Chag'oniyon


Download 34.15 Kb.
Sana30.09.2020
Hajmi34.15 Kb.
#131945
Bog'liq
CHAG`ANIYON

CHAG'ONIYON

Chag'oniyon tarixi. Ko'hna Surxon vohasi qadim Baqtriya davlati tarkibidagi viloyatlar sirasiga kirgan, bu eramizdan avvalgi IX-VIII asrlarga to'g'ri keladi. Keyingi asrlarda qadim Baqtriya sarhadlarida yangi davlatlar barpo bo'lib, Baqtriya shu yangi davlatlarning tarkibiy qismlariga aylana boshlaydi. Bular: Ahamoniy (miloddan avvalgi VII-IVasr)lar, Iskandar Zulqarnayn yurish (mil. av. IV asr)lari, Salavkiy (Mil. av. IV-III asr)lar hukumati, Yunon-Baqtriya (mil.av. III-II asrlar) davlati, Saklar (mil. av. II) xuruji, Parfiya davlati (mil. av. I asr), Yuyechje qabila (mil.av. I va milodning I asri)larining kirib kelishi, Kushon saltanati (milodiy I-III asrlar), Eron Sosoniy (III-IV asr)lari shahonshohligi bilan bog'liqlar kasb etadi. Surxondaryo viloyati hududlari ilk o'rta V-VIII asrlarda Taxoriston atamasi bilan yirik tarixiy-madaniy mintaqa tarkibiga tobe edi, ushbu atama dastlab eramizning 383 yilidagi matnlarda paydo bo'la boshlagan. Taxoriston hududlari VI asrga kelib kengaydi va u qator viloyatlarga ega bo'ldi, shunday viloyatlardan Da-mi (Termiz) hamda Chi-o-yan-na (Chag'aniyon)lar hozirgi Surxondaryo zaminida joylashgan edi. 


Chag`oniyon qadimgi sulolalar davrida.


Qadim Baqtriya bag'rida paydo bo'lgan Toxariston zaminiga IV asrga kelib xioniy (xionit) nomi bilan yuritiladigan qabilalar kirib keldi va bu zaminni Sosoniylardan tortib oldi. Chunki Toxariston tuprog'i kushonlar saltanati inqirozidan so'ng Eron Sosoniylari tasarrufida edi, endilikda bu tuproqqa xionit va eftaliy (eftalit) qabilalari harakati boshlanadi. Avvalgi Toxariston yerlariga Sosoniy (III-V asr)lar, so'ngroq Xioniylar va Eftaliy (eftalit, V asr)lar kirib keldi, shu tariqa Toxariston yerlari V-VII asrlar mobaynida Sosoniylar, Xioniylar, Kidariy (ikkinchi bir nomi taxor)lar hamda Eftaliylar o'rtasida talash maydoniga aylandi. Bu voqealar ushbu yurtlarda topilgan Sosoniylar va Eftaliylarning tangalari bilan o'z isbotini topgan. VII asr oxirlari va VIII asr boshlarida bu zaminda Chochdagi turkiy hukmronlar tangalariga taqlidan tangalar zarb etiladi, demak, VIII asrdan e'tiboran bu yurtga Turkiy xoqonlik hukmronligi kirib kela boshlagan ekan. Endi Chag'oniyon atamasiga kelsak, bu nom yozma manbalarda VI asrdan boshlab uchraydi va solnomavis ad-Dinovariy (vafoti 952)ning «Kitob al axbor»da bitishicha, sosoniy Xusrav I Anushervon (hukmronligi 531-579) qo'shinlari Eftalit (tarixiy manbalarda eftal, xaftal, xaytal, goho eftalon shaklida ham bitiladi) davlatining Toxariston, Kobuliston va Chag'oniyon viloyatlarini bosib oladi. Tarixiy voqealarga murojaat qilsak, 563-567 yillarda Eftaliylar bilan Turkiy xoqonliklar o'rtasida Buxoro o'rtasida to'qnashuv ro'y beradi va ularning birinchisi qattiq shikast topadi. Shikast topgan Eftaliylarning qolgan-qutgan qismi Chag'oniyonga chekinadi va asli Eftaliylardan bo'lgan Chag'oniyon hokimi Fag'onishni o'zlariga yo'lboshchi qilib ko'taradilar. 571 yili Chag'oniyon Xusrav I Anushervon ixtiyoriga o'tadi, bu hodisa ikki xil izohlanadi: Fag'onish go'yo turkiy xoqonlarga qarshi kurashda Anushervonga tayanmoqchi bo'lgan yoki turk xoqoni Istamiy bilan Anushervon shartnomasiga binoan Chag'oniyon Sosoniylarga tegadi. Chag'oniyon Eftaliylar davlati tarkibida yetmish yil turdi, hatto, Chag'oniyon hokimi Eftaliylar uyushmasining rahnamosiga aylandi, ko'rinadiki, Chag'oniyon Sosoniylar va Eftaliylar davlati tarkibida ko'p jihatdan mustaqil bo'lgan. Chag'oniyonda VII asrga kelib sulola almashuvi ro'y beradi, Eftaliylar o'rniga turk xoqonligi sulolasi ustuvorligi kuchaydi. Chag'oniyonni idora qilgan eski Chag'onxudotlar sulolasi o'z mavqeini saqlab qolgan holda Turk xoqonlariga suyandilar, turkiy qabilalarning Chag'oniyonga kirib kelishi 589 yildan boshlanadi. Turk xoqoni (qoon, qog'on, xoqon, xon) Tun Yabg'u (Yabu-jabu, hukmdor, bak, bek, biy 618-680 yillar) davrida Toxaristonni boshqarish uning o'g'li Tardu Shodi zimmasiga yuklatiladi. Chag'oniyonda turkiy qabilalar sulolasi mustahkamlanib bordi, Chag'oniyon hukmroni Tish Uzoq Sharq mansha (718-719) larida Toxariston yabg'usi, ya'ni bosh hukmroni tarzida tilga olinishining o'zi jiddiy voqeadir. Ana shu Tish-Chag'oniyonning chag'onxudoti o'z qo'shnilari Shuman va Axarun hukmron (Qoratog' daryosi va Hisor vohasi o'lka)larini bo'ysundirish uchun Qutayba lashkarlarini madadga chaqiradi. Movarounnahr yerlariga onda-sonda hujum qilib, talon-tarojlik yurishlarini amalga oshirib turgan arablar uchun bu qulay hodisa edi. Shu munosabat bilan arab qo'shinlari Surxon vohasiga kirib keldi va Chag'oniyonni egallab oldi. Arablarning Chag'oniyonga ilk hujumi 667 yilda ro'y bergan edi, 651 yili arab qo'shin boshlig'i bilan Chag'oniyon shohi yakkama-yakka jang qilganini yaxshi bilamiz. Bu hodisa va voqealardan shu narsa aniqki, Chag'oniyon shohi, demak, butun boshli arab bosqiniga qarshi harakatning rahnamosi bo'lgan. Qolaversa, 650 yillarda Chag'oniyon o'lkasining hokimi Turontosh edi, uning ismi turkiy tilli aholi vakili ekanini ochiq ko'rsatib turibdi. Binobarin, ilk o'rta asrlarda Toxaristonda turkiy xalqlarning alohida siyosiy va ijtimoiy mavqeini ilmiy tadqiqotlar aniq isbotlab turibdi. Qutaybaning Chag'oniyonga kirib kelishi bilan umum Chag'oniyon yangi islom dini ta'siriga berilib ketdi deb bo'lmaydi, balki asl boshqaruv hali-hanuz chag'onxudotlar ixtiyorida edi va ular hukumati oz emas, ko'p emas yuz yilga yaqin turgan. G'alati tomoni shundaki, Markaziy Osiyoning boshqa mintaqalariga yurish qilgan arab qo'shinlariga birinchi galda Chag'oniyon xudotlari (Movaraunnahr viloyatlarini arab istilosigacha bo'lgan davrda turli nomlarda ataluvchi mahalliy hukmronlar boshqarganlar, ya'ni Termizni shoh, Buxoro va Chag'oniyonni xudot, So'g'dni ishxid, Farg'onani afshin, Xo'jandni dehqon, Xorazmni podshoh) harbiy ko'mak berar edi. Chunonchi 706 yilgi Qutayba binni Muslimning Buxoro va Paykandga hamda 737 yilgi Asad binni Abdullohning Xuttal (Xaptal-Eftal) hamda turk qog'onligiga qarshi yurishlarida Chag'onxudot shaxsan hamroq bo'lgan edi.Qolaversa, VII asrning 70-yillarida boshlangan Muqanna rahnamoligidagi oq kiyimlilar harakatiga chag'onxudotlar ro'yxushlik bildirishmadi, balki ularga qarshi siyosat yuritishdi. Chag'oniyon mulki Toxariston(bu nom hozirgi Afg'oniston islom davlatidagi Taxor viloyati nomida saqlanib qolgan) tarkibidagi eng yirik va eng kuchli o'lka edi, boisi bu o'lkaning o'ziga xos an'analari hamda ajoyib sulolaviy tarixi mavjuddir. Bu hududda katta-katta qishloqlar va ulkan shaharlar qad ko'tara boshladi, bu yurt o'zida zarb qilingan xususiy tangalariga ega edi. Chag'oniyon hukmronlari boshqa uzoq va yaqin hukumatlar bilan diniy, iqtisodiy hamda sulolaviy aloqalarni yaxshi yo'lga qo'ydi, oqibatda, savdo-sotiq ishlari ancha rivoj topdi. Ayniqsa, Afrosiyob saroyi xarobalari topilib ochilgandan keyin Samarqand shohi Varxuman saroyi devorlarida bitilgan bitiklar o'qilgach, shu narsa aniqlandiki, VII asrning 2-yarmida Samarqandga (650-670 yillar) Chag'oniyon davlati elchilariga devonxona boshlig'i, ya'ni dapirat (dabir-yozuvchi-kotib) rahbarlik qilgan ekan va Samarqand shohi Varxumanga sovg'a-salomlar bilan birgalikda kelin ham olib kelgan ekan. Yana ham qizig'i shundaki, Chag'onxudotlarning hukmronligi kezlarida 719 yilda Chag'onxudot Tish (Tishtriya-Sirius, avestacha, eng ravshan yulduz) tarafidan Chin (Xitoy)ga moniylik dini peshvosi Mo-Jo boshchiligidagi elchilar jo'natilganini ham bilamiz. Qarang, Surxon vohasi Zardushtiylik va Buddaviylik dinlarining maskani bo'lishi barobarida bu yerda demak, Moniylik dini ham rivoj topgan va rasm bo'lgan ekan.

Chag'oniyonda VI-VII asrlar chog'i shohlar saltanati (bu hodisa sosoniylar bilan bog'liq) hukm surgan, so'ngra VII asrning 2-choragidagi turkiy xoqonlikka tobin Yabg'u hamda Shodilar ustuvorligi ro'y bergan. VIII asrdan boshlab Chag'onxudotlar hukmronligi o'z faoliyatini boshlaydi va bu qancha davom etganligi ma'lum emas. Har holda Chag'onxudotlarning hukmronligi arab istilosidan so'ng barham topgan ko'rinadi. Ana shu zaylda arab istilosining yemirilishi bilan, bizningcha, Termiz va Chag'oniyon asta-sekin Tohariylar hamda Somoniylar davlati tasarrufiga o'ta boshlaydi. 1X asrning 2-yarmidan boshlab Chaoniyonda bizga noma'lum bo'lgan amirlar sulolasi hukmronlik qilgan, ammo X asrdan e'tiboran bu zaminda Muhtojiylar sulolasi ustuvorligi sezilarli darajada oshib boradi. Bu yurt X-XII asrlar mobaynida Qoraxoniylar, G'aznaviylar va Saljuqiylar qaramog'iga kirganligi tarixdan ma'lum.



Chag`oniyon tarkibidagi hududlar va ularga sharh:

Chag'oniyon amirligi sarhadlari keng bo'lib, uning hududlariga Boysunu Darband, shimoldan Hisoru Dushanbe, janubdan Jarqo'rg'ondan yuqori tumanlar, sharqdan Bobotog' etaklarigacha cho'zilgan zaminlar kirgan. Umumvoha Chag'oniyon nomi bilan yuritilgan, qadimda Surxon daryosi esa Chag'onrud deyilgan, Chag'oniyon va Chag'onrud ko'hna Sak elati nomi ila hamohangliklar kasb etadi, ya'ni daryo atamasi Sakonrud-Shakonrudning talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Bu esa Chag'oniyon (Sakoniyon-Shakoniyon yoxud Chag'on-Sakon-Shakon-Chakon)ga ham to'kis taalluqlidir. Zero, bu nom ayrimlar aytganidek Chag'ona so'zi (qizil yoki musiqa asbobi)ga mutlaqo aloqador emas. Saklarning Baqtriya bilan aloqasi qadimdan mavjud ekanligi ma'lum, chunonchi Ahamoniylar davridayoq, balkim undan ham ilgari Sak va Boxtarlarning qo'shinlari yagona lashkarga biriktirilib Eron-Yunon urushlarida qatnashganini yaxshi bilamiz. Chag'oniyonning qadimgi markazi hozirgi Qizilsuv (Sangardak)ning Surxonga quyiladigan chap sohilida xarobaga aylangan Budrachtepa o'rnida bo'lgan, keyinroq bu markaz hozirgi Denovga ko'chgan. Voha ham va uning markazi ham Chag'oniyon deyilgan, arab manbalarida Chag'oniyon Sag'oniyon tarzida bitilgan. Bu esa arab tilida «ch» tovushning yo'qligi tufayli ro'y bergan hodisadir.



Chag`oniyon nomi keltirilgan manbalar.

Chag'oniyon shahri haqida ilk bor xitoy tarixchi sayyohi Syuan Szyan xabar beradi, bu 630 yillar atrofiga to'g'ri keladi. Syuan o'z kundaligida ushbularni bitib qoldirgan: «Chag'oniyon shahri 10li (bu 3 km.ga to'g'ri keladi) masofada o'rab olingan va Termiz shahridan ikki marta kichik, lekin Qabodiyon markaziy shahri bilan teng». X asrga kelib muarrix al-Istaxriy (849-934) ma'lumotlari shuni ko'rsatadiki, endilikda, Chag'oniyon shahri o'z maydoni jihatidan Termizdan katta, biroq Termiz o'z aholisi va boyligiga ko'ra Chag'oniyondan ustunroq ekan. Qisqasi, Chag'oniyon shahri oxirgi uch yuz yil ichida shimoliy Toxaristonning madaniyati eng yuksak rivojlangan, ilm-fan ravnaq topgan markaziy shaharlaridan biri sifatida barcha sarchashmalarda ulug'lanadi.  Tarixchilardan al-Istaxriy («Kitob al masolik val mamolik»-«Mamlakatlar masalasi kitobi», 933 yil) va al-Muqaddasiy (946-1000. «Ahsan at taqosim fi ma'rifat al iqlim»-«Iqlimlarning to'g'ri va ilmiy taqsimoti» 985 yil)larning yozishicha: «Chag'oniyon shahrida qo'rg'on bo'lib, unda chiroyli va katta bozor bor, bozor o'rtasida xushbichim masjid qad ko'tarib turadi, masjidda maxsus pishiq g'ishtli xonalar mavjud. Shahardagi har bir xonadon suv bilan ta'minlangan, sug'orish ishlari yaxshi yo'lga qo'yilganidan shahar atrofi qalin ko'kalamzor bilan qoplangan, turli anvoyi o'simliklar bilan o'ralgan, o'tning balandligidan otlar ko'rinmaydi, qishda bu yerda qush ovlanadi. Shahar ahli asli musulmon bo'lib, ular o'ta mehmondo'st xalqdir...». Manbalarda goho daryo nomini Chag'oniyon ham deyishgan, chunonchi ?qut Hamaviy (1179-1229) «Mo''jam al-buldon» («Shaharlar lug'ati»)da Termiz haqida gapirar ekan: «Termiz-Amudaryoning sharqiy tomoniga joylashgan katta shahar. Uning hokimi turadigan joy as-Sag'oniyonga yopishgan». Matnda keltirilgan as Sag'oniyon aslida Chag'oniyon bo'lib, demak qadimda Surxon (Chag'onrud-Sag'onrud) ba'zan voha nomi kabi Chag'oniyon deb yuritilgan ekan. Buni Hofizi Abru (1362-1431) ham tasdiqlaydi: «Termiz-Jayhun kanori bo'yida shahar... Ekinzorlari Chag'oniyon (Surxon) suvidan ichadi». Ammo daryo aksar holda Chag'onrud nomi ila atalishini «Hudud al olam» kitobi isbotlaydi: «Chag'onrud Chag'oniyondan oqadi va Termiz yonida Jayhunga quyiladi». Chag'oniyon ko'hna zamin, u turli zamonlarda turfa nomlarda ataladi, chunonchi, Baqtriya, Yunon-Baqtriya, Kushon, Toxariston, Chag'oniyon va nihoyat hozirgi atamasi Surxondaryo nomini olgan. Baqtriya degan yurtda Bubaken, Gaboz, Pareytaken nomli viloyatlar borligi tarixda raqam etilgan va Rustam hamda Alpomish turkum dostonlarning yaratilishi, tarqalishi holatlari ham Surxon zamini bilan bog'liq ekanligi ancha muhimdir. Chag'onrud - pahlavonlar yurti. «Alpomish» dostoni Surxon vohasi zamini ila bog'liq va u shu o'lka bag'rida yo'g'rilgan, dostonda ta'riflangan Boysun qo'ng'irot eli va Boboxon tog'i atamalarining o'zi bunga aniq dalil. Yunon muarrixlaridan Aristobul, Klitarx, Ptolemey Lag va qisman Kallisfen solnomalarida (ularning barchasi Iskandar harbiy yurishlarining ishtirokchilari va lashkarboshilari) qadim Baqtriyaning saxovali, serunum, go'zal go'shalaridan sanalmish Pareytaken (ba'zan Paretaka-Paritaka), Gabaza (goho Gaboz)-Gazaba(Gaza-tepalik, tog' bilan bog'liq B.M.), Bubakena (farazan Babaken-Abaken, ob-suv, sersuv o'lka B.M.) singari viloyatlari haqida xabarlar beriladi. Paraytaken-Sherobod vohasi, Gaboz-Boysun vohasi, Bubaken esa Bobotog' (Boboxon-Bobokon-Boboken) etaklarida joylashgan so'lim voha ekanligi allaqachon o'z isbotini topgan. Pareytaken tog'li o'lka ma'nosiga ega, boisi pourata, parvata ko'hna sankritchada tog' demakdir, chunonchi, Ko'hitang etaklaridagi qishloqlarning bir turkum nomda yaqin-yaqinlargacha Dahparkent (goho Dahparikent) deb atalishi buning jonli guvohidir. Zero, Pareytaken va Dahparkent tarkibida «par» birikmasi mavjudligi buning to'kis isboti (Parkana-Farg'ona va Parkent ham shundan)dir. «Bu yurtda miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda «Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston hududidagi eng qadimgi shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zardushtiylik dinining ilk makonidir».

Chag`oniyon nomining kelib chiqish tarixi.

Boysun nomli maskan Qoraqalpoq zaminida ham mavjud, boisi chorvador ellar tinim va qo'nim bilmay ko'chib yurishgan, zero chorvador uchun yaylov-yashash manbai, hayotiy zarurat. Ko'chmanchi chorvadorlar qaysi maskanga kelib qo'nmasinlar, odatan, o'zlarining ilk maskanlari nomini tabiiy ravishda yangi maskanga olib kelishgan. Endi Boysun nomining shimoldan janubgami yoki janubdan shimolgami borib qolishiga kelsak, aynan, shimoldan janubga ko'chish bilan bog'liq farazlarga yopishib olish masalaning tub mohiyati yechimini aks ettira olmaydi. Chunki ko'chmanchi chorvador elat faqat janubga emas, balki janubdan shimolga ham siljib turgan va bu jarayon uzluksiz davom etgan, ya'ni aks ta'sirlar hodisasi ham zinhor e'tibordan soqit qilinmasligi lozim. Bizning voha Surxondaryo deb ataladi, joy nomlarining aksari daryo nomi ila atalishi ko'hna tarixdan ma'lum, chunonchi Surxondaryo, Qashqadaryo, Murg'ob (Marg'iyona) va hakozo. Qadimgi Surxon daryoni Chag'onrud, umumvohani esa Chag'oniyon deb yuritishgan, ushbu atama G.A Pugachenkovaning fikricha ko'chmanchi Saklar nomi ila chambarchaslik kasb etadi. Chag'onrud asli Sakonrud yoki Shakonrudning, Chag'oniyon bo'lsa, Sakoniyon va Shakoniyon atamalarining talaffuzdagi o'zgarishlari natijasidir. Ingliz olmi I.Markvart esa Chag'on so'zi mo'g'ulcha Sagan (oq) so'zidan kelib chiqqan degan farazni ilgari suradi. Chunonchi vohamizning yurtsevar va elparvar shoiri Nizomjon Parda Amudaryoning Oqdaryo deb atalgan manbaga duch kelganini hikoya qiladi. Akademik E.V.Rtveladzening gumonicha, Chag'on so'ziga ko'plik «on» ko'shimchasi keyingi asrlarda ilova etilgan. Basharti Chag'on so'zining o'zagi Chag' bulsa, u holda Chag'oniyon atamasiga birato'la ikkita ko'plik «on» ko'shimchasi tirkalgan bo'lib chiqadi. Adabiyotshunos olim M.Azimov «Chag'oniyon adabiyoti» haqida so'z» («Surxon tongi» gazetasi, 3 dek. 2003 y.) maqolasida Chag'onrudning Sakonrud yoki Shakonrud shakllariga qarshi chiqib, «ch» «s» «sh» tovushlarining biri ikkinchisiga o'tmaydi degan g'ayri ilmiy aqidani ilgari surishdan oldin, loaqal poyitaxtimiz Toshkentning qadimda Choch-Shosh deyilganiga e'tibor qilsa kifoya edi. Yuqoridagilar yetmaganday, bu olimimiz Chag'oniyon nomini fors-tojikcha chag'andar (lavlagi, chag'-cho'g') so'zidan izlab o'zicha folbinlik qiladi. Nazarimizda Chag'oniyon atamasini ushbu xilda hal etib bo'lmaydi, buning uchun birgina Surxon vohasi geografik muhiti bilan o'ralashib qolmasdan, balki kuhna Chag'oniyonning ajralmas ikkinchi bo'lagi Hisor vodiysi va shu hudud bog'liq joy nomlarini ham bahs doirasiga tortish kerak. Ayni zamonda Vaxsh vodiysi va Panj vohasi joy nomlarini ham hatto qarab chiqishga to'g'ri kelar, zotan ma'lum bir joy nomi tarixini aniqlash oson ish emas. Yuqorida zikr eitilgani kabi bu so'z tarkibida «Sag'» yoki «Chag'» o'zak bo'lishi ehtimoli bor, G.A.Pugachenkovaning ta'kidicha, Eron Sakistonini boshqargan sosoniy podshozodalar «Sag'onshoh» deb atalar ekan. Keyin taxorlarning yana bir nomi Sak-yuyejiy ekanini ham zinhor unutmasligimiz lozimga o'xshaydi. Akademik E.V.Rtveladze bu nomning ildizlarini Chag'oni so'zidan izlashga harakat qiladi va bu nom viloyat nomining mahalliy atamasi bo'lsa kerak degan xulosaga keladi. «Hudud ul olam»da Hindistondan ibtido topib, Josht (balki Chosh-Chochdir) hududlariga borib tugayotgan ulkan tog' tizmasi haqida ma'lumot beriladi va uning Shaknon (ehtimol Shug'nondir), Vaxon va Josht hududida behisob tarmoqlarga bo'linib ketishi hikoya qilinadi. Nazarimizda Shaknon atamasiga e'tibor qaratishga to'g'ri keladi, boisi Shaknonning Saknondan yoki Chaknondan paydo bo'lganini kim inkor eta oladi?  Saklar nomi bilan ataluvchi jo'g'rofik nomlar O'zbekiston Respublikasi zaminida Surxon vohasida, Eron zaminida Seyiston (goho Sijiston ham deyiladi) viloyati va ushbu viloyatdagi Seyiston daryosi nomida saqlanib qolgan. Zero, akademik V.V.Bartold ta'kidlaganidek, Sakiston-Sahiston-Sayiston atamasi, nihoyat, Seyiston shaklini olgunga qadar uzoq bir davrni bosib o'tganligi sir emas. Ha, aytganday M.Azimov daryolarga elat nomi mutlaqo qo'yilmaydi degan da'voni ilgari surib, o'zicha yangi qonun chiqaradi. Ana shu saklar Rustami doston turkumiga oid rivoyatu naqllarning dastlabki ijodkorlaridir. So'ngroq bu naqllarni ulardan so'g'diylar o'zlashtirib olganligini bilamiz. Saklarning qadim Baqtriya hududlariga kelishi miloddan avvalgi II asrlarga borib taqaladi, ular Yunon-Baqtriya davlatini mahv etganlar. Biroq bu zaminga Kushonlarning kelishi munosabati bilan saklar Seyistonga borib joylashadi. Saklarning kattagina guruhi hisoblanmish amyurgiylar Baqtriya zamini bilan bundan burun ham aloqador va bog'liq bo'lganligi tarixdan ma'lum. Seyistonning tub aholisi jangari bo'lmagan va «Rustami doston» rivoyatlarini faqatgina jangovar ruhdagi elat yaratishi mumkin edi.
«Avesto»da ana shu saklar Tur deb bitiladi va ular ko'chmanchi bo'lgani aytiladi, Turning Turk so'ziga aloqasi bor-yo'qligi hozircha bahsli. Ayrim farazlarga ko'ra Turk so'zidagi «k»-tovushi, ehtimolki, avestacha yoki baqtarcha-«lar» ko'plik qo'shimchasini ifoda etgan. Bu xil hodisani tojik (tazi-tozi-tozik) so'zidagi «k» tovushi misolida ham yaqqol ko'rsa bo'ladi. Eng qadimgi zamonlarda saklarni tarixchi Polibiy (208-271 yillar)ning yozishicha «Aspasiak» deyishgan. Ular Oks (Amudaryo) va Tanais (Don) daryolari oralig'ida yashagan, lekin ko'pchilik Tanaisni Iskandar yurishlarigacha Sirdaryo deb tushungan, Sirdaryo esa Aristobul ta'kidlaganidek Yaksart deb atalgan. Aspasiak tarkibida aspa-asp-ot, saik-saak-sak-chavandoz ma'nosini anglatadi, xuddi shu chavandoz turlarni Gerodot (484-425)ning xabaricha, eroniylar sak, yunonlar skif deb atashar ekan. Sak so'zi shu kabi qudratli, epchil, chaqqon, jasur, azamat, mard ma'nolariga ega ekanligi ko'plab manbalarda o'z ta'kidigi topgan. Goho ularni Ispaka-Spaka-Sabaka-Sak tarzida sharhlab, nechundir o'ta g'ayri ilmiy farazlar o'rtaga tashlanadi. Jumladan, «Avesta»da Spaa birikmasi uchraydi. Bu esa aspa-otning buzilgan shakli, chunki keyingi so'zda old- «a» unlisining tushishi (prokopa hodisasi) ro'y bergan.


Chog`oniyon haqidagi afsonalar.

Chag'onrud va Chag'oniyonning «Alpomish»ga daxli bo'lganidek, Rustam rivoyatlarining sarchashmalari ham aynan shu zamin bilan bog'liqligi yanada maroqlidir. Firdavsiy «Shohnomasi»da Rustamning Barzu bilan jangi hikoya qilinadi, nihoyat Rustam raqibi Barzuning o'z nevarasi ekanini biladi. Demak Barzu pahlavon Suhrobning o'g'li ekan, Barzu nomi Alp Banzi Buyra (Alpomish)ga ancha uyqash. Barzu-Banzining (Barzu-nomi ayrim joy nomlarida saqlanib qolgan, Samarqand atrofidagi Talli Barzuni-barzutepani eslash kifoya) Sheruya ismli onasi bo'lib, bu ayol asli Boysun elatidan ekan. Demak, nafaqat «Alpomish» turkum dostonalarining, balki «Rustam» dostoni silsilasining paydo bo'lishi va shakllanishi Surxon vohasi zamini ila uzviy bog'liqliklar kasb etadi. To'g'ri Rustamning vatani Seyiston va uning yana bir so'lim go'shasi Zobuliston deyilsa-da, u haqdagi rivoyat-afsonalarning ilk kurtaklari Surxon zaminida yo'g'rilgan ekan. Xalqda shunday rivoyat yuradi, Rustam va uning o'g'li Suhrob o'rtasidagi jang, aynan, Surxon sohillarida ro'y beradi. Ota-bola bir-birini tanimaydi, Rustam kurashda bexosdan o'g'li Suhrobni qattiq yarador qilib o'ldirib qo'yadi. Ota o'z o'g'lini tanib qolgach, uning ohu fig'oniga, alamiga na olam, na odam bardosh berolmaydi, ammo vaqt o'tgan edi. Suhrobning qonlari daryoga quyiladi va shundan buyon daryo Suhrob-Qizil suv (qon suv) deb atalib ketgan ekan. Bu bir rivoyat, biroq har bir rivoyat zamirida haqiqat bor.  «Bahr al asror» («Sirlar dengizi») asarining muallifi Mahmud ibn Vali (XVII asr) Chag'oniyon haqida ajoyib fikrlar bayon etadi: «Sag'oniyon-Movarounnahrning katta viloyatlaridan... Termizning shimolida, Kesh va Samarqandning janubida joylashgan. Jayhunga quyiladigan ko'pchilik daryolar shu viloyat ichidan oqadi, uni Chag'oniyon ham deyishadi. Hozirda u Hisor nomi bilan mashhur, chunki uning markazi Hisori Shodmon shahridir. Hisori Shodmon shunday bir mustahkam qal'aki, u tog'ning eng balandida qurilgan, uni Taxmuras bino qilgan ekan». Taxmuras-eroniy peshdodiylar sulolasidan chiqqan ikkinchi shoh, «Avesta»da Taxmurapay tarzida uchraydi, keyinchalik Taxmuras, Taxmrus, Taxmras, Taxmtan shaklini oladi. Biz yuqorida «Rustami doston», Rustam va uning o'g'li Suhrob bilan bog'liq fikrlar aytdik, Rustam nomi «Avesta»da yo'q, farazlarga ko'ra Taxmuras shu Rustam emish. Taxmuras ismi tarkibidagi Taxm qismi qadimiy pahlaviychada: katta-ulkan-ulug'-kuchli-quvvatli, Ras yoki Rus (Taxmras-Taxmrus) qismi: qad-qomat-tan-jussa ma'nolarini anglatadi. Taxmras-Taxmrus asta-sekin parfiyon va so'g'diy tillarida Rastaxm-Rustaxm bo'lib ketgan, bu «Bahman yasht»dagi Rotastaxmning aynan o'zidir (Mallayev N.M. O'zbek adabiyoti tarixi.-Toshkent. «O'qituvchi», 1976-B. 53). Demak Taxmrus-ulkan qomatli, alp qomatli, Rotastaxm-Rustaxm (eng so'nggi shakli Rustam) qomati alp degani ekan. Ko'rinadiki, Taxmrus (qomati ulkan) va uning teskarisi Rustaxm (ulkan qomat)da ham xuddi Obi surx (suv qizil)-Surxob (Surxon-qizil suv) singari talaffuz o'zgarishlari sodir bo'lgan.

Chag`oniyonda davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy hayot.

Chag'oniyon amirlari. Chag'oniyonda X asrning oxiri X1 asrning birinchi choragida amirlar sulolasi hukmronlik qiladi hamda bu sulolaga Amir al Muhtoj degan shaxs asos solganligi bois sulola uning nomi bilan Muhtojiylar sulolasi deb yuritiladi. Al-Muhtojning ismi sharifini bilmaymiz, yozma manbalarda uning nomi nari borsa, Amir al-Muhtoj Chag'oniy shaklida bitilgani uchrab turadi, xolos. Aftidan, Muhtojiylar sulolasi somoniylarga oilaviy yaqin bo'lgan, Ismoil Somoniy (hukmronronligi 892-907 yillar)ning o'zi ham Muhtojiylar xonadonini qo'llab-quvvatlagan. Chunki Ismoil Somoniy manblarining guvohlik berishicha, Termiz atrofidagi Somon qishlog'idan ekan va hatto Termiz shahri ma'lum muddat bekorga shahri Somon deb nomlanmagan bo'lsa kerak. Qolaversa, mamlakat hukmroni Ismoil Somoniy (tavalludi 849 yil) tez-tez Termiz va Chag'oniyonga tashrif buyurib turgan va uning Mahsuma (asli Mohisiymo) ismli qiziga Termiz sayyidlarining asoschisi Hasan al Amir (865 yildan Termizda yashay boshlagan)ning o'g'li Sayyid Amir Abdulla uylanadi. Hasan al Amir hazrat Ali va Bibi Fotima avlodlaridan bo'lib, uning otasi Amir Husayn, bobosi esa Jaf'ar al-Hujjat Madina hokimi lavozimida faoliyat ko'rsatgan. Jaf'ar al-Hujjatning otasi Amir Ubaydulla hatto xalifa al-Mansur (754-755) davrida xalifa deb e'lon qilinadi. Amir Ubaydullaning otasi Husayn al-Asqar, bobosi esa Ali nomida yuritilgan, Alining otasi hazrat Ali va Bibi Fotimalarning farzandi Husayndir. Husayn so'nggi Sosoniy shohi Yazdigurdning qiziga uylanadi va bosh farzandlariga hazrat Ali ibn Abu Tolib sharafiga Ali deb ism qo'yadilar. Termizlik sayyidlarning shajarasi Hasan al-Amirdan ibtido topadi va bu shajara avlodlari hazrat Ali hamda Bibi Fotimaning davomchilaridir. Demak Hasan al-Amir ibn Amir Husayn ibn Jaf'ar al-Hujjat ibn amir Ubaydulla ibn Husayn al-Asqar ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib Termiz sayyidlari shajarasining bosh ajdodlari qatorida turadi. Qisqasi, Ismoil ibn Ahmad ibn Asad ibn Somon (hukmronligi 892-907 yillar) va Hasan al-Amir quda-andachiligi hamda Sayyid Amir Abdulla va Mahsumadan tarqalgan avlodlar endilikda sayyid emas, balki xudovanzoda laqabi bilan atala boshlaydi. Chag'oniyon amirligining Somoniylar saltanati (875-999 yillar)dagi nufuzi g'oyatda katta bo'lib, bu suloladan chiqqan amirlar aksar Xuroson noibligini bajargan. Chunonchi, Chag'oniylar sulolasining ajoyib bir vakili Abu Bakr 930-939 yillar Chag'oniyonni boshqargan va ayni zamonda u 933 yildan e'tiboran Xuroson noibi ham edi. Bu degani, Somoniylar saltanatining teng yarmi uning tasarrufida ekanini anglatadi va katta huquq, ulkan imtiyoz noib ixtiyorida bo'lgan. Chag'oniylar sulolasining asoschisi Muhtoj Chag'oniy hisoblanadi, biroq u amirlik qilgan davr sanalari hozirga qadar noaniq qolib kelmoqda. Xuddi shu sulolaga mansub Tohir Chag'oniyning ismi-sharifi «Ash'ori hamasroni Rudaky»da to'liq keltiriladi: Amir Abu Yahyo Tohir ibn Abul Abbos Fazl ibn Abu Bakr Muhammad ibn Abu Said Muzaffar ibn Muhtoj Chag'oniy. Ana shu orqali Abu Bakrning ismi Muhammad ekani va Abu Said Muzaffar uning padari buzrukvori ekanini bilib olamiz. Ayni paytda sulola asoschisi Muhtoj Chag'oniy biz so'z yuritayotgan Amir Abu Bakr Muhammadning bobosidir. Abu Bakr Muhammad 930 yili Chag'oniyonda hukmronlikni boshlagan bo'lsa, tabiiyki, ungacha Chag'oniyonni uning otasi Abu Said Muzaffar hamda bobosi Muhtoj Chag'oniy boshqargan va ular hukmronligi sanalarini 900 va 930 yillar orasidan izlagan ma'qul. Demak sulolaning ibtidosi 900 yillar bilan bog'liq va bu sulola hukmronligi X1 asrning 30-yillarigacha davom etgan. Zero, Chag'oniylar sulolasining biz bilgan oxirgi vakillaridan biri Faxr ud-Davla 1010-1018 yillar Chag'oniyonda amirlik qilgan Abu Bakr Muhammaddan so'ng Chag'oniyon amirligi mashhur Abu Ali Chag'oniyga tegadi, u Abul Abbos, ya'ni Tohir Chag'oniyning otasi bilan aka-uka. Xulosa, Abu Ali va Abul Abboslar Abu Bakrning o'g'lonlari va Chag'oniyon amirligi Abu Aliga ota meros ekan. Abu Ali Chag'oniyonni 939-952 yillar davomida boshqaradi va 945 yilgacha Xuroson noibligini bajaradi, boisi 945 yilga kelib Amir Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) uni Xuroson noibligidan chetlatadi. Oqibatda 947 yilgi mash'um voqea, ya'ni Nuh ibn Nasrning Buxorodan Samarqandga quvilishi sodir bo'ladi, Abu Ali bo'lsa ma'lum muddat Buxoroni Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad qo'lida saqlanishini ta'minlab turgan. Abu Alining Nuh ibn Nasrga qarshi isyon ko'tarishi ko'p jihatlari bilan uning Xuroson noibligidan chetlatilishiga borib taqaladi. Nuh ibn Nasr, nihoyat 952 yilga kelib Abu Ali Chag'oniyni qayta Xuroson noibligiga tayinlashga majbur bo'ladi. Abu Ali o'z navbatida Chag'oniyon amirligini o'g'li Abu Mansur Nasrga topshiradi va o'zi, asosan, Xuroson noibligi yumushlari bilan mashg'ul bo'ladi, Abu Ali 955 yili Xurosonda tarqalgan vabo kasalidan vafot etadi. Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr mojarolariga mabodo yana qaytadigan bo'lsak, shu narsa oydinlashadiki: Nuh ibn Nasr davriga kelib mamlakatda alg'ov-dalg'ov hodisalar, ziddiyatli voqealar kuchayib ketadi. Nuh ibn Nasrdan norozi bo'lgan qo'shin va lashkar, ayniqsa qo'shin boshliqlari o'rtasida pala-partishlik sezilarli tus oladi, shu kezlarda Chag'oniyon amiri va Xuroson noibi Abu Ali nechundir Amir Nuh ibn Nasrga qarshi isyon ko'taradi. Ana shu isyondan foydalangan Nuh ibn Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad Buxoroni egallagan va Abu Ali qo'shinlari yordamida Somoniylar taxtiga ega bo'ladi. Ammo Ibrohim ibn Ahmad taxtda uzoq turolmaydi, sababi Abu Ali qo'shinlari shahar ahlining ma'lum noroziliklari tufayli Buxoroni tashlab chiqib ketadilar. Shundan so'ng Nuh ibn Nasr Buxoroga qaytadi, (bungacha Nuh Samarqandda bir oz turgan edi), taxtni qayta qo'lga kiritib, birinchi galda isyonchi qarindosh-urug'larini jazolashga hukmi oliy beradi. Abu Ali Chag'oniyning markaziy hokimiyat bilan kurashi va nizolari davom etaveradi, ikki o'rtada tuzilgan bitim va shartnomalarda Nuh ibn Nasr hatto Chag'oniyon hokimi Abu Aliga ko'p masalalarda yon bosishga majbur bo'lgan edi. Bu kelishmovchiliklar Nuh ibn Nasr vafotidan so'ng uning o'g'li Abdumalik (954-961) zamonida ham o'z asoratini yo'qotmagan edi. 

Chag`oniyonda madaniy hayot. (Abu Ali Chag`oniy va Chag`oniylar).


Abu Ali Chag'oniy va Nuh ibn Nasr oralaridagi janjal hamda jangu jadal o'z vaqtida o'sha davr tarixchilari tomonidan tarix sahifalariga bitilgan edi. Jumladan, X asrning birinchi yarmida yashab o'tgan iste'dodli tarixchi an-Narshaxiy o'zi(899-960 yil)ning «Tarixi Buxoro» (943-944 yillar arab tilida yozilgan, bizgacha asarning fors tilidagi tarjimasi yetib kelgan) nomli asarida xuddi shu voqealarni ushbu tarzda bayon etadi: «Amir Hamid (ya'ni Nuh Nasr) uch yuz o'ttiz birinchi (331-943) yili sha'bon oyining avvalida (10 aprel kuni) podshohlik taxtiga o'tirdi. Amiri Sa'id (baxtli) vafot etgach, (ya'ni Nuh ibn Nasrning otasi Nasr ibn Ahmad hukmronligi 914-943 yillar) podshohlikni talab etuvchilardan har bir kishi bir joyda qaror topdi. Amiri Hamid (maqtalgan) Buxorodan chiqib Nishopurga keldi. Abu Ali Isfahoniy Nishopurga amir edi. Amiri Hamid Nuh ibn Nasr lashkar yuborib, uni qo'lga oldirdi, o'ziga qarshi kishilarni tarqatib yuborib viloyatlarni tozaladi, Nishopurni Ibrohim Simjurga berdi. Abu Ali Isfahoniy o'ziga: «Men uning podsholigini barqaror qildim, u esa viloyatni boshqa kishiga berdi»,-deb o'yladi va Abu Ishoq Ibrohim ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniyga: «Buxoroga borib podsholikni ol! Men sen bilan bo'lsam, amir (demak Nuh ibn Nasr) senga qarshi tura olmaydi»-dedi. Abu Ishoq lashkar tortib Amiri Hamid (Nuh ibn Nasr)ga qarshilik oshkor qildi. Amiri Hamid Nishopurdan qaytayotganda Abu Ishoq unga hujum qildi. Ular o'rtasida jang bo'ldi va Amiri Hamid yengilib Buxoroga keldi. Uning ketidan amakisi Abu Ishoq ham Buxoroga keldi va u uch yuz o'ttiz beshinchi yil jumod ul oxir oyida (yanvar 947 yil) butun Buxoro aholisi unga bay'at qil-(hukmdorni o'zlarining ustidan hokim deb tan ol)dilar. Buxoroning hamma minbarlarida Abu Ishoq nomiga xutba o'qidilar. Bir oz vaqt o'tgandan keyin Abu Ishoq o'z lashkari uning o'ziga qarshi yomon niyatda ekanini, uni o'ldirishga qasd qilganini va Amiri Hamidga sadoqat qilganini bilib qoldi va Buxorodan qaytib Chag'oniyonga ketdi». Narshaxiy matnini sharhlashga o'tsak, axborotda g'alizlik bor, masalan, Abu Ali Isfahoniy emas, balki Chag'oniydir, uning Nishopur amiri bo'lgani aniq emas, lekin u Xuroson noibi edi. To'g'ri Xuroson noiblarini Nishopur amiri deyilishiga bois, o'sha kezlarda Xuroson mintaqasining ma'muriy markazi Nishopur edi hamda Xuroson noibi va Nishopur amiri atamalari sinonim sifatida ishtlatilgan. Abu Ali Chag'oniy hatto Nasr ibn Ahmad hukmronligi (914-943 yillar)ning oxirgi yillari ham Xuroson noibi bo'lgan ko'rinadi. Darhaqiqat, Abu Ali bilan Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) yoki Abdumalik (954-961 yillar) o'rtasidagi ziddiyatlar undan ham oldinroq boshlanganini taxmin etish mumkin. Chunki Abu Alining otasi Abu Bakr 939 yili olamdan o'tadi, u 930-939 yillar oralig'ida Chag'oniyon hokimi edi. Abu Bakr 933 yildan boshlab Nasr ibn Ahmad (914-943 yillar) ning xohish-irodasi bilan Xuroson noibi vazifasini ham bajara boshlaydi. Abu Bakr vafoti (939 yil)dan so'ng Chag'oniyon hokimligi va Xuroson noibligi uning o'g'li Abu Ali Chag'oniy zimmasiga yuklandi. Xuddi shu voqealar Nasr ibn Ahmad (914-943 yillar) davrida ro'y bergan va Abu Ali Chag'oniy 945 yilga kelib, ya'ni Nuh ibn Nasr (943-954 yillar) zamonida Xuroson noibligidan chetlatildi. Demak, Abu Alining isyoni, noroziliklari, asosan, Nuh ibn Nasr zamoniga to'g'ri kelar ekan. Ana shu o'zaro kelishmovchiliklar 945 yildan 952 yilgacha va hatto undan keyin ham davom etganini gumon qilish mumkin. Abu Ali Chag'oniy 952 yili qayta Xuroson noibligiga tayinlanadi, bu Abu Alining Somoniylar saltanati siyosiy maydonida ustuvor maqomga egaligini namoyish etadi. Bundan tashqari, Abu Alining siyosiy maydondagi obro'yi Abdumalik amirligi (954-961) yillari ham davom etganligi muqarrar haqiqatdir.  Abu Ali Chag'oniy 945 yilda Xuroson noibligidan chetlatilgani haqida aytib o'tdik, ana shu kezlar Abu Ali o'z inisi Abul Abbos Fazlni Jabal viloyati (Tus, Ray, Shirvon tomonlar)ga hokim etib tayinlaydi. Jabal arabcha tog' demakdir, bu mintaqalar hozirda Kuh(tog')iston (Dog'istonni eslang) deyiladi. Gerodotning guvohligicha, qadimda bu zaminda paretaken (parata-paurat-par-sanskritchada tog'dir) qabilalari yashagan. Shunday qilib yana Abul Abbosga qaytsak, u o'z og'asi Abu Ali hukmiga teskari Jabalga bormay, Buxoroga borgani va Nuh ibn Nasr unga Shosh hokimligini berganidan xabardormiz. Aftidan Nuh ibn Nasr og'a-inilarning o'zaro ixtiloflaridan o'z manfaati yo'lida foydalanishga harakat kilgan. Bu voqealardan so'ng Nuh ibn Nasr va Abu Ali ixtiloflari g'oyat jiddiylashadi, Abu Ali 946 yili Nasrga qarshi jangga kiradi, birinchi galda Xuroson noibligiga yangi tayinlangan Nishopurdan Ibrohim binni Simjurni haydab yuboradi. Keyin katta qo'shin bilan Amudaryodan o'tib Buxoroni bosadi, Nasr Samarqandga qochadi, Abu Ali esa Amir Nasrning amakisi Ibrohim ibn Ahmad nomiga xutba o'qitadi. Abu Ali 946 yilning dekabridan 947 yilning martigacha Buxoroda turadi, ammo Buxoro aholisining noroziligi sabab u Chag'oniyonga qaytishga majbur bo'ladi. Nihoyasi ko'rinmagan bu kurashlar 948 yilning dekabr oyida sulh tuzish bilan to'xtaydi, sulhga ko'ra Chag'oniyon hokimligi Abu Aliga qoladi. Buning evaziga Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abul Muzaffar Abdulloh ibn Ahmad garovga olinadi, Buxoroda Abul Muzaffar hurmat bilan qarshilanadi. Bu orada Abu Ali va Amir Nuh ibn Nasr (943-954) munosabatlari ancha iliqlashadi. Ana shu voqealar aloqador xabarlar Gardiziyning «Zaynul axbor» asari(1050yil)da ham keltiriladi, aytilishicha, garovga olingan Abulmuzaffar Buxoroda baxtsiz tasodif tufayli otdan yiqilib o'ladi. Bu baxtsiz hodisa munosabatlarga sovuqlik solmagan ko'rinadi, Abul Muzaffarning jasadi Chag'oniyonga olib kelinadi va dafn etiladi. Abulmuzaffar vafotidan ikki oy muhlat o'tgach, Xuroson sipohsolorligi qayta Abu Aliga tegadi, Chag'oniyon va Termiz amirligi Abu Alining o'g'li Abu Mansur Nasr ibn Ahmadga beriladi, ushbu hodisalar 952 yilda sodir bo'ladi.  Voqealardan ayonki, Nuh ibn Nasr ilojsiz Abu Alini takror Xuroson noibligiga tiklaydi, Abu Ali Xuroson mulkida tartib-intizom o'rnatadi. Abu Ali tufayli Somoniylar davlatiga qarshi harakatlar qilayotgan Buvayhiylar bilan tinchlik bitimi amalga oshiriladi. Negadir bitim yangi hukmron Abdumalikni (954-961) qoniqtirmaydi va u Abu Alini Xuroson noibligidan oladi, natijada Abu Ali g'azablanib Buvayhiylar ko'magida Abdumalikka qarshi g'alayon ko'taradi va o'z nomini xutbaga qo'shtiradi. Abdumalik 954 yili Abu Aliga qarshi yirik qo'shin yuboradi, lashkarga Xuroson noibligiga endi tayinlangan Bakr binni Malik bosh edi. Bu orada Abu Ali Xurosonda tarqalgan vabo kasalidan 955 yili o'ladi, Somoniylar va Buvayhiylar o'rtasida sulh tuzilgach, Abu Ali jasadi Chag'oniyonga olib kelinadi hamda dafn etiladi. Buvayhiylar sulolasiga Eron shohlari naslidan bo'lgan Buvayh ismli kimsa asos solgan, u 930 yili Somoniylarga bo'ysunishdan bo'yin tovlab ularga qarshi janglar olib boradi. Abu Ali Chag'oniyning o'g'li Abu Mansur Nasr Chag'oniyonni 952 yildan 976 yilgacha boshqaradi, keyin Chag'oniyonda Abul Qosim al Hasan ibn Ahmad hukmronligi boshlanadi. Abul Qosim al Hasan asli Abu Mansur Nasrning inisidir, u taxminan 976 yildan 986 yilgacha Chag'oniyonda amirlik qilgan. 986-987 yillar Chag'oniyonni Guzgon (hozirgi Juzjon) amiri Abul Xoris boshqaradi, shundan so'ng Chag'oniyon amirlari taxtiga Tohir Chag'oniy keladi va u 987-992 yillar hukmron bo'ladi. Shu tariqa 992-1010 yillar Abul Muzaffar Chag'oniy va 1010-1018 yillar Faxr ad Davla Ahmad binni Muhammad hukmronligi yuz beradi.  Adabiyot va she'riyat. Chag'oniyonda X-XI asrlarda ilm-fan ancha yuksaladi, bu davrda yetishib chiqqan olimu fozillar yurtimiz ilmi rivojiga hamda fan ravnaqiga cheksiz ulush qo'shganlar. Ular nafaqat o'z ona zaminida, balki dunyoning turli chekkalarida ham ilm rivoji yo'lida xizmat qiladilar. Abu Bakr as-Sag'oniy (IX asr), Ahmad as-Sag'oniy (X asr), Abu Hamid as-Sag'oniy (X asr) va boshqalar ayni Chag'oniyon ilmiy muhitida nash'u namo topgan olimlar sirasiga kiradi.
Abu Bakr as-Sag'oniy. Bu allomai zamon haqida ma'lumotlar juda kam, taxallusidan uning Chag'oniyondan ekanini bilamiz, xolos. Manbalarda Abu Bakr as-Sag'oniy xususida bildirilgan fikrlar ko'proq buyuk muhaddis Abu Dovud Sulaymon (817-888) bilan bog'liq holda bayon etiladi. Chunki Abu Bakr as-Sag'oniy buyuk muhaddis Abu Dovud Sulaymonning «Sunan» kitobi haqida so'z yuritib, ushbularni naql qilgan ekan: «Dovud alayhissalom uchun temir Olloh taolo tomonidan mumday yumshatilgan bo'lsa, hadis ham Abu Dovud Su: laymon uchun xuddi shu xilda qulay holga keltirilgan emish». Afsuski, bu fikrlar as-Sag'oniyning qaysi asaridan olingani noaniq, ammo shuning o'zi allomaning IX-X asrlarda yashab o'tgani va yetuk olim, ayniqsa, muhaddisshunos ekanini anglashga kifoya qiladi.
Ahmad ibn Muhammad as-Sag'oniy asli chag'oniyonlik, shu yerda tavallud topib, ilk bilimini o'z ona yurti Chag'oniyonda oladi. So'ngra u o'qishini o'sha davrning ulkan maskanlari hisoblanmish yirik shaharlar Buxoro va Samarqandda davom ettiradi. Ahmad as-Sag'oniy 998 yildan boshlab o'z ilmiy faoliyatini Abu Saxl Kuhiy rahbarligidagi Bag'dod observatoriyasi bilan bog'laydi. U yirik munajjim va jo'g'rofiy olim bo'lishi barobarida, Beruniyning aytishicha, o'z ustozi Abu Saxldan keyin buyuk yulduzshunos sifatida e'tirof topgan ekan. Abu Hamid Usturlobiy as-Sagoniy - yetuk munajjim, falakiyot ilmida betaqqos olim, usturlob (osmonni kuzatadigan) asbobi ixtirochisi. Abu Hamid as-Sag'oniy 980-900 yillarda olamdan o'tgan, demak, allomaning tug'ilgan zamoni X asr boshlari bilan bel-galanadi. Beruniy o'zining «Al osor al-boqiya» asarida Ahmad Sag'oniy va Hamid Sag'oniylar haqida iliq fikrlar izhor etadi. Sag'oniy (Chag'oniy) - lug'atshunos olim, tarjimai holi aniq emas, ismi-sharifi Raziuddin (ba'zan Raziyiddin) Abul Fazl al-Hasan ibn Muhammad ibn al-Hasan al Chag'oniy ekanligi ma'lum. Manbalarda olimning 1181 yili Lohurda tug'ilgani va 1252 yili Makkada vafot etganligi qayd etilgan. U ko'p yillar Lohurda Bag'dod xalifalarining yalovochi sifatida faoliyat yuritadi, umrining oxirgi yillari Bag'dodga qaytadi, nihoyat Makkaga haj safarida bo'ladi va o'sha yerda olamdan o'tadi. Taxallusidan ota-bobolari asli chag'oniyonlik ekani muqarrar bo'lgan bu olim fors-tojik lug'atshunosligining asoschilaridan, u arab leksikogorafiyasi rivojiga munosib hissa ko'shgan olimlardan. Keyingi asr fors-tojik lug'atshunosligidagi yangi yo'nalishlar ko'p jihatlari bilan Sag'oniy ilmiy faoliyati an'nalariga borib taqaladi. Sag'oniyning o'n ikki jildlik «Majma' al-bahrayn» («Ikki dengiz majui») va yigirma jildlik «Al ubob uz-zohir va-l lubob ul-foxir» («Yuksak to'lqin va ochiq o'zaklar») hamda bir necha jildni o'z ichiga oluvchi «At-takmila va-z-zayl va-s-sila» («To'ldiruvchi, qo'shimcha va izohlar») nomli lug'atga doir ilmiy kitoblari mavjud. Sag'oniy asarlaridan Firuzobodiy (XIV asr) o'zining «Al qomus» lug'atini yaratishda samarali istifoda etgan bo'lsa, Yusuf Mag'ribiy va boshqa qator olimlarning lug'atshunoslik faoliyati Sag'oniy ilmiy merosi ta'sirining natijasi o'laroq rivoj topdi. «Hudud al-olam» asari haqida. Akademik E. V. Rtveladze o'zi tuzgan Chag'oniyon amirlari sulolasining tadrijiy silsilasi tarkibida Abu Xoris Muhammad ibn Ahmad ibn Farig'unning nomini ham ilova qiladi va uning Chag'oniyonda 987-990 yillarda hukmronlik qilganligini ko'rsatadi. Asli Guzgon (Juzjon) amiri bo'lgan Abul Xoris Chag'oniyon taxtiga Abul Qosim al-Hasan ibn Ahmad (976-988 yillar)dan so'ng chiqqan va bu 988-989 yillarga to'g'ri keladi. Abul Xoris ilm ahli va nazm sohiblariga ko'p e'tibor bergan ko'rinadi. Masalan, muallifi noma'lum «Kitob hudud al-olam milal Mashriq ilal Mag'rib» («Sharq va Rarb mamlakatlari chegaralari haqida kitob») asari uning nomiga atab (983 yili fors tilida) yozilgan.
«Hudud al-olam» Yaqin va O'rta Sharq xalqlarining durdona yodgorliklaridan biridir. Xususan, unda bizning vohamiz bilan bog'liq jug'rofiy hududlardan Amudaryo, Chag'onrud, Chag'oniyon, Termiz va Balx, Toxariston, Xatlon, Vaxsh, Qabodiyon haqida qiziq ma'lu-motlar beriladi. «Hudud al-olam»da Chag'oniyon xususida ushbular bitilgan: «Chag'oniyon - qishloq xo'jaligi uchun qulay va keng joy. Iqlimi muloyim, zamini durust, suvlari ovqatni tez hazm qildiradi. Bu yerda otlar boqiladi, yung gazlama, gilam, sholcha ishlanadi. Bu viloyatning poytaxti Chag'oniyon shahridir, tog' etagida bino bo'libdir. Oqar suvlari bor».
Abu Ali Husayn ibn Ahmad as-Sallomiy. U taxminan X asrda yashab ijod etgan, umuman X asr allomasi. Chag'oniyon amirlari saroyida mulozimlik qilgan shoirlardan biri, u yirik olim hamdir. As-Sallomiy dastlab faoliyatini Abu Bakr Muhammad Chag'oniy (930- 939)ga xizmat qilishdan boshlaydi, so'ngra xizmatni Abu Ali Ahmad Chag'oniy (939-952) qoshida davom ettiradi. Ham shoir va ham olim Sallomiy haqida manbalarda bitilgan mavjud xabar va ma'lumotlar ancha uzuq-yuluq va ziddiyatli jihatlarga ega. As-Saolibiy (961-1038)ning axboroticha, as-Sallomiy Nishopurdan bir oz narida joylashgan Bayhaq viloyatidan. As-Sallomiy mashhur olim va iste'dodli shoirgina bo'lib kolmay, balki o'z davrining yetuk kotibi ham edi. O'tmishda kotiblik san'ati keng rivoj topgan bo'lib, kotiblik juda ulkan qadrlanardi. Ayni zamonda kotib va xattot davrining so'z san'atkori ham hisoblangan, chunki shohlarning shohlarga maktublarini ular amalga oshirganlar. Bu o'ta mas'uliyatli ish bo'lib, maktubda e'tiborsizlik bilan ishlatilgan har qanday so'z yomon oqibatlarga olib kelishi muqarrar bo'lganidek, har qanday yaxshi so'z, yaxshi ibora, yaxshi ifoda munosabatlardagi g'uborlarni tarqatishga yordam ham berar edi.
As-Sallomiy Chag'oniyon amirlari Abu Bakr (930- 939) va Abu Ali (939-952) saroyida maktublar devonini boshqargan. Abu Ali uning tarixdan yaxshigina xabardorligini sezgach, unga Xuroson tarixini raqam qilishni topshiradi. Bu asar «Kitob at-tarix fi-axbor vulot Xuroson» («Xuroson hukmronlari tarixi haqida kitob») deb atalib, 955 yilda yozib tugallangan, taassufki, asar bizning zamongacha yetib kelmagan. Ammo as-Sallomiyning zikr etilgan asari keyingi asr tarixchilarining ko'plari uchun muhim manba sifatida xizmat qilgan. Bular ichida as-Saolibiyning «Yatimat ad dahr» («Zamona yagonalari», 1017), Gardiziyning «Zaynul axbor» («Xabarlar ziynati», 1050), Ibn Asirning (1160-1234) «Al komil fit torix» («Mukammal tarix») va yana ko'plab boshqa tarixiy asarlar as-Sallomiy asaridan foydalanib yaratilgan.  Yetuk bilim sohibi as-Sallomiy yana qator ajoyib asarlarning muallifidir, jumladan «Kitob va natf va az-zarf» («Hikmatli so'zlardan namunalar»), «Kitob al misboh» («Chiroq haqida kitob») va «Kitob as-sor» («Tasdiq haqida kitob») shular jumlasidandir, lekin bu asarlar ham bizning zamongacha yetib kelmagan. As-Sallomiydek davrining yetuk tarixchisi, mashhur xushnavisi, iqtidorli shoiri Chag'oniyon amirlari saroyida tarbiya topganligi muhim jihatlarga ega. Abul Qosim Ali ibn Muhammad al-Iskofiy. Yetuk xattot, yirik xushnavis va tengi yo'q so'z ustasi al-Iskofiy aslida Nishopur shahridan. U ijodiy faoliyatini Abu Ali Chag'oniy xizmatida boshlaydi. Al-Iskofiy shoir va o'z davrining fozil kishisi edi, uning haqida tarix kitoblari sahifasida ko'plab latifanamo voqealar hikoya qilinadi. Al-Iskofiy chiroyli yozish san'atini mukammal egallagani sababli Abu Ali Chag'oniyning maktublar devonida rahbarlik qiladi. O'zaro munosabatlardagi ma'lum beqarorliklar tufayli Abu Ali Chag'oniy va Buxoro amiri Nuh ibn Nasr Somoniy qo'shinlari 947 yili Jurjon (asli Gurgon)da to'qnashadilar. Jangda Abu Ali Chag'oniy yengiladi, bunga sabab Abu Ali tomonida turgan ayrim lashkarboshilarning sotqinligi va beqarorligi oqibatida bu mash'um voqea ro'y beradi. Abu Alining ko'p odamlari asirga olinadi, shular orasida al-Iskofiy ham bor edi. Shundan e'tiboran buyuk xattot Iskofiy faoliyati Nuh ibn Nasr (943-954) va Abdumalik (954- 961) bilan bog'lanadi va u Buxoroda yashay boshlaydi. Buyuk xushnavis, iste'dodli shoir va bemonand so'z san'atkori al-Iskofiy 955-956 yillarda vafot etadi. Akademik E. V. Rtveladzening ta'kidicha, Tohir Chag'oniy Guzgon amiri Abul Xoris Muhammad binni Ahmad (hukmronligi 987-989) o'rniga amir bo'lgan. Chag'oniyon amiri Qosim al-Hasan binni Ahmad nomi bilan 987-988 yillarda zarb etilgan mis tangalar hisobga olinsa, unda Guzgon amiri Abul Xoris 986-989 yillari qanday hukmronlik qiladi? Har holda Tohir Chag'oniy amakivvachasi Abul Qosimdan so'ng hukmronlik qilgani haqiqatga yaqin va bu hodisalar 988-992 yillarda ro'y bergan. Shunday qilib Tohir Chag'oniyning vafoti va hukmronligi sanalari aniq bo'lgan holda uning tavalludi sanasi hozircha ochiq qoladi. Bundan tashqari adabiyotshunos Muhsinning 3ebuhillo Safo fikrlariga tayanib Tohir taxt talash kurashlarida Abul Muzaffar tarafidan mahv etilgani talqini esa inkor etiladi. Masalan, amir Abul Muzaffarga shoir Munjik Termiziy bag'ishlagan qasidada Tohir Chag'oniy marhum sifatida ehtirom ila eslatiladi. Bu esa ikki amir o'rtasida taxt bilan bog'liq mojaro yoki siyosiy muxoliflik mutlaqo yo'qligini isbotlovchi aniq dalildir. Tohir Chag'oniy hukmronligi davrida Chag'oniyonda adabiy muhit uchun ma'lum imkoniyatlar yaratilgani tarixiy manbalarda e'tirof etiladi. Misol uchun «Ash'ori hamasroni Ro'daky»da Tohir zamoni adabiy muhiti doirasi namoyandalari sifatida Ma'rufiy, Daqiqiy, Munjik, Labibiy singarilar eslatiladi. Yuqorida eslatilgani kabi Ma'rufiy va Daqiqiylar Tohir Chag'oniy davridan ancha ilgari Chag'oniyonda bo'lgan, chunonchi, Ma'rufiy 925-935 yillari, Daqiqiy 950-970 yillari Chag'oniyonda edilar. Bu Tohir davridan qariyb 40-60 yil ilgari sodir bo'lgan voqealardir. Endi Munjik va Labibiyga kelsak, Munjik, darhaqiqat, Tohir zamonida Chag'oniyonda edi va u bilan Bade'iy birga bo'lgan hamda har ikkisining Tohirga bag'ishlangan qasidalari bor, Labibiy bo'lsa Abul Muzaffar davrida Chag'oniyonda bo'lgan. Yuqorida ta'kidlangani kabi Abul Abbos Fazl, ya'ni Abu Ali Chag'oniyning inisi Tohirning otasidir. Abul Abbosni Abu Ali 945 yilda Jabal viloyati (Tus, Ray va Shirvon tomonlar)ga hokim qilib tayinlaydi. Ammo Abul Abbos akasi Abu Alining xohish-irodasiga qarshi o'laroq Buxoroga, Amir Nuh ibn Nasr (943-954) qoshiga ketib qoladi va unga xizmat qila boshlaydi. Nuh ibn Nasr Chag'oniyon amirzodasini yaxshi qabul qiladi va hatto Abul Abbosni Shosh (Toshkent) viloyati hokimi etib tayinlaydi.

Qisqasi, E. V. Rtveladze Amir Abul Muzaffarning Chag'oniyonni idora qilgan davri 1002-1008 yillar degan xulosaga keladi. Ammo bu muddat 1002 yildan oldinga ham, 1008 yildan keyinga ham uzayishi mumkin, sababi tanga zarb qilish hukmronlikning keyingi yillari ro'y berishi ham ehtimoldan uzoq emas. Tohir Chag'oniy vafoti 992 yilda sodir bo'lgan, bu esa Abul Muzaffarning Chag'oniyonni idora etish muddati 992 yildan boshlangan deb taxmin qilishga kafolat beradi. Qolaversa, Shibli Nu'moniy (1857-1914, «She'rul Ajam», Tehron, 1368), Husayn Ozod («Suxandoni fors», Kobul, 1315), X. Mirzozoda (1911-1994, «Ta'rixi adabiyoti tojik», Dushanbe, 1989)lar Abul Muzaffarni Balx hokimi deb xato hukm chiqarishadi va hatto yana bir shunday fikr tarafdori Herman Etyo («Torixi adabiyoti fors», Tehron, 1337) biz so'z yuritayotgan Chag'oniyon amirini Abul Muzaffar Tohir Chag'oniy deydi. Ko'rinadiki, ko'pincha, Abul Muzaffar o'z salafi Abulyahyo Tohir Chag'oniy bilan chalkashtirib kelingan. Bu xil xato talqinlarga o'z vaqtida professor A. Abdullayev munosabat izhor etib, ma'lum to'g'ri fikrlarni ilgari surgan edi. A. Abdullayev tadqiqotlarida Abul Muzaffar bilan Toxir haqida lom-mim deyilmagan holda Farruxiy mamduhi Abul Muzaffar Ahmad binni Muhammad deyiladi.
Download 34.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling