglab yetadilar.qQuyida shu haqda fikr yuritamiz.

Ko’makchilar.

Ot, olmosh , harakat nomi va sifatdoshlardan keyin kelib,ularni hokim so’zga bog’lash uchun ishlatiladigan yordamchilarga ko’makchilar deyiladi.Masalan: kabi, uchun, singari orqali, sayin tufayli kabilar.Shu o’rinda o’quvchilarga sof ko’makchiarning barchasini va qaysi so’zlardan keyin kelishini tushuntirib berish lozim bo’ladi.

Ko’makchilarning ot, olmosh, harakat nomi va sifatdoshlardan keyin kelishini quyidagi misollar orqali ko’rsatib berish mumkin.Masalan:

1. Otdan keyin: Qish qo’ynidan baxt singari yoz uchib kelar .(Mirtemir ) Bu gapda singari sof ko’makchisi “baxt ” mavhum otdan so’ng kelgan, shu so’z bilan bitta so’roqqa javob bo’lib , ot bilan birgalikda bir xil so’roqqa javob bo’ladi, bir xil sintaktik vazifani bajaradi: so’rog’I qaytarzda? Sintaktik vazifasi hol. Yoki: Duo bilan el ko’karar, yomg’ir bilan yer ko’karar.( Maqol)( duo bilan, yomg’ir bilan –nima bilan? To’ldiruvchi vazifasida )

2. Olmoshdan so’ng:Siz bilan hamsuhbat bo’lmasdan avval boshqacha xayolda edim.(O.Yoqubov) Kim bilan? Siz bilan- to’ldiruvchi.

3. Harakat nomidan so’ng:Ba’zilar ovqatlanish uchun yashaydilar, Men esa yashash uchun ovqatlanaman.( Abu Ali ibn Sino)Bu gapda uchun ko’makchisi ovqatlanish, yashash so’zlaridan so’ng kelib , bir xil so’roq olgan (nima maqsadda?),gapda maqsad holi.

4.Sifatdoshdan so’ng: Sizni ovqat ustida bezovta qilayotganim uchun uzr so’rayman,- dedi qo’lini ko’kragiga qo’yib.(O’. Hoshimov)

Bu gapda uchun ko’makchisi qilqyotgan (im) sifatdoshidan keyin kelgan,sabab ma’nosini bildirib(nima sababdan?), gapda o’zi bog’langan so’z bilan birga sabab holi vazifasini bajargan.

Shundan so’ng sof va vazifadosh ko’makchilar haqida ma’lumot beriladi.Vazifadosh ko’makchilarning qaysi so’z turkumidan o’sib chiqishini bilish bilan birga ularning qaysi kelishikdagi so’zlardan keyin kelishini bilish muhim.Masalan: ost, ust ,yon, old, orqa, ro’para,qosh(ot so’z turkumidan o’sib chiqqan) vazifadosh ko’makchilari har doim qaratqich kelishigidagi so’zlardan so’ng keladi,qaratqich kelishigi belgili va belgisiz qo’llanishi mumkin.

Masalan: Qoziq ustida qor turmas.(Topishmoq) – ustida ko’makchi vazifasida kelgan ,qoziq so’zi bilan birga qayerda? So’rog’iga javob bo’ladi. Gapda o’rin holi. Agar ot ko’makchilar bosh kelishik shaklida bo’lsa o’zining mustaqil ma’nosida qo’llanadi. Masalan:Devorning usti nurab tushgan edi.(usti bosh kelishikda, qayer? –ega vazifasida).

Oldin, avval, keyin, so’ng, tomon – ravish so’z turkumidan hosil bo’lgan . ular faqat chiqish kelishigidagi so’zdan keyin kelsa ko’makchi, bosh qa holatda mustaqil ravish vazifasida keladi.

Masalan: To’ydan keyin nog’ora chalmoq- nodonlar ishi. ( to’ydan keyin- qachon? Payt holi to’ydan so’zi bilan birgalikda).

Agar vazifadosh ko’makchilar chiqish kelishigida kelgan so’z bilan birga kelmasa o’zi mansub bo’lgan so’z turkumiga o’tadi . Masalan: Avval o’yla, keyin so’zla.( Maqol) (qachon? – avval , keyin mustaqil so’z, ravish). Kesimga bog’lanib payt holi vazifasini bajargan.

Bo’ylab, qarab, ko’ra, deya, deb, atab- fe’l so’z turkumidan hosil bo’lgan.Bunday so’zlar ko’makchi vazifasida kelganda , o’z ma’nosini yo’qotadi,shuning uchun ma’lum so’roqqa javob bo’lmaydi.O’zi qo’shilgan so’z bilan bitta so’roqqa javob bo’ladi. Masalan:Jahon bo’ylab uchib yurar oq kabutar tinchlik qushi.(She’rdan)(qayer bo’ylab- jahon bo’ylab).Bo’ylab vazifadosh ko’makchisi bosh kelishikdagi ismlardan so’ng keladi.

Sof va vazifadosh ko’makchilarni ana shunday misollar orqali tushuntirib berish o’quvchilarning ko’makchilar haqidagi bilimlarini oshiradi.

Ko’makchilarning ma’nolari.

Ko’makchilar yetakchi so’zga bog’lanib, ularga turli qo’shimcha ma’nolar yuklaydi.O’quvchilarga mavjud ko’makchilarning har biri anglatadigan ma’nolar haqida to’liq ma’lumot berish maqsadga muvofiq.Xususan,sababli ,tufayli ko’makchilari sabab ma’nosini bildiradi, uchun ko’makchisi sabab va maqsad ma’nosini;tomon ,qarab,sari, bo’ylab yo’nalish ma’nosini;haqida, to’g’risida ko’makchilari mavzu ma’nosini; kabi, singari esa o’xshatish , qiyoslash ma’nosini; qadar ko’makchisi chegara ma’nosini ifodalaydi. Darslikda berilgan ushbu ma’lumotlar o’quvchilarning mavzuni yaxshi tushunib olishlari uchun yetarli emas.

Qo’shimcha ravishda quyidagi ko’makchilarni ham ko’rsatib o’tish mumkin: bilan ko’makchisi,birgalik, qurol-vosita, holat ma’nolarini,osha- vaqt, makon ma’nosini, bo’yicha- moslik ma’nosini, uzra- yo’nalish ma’nosini, degan – atash ma’nosini, bo’yi –davomiylik ma’nosini, holda, yo’sinda- holat ma’nosini, ko’ra- sabab, qiyoslash, ta’kidlah ma’nolarini, qarshi- zidlik, qaraganda- ayirish, doir- aloqadorlik, asosan- tayanch, manba, muvofiq- asos, bosha, tashqari, bo’lak- mustasnolik, beri, buyon- payt, nari-chegara,boshlab- vaqt, tortib- o’rin, manba ma’nolarini ifodalaydi.Ushbu ko’rsatilgan ko’makchilar sof va vazifadosh ko’makchilar hisoblanadi.Bu so’zlarning ko’makchi vazifasida kelishini quyidagi misollarda ko’rish mumkin.

Siz bilan hamsuhbat bo’lmasdan avval boshqacha xayolda edim.(O. Yoqubov) (siz bilan, bo’lmasdan avval, bilan bosh kelishikdagi olmoshdan so’ng kelgan ,birgalik ma’nosini bildiradi, gapda to’ldiruvchi, avval vazifadosh ko’makchisi chiqish kelishigidagi bo’lishsiz harakat nomidan so’ng kelgan , payt ma’nosini bildiradi, hol vazifasida kelgan)

Darslar o’quv jadvali bo’yicha olib boriadi.(jadvali bo’yicha )Qiyg’ir degan qush o’tirar qiyoda.( Xalq og’zaki ijodi ) (qiyg’ir degan – bosh keilishikdagi otdan so’ng kelgan, qush so’zining aniqlovchisi)

Shoir qalin kitobni tizzasiga qo’yib, yostiqqa suyangan holda tarix mutolaa qilar edi .( Oybek)(suyangan holda, bosh kelishikdagi sifatdoshdan so’ng kelgan, qaytarzda, hol vazifasini bajargan)

Ko’makchilar bilan birga kelgan so’zlarning shakllari

Ko’makchilar o’zgarmaydi, ya’ni turlanmaydi, yasalmaydi.Ayrim kelishiklarni boshqaradi.Vosita, sabab, maqsad,qiyos- o’xshatish kabi munosabatlarni ifodalaydigan bilan, uchun, kabi, chog’li, qadar, sayin, bo’yicha , sababli, orqali, bo’ylab ko’makchilari bosh kelishikdagi ismlarni (ba’zan qaratqich kelishigidagi olmoshni) talab qiladi.

Yo’nalish, sabab, maqsad munosabatlarini ifodalovhi ko’ra ,qarshi, tomon, qarab, qaramasdan ko’makchilari jo’nalish kelishigidagi ismlarni talab qiladi.

Chog’ishtirish, qiyoslash, ajratish munosabatlarini ifodalovchi so’ng , boshqa tashqari, bo’lak, beri kabi ko’makchilar chiqish kelishigidagi so’zni talab qiladi.

Quyida misollar orqali ko’rsatib o’tamiz.

1.Bosh kelishikdagi ismlar 2. Jo’nalish kelishigidagi ismlar bilan qo’llanadigan ko’makchilar

bilan qo’llanadigan ko’makchilar Tomon – uyga tomon

Bilan –ukam bilan Qadar – kechga qadar

Uchun – onam uchun Ko’ra – shunga ko’ra

Kabi – quyosh kabi Qarshi – baxtga qarshi

Singari –qum singari Qarab – bilimiga qarab

Sayin – kun sayin Qaraganda – shunga qaraganda

Sari – yorug’lik sari Yarasha - mehnatiga yarasha

Sababli – o’qiganligi sababli Doir – shunga doir

Bo’yi – kun bo’yi Asosan – qarorga asosan

Haqda – bu haqda Binoan – farmoniga binoan

Yo’sinda – shu yo’sinda Muvofiq – shunga muvofiq

3. Chiqish kelishigidagi so’zlar bilan qo’llanadigan ko’makchilar

So’ng – shundan so’ng

Keyin – birpasdan so’ng

Boshqa – ishdan boshqa

Tashqari - bilimdan tashqari

Beri – aytgandan beri

Buyon – anchadan buyon

Shuningdek, nari burun, ilgari, boshlab, tortib kabi so’zlar ham chiqish kelishigidagi so’zlar bilan qo’llanadi

Ko’makchilarni leksik ma’noga ega bo’lmaganligi uchun so’z shakli sifatida boshqa so’zlardan farqlashda yuqorida ko’rsatilgan uchta asosiy belgini bilish muhim rol o’ynaydi.

1 Ko’makchilarning ot, olmosh, harakat nomi, sifatdoshlardan keyin kelishi.

2. Sof va vazifadosh ko’makchilar sifatida qo’llanishi.

3. Ko’makchilarning bosh kelishik ,( ba’zan qaratqich kelishigi) jo’nalish kelishigi, chiqish kelishigi shaklidagi so’zlar bilan qo’llanishi.

Ko’makchilarning ana shu belgilarni o’quvchilarga o’rgatish, boshqa so’z shakllaridan farqlash ko’nikmalarini hosil qilish o’qituvchidan ancha mehnat talab qiladi.

Yana shuni eslatib o’tish kerakki, yordamchi so’zlardan ko’makchi va bog’lovchi b o g’l a sh vazifasini bajaradi.Ularning farqi shundaki, ko’makchilar tobe so’zni hokim so’zga bog’laydi. Bog’lovchilar esa gapdagi uyushiq bo’laklar va qo’shma gap tarkibidagi sodda gaplarni bog’lash uchun xizmat qiladi.Bularni misollar orqali o’quvchilarga o’rgatish maqsadga muvofiq bo’ladi deb o’ylayman.


Foydalanilgan adabiyotlar:

1.N .Mahmudov va boshqalar. 7-sinf. Ona tili darsligi.Toshkent. “Ma’naviyat”2017

2.Sh. Shoabdurahmonov va boshqalar. Hozirgi o’zbek adabiy tili. Toshkent. “O’qituvchi” 1980

3. A. Hojiyev Lingvistik terminlarning izohli lug’ati. Toshkent, “O’qituvchi” 1985



4. N .Mahmudov va boshqalar.6-sinf. Ona tili darsligi. 2017
Download 24.1 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling