10-mavzu. Global korrupsiya ijtimoiy-madaniy inqiroz oqibati Reja


Download 47.98 Kb.
bet1/3
Sana02.06.2024
Hajmi47.98 Kb.
#1839773
  1   2   3
Bog'liq
10-mavzu (1)


10-mavzu. Global korrupsiya ijtimoiy-madaniy inqiroz oqibati
Reja:
1. Korrupsiya tushunchasining ma’nosi va uning tarixiy ildizlari
2. Dunyo bo‘yicha korrupsiya holatining tasnifi
3. Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari.
4. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi PF-5729-son “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” farmonidagi davlat dasturi va asosiy vazifalar.


Tayanch tushuncha: Korrupsiya, “Artxashastra yoxud Siyosat ilmi”, poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, mulkni o‘zlashtirish, fitna, hokimiyatni suiste’mol qilish, PF-5618 son farmonni

1.Korrupsiya tushunchasining ma’nosi va uning tarixiy ildizlari. Qadim yunon faylasufi Aristotel ta’kidlaganidek: Hokimiyatga pul bilan erishgan odam undan daromad olishga intiladi. Korrupsiya – nihoyatda ijtimoiy-siyosiy vayronkor kuch, uning oqibatida milliy iqtisodiyotga putur yetadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, xalqning davlat boshqaruvi hokimiyati organlariga ishonchi yo‘qoladi, uyushgan jinoyatchilik kuchayadi, jamiyatda ma’naviyat izdan chiqa boshlaydi. Korrupsiya oqibatida kelib chiqadigan noxush hodisalar ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin. Korrupsiya buzg‘unchilik tabiatiga ega ekani uchun ham insoniy jamiyat qadim zamonlardan boshlab unga qarshi kurashib keldi.Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurash ilk bor miloddan avvalgi XXIV asrda Mesopotamiyaning Lagash degan shahar-davlatida boshlangan, lekin taassufki, barcha sa’y-harakatlar zoe ketgan. Keyingi zamonlarda ham korrupsiyaga qarshi qancha-qancha kurashlar yuz berdi, lekin ular besamar yakun topdi.
Insoniyat tarixida korrupsiyani tugatish yo‘llari va huquqiy asoslari Hindistonda yaratildi. Bundan 2,5 ming yil avval yozilgan “Artxashastra yoxud Siyosat ilmi” kitobi davlatni boshqarish va xo‘jalik yuritish mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘sha davrning siyosiy va iqtisodiy qomusi sifatida dunyoga keldi. Bu asarga davlatni tuzish, boshqarish va uni rivojlantirishning huquqiy asoslari, deb qarash ham mumkin. Kitob muallifi sifatida brahman Kautile nomi (u Chanakya ismi bilan ham mashhur) zikr etiladi. “Artxashastra”ning 26-bo‘limi korrupsiyaga bag‘ishlangan. Bo‘limda korrupsiya “o‘zlashtirish” iborasi orqali izohlanadi: “Shohning shaxsiy yoki boshqa mulklariga qo‘l cho‘zish o‘zlashtirishdir. Bu holatda narxi yuqori bo‘lgan buyumlarni o‘zlashtirganlik uchun o‘lim jazosini qo‘llash, narxi o‘rtacha bo‘lgan buyumlarni o‘zlashtirganlik uchun ularni undirib olish, narxi past bo‘lgan mulklarni o‘zlashtirganlik uchun ularni qaytarib olish jazolarini tayinlamoq lozim”. “Artxashastra”da poraxo‘rlikning qirqta turi tasnif etiladi. Korrupsiyaning oldini olishga javobgar mansabdor shaxs vaqti-vaqti bilan xalq to‘planadigan joylar vabozorlarda quyidagicha murojaat qilib turishi lozimligi aytiladi: “Biron bir boshliqdan zarar ko‘rganlar bo‘lsa, shu haqda bizga xabar bersinlar”.
Islom dinida ham pora harom qilingan, bu borada hadislar ham juda ko‘p. Ulardan biri Payg‘ambarimizning mana bu qarg‘ishlaridir: "Pora beruvchiga ham, pora oluvchiga ham Allohning la’nati bo‘lsin!". Yana ul zot aytadilar: "Pora beruvchini ham, pora oluvchini ham, ikkovi orasida yurib porada vositalik qiluvchini ham Alloh la’natlasin!".
Alisher Navoiyning zamondoshi, podshoh Husayn Boyqaroning voizi Husayn Voiz Koshifiy o‘zining “Axloqi muhsiniy” asarida shohzodaga nasihat tariqasida quyidagi pandni bergan edi:
“Ummollardan (ish yurituvchi amaldorlar) pora olishdan ehtiyot bo‘lsin. Bilsinki, to bir kishi boshqalardan pora olmasa, boshqaga pora bermaydi. Agar vazir pora olishga sabab bo‘lsa, pora olishga ruxsat bergan bo‘ladi. Pora berish va pora olish haromdir. Va pora olgan pora bergandan yomonroq bo‘ladi, chunki oluvchi beruvchi oldida zabun bo‘ladi”.
XX asrga kelib Shvesiya, Singapur, Yangi Zelandiya, Shveysariya kabi mamlakatlarda korrupsiyani qattiq jilovlashga muvaffaq bo‘lindiki, mazkur davlatlar fuqarolari va davlati orttirgan tajriba barchani korrupsiyaga qarshi kurashga ruhlantirmoqda.
Ijtimoiy hayotdagi korrupsiyaning amal qilish sohalari. Hozirgi davrdagi “korrupsiya” (lotincha: corrumpō — aynish, poraga sotilish) — tushunchasini sharhlaydigan bo‘lsak, u asosan, “shaxsiy foyda olish uchun hokimiyatni suiiste’mol qilish” ma’nosida ishlatiladi. Korrupsiyaning quyidagi to‘rt asosiy sababini keltirish odat tusiga kirdi:
1.- Shaxsiy sabablar. Korrupsiya “yomon” hodisa, u yaxshi ta’lim-tarbiya ko‘rmaslik va kam maosh oladigan amaldorlarning nokasligi oqibatida paydo bo‘ladi.
2.- Institutsional sabablar. Bunda boshqaruvning kuchsizligi asosiy omil sanaladi. Masalan, kadrlar tayyorlash, hisobga olish va nazorat qilishning samarasizligi, mansabdorlarni yollashning osonligi va ularni oson ishdan haydash, ularda uzoq vaqt mansabda turishga ishonchsizlik paydo bo‘lishi kabilar korrupsiyani rag‘batlantiruvchi omillardir.
3.- Tizimiy sabablar. Hukumat ba’zan jamiyatning shunday talablariga duch keladiki, ularni bajarishning rasmiy tartiblari hali aniq ishlanmagan bo‘ladi yoxud ular ko‘p miqdorda mablag‘ talab etadi va aksar holda uzoq muddatlarga cho‘ziladi. Shunday holatlarda korrupsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qisqa yo‘llar ochiladi.
4.- Ko‘p tomonlama sabablar. Ba’zan davlat rahbariyatining o‘ziga xos xulqi tufayli davlat boshqaruvida hal qiluvchilik rolini “shaxsiy” omillar bajaradi. Bunday sharoitda davlat mansablariga ishonchga sazovor odamlar tayinlangan taqdirda ham institutsional va tizimga oid muammolar sabab korrupsiya ko‘payadi.
-Korrupsiya konturlari va oqibatlari: Korrupsiya deganda, umumiy ma’noda, shaxsiy boylik orttirish va shaxsiy manfaati yo‘lida shaxsga ishonib topshirilgan lavozimini qasddan va noqonuniy suiiste’mol qilish tushuniladi.
-Korrupsiya boshqaruvning barcha darajalarida uchraydi: global, milliy va mahalliy. Barcha turdagi agentlar (jismoniy shaxslar, korxonalar, davlat xizmatchilari va siyosatchilar) korrupsiyaga ixtiyoriy yoki noixtiyoriy ravishda jalb qilinishi mumkin.
-Korrupsiya turli shakllarga ega: poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, mulkni o‘zlashtirish, fitna, hokimiyatni suiste’mol qilish, xushomadgo‘ylik, sovg‘a, qarindoshlik, homiylik va boshqalar.
-Korrupsiyaning holatiga turli omillar: ijtimoiy va madaniy sharoit, institutsional va tashkiliy tuzilmalar, siyosiy muhit, shuningdek iqtisodiy va tarkibiy o‘zgarishlar siyosati ham ta’sir qiladi.
-Yirik korrupsiya deganda, amaldagi davlat siyosatini yo‘qqa chiqaradigan, hukumat darajasida amalga oshiriladigan siyosiy va hukumat rahbarlariga xalq hisobidan manfaat ko‘rishga imkon beradigan harakatlar tushuniladi.
-Mayda korrupsiya deganda, odatda kasalxonalar, maktablar, militsiya bo‘limlari va boshqa joylarda asosiy xizmatlardan foydalanishga uringan oddiy fuqarolar bilan aloqa qilishda hokimiyatning quyi va o‘rta bo‘g‘inlari mansabdor shaxslarining kundalik ishonchli vakolatlarini suiiste’mol qilishlari tushuniladi.
-Siyosiy sohada korrupsiya demokratik tamoyillarga o‘tish jarayonini to‘xtatadi, siyosiy maqsadlarni umummilliy rivojlanish maqsadlariga emas ayrim guruhlarning maqsadlariga tobe qiladi, qonun ustuvorligini buzilishiga, siyosiy va sud institutlari faoliyatining samarasi tushishiga, mamlakat obro‘sining tushishiga va haqiqiy siyosiy raqobatning yo‘qolishiga olib keladi, shu bilan hokimiyatga ishonch susayadi, uni jamiyatdan uzoqlashtiradi.
-Iqtisodiy sohada korrupsiya davlat mablag‘lari va resurslarining samarasiz taqsimlanishi va sarflanishiga, biznesni yuritishda ko‘p vaqt va moddiy xarajatlarga, moliyaviy va tijorat xavflarining o‘sishiga, narxlarning o‘sishiga, raqobat muhitining yomonlashishiga, xufiyona iqtisodiyotning o‘sishiga, soliq tushumlarining kamayishiga, investitsion muhitning yomonlashishiga, investitsiyalarning kamayishi va umuman mamlakat iqtisodiyoti samaradorligining pasayishiga olib keladi.
-Ijtimoiy sohada korrupsiya ijtimoiy tengsizlik va qashshoqlikning kuchayishi, hokimiyatning byudjet sohasiga zarar yetkazuvchi “zarbalar” (“otkat”)lar tufayli ijtimoiy muammolarni yechishga qodir bo‘lmay qolishi, uyushgan jinoyatchilikning kuchayishi va jamoatchilik ko‘z o‘ngida qonunning obro‘sizlanishiga olib keladi. Bu axloqiy me’yorlar mohiyatining yo‘qolishiga va ijtimoiy keskinlikning o‘sishiga sabab bo‘ladi.
Korrupsiya qanday o‘lchanadi?
O‘zbekistonda korrupsiya dinamikasi va buning sabablari haqida. Uni qanday o‘lchash va u bilan qanday kurashish mumkin? O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashda uzoq muddatli ijobiy dinamikani namoyish etuvchi 16 ta davlat qatoriga kiradi
Korrupsiyani o‘lchash rasmiy muomaladan resurslarni chiqib ketishi va davlat boshqaruvidagi muammoli sohalarni aniqlashga yordam beradi. Davlat xazinasidan yo‘qotilgan pul miqdorini hisoblash bilan bir qatorda, korrupsiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat va jamoat institutlarining alohida e’tiborini talab qiladigan qonunchilik tizimining sifati, qonunlarga muayyan sohalarda amal qilinishi, davlat siyosatining samaradorligi kabi davlat boshqaruvining muammoli sohalari haqida xabar beradi. Korrupsiya to‘g‘risida nisbatan aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish tufayli hukumat davlat xizmatlarini taqdim etishdagi tengsizlik, qashshoqlik va izolyasiya, shuningdek, pul olib chiqish (otmivaniye), soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va poraxo‘rlikka yo‘l ochib beradigan moliyalash tizimidagi bo‘shliqlar (lazeykalar) kabi qator masalalarni hal qilish uchun samaraliroq siyosat va tartibga solish vositalarini ishlab chiqishi mumkin.
Bugungi kunda dunyoda korrupsiya darajasini o‘lchashning beshta asosiy usuli qo‘llaniladi. Ularning barchasining afzalliklari ham, kamchiliklari ham mavjud. Zero, korrupsiya to‘g‘risida aniq ma’lumot olish juda qiyin, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi barcha shaxslar ko‘p hollarda kimligi ochiqlanishini xohlamaydilar.

Download 47.98 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling