Badiiy tahlil bosqichlari


Download 13.98 Kb.
Sana15.02.2023
Hajmi13.98 Kb.
#1201767
Bog'liq
Badiiy tahlil bosqichlari


Badiiy tahlil bosqichlari
Jiddiy hozirlikni talab qiladigan ilmiy-estetik jarayon sifatida badiiy tahlil muayyan bosqichlarda amalga oshiriladi. Amaliyotda adabiy tahlilning uch bosqichi mavjudligi kuzatiladi. Birinchi tayyorlanish bosqichda tadqiqotchi badiiy tahlilga imkoniyat hozirlaydi. Ikkinchi, ya’ni, tahlil qilish bosqichida badiiy matn tahlil etiladi. Uchinchi bosqich xulosalashdan iborat bo‘ladi va tahlil yuzasidan bildirilgan fikrlar muayyan tizim tarzida umumlashtirilib, ilmiy xulosa chiqariladi, asarning yutuq va kamchiliklari, o‘ziga xosligi ko‘rsatilib, uning adabiyotdagi o‘rni belgilab beriladi.
Tayyorgarlik bosqichida tahlil etiladigan asar matni sinchiklab o‘rgani­lishi, tahlil kechimida e’tibor qaratiladigan, urg‘u beriladigan jihatlar aniqlanishi, asosiy nuqtalar belgilanishi lozim. Shunda tahlilning ikkinchi bosqichi muavaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin.
Bevosita badiiy tahlil amalga oshiriladigan ikkinchi bosqichda matnning jozibadorligini ta’minlagan estetik omillar: timsollar tizimi, perso­najlar ruhiyatini ko‘rsatishda qo‘llanilgan usullar, ifoda tarzidagi o‘ziga xoslik, til xususiyatlari singari jihatlar tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning estetik qimmati, millat badiiy tafakkur taraqqiyotidagi mavqei belgi­lab beriladi.
Xulosalash-umumlashtirish bosqichida asarning muayyan ijodkor estetik taqdiri va milliy badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni yuzasidan umumlashma yo‘nalishdagi to‘xtamga kelinadi.
Chuqur badiiy tahlilsiz teran badiiy tasvir bo‘lishi gumon. Ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti tarixi mobaynida badiiy matn rivoji bilan adabiy fikr, ya’ni, estetik tahlil taraqqiyoti yonma-yon keladi.
Badiiy tahlil ham badiiy matn yaratish borasidagi bosqichlarga bir muncha muvofiq keladigan bosqichlarni bosib o‘tdi. Jumladan, yangi o‘zbek adabiyotida XX asrning boshlaridan e’tiboran badiiy tahlil asar syujetining qayta bayoni va undan ijtimoiy ma’no keltirib chiqarishdan iborat bo‘ldi. Bu xil tahlil uchun asarning estetik qimmatini tayin etishdan ko‘ra, uning ijtimoiy ahamiyatini ko‘rsatish muhim sanalar edi. Shu sababdan bu bosqichda badiiy matnga funksional yondashuv ustuvorlik qildi.
XX asrning 30-50-yillarida jamiyat hayoti qarama-qarshi sinflar va ular o‘rtasidagi ayovsiz kurashlardan iborat degan qarash hukmronlik qildi. Binobarin, badiiy asar tahlilida ijtimoiy yondashuv ustuvor bo‘ldi. Badiiy asarlar faqat sinfiy pozitsiyadan tahlil qilindi. Sirasini aytganda, bu davrda badiiy tahlil emas, ijtimoiy talqin amalda bo‘ldi. Bu xil yondashuvda asarning badiiy jihatlari, jozibasi emas, balki qaysi mavzuga bag‘ish­langani, qanday masala ko‘tarib chiqilgani, qay bir ijtimoiy qatlam man­faatiga xizmat qilgani, kimlar qahramon qilib olinganligi kabi jihatlarni aniqlash muhim sanaldi. Bu davrda badiiy tahlil asar matnini o‘rganish, muallifni anglash yo‘lidan bormadi, balki asar yuzasidan hukm o‘qib, adibning shaxsiy taqdirini hal etishga urindi.
O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab, milliy adabiyottanuvda chinakam tahlilga yuz burilib, asarning jozibasini ta’minlagan, uning zavqiyobligiga sabab bo‘lgan omillar tekshirila boshlandi.
Insonning ijtimoiy-fiziologik maqomi, uning imkoniyatlari daraja­siga sog‘lom mantiq bilan yondashila boshlangan zamonaviy adabiyotda hayotni mantiqiy yakunga ega hodisa tarzida ko‘rsatishdan uning boshi-oxiri yo‘q uzluksiz hodisotlar zanjiri sifatida tasvirlash bosqichiga o‘tildi. Odam nafa­qat hayotni, balki o‘z umrini, hatto tirikligining birgina kunini ham faqat o‘zi istaganiday yo‘lga qo‘ya olmasligi, uning umri oliy bir kuch tomonidan o‘zigagina ma’lum yo‘sinda boshqarilishi anglab yetildi. Milliy adabiyottanuvda ham masalaga shunday yondashish, badiiy tahlil kechimida shu holatni ko‘zda tutish o‘zlashtirilmoqda. Bu hol nigohlarini ko‘proq o‘z ichki dunyosiga qaratgan adabiy qahramonlarning tabiatidagi yashirin jihatlarni inkishof etish uchun matnni zargarona aniqlik bilan tadqiq etish zaruriyatini keltirib chiqardi. Shuning uchun ham bugungi badiiy tahlil borgan sari tadqiqotga aylanib bormoqda. Bu badiiy tahlilning asar mohiyatini anglatish vositasiga aylana­yotganidan dalolatdir.
Manba: “Sharq yulduzi” jurnali sayti
Download 13.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling