Azot muvozanati. Aminokislotalardan tashkil topgan oqsillar-bular hayotiy
jarayonlarga xos bo’lgan asosiy birikmalardir. Ana shu sababli ham oqsillar
almashinuvini va uning parchalanish mahsulotlarini hisobga olish muhim ahamiyatga
ega.
Oqsillar tarkibida odatda o’rtacha 16 % massasini tashkil qiluvchi azot
saqlanadi. Shu sababli, oqsillar tarkibida organizmga tushgan azotning miqdorini
hisoblab va siydik, najas hamda ter tarkibidagi ajralgan azotning miqdorini hisoblab
organizmdagi oqsil yoki azot muvozanatini aniqlash mumkin.
Ter tarkibida odatda azotning miqdori juda kam, shu sababli ham terda azotni
miqdorini aniqlash uchun tahlil qilinmaydi. Oziqlar bilan organizmga tushgan azotni,
siydik, najas tarkibida ajralgan azotlarni 6,25 (16 %) koeffisiyentga ko’paytiriladi.
Shundan so’ng birinchi yig’indidan, ikkinchi yig’indi olib tashlanganidan keyin,
natijada organizmga tushgan va hazmlangan miqdorini aniqlash imkonini beradi.
Organizmga oziqlar bilan tushgan azotning miqdori siydik va najas tarkibida
ajralgan azotni miqdoriga teng bo’lsa, ya’ni dezaminlanish paytida hosil bo’lgan
azotni miqdoriga teng bo’lsa, bunga azot tengligi yoki muvozanati deyiladi. Odatda
azot muvozanati sog’lom voyaga yetgan organizmlarga xos bo’lgan xususiyatdir.
Agarda organizmga tushgan azotning miqdori organizmdan chiqarilayotgan
azotning miqdoridan ko’p bo’lsa bu paytda musbat azot muvozanati kuzatiladi,
ya’ni organizmga kirgan azotlar miqdori parchalangan miqdordan kattadir. Musbat
azot muvozanati sog’lom o’sayotgan yoki kasallikdan turgan organizmga xosdir.
Organizmga ozuqalar bilan tushayotgan azotning miqdori ortganda, aynan
siydik tarkibida ajralayotgan azot miqdori ham ortadi.
Nihoyat organizmga tushayotgan azotning miqdori organizmdan chiqayotgan
azot miqdoridan kam bo’lsa bu paytda manfiy azot muvozanati kuzatiladi, bunda
azotning parchalanishi uning sintezlanishidan yuqori bo’ladi, ya’ni organizmda
oqsillarning parchalanishi kuchli bo’ladi. Bu holat oqsilga taqchillik kuzatilganida
yoki organ va to’qimalarda kuchli oqsil parchalanishini chaqiruvchi kuchli
ionlantiruvchi nurlanish dozasi ortganda kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |