9-mavzu: Psixika va kasalliklar


Download 39.63 Kb.
Sana12.06.2020
Hajmi39.63 Kb.
#117918
Bog'liq
Маруза матни


9-mavzu: Psixika va kasalliklar

Reja:

1.Kasalliklarni paydo bo`lishida psixogen omillarning roli.

2.Stress va fiziologik jarayonlar.

3.Psixik jaroxatlar va bemor shaxsining xususiyatlari.

4.Nevroz xolatining psixogen mexanizmi.
Psixogen kasalliklarga ruhiyatga shikast yetkazuvchi omillar ta`sirida paydo bo`lgan nevrozlar va reaktiv psixozlar kiradi. Kuchli ruhiy shikast yetishi natijasida reaktiv psixozlar rivojlanadi. Avvalgidan kuchsizroq, ammo davomli ruhiy ta`sirotlar nevrozlarni paydo qiladi. Psixogen kasalliklar psixozlardan farq qilib, funksional qaytish xususiyatiga ega va shaxsiyatning intellektual-mnestik so`nishi bilan kuzatilmaydi. Ammo shaxs uchun ayniqsa ahamiyatli, surunkali, ruhiy shikastlovchi ta`sir holatlarida vujudga kelgan nevroz va reaktiv psixozlar davomli bo`lishi mumkin.

«Nevroz» tushunchasi tibbiyotga 1776 yilda shotland vrachi V.Kollen tomonidan kiritilgan. U bu xastalikni funksional xususiyatga ega ekanligini ta`kidlab, bosh miya strukturasida organik o`zgarishlar bo`lmasligini bayon qildi.

Nevrozlar funksional-qaytish xususiyatiga ega bo`lgan xastalik bo`lib, ruhiyatga shikastlovchi omillar (ko`pincha turmushning bo`lmasligi va kamroq hollarda og`ir ruhiy ta`sirotlar)ga shaxsning reaksiyasidir. Nevroz hosil bo`lishiga boshqa omillar hamda shaxsning kasallikdan oldingi holatlari, masalan, astenik va astenik-psixopatlarda, zaharlanganlarda (alkologizm), uzoq vaqt charchaganlarda va uyqusi yetarlicha uxlamaydiganlarda tez va osonlikcha paydo bo`ladi. Ko`pincha nevroz belgilari asta-sekin, kamroq hollarda to`satdan yuzaga chiqadi. Nevrozlar turli yoshda paydo bo`lsa-da , 25-40 yoshdagi odamlar uchun ko`pincha xosdir. Ruhiy buzilishlarning ko`p uchraydigan turi nevrozdir. Rivojlangan, taraqqiy etgan mamlakatlarda nevrozlar taxminan 5-15 % tarqalgan ,ya`ni har o`ninchi odam nevrozdir.

Barcha ruhiy kasalliklarning 20-22 % nevrozlardir. Bolalar, erkaklar va ayollar nevroz bilan bab-baravar darajada kasallanadilar. Nevrozlar reaktiv psixozlardan farqli o`laroq in`ikos faoliyatining buzilishiga, ruhiy faoliyatining qo’pol buzilishiga olib kelmasada, bemorlarning hayotiy vaziyatlarga moslashuvi o`zgaradi. Bemorlar o`z kasalliklariga to`g`ri va tanqidiy qaray oladilar, ongi saqlanib qoladi va o`z-o`zini boshqara oladilar .

Nevrozlarning quyidagi turlari farqlanadi: nevrasteniya, isterik nevrozlar va miyadan ketmaydigan nevrozlar.

Nevrasteniya (astenik nevroz, holdan toydirish nevrozi). Nevrasteniya mustaqil kasallik sifatida amerakalik ruhiy vrach D.J.Burd tomonidan 1868 yilda tasvirlangan. U nevrasteniyani asab tizimining holdan toyishi, taassurotga chidamsizlik deb qaraydi. Nevrasteniyada kasallik belgilari turli-tumandir.Nevrasteniyaning klinik ko`rinishida asosiy o`rinni astenik sindrom, serjahllik bilan birga kuchaygan qo`zg`auvchanlik, holdan toyish, charchashlik egallaydi.

Nevrasteniyaning klinik ko`rinishida ikki bosqich farq qilinadi: giperstenik - ko`pincha kasallik boshlanishida kuzatiladi va gipostenik. Uni bunday bosqichlarga bo`lish shartlidir, chunki kasallikning rivojida hamma vaqt ham bosqichlarni aniqlashga imkon bo`lmaydi. Nevrozning dastlabki giperstenik fazasi to`la namoyon bo`lganda kasallikning asosiy belgilari qo`zg`aluvchanlik va ta`sirchanlik, o`zini tutib tura olmaslik, sabrsizlik, asabiylik, ichki kuchlanishni sezish, ruhiy va jismoniy charchoqlik bilan qo’shilib, ish qobiliyatini pasaytiradi. Bemorlar ruhiyatiga yengil shikast yetkazuvchi holatlar uchun jiddiy, tez, his-hayajonli va shiddatli reaksiya beradilar. Atrof muhitning avval odatda ta`sir chaqirmaydigan omillarni endi ko`tara olmaslik holati paydo bo`ladi. Hatto nozik tovush, eshik g`ichirlashi, soatning chiqillashi, radio va televizor tovushi, telefon qo’ng`irog`i, kichik, arzimagan tasodifiy janjal bemorlarda sezilarli affektiv reaksiya chaqiradi, bu shunday shiddatli bo`ladiki, bemor o`zini ushlay olmaydi, hayron qolib baqiradi, oyoqlarini tapillatadi. Bunday reaksiya uchun uning labilligi, qisqa vaqt bo`lishi, tez o`tishi, so`ngra umumiy bo`shashish, ko`z yoshi bilan uzoqqa cho`ziladi. Abu Ali Ibn Sino nevrasteniyaning bir qator belgilarini keltiradi: ortiqcha ta`sirchanlik, o`ynoqi kayfiyat, uyqu va ishtahaning yoqolishi, shunday bemorlarning tashqi ta`sirotlarga ta`sirchan-beriluvchan bo`lib qolishi, masalan, yorqin yorug`lik, qattiq tovush va boshqalar shular jumlasidandir.Uning ta`kidlashicha, «odamning yuragi va miyasi arzimagan ta`sirotlarga kuchli javob qaytarsa, bunday odam arzimagan narsadan jahli chiqib o`zini –o`zi ushlay olmasa, agar bemor uchun baland tovushlar, kuchli hidlar va yorqin bo`yoqlar noxushlik tug`dirsa, uning ko`ngli, qalbi bo`shashgan bo`ladi ».

Bosh og`rig`ini Ibn Sino boshqa omillar bilan bir qatorda ruhiy «tashvishlardan », «og`ir ruhiy jarayonlardan yoki badan harakatidan» kelib chiqishiga ishora qiladi. Ko`pgina bemorlar o`zlarini juda ezilgan hisoblaydilar, o`zlarining turli ishlari va xizmatlari cheksizligidan ular hech qachon ishlarini oxirigacha yetkazmaydilar, ularga hamisha vaqti yetishmaydi, doimo shoshib yuradilar va jonsaraklikdan qutula olmaydilar. Juda tez ta`sirlanuvchan bo`lib qolganlaridan yaqinlari va xizmatdoshlari, hatto notanish odamlar bilan ham janjanlashib qoladilar. Odatda ular o`zlarini yomon his qilayotgani, jismoniy va ruhiy toliqishi, bo`shashib ketayotganligini, odatdagi ishni uddalay olmayotgani, tez-tez charchab qolishi, ish qobiliyatini va unumning pasaygani , tinka –madori qurib ketayotgani, xotirasi pasayib, eslash qobiliyati susayganligidan shikoyat qiladilar. Ammo bosh miyaning organik kasalligida (serebral ateroskleroz, insul`tdan keyingi holat, bosh miya shikastida ) kuzatiladigan kabi emasdir, balki diqqatning susayganligi, fikrning tarqoqligi, uzoq vaqt o`tirib aqliy mehnat qila olmasligining mahsulidir. Nevrasteniya uchun « uyqu va uyg`oqlik » siklining buzilishi tavsiflidir. Bu uzoq vaqt qiynalib uxlay olmaslik, hayajonli yuza uyqu, arzimagan shovqindan yoki o`zining uyqudagi harakatidan o`zi uyg`onib ketishida namoyon bo`ladi. Ko`pincha bemorlar kunduzgi tashvishlarining uyquda davom etishidan shikoyat qiladilar. Ertalab bemorlar zo`rg`a turadilar, o`zlarini loqayd sezadilar, ishlagan, dam olmagan odamdek his qiladilar. Boshlari og`ir bo`lib turadilar .

Kun bo`yi mudrab yursalar-da, uxlay olmaydilar. Abu Ali Ibn Sino «uyqusizlikni» turli holat va kasalliklarda bayon eta turib tushkunlikka tushganidan odamlarda uyqu buzilishiga e`tiborni qaratadi, ba`zan uyqusizlik yomon kayfiyatda, tashvishli fikrlar chulg`ab olganda kuzatiladi, ayniqsa ular uyqusizlikka moyil bo`lsalar, uyqusizlik yaqqol namoyon bo`ladi .

Nevrasteniyaning klinik ko`rinishida somato-vegetativ buzilishlar –a`zolar yoki tizimlarning nevrozi muhim o`rin egallaydi. Bularga nevrasteniyada tez-tez uchraydigan bosh og`rig`i kiradi. Boshning og`rishi kuchli darajada bo`lib, ba`zan pasayib turadi, ammo ozgina aqliy, ruhiy zo`riqishdan, arzimagan ruhiy shikastdan so`ng kuchayib ketadi. Og`riq xususiyati turlicha va o`zgaruvchan – boshi og`irlashib qoladi, nina sanchigandek bo`ladi yoki impul`sasiyaga o`xshab tortishadi va bemorda anchagina bezovtalik qiladi. Qator hollarda kuzatiladigan kuchli bosh og`rig`i nevrologik va paraklinik tekshirishlar qilinmaganda bosh miyaning organik kasalliklari (leptomeningit, bosh miya o`smalari, bosh miya shikastlanishlari ) yo’qmikan degan gumonga olib boradi. Bunday bemorlar uzoq vaqt nevropaloglarga murojat etib, ularning hisobida turadi.

Nevrasteniyali bemorlarni ko`pincha organizm boshqa sistemalarining – yurak-qon tomir , oshqozon-ichak , endokrin –jinsiy tizimlarning funksional o`zgarishlari bezovta qiladi. Bemorlar ko`pincha yurak sohasidagi turli nohush og`riq sezgilar (yurak urib ketishidan, chap qo`lga uzatuvchi og`riqdan, nafas siqishi, yurakning notekis urib ketishidan va h.k.)dan “yurak nevrozi”dan shikoyat qiladilar. Bu shikastlar yurak xastaliga yoki yurak yetishmovchiligi bormikan degan gumon qilishga asos yaratib beradi. Nevrasteniya tashxisi quyilgan bemorlarni ko`pincha oshqozon sohasidagi og`riqlar, ko`ngil aynishi, qusish va boshqa dispeptik izdan chiqishlar bezovta qiladi . Endokrin tizimi tomonidan nevrasteniyali bemor ayollarda frigidlik, xayz sikli va jinsiy faoliyatning boshqa buzilishlari kuzatiladi.

Erkaklarda esa xohishning susayishi, tez jinsiy qo`zg`olish va ereksiyaga erishish va shu bilan bir qatorda bemorda bezovtalik chaqiruvchi vaqtidan avval eyakulyasiya bo`lishi bilan ko’shilib ketadi . Bu bezovtalikni ham alohida bir kasallik deb qaramaslik lozim, bu ham seksual nevroz «ko`rinishidir». Shunday simptomlar – belgilar nevrasteniya kasalligining klinik ko’rinishida yetakchi o`ringa chiqib qolishi va u yoki bu a`zolarning nevrozini ifodalashi mumkin. Bunda nevrasteniyaning odatdagi davolash usullari umuman olganda bu xastalikning tuzalishiga olib keladi.

Ko`pincha nevrasteniyada kasallar uzoq vaqt davomida nevropatologlarda muvofaqiyatsiz davolanib yuradilar. Terapevt, gastroenterolog, endokrinolog, urologlarga boradilar. Nevrasteniyada bemorlar o`zlarining kasal ekanliklarini biladilar, ba`zida ularda vrachga ahvolini og`irroq ko`rsatish xohishlari ham paydo bo`lib turadi. Shifokor bilan samimiy suhbatda, muloqotda unga ishonadi va uz axvolini ochiq bayon qiladi, ammo atrofdagilarga kasalligini bildirgisi kelmaydi .

Nevrasteniyaning gipostenik fazasi ko`rinishlariga jismoniy hamda intelektual toliqish, bo`shashib ketish va tepkilagandek charchash belgilari kiradi. Doimo kayfiyati tushkun bo`ladi, unga qo`zg`olish, qiziqishning susayishi, kundalik ishlarga xafsalasizlik qo`shiladi. Kunduzi bemorlarni mudroq bosadi, kechalari chuqur toliqib uxlay olmaydi va tez-tez uyg`onib turadi. Arzimagan, yechimi oson bo`lgan muammo bemor uchun qiyin, hal qilib bo`lmaydigandek tuyuladi. Yuzidan charchaganlik alomati bilinadi, rangi oqargan, tovushi past, yuzi charchab –xorigan, jabrlangan, qaridek ko’rinadi va oza boshlaydi .

Nevrasteniyaning davomiyligi turlichadir, u bir necha oydan bir necha yilgacha davom etadi. Bu esa ruhiy shikastlikning davomiyligiga, chuqurligiga, hususiyatiga, shaxsning tuzilmasiga, organik asosning bor-yo’qligiga, somatik bemorlik borligiga va yana ko`pgina omillarga bog`liqdir. Yengil holatlarda nevrasteniya o’tuvchan, ko’pincha surunkalidir.

Isterik nevroz

Iserik nevroz-psixogen hosil bo`lgan bemorlikdir, xarakat, sezgi (sensor) va somato-vegetativ sohaning funksional o`zgarishlari bilan kuzatiladi.

Isteriya qadim Yunonistonda va boshqa mamlakatlarda ma`lum edi (Platon, Galen, Bukrot ishlarida). Abu Ali ibn Sino dunyoga mashhur asari «Tib qonunlari »da bu kasallikning klinikasini, kechishini, etiopatogenezini juda mohirona bayon qilgan. Kasallikning nomi yunoncha globus hystericus — bachadon so`zidan kelib chiqqan bo`lib, uni bachadon kasalligi bilam bog`lashgan edi, ammo erkaklar ham isteriya bilan kasallanadilar. Isteriya birinchi bo`lib Sharko tomonidan 1868 yili ruhiy kasallik sifatida yozilgan va u «buyuk yolg`onchi» deb nomlanadi, negaki isteronevrotik alomatlar g`oyat har xil ko`rinishga ega bo`lib, nafaqat ruhiy, balki nevrologik va somatik kasalliklarni eslatadi. Isterik ko`rinishlarni o`sha vaqtda seksual o`zgarishlar bilan bog`lar edilar. Pirovardida erotik janjallarni isteriya kelib chiqarishda anchagina ahamiyati borligini 3. Freyd va uning davomchilari ko`rsatdilar.

Isterik nevroz nevrasteniya ko`rinishida ham paydo bo`ladi, u ruhiy shikoyatlovchi vaziyatga bog`liq bo`ladi.

Isterik nevroz belgilarining ahamiyatga molik sabablaridan biri bu kasallik alomatlarining ruhiy omillar bilan bog`liqligi, shularga moc holda organik o`zgarishlarning yo’qligi va isterik buzilishlarni o`ziga o`zi singdirishidadir. Isterik nevroz alomatlari na­faqat ruhiy shikastalikda, shuningdek bemorlar o’z xohishini amalga oshira olmaganida boshlanib qoladi. Isterik nevroz ruhiy infantilizmi bor, o`zini mustaqil mushohadasi yo’q, emosional yetilmagan, labil, ta`sirchan, o`zgalarning so`zlariga beriluvchan, ruhiy shikasta ayollarda ko`proq uchraydi. Ammo, isterik nevroz o`zgacha tabiatli shaxslarda ham, masalan, tez qo`zg`aluvchanlarda ham rivojlanishi mumkin.

Isterik nevrozning klinik ko`rinishi turlicha poli­morf va o`zgaruvchandir. Bunda bo`ladigan ruhiy buzilishlar yorqinligi, tomoshago`yligi, jo`rttaga qilayotganligini sezib turishi, ko`rinish uchun qilayotganligi bilan farqlanib turadi va infantillik bilan bog`liq bo`ladi. Buning turli-tumanligi ta`sirga beriluvchanlik va o`z-o`zining ta`siriga berilish bilan bog`liq va bemor qaysi kasallikni bilsa, o`shanga o`xshash alomatlar namoyon qilishi bilan tavsiflanadi.

Nevroz klinik kurinishini 3 guruhga bo`lish mumkin:

1) xarakatli;

2) sensor;

3) somato-vegetativ.

Harakat buzilishlari giperkinez (titroq, tortishish, ayrim a`zolar uchishi, qaltirash), isterik tutqanoq, oyoq va qo`llar parezi va falaji (sholligi), astaziya-afaziya - yotgan joyida faol va passiv harakat qila olgani holda turib yura olmasligi kabi ko`rinishlarda bo’ladi. Shunga o`xshash organik o’zgarishlardan farq qilib, is­terik giperkinezlar va falajlar ruhiy shikastlikdan keyin boshlanadi, ko’pincha ko’rinishi o`zgaradi, g`ayritabiiy vaziyat va boshqa isterik ko`rinishlar (tomog`iga tuguncha tiqilishi), nutqining buzilishi — mutizm ko`rinishi (isterik soqovlik), tutilib qolish, tovushining yo’qolib qolishi, o`zidan ketib qolish holatlari bemor diqqatini boshqa narsaga bursa yoki davolash boshlansa, bo`shashadi yoki vaqtincha yo’qoladi. Isterik kasallar nevrologik tekshirilganda mushak ularning innervasiyasidan qat`iy nazar kasallanadi, pay reflekslari esa markaziy yoki periferik shollikdan farqli o`laroq saqlanib qoladi.

Isterik tutqanoqlar ba`zida arzimagan psixogen ta`sirotga (birdan ogohlantirishga, hayajonga, oiladagi arzimagan janjalga, nohush xabarga) paydo bo`lib, turli belgilar bilan, ayniqsa «auditoriya» — odamlar bor joyda tutib qoladi. Isterik tutqanoqda bemor ohista yiqiladi, yiqilayotgan joyini tanlaydi (divan, o`rindiq va hokazo), jismoniy shikastlanishdan o`zini saqlaydi. Isterik tutqanoq ko`rinishlari turlicha va doimiy emas. Ular xaotiyligi, sahnalashtirilganligi bilan ta`riflanadi, tutqanoq chaqirilishiga sabab bo`lgan omilni emosional hayajon bilan qabul qilinishini aks ettiradi, inqillash bilan davom etadi, ba`zi so`zlarni baqirib aytib qo`yadi, yig`laydi, o`zini juda ezilganga soladi. Tutqanoqdan so`ng qisman amneziya bo`ladi, chunki isteriyada ong to`la yo’qolmaydi. Epileptik tutqanoqdan farq qilib, isterik tutqanoqda og`zidan ko`pik kelmaydi, patologik reflekslar kuzatilmaydi, qorachiqlarning yorug`likka, og`riqqa reaksiyasi, xidlash sezgilari isterik tutqanoq tugaganda saqlanib qoladi. Novshadil spirtning hidi yordamida ba`zan tutqanoqni to`xtatish mumkin, tonik va klonik fazalarning almashinish qonuniyati buziladi.

Isterik tutqanoqlar epileptik tutqanoqlardan davomliroq bo`ladi va badan deyarli shikastlanmaydi. Ob`­ektiv baho berish asoslaridan biri shuki, tutqanoq vaqtida bemor ongi o`zida saqlanadi, butunlay yuqol­maydi.

Tutqanoq bilan bir qatorda «isteriklar» uchun yig`i va kulguning almashinishi xarakterlidir. Kasallik ifodalangan hollarda kuchli ho`ngrash va xaholash darajasiga yetadi.



Abu Ali ibn Sino isteriya — «bo`g`ilishga» aloxida nevrologik birlik sifatida qaragan. Olim hozirgi za­mon isterik nevrozini eslatuvchi turli-tuman kasallik holatlarini yozgan bo`lib, uning fikrlariga ko`ra uning asosida Buqrot aytganidek, «bachadon harakati» yotadi deb qaraydi. U isteriya doirasidagi turli buzilishlar, «siqilish», titroq nomi bilan yozilgan mushak giperkinezi, isterik tutqanoqlar, hushidan ketish, letargiya, og`riq sezishning buzilishlari, somatovegetativ o`zgarishlar, yolg`on homiladorlik va boshqalar haqida yozgan. Isteriya kelib chiqishida Abu Ali ibn Sino «bevalarning ruhiy iztirobi», «hayz tutilishi», «xohishni so`ndirish» va bu jarayonlarda nafaqat miyaning— psixogen, balki ruhiy seksual omillarning ham ahamiyati borligini ta`kidlaydi.

Abu Ali ibn Sino isterik tutqanoqni «bachadon bo`g`ilishi» nomi bilan quyidagicha yozadi: bu xastalik bachadondan boshlanib, yurak va miyani ishtirok etishga majbur qiladi va yiqilish yoxud hushdan ketishni eslatadi. Ko`pincha bu xuruj sifatida boshlanib, kuz onlarida ko`proq namoyon bo`ladi. Isterik tutqanoqda bo`g`ilish belgilari bo`lib, tutqanoq yaqinlashganda harsillash paydo bo`ladi, nafas og`irlashadi, yurak urib ketadi, bosh og`riydi, ruhiyat va kayfiyat buziladi, bemor bo`shashadi, esankirab qoladi. Agar tutqanoq kuchaysa, bemorda uyqu va ong xiralashishi boshlanadi: uning yuzi, ko`zi va labi qizaradi, ko`zi bir nuqtaga tikiladi va kattalashmaydi.

Kasalga pastdan bir nima ko`tarilayotgandek tuyuladi, u tishini g`ijirlatadi va qisirlatadi, tishi bilan yong`oq chaqadi, ixtiyorsiz harakatlar qiladi, gapidan to`xtab qoladi va o`zgalar nima deyayotganini anglab olmaydi, so`ngra hushidan ketadi, tovushi chiqmay qoladi, oyog`i yuqoriga ko`tariladi va badani terlab ketadi. Ba`zida tutqanoq qusish va bosh og`rig`i bilan ado bo`ladi. Pirovardida olim isterik tutqanoq — «bo`g`ilish» va epilep­tik tutqanoq — «yiqilish» oralaridagi farqlash tashxisini baholash yo’llarini keltiradi. Xususan shunday deb yozadi: «bo`g`ilish» va yiqilish farqlariga kelsak, garchi ular ko’p qonuniyatlari bilan o`xshasa-da, hatto ikkalasi to`satdan boshlansa-da, «bo`g`ilish» «xushdan ketishdan» farq qiladi va faqat juda og`ir holatlardagina ongni yuqotishi mumkin.

«Bo`g`ilish» bilan og`rigan bemor tutqanoqdan so`ng o`zining koma bo`lganini qisman aytib bera oladi. Bu hozirgi zamon tushunchasi bo’yicha qisman amneziya deyiladi. Ibn Sino isteriyaning yana boshqa ko`rinishlarini ham keltiradi, masalan: «nazarida o`lish». Eng og`ir bo`g`ilishda tashqi ko`rinishidan bemorda nafas olish to`xtagandek bo`lib ko`rinadi, ammo nafas oluvchining ro`parasiga taralgan yungli matoni osib qo`yilsa, uning hilpillashi ko`rinadi, isterik shollik va sezgi buzi­lishlari: «bo`g`ilish» sezgisi va harakat to`xtaydi, tovush bo`g`ilib qoladi, ba`zan tovush yo’qolib qoladi, «uyquga ketadi, aqli sayozlashadi», «soxta homiladorlik seziladi». Ibn Si­no isteriyani psixogen kasallik ekanligini ta`kidlaydi va «qo`rquvdan», «achchiq-alamdan», «dahshatdan», kuchli ruhiy aziyatlardan, uyqusizlikdan, qayg`urishdan, cho`chishdan, g`am-anduxdan, musibatdan, ba`zan g`azab va boshqalardan kelib chiqishi mumkin,— deydi.

Sezgi buzilishlari anesteziya, giposteziya, gipersteziya, turli a`zolarda og`riq sezgisi bilan (isterik elchilar) bo`lishi mumkin. Teri sezgilari ko`pincha oyoq va qo`llarda qo`lqop yoki paypoq, nimcha shaklida bo`lib, sezgi nervlarining innervasiya zonalariga to`g`ri kelmaydi. Isterik og`riqlar ham turli kutilmagan joylarda paydo bo`lishi mumkin va harakati turlicha bo`ladi. Ko`pincha har xil turdagi bosh og`rigi paydo bo`ladi (g`ildirak kabi, chakka va peshonalarni tortuvchi, mix qoqqandek va hokazo), kuragida, bo`g`imlarida, oyol-qo`llarida, qorinda og`riq paydo bo`ladi. Bunday bemorlarda kupincha noto`g`ri jarrohlik tashxisini qo`yish orqali hatto bo`shliq operasiyalari ham qilinadi (Myunxauzen sindromi). Isterik nevrozda anesteziya va algiyalar bilan bir qatorda sezgi a`zolari faoliyatining so`nishi ham kuzatiladi — isterik karlik va ko`rlik (ko`ruv maydonining konsentrik torayishi, isterik gemianopsiya,. funksional amavroz). Isterik karlik ko`pincha quloq supralarining anesteziyasi bilan kuza­tiladi.

Isterik nevrozdagi vegetosenostik buzilishlar polimorf bo`lib, bemorlarning ko`p tizim va a`zolarini qamrab oladi, harakatlari o`zgaruvchan bo`ladi. Ko`pincha oshqozon-ichak yo`llarining buzilishi kuzatiladi: iste­rik ko`ngil aynish, qusish, ishtaha yuqligi (anoreksiya), oshqozon og`rishi, meteorizm, isterik qabziyat yoki ich ketishi, isterik harsillash, yurak urib ketishi, yurakning notekis urishi va yurakda og`riq sezish va boshqalar. Tomog`iga bir narsa tiqilgandek bo`lishi juda xosdir. Isterik reaksiyalar tarkibida yotgan somatovegetativ faoliyatning buzilishi Ibn Sino diqqatini o`ziga tortdi. U juda ko`p klinik kuzatishlarda boshdan kechirgan ruhiy jarayonlar (g`am, g`azab, achinish va boshqa ruhiy kechinmalar) oshqozon-ichak yullarida ich surishni, qabziyatni, qusishni, yurak sohasida og`riqni, yuragi urib ketishini, boshi aylanishini, og`rishini, terining oqarishi yoki qizarishini chaqirishi mumkin deb yozadi.

Keyingi o`n yillikda isterik nevroz ko`rinishi o`zgardi (B. D. Karvasarskiy va b., 1980). Ruhiy namoyishkorona va harakat buzilishlari bilan kechuvchi tutqanoq, oshqozon pilorik qismining spazmi bilan ke­chuvchi, tashqi ko`rinishidan o`tkir qorin og’riq ko`rinishiga o`xshash holat, soxta homiladorlik ko`rinishidagi meteo­rizm va boshqalar ruhiy amaliyotda hamon uchrasa-da, asta-sekin ikkinchi o`ringa o`tib, o`z o`rnini somatiklashgan isterik genezga (kelib chiqishga) ega vegetativ o`zgarishlarga bo`shatib berayapti. Endi ko`proq hollarda isterik nevrozlarda turli nevrologik va somatik kasallikdan imitasiya bo`layapti. Isterik ko`rinishlar ko`pincha markaziy asab tizimining tomirli (miya tomirlarini qisadigan) infeksion-allergik kasalligi (serebral vaskulit, leptomeningit, meningo-ensefalit, bosh va orqa miyaning hajm buzilishi) alomatlarini eslatadi. Havo yetishmayotgandek tuyulib, bo`g`ilish bilan davom etadi va bronxial astmani eslatadi (psevdoast­matik xuruj). Yurak urib ketishi, yurak sohasidagi og`riqlar stenokardiya yoki miokard infarkti xurujini eslatadi. Turli kasalliklarning ko`rinishiga o`xshash hodisalar shakllanishi kuzatiladigan isterik nevroz buzilishlarining qaysi kasallikka o`xshashini uzoq vaqt kuzatgan shifokor yoki u bilan yashagan qarindoshlari yaxshi biladilar.

Isterik ruhiy shikastalik ko’rinishlari his -hayajonli ko`rinishda bo`lishi bilan diqqatni o`ziga jalb qiladi va bemorlar o`zlarining boshidan kechirgan og`ir, qo`rqinchli hodisalarini katta xohish bilan so`zlab berishadi. Affektiv buzilishlar o`ynoqi hayajon bilan tavsiflanadi, bemor kayfiyati tez o`zgaradi, u ko`z yoshi qiladi, unda kuchli affektiv ta`sirotlarga moyillik bo`ladi, ko`pincha ho`ngrab yig`lashga o`tadi. Xotira va tafakkuri aniq, obrazli hodisalarni tashqi tomondan aks ettiradi, mushohadasi sayoz, tafakkurida «hayajonga berilish» yetakchilik qiladi. Bu holat ko`pincha rahm-shafqatning susayishi, odobsizlik bilan qo`shilib ketadi, bemorlar hammaning diqqatini o`ziga qaratgisi keladi.

Isterik reaksiyalar har zamonda paydo bo`lib, qisqa vaqt davom etishi va davo choralarisiz tuzalishi mumkin. Boshqa hollarda isterik holatlar uzoq davom etishi mumkin. Ammo isterik ko`rinishlarning yo`qolishi hali kasallikning tuzalib ketishini bildirmaydi. Qator hollarda isterik, holat o`rniga boshqa asabiy sindromlar (ipoxondrik, fobik, nevrastenik) hamda isterik nevrozda shaxsning isterik taraqqiyotiga transformasi­yam bo`lishi mumkin.

Shilqim (yopishqoq) holatlar nevrozi

Fransuz ruhiyatchi olimi P. Jane tomonidan 1903 yilda yopishqoq holatlar nevrozi «psixosteniya» nomi bilan mustaqil kasallik sifatida tasvirlangan. Bu kasallikka tashvish — badgumonlik harakterli, ma`lum konstitusional moyilligi bo`lgan odamlarda yuzaga ke­ladi. Barcha nevrozlarga xos bo`lganidek, yopishqoq holatlar nevrozi ham ruhiy shikastalik ta`sirida pay­do bo`ladi.

Yopishqoq nevroz ko`rinishida turli-tuman va ko`p sonli yopishqoq holatlar ustun turadi. Kasallik holatlariga, ko`proq namoyon bo`lishiga qarab yopishqoq fikrlar (absessiyalar), yopishqoq qo`rquvlar (fobiyalar) va yopishqoq ta`sirotlar va qiziqishlar (kompul`siya) bo`lishi mumkin. Nevroz klinikasida bu holatlar ko`pincha qo`shilib keladi.

Barcha yopishqoq holatlar uchun umumiy belgi shundan iboratki, bu holatlar bemorning xohishiga qarshi paydo bo`ladi va u sog`lom odamdan farqli o`laroq, bundan qutula olmaydi. Sog`lom odamlarda ba`zan bo`lib qoladigan qulog`iga musiqa tovushi eshitilishi yoki biror so`zni «o`zidan -o`zi» qaytaraverishi birmuncha vaqtdan so`ng birdan yo’qoladi. Yopishqoq nevrozli bemor esa bu holatlar noxush bo`lsa-da, unga tanqidiy qaray oladi, ammo ongiga kirib qolgan narsalarni zo`rlab chiqara olmaydi. Yopishqoq fikrlar esdaliklar, gumonlar ko`rinishida bo`lishi mumkin. Ularning mazmuni turlicha, ba`zan juda tasodifiy, ba`zida juda bema`ni bo`ladi. Qandaydir fikr, maqol, alohida so`z, she`riy parchalar, ismlar va xokazolar uzoq vaqt (oylab, yillab) bemor ongida mustahkamlanib qoladi.

Shilqim gumonlarda bemor uyining eshigini qulfladimi yoki yo’qmi, gazni o`chirdimi yoki yo`qmi, dazmol simini rozetkadan oldimi-yo`qmi, xatlarni konvertga solayotganda almashtirib yubormayaptimi va boshqa ishlarni bajarayotganda o`ziga ishonmaydi. Yopishqoq hisobda bemorlar zinapoyaning sonini, uylarning derazasini, tramvaylarning raqamini, avtobuslar sonini, yo`lovchilar kiyimidagi tugmalarni sanayverib qiynalib ketadi. Yopishqoq fikrlar o`zga yopishqoq holatlar bilan qo`rquvlar (fobiyalar), qiynoqni, qo`rquvni boshidan kechirish, qizarib ketishdan qo`rqish (ereytofobiya), boshqalarning qarashidan qo`rqish, ochiq maydonlarda yurishdan qo`rqish (agarofobiya), yopiq binolardan qo`rqish (klaustrofobiya) va hokazolar bilan qo`shilib kelishi mumkin.

Shilqim fobiyalar ichida nozofobiya alohida o`rin tutadi va alohida guruhni tashkil qiladi. Kardiofobiya — yurak kasalliklari bilan kasallanishdan qo`rqish, kanserofobiya — rak kasalliklaridan, sifilofobiya — zaxmdan, mesifobiya — quturishdan, tanatofobiya — o`lim vahimasi, iotofobiya OITS dan qo`rqish va ho­kazolar ko`rsatib o`tish lozim. Yopishqoq holatlar kutish nevrozi sifatida ko`rinishi mumkin (E. Kreplin, 1915). Bunda bemorlarda kutish nevrozi paydo bo’ladi, ularni muvaffaqiyatsizlik kutib turgandek tuyuladi. Bu guruxdagi yopishqoqlik fiziologik faoliyatga (ovqat yutish, siydik ajralishi, jinsiy aloqa-kuyovlar nevroziga. (Abu Ali ibn Sino) tegishli bo`lishi mumkin. Bu kundalik ish faoliyati bilan bog`liq bo`lishi mumkin (aktyor sahnaga chiqqanda yoki musiqachi g`ijjak chalganda, o`yinchi esa o’yin tushayotganda, ma`ruzachi ma`ruza paytida yanglishib ketaman deb vahima qilishi kabi).

Shunday qilib, kutish nevrozida bir qator odatlar darajasidagi «o`z-o`zidan» o’ylamasdan bajariladigan ishlar «buziladi». Nevrozning paydo bo`lishiga juda arzimagan muvaffaqiyatsizlik tasodifan eshitilgan bir og`iz noo`rin so’z sabab bo`lishi mumkin. Bu nevroz ko`pincha psixoastenik shaxsda kuzatiladi. Fobiyaning paydo bo`lishi ko`pincha vegetativ belgilar bilan o`tadi: yurak urib ketadi, qon bosimi o`zgarib turadi, ko`z qorachig`i kengayadi, bemor terlab ketadi, yuzi oqaradi yoki kizaradi, og`zi qurib, qo`llari titray boshlaydi.

Abu Ali ibn Sino ruhiyat buzilishini bayon qilgan, uni hozirgi zamon tushunchalari bo’yicha psixoastenik va yopishqoq holatlar nevrozi va kutish nevrozining varianti deb baholash mumkin. Bunda bu kasallarning «foydasiz fikrlashlari va qo`rqoqlikka moyilliklari qo`shilib» melanxoliya belgilari paydo bo`lishi ta`kidlanadi. Ibn Sino kutish nevrozining kelib chiqishini juda mohirona bayon qiladi. «Kuyovlar nevrozi»da bemor jinsiy aloqaning muvaffaqiyatsiz bo`lishini xavotirlanib kutadi.

Shilqim ta`sirotlar (rituallar) odatda nevroz ko`rinishida, aloxida uchramaydi. Ular odatda yopishqoq qo`rquv va gumonlar bilan qo`shilib keladi, bunda be­morlar qo`rquvni yengillatish yoki undan qutulishga harakat qilishadi, ya`ni o’z qo`rquvlarining noo`rinligini anglab, unga qarshi kurashmoqchi bo`lishadi, ehtiyot himoya harakatlarini qiladilar. Masalan, yuqumli kasalliklar (zaxm, sil, kuturish va b.) bilan og`rib qolishdan qutulish uchun bemorlar qo`lni to`xtovsiz yuvadilar (hatto teri shilinib ketadi), uylarini ko`p marta dezinfeksiya qiladilar, ust-bosh va ich kiyimlarini almashtiradilar.

Bemorlarga bunday xarakatlari bir oz tasalli beradi, qo`rquvni yengilla­tish, g`amni yoqotish uchun harakat rituallariga murojaat etadi, masalan, biror ish qilishdan oldin oyog`ini uch marta tapillatib qo`yadi, stolni qoshiq bilan taqillatib urib qo`yadi. Yopishqoq holatlarning boshqa ko`rinishlaridan biri kompul`siv (g`oya, qiziqish, harakat) yopishqoqligidir. Bunda kontrast, yomon fikr­lar, yorqin obrazlar va ko`rinishlar, himoya ko`rinishidagi irimlar, ilohiy ta`sirotlar bilan qiziqish yopishqoqligi qo`shilib ketadi. Bu yopishqoqliklar vaziyatga nisbatan va mazmunan zid bo`ladi, bemorning ma`naviy yo’l-yo’riqlariga qarama-qarshiligi, begonalik hissi bilan farq qiladi. Bemor ularni juda og`ir holda boshidan kechiradi.

Onasining qo`lida pichoqni ko`rganida to`satdan ko`z o`ngida pichoqning uchi bolasining ko`ziga sanchilgandek ko`rinib ketadi, qiz bola tovushini chiqarib yomon so`zlar aytgisi kelib qoladi, jamoat joylarida ruxsat qilinmagan qiliqlar qilish fikri kelib qoladi. Bu o`rinda shuni ta`kidlash lozimki, bunday bemorlar yopishqoq kompul`siv qiziqishlar ta`siri ostida hech qachon nojo`ya, jinoiy xavfli xarakatlar yoki hatto noo`rin so`zni ham ishlatmaydilar yoki ish bajarmaydilar, o`zlarining yopishqoq kechinmalariga tanqidiy qaraydilar.

Ko`pincha absessiv sindrom kuchayganda yopishqoq, kontrast kompul`siv g`oyalar, qiziqishlar va harakatlar nevroz kechishiga qo`shilsa, nevrozning kechishi qiyinlashadi va shaxsning absessiv nevrotik taraqqiyotiga moyillik paydo bo`ladi (N. D. Lakosina, 1988).

Shilqim holatlar kasallikning bir marta xuruj qilishi bilan o`tib ketishi, bir necha haftadan bir necha yilgacha davom etishi, qaytalanish shaklida bo`lishi mumkin. Vaqti-vaqti bilan bemor sog`lomlashib ham qoladi. Nihoyat, nevroz uzluksiz davom etishi mumkin. Bunda nevroz klinikasida murakkab absessiv fobik buzilishlar kasallik yuqishidan qo`rqish, o`tkir asboblar, kontr­ast holatlarni ko`z oldiga keltirish holatlari namoyon bo`lishi mumkin. Nevrozlar asosan sog`ayish bilan tugaydi. Davomiyligi bir necha xaftadan bir necha oy, hatto yillab davom etadi. Ammo nevrozni chaqirgan nohush vaziyat saqlanib qolgan hollarda kasallik surunkali davom etadi. Nevrozlarning surunkali cho’zilishiga somatik kasalliklar sabab bo`lishi mumkin. Masalan, bosh miyaning tomir kasalliklari yoki ruhiy kasalliklarga irsiy moyilliklar va boshqalar.

Nevrozning so`nishi rivojlanishi kabi asta-sekin bo`lishi mumkin.



Nevrozning kelib chiqishida yuqorida ko`rsatilgandek ruhiy shikastlanish asosiy sabab hisoblanadi. To`satdan va birdan ta`sir ko`rsatadigan ruhiy jarohat, tabiiy ofatlar va boshqalar kam hollarda nevrozga sabab bo’ladi. Nev­rozlar odatda nisbatan kuchsiz, ammo uzoqroq yoki ko`p marta ta`sir qiladigan, kuchli hayajon chaqiruvchi ta`sirotlarda, o`zaro janjallar natijasida va shu kabi holatlarda kelib chiqadi. Nevroz hosil bo`lishida ko`proq patogenetik ahamiyati bo`lgan, o`ziga xos voqea sifatida kelajakka noaniqlik, xavf tug`dirayotgan yoki qarama-qarshi ruxdagi qaror qabul qilish muhim o`rin tutadi.

Patogen ahamiyatga shu individ uchun qiyin va hal etib bo’lmaydigan holat (ikkilanish holati) paydo bo`lishi isbotlangan. Shunday holatga misol bo`lib o`ziga yoqmaydigan majburiy ish faoliyati, doimiy oilaviy janjal xizmat qiladi. Ko`pgina mualliflarning ishlarida yoshlikdan yetim qolishlik, ota-onadan ajrab qolish, nohush holatlar, kechinmalar, bolalikda ko’p dard tortganlik, shifoxonalarda uzoq muddat davolanganlik bolalarda nevroz paydo bo`lishiga olib keladi deb ko`rsatiladi.

Hozirgi vaqtda ruhiy jaroxatning nevrozlar shakllanishidagi ahamiyati ko`pchilik tomonidan tan olingan bo`lsa-da, bu fikr turli ilmiy maktablarning namoyondalari tomonidan turlicha baholanadi. Olimlar fikrining har xil bo`lishi bejiz emas, albatta. Chunki ruhiy shikast yetkazuvchi vaziyat har bir holatda turlicha bo`lishi mumkin va bu o`z navbatida shu bemorning shaxsiy xususiyatlariga, hayotiy tajribasiga, ijtimoiy ahvoliga va organizmning holatiga bog`liqdir.

Abu Ali ibn Sino nevrozlarning ko`pgina belgilarini tasvirlar ekan, ularning kelib chiqish sabablarini to`g`ri aniqlagan. Olim shunday holatarning sababi ruhiy shikast bilan bir qatorda bemor organizmidagi kasalliklar, ko`p vaqt och qolish, qon yo`qotish, u yoki bu ,a`zo, ayniqsa bosh miyaning bo`shligi deb hisoblagan.

Hozirgi vaqtda nevrozlarning kelib chiqishida bir necha ta`limot bor. 3. Freyd ta`limotiga binoan nevroz patogenezi psixogen shikastning xarakteriga emas, balki seksual olamining ruhiy shikastlanishiga olib keluvchi kechinmalar bilan qay darajada bog`liqligiga, qiziqishlari, erta yoshlikda bo`lgan ruhiy jarohat va hodisalar bilan bog`liq yashirin komplekslar bilan bog`lanishiga asoslanadi.

Boshqa olimlarning konstitusional ta`limoti bo’yicha nevrotik buzilishlarning kelib chiqishida nasliy moyillik asosiy o`rin tutadi, psixogen shikastla­nish yordamchi ahamiyatga ega deyiladi. Hozirgi vaqtda bu dunyoqarash chegara harakatlarni tekshirishning kengayishi bilan shaxsning avtonomligi tashqi muhit ta`siriga berilmaydi degan tushuncha o`z ahamiyatini yo’qotadi.



Hozirgi yetakchi yo`nalish nevrotik holatlarning shakllanishida bir qator omillar ishtirok etadi deb hisoblaydi, shulardan eng zaruriylari shaxsning tuzilmasi va nasliy moyilligi deb hisoblanadi. P. B. Gannushkin (1933) ko`pgina nevrotik holatlarning vujudga kelish vaziyatini, ta`siri va rivojlanishini tasvirlab, kelib chiqishi ruhan bo`lsa-da, ko`pgina hollarda u ruhiyati shikasta shaxslarda paydo bo`ladi, deydi. V. A. Gilyarevskiy (1973), nevrozlarda ruhiy shikastlanishga alohida e`tibor qilib, shaxsning tuzilishida o`zgarishlar buzilishi shartligini ta`kidlaydi. Ruhiy shikast ko`pincha birinchi turtki ahamiyatini kasb etadi. D. J. Bird (1869) nevrasteniyani dastlabki marta ta`riflab, uni tez o`sayotgan sivilizasiya bilan bog`laydi va nerv tizimi hayot talab qiladigan sur`atga dosh berolmaydi va charchaydi deydi. P. D. Mobius (1906) nevrasteniyada konstitusional omil asosiy ahamiyatga ega deb ta`kidlaydi. Shu ikkala iqtisodiy va konstitusional omil hozirgi davrga qadar muhokama etib kelinmoqda.

K. Ye. Krasnushkin (1960) tez ish bitiraman deb zo`riqish, charchashni yengish uchun harakat qilish, ko`pincha majburan uxlamaslik organizmning dam ololmasligiga, ichki imkoniyatlari kamayishiga olib keladi, natijada asab charchashi oqibatida nevrasteniyani keltirib chiqaradi, deb uqtiradi.

Fransuz ruhiyatchilari (P. Jannet, 1907, 3. D. YUpre, 1903 va b.) isteriyaning asosiy belgilarini bayon etib, isterik konstitusional tuzilishga yetakchi sabab deb qaradilar. Ye. K. Krasnushkin (1929) isterik reaksiya sabablari ruhiy-biologik qatlamlarda yetakchi omil deb hisoblaydi. E. Krepelin (1915) isteriya uchun xis-xayajon, ruhiy va somatik faoliyatning barcha jabxalariga yoyilishi xarakterli deb hisoblaydi va ular kasallik belgilariga aylanadi va hayajon to`lqini omillarning buzilgan va ko’paytirilgan holda namoyon bo`lishi deb qaraydi. Uning fikriga ko`ra xar bir odamda kuchli hayajonlanganda tovushi yo’qolib qolishi, oyog`i qiyshayib qolishi mumkin va hokazo. Isterik shaxslarda butun ruhiy faoliyati labil — beqaror bo`lgani uchun bu buzilishlar juda arzimagan sabab bilan kelib chiqishi va osongina o`rnashib qolishi mumkin. E. Krepelin ruhiy faoliyatning bu alohida reaksiyalarini ximoya moslashuvining instinktiv shakllaridan deb hisoblaydi.

K. Bangoffer (1921) xohish nazariyasini taklif qilgan bo`lib, isterik buzilishlarda hamma vaqt sun`iy ravishda, namoyishkorona kechinmalarni bayon etuvchi kasal xohishi seziladi. Klinik kuzatishlar isterik buzilishlar Shaxsni u ko`tara olmaydigan holatdan ximoya reaksiya ekanligini tasdiqlaydi. Bu yana shu bilan isbotlanadiki, vrach isterik somatik buzilishlar yaqqol bor holatda bemorga kasalligi yengil va xavfsiz deb ishontirmoqchi bo`ladi. Bunday holatlarda ba`zan iste­rik buzilishlar og`irlashadi.

I. P. Pavlov va uning shogirdlari nevroz holatlar patofiziologik tabiatini anglash asoslariga zamin yaratganlar. Tibbiyot tarixida ular birinchi marta laboratoriya sharoitida tajriba hayvonlarida nevroz hosil qildilar. I. P. Pavlov konsepsiyasiga binoan nevrozlar kelib chiqishida kuchi yoki davomiyligi jihatidan haddan tashqari kuchli ta`sir etuvchi omillarning markaziy asab majmuasiga ta`siri yotadi va bu nerv faoliyatining uzilishiga olib keladi. Bu konsepsiya nevroz­lar shakllanishini klinik mushohada qilishda (S. N. Davidenkov, 1963) tasdiqlanadi. Nevrozlar kelib chiqish mexanizmida asosiy asab jarayonlari—ta`sirlanish yoki tormozlanish, yoki ularning surilishi, kuchlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.

I. P. Pavlov nevrasteniyaning ikki shakli (bosqichi)ni ajratdi: giperstenik va gipostenik. Birinchisida ichki tormozlanish jarayoni bo’shashib ta`sirchanlik oshib qoladi, ikkinchisida esa tez toliqish, ta`sirchanlikning bo`shashuvi kuzatiladi. Nevrozlarning alohida turlarini ajratish (nevrasteniya, yopishqoq holatlar nevrozi va isterik nevroz) I. P. Pavlov ta`limotiga binoan quyidagicha bo`ladi: badiiy, fikrlovchi va oralik. Nevrasteniya ko’pincha odamlarning oraliq ko`rinishidagi vakillarida, isteriya badiiy va yopishqoq fikrlar — tafakkur ko`rinishlarida uchraydi.

I. P. Pavlov isteriyaning patofiziologik mohiyatini nafaqat po`stloq faoliyatining bo`shashishidan, balki po`stloq osti faoliyati po`stloq, faoliyatidan, birlamchi signal tizimi — ikkilamchi signal tizimidan ustunlik qiladi, deydi. O`ta kuchli ruhiy shikastalik, og`ir ta`sirotdan po`stloq tormozlanish holatiga tushib qola­di. Isterik bemorlarining o`ta hayajonli ekanligini, ortiqcha ta`sirotga berilishi shu bilan tushuntiriladi. Kasallik belgilarining isterik mustahkamlanishi asosida kasallikka qaytish «shartli xush yoqish yoki xohish» yotadi, shartli refleks hosil bo`ladi va mustahkamlanib koladi.

I. P. Pavlov g`oyasi nuqtai nazaridan yopishqoq holatlar nevrozdagi qo`rqishlarda doimiy o`choqlardan iborat, yetarli darajada induksion tormozlanish bo`lmaganligi tufayli vasvasa holatiga o`xshaydi. Shuning uchun yopishqoq holatlarda bemorlarning tanqidiy qarashi saqlangan bo`ladi. Yopishqoq qarama-qarshi xohishlar asosida bosh miya po`stloq hujayralarining ul`traparadoksal bosqichi yotadi (E. A. Popov, 1951).

Ko`prina holatlarda nevrozlarni, psixozlarni psixotik shakllaridan osongina ajratib olsa bo`ladi. Nevrozlarda ifodali ruhiy buzilishlar, masalan, gallyusinasiyalar, vasvasa g`oyalar, Kandinskiy — Klerambo sindromi, intellektual mnestik, katatonik, affektiv va boshqa sindromlar uchramaydi. Kasallik psixoz kasalliklardan farqli o`laroq, nevroz alomatlarida o’z aksini topadigan ruhiy shikastlanish vaziyati bilan bog`liqdir. Psixozlarga nisbatan qaraganda nevrozli bemorlarning odobi tartiblidir, nevrozlar jamoat tartibi buzilishiga, iqtisodiy moslashuvning birdaniga uzoq vaqt susayishiga olib kelmaydi. O`z xolatiga tanqidiy nuqtai nazardan qaraydi, kasallik belgilariga yotsirash seziladi. Nevrozli bemorlar o`z xohishlari bilan shifokorga murojaat etadilar. Psixozli bemorlarda atrof muhitni idrok qilish o`zgargan, nevrozda esa sezgi saqlangan. Ammo ko`pincha nevrozlarning differensial tashxisida ma`lum qiyinchiliklarga duch keladi. Bu nevrozsimon nevrotik sindromlar deb nomlangan sindromlar tufayli bo`lib, bu patopsixologik buzilishlarning eng kam maxsus belgilari xisoblanadi va ham ruhiy (shizofreniya, zaharlanish, infeksion, or­ganik psixozlarda), ham nevrologik kasalliklarda uchraydi.

Nevrozga o`xshagan sindromlar ko`pincha endogen (shizofreniya) yoki somatik (gipertoniya kasalligi, yurak, buyrak, jigar, oshqozon-ichak, qandli diabet kasalliklari), nevrologik (meningitlar, ensefalitlar, bosh miya o`smasi, miya zaxmi, avj olib boradigan shollik va b.) kasalliklarda namoyon bo`lishidan oldin yuzaga chiqadi. Nevrastenik yopishqoq va isterik buzilishlar bor, ammo tashqi ko`rinish ryo’bga chiqib shizofreniyaning maxsus alomatlari namoyon bulmasdan rivojlanishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan fikrlarga asosan nevrozsimon holatlarda ularni baholash uchun ehtiyotkorona va o`ylab ish tutmoq lozim. Tashxisni aniqlashtirish uchun ko`pgina anamnestik ma`lumotlar, uzoq kuzatish, qunt bilan so­matik va nevrologik hamda laboratoriya, rentgenologik, elektrofiziologik tekshirishlar olib borish lozim bo`ladi. Tashxis qo`yishda organik, infek­sion, intoksikasion psixozlarda qisqa o`tuvchan psixoz, ong o`zgarish davri, asta-sekin ko`payib boruvchi asteniya, intellektual-mnestik xotiraning sayozligi, ruhiy faollikning so`nishi (mushohada va tanqidning kamayishi), bosh miyaning o`choqli zararlanishi bo`lib o`tishi mumkinligini unutmaslik kerak. Psixoorganik ko`rinishdagi o`zgarish, rivojlanishga moyillik nevroz yo’qligini aniqlashga imkon beradi. Shu tamoyillarga asosan nev­rozlar somatik kasalliklardagi nevrozsimon sindromlardan farq qilinadi.

YOpishqoqlikning asta-sekin sistemalashuvida yopishqoqlikning mantiqan ishlarga va hayajon ko`rinishlarining bir xilligi, ularning ambivalentli qattiqligi, kasallik klinik ko`rinishining murakkablashuvi kuzatiladi, ularning psixopatologik ko`rinishida uzoq vaqt nevrozsimon simptomatika ustunlik qiladi (nevrozsimon shizofreniya—R. A. Nadjarov, 1969). Aj­ratib olishning murakkabligi nevrozsimon shizo­freniyada og`ir salbiy o`zgarishlar, ruhiy siqilish belgilari bo`lishi bilan og`irlashadi. Nevrozlarda fobiyalar nisbatan monomorf—bir xil ko`rinishga ega bo`ladi. Shizofreniyada esa turli ko`rinishga ega, o’zgaruvchan bo`ladi, pirovardida yana ham kengayishi mumkin.

Nevrozlardagi fobiyalar aniq va ruhiy tushunarli bo`lgani holda shizofreniyadagi qo`rquv abstrakt, turli-tuman, ko`pincha be`manidir. Sababsiz, dalilsiz qo`rquv, noaniq havotir natijasida o`tkir xuruj paydo bo`lishi shizofreniya haqida uylashga asos beradi. Shizofreniyaga juda xarakterli bo`lgan ruhiy patologik polimorfizm nevrozlar uchun xos emas. Nevrozlarni davolash kompleksi differensiallashgan bo`lib, ruhiy, ruhiy-farmakologik dori-darmonlar va umumiy quvvatlovchi dori-darmonlarni o`z tarkibiga olgan bo`lishi kerak. Bunda kasallik bosqichini va yetakchi nevrotik sindromni hisobga olish kerak. Nevrozlarni davolash ruhiy ta`sirot beradigan omillarni aniqlash va ularni yuqotishdan boshlanadi. Ba`zida shuning o`zi nevrozning keyingi rivojini to`xtatishga kifoya qiladi. Ko`pincha ta`sirot ta`sir doirasidan chiqarish, dam olish, umum quvvatlovchi dori-darmonlar yordamida muvaffaqiyatli davolashga erishish mumkin.

Ruhiy shikast beradigan vaziyatni yo`q qilishning imkoni bo`lmasa, shu vaziyatga bemorga turli ruhiy da­volash yullari bilan ta`sir etib, munosabatini o`zgartirish kerak. Iqtisodiy choralar katta ahamiyatga ega, chunki ular janjallarni, shikastlovchi holatga keltiruvchi va shikastalik chaqiruvchi omildir, shunga ko`ra bemorni shu vaziyatlardan forig` qilmoq lozim bo`ladi.

Nevrozlarni davolashda ruhiyatga ta`sir qilib da­volash katta ahamiyatga ega. Ruhiy davolash bemorning ahvoli va xastalikning asosiy belgilariga qarab indi­vidual holda qo`llaniladi. Nevrozlarda ko`pgina hozirgi zamon ruhiy davolash uslublari — bedorlik va gipnoz holatlarida Shaxsiy ishonch suhbatlaridan to jamoa—guruh bo`lib yoki oilaviy ruhiy davolash seanslarigacha qo`llaniladi. Odatda ruhiy davolash bemor bilan shifokor to`g`ri aloqa bog`laganda hamda radio orqali, zangori ekran, magnitofon yoki gramplastinka yordamida o`tkazilishi mumkin. Ruhiy terapiyaning bu shakllari odamlarning katta guruhlari bilan ishlashda o`zini oqlagan. Bularning kamchiligi kasaldan shifokorga aks aloqaning yuqligidir. Ruhiy terapiya o`z oldiga turli maqsadlarni qo`yadi. Birinchi navbatda bemorga shikastlaydigan vaziyat, ya`ni nevrozga olib kelgan vaziyatning ahamiyatini tushuntirish kerak. Birinchi navbatdagi vazifa uddalansa, keyingisiga o`tsa bo`ladi. Bemorning stress holatlar uchun moslashuvini oshirish lozim. Agar ruhiy vaziyatlarning manbai oilaviy munosabatlar bo`lsa, unda shifokor ularni mo`tadillashtirishga yordam berishi zarur (N. M. Jarkov).

Nevrasteniyada ko`proq rasional ruhiy terapiyadan foydalanish lozim. Imkon qadar bemorga yordam berishga harakat qilish, tushuntiribmi, maslahat bilanmi yuzaga kelgan vaziyatni yumshatish yoki hal qilish lozim.

Nevrasteniyani davolashda to`g`ri tashkil etilgan dam olish va mehnatning katta ahamiyati bor. Bemorlarga ish soatlari orasida dam olishni maslahat berish va kechasi ishlashni man etmoq kerak. Yopishqoq nevrozda gipnoz uyqusida ta`sir etish rasional davolash usuli hisoblanadi.

Isterik nevrozli bemorlarda ruhiy terapiya uning barcha turlariga yaxshi ta`sir etadi. Alohida qattiq kechadigan hollarda bemorlarni yengil narkotik uyqu vaqtida ishontirish yuli bilan davolanadi. Bunda barbamil, geksenal, pentotal kiritilib, hosil bo`lgan yengil narkotik uyqu vaqtida ruhiy terapiya, ishontirish, ukdirish o`tkaziladi.

Abu Ali ibn Sino isterik buzilishlarni davolashda etiopatogenik va kompleks davolashni qo`llagan. U qon olish, suvda cho`milish, qizlarni «kuyovga uzatishni», ruhiy terapiya o`tkazishni tavsiya qilgan. Bu kasallikda vino va spirtli ichimliklarning salbiy ta`siri ta`kidlangan.

Nevrozlarda elektr, nur, issiq bilan davolash hamda sanatoriy-kurortda davolash usullari, balchiq, turli vanna va suv muolajalari keng qo`llanilayapti. Davo­lash jismoniy tarbiyasi tavsiya etiladi, elektruyqu, igna bilan davolash yordam beradi. Ochlik bilan davolash ham ma`lum darajada yaxshi natijalar beradi.



REAKTIV PSIXOZLAR

Reaktiv psixozlar—og`ir ruhiy jarohat yoki noqulay vaziyatlar uchun patologik reaksiya ko`rinishidagi ruhiy buzilishlardir. Nevrozlardan farqli o`laroq (bular ham psixogen holatlar deb qaraladi), reaktiv psixozlarda ozmi yoki ko`pmi ruhiyatni jiddiygina psixomotor, affektiv, gallyusinator vasvasalar, isterik reaksiyalar, ko`pincha ongning buzilishlari kuzatiladi. Reaktiv psixoz holatidagy kasallarning o`z holatini tanqidiy baholashi yuqoladi, o`zining qiliqlarini bilmay qoladi. SHunga qaramasdan reaktiv psixozlarda (psixogen kasalliklar—nevrozlar orasida) alomatlarning qaytishi kuzatiladi.

Reaktiv psixozlarning eng ko`p uchraydigan sabablari yaqin odamlarining olamdan o`tishi, seksual mojarolar va xizmat joylaridagi turli janjallardir. Ruhiy jarohatning mazmuni ruhiy buzilishlar ko`rinishida aks etadi. Ruhiy jarohat tugashi bilan odatda ular o`tib ketadi (YAspera uchligi). Bu psixozlarning rivojlanishi Shaxsning konstitusional tuzilishiga (psixopatlarda), boshidan kechirgan kasalliklariga, yoshiga (o`smirlarda, qariyalarda), aqliy rivojiga (aqli pastroqlarda) bog`liqdir. Ammo, mutlaqo sog`lom odamda ham rivoj topishi mumkin.

O`tkir reaktiv holatlar (affektiv—shok reaksiyalar, qo`rquv psixozlari). O`tkir reaktiv holatlar affektiv— shok reaksiyalari ko`rinishida kuchli hayajon, iztiroblarda (er qimirlaganda, suv toshganda, o`t ketganda, temir yul falokatlari, bomba portlashi), ko`p odamlar to`rejagan joyda kuchli hayajon, iztiroblarda paydo bo`ladi. Ba`zida birdan ruy bergan baxtsizlikdan: yaqin odamining o`limi, qimmatbaho narsasini yuqotib qo`yishi, g`am-tashvishga tushishi bilan paydo bo`lishi mumkin. Affektiv — shok reaksiyalari klinik jihatdan qo`zg`olish ko`rinishiga (giperkinetik shakl) yoki tormozlanish (gipoastenik shakl) ko`rinishiga ega bo`lishi mum­kin.

Affektiv—shok reaksiyasi Krechmer harakat bo`roni (1924), harakat va holatning tartibsiz ko`rinishidan iborat bo`lib, qayoqqadir qochish, ma`nisiz o`zini u yokdan bu yoqqa urishdan (fugiform reaksiyalardan) iborat bo`ladi. Bemorlar tashvish, xavotirlik, qo`rqinch, vahima, dahshat sezadilar. Bu qo`zg`olish qattiq qichqirish, yig`i, ingrash va hokazolar bilan kuzatiladi. Bemorlar ongi torayganidan atrofga muljal ololmaydilar, hayoti uchun xavfli harakatlar qilishlari mumkin. Olov yonayotganda derazadan uzini tashlab yuborishi mumkin. Harakat qo`zg`olishining davomliligi ko`p bo`lmay, 10—20 minutdan oshmaydi.

Harakatsizlik bilan kechadigan affektiv — shok reaksiyasi nisbatan qisman yoki to`lik harakatsizlik bilan tavsiflanadi, ko`pincha to`la stupor yoki mutizmgacha (affektogen stupor, «kichik o`lim», Krechmer buyicha, 1924) yetadi. Bemorlar qo`rquv affekti qaerda yuz bergan bo`lsa, o`sha yerning o`zida qo`rqqan, tashqi dunyoga aloqasiz holda qotib qoladi. Stuporning davomiyligi bir necha minutdan bir necha soat, hatto og`irroq turida 2—3 kun davom etishi mumkin. Psixoz davriga xos bo`lgan kechinmalar esdan chikib ketadi.

Sud, qisman sud-tibbiy amaliyotida o`tkir holatda psixogen asosli isterik psixoz (Krepelin buyicha «qamoq isteriyasi») paydo bo`lishi mumkin. Ularda ongning g`irashira buzilishi, boshdan kechirgan noxush kechinmalar asosida boshqarib bo`lmaydigan namoyishkorona hara­katlar boshlanadi. Ular kuladilar, ba`zan yig`laydilar, ba`zan tang holatda qotib qoladilar, bular qisqa vaqtli qo`zg`olish bilan almashinadi va qaltirash xurujiga o`tadi, gallyusinasiyalar ko`pincha qo`rquv yoki eshituv holida bo`lib, ruhiy jarohat vaziyatini aks ettiradi.

Bu holatlarga murakkab psixopatologik psevdodemensiya, Ganzer sindromi va nuerilizmlar kiradi.

Psevdodemensiya (Vernike, 1906) ongi ozgina toraygan fonda oddiy bilim yoki malakani esidan chiqarib qo`yadi. Bemorlar noto`g`ri javob bera boshlaydilar, oddiy masalalarni yecha olmaydilar (burni o`rniga qulog`ini ko`rsatadi, qo`lidagi barmoqlarini sanay olmaydi, be­morlar ko`zlarini olaytirib, ahmoqona kuladilar, atrofdagilardan uyalmaydilar. Psevdodemensiya ongning chuqur buzilishi bilan o`tadigan bo`lsa, isterik g`irashira ong buzilishi Ganzer sindromi deyiladi (Ganzer, 1877). Bunday bemorlarda atrof va vaqtga mo`ljal bo`lmaydi, atrofdagilarni tanimaydi, ahmoqona ahloqli bo`ladi. Qamoq sharoitida turgan odamlarda rivojlanadi.

Puerilizm—psevdodemensiyaga yaqin bo`lgan isterik reaksiyadir. Klinik jixatdan bemorlar bolalarning qiliqlarini qiladilar. Bemorlar o`zlarini xuddi yesh bolalardek tutadilar, bolalar tovushida gapiradilar, pichirlashadi, qo`g`irchoq o`ynaydi, boshqa bolalarga xos o`yinlarni o`ynaydi, ovqatlantirib qo`yishni suraydilar, qo`lidan ushlab yurishni, konfet so`rishni yaxshi ko`radilar, atrofdagilarga xolacha, tog`acha deb murojaat qiladilar. Bu ta`sirotlar pueril deb nomlanadi va ruhiy jarohat ta`siroti tugaganidan so`ng o`tib ketadi.

CHo`zilgan reaktiv psixozlar

CHo`zilgan reaktiv psixozlar o`tkir shok reaksiyalariga nisbatan ko`pincha uzoq davom etadi, kamroq hollarda qisqa bo`lsa-da ko`p marta qaytarilgan ruhiy jarohatdan so`ng rivojlanadi. Odatda ruhiy psixozlar ruhiy jarohatdan bir oz vaqt o`tganidan so`ng rivojlanadi. Agar o`tkir shok reaksiyalari falokat, fojia, urushlar davrida paydo bo`lsa, cho`zilgan ruhiy reaksiyalar bemorning shikoyatiga tegishli sabablar orqali (yaqinlarining o`limi, er-xotinning xatti-harakati, ishidagi jiddiy janjallar va boshqalar) vujudga keladi. SHunga o`xshash psixogen reaksiyalar uchun xos bo`lgani reaktiv depressiya va reaktiv paranoiddir.



Reaktiv depressiya

Reaktiv psixozlar ichida klinik ko`rinishida depressiv sindrom tashkil etadigan tarqalgan shakllaridan biridir. Psixogen deiressiyalar depressiyaning tez-tez uchraydigan shaklidir. F. I. Ivanova (1970) buyicha depressiv holatlar umumiy reaktiv psixozlarning 10% ini, N. A. Kantarovich bo`yicha 43% ini tashkil etadi. Depressiv reaksiyalarning genezi ancha murakkab. Reaktiv depressiyaning vujudga kelishida ruhiy jarohat bilan bir qatorda boshqa omillar—nasliy konstitusiya, yosh, somatik kasalliklar ahamiyatga egadir. Reaktiv depressiya klinikasi tushkunlik kayfiyatidan, harakat susayganligidan, ma`rifiysizlik qo`rquv, ishonchsizlik, o`z qayg`ularining, alohidaligidan iborat bo`ladi. O`z kechinmalarida bemor ko`proq o`zidan ko`ra o`zgalarni ayblaydi. O`zini-o`zi ayblash kamroq uchraydi. Og`irroq holatlarda suisidal moyilliklar bo`lib o`tishi mumkin. Bemor uchun butun ongini, aqlini bo`lib o`tgan ruhiy jarohat manbaiga qaratiladi, boshidan kechirgani uzoq vaqt hayolidan ketmaydi, bu muammoning faolligi susaymaydi. SHuning uchun odatda jim yuruvchi bemorlar kuchli depressiv reaksiya beradi, to`satdan bo`lgan voqea haqida eslatilsa, u g`azablangan holda uzoq vaqt o`sha mavzu haqida gapirishi mumkin.

Bemorlarning barcha diqqati o`zlari uchun falokatli mavzuga qaratilgan bo`ladi, baxtsizlik xodisasiga qayta-qayta qaytadilar, bo`lgan voqea aybdori ustida o`ta qimmatli g`oyalar aytiladi. Bemorlarning uyqusi va ishtaxasi buziladi (ayniqsa kasallikning dastlabki kunlarida), ko`pincha ovqat yeyishdan bosh tortadilar.

Reaktiv depressiyaning kechishi uni vujudga keltirgan jarohat tavsifiga bog`liq bo`lib, xaftalab va oylab cho`zilishi mumkin, ammo depressiya sog`lomlashish bilan tugaydi. Differensial tashxis uchun reaktiv boshlangan endogen yoki presenil depressiya, yoki serebral ateroskleroz fonida vujudga kelgan depressiya keyinchalik qaytalanishi mumkin. Maniakal-depressiv sind-romdagi yoki shizofreniyadagi endogen depressiyadan farqli o`laroq bu depressiyani «yig`loqi» deb atash mumkin, chunki jaroxatlaigan vaziyat haqida gap ketsa, bemorlar ko`pincha yig`laydilar. Endogen depressiyaga xos bo`lgan harakat sustligi uncha ifodalanmagan dif­ferensial tashxisda bemorlarning kechinmalarida jarohatlaydigai omillar in`ikosi bo`lib, uning kechinmalari «tushunarlidir».



Reaktiv paranoidlar

Klinik jihatdan ko`p ko`rinishli guruh bo`lib, xususan o`tkir paranoid, karlik vasvasasi holida bo`ladi.

O`tkir boshlangan psixogen paranoid qiska davom etadi (bir xaftadan 1—2 oygacha) va o`tkir reaktiv paranoid deyiladi. Ular munosabat va kuzatib yurish vasvasalari bilan tavsiflanib, ularning mazmuni jarohatlaigan vaziyatni in`ikos etadi, eshituv, ko`ruv gallyusinasiyalari va qo`rquv affekti bilan davom etadi. Bemorlar noqulay vaziyat natijasida unga yomon munosabatda bo`lishayapti deb, uning orqasidan ta`kib qilib yurayotgandek, unga yomonlikni ravo ko`rayotgandek, ko`chada notanish odamlar xavotirlanib qarayotgandeq xuddi bir-biriga belgi berayotgandek tuyuladi. Eshituv va qo`ruv gallyusinasiyalari mazmuni bo`yicha reaktiv paranoid mavzusiga borib taqaladi va kasallikning davom etishi jarohat chaqirgan vaziyat tugyashiga bog`liqdir.

Reaktiv vasvasa psixozlarining turlaridan biri kar odamdagi munosabat va ta`kib qilish vasvasasidir. Bemorlarga atrofdagilar uning ustidan kulayotgandek tuyuladi, nimadir yomon fikr uylayotgandeq uni huquq qisib qo`yayotgandeq uni ilojsizligidan foydalanayotgandek tuyuladi.

Doimo ruhiy kasalliklar bilan muloqotda bo`ladigan odamlarda indusirlangan reaktiv paranoid paydo bo`lishi mumkin. Bu ko`pincha oilaviy vasvasaga aylanib ketadi. Bu holat ko`pincha bir yoki oilaning bir nechta a`zosida paydo bo`ladi. Bunga sabab ruhiy bemor oilaning boshlig`i bo`lsa, uni vasvasaviy safsatalarini atrofdagilar tanqidiy nuqtai nazardan qaramasdan, to`g`ri deb qabul qiladilar va unga o`z munosabatlari bilan qo`shiladilar («ruhiy» kasallikning yukishi). Bu vasvasaning paydo bo`lishi, bundan tashqari, yuqqan odamda ishonish, cheklanish, intellektual yetishmovchilik xususiyatlari borligini namoyon qiladi. Indusirlangan yuktirilgan vasvasa ko`pincha ta`kib qilish tavsifiga ega bo`ladi. Indusirlangan vasvasa kam uchraydi va odatda kasaldan ajratilganda izsiz yuqolib ketadi.

Reaktiv gallyusinoz

Ruhiy xastaliklarning anchagina kam uchraydigani klinik ko`rinishida reaktiv gallyusinoz tavsifi bo`lgan gallyusinasiyalar yetakchi o`rin tutadi. Gallyusinasiyalar odatda eshituv, jalb qilish ko`rinishida bo`lib, yaqinlari, tanish, qo`ni-qo`shnilarining tovushi bo`lib, mazmuni jihatidan xotirjamlik yoki ta`na va hatto qo`rqituv mazmuniga ega bo`lishi mumkin. SHu bilan birga reaktiv psixozlar patogenezida nihoyatda ahamiyatli bo`lgan zve­no ekzogen yoki somatogen yuzaga keltirilgan ruhiy faoliyatning o`zgarishidir. Buni patologik asosi, moxiyati deyiladi (S. G. Jislin, 1965, F. I. Ivanov, 1970). Reaktiv gallyusinoz patogenezida ruhiy yoki jismoniy charchash bilan bog`liq bo`lgan astenizasiya ham ishtirok etadi. Bo`lar charchash, affektiv kuchlanish, majburiy uyqusizliq somatik kasalliklar, bosh miya jarohatlari, zaharlanishlar, alkogolizmlardan bittasi ko`proq asos bo`lib xizmat qiladi. Fiziologik holatlar: homiladorlik, laktasiya, yoshga qarab yuz beruvchi krizlar (pubertat va involyusiya) ma`lum ahamiyatga ega bo`ladi.



Davolash va qayta tiklash. Reaktiv psixozlarni davolash asoslari nevrozni davolashga juda o`xshaydi. Imkoni bo`lsa, birinchi navbatda kasallikning sababi, ruhiy jarohatlantiruvchi vaziyatni aniqlash kerak.

Terapevtik taktika psixogeniyaning klinik ko`rinishi, o`tkirligi va alohidaligi bilan bog`liqdir.

O`tkir psixogen reaksiyalarda tez yordam ko`rsatish zarur. O`tkir psixoz xurujini to`xtatish uchun ney­roleptik dori-darmon (aminazin, stelazin, galoperidol) hamda trankvilizatorlardan (seduksen, elenium, relanium) tayinlanadi. Masalan, birdaniga uchta bolasi o`lgan ota o`limdan bir oz vaqt o`tgach bolalarining ta`kib tovushini, yig`isini, ingrashini, yordam haqidagi qichqirigini eshita boshlaydi va bu kechasiga kuchayadi.

Temir yo`l reaktiv paranoidlari

Uzoq vaqt temir yo`q sayohatlarida paydo bo`ladi. Bularning rivojida ruhiy va jismoniy charchash, muntazam ovqat yemaslik, uzoq vaqt uxlamaslik alkogol ichish, hayot oddiy oqimining buzilishi kabi moyillik qiladigan omillar ahamiyatga ega. Ammo asosiy patogen bo`lib o`sha vaziyat, temir yo`l holati hosil qiluvchi vaziyat, noaniqliq xotirjamlikning bo`lmasligi xizmat qiladi. SHunday vaziyatda bemorlarda affektiv kuchlanish, gumonsirashlik, atrofda o`g`rilar o`ralashgan degan fikr paydo bo`lib, uni o`g`irlash yoki o`ldirishni hohlaydilar deb biladi. Ko`pincha bu qo`rquvdan bemor vagondan sakrab tushib qoladi. Bunda o`z mollarini qoldirib jonimni omon saqladim deydi.



Etiologiyasi va patogenezi. Reaktiv psixozlarning siri, u yoki bu ruhiy jihatdan chiqaruvchi ta`sirot (halokatlar, fojialar, harbiy urush holatlari, xayot uchun nohush bo`lgan oilaviy va xizmatdagi janjallar, qamoqqa olish, qamab qo`yish va boshqalar) sabab bo`ladi.

Reaktiv holatlarning shakllanishi uchun bemorning konstitusional tuzilishi, kasallikdan oldingi holati qo`shimcha omillar sifatida xizmat qiladi va reaktiv omil klinik ko`rinishga ta`sir qiladi (Mak Kave M., 1986). Reaktiv psixozlarning barcha turlarini davolashda ruhiy davolash yuqori natijali davolash vositasi hisoblanadi. Ruhiy davolashning birinchi navbatdagi vazifasi jarohatlanuvchining vaziyatini miyadan chiqarish va uning fikrini boshqa biror shunga o`xshash faol vaziyatga o`tkazishga harakat qilishdan iboratdir (S. F. Vasin, V. Ye. Rojkov, M. A. Rojkova, 1978). So`ngra jarohatga bog`liq bo`lgan ishga jalb qilib, uning faoliyatini faollashtirish kerak. Bemor bilan muloqot vaqtida jarohatlovchi vaziyatdan chiqishga iloji boricha yordam berish kerak. Oilaviy va xizmat munosabatlarini o`zgartirishga bemor ruhiyatini tayyorlash va hayotidagi rejalarni o`zgartirishga moslashishni yengillashtirishga qaratish kerak.

Ruhiy davolash bilan birga keng miqyosda dori-darmon bilan davolash, fizioterapevtik tadbirlar, suvdan, davolash gimnastikasidan va boshqa vositalardan foydalanish lozim.

Reaktiv depressiyalarda timolitiklar, trankvilizatorlar va neyroleitiklar bilan birga tayinlanadi. Agar postreaktiv asteniyalar uzoq vaqt qolsa, umum quvvatlovchi dori-darmonlar, nootrop guruhi dorilari hamda kuchaytiruvchilar (sidnokarb, sentedrin) qo`llaniladi.



Psixotik holatlar davolangach qayta tiklash choratadbirlari qo`llaniladi va bemor oldidagi ijtimoiy muammolarni hal qilish kerak bo`ladi. Bo`larni odatda dispanserlarda, ambulator nazoratda turganda, kunduzgi stasionarda bo`lgan davrda o`tkaziladi. Mehnat jarayoni va ish me`yorini shifokor belgilaydi.

Reaktiv psixozlar asosan qaytadi, odatda, ruhiy salomatligi tiklanadi va bemor mehnatga loyiq deb hisoblanadi.
Download 39.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling