Ayol – alloh nuri


Download 29.36 Kb.
Sana04.11.2020
Hajmi29.36 Kb.
#140314
Bog'liq
Ayol Alloh nuri


AYOL ALLOH NURI
Ayol Alloh nuri, oddiy jononmas,

Yaratur, yaralgan oshufta jonmas.

Mavlono Jaloliddin Rumiy

«Masnaviy»
«Ravza bog‘in visolin istar esang,bo‘l onaning oyog‘i tufrog‘i».

Alisher Navoiy
«Inson o‘z onasini ruhiy jihatdan ham o‘ziga qadrdon deb bilishi noyob baxtdir. Jahonning butun g‘ururi onalardan. Quyoshsiz gullar ochilmaydi, sevgisiz baxt yo‘q, ayolsiz muhabbat yo‘q, onasiz shoir ham, qahramon ham bo‘lmaydi. Mehri cheksiz, butun dunyoni ko‘kragi bilan boqqan ayolni Onani sharaflaylik! Insondagi butun go‘zallik, quyosh nurlari-yu, Ona mehridan».

M. Gorkiy
Bismillohir Rahmonir Rohiym, Assalomu alaykum Azizu mukarrama ayollar, Onajonlar, opa-singillar. Orziqib kutilgan bahor nafasi yana sizu bizlarni o‘z og‘ushiga olmoqda. Bahor ham ayol singari fasllarning eng maftunkori desam yanglishmayman. Ayol Olamning bezagi va umidi, Odamning Juftihalolidir. Alloh sizlar bilan dunyoning umrini belgiladi.

Siz Azizlarga qancha yaxshiliklar qilsakda, shuncha oz. Buning oddiy sababi, avvalambor,Siz Onasiz! Shuning uchun ham dunyodagi barcha ayollarga avvalambor Ona deb, qarasak, ularga mehrimiz oshadi, sahovatimiz toshadi, ko‘nglimizdan g‘arazli o‘ylar qochadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sоllаllоhu аlаyhi vаsаllаm huzurlariga kelib, «eng ko‘p yaxshilikni kimga qilayin» - deb so‘ragan kishiga, takror va takror «Onangga» deb, bejizga aytmaganlar.

Ona qalbi bitmas-tuganmas mo‘jizalar manbaidir. (P. Beranje). Uning vujudidan odam vujudga kelar ekan, bu eng katta mo‘jizadir. Uning ko‘ksidan hayot suvi tomib turar ekan, bu ham mo‘jizadir. O. Goldsmit ta’biri bilan aytganda: «Odamzodning birinchi tarbiyachilari onalardir». Ular odamzotning kelajagidir. Har birimiz ilk tarbiyani Onamizdan o‘rganamiz, shubhasiz, ma’naviy, ruhiy, jismoniy go‘zallikni Ulardan olamiz. Tom ma’noda Ayol erkak zotining murabbiysi sanaladi. Ulardagi asl nafosat nozik ta’bligi, iffati, oriyati, hayo va ibosi, siyratu su’ratida vafo timsoli, matonati, sadoqati, sabru toqati, g‘ayratu shijoati, mehru muhabbati, sahovati cheksizdir.

«Ona muhabbatidan muqaddasroq va beg‘arazroq hech narsa yo‘q; har qanday mehr-muhabbat, har qanday ehtiros ham unga nisbatan yo ojiz, yo g‘arazlidir» deb, aytgan edi V. G. Belinskiy. V. A. Suxomlinskiyning Sen bolalikdan ONA ko‘zlariga boqib, ulardagi tashvish va halovatni, surur va hayajonni ko‘rishga o‘rganmagan ekansan bir umrga axloqiy jihatdan nogiron bo‘lib qolasan. Sevgidagi qo‘pollik singari axloqiy nogironlik ham kishilar boshiga kulfat, jamiyatga zarar keltiradi, deganida haq edi u, albatta. Hech biri farzandning o‘z onasiga nisbatan e’tiborsiz, loqayd bo‘lishga aslo haqqi yo‘q.

Millatning, xalqning, Davlatning eng katta boyligi yuksak ma’naviyatli, sog‘lom vujudli munisa, muslima Ayollardir.

Kishi ko‘pgina narsalarsiz ham yashay olishi mumkin, lekin tanholikda emas.Alloh Qur’oni Karimda Ayollar masalasida butun bir boshli «Niso» surasini tushirdi. Qolaversa, ko‘plab oyati karimalarda Ayollarning haq-huquqlariga, yurish-turish, axloq-odoblariga doir hujjatlarni nozil qildi. Alloh Taolo shunday marhamat qiladi: «Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo‘rqingiz! Shuningdek, o‘rtalaringizdagi o‘zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish)dan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir». («Niso» surasi, 1-oyat).

Barxurdor ibn Mahmud bunday degan edi: «Shunday qizga sovchi qo‘ymoq kerakki, bu qizning chehrasi ochiq, yuzidan oliyjanoblik va iffat namoyon bo‘lsin, poklik va pokizalik pardasi orqasida tarbiyalangan, hayoli, oriyatli, chiroyli ish va odatlarga o‘rgangan bo‘lsin. Bunday qiz eng yaxshi hadya bo‘lib, yoshlik va hayot dasturxonining lazzatini ziyoda qiladi.

Va yana, Rafiqasi bilan murosaga kelolmagan odamni also do‘st tutmagin. Sening qadringga ham yetmaydi».



Eng muhimi, oilada to‘kin-sochinlik va barakaning sababchisi bo‘ladi.

Ayolning ma’naviy go‘zalligi zohiriy go‘zalligidan juda ham muhim sanaladi. Hozirgi kunda ayollarimizdagi nafosat ortiqcha pardoz-andoz kasridan ayni yal-yal yonib turgan gullagan yoshlik paytidayoq xazon bo‘lmoqda. Aslida Siz azizlarim, pardozu zeb-ziynatlarsiz ham ayollik nazokatiga egasiz.

Alloh Taolo yana shunday marhamat qiladi: «Ey payg‘ambar, juftlaringizga, qizlaringizga va mo‘minlarning ayollariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini o‘rasinlar! Mana shu ularning (cho‘ri emas, balki ozod ayollar ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (vositadir). Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan zotdir». («Ahzob» surasi, 59-oyat). Sizlarni hamisha Alloh nazdidagi ozod va xurligingizni, Mo‘mina va Muslima bo‘lib yurishingizni istaymiz.

Nomus Odamzotning eng qimmatli boyligidir. Uni asrash ayolu erkakka barobardir. Nomussizlik eng katta kulfat. A. S. Makarenko aytgan edi: «Xotin-qizlarga hayosizlarcha munosabatda bo‘la oluvchi shaxs rahbar sifatida ham ishonchni oqlamaydi; u umum ishiga ham xuddi shunday sharmandalarcha munosabat qiladi va jamoatni parokanda qiladi».

Alloh Taolo marhamat qiladi: «Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar. Va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Hamda ko‘rinib turadigan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar* va ro‘mollarini ko‘kraklari uzra tushirib olsinlar!...» («Nur» surasi, 31-oyat).

«O‘z uylaringizda qaror topinglar, (ko‘chaga chiqqanlaringizda esa) ilgari jaholiyat (davri) yasanishidek yasanmangizlar...» («Ahzob» surasi, 33-oyat).

«Zinoga yaqinlashmanglar! Chunki u buzuqlik va yomon yo‘ldir» («Al-Isro» surasi, 32-oyat)

«...(Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir...» («Niso» surasi, 34-oyat).

«Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar taskin topishlaringiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda inoqlik va mehribonlik paydo qilishidir». («Rum» surasi, 21-oyat).

«Alloh shundayin zotki, Sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi va u orom osoyish topsin, deb uning o’zidan juftini vujudga keltirdi». («A’rof», 189)

Qur’oni majidda yana shunday deyiladi: «Ular (ayollar) Sizlarning libosingiz. Sizlar ular uchun libossiz (ya’ni, er-xotin bir-biriga kishi libosga muhtoj bo‘lgani kabi muhtojdirlar)». («Baqara», 187).

«Ey insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishlaringiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila-elatlar qilib qo’ydik…» («Hujurot», 13).

«(U) osmonlar va Yerning ilk yaratuvchisidir. U sizlar uchun o‘zlaringizdan bo‘lmish juftlarni yaratdi va chorva hayvonlaridan ham juft-juft (yaratdi). U sizlarni o‘shanday (juftlikda) ko‘paytirur» («Sho‘ro», 11).

Islom huquqida, hatto, urush vaqtida ayol va bolalarni o‘ldirish taqiqlangan. Hazrat Payg‘ambar (s.a.v.): «Kimki ikkita qizni voyaga yetguncha boqsa, tarbiyalasa, ilm o‘rgatsa jannatga men bilan birga kiradi”, deb o‘rta va ishora barmoqlarini yonma-yon qilib ko‘rsatdilar».

Qaysi bir donishmandning gapi bor: «Agar qayerdadir bitta qiz aldanib, baxtsiz bo‘lib qolsa, o‘sha jamiyat a’zolari o‘zlarining insoniylik burchiga dog‘ tushirgan bo‘ladi».

Biz dunyoni ayollarsiz tasavvur qilolmaymiz. Ular har jabhada, har sohada, har yerda, har on biz uchun: jamiyat, davlat, tabiat uchun Alloh tarafidan in’om etilgan eng buyuk, eng ulug‘, eng ajoyib MO‘JIZA ENG KATTA SOVG‘ADIR. Alloh bizlarga ayol sababli jon ato qildi, tug‘ildik; ayolning mehru-shafqati ila, jonsarakligi, g‘amxo‘rligi bilan ulg‘aydik, tarbiyalandik, bilim oldik, kamol topdik. Eng qizig‘i shundaki, ayol ortidan chopdik. Avval onamiz etagidan tortdik, endi-chi, uylandik, bari uy-ro‘zg‘or ishlarini: yuvib-tarash, bichish-tikish, pishir-kuydir, supir-sidir, eh-he, sanab, adashib ketasan kishi, bari-barini uning gardaniga ortdik. Ba’zan bozorga borib besh-o‘n kilo yuk bilan yuz-ikki yuz qadam yuramiz-u, qo‘limiz toliydi, charchaymiz, «uxx» deb yuboramiz, Ayol-chi?! Onamiz, opamiz, singlimiz, rafiqamiz, kelajakda qizlarimiz Allohning taqdirini faqat va faqat quvonch ila to‘qqiz oy biror yerga vaqtincha ham qo‘yib qo‘ymay, dam olmasdan: sabr bilan, itoat bilan, matonat bilan, adolat bilan, shafoat tilab, shifo tilab, g‘urur ila, omonat ila beminnat farzandlarini ko‘tarib yurganlarini ko‘rmadingizmi?!! Siz erkakmiz deb mag‘rurlanishdan avval, ularga qanchalik yaxshilik qilganinggizni, yoki nimalar qilganinggizni bir o‘ylab ko‘ring. Sizdan Ularning bu dunyoda ham, G‘oyibda ham qarzdorlik hujjati aslo bo‘lmas, sababi, sizu bizga qilingan to‘lovning qiymati juda yuqori, ularning ko‘rsatgan xizmatlari bebaho, abadiyatga dahldordir. Biz hamisha qarzdor bo‘lgan eng ulug‘ zot onadir, deb aytgan edi N. A. Ostrovskiy.

Men sakkiz soat ishlab, charchadim, deya uyga borib dam olaman. Ayolim uyda bolam bilan intiq bo‘lib kutib o‘tiradi. Hamma yoq saranjon-sarishta, kechki taom ham tayyor, issiqqina non-choy ila dasturxon tuzab shirin so‘z ila ko‘nglimni oladi. Bolam biroz o‘yinqaroqilik qilib shovqin sols, «hoy, jim bo‘l, dadang charchagan» deya uni erkalab, tinchlantiradi, yomon tush ko‘ribmi kechasi alahsirasa, bag‘riga bosib mehr safosi ila ovutadi, allalaydi, belanchakni tebratadi, uxlaydi. Yana qachonki tobi qochib harorati ko‘tarilib behol bo‘lsa, dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib, huzur-halovatini yo‘qotib, shifoxonaga chopadi, yegani ichiga tushmaydi. O‘shanda ham erining ko‘nglini oladi, qaynona-qaynotasiga xizmat qiladi, qayinsinglisini mehmon qilib kuzatadi, yana boyagi ishlariga ko‘milib yashaydi. Qiziq, ularning aniq ish soatlari yo‘qligidan nolishmaydi, charchadim deb yotib-olmaydi, bolam deydi. Onaning ko‘ngli hamisha bolada. Donishmandlar aytganidek ularning go‘yoki qirqta joni bor. Balki, rostdir! Payg‘ambarimiz bejizga aytmaganlar: «Jannat Onalar oyog‘i ostidadir». Onalarmiz mo‘mina, muslima bo‘lib, Jannatning eng go‘zal bog‘larida kunu-tun sayr qilishlarini istardik. Bizlarga ham nasib etsa-yu, Ularning xizmatlarida bo‘lsak!

Aslida dunyodagi barcha ayollar: millatidan, irqidan, e’tiqodidan qat’iy nazar farzandlariga birdek Onalik mehri ila yashaydi. Ularning mehri Quyoshga o‘xshaydi, tafti issiq, mehri iliq, qalbi tiniq, yuzu yorug‘. Quyosh zamin uzra hayot nurlarini sochar ekan, Ona farzand uchun yashash sirlarini ochadi. Uning bag‘rida go‘dak halovat topadi, Ona uni cheksiz mehr nafasi ila o‘padi, boshini silaydi; bolasiga faqat yaxshiliklar tilaydi. Gohida yig‘laydi, xarxasha qiladi, sho‘xlik qiladi, lekin Ona uni qachondir ulg‘ayishini biladi va aqli to‘lib, iqboli kulib, iymonli inson bo‘lib, kamolga yetishiga umid qilib yashaydi. Barcha, «Erkakman» deya, kerilib yurganlarga aytadiganim, Onanggiz Umidini so‘ndirmang!

Biz adashamiz, yanglishamiz, lekin Allohdan mag‘firat so‘raymiz, bizlarni to‘g‘ri yo‘lga solgin, deb. Inshoalloh, hamjihatlik va totuvlik, ilm bilan, Ota-Onalarimizning samimiy, mo‘tabar duolari bilan Siz-u biz Saodatli chinakam baxtga erishajakmiz, omin!

Bayramingiz qutlug‘ bo‘lsin, muslima, munisa Onalar, opalar, singillar Ayollar!

AYOL MADHI

Dunyoga keltirding onamsan,

Men uchun tengi yo‘q olamsan.

Yoritding hamisha yo‘limni,

Sevikli qizimsan bolamsan.

Bormikan sendayin iboli,

O‘zbekning farishta ayoli.

Temurbek yonida Bibixon,

Poyingga sochildi qahkashon.

Gohida anordek ezilding,

Nodira bo‘lib goh bag‘ring qon.

Niyating avlodlar kamoli,

O‘zbekning farishta ayoli.

Momosan, Atoda haqqing bor,

Bu go‘zal dunyoda haqqing bor.

Vatan deb jangga ham kirgan sen,

Yod etsa, duoda haqqing bor.

Ot surding To‘maris misoli,

O‘zbekning farishta ayoli.

Sen Ozod zamonga yetishding,

Hur, obod davronga yetishding.

Farzandlar yulduzdek parvona,

Ming yillik armonga yetishding.

El-yurtim, oilam jamoli,

O‘zbekning farishta ayoli.

Abdulla Oripov

TURFA TUYG‘ULAR

(Ijodim na’munalari)
AYOLLARGA TILAKLARIM

Azizam, munisam – Onajon, singlim,

Umidim, shodligim – qizim, rafiqam.

Siz-la o‘tgan umrim – saodat, baxtim,

Siz bilan Nurafshon – go‘zal bu olam!

Olamning tafti Siz, – nurli quyoshi,

Odamning hamrohi – Momo Havosi.

Bolamning kaftida tugilgan oshi,

Ko‘ksingizdan toshgan mehr safosi.
Siz-la yashar orzum tinmagan daryo,

Sizda iymon nuri, so‘nmagan hayo.

Umringiz bahorday gullab yashnasin,

Har ezgu tilaklar bo‘lsin muhayyo.
TILAK

(Onajonlarimizga)

Ko‘nglimda bor bir tilak,

Doim bo‘ling salomat!

Farzandlar ila beshak,

Bukilmasin tik qomat!

Baxtingiz bo‘lsin butun,

Oilamiz tinch va shod.

Yo‘lamasin g‘am tutun

Shundan ko‘nglimiz obod.

Umr ko‘ring ziyoda,

Evaralar yetaklab.

Deb: “Buvijon yuz yoshda”

Gul tersinlar etaklab.

Ba’zan yoshlik – g‘o‘rligim,

Ranjitmasin ko‘nglingiz.

Oilam, bu – zo‘rligim,

Aybsitmang o‘g‘lingiz.

Muborak bo‘lsin bu kun

Quvonchga to‘lsin uying!

Nabirangiz kulgan tun

Oydin orzular tuying!

QIZIM KOMILAXONGA


Yuzing go‘yo to‘lin oyning aksidir,

Ko‘zlaringda yulduzlarning shu’lasi.

Harakating kapalaklar raqsidir,

Kulgularing ila jahon gullasin.

O‘z tilingda nimalarni so‘zlaysan,

Yo talabmi qo‘ymoqchisan hayotga.

Bir zumgina yolg‘izlikdan bo‘zlaysan,

Yo so‘zlashning usulimi xayolda.

Yo‘q, yig‘lama mening qizaloqqinam,

Senda menda yo‘q iroda mujassam.

Emassanku, endi chaqalloqqinam

Kulib turgin qorning ochiqqanda ham.

Onajoning senga jonin beradi,

Goho orzu qilib, armon teradi.

Mendan, sendan aziyat ham chekadi,

Goho shirin xayollarin ekadi.

Ishonaman kelajaging nurafshon,

Pok qalbingda saqla asl ziyoni.

Agar bo‘lsang chaman ichra guliston,

Toparsan sen saodatli dunyoni.



*** **** ***


Qoshlari kamon,

Ko‘zlari cho‘lpon.

Yuzlari oydek

Doim nurafshon.

Jajji qo‘llari,

Shirin tili bor.

Qo‘nar bolari,

Lek bermas ozor.

Go‘yo baliqcha

Bo‘lib, suzadi.

Goho qayiqcha,

Tinchin buzadi.

Lo‘ppi yuzingdan

Cho‘lp-cho‘lp o‘pgim bor.

Nurli ko‘zingda

Yoshligim bedor.

Sen bo‘lgin omon,

Tinch bo‘lsin zamon.

Uyimiz har on

Sen-la, charog‘on.





Hamid Ikrom

Hamidjon Pozilov Ikromjon o‘g‘li.

Qo‘qon universiteti talabasi.
Download 29.36 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling