Ajdodlarimiz merosini o`rganish jarayonida talabalarning o`quv-biluv harakatlarini faollashtirish – ijtimoiy-pedagogik muammo sifatida


Download 27.48 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi27.48 Kb.
#1606507
Bog'liq
М.Пазылова


AJDODLARIMIZ MEROSINI O`RGANISH JARAYONIDA TALABALARNING O`QUV-BILUV HARAKATLARINI FAOLLASHTIRISH – IJTIMOIY-PEDAGOGIK MUAMMO SIFATIDA
NDPI. Pedagogika kafedrasi docenti M.Pazilova
SHaxsning tafakkur tarzini ma`naviy-axloqiy, intellektual rivojlanish imkonini beradigan bilish faoliyatini faollashtiradigan, ma`naviy-madaniy meros namunalari yordamida faollashtirish insonning aqliy taraqqiyotini ta`minlash imkonini beradi. SHuning uchun ham O`zbekiston Respublikasi davlat siyosatida ajdodlar merosini o`rganish va yosh avlodni ma`naviy-intellektual jihatdan yuksaltirishda ushbu merosdan foydalanish ustivor ahamiyat kasb etmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-son “YOshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish chora-tadbirlari to`g`risida”, 2018 yil 12 maydagi PQ-3721-son “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilish maqsadida yoshlar o`rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to`g`risida”, 2018 yil 28 noyabrdagi PQ-4038-son “O`zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi 896-son “Xadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorlarida ajdodlarimiz merosining yosh avlod qalbi va ongini yuksaltirishga ko`rsatadigan ta`siridan samarali foydalanish zarurligi ta`kidlangan.
Ajdodlar merosining shaxs kamoloti uchun muhim ahamiyat kasb etadigan tarkibiy qismi hisoblangan tasavvuf ta`limoti insonni aqliy, intellektual va ma`naviy-ahloqiy takomillashuviga xizmat qiladigan boy manbalarni taqdim etganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Tasasvvufga berilgan ta`riflar rang-barang bo`lib, ularning barchasi ushbu ta`limotning pedagogik-psixologik va ijtimoiy mohiyatini belgilaydi.
Tasavvuf sharq xalqlari orasida keng tarqalgan ta`limot bo`lib, uzoq asrlar mobaynida insoniyatning ma`naviy-intellektual taraqqiyotiga xizmat qilib kelgan. Bugungi kunda xam uning shaxsning rivojlanishidagi ahamiyati beqiyos hisoblanadi.
Tassavvuf insonni ma`rifatni egallashga undaydigan va nafs tarbiyasini o`z ichiga olgan ta`limotdir. Tasavvuf insonning aql-zakovatini charxlaydigan bilimlar manbaidir. U inson ruxiyatini anglashga ko`maklashadi.
Tasavvuf ta`limoti o`rta asrlardan boshlab sharq xalqlari hayoti, turmush tarzi, ma`naviy-axloqiy, intellektual rivojlanishida muhim o`rin egallagan. U o`z taraqqiyoti davomida madaniy xayotni rivojlantirish, xalqni ilm-ma`rifat egallashga undash, yosh avlodda barkamollik sifatlarini shakllantirish kabi ulkan vazifani bajarib keldi. Tasavvuf ta`limoti yordamida sharq xalqlarida o`ziga xos madaniyat va aqliy faollik vujudga keldi. Natijada komil inson kontseptsiyasi boyitildi.
Fan va madaniyat taraqqiyotida muhim o`rin egallagan yirik allomalar etishib chiqdi. Jumladan, Ahmad YAssaviy (1105-1166/67), ‘Abduxoliq G`ijduvoniy (1103-1179), Najmiddin Kubro (1145–1221), Baho’uddin Naqshband (1318–1389), ‘Alouddin Attor (vaf. 1400), Xoja Muhammad Porso (1345–1420), Pahlavon Mahmud (XIV asr), Xoja ‘Ubaydulloh Ahror (1404–1490), Mir ‘Alisher Navoiy (1441–1501), Maxdum-i A‘zam Kosoniy-Dahbidiy (vaf. 1542), Lutfulloh CHustiy (vaf. 1571), Boborahim Mashrab (1640–1711), Dukchi Eshon (vaf. 1898) kabi buyuk mutafakkirlarning qarashlari yoshlar ta`lim-tarbiyasida muhim o`rin egallaydi. Ularda bilish faolligini shakllantirishga xizmat qiladi.
Tasavvuf ta`limoti negizida kalom ilmi vujudga kelgan. Tafsir, hadis va fiqh ilmlariga alohida e`tibor qaratilgan. Tasavvuf g`oyalari fan, san`at, adabiyotga katta ta`sir ko`rsatgan. Ularning mazmuniga singdirilgan. XI asrdan boshlab, barcha mutaffakkirlar, shoirlar tasavvufning insonparvarlik, hayotsevarlik, xaqgo`ylikka yo`g`rilgan g`oyalarini o`z ilmiy, badiiy asarlari mazmuniga singdirganlar.
Tasavvuf ta`limoti ko`plab yangi insonparvarlik, ma`rifatparvarlik, hayotsevarlik g`oyalarining vujudga kelishiga zamin yaratgan. SHuning uchun ham sharq xalqlari madaniy hayoti va intellektual taraqqiyotida tasavvuf ta`limoti muhim o`rin egallagan. Tassavvufning inson kamoloti uchun zarur bo`lgan g`oyalarni ilgari surganligi haqida ko`plab mutaxassislar o`z asarlarida fikr yuritganlar. Jumladan, adabiyotshunoslar N.Komilov, Ubaydulla Uvatov, I.Haqqulov, Orif Usmon, S.G`anieva, B.Nazarov, B.Bobojonov; pedagog olimlar S.Nishonova, N.Ortiqov, O.Musurmonova, R.G.Safarova, K.Qilicheva, M.Salaeva va boshqa bir qator tadqiqotchilarning ilmiy ishlari diqqatga sazovordir.
XI–XII asrda Markaziy Osiyoda YAssaviya, Kubraviya, Xojagon tariqatlari vujudga kelgan. Ushbu zaminda tasavvuf ta`limotining barkamol inson g`oyasini rivojlantirgan o`ziga xos tariqatlari YAssaviya, Xojagon-Naqshbandiya va Kubraviyalar vujudga keldi. Ushbu nazariyaning asoschilari sifatida Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Kalobodiy (vaf. 990 yoki 995 y.), Abu-d-Dardo, Abu Zarr, Huzayfa (vafotlari VII asrning ikkinchi yarmi)larni ham ko`rsatish mumkin.
Tasavvufda uning ruxiy kamolot bosqichlari alohida ajratib ko`rsatiladiki, ushbu yondashuv bugungi kunda yosh avlod ta`lim-tarbiyasi uchun alohida qimmatga ega. Ular: shariat, tariqat, ma`rifat va haqiqatdan iborat bo`lib, bu bosqichlardan o`tgan har bir shaxs ma`naviy-intellektual jihatdan kamolga etgan bo`ladi. O`zini bilish, olamni anglash imkoniyatlarini kengaytira oladi. Bu jarayonda shaxs faol tarzdagi ruxiy, jismoniy, aqliy harakatlarni amalga oshirishi kerak. Tasavvuf ta`limoti tarafdorlari insonning haqiqiy boyligi uning kamolotida ekanligini e`tirof etganlar.
Tasavvuf ta`limotining Markaziy osiyoda keng yoyilishiga YUsuf Xamadoniy alohida xissa qo`shgan. Uning izdoshlari Ahmad YAssaviy va Abduxoliq G`ijduvoniylar tasavvufning hayotbaxsh g`oyalarini rivojlantirganlar. Ular YAssaviyya va Xojagon-Naqshbandiya tariqatlariga asos solganlar. Najmiddin Kubro (1145–1221) tomonidan esa Kubraviya tariqati yaratilgan.
Tassavvufda bilish faoliyatining o`ziga xos komponentlariga alohida e`tibor qaratilgan: tasavvur, his, mantiqiy tafakkur kabilar shular jumlasidan. Aqliy-hissiy bilish bilimlarni faol o`zlashtirish imkonini beradi. Insonning aqli isbotni talab qiladi. Dalillar shaxsning tajribasiga asoslanadi. Tajriba yordamida bilish faolligi vujudga keladi.
Allomalar bilishning inson kamolotidagi ahamiyatiga alohida e`tibor qaratganlar. Boyazid Tayfur bin Iso Bistomiy tasavvuf tarixida intiutiv bilish nazariyasining asoschisi hisoblansa, Abulqosim Junayd al Muhammad Qavoririy al-Bag`dodiy ilm va aqlga suyanadigan ratsional bilish nazariyasini ilmiy jihatdan asoslagan.
Insonning bilish faoliyatini rivojlantirish zarurligi komil inson kontseptsiyasida yaqqol namoyon bo`ladi. Inson kamolotini ta`minlash allomalarning etakchi g`oyasi bo`lgan. Ayniqsa, shaxsning ichki olamini boyitish, uning tafakkurini kengaytirish mutafakkirlarning asosiy qarashlarini ifodalagan. Inson olamning turli siru sinoatlarini bilib, o`z dunyoqarashini kengaytirishi, ijobiy sifatlarni egallashi lozimligini o`z qarashlarida muntazam ta`kidlaganlar. Inson o`zining ma`naviy-aqliy, bilish imkoniyatlari orqali jamiyatda yashash qonun qoidalarini o`zlashtirishi lozimligini uqtirganlar. Allomalar tomonidan Mol-dunyo to`plash, nafs ehtiyojiga qarab yurish, hirsu havas qat`iy qoralangan. Ular insonni turli qusurlar va falokatlardan qutqarishning to`g`ri yo`li – nafsni o`ldirib, qanoat bilan halol yashash, ruh – irodani chiniqtira borib, insoniylikni rivojlantirish zarurligini ta`kidlaganlar. Ushbu fikrlar allomalarning asarlarida aniq bayon qilingan. Ular yomon ishlardan tiyilish, sabru-qanoat insonni kamolot sari etaklashini ta`kidlaydilar.
Allomalar ta`riflagan komil inson barcha zaminlarda aqliy-intellektual, ma`naviy-madaniy jihatdan rivojlangan ideal shaxsdir. Ko`rinib turibdiki, sharq xalqlari pedagogik tafakkurida insonning bilish faoliyatini faollashtirish g`oyasi ustivor o`rin egallagan.
Adabiyotlar
1.Asqarov A. O’zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi.-T.: “Universitet”, 2007.- 339b.
2.Alimov X. Milliylik va ijtimoiy ruhiyat.- T.: O’zbekiston, 1992.-70 b.
3.To’lanov J. Qadriyatlar falsafasi. “O’zbekiston”, 1998.- 236 b.
4.Shoniyozov Karim. O’zbek xalqining shakllanish jarayoni/ Tahrir hayati: D.A.Alimova, E.X.Arifxanova, U.S.Abdullaev va boshq.- T.:“Sharq”, 2001.-464 b.
Download 27.48 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling