Dronlar: Tinchlik yoki Urush quroli?


Download 42 Kb.
Sana01.10.2020
Hajmi42 Kb.

07 May2014


Dronlar: Tinchlik yoki Urush quroli?


Muallif: Axmed Rahmanov Rukn: Global geopolitika

Hammamiz so’ngi yillarda dronlar va ularning ishlash konseptsiyasi haqida matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali bir nechta bor eshitgan bo’lsak kerak. Uchuvchisiz va masofadan boshqariladigan ushbu uchuvchi apparatlar 21-asr harbiy dunyosini va urushlar yuzini butunlay o’zgartirib yubordi. Omma orasida dronlarning harbiy amaliyotlarda ishlatilishiga bir qancha yondashuvlar mavjud. Kimlar uchundir dron dunyodagi xavfsizlikni saqlash uchun ajoyib qurol, yana boshqa kimlar uchun u insoniyatga xavf soluvchi qalbsiz uchuvchi mashina. Lekin dronlarning AQSh tomonidan radikal-islomistlarning jangarilik harakatlariga qarshi ishlatilishi harbiy nuqtai nazardan yaxshi natijalarni berdi. Biroq, o’z navbatida bunday hujumlar jangarilarni yanada ehtiyotkorroq harakat qilishga va jangarilik bazalari joylashuvini tinimsiz o’zgarib turishiga olib keldi. Natijada ular bilan kurashish yanada qiyinlashdi.

Mana 10 yillardan beri dronlar harbiy amaliyotda keng ko‘lamda ishlatilib kelinmoqda. Uchuvchisiz, ixcham va uzoqdan boshqariladigan ushbu samolyotlar soatlar davomida  dushman hududlarida uchishlari va bortidagi qurol aslahalari bilan hujum qilish imkoniyatiga egadirlar. So‘ngi yillarda harbiy maqsadlarda dronlarning tobora ko‘proq ishlatilayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz.

Dronlar dushman hududdini razvedka qilish va hujum operatsiyalarida borgan sari qiruvchi samolyotlar o‘rnini egallab bormoqdalar. Bunga bir nechta sabablar mavjud.



Birinchidan dronlar qiruvchi samolyotlarga qaraganda kamida 10 barobar arzonroqdir. Bitta dronning o‘rtacha bahosi 10-15 million AQSh dollari bo‘lsa, qiruvchi samolyot uchun bu narx 50-150 million va bombardimonchi samolyotlar uchun esa 1 millard AQSh dollarini tashkil qiladi.

Ikkinchidan, dronlar uchuvchili samolyotlarga qaraganda kichik bo‘lgani uchun ularni ilg‘ab olish qiyin, dronlar nogahon harbiy hujumlar uchun eng mukammal uchuvchi apparatlardir. Yillar o‘tgan sayin ulurning hujum qilishdagi aniqlik darajasi ham ortib bormoqda (Jorj Bush prezidentligi davomida 60%, Barak Obama davriga kelib 85%).

Uchinchidan, dronlar tufayli uchuvchilar hayoti saqlanib qoladi. Bu qurilma tufayli qurbon bo‘luvchi askarlar sonini 0 ga teng qilgan holda urush olib borish mumkin bo‘ladi.

Dronlar ustidan olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarga 2011-yilda 2 milliard AQSh dollari sarflangan bo‘lsa, 2020 yilga borib bu ko‘rsatkich 4 milliard AQSh dollarini tashkil qilishi kutilmoqda. Dronlarning harbiy maqsadda eng ko‘p ishlatilishi Pokistonning shimoliy Vaziriston viloyatlariga to‘g‘ri keladi. So‘ngi uch yillikda, Yaman hududida ham bu qurilmalarni ishlatilishi kuchaygan. Hozirda Yaman osmonlarida yuzlagan harbiy dronlarni ishlatilishi aytiladi. Somalidagi dengiz qaroqchiligini kuchayishi bilan bu mamlakatda ham 25dan ortiq dronlar patrullikni ijro etmoqdalar.

So‘nggi 10 yil ichida AQSh hukumati 450 ta qurollangan dronlarni harbiy maqsadlarla ishlatgan. Jorj Bush prezidentligi davrida har bir dron uchun harbiy hujum uyushtirish oralig‘i 40 kunni tashkil qilgan bo‘lsa, Obama prezidentligiga kelib bu davr atigi 4 kunni tashkil qilgan. AQSh harbiy havo kuchlari 2001 yilda atigi 50 tacha dronga ega bo‘lgan, oradan 10 yillar o‘tib ularning soni 8000 ga yetgan, keyingi 10 yillik ichida esa AQSh armiyasidagi dronlar soni 20 000 ga yetishi kutiladi. Hozirda AQSh harbiy havo kuchlari qiruvchi samolyotlar uchuvchilari soniga qaraganda ko‘proq dron operatorlarini tayyorgarlikdan o‘tkazmoqda. Faoliyat yuritayotgan operatorlar esa odatiy uchuvchilarga qaraganda ko‘proq uchish soatlarini amalga oshirmoqdalar.

AQSh dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va ular orqali hujumlarni amalga oshirayotgan yagona mamlakat emas. Isroil, Turkiya, Eron, Rossiya, Xitoy, Fransiya, Hindiston va boshqalar, umumiy hisobda 40 ga yaqin davlat o‘z armiyalari tarkibida dronlar miqdorini oshirishga harakat qilmoqda.

Dronlarning bunday tezlik bilan rivojlanishi va keng ko‘lamdagi ishlatilishi bilan birgalikda ularga qarshi tanqidiy fikrlar ham keng tarqalmoqda. Avvalambor bunga sabab dronlarning ishlatilishi haqida xalqaro inson huquqlari normativlarining yo‘qligidir. Xalqaro qonunlariga ko‘ra dushmanligiga shubha bo‘lgan kimsalar yoki guruhlar oddiy fuqaro sifatida e'tirof etilishi kerak (Jeneva Konvensiyasining 8 avgust 1977 yildagi qo‘shimcha protokolining 50-moddasi) va ularga qarshi hujum uyushtirish urush jinoyati hisoblanishi kerak. Quyidagi infografika esa bizga dronlar hujumidan nafaqat jangarilar balki tinch aholi ham aziyat chekayotganini ko‘rsatadi.

Lekin shu kunga qadar dronlarni tinch aholini halok bo‘lishiga olib kelgani tufayli hech qaysi jismoniy yoki yuridik shaxs javobgarlikka tortilmagan.

Ikkinchidan dronlarning aniqlik darajasi borasidagi ma'lumotlar hozirga qadar sir saqlangani tufayli ularning hujumlarini qanchalik darajada aniqligi mavhumligicha qolmoqda. Dron operatorlari asosan AQShning Virjiniya va Nevada shtatlarida joylashgan Markaziy Razvedka Boshqarmasi (CIA) bazalaridan turib dronlarni boshqaradilar. Ularning ko‘pchiligi dronlar harbiy amaliyotlar olib borayotgan hududlardagi aholini yaqindan bilmaydi, bu hududlardagi jangarilarni esa tashqi ko‘rinishidan mahalliy aholidan farqlash qiyin masala. Bundan tashqari dronlarning raketa hujumi 9000 metr balandlikda amalga oshiriladi. Albatta bunday uzoqlikdan qilingan hujumlar xatoliksiz bo‘lmaydi.

Dron operatorlari harbiy amaliyotlar paytida



AQSh tomonidan urushlarning robotlashtirishi dunyo ommasidagi anti-amerikanizmni yanada kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. O‘z navbatida boshqa mamlakatlar ham bu texnologiyani rivojlantirishga kirishib ketdilar. Hozircha mamlakatlarga tegishli bo‘lgan dronlar to‘qnash kelganicha yo‘q, lekin ularning bu tarzda keng yoyilishi bu to‘qnashuvni tez orada bo‘lib o‘tish ehtimolini oshiradi.

Fan va texnologiyaning rivojlanishi bilan harbiy soha borgan sari avtomatlashib, robotlashib bormoqda. Nafaqat harbiy havo kuchlarida balki quruqlikda (AQSh quruqlik qo‘shinlari patrul robotlarini sinovdan o‘tkazmoqda) va suvda (AQSh dengiz floti kichik hajmdagi avtomatik suv osti kemalarni sinovdan o‘tkazmoqda) ham harbiy texnologiyalar avtomatlashib bormoqda. Hozircha bu borada AQSh ildamlikni qo’ldan bermayotgan bo’lsada, boshqa mamlakatlar ham o’zlarining yangi texnologiyalari bilan uni quvib yetishga harakat qilishmoqda. Kelajakda harbiy texnologiyalarning tobora robotlashib borishi dunyo miqyosida qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi haqida aniq bir narsa deyish qiyin, lekin ushbu texnologiyadan keng ko’lamda foydalangan tomonlar o’z navbatida askarlar bilan jang qilishga mo’ljallangan harbiy imkoniyatlari salohiyatini yo’qotib borishlari aniq. Bu esa mamlakat ichida to’qnashuvlar yuzaga kelganda davlat armiyasini ularni bostirishda ojizlik qilishiga olib kelishi mumkin.
Download 42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling