Amir Temur davri diplomatiyasida nikoh munosobatlarining ahamiyati. Safarov Jahongir Alisherovich


Download 20.12 Kb.
Sana11.01.2022
Hajmi20.12 Kb.
#308690
temuriylar
Bog'liq
6 30.04.1999, fj g'arb, fj g'arb, Yurak, 12-13 amaliyot, English 2, Презентация Microsoft PowerPoint, Презентация Microsoft PowerPoint, buxoro haqida slayd, Narxning mohiyati va shakllanish xususiyatlari ALI, MUS. ISH, Nurmatova Mashhura. PISA, Nurmatova, Kurs ishi(ODT). Jo'rayeva Gulchexra, Kurs ishi(ODT). Jo'rayeva Gulchexra

Amir Temur davri diplomatiyasida nikoh munosobatlarining ahamiyati.

Safarov Jahongir Alisherovich - Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Tarix fakulteti 3-bosqich talabasi



Annotatsiya: Mazkur maqolada buyuk saltanat asoschisi Amir Temurning davlatni idora etish va davlatlararo munosabatlarni shakllantirishda sulolaviy nikohlardan samarali foydalanganligi haqida so'z yuritilgan. Amir Temur davri diplomatiyasida nikoh munosabatlarining o'rni tahlil qilingan.

Kalit so'zlar: sulolaviy nikoh, nikoh diplomatiyasi, "ko'ragon", Bibixonim, "kichik xonim", Chingiziylar.

Xalqaro munosabatlar eng qadimgi zamonlardan har qanday jamiyat, davlat va hattoki alohida insonning hayotida o'ta muhim rol o'ynab kelgan. "2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi" ning beshinchi yo'nalishida havfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo'nalishlar belgilab berilgan [1,27-28].

Barchamizga ma'lumki tarixda diplomatik munosabatlarning turli xil ko'rinshlari mavjud bo'lib, ushbu maqola orqali diplomatiyaning o'ziga xos bo'lgan shakli - "nikoh diplomatiyasi"ning ahamiyatini davlatchiligimiz tarixidagi eng yorqin davr - Amir Temur davri misolida ko'rib o'tamiz.

O'z davri uchun juda murakkab sharoitda siyosat maydoniga kirib kelgan buyuk sohibqiron davlat manfaati yo'lida sulolaviy nikoh an'analaridan ham ustalik bilan foydalana olgan.

Xondamirning yozishicha, otasi Amir Tarag'oy Amir Temurni 1355 - yili chingiziy xon Qozonxonni taxtdan ag'darib, Movarounnahrda hokimiyatni qo'lga olgan birinchi turk amiri Qazag'onning nabirasi va amir Husaynning singlisi O'ljoy Turkon og'oga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn o'rtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda mo'g'ullarga qarshi kurashadilar, biroq keyinchalik ular raqibga aylanishadi. O'ljoy Turkon og'o vafotidan so'ng ularni bog'lab turgan so'nggi rishta ham uziladi.

1370-yilning 10-aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim bo'lib, Amir Husayn qatl etiladi. Bu g'alabadan so'ng Amir Temur uning haramidagi Saroymulk xonimni va Bayon Sulduzning qizi Ulus og'oni, Hizr Yasuriyning qizi Islom og'oni hamda Tag'oy Turkon xotinni o'z nikohiga oladi [2,3].

Amir Temurning Saroymulkxonimga uylanishi avvalo, siyosiy mo'ljal bo'lgan, ya'ni chingiziy xonadon vakili Qozonxonga kuyov bo'lish orqali Chig'atoy ulusini boshqarishga haqli ekanligini isbotlash [3,26].

Saroymulk xonimga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur "ko'ragon", ya'ni "xonning kuyovi" unvonini oldi. Saroymulkxonim xon avlodiga mansub bo'lgani tufayli haramdagi barcha malikalardan yuqori turgan, uni katta xonim yoki Bibixonim deb ataganlar. Tarixiy manbalarning yakdillik bilan bergan ma'lumotlariga ko'ra, o'ta ziyrak, tadbirkor Saroy Mulkxonim saltanatni boshqarishda vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda o'zining oqilona maslahatlari bilan faol qatnashgan.

1378-yilda Amir Temur Saroy Mulk xonimning jiyani, ya'ni akasi amir Musoning qizi Tuman og'o begimni nikohiga olgan. 1397-yilda esa u yana bir chingiziy malika, mo'g'ul xoni Hizrxo'janig qizi - To'kal xonimga uylanadi. To'kal xonim ham xonning qizi bo'lganii bois, ikkinchi malika bo'lib qoladi va "Kichik xonim" deya atalgan. Bu misollar o'sha davrda Chingiziylar bilan qarindosh tutinish orqali hokimiyatni mustahkamlashga qanchalik katta e'tibor berilganligini ko'rsatadi.

Shu bilan birga Amir Temur o'z farzandlari nikohini ham davlat uchun manfaatli asosda qurishga harakat qilgan. Kelin tanlash xususida Amir Temur o'zining tuzuklarida shunday deganlar: "O'g'illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirish tashvishida kelin izlamoqqa e'tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko'rdim. Kelin bo'lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog'lik-salomatligini, jismonan kamolotini aniqladim. Kelin bo'lmish nasli-nasabi, odob-ahloqi, sog'lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan holi bo'lsagina, el-yurtga to'y-tomosha berib, kelin tushirdim" [4,72].

Ma'lumki, Amir Temurning Xorazmni qo'shib olishi oson kechmagan. Xorazm shohi Oq So'fiyning xotini Shakarbeka Oltin O'rda xoni G'iyosiddin Muhammad O'zbekning (1312-1342 yy) qizi edi. Bu esa Sufiylarning O'rda xonlari bilan qattiq bog'liqligini ko'rsatadi. Amir Temur 1374-yilda to'ng'ich o'gli Jahongir mirzoni Oq So'fiyning qizi Sevinbeka (Xonzoda) ga uylantiradi [5,72].

Jahongir Mirzo ham otasiga o'xshab xonning qiziga uylangani uchun "Ko'ragon" unvonini olgan. Amir Temur shu yo'l bilan nafaqat Xorazm bilan, balki chingiziylar sulolasi bilan aloqani mustahkamlashga harakat qilgan. 1376- yili Jahongir mirzo vafotidan so'ng Xonzodaga Mironshoh mirzo uylanadi.

Amir Temurning nevarasi Umar shayx Mirzo ham Toshkent hokimi - chingiziy Yunusxonning qizi Qutlug' Nigor xonimga uylangan. Aynan shu sababdan, Umarshayxning o'g'li Zahiriddin Muhammad Bobur Hindsitonda barpo etgan davlat G'arbda "Buyuk mo'g'ullar davlati" deb nom olgan.

Amir Temur to'rtinchi o'g'li Shohruh Mirzoni 1393-yilda Chig'atoy zodagonlaridan G'iyosiddin Tarxonning qizi - Gavharshod begimga uylantiradi. G'iyosiddin tarxonning bobokaloni - Qishlik bir vaqtlar oddiy cho'pon bo'lib, bir kuni Chingizxonga qarshi uyushtirilayotgan fitnadan xabr topgan va uni bundan xabardor qilib, o'limdan asrab qolgan. Buning evaziga Chingizxon Qishlikka tarxon unvonini bergan [6,384].

Shu sababdan bu avlod Chig'atoy ulusida yuksak e'tibor va hurmatga sazovor bo'lgan. Ushbu nikoh ham davlat manfaatlariga mos bo'lgan. Bu fikrni G'iyosiddin tarxonning yana ikki qizi Amir Temurning ikkinchi o'g'li Umarshayxning o'g'illari Pirmuhammad va Rustamga nikohlab berilganligi ham tasdiqlaydi [5:1997,384].

Amir Temurning Xuroson hokimi, bu hududdagi yirik kuch bo'lgan kurdlar sardori G'iyosiddin Pir Aliga o'z jiyanini uzatishi ham diplomatik maqsadlardan xoli bo'lmagan,albatta.

Xulosa o'rnida shuni takidlash joizki, Amir Temur nafaqat mohir sarkarda va davlat arbobi, balki yetuk diplomat bo'lgan. Yuqorida keltirilgan misollar sohibqiron o'z davrida tinchlik va totuvlikni taminlash, o'zaro urushlar oqibatida ko'plab qonlarni to'kilishini oldini olish, davlat boshqaruvini legitimlashtirish uchun ham eng ma'qul yo'l bo'lgan "nikoh diplomatiyasi"dan ustalik bilan foydalanganligini ko'rsatadi. Bazi bir xorij mualliflari takidlaganidek, Amir Temurni saltanatni qilich va qon to'kishlar orqali emas balki, tinch yo'llar va oqilona siyosat bilan boshqargan. Kelin tanlashdagi nasl-nasabi va salomatligiga berilgan etibor esa tug'ilajak avlodlarning siyosiy, genetik va jismoniy jihatharini o'ylab qilingan tadbirdir.

Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:



  1. Azamat Ziyo. O'zbek ayollari tarih sahnasida. - T.: Fan, 2002. - 52 b

  2. Fayziev T. Temuriy malikalar. - T.: A. Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994. - 26 b.

  3. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar Strategiyasi bo'yicha farmoni. - Toshkent: Adolat, 2017.- 112 B.

  4. Temur tuzuklari. - Toshkent: G'.G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashri, 1991. - 144 b.

  5. Sharofiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. - T.: Sharq, 1997. - 384 b.

  6. Почекаев Р.Ю., Почекаева И.Н. Властительницы Евразии. История и мифы о правительницах тюрко-монгольских государств XIII- XIХ вв. - СПб.: Евразия, 2017. - 384 с.




Download 20.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2022
ma'muriyatiga murojaat qiling