Dimnaning navbatdagi hikoyati


Download 22 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi22 Kb.
#1612625

Dimnaning navbatdagi hikoyati
Aytadilarki, bir mashhur va ma’ruf marzbon1 bor edi. Uning Bahoriya degan oy yuzli, gul yonoqli, nomusli va iffatli bir xotini bor edi... Shu kishining bir qarchig‘aychisi bor edi. U juda hayosiz va nopok odam edi. Bir kuni bu behayoning ko‘zi marzbonning xotiniga tushib qoldi. Unga yetishish orzusida ko‘p harakatlar qildi, hech bir ish chiqara olmadi. Umidi uzilgandan keyin u xotinni beobro‘ qilish va shu yo‘l bilan undan qasos olish fikriga tushdi. Bir ovchidan ikkita to‘tiqush oldi va ularning biriga balx tilida: «Men darvozabonning xonim bilan bir uyda yotganini ko‘rdim» degan jumlani, ikkinchisiga esa, «Men endi hech narsa aytmayman» degan jumlani o‘rgata boshladi. Yetti oy ichida to‘tilar bu gaplarni takrorlab aytadigan bo‘ldilar. Bir kuni 1Marzbon — hokim, chegara qo‘riqchisi. marzbon o‘z do‘stlari bilan ulfatlashib, sharob ichib o‘tirganlarida, qarchig‘aychisi ikki to‘tini olib kelib ularning oldiga qo‘ydi. To‘tilar o‘rganib olgan ikki jumlani takror aytar edilar. Marzbon balx tilini bilmagani uchun to‘tilarning gapini tushunmadi, lekin qushlarning ovozi yoqib qoldi. Parvarish qilib tur, deb ularni xotiniga topshirdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, marzbon uyiga Balxdan mehmonlar keldi. Ovqatdan keyin sharob ichib o‘tirgan edi, marzbon to‘tilar solingan qafasni o‘rtaga olib kelib qo‘ydi. To‘tilar odatlariga ko‘ra, o‘sha ikki jumlani takror-takror aytar edilar. Mehmonlar to‘tilar gapini eshitgach, bir-birlariga qarab hayron bo‘lganlaricha, boshlarini quyi solib, uzoq sukut qilib o‘tirdilar. Nihoyat, marzbondan so‘radilar: – Sen bu qushlarning nima deyayotganlarini tushunasanmi? Marzbon dedi: – Yo‘q, so‘zlarini tushunmayman, lekin ovozlari juda yoqadi. Mehmonlardan biri uy egasiga bu so‘zlarning ma’nosini aytib berdi va qo‘lini dasturxondan tortib, dedi: – Bizning shaharda xotini yomon uydan taom yemaydilar. Qarchig‘aychi darhol so‘zga aralashib dedi: – Qushlarning so‘zi to‘g‘ri, men ham bir necha daf’a ko‘rganman, guvohlik berishim mumkin. Marzbon darg‘azab bo‘lib, xotinini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Xotini bir odam orqali eriga ayttirdi: – Meni o‘ldirish uchun shoshilmasin. Men uning qo‘lidaman, istagan vaqtida o‘ldirishi mumkin. Aql va tajriba egalari hukm chiqarish, ayniqsa, qon to‘kishga shoshilmasliklari, sabrli bo‘lishlari zarur. Mening haqimdagi ishni tekshirish kerak, agar to‘g‘ri chiqsa, o‘ldirishi mumkin. Balxlik mehmonlardan so‘rasin, o‘sha ikki qush shu ikki jumladan boshqa narsa biladilarmi? Agar bilmasalar, demak, bu so‘zlarni to‘tilarga hayosiz, nonko‘r xizmatchi o‘rgatgani ma’lum bo‘ladi. Chunki u menga so‘z otgan, meni o‘ynash qilib olmoqchi bo‘lgan, lekin o‘qi toshga tekkan edi. Shundan keyin u mendan qasos olish niyatida bu hiylani o‘ylab chiqargan... Marzbon xotinining aytganiga quloq solib, to‘tilarning ikkita o‘rgatilgan jumladan boshqa narsa bilmasligiga qanoat hosil qildi, xotinining gunohsizligi ma’lum bo‘ldi. Marzbon qarchig‘aychini chaqirib kelishni buyurdi. Qarchig‘aychi maqsadga yetdim, deb suyungancha qo‘lida to‘tiqush bilan kirib keldi. Marzbonning xotini so‘radi: – Sen mening yomon ishlar qilganimni ko‘rgan edingmi? Qarchig‘aychi: «Ha, ko‘rganman», – demoqchi bo‘lib og‘zini ochgan ham ediki, qo‘lidagi qush uning ikki ko‘zini o‘yib oldi. Xotin dedi: – Ko‘rmagan narsani ko‘rdim degan ko‘zning jazosi shu bo‘ladi. Dimna dedi: – Men bu masalni shuning uchun keltirdimki, bilmagan narsani bilaman deb birovga choh qazish, qoralash bu dunyoda ham, u dunyoda ham og‘ir gunohdir. Dimnaning so‘zi tugagach, bo‘lgan gaplarning hammasini yozib shohga yetkazdilar. U tazkirani onasiga ko‘rsatdi. Onasi dedi: – Shoh sog‘ va salomat bo‘lsin. Bu hiylakor endi boshqa usullar qo‘llamoqchi. U makr va hiyla ishlatib, shohni mahv etmoq fikriga tushibdi. Bo‘hton, tahdid va qo‘rqitish yo‘liga o‘tibdi. U endi fitna qo‘zg‘atib, butun ishlarni ost-ust qilmoqchi, shohning sodiq, jur’atli va e’tiborli vazirining boshiga solgan falokatlarni shohning boshiga solmoqchi. Bu so‘zlar sherni o‘ylatib qo‘ydi, bir lahza mulohazadan so‘ng onasiga qarab dedi: – Ey, ona, Kalila va Dimnaning so‘zlashib turganini eshitgan kim edi, hech bo‘lmasa, shuni aytsang, Dimnani o‘ldirishga mening qo‘limda bir asos bo‘lar edi. Sherning onasi dedi: – Ishonib sir aytgan odamning nomini bildirishim menga juda og‘ir. Omonatga xiyonat qilib gunohga botishni xohlamayman. Lekin bu sirni menga aytgan kimsadan ijozat so‘rab ko‘ray, agar ko‘nsa, aytib beraman. Sherning onasi o‘z xonasiga borib, qoplonni yoniga chaqirtirib dedi: – Shohning senga qilgan yaxshiliklari, lutfkarami o‘zingga ham, o‘zgalarga ham ayon. Buning natijasida shuhrat qozonding, martabang oshdi. Endi sen shohning tuzini oqlash uchun Dimna haqida menga aytgan so‘zlaringni sherning oldiga borib takrorlaysan. Shunday qilsang, zolimning jazolanishiga, nohaq o‘ldirilgan ho‘kizning oqlanishiga yordam bergan bo‘lasan. Qoplon itoatgo‘ylik bilan dedi: – Agar mening bir emas, mingta jonim bo‘lib, hammasini shohga fido qilsam ham, menga qilgan yaxshiliklarini uza olmayman. Men kim edimki, uzr so‘rab sher oldida guvohlik berishdan bo‘yin tovlasam va shohning yomon gumonlariga sabab bo‘lsam. Modomiki, ish shu darajaga yetibdi, men shohning xohishiga amal qilib, nima qilish kerak bo‘lsa, shuni bajaraman. U sher va butun hayvonlar oldida Kalila va Dimna orasida bo‘lib o‘tgan gaplarni batafsil aytib berdi. Bu so‘z og‘izdan og‘izga o‘tib, har yerga yoyildi. Kalila hamda Dimnaning suhbatini eshitgan hayvonga ham yetib bordi. Shundan keyin bu hayvon, men ham guvohlik bermoqchiman, deb shohga xabar yubordi. Sher uni olib kelishni amr etdi. U kelib zindonda eshitganlarining barini shohga bayon qildi. O‘tirganlar undan so‘radilar: – Axir, nega o‘sha kuni kelib, eshitganlaringni aytib bermading? U javob berdi: – Men yolg‘iz bo‘lganim uchun bir kishining shohidligi hukm chiqarishga yetarli bo‘lmaydi, deb o‘ylagan edim. Endi esa shohid ikkita bo‘ldi, binobarin, Dimna haqida hukm chiqarmoq mumkin. O‘tirganlar ham, qozilar ham, shohid ikkita bo‘lganligi uchun endi Dimna haqida hukm chiqarish mumkin, degan qarorga kelishdi. Shoh Dimnaning qo‘l va oyog‘ini zanjirband qilib zindonga solishlarini buyurdi. Dimna zindonda ochlik va tashnalikdan azob va uqubat chekib o‘ldi. Hiylakor va xoin, hasadchi va fitnachilarning oqibati shunday bo‘ladi...
Download 22 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling