Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Qadimgi Yaqin va O‘rta Sharqda diniy-falsafiy fikrlarning paydo bo‘lishi


Download 1.43 Mb.
bet25/205
Sana09.11.2023
Hajmi1.43 Mb.
#1759310
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   205
Bog'liq
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org (1)

2-§. Qadimgi Yaqin va O‘rta Sharqda diniy-falsafiy fikrlarning paydo bo‘lishi
Eramizdan oldingi IV mingyillikning oxiri III-mingyillikning boshida qadimgi Bobil va qadimgi Misr madaniyati o‘z taraqqiyotining yuqori nuqtasiga erishadi. Bu davlatlarda falsafiy fikrlarning paydo bo‘lishi, bir tomondan, dunyo haqidagi fanlar bo‘lgan - Astronomiya, kosmologiya, matematika birinchi odimlari bilan yaqindan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, afsonalar bilan bog‘liq edi. Eng muhim ilmiy yutuqlar (hisobning oltmishtalik tizimi, yilning uzunligi, geometrik shakllar hajmining hisoblab chiqilishi va boshqalar) amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, xo‘jalik yuritishda qo‘llanilar edi. Qadimgi Bobil va Misr olimlari oy va kun tutilishi davriligini aniqlashga muvofiq bo‘ldilarki, bu ularga bu hodisani oldindan aytish imkonini berdi. Bu ham amaliy ahamiyatga ega edi. Masalan, Misr uchun eng muhim hodisa bo‘lgan – Nil daryosining har yilgi ko‘tarilishi vaqt jihatdan osmonda yorug‘ yulduz bo‘lgan - Suhayl (Sirius)ning paydo bo‘lishi bilan muvofiq kelar edi. Misrlilar yulduzlar turkumi vaziyatida ko‘rinadigshan yerning Quyosh atrofidagi yo‘li joylashgan tekislikni (ekliptika) aniqladilar – va uni burjlarni (osmonda sayyoralar harakat qiladigan chambar yo‘l) tashkil etgan 12 qismga bo‘ldilar; har biri 30 kundan iborat bo‘lgan, 12 oydan tashkil topgan taqvimni vujudga keltirdilar. Bir kecha va kunduzning vaqti suv va Quyosh soatlari bilan o‘lchanar edi. Bobilliklarda bo‘lgani kabi qadimgi misrliklarning papirus qog‘ozlari (tropik qamishdan qilingan) tabobatni sehrgarlik usuli bilan davolashdan ajratilganligini ko‘rsatadi.
Qadimgi bobilliklar va misrliklarda ilm-fan bilan kohinlar shug‘ullanar edilar. Ilm-fan bilan shug‘ullangan misrliklar va bobilliklar umuman dunyoga afsonalar orqali qarar edilarki, bu haqda ular tomonidan yulduzlarni juda ham katta va uzun yulduzlar turkumlari guruhlariga bo‘lib chiqqanliklari va oqibatda ularni mistik-matematik ramzlar bilan belgilanganliklari guvohlik beradi. Shunday asarlar paydo bo‘la boshlaydiki, ularda afsonalarni falsafiy talqin qilishga urinishlar ko‘zga tashlanadi («Arfa chaluvchining qo‘shig‘i», «Dunyodan xafsalasi pir bo‘lgan kishining o‘z ruhi bilan suhbati», «Hayot ma'nosi haqida xoja va qulning savol-javoblari» va boshqalar). Garchi Qadimgi Misr va Bobilda falsafiy tafakkur Qadimgi Yunoniston saviyasiga erishmagan bo‘lsa ham, ularning yutuqlari Ellada madaniyatiga oz ta'sir ko‘rsatgani yo‘q. Masalan, eramizdan oldingi I-nchi ming yillik o‘rtalarida fir'avnlar yunoncha turmush tarziga rioya etar edilar, ularning ko‘plari yunonlilar bilan qarindoshchilik iplari bilan bog‘langan edilar. Yunonlilarga Misrda umumiy turarjoylar tashkil etishga ruhsat etilgan edi. Ular ilm-fan va falsafada misrliklarni juda ham orqada qoldirib ketgan vaqtlarida ham, Misrga donishmandlik manbasi sifatida qarab, unga bo‘lgan o‘z hurmatlarini saqlab qoldilar.
Eramizdan oldingi I-ming yillikda Markaziy Osiyo hududida saklar va masmaget qabilalari yashar edilar. Eramizdan oldingi VI asr oxiri V asr boshlarida saklar forslar davlati tarkibiga kirdilar, eramizdan oldingi IV asrda esa, Markaziy Osiyoga makedoniyalik Iskandar Zulqarnayn qo‘shinlari hujum qildi. Bu davrda hunarmandchilik, madaniyat va san'at rivojlandi. Markaziy Osiyoga aramey alifbosi kirib keladiki, uning asosida xorazmiy va sug‘d yozuvlari vujudga keladiyu ana shu davrda Markaziy Osiyo xalqlarining adabiy va og‘zaki ijodi shakllanadi.
Xalq og‘zaki ijodining eng ilk yodgorliklari sak va massagetlarning qahramonlik haqidagi qissalari bo‘lib, ular asosida Markaziy Osiyo xalqlarining vatanparvarlik kurashlari yotar edi. Ushbu doston qahramonlarining bosh xususiyatlari –vatanparvarlik, jasorat va sadoqat edi. Bu dostonlarning qahramonlari – malika Zarina - jangovar kurashchi va shaharlar bunyodkori; malika Sparetra qo‘shin to‘plab, jangda fors davlatining asoschisi Ki ustidan g‘alaba qozonib, o‘z erini asirlikdan ozod qilgan; malika To‘maris – u bilan bo‘lgan jangda Ki qo‘shinlari mag‘lub bo‘lib, uning o‘zi halok bo‘lgan; Doro qo‘shinlarini hiyla bilan sahroga olib borgan cho‘pon Shiroq o‘ldiriladi, ammo o‘z hayoti evaziga uning xalqi o‘z ozodligini saqlab qoladi.
Eramizdan oldingi VI asrdan boshlab Markaziy Osiyoda zardushtiylik paydo bo‘lib, eramizning III asrigacha hukmronlik qiladi. Zardushtiylikning vatani sifatida Markaziy Osiyo (Baqriya, Xorazm) va Eronni (Midiya) ko‘rsatadilar. Zardushtiylikda eng qadimgi davrlardan boshlab (eramizdan oldingi 3-2-nchi mingyilliklar) eramizdan oldingi 1-mingyillik o‘rtalarigacha bo‘lgan Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining diniy tasavvurlari aks etgan.
«Avesto» kitobiga binoan, Koinot, yer, okean, osmon, nurli doira va jannatdan iborat. yer dumaloq bo‘lib, atrofi okean bilan o‘ralgan va obu-havo, yil fasllari bilan bog‘liq bo‘lgan yetti qismdan iboratki, bu bobilliklarning yetti shamollar haqidagi qadimgi tasavvurlaridan iqtibos qilingan. Osmon to‘rt doiradan tashkil topgan: yulduzlar doirasi, oy doirasi, quyosh doirasi va jannat doirasi yoki nur makoni. Yulduzlar, Oy va Quyosh xudo Axura Mazdaning badani sifatida tasvirlanadi. Ular hurmatga sazovor edilar.
Zardushtiylikning jamiyat tarixi haqidagi tasavvurlari Injil va Qur'ondagi afsonalar bilan o‘xshab ketadi. Avesto bo‘yicha birinchi odam Yimadir barcha odamlar undan kelib chiqqan. Bu davr oltin asr sifatida tasvirlanadi: insonlar abadiy hayotga ega edilar, xudo Axuramazda abadiy bahor yaratgan bo‘lib, kishilar farovonlik va baxt-saodat yashar edilar. Ammo kunlardan bir kun ular gunohga botdilar: ular ta'qiqlangan mol go‘shtini yeb qo‘ydilar. Ziyonkor ruh Anxra Maynyu ularga sovuq va qor yubordi. Yima odamlarni sovuqdan qotib qolishlaridan saqlash uchun uy qurib, unga barcha tirik jonzotlardan bir juftdan yashirdi. Bu afsona Shumer, Bobil, Injil va Qur'ondagi Butun dunyoni tufor bosganligi haqidagi afsonaga ochiqdan ochiq o‘xshashdir. Tarixning birinchi davri bo‘lgan – oltin davr shunday tugallanib, ikkinchi davr bo‘lgan-yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi kurash davri boshlanadi. Uchinchi davr, ya'ni insoniyat kelajagi Avestoda qadimgi davr kishilarining baxt-saodat haqidagi orzulari sifatida tasvirlanadiki, unda yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi kurashda xudo Axuramazda g‘alaba qiladi va o‘shanda yaxshilik saltanati barqaror bo‘ladi. O‘liklarning tirilishi va mashhar kuni haqidagi tasavvurlar ham mavjud.
Avestoning eng qadimgi davrlarga oid qatlamlarida sinfiy jamiyatdan oldingi davrlarga xos bo‘lgan demokratik g‘oyalar va dehqon jamoalari manfaatini himoya qilish mayllari ko‘zga tashlanadi. Keyinchalik unda quldorlar (ahmoniylar davri) va feodallar (Sosoniylar davri) manfaati o‘z ifodasini topdi. Eramizdan oldingi VI asrga taalluqli bo‘lgan Zaratushtra ta'limoti islohotchilikka urinish bo‘lib, o‘z ifodasini qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar g‘oyasida topdi. Quldorlik munosabatlarining rivojlaniщ jarayonida dehqon jamoalarining xonavayron bo‘lishi davom etdiki, ular manfaatini Zaratushtra himoya qilgan edi. Zaratushtra xalqning zo‘ravonlik va talon-tarrojdan azob chekayotganligini ham dardlik bilan qayd etib, qonun va tartibga rioya etishga chaqiradi. Aynan qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar g‘oyasi uchun Zaratushtraga jamiyat tepasida turganlar qarshi chiqdilar. U qonundan tashqari deb e'lon qilindi, jamiyatdan haydaldi, uning mol-mulki musodara qilindi32.
Zaratushtradan keyin, Avestoning keyin yozilgan qismlarida ilk demokratik g‘oyalar yo‘qolib, uning o‘rniga ko‘proq murosasozlikka asoslangan fikrlar paydo bo‘ladi, boylik va hokimiyat sharaflanadiki, zardushtiylikni shakllanayotgan hukmron sinf bo‘lgan quldorlar manfaati uchun tadrijiy ravishda o‘zgara borganligidan guvohlik beradi. Zardushtiylikda o‘sha davrdagi jamiyatning huquqiy va axloqiy tizimi o‘z aksini topgan. Zardushtiylikning qonunlar majmuasida halollik, mehnatsevarlik, adolatlilik, fikr, so‘z va amalda xolislik yuqori axloqiy me'yor asosi sifatida oldinga suriladi. Zardushtiylikning asosiy e'tiqodi uchlik qoidasida o‘z aksini topgan: xayrli fikr (gumata), xayrli so‘z (gukta) va xayrli ish (gvarishta). Bir qator olimlarning fikricha, bu uchlik qoidani qadimgi davrning mashhur faylasufi Demokrit zardushtiylikdan iqtibos qilgan. Zardushtiylik axloqining talabi insonning ruhiy va tanasining pokligidir. Zardushtiylik tinch va osoyishta, ittifoqlikda yashashni maslahat beradi, yaqinlarga nisbatan xayrixoh bo‘lishni, bir-biriga yordam berishni, yomonlik bilan kurashishni, shafqatsizlik, shuhratparastlik, zo‘ravonlik, o‘zboshimchalik, hasad, tuhmatni mahkum etadi, g‘azab va shahvotga berilmaslikni targ‘ib etadi, berilgan va'daga vafo qilmaslikni, o‘g‘rilikni ta'qiqlaydi, tuzilgan shartnomaga rioya etishni, savdoda rostgo‘y bo‘lishni, qarzni o‘z vaqtida to‘lashni ta'kidlaydi. Muhim axloqiy me'yorlarga quyidagilar kirar edi: homiladorlik va ko‘z yorish davrida ayol to‘g‘risida g‘amxo‘rrlik qilish, begona ayol bilan bo‘lishdan o‘zni tiyish, yerni ishlash, daraxtlar o‘tkazish, suv va oziq-ovqat manbalarini toza saqlash, chorva boqish, bolalarni o‘z vaqtida uylash va turmushga berish, muhtojlarga o‘zidagi ortiqcha narsalar bilan yordam ko‘rsatish, foydali hayvonlar haqida g‘amxo‘rlik qilish.
Zaratushtra ta'limoti Markaziy Osiyo va Erondan boshlab Qora dengiz va Misrgacha yoyilgan edi. Ushbu ta'limotga ko‘ra, oliy xudo- Xoliq va unga qarshi turgan va unga bo‘ysunmaydigan yovuz kuchlar mavjuddirlar. Xaliq dunyoni muayyan maqsadda yaratgan, ammo hozirgi holatda bu dunyoning intihosi bo‘lib, bu haqda dunyoning najotkori kelib, undan xabar beradi. Jannat va do‘zax mavjud bo‘lib, har bir ruh kishi vafotidan so‘ng sudga tortiladi. Zamonlar oxirida o‘lganlar tirilib, Qiyomat qoyim bo‘ladiki, o‘shanda barcha gunohkorlar yakson qilinadilar. So‘ngra yer yuzida Xudoning saltanati barqaror bo‘ladi va taqvodor kishilar bu saltanatga kiradilar (ushbu saltanat forscha so‘z bo‘lgan «paradayza» - jannat deb ataladi) va xudo huzurida ruhiy va jismoniy jihatdan abadiy qolib, doimiy baxt-saodat va huzur-halovatda bo‘ladilar.
Bu tasavvurlar turli yahudiy mazhablari tomonidan o‘zlashtirildilar. Juda ko‘plab nuqtalarda yahudiylik va zardushtiylik bir-birlariga o‘xshaydilar. O‘xshashlik bo‘ysundirilgan xalqning (yahudiylarning) o‘z buyuk homiylariga (forslarga) bo‘lgan hurmati tufayli yanada kuchayib, zardushtiylik yahudiylikka ta'sir o‘tkazishga imkon berdi.
Bu haqda parfyanlar davrida yaratilgan manbalar guvohlik beradiki, unda xristianlik, gnostik mazhablar va Shimoliy buddaviylik ham o‘zlarida Zaratushtra o‘z ta'limoti bilan Axmoniylar imperiyasining barcha viloyatlarida qoldirgan chuqur ta'sirini olib yurar edilar.


Download 1.43 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   21   22   23   24   25   26   27   28   ...   205




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling