www.ziyouz.com
kutubxonasi
1
ISLOM KARIMOV
BIZNING YO‘LIMIZ —
DEMOKRATIK ISLOHOTLARNI
CHUQURLASHTIRISH
VA MODERNIZATSIYA
JARAYONLARINI
IZCHIL DAVOM ETTIRISH
YO‘LIDIR
20
Toshkent
«O‘zbekiston»
2012
www.ziyouz.com
kutubxonasi
2
«SHARQ TARONALARI» SAKKIZINCHI XALQARO MUSIQA
FESTIVALINING OCHILISHIGA BAG‘ISHLANGAN
TANTANALI MAROSIMDAGI TABRIK SO‘ZI
Qadrli mehmonlar!
Muhtaram festival ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, mana shu muhtasham maydonda o‘tirgan “Sharq taronalari”
xalqaro musiqa festivalining qatnashchilarini, chet ellik hurmatli
mehmonlarimizni va Samarqand jamoatchiligining vakillarini ko‘rib
turganimdan xursand ekanimni bildirib, barchangizga o‘zimning yuksak
hurmat va ehtiromimni izhor etaman.
Bugun qadimiy Samarqand shahrining yuragi bo‘lmish muazzam va
betakror Registon maydonida “Sharq taronalari” festivalining ochilish
marosimida qatnashar ekanmiz, bu san’at anjumanining yildan-yilga obro‘-
e’tibori ortib, dunyodagi eng nufuzli musiqa festivallari qatoridan
mustahkam va munosib o‘rin topib borayotgani barchamizga katta
mamnuniyat va g‘urur bag‘ishlaydi.
Buning tasdig‘ini 1997 yilda o‘tkazilgan birinchi festivalda 31 ta
mamlakat vakillari qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi anjumanga jahonning turli
o‘lkalaridan, ya’ni Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit’alarida, Sharq
va o‘arb mintaqalarida joylashgan 56 ta davlatdan iste’dodli san’at
namoyandalari tashrif buyurgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu anjumanning dong‘i va dovrug‘i dunyo
miqyosida tobora keng yoyilib, yangi-yangi mohir xonanda va
sozandalarni o‘z safiga tortayotganiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz.
Ayni paytda festivalimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim va
fan, madaniyat va san’at sohalari bo‘yicha yetakchi tashkiloti bo‘lmish
YUNESKOning homiyligi va rahnamoligida o‘tkazilayotgani bu
anjumanga yanada yuksak maqom va nufuz bag‘ishlamoqda.
Qadrli do‘stlar, aziz birodarlar!
Bu festivalning jahondagi eng ko‘hna shaharlardan biri bo‘lmish,
Sharq olamining o‘lmas ruhini, uning qadimiy va hamisha navqiron
qiyofasini o‘zida mujassam etgan, har qadamda sharqona fayzu tarovat
sezilib turadigan go‘zal va afsonaviy Samarqand shahrida o‘tkazilishi —
bu fikrga hammangiz qo‘shilasiz, deb o‘ylayman — unga chuqur ma’no-
www.ziyouz.com
kutubxonasi
3
mazmun va shukuh baxsh etmoqda.
Bugungi san’at bayramiga dunyoning uzoq va yaqin davlatlaridan
kelgan siz azizlarni qutlar ekanmiz, sizlarning timsolingizda biz,
avvalambor, turli xalqlar mumtoz musiqasining yorqin vakillarini, san’at
ustalari va ustozlarini ko‘ramiz.
Sizlar o‘zingizning noyob san’atingiz, inson qalbiga yetib boradigan
kuy-qo‘shiqlaringiz va ijro mahoratingiz bilan million-million musiqa
muxlislariga zavq bag‘ishlab, festival xazinasini yanada boyitishga
munosib hissa qo‘shasiz, deb ishonaman.
Shu o‘rinda muhim bir fikrga alohida to‘xtalib o‘tishni zarur deb
bilaman. Bugun biz yashayotgan notinch va o‘ta murakkab davrda
barchamiz bu festivalning ijobiy ta’siri, ahamiyati va mohiyatini uning elu
elatlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, hayotbaxsh musiqa
san’ati orqali odamlar qalbida ezgu insoniy tuyg‘ularni uyg‘otish,
mushtarak tomirlarni bir-biriga yaqinlashtirishdek olijanob maqsadlarga
xizmat qilishida ko‘ramiz.
Shu borada yana bir fikrni ta’kidlab o‘tishni istardim. Yer yuzidagi
xalqlarni, tili, millati, dini va urf-odatidan qat’i nazar, ularning barchasini
birlashtiradigan, avvalambor, yosh avlodimizning ongi va qalbida chuqur
aks sado beradigan g‘oyat ta’sirchan bir vosita, qudratli bir kuch borki, u
ham bo‘lsa, musiqa, uning ohang va taronalari, mumtoz kuy va qo‘shiqlar,
desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu ma’noda, bugun ochilayotgan “Sharq taronalari” festivalining ana
shunday yuksak g‘oyalarga xizmat qilishi barchamizga baland ruh
bag‘ishlab, kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shishi tabiiydir.
Aynan ana shunday olijanob maqsadlarni ro‘yobga chiqarish va
o‘zining noyob mahoratini namoyon etish uchun dunyoning turli-turli
mintaqalaridan azim Samarqandga kelgan siz aziz mehmonlarimizga,
avvalo, barcha musiqa ixlosmandlari nomidan, qolaversa, butun xalqimiz
nomidan samimiy minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Muhtaram mehmonlar!
Men yaxshi tushunaman — shu kunlarda sizlarning bor e’tiboringiz,
vaqtingiz, harakat va intilishlaringiz festivaldagi jo‘shqin ijodiy
musobaqalarda yuqori o‘rinlarga erishish, sovrin va mukofotlarni qo‘lga
kiritishga qaratilgan. Ana shunday yuksak g‘alaba va yutuqlarni qo‘lga
kiritishda barchangizga zafar va omadlar yor bo‘lishini tilayman.
Albatta, ushbu anjuman kunlarida yaratilgan imkoniyatlardan
www.ziyouz.com
kutubxonasi
4
foydalanib, sizlar Samarqand shahrining bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqi
bilan yaqindan tanishasiz, uning noyob me’moriy yodgorliklari va tarixiy
obidalari, afsonaviy Sharq timsoli bo‘lmish Samarqand bozorlarini ko‘rasiz
va ishonamanki, o‘xshashi yo‘q bu go‘zal shaharga, O‘zbekiston zaminiga
maftun bo‘lib qolasiz.
Hurmatli yurtdoshlar! Muhtaram mehmonlar!
Bu yilgi “Sharq taronalari” festivali bugungi kunda har tomonlama
go‘zal va obod bo‘lib, “Yer yuzining sayqali” degan ta’rifga munosib
bo‘lib borayotgan Samarqand zaminida Vatanimiz mustaqilligining ayni
20 yillik tarixiy sanasi nishonlanadigan, mamlakatimiz, xalqimiz uchun
buyuk muborak ayyom, qutlug‘ kunlarda bo‘lib o‘tayotgani chuqur ramziy
ma’noga ega. Chunki “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga aynan
mustaqillik yillarida asos solindi va bu festival istiqlolimiz bilan birga
kamol topib bormoqda.
Men har safar ushbu festival munosabati bilan Samarqandga kelib, siz
azizlar bilan yana bir bor ko‘rishib, dildan suhbatlashish imkoniga ega
bo‘lganimdan o‘zimni baxtiyor deb his qilaman.
Shu fursatdan foydalanib, men uchun qadrdon bo‘lgan Samarqand
ahliga doimo qalbimning to‘rida saqlanib kelayotgan samimiy mehrim va
hurmatimni yana bir bor izhor etishdan xursandman.
Shu unutilmas daqiqalarda sizlar bilan birga dunyodagi mashhur
iste’dod egalarining betakror san’atidan bahramand bo‘lib, bayram
quvonchini baham ko‘rish nasib etganidan g‘oyat mamnunman.
Bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan YUNESKO tashkiloti,
Xalqaro xalq ijodiyoti kengashi kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarning
vakillariga, xorijiy davlatlarning elchilari, anjumanimizning faxriy
mehmoni bo‘lgan italiyalik mashhur xonanda Al Bano Karrizi janoblariga
sizlarning nomingizdan katta hurmat va minnatdorlik bildirishga ruxsat
etgaysiz.
Xush kelibsiz Samarqand zaminiga!
Xush kelibsiz O‘zbekistonimizga, aziz birodarlar!
Barchangizni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, siz
azizlarimga sihat-salomatlik, yangi-yangi muvaffaqiyat va omadlar
tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.
www.ziyouz.com
kutubxonasi
5
Do'stlaringiz bilan baham: |