Ekoturizmning turizm industriyasi rivojlanishidagi ahamiyati


Download 19.34 Kb.
Sana17.02.2023
Hajmi19.34 Kb.
#1205691
Bog'liq
GUID-119.Sadulloyev Abduvohid 5- mavzu


Ekoturizmning turizm industriyasi rivojlanishidagi ahamiyati.

5-mavzu


Jahonda ekologik turizmning yoki ekoturizm atamasining kelib chiqishi XX asrning so‘nggi choragida insoniyat jamiyati oldida global ekologik muammolarning kuchayib ketganligi hisoblanadi. Bu davrda insoniyatning tabiiy atrofmuhitga, tabiiy resurslarga salbiy ta’siri kuchayganligi natijasida ekologik inqiroz sayyoraviy hududlarda insoniyatning kelgusida yashab qolishini og‘irlashtirishini xalqaro miqyosda kun tartibiga qo‘ydi. Shu o‘rinda tabiat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar hozirga kelib qanday darajalarga kelib qolganligi haqida qisqacha to‘xtalish zarurati bor. Ikkinchidan, o‘tgan asrning 70-yillariga kelib AQSH, Kanada va Yevropa davlatlarida ommaviy turizmning keskin rivojlanishi ham nafaqat tabiiy resurslar inqirozini kuchaytirdi balki, ijtimoiy-madaniy resurslarning butun saqlanishiga xavf sola boshladi. Quyida ana shu ikki masala-muammolarning mazmun va mohiyati keltiriladi18. O‘tgan asrning so‘nggi choragidan boshlab insoniyatning yashash muhiti dunyo jamoatchiligining diqqat markazidagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qoldi. Bu muammolar “ekologik xavf” nomi bilan atalib, yildan-yilga kuchayib, og‘irlashib bormoqda. Ilmiy texnika taraqqiyoti jarayonida tabiiy resurslarning kamayib borishi, atrof-muhitning ifloslanib borishi kelajak avlodlar uchungina emas, hozirgi jamiyat taraqqiyotiga ham jiddiy xavf solyapti.

Hozirgi davrimizdagi ilmiy-texnika taraqqiyoti insonning qudratini juda kuchaytirib yubordi. Ya’ni, inson tabiat ustidan o‘zining to‘liq hukmronligini o‘rnatdi. Insoniyat hozirgi imkoniyati bilan yangi dengizlar qurishi, cho‘llarni hosildor yerlarga aylantirishi, daryolarni xohlagan tarafiga burib yuborishi mumkin. Shu bilan birga ma’lum bo‘ldiki, inson o‘z kuchqudratini tabiatga nisbatan cheksiz ravishda qo‘llashi, uning o‘zi uchun ko‘plab salbiy oqibatlarni keltirib chiqarar ekan. Ilmiytexnika inqilobi ta’sirida, ayniqsa XIX asrning 60-yillaridan so‘ng ekologik muammolar insoniyat hayotiga katta tashvishlar bo‘lib kirib keldi. Bu muammolar asosida tabiatning o‘zini-o‘zi tiklash kuchi susaygani, uning resurslari kamaygani, atrof-muhitning tobora ifloslanib borayotganligi, insonning bir me’yorda yashashiga tabiat to‘liq sharoit yarata olmayotganligi yotadi. Bu holat tabiat va jamiyat o‘rtasida XX asrda shakllangan ekologik munosabatdir. Dastlab, Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida, ayniqsa Germaniyaning Rur havzasida tabiiy muhitning keskin yomonlashuvi kishilar va organizmlar hayoti uchun xavf paydo bo‘lishi sababi tabiat va jamiyat o‘rtasidagi ekologik munosabat shaklini yuzaga keltirdi Nemis olimi Ernest Gekkel 1866-yilda ekologiya haqida birinchi bo‘lib fikr-mulohazalar bildirgan edi. Hozir esa dunyoviy muammolarning eng dolzarbi ham ekologik muammo bo‘lib qoldi. Hozirgacha yer biosferasiga 2 ming xil kimyoviy birikmalar yoyildi. Dunyo sog‘liqni saqlash tashkilotining (VOZ) ma’lumotlariga ko‘ra inson foydalanayotgan 4 ming kimyoviy moddalar uning sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirmoqda. Dunyoda har yili 250 ming xil yangi kimyoviy birikmalar sintez qilinadi. Shulardan 300 xili ishlab chiqarishda ishlatilmoqda. Dunyo bo‘yicha har yili 100 mlrd tonna ruda va mineral yoqilg‘ilar qazib chiqarilmoqda. Keyingi 30 yilda insoniyatning butun tarixi davomiga qaraganda ko‘proq rangdor metallar qazib chiqarildi. Agar 18-asrgacha 19 xil ximiyaviy elementdan foydalanilgan bo‘lsa, hozirda bu son 100 dan oshib ketdi. Hozirgacha 2/3 qism o‘rmonlar yo‘q qilingan. Oxirgi 2000 yil ichida 0,5 mlrd. gektar yer xarob qilindi. Keyingi 100 yilda dunyoda 67 mln. ga o‘rmon kesilib ketdi. Olimlarning hisobiga ko‘ra, oliy tur o‘simliklarning 3 ming turi butunlay yo‘qotilish arafasida. “Tabiatni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi” ning (MSOP) ma’lumotlari bo‘yicha 1600 yildan hozirgacha qushlarning 94 turi va sut emizuvchilarning 63 turi butunlay qirilib ketgan. Sayyoramizda bugunga kelib qushlarning 600 xili, sut emizuvchilarning 120 xili abadiy yo‘qolish xavfida turibdi. Inson faoliyati tufayli sayyoramizda 9 mln km2 unumdor yerlar sahroga aylandi. Ya’ni har kuni 3 ming ga unumdor yer qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishdan chiqarilmoqda. Yer sharida 50 million ga yer umuman foydalanib bo‘lmaydigan holatga kelgan. Ifloslangan suvdan iste’mol qilish natijasida har yili dunyoda 5 mln kishi vafot etmoqda. Xuddi shunday suvlarni ichish natijasida sayyoramizda har yili 500 ming kishi og‘ir dardlarga chalinmoqda. Dunyo okeaniga har yili 10 ming tonna neft to‘kilmoqda. Sanoat korxonalari har yili 140 xildan ziyod zaharli gazlarni havoga chiqarmoqda. Insoniyatda uchrayotgan rak kasalligining 50%i ana shu gazlardan zaharlanish natijasida kelib chiqishi aniqlangan. Keltirilgan manbalardan ma’lum bo‘ladiki, insoniyat yashash makoni bo‘lgan o‘z uyi atrofi muhitini buzib bormoqda. Insoniyatning yashash sharoiti darajasi tabiat bilan bog‘liq ekan, insonning bu masalada tabiat bilan uzviy kelishmog‘i zarurati asosiy masaladir. Hozirga kelib, tabiatda yuz berayotgan ijobiy va salbiy o‘zgarishlar turli sohalarda o‘rganilmoqda, lekin ular orasida tabiatni iqtisodiy-ekologik jihatdan, ekologik foydalanish jihatlaridan o‘rganish jiddiy ahamiyat kasb etadi. Global ekologik muammolarning tobora ijtimoiy- iqtisodiy inqiroz holatlarini hosil qilishi, jahon hamjamiyati oldiga sayyoramiz miqyosida keskin chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish muammolarini kun tartibiga qo‘ydi. Insoniyatning bugungi hayoti va kelgusi avlodlar uchun sayyoramizda saqlanib qolgan tabiiy boyliklarni muhofaza qilishda ilg‘or fikrli olimlarning xulosalari bo‘yicha global inqirozdan chiqish yo‘llaridan eng muhimi – aholida ekologik bilim va madaniyatni shakllantirish deb bildi. Turizm sohasidagi adabiyotlarning tahlili va yuqorida sanabo‘tilgan ko‘rsatkichlarni inobatga olib ilk bor ekoturizmning quyida keltirilgan bosqichlarini qoraqalpog‘istonlik olima G.A.Bekbulatova ajratdi19: I. XX asrnng 90-yillarigacha bo‘lgan davr – ekoturizmning mahalliy va milliy mustaqil turizm sohasi sifatida yuzaga kelish davri. II. 1990–2000-yillar – turizmning regional miqyosda, ekoturizmning turizm industriyasi sifatida rivojlangan davri. III. 2000-yildan keyingi bosqich – global miqyosda ekoturizmning rivojlanish davri. I. Ekoturizmning mustaqil turizm sohasi sifatida yuzaga kelish davri. XVIII asrning oxiri – XIX asrning boshlarida Yevropaning yaxlit qit’asiga ingliz turistlari mahalliy aholining madaniyati, tarixini o‘rganish bilan bir qatorda ajoyib tabiatini ko‘rib ketish uchun sayohat qilganlar. Chunki Alp tog‘lari landshaftlari yoki Karpatning tog‘li o‘rmonlari Angliyada uchramaganligi uchun ham turizmning asosiy obyekti sifatida qaralgan. Lekin ushbu turizm kompleks turistik marshrutlar bilan qo‘shib olib borilgan. Inglizlarning tabiat qo‘yniga qilinadigan sayyohlikka qiziqishini inobatga olib shveysariyalik ishbilarmonlar “Grand-tur” tarkibida tabiiy turizm xizmatini tashkil etganlar va u tashkilotchilarga juda katta miqdorda moliyaviy foyda keltirgan. Shu davrda (1913-yillar) Shveysariyada davlatning alohida e’tibori bilan qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar ajratildi. Qo‘riqxonalarga qilinadigan sayohat garchand ekoturizm deb nomlanmasa-da, ular «tabiatga yo‘naltirilgan turizm” sifatida yuzaga kela boshladi. Turizmning ekologik yo‘nalishi aslida XX asrning 70-yillaridan boshlangan. 1972-yilda Skandinaviya mamlakatlari fuqarolari uchun kitlarni tomosha qilish va ularni o‘rganish maqsadida turistik marshrutlar uyushtirilgan. Ushbu turizmdan tushgan mablag‘ kitlarni muhofaza qilish uchun ishlatilgani ham ekoturistik marshrut sifatida e’tirof etilgan. Keyinchalik, bunday turistik marshrutlar Yevropaning boshqa mamlakatlari, Uzoq Sharq, Shimoliy Amerika davlatlarida ham uyushtirila boshlandi.
Download 19.34 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling