Fe’l so‘z turkumining o‘rganilish tarixi suyunova Diyora Xusniddin qizi


Download 31.59 Kb.
Sana02.05.2023
Hajmi31.59 Kb.
#1420672
Bog'liq
Fe’l so‘z turkumining o‘rganilish tarixi suyunova Diyora Xusnidd


FE’L SO‘Z TURKUMINING O‘RGANILISH TARIXI
Suyunova Diyora Xusniddin qizi – Navoiy davlat pedagogika instituti Maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti 1-kurs talabasi
Ilmiy rahbar – f.f.d. (DSc) Ernazarova M.S.
So‘z – tilning narsa hodisalar, jarayonlar va xususiyatlarni nomlash uchun xizmat qiladigan eng muhim ma’noviy birligi. ‘‘Agar o‘zbek tilining so‘z va iboralarini zamon va makon nuqtayi nazaridan cheklamay yig‘ilsa, dunyodagi eng ko‘p so‘zli lug‘atlardan ulug‘roq lug‘at tuzish mumkin’’.1 So‘z muayyan so‘z turkumiga mansub bo‘ladi, o‘z tarkibida muayyan til tizimida oldindan tayin bo‘lgan barcha grammatik ma’nolarni ifodalaydi. Shuning uchun so‘zlar turkumlarga bo‘lib o‘rganiladi. Qadimgi davrlardan boshlab so‘zlarni turkumlarga ajratish bo‘yicha olimlar bir qancha tadqiqot ishlarini olib borgan.
Mashhur hind tilshunosi Panini eramizdan oldingi davrda (III-II asr) yashagan tilshunoslarning grammatika haqida fikrlarini o‘rganib chiqadi. Morfologiyaga e'tibor Panini yashagan davrdan boshlangan. So‘zlarni turkumlarga ajratish ilk bor sharqda, hind tilshunosligida amalga oshirilgan. So‘zlarni ot, fe'l, ko‘makchi va yuklama kabi turkumlarga ajratgan. Bu so‘z turkumlari ichidan fe'l turkumiga, uning o‘zak va boshqa qismga ega ekanligiga e'tibor qaratadi. Platon yashagan davrda ham so‘zlarni turkumlarga ajratish bo‘yicha bir qancha tadqiqotlar olib borilgan. Platon so‘zlarni ot va fe'l kabi ikki turkumga ajaratadi. Ega vazifasida qo‘llanuvchi so‘zlarni- ot, kesim vazifasida qo‘llanuvchi so‘zlarni- fe'l turkumiga kirishini ta'kidlab o‘tadi.2
Xususan, Aristarx tasnifiga ko‘ra sakkizta so‘z turkumi mavjud: ot, fe’l, sifatdosh, a’zo, olmosh, ko‘makchi, ravish, bog‘lovchi. Aristotel so‘zlarni fe’l, ot, yuklama kabi turkumlarga ajratgan. XI asrda Mahmud Qoshg‘ariyning ‘‘Devonu lug‘otit- turk’’, Yusuf Hos Xojibning ‘‘Qutadg‘u bilig’’, ‘‘Hibbat-ul haqoyiq’’, ‘‘Tafsir’’ asarlarida ham fe’l so‘z turkumiga oid ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu asarlarda fe’lning barcha shakllari, grammatik kategoriyalari haqida fikrlar jamlangan.3 Tilshunos olim Mahmud Qoshg‘ariy so‘zlarni ism, fe’l, yordamchi so‘z kabi turkumlarga ajratgan. So‘z turkumlar ichida eng murakkabi fe’l so‘z turkumi hisoblangan. Qadimgi gretsiyalik olim Dion Frakiyskiy ‘‘Fe’l kelishiksiz so‘z turkumi, u zamon, shaxs va sonni qabul qilib, harakat yoki holatni bildiradi’’ deb ta’kidlaydi. Shuningdek, olim fe’l mayli, nisbati, son, shaxs, fe’l zamoni haqida ham ma’lumot beradi. Mahmud Qoshg‘ariy ham fe’l turkumiga oid so‘z talqin va tahliliga katta e’tibor qaratgan. XI-XIX asr filologlaridan hech biri turkiy til morfologiyasini tavsiflashda Mahmud Koshg‘ariy darajasiga ko‘tarila olmagan. Olimning o‘zbek tili morfologiyasi xususiyatiga bergan tavsifi XX asr tavsifi bilan bellasha oladi va ayrim jihati bilan undan ustun ham tura oladi. Mahmud Koshg‘ariy turkiy tilda ot va fe'l yasalishiga katta e'tibor qaratgan. Fe'l so‘z turkumi bo‘yicha ma'lumotlar keltirib o‘tgan. Fe’lning zamon, nisbat, shaxs- son va boshqa grammatik kategoriyasi haqida atroflicha ma’lumot beradi. Uning otdagi grammatik shakl – kategoriya bo‘yicha qarashi hozirgi kun qarashining shakllanishiga, takomillashuviga poydevor bo‘lgan.4
Xorazmda tavallud topgan Mahmud Zamaxshariy tilshunoslikka oid bir qancha asar yozgan . ‘‘Muqaddimat-ul adab’’ asari besh qismdan iborat bo‘lib, ot, fe’l, bog‘lovchi, ot o‘zgarishi, fe’l o‘zgarishi tarzida tuzilgan. Zamaxshariy fe’lning o‘zak tarkibiga ko‘ra guruhlanishini ilk bor amalga oshirgan olimdir. Morfologiyani o‘rganishda Zamaxshariyning o‘rni beqiyosdir.5 Eski o‘zbek adabiy tilining shakklanish tarixini o‘rganishda muhim yozma manbalardan biri ‘‘Tafsir’’ asarida fe’l turkumiga xos so‘zlar juda ko‘p va rang- barang shakllarda qo‘llangan. Ularni eski o‘zbek tiliga xos jihatlari bilan birgalikda , qadimgi turkiy davrlar tili bilan bog‘liq tomonlari ham ko‘rsatilgan. Asarda qayd etilgan fe’l shakllarida shaxs- son, zamon va maylga xos grammatik ma’nolari ifodalangan.
Bu asarda fe’lning shaxs-son qo‘shimchalari to‘liq va qisqargan shakllari qo‘llangan va fe'l so‘z turkumi haqida atroflicha ma'lumot keltirilgan6.
Umumturkiy xususiyatlarni o‘zida jamlagan ‘‘Muhabbatnoma’’ asari eski o‘zbek yozma adabiy tilining namunasi sifatida olimlarimiz qayd qilishgan. Haqiqatdan ham asarda bir qancha morfologik xususiyatlar qayd etilgan. Biz buni fe’l so‘z turkumi haqida keltirilgan ma’lumotlar orqali bilishimiz mumkin. ‘‘Muhabbatnoma’’ asaridagi fe’l shakllarining bir qanchasi eski o‘zbek tiliga mos keladi. Ammo ba’zi bir fe’l shakllarida qo‘llanilgan grammatik vositalar ancha oldingi davrlar tiliga xosligi bilan ajralib turadi.7
XIV asrda muallifi noma’lum bo‘lgan yana ikkita asar mavjud bo‘lib, bundan birinchisi ‘‘Tarjumon’’ lug‘atidir. Bu lug‘at 76 sahifadan iborat hamda to‘rtta qismdan tashkil topgan. Birinchi qism ismga bag‘ishlangan, ikkinchi qism fe’l mayli va harakat nomi masalasiga, uchinchi qismi turlanish va tuslanish, to‘rtinchi qism esa so‘zning ishlatilishiga bag‘ishlangan. Bu asarning dastlabki uch qismi morfologiyaga bag‘ishlangan bo‘lib, asosan fe’l so‘z turkumi o‘rganilgan.8 Ikkinchi asar esa ‘‘At- tuhfa’’ asari bo‘lib, unda ham fe’l turkumiga juda keng o‘rin beriladi. Fe’lning nisbat, bo‘lishli- bo‘lishsizlik, shaxs, mayl, zamon kategoriyalari atroflicha yoritiladi. Bu asarda majhul, birgalik, orttirma, o‘zlik nisbatlari haqida fikr yuritilgan.9
Fe’l barcha tillarda ham faol bo‘lgan so‘z turkumlaridan biridir. Fe’l semantik doirasi keng, lekin, asosan, ish- harakat hamda ish-harakat tasavvurini beradigan holatni anglatadi. Fe’l so‘z turkumining o‘rganilishi boshqa so‘z turkumlariga uzviy bog‘liq. Eng katta so‘z turkumi ham fe’l hisoblanadi.
Alisher Navoiy ham fe’l so‘z turkumini chuqur tahlil qilgan. Uning ‘‘Muhokamat ul-lug‘atayin’’ asarida bir qancha ma’lumotlar keltirilgan. Alisher Navoiyning morfologik qarashi uning quyidagi fikrida o‘z ifodasini topgan:

  1. so‘zlarni uch turkumga ajratgan: fe’l, ism va harakat;

  2. fe’lning birgalik nisbatdagi shakliga alohida e’tibor beradi;

  3. mazmuniy sintaksis bo‘yicha ilk ma’lumot bergan.

Bundan ko‘rinadiki Alisher Navoiy fe’lga alohida e’tibor qaratgan.
Abdurauf Fitratning sof morfologik qarashi uning ‘‘ Sarf ’’ (Morfologiya) asarida o‘z ifodasini topgan. So‘zlarni anglatadigan ma’nosini asos qilib olgan holda turkumga ajratadi: ot, sifat, son, fe’l, olmosh, ko‘makchi kabi. Abdurauf Fitrat shu tariqa o‘zi belgilagan barcha so‘z turkumiga alohida- alohida to‘xtalib, uning o‘ziga xos jihatini yoritib beradi. Olimning fe’l turkumiga oid qarashi katta ahamiyatga ega. Uning “Har bir fe’l bir ish bilan uning ishlovchisi hamda bir zamonni bildiradi’’ tarzida aytilgan fikri tilshunoslik uchun muhimdir. Olim fe’lning zamon grammatik kategoriyasiga, shaxs-son kategoriyasiga , shuningdek, bo‘lishli – bo‘lishsizlik, o‘timli- o‘timsizlik, nisbat kabi kategoriyasiga nisbatan o‘z qarashlarini bayon qildi. 10
Zamonaviy o‘zbek morfologik ta'limotining rivojlanish va keng ommalashishida professor Ayub G‘ulomovning ilmiy dunyoqarashi va ilmiy faoliyati katta ahamiyatga ega. Professor Ayub G‘ulomov tomonidan ‘‘Fe’l’’ kitobining yaratilishi o‘zbek tilshunosligida katta voqea bo‘ldi. Chunki o‘zbek tilshunosligi tarixida alohida olingan bir turkumning o‘zini yaxlit holda jiddiy tadqiq etish tajribasi shu davrga qadar bu tarzda amalga oshirilmagan edi. Bu kitobda:

  1. fe’l turkumi alohida holda yaxlit tarzda chuqur tahlil qilingan;

  2. fe’l haqidagi barcha mavjud qarash umumlashtirilgan.

c) Fe’lga xos xususiyat: ma’nosi va grammatik belgisi; grammatik kategoriyasi; yasalishi; to‘liqsiz fe’l, fe’lning sintaktik vazifasi batafsil tahlil qilingan.11
O‘tgan asrning 30-yillarida tilshunos olim Ulug‘ Tursunov morfologiyaga oid o‘z qarashlarini bayon qilgan. Olim o‘zbek tili morfologiyasining eng dolzarb muammolarini tadqiq qilgan. Xususan, uning ''O‘zbekchada fe'lning yasalishi'', “O‘zbek tilida fe'l darajalari’’ kabi tadqiqotlari fe'l so‘z turkumiga katta e'tibor qaratganidan dalolat beradi.12
Tilshunos olimlarimizdan yana biri akademik A.Xojiyev o‘zbek tilida lisoniy birlikning o‘zbekona tabiati va o‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari ustida izlanishlar olib borgan va 30 ga yaqin maqola e'lon qilgan. Olim fe'l so‘z turkumining o‘rganilishiga ham jiddiy e'tibor qaratgan va buning ustida bir qancha ilmiy izlanishlar olib borgan. Uning ‘‘O‘zbek tilida fe'l’’, ‘‘O‘zbek tilida ko‘makchi fe'l’’, ‘‘O‘zbek tilida to‘liqsiz fe'l’’ kitoblari fe'l so‘z turkumiga qanchalik e'tibor qaratganini bildiradi.13
Fe’l kategoriyasining ishlanishida professor E. D. Polivanov, A. N. Kononov, V. V. Reshetov kabi taniqli olimlar o‘z hissalarini qo‘shgan. Fe’l kategoriyasi ustidagi ilmiy tadqiqot ishlarining rivojlanishida o‘zbek tilshunoslaridan A. G‘ulomov, A. H. Sulaymonov, A. Hojiyev, J. Jo‘rayeva, SH. SHukurovlarning hissalari katta. A. H. Sulaymonov 1949-yilda yozgan “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida o‘tgan zamon fe’l kategoriyasi” dissertatsiya ishida o‘tgan zamon fe’l kategoriyasi haqida ma’lumotlar keltirib o‘tgan. Professor A. G‘. G‘ulomovning “Fe’l” va akademik A. Hojiyevning “Fe’l” kitoblarida fe’lning tarixi, zamon, nisbat kategoriyalari, fe’lning barcha xususiyatlari atroflicha yoritib berilgan. A. N. Kononov “Hozirgi zamon o‘zbek tili grammatikasi” kitobining fe’l zamonlari bobida fe’lning zamon shakllarini keng tahlil qilgan.14
Tilshunos olim M. Sodiqovaning “Fe’l stilistikasi” kitobida fe’lning grammatik kategoriyalari, mayllari, zamon, nisbat, shaxs-son formalari va ularning stilistik xususiyatlari o‘rganilgan. Olim fe’l bo‘lishsizligining grammatik va stilistik xususiyatlari, harakat-holat fe’llari va munosabat fe’llarini chuqur tahlil qilgan. Tilshunos olim SH. SHukurovning “Fe’l tarixidan” kitobida XI asr tilshunosi Mahmud Koshg‘ariy davridan boshlab fe’lning o‘rganilishi haqida ma’lumotlar keltirgan. Olim fe’lning zamon,nisbat va mayl shakllari ustida ham tadqiqot ishlarini olib borgan. H. Yusufxo‘jayevning “O‘zbek tili izohli lug‘atida fe’llarning ishlanishi” monografiyasi fe’llarning ishlanish prinsiplariga bag‘ishlangan bo‘lib, asosan fe’llarning lug‘atlarda bosh so‘z sifatida berilish masalalari, harakatning kuchli-kuchsizligi va takroriyligini ko‘rsatuvchi fe’l formalari tahlil qilingan. SH.SHukurovning “O‘zbek tilida fe’l mayllari taraqqiyoti” kitobi o‘zbek tilida fe’l mayllari va zamonlari taraqqiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan va o‘zbek tilida fe’l mayllari tarixi va taraqqiyoti keng tahlil qilingan. Akademik Azim Hojiyevning “To‘liqsiz fe’l” monografiyasi tilshunoslikda kam o‘rganilgan masalalardan biri to‘liqsiz fe’l formalari va ular yordamida yasaluvchi fe’l formalarining ma’nolari, vazifalari va qo‘llanishdagi xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan.15 Mustaqillik yillaridan keyin ham fe’l so‘z turkumi olimlar tomonidan o‘rganib kelinmoqda. Xususan, tilshunos D. G‘aniyevaning “O‘zbek tilidagi fe’lning funksional shakllarida sinkretiklik va polifunksionallik” mavzusiga bag‘ishlangan dissertatsiya ishi fikrimizning dalilidir. Bu ma’lumotlardan bilishimiz mumkinki, qadimdan olimlarimiz fe’l so‘z turkumi ustida o‘z ishlarini olib borgan. Hozirgi kunga qadar bu so‘z turkumi chuqur tahlil qilinmoqda va yangiliklar kiritilmoqda. Fe'l so‘z turkumi juda keng mavzu hisoblanadi. Hech bir so‘z turkumini fe'l so‘z turkumisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Gapni markazi kesim hisoblanadi va kesim asosan fe'l bilan ifodalanadi. Shuning uchun ham fe'l gapning asosiy mazmunini tashkil qiladi. Bu so‘z turkumi ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘lgani uchun hozirgi kunga qadar olimlar tomonidan o‘rganilib kelinmoqda.



1 Rustamov A. So‘z xususida so‘z. Toshkent,

2 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.:МУМТОЗ СўЗ, 2008. 28-29-bet.



3 O‘rinboyev B., Qurbonov T. O‘zbek tilshunosligi tarixi . Samarqand, SamDU nashri , 2006, 52-bet.

4 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.:МУМТОЗ СўЗ, 2008. 30-31-bet

5 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.:МУМТОЗ СўЗ, 2008. 47 –bet.

6 U.Sanaqulov , ,,O‘zbek yozma adabiy tili fonetik , morfologik me’yorlarning ilk shakllanishi va taraqqiyot bosqichi’’. ll qism , 145-bet.

7 U.Sanaqulov, ,,O‘zbek yozma adabiy tili fonetik,morfologik me’yorlarning ilk shakllanishi va taraqqiyot bosqichi’’ ll qism, 149-bet.

8 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.: МУМТОЗ СўЗ, 2008. 34-bet.

9 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.: МУМТОЗ СўЗ, 2008. 36-bet.

10 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.:МУМТОЗ СўЗ, 2008. 37-39-bet.

11 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.:МУМТОЗ СўЗ, 2008. 47-bet.

12 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.:МУМТОЗ СўЗ, 2008. 45-bet.

13 Замонавий ўзбек тили. I жилд. Морфология. (Муаллифлар жамоаси). -Т.:МУМТОЗ СўЗ, 2008. 26-bet.



14 Codiqova. M. Fe’l stilistikasi. Toshkent. O’zbekiston SSR “Fan” nashriyoti. 1975. 3-4- bet.

15 Hojiyev. A. To’liqsiz fe’l. Toshkent. “Fan” nashri. 1970. 3-bet.

Download 31.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling