Ferma 4-fasl


Download 409.05 Kb.
Pdf ko'rish
bet4/8
Sana16.04.2020
Hajmi409.05 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8

6-QISM 
URUSH IBTIDOSI 
 
Oradan 2 kun o'tdi. Sud "YSM" ning sobiq prezidenti Rozvaldni qilgan 
jinoyatlari, yolg'onlari va firibgarliklari uchun o'limga hukm qildi. 
Uning o'rniga esa prezidentlik uchun yagona nomzod William 

Minervani saylashga qaror qilindi. William bu lavozim uchun hali 
tayyorlangani yo'q, ayniqsa urush ochish haqidagi nutqini qanday 
boshlashni umuman bilmaydi... 
 
Oradan 1 hafta o'tdi. 
Williamni navbatdan tashqari saylov vaqtida shartli ravishda "YSM" 
prezidenti etib saylashdi. Emma va bolalar uning o'ziga bo'lgan 
ishonchini kuchaytirib, minbarga chiqqach aytiladigan gaplarini naq 1 
hafta yodlatishdi. Mana, millionlab insonlar qarshisida ochiq osmon 
ostida ulkan karnaylar ulangan mikrafon tomon qadam bosayotgan 
Williamni titroq va sovuq ter bosib, bo'yinbog'ini beixtiyor bo'shatdi. 
Keyin esa minbar yoniga turib, unga tikilib turgan minglab ko'zlarga 
qarata nutqini boshladi: 
 
–Mening ismim William. Minerva familiyasi esa menga kerak emas! 
Ushbu familiya men uchun la'nat! Men hozir sizlarga butun o'tmishim 
va vampirlar haqidagi haqiqatni ochib beraman. 
Men vampirlar shtabida tug'ilganman. "YSM" hududidan tashqarida 10 
ta yoki undan ham ko'p vampirlar shtabi joylashgan. Har bir shtabda 
yuzga yaqin vampir hamda ellikka yaqin onalar yashashadi. 
 
–Vampirlar shtabi?... 
–Onalar?... 
–Bu ahmoq nimalar deb valdirayapti o'zi?...-butun atrofdan mana shunda 
g'ala g'ovurlar eshitila boshladi. William esa o'zini yig'ib olib, ovozini 
yanada balandlatishga qaror qildi. 
 
–Mening bu gaplarimni eshitib ahmoqqa chiqarishingiz mumkin, ammo 
men baribir davom etaman. Har bir shtabda beshtadan ferma joylashgan, 
bu siz o'ylagan hayvonlar fermasi emas. U yerda odamlar boqiladi! 
Sizlarning bolalaringiz. Sobiq prezident Rozvald ham, undan avvalgi 

prezidentlar ham radiatsiya tufayli egiz tug'ilgan farzandlaringizni 
vampirlarga sotishgan. Men ham o'sha fermada katta bo'lganman. 
Fermadagi bolalar uzog'i bilan 15 yil yashashadi. Keyin esa ularni 
o'limga jo'natishadi. Vampirlar uchun mahsulot bo'lishadi... 
Ammo bolalarning yuzdan biriga yashab qolish imkoni beriladi. Asosan 
qizlarga. Ularga o'lib ketish yoki shtabdagi onalarga qo'shilish 
imkoniyati beriladi. Onalarning esa miyasi zaharlanib, bolalarni 
o'ldirishga o'rgatishadi. Sizlar buni shunchaki eshityapsiz, ammo o'z 
ko'zingiz bilan ko'rganingizda juda qattiq sarosimaga tushib qolgan 
bo'lardingiz. Meni shtabga doktorlik qilish uchun olib ketishgan. Bunday 
imkoniyat bolalarga har 30 yilda bir beriladi. Ular shtabdagi qizlarni 
qanday qiynashi, ularga azob berishi, miyasini zaharlashiga o'z ko'zlarim 
bilan guvoh bo'lganman. Hatto o'z ukam ham aqlini yo'qotgan. 
 
Siz 45 yildan ortiqroq umr ko'rishni, tug'ilgan farzandlaringizni o'zingiz 
istaganingizcha katta qilishni va eng muhimi ozod va erkin yashashni 
istaysizmi? Sizga berilgan umrni hech kim, hattoki "YSM" qonunlari 
ham tortib olmasligi kerak! Farzandingiz o'z qo'lingizda voyaga yetishi, 
ota-onangiz esa qarib, o'z ajali bilan rahot-farog'atda vafot etishi kerak! 
Nahotki mana shu diqqinafas va qamoqxonaga o'xshash gavjum 
shaharda yashashni istasangiz? Nahotki dunyo kezishni xohlamasangiz? 
Dunyo qanchalik katta ekanini his qilib ko'rishni istaysizmi? Bu 
shahardan tashqarida haqiqiy hayot boshlashni xohlaysizmi? 
Bu olam bizniki! Bu dunyoga azaldan odamlar hukmron bo'lib kelgan. 
Biz o'z dunyoyimizni allaqanday mahluqlarga berib qo'ymaymiz! Vaqt 
keldi, barchasini qaytarib oladigan vaqt yetdi! Bunday imkoniyat qayta 
tug'ilmasligi mumkin. 
Yaqinda chop etilgan maqolalarda mening 16 nafar noqonuniy bolalarim 
haqida yozilgandi. Ular aslida qayerdan kelib qolganini bilasizlarmi? 
Ular o'sha do'zoxdan kelishdi! Vampirlar fermasida boqiladigan bolalar 
aynan shular! Ular vampirlarni yo'q qilish sirini bilishadi. Biz qurol 
yarata olamiz. Mana shu vampirlarni haydovchi la'nati radiatorni 
yaratganmiz-ku! Nega endi oddiygina qurol yarata olmas ekanmiz? Biz 

uddalaymiz! Buning uchun bizdan faqat ahillik, birdamlik va jasurlik 
talab etiladi, xolos. 
Qani menga javob bering-chi, o'z olamimizdan o'zingiz xohlagancha 
bahra olishni istaysizmi? 
 
–Ha!!!-Williamni kuzatib turgan deyarli barcha baralla ovozda baqirib 
yubordi. 
–O'z olamimizni o'sha mahluqlardan qaytarib olishni istaysizmi? 
–Ha!!!-yana barcha shijoat bilan qichqirdi. 
–Bitta vampir bitta odamdan kuchli bo'lishi mumkin, ammo bitta vampir 
mingta odamga bas kelolmaydi. "YSM" aholisi vampirlardan ming 
barobar ko'p! Bizning g'alabamiz muqarrar. Biz allaqachon 
dunyoyimizni ulardan tortib olgan bo'lar edik, ammo Rozvaldga 
o'xshash soxta prezidentlar bizning qulog'imizga har xil yolg'on va 
vahimalarni quyishdi. Endi bunga chek qo'yish kerak! Urushga 
tayyormisiz? Kelajak avlod tinchligi va farovonligi uchun kerak bo'lsa 
qurbon bo'lishga ham rozimisiz? 
 
Bu safar deyarli hech kim javob bermadi. Chunki haligacha odamlar 
o'limdan juda ham qattiq qo'rqishadi. "YSM" dagi barcha aslida qo'rqish 
kerakmas bo'lgan narsadan ham qo'rqishadi. Bu ularga beriladigan 
tarbiyaning oqibati... 
 
 
Oradan 1 kun o'tdi. 
Williamning buyrug'i bilan yovvoyi sarimsoqlar terib kelish butun xalq 
orasida avj oldi. Sarimsoqlarning har bir kilogrammi uchun 100 geld (1 
geldga bir kilogramm tovuq go'shti berilgan) dan berildi. Havaskor 
teruvchilar "YSM" harbiylari hamrohligida tashqi olamga chiqib, 
yovvoyi sarimsoq terib kelishdi. William Minervaning shaxsan o'zi 
boshchilik qila boshlagan olimlar guruhi esa vampirlarni yo'q qiluvchi 

miltiq yasash bilan shug'ullanishdi. Agar hammasi yaxshi o'tsa hamda 
harbiy tayyorgarlik ko'ngildagiday kechsa, odamzod vampirlardan 
butunlay halos bo'ladi. 
–Nihoyat...sakkiz oy deganda "YSM" oyoqqa turdi. Biz oilamizni 
qutqarishimiz mumkin, tasavvur qilyapsizmi? Uka-singillarimizni va 
boshqa fermalarda qolib ketgan bolalarni qutqaramiz!-Emma 
Williamning uyidagi radiodan eshitilayotgan yangiliklardan quvonib, 
sevinchdan sakray boshladi. 
–Hali quvonishga erta,-dedi Rey,-Biz urushda mag'lub bo'lishimiz ham 
mumkin. Vampirlarning shahar ichida josuslari borligini unutmang. Ular 
albatta shtablarga xabar yetkazishadi. 
–Dadamiz buni ham hisobga oldi. Shuning uchun ham yovvoyi sarimsoq 
terish uchun chiqqan odamlarga harbiylar hamrohlik qilib ketishyapti. 
Ruxsatsiz shahardan pashsha ham chiqib keta olmaydi. 
–Lekin Rozvald bilan bo'lgan sud jarayoni paytida chiqib ketgan 
bo'lishlari ham mumkin-ku? Yuz foiz ishonchim komil, vampirlar 
jangga tayyorlanib turishadi. 
–Rey, ba'zida yaxshi niyat ham qilib turish kerak. Mayli, 
tayyorlanishsin, lekin dadamiz aytdi-ku, biz vampirlardan ko'proqmiz. 
Ularni yo'q qilishimiz aniq. 
 
 
Oradan yana bir necha soat o'tgach, Roza va Luna tushlik tayyorlash 
uchun oshxonaga kirib ketishdi. Rey esa bolalarga har doimgi dars 
o'tishni boshladi. Chunki bolalar yetimxonada o'sgan payt doim Kara oyi 
ularni shug'ullantirgan. U yerdan qochib, "YSM" kelishgach esa 
maktabga borishga imkon topilmadi. Qayerga borishmasin, hattoki 
ko'chaga chiqishsa ham odamlar ularga Williamning noqonuniy bolalari 
deb qo'lini bigiz qilib turardi. 
 
–Xo'sh, Rey bilan aloqalaring yaxshimi?-so'radi Mayk hozirgina 
kutubxonaga kirib kelgan Emmaga yuzlanib. 

–Hammasi joyida. Menimcha so'ramasang ham bo'laveradi. 
–Menga esa unchalik sezilmayapti. Avval qanday gaplashgan 
bo'lsanglar, hozir ham xuddi shunday gaplashyapsan. 
–Men kitob o'qimoqchiman, Mayk. Menga halaqit beryapsan... 
 
–O'shanda qanchalik qo'rqib ketganimni bilasanmi? Rozvald senga o'q 
uzganini eshitgach qanchalik dahshatga tushganimni bilasanmi? Seni 
yo'qotib qo'yishim mumkin edi... 
–Lekin o'lmadim. Umrim tugamagan ekan. Axir o'zing ham ikki marta 
o'limdan qaytding. Senda qanday taassurot bo'lgan bo'lsa, menda ham 
xuddi shunday bo'ldi. 
 
Mayk o'rnidan turib, Emmaning yoniga o'tdi. 
–Bu haqida senga oyimiz meni Piter Minervaga topshirib yuborayotgan 
kun aytmoqchi bo'lganman. Ammo qo'rqdim. Chunki men o'lsam, 
tushkunlikka tushib qolishing va fermadan qocha olmay qolishing 
mumkin edi. Senga hech nima aytmasam, meni unutishing osonroq 
bo'ladi deb o'ylagandim. 
"B32" dan qochgach kasalim tutib qolganida ham senga bu haqida 
aytishga urindim. Ammo o'shanda ham o'lim oyog'imdan tortqilab 
turgani sabab senga hech narsa aytmadim. Meni deb yig'lashingni va 
azoblanishingni xohlamadim. Men qo'rqoqlik qildim... 
Ammo endi bunga chek qo'ymoqchiman. Men seni yaxshi ko'raman, 
Emma. Hatto Reydan ham ko'proq. Hammadan ko'p! Senga buni 
avvalroq aytmaganim uchun kechir... 
 
 
Emma Maykning ko'zlariga bir necha soniya sukut bilan tikilib turib
baland ovozda kulib yubordi. Uning nimaga kulayotganini Mayk hech 
ham tushuna olmasdi. Birozdan so'ng Emma kulishdan o'zini to'xtatib, 
ko'zidan chiqib ketgan yoshni artib oldi. 

–O'ylaganimdan ancha kech...ammo to'g'risini ayt, senga Reyning 
gaplari turtki bo'ldimi? 
–Bu bilan nima demoqchisan? Nahotki sen... 
–Rey meni sevmaydi. U buni ataylab aytdi. Chunki shunday 
qilmaganida sen haligacha jur'atsizlik qilayotgan bo'larding. Uning 
gaplari senga ta'sir qilishini bilgandim. 
–Demak sen... 
–Avvaldan bilardim. Kara oyi seni Piter Minervaga jo'natib yuborgan 
kunning ertasigayoq Rey menga barchasini aytib bergan. Buni 
shunchaki o'zingdan eshitmoqchi edim. 
–Siz ikkingiz meni ahmoq qildingiz!-Mayk bor ovozi bilan baqirib 
yubordi. 
–Battar bo'l. Keyingi safar nimadir qilmoqchi bo'lsang, ertaroq harakat 
qilasan degan umiddaman... 
Anabellaning shtabi 
Butun atrofda yong'in, chang-to'zonlar-u, har xil shovqinlar. Faqatgina 
yulduzlar nur sochib turgan zulmatga to'la osmonga qarab chuqur nafas 
olgan Lord Lyuvis jilmaygancha o'ng qo'lini Anabellaning shtabiga 
cho'zdi. 
–Bugun bu shtab bizniki bo'ladi! Vampirlarim, yanada ko'proq qonga, 
yanada ko'proq imkoniyatlar va eng asosiysi yanada ko'proq qudratga 
ega bo'lishni xohlaysizmi? 
–Ha!!!-barcha vampirlar va ularning ortlarida maxsus jang uchun 
shug'ullantirilgan shtab onalari mamnuniyat bilan baqirishdi. Vampirlar 
ham, onalar ham qo'llariga Piter Minerva yasagan qurollarni ushlab 
olishgan. Ushbu qurollarning o'qlari tarkibiga esa yovvoyi sarimsoq kuli 
qo'shilgan. 
–U holda olg'a! Hech kimni sog' qo'ymang! Ammo eng asosiysi, 
fermalar va u yerdagi bolalar omon qolishsin! Qani hamma jangga!!!-
Lyuvis bor ovozi bilan baqirib, o'z qo'shinini Anabellaning shtabi 
tomonga yo'naltirdi. Vampirlar va onalar hech ikkilanib o'tirmasdan 
shtabni egallash uchun hujumni boshlab yuborishdi... 

 
Bu payt shtab ichkarisida haligacha xonasiga osilgan yuzlab soatlariga 
termulib o'tirgan Anabella uning huzuriga kirib kelgan Satella va Edni 
tabassum bilan qarshi oldi. Satella ta'zim qilib ham o'tirmay darrov 
Anabellani ogohlantirishga tushdi: 
–Xonim, hoziroq qarshi hujumga o'tmasak, ular bizni yo'q qilishadi! 
Tezroq chora ko'rish kerak! 
–Bu hali hammasi emas,-dedi Ed,-Shtabdagi vampirlarimizning 
aksariyati ular tomonga o'tib ketishyapti. Ular avvaldan shtab xaritasi va 
ichki qismini bilishgan! 
 
Anabella ularning gapiga e'tibor bermay, asta o'rnidan turdi. Keyin esa 
xonaga osib qo'yilgan eng katta soatni qo'liga olib, jilmayib qo'ydi: 
–Bu soat xonamdagi eng eskisi. To'g'risi qachon olganimni o'zim ham 
bilmayman. Lekin qarang, haligacha arang bo'lsada yurib turibdi. 
–Xonim, biz sizga urush haqida gapiryapmiz!-Satella besabrlik bilan 
baqirib yubordi. 
Anabella soatni stoli ustiga qo'yib qo'yib, Satella va Edning ko'zlariga 
qaradi. Uning ko'zida qo'rquvdan zarracha ham asar yo'qligini bir 
qarashda sezish qiyin emasdi. 
–Qochinglar. Sizlarning o'lib ketishingizni xohlamayman. 
–Lekin xonim, shtab-chi?! Siz-chi?! 
–Mag'lubiyatimiz muqarrar. Mikael bekorga shtabdan ketib qolmagan. 
U Lyuvisga sotqinlik qildi. Bizda ularnikiday qurollar ham yo'q. 
–Lekin xonim, urinib ko'rsak bo'ladi-ku! Iltimos, vaqtidan oldin taslim 
bo'lmaylik! 
–Ed, Satellani olib chiqib ket. Agar sizlarga qo'shilib, shtabdan qochish 
niyati bo'lgan vampirlar va onalar bo'lsa, ularni ham olib ketinglar. 
–Lekin Anabella xonim...sizni tashlab ketolmaymiz...-Ed past ovozda 
g'ulduradi. 

–Bu buyruq. Mening so'nggi buyrug'imni hech qanday so'zsiz 
bajarsangiz, xursand bo'lgan bo'lardim. So'nggi buyrug'imni... 
 
Satellaning ko'zidan billurday tomchi yosh to'kildi. Vampirlar juda ham 
kamdan kam yig'lashi kerak. Ularni odamlardan ajratib turadigan yagona 
jihat ham aynan shu. 
–Satella, sen bilan vaqti kelsa yana albatta uchrashamiz. Sizlarning 
soatingiz yurib turishi kerak. Hoziroq bu yerdan ketinglar. 
 
Satella Anabella tomonga otilib, uni qattiq quchoqladi. Lekin hech ham 
qo'yib yuborgisi kelmasdi. Qaniydi barchasini to'g'irlash imkoni bo'lsa, 
qaniydi Anabella ham ular bilan ketishga rozi bo'lganida... 
–Siz ham biz bilan keting! O'tinaman sizdan, hali ham imkon bor-ku! Bu 
yerda qolsangiz o'lib ketasiz! 
–Men qo'rqoqlik qilmayman, Satella. Keyin, men yetarlicha yashab 
bo'ldim. O'limimni ancha yillardan beri intizorlik bilan kutib kelaman. 
Yuragim mana shu soat murvati kabi "bazo'r" urib turibdi. Eng muhimi, 
bu butunlay foydasiz. Yashashimdan ma'ni yo'q. 
–Demak biz qo'rqoqlik qilyapmiz ekanda?!-baqirib yubordi Satella,-
Agar bu yerdan qochish qo'rqoqlik bo'lsa, men ham hech qayoqqa 
jilmayman! 
–Sen qo'rqoqlik qilmayapsan. Shunchaki buyruqni bajaryapsan, xolos. 
Senga oxirgi gapim shu. Hoziroq ket. 
 
Satella qaltiragancha Anabelladan ko'zini uzmay ortiga tisarildi. Keyin 
Edning qo'llaridan mahkam ushlab, tashqariga olib chiqib ketdi. Ular 
Anabellaning xonasidan uzoqlashgach, Satella Edni devorga qadab, 
bo'yniga xanjar tiradi. 
–Men uni o'ldiraman! Mikaelni o'ldiraman! Menga yordam berasanmi? 
Agar yo'q desang, sen ham hozirning o'zida o'lasan! 

–Satella, tinchlan, jahl ustida biror ish qilgandan foyda yo'q. O'ylab ish 
qilish kerak... 
–Yordam berasanmi dedim!-Satella baqirib, xanjarni Edning bo'yniga 
botirdi. Ed qo'rqib ketib, shoshqaloqlik bilan javob berdi: 
–Yaxshi, yordam beraman. Faqat avval reja tuzib olish kerak. Uni 
qanday va qayerdan topishni bilmaymiz-ku. Agar topsak, albatta 
o'ldiramiz... 
 
 
 
Oradan 2 soat o'tdi. Ed va Satella qochib ketishdi. Shtabdagi ayrim 
vampirlar Lord Lyuvisning qo'shiniga o'tib ketishdi. Qolganlar esa 
o'ldirildi. Lyuvis qo'liga yuz yillardan beri saqlab kelgan, chetlari 
tilladan ishlangan o'tkir va yaltiroq kumush qilichini ko'tarib, 
Anabellaning soatlarga to'la xonasiga bostirib kirdi. Xonada faqatgina 
ko'zlarini yumib, tebranadigan kreslosida dam olib o'tirgan Anabella 
ko'rindi, xolos. 
–O, Lord Lyuvis, ko'rishmaganimizga ham ancha bo'libdi. Bunday 
shiddat bilan qilingan hujumingiz sababini tushuntirib bera olasizmi? 
–"YSM" dagi soxta prezident siyosati quladi,-javob berdi Lyuvis,-Endi 
bizga jo'natiladigan bolalar yo'q. Hatto tez orada urush ham boshlanishi 
mumkin. Menga esa ko'proq o'lja va bola kerak. Xafa bo'lma, Anabella. 
–Men umuman xafa emasman,-Anabella o'rnidan turib, Lyuvsning 
yoniga yaqinlashdi,–Mening o'limim hech narsani hal qilmaydi. Men 
o'limdan umuman qo'rqmayman. 
–Kel unda buni sinab ko'ramiz. O'limdan qo'rqmaysan-a?-Lyuvis 
jilmayib, qo'lidagi qilichini ko'tardi. Anabella esa ko'zlarini yumib, 
so'yloq tishlarini chiqarib jilmayib qo'ydi. Keyin uzun qora kiyimi 
cho'ntagidan oppoq g'uncha chiqarib Lyuvisning yuragiga sanchmoqchi 
bo'ldi. Lekin Lyuvis chap qo'lining bilagi bilan Anabellaning qo'lini 
to'sib, uning yuragiga qilichini sanchdi. 

–Men sen o'ylaganchalik ahmoq emasman, Anabella. Meni o'ldirish 
sendaka ojiz vampir uchunmas... 
 
Anabellaning yuragidan qop-qora qon otilib chiqib, qimmatbaho va bu 
o'rmonlarda topish qiyin bo'lgan yog'ochdan yasalgan polga tomchiladi. 
Uning og'zidan qon kelib, qattiq yo'tal tutdi. 
–Bir narsani bilib qo'y, Lyuvis...hamma ham bir kun kelib o'ladi... 
–Ha, ammo men emas. Senga o'xshagan ojizlar o'lishadi,-Lyuvis 
Anabellani qonga belangan polga yiqitdi. Anabella so'nggi kuchini 
to'plab, og'zidan kelayotgan qonni artib shivirladi: 
–"YSM" prezidenti qulashi...bu shunchaki bo'lgani yo'q! Bu ibtido! 
Yangi urush ibtidosi...senga rahmat, men bu urushni ko'rmay o'lib 
ketishimga yordam berding...ammo o'zing o'sha urushda o'lib ketasan! 
Gaplarimni unutma, Lyuvis... 
 
Bu Anabellaning so'nggi so'zlari bo'ldi. U soatlarga to'la bo'lgan xonasi 
shiftiga qaragancha ko'zlarini yumib, jon berdi. Lyuvis esa qo'lidagi 
qilichidagi qonni yopinchig'ining etagiga artib oldi. 
–Kim o'lishi yoki kim tirik qolishini men hal qilaman... 
 
 
7-QISM 
ONALAR MAKTABI 
 
Lord Lyuvisning shtabi 
Yaqindagina orttirib olgan bo'ynidagi tirnoq izidan qolgan xunuk 
chandig'ini silab o'tirgan Elizabet o'z xonasiga qamalib olib, qo'liga juda 
ham eskiribp ketgan to'q qizil rangdagi soch to'lng'ochini oldi. U 
to'lnog'ichga bir necha soniya qarab turib, o'z miyasini qamrab 
olayotgan bir-biridan qiyin savollar sabab chuqur xo'rsinib qo'ydi. 

–Nega bunday qilding?-so'radi Elizabet qo'lidagi to'lnog'ichga qarab,-
Nega bunday qilding, Kara? Nima yetmagandi senga?... 
 
 
 
 
20 yil avval 
Shtabga kelganiga uch yildan ortiq vaqt bo'lgan Elizabet juda ham qisqa 
muddat ichida eng iste'dodli va chaqqon qizga aylandi. To'g'ri, yoshi 
unikidan katta bo'lgan qizlar ham bor, lekin aynan 12 dan 16 yoshgacha 
bo'lgan qizlar orasida 14 yoshli Elizabetning o'rni juda ham katta edi. 
Ba'zi qizlar hatto uni o'ziga onaboshi deb bilardi. Bundan tashqari, ancha 
yillardan beri shtab buvisi lavozimida ishlab kelayotgan Ameliya 
buvining o'zi ham Elizabetni bir ko'rishda yoqtirib qolgandi. 
Hammasi silliq, bir tekisda ketishi va bir kun kelib Elizabet shtabdagi 
eng yosh ona, keyinchalik esa eng yosh buvi lavozimiga ko'tarilishi 
mumkin edi, ammo bir qiz barchasini barbod qildi... 
 
 
3205-yil 26-noyabr. 
Shtabdagi onalar qatoriga bugun 15 yoshli qiz qo'shildi. O'zi ko'pincha 
qizlarni 14-15 yoshda shtabga keltirishadi, ammo Elizabetni 12 yoshida 
olib kelishgan. Elizabet umuman hech narsadan qo'rqmay, juda ham tez 
kunlar ichida shtab va onalar maktabi hayotiga ko'nikib ketgandi. 
–Demak qizlar, tanishib qo'yamiz,-dedi qo'liga sochlari o'rilgan, katta-
katta ko'zlari bilan atrofga alanglayotgan qizning yelkasini ushlab olgan 
Ameliya buvi,-Bu qizning ismi Kara. Bugundan sizlar bilan shtabda 
yashaydi. U bilan juda ham tez muddatda chiqishib ketasiz degan 
umiddaman. 
 

Ameliya Karani qizlar tomonga turtkiladi. Barcha qizlar u bilan birma 
bir tanishib chiqib, qo'lini siqib qo'yishdi. Faqatgina Elizabet qo'llarini 
chovushtirib, uning yoniga tanishish uchun kelgan Karaga e'tibor 
bermay, yonidagi dugonalariga qarab suzildi: 
–Mana bu bechorani turishiga qarang. Sochining ahvolini gapirmasa 
ham bo'ladi. Ko'zlari piyolaga o'xshaydi. Turishidan esa landavurligi 
ma'lum. Xuddi o'tgan oy kelgan Ivettaga o'xshab uning ham yuragiga 
vampir guli sanchishadi. Shunday ekan tanishib ovora bo'lib o'tirmang. 
–Sochlarim anchadan beri o'zimga qaramaganim uchun hurpayib ketdi,-
gap boshladi Kara,-Ko'zlarim esa yig'layverganimdan shishib ketdi. 
Tanishishni xohlamasang, tanishma. Bu sening ishing. 
–Menimcha bu ketishda ko'zlaring yana ham shishib ketadi. Bu menga 
birinchi va oxirgi marta gap qaytarishing bo'lsin. Aks holda, o'zing 
afsuslanasan. 
 
Kara hech narsa demay, qolgan qizlar bilan tanishib chiqish uchun 
jo'nab ketdi. Uning ortidan qandaydir qiziqish bilan qarab qolgan 
Elizabet esa istehzo bilan jilmayib qo'ydi: 
–Bir oyga bormay yuragingga g'uncha sanchiladi... 
 
 
Oradan 1 oy o'tdi 
Kara ham shtabdagi eng mohir va iste'dodli qizga aylandi. U nimayki 
qilmasin, qanday vazifa topshirilmasin, hech qanday nolish yoki 
ortiqcha savollarsiz bajarardi. Xuddi hissiz robotlarga o'xshab. Ba'zi 
qizlar unga "robot" degan laqab ham qo'yib bo'lishgandi. 
 
–Demak, qizlar,-ichkariga har doimgidan ham mamnunroq kayfiyatda 
bo'lgan Ameliya buvi kirib keldi,-Bugun orangizda musobaqa tashkil 
etiladi. Musobaqa shartlari bilan tanishtirib o'taman: 

Birinchi shart – kashta tikish. Berilgan vaqt ichida kim eng chiroyli va 
sifatli qilib tiksa, o'sha g'olib bo'ladi. Ikkinchi shart – matematik testlar. 
Kim eng ko'p testlarni qoniqarli javob bilan berilgan vaqt ichida yechib 
chiqsa, o'sha g'olib deb e'lon qilinadi. Uchinchi shart – kurash tushish. 
Kurashni turnir shaklida o'tkazamiz. Musobaqa g'olibiga esa albatta 
sovg'a taqdim etiladi. Ha aytgancha, musobaqa faqat 16 yoshgacha 
bo'lgan qizlar o'rtasida o'tkaziladi. Barcha qatnashishi shart! Kim 
qatnashishdan bosh tortsa, bir hafta ovqatdan mahrum etiladi... 
 
 
Ameliya xolaning buyrug'iga ko'ra 16 yoshgacha bo'lgan 14 nafar qiz, 
shu jumladan Kara va Elizabet ham musobaqada qatnashishga majbur 
bo'ldi. Karaning yonidagi qizlarning pichir-pichirlariga qaraganda, har 
safar bunday musobaqalarda Elizabet g'olib bo'lib kelgan. Bu safar ham 
u yutishiga qattiq ishonishyapti. 
 
Shu kunning o'zidayoq musobaqa boshlandi. Birinchi shart, ya'ni kashta 
tikish uchun qizlarga yarim soat vaqt ajratib berildi. Barcha qizlar o'zi 
xohlagan shakl yoki naqshlarni qo'lidagi matolarga tushirishdi. Kara 
yam-yashil olmaning rasmini tushirishga qaror qildi. Uning yonidagi qiz 
quyoshni, yana bir tarafidagi qiz esa qushni tasvirladi. Yarim soat ko'z 
ochib yumguncha o'tib ketib, Ameliya buvi barchaga tikishni to'xtatishni 
buyurdi. 
 
–Demak eng yaxshi tikilgan kashta...atirgul rasmini tasvirlagan 
Elizabetga tegishli! Barakalla, Elizabet! Senga 50 ball beraman. Ikkinchi 
o'rin esa yaltirab turgan olmani tasvirlagan Karaga tegishli. Senga ham 
40 ball. Ammo bu hali hammasi emas. Oldinda yana jami 100 bal 
to'plashingiz mumkin bo'lgan matematik test hamda har bir g'alaba 
uchun 10 balldan beriladigan kurash bor. Musobaqa davom etadi!.. 
 
 

 
 
Ikkinchi shart. Matematik testlar. 
Bunday testlarni Kara fermada yashayotgan paytida ham juda a'lo 
bahoga topshirardi. Chunki matematikani yaxshi o'zlashtirgan. Qolgan 
bolalar zerikib uhlab qolgan paytlarda ham hech ham uyqusiramay, har 
bir qoidani, har bir formulalarni yodlab chiqqan. Chunki bola qancha 
aqlli va sog'lom bo'lsa, vampirlar uchun tansiq taom sifatida kattaroq 
yoshga yetganda yuborilishini sezgan, ammo aynan ona bo'lib 
yuborilishi haqida umuman o'ylab ko'rmagandi. 
 
Shart boshlandi. Qizlar uchun 50 ta testga bir soat vaqt ajratib berildi. 
Ameliya soatini chiqarib, qizlarga boshlashni buyurdi. O'zi esa issiq 
choy ichgancha, tebranadigan kreslosiga suyanib, dam ola boshladi. 
Oradan 40 daqiqa o'tgach, Kara hammadan birinchi testlarni yechib 
bo'lib, Ameliya buviga olib keldi. Qolgan qizlar esa vaqt tugagach ham 
yechib bo'lishmagandi. 
–Qoyil, Karaning testida atigi bitta xato,-dedi Ameliya buvi quvonib,-
Aslida 98 ball berilishi kerak edi, ammo vaqtidan yigirma daqiqa avval 
olib kelganini hisobga olgan holda yana 20 ball qo'shib beriladi. Karada 
hami 158 ball yig'ildi. 
 
Barcha qizlar hayratdan og'izlarini ochib qolishdi, faqatgina Elizabetgina 
Karaning ko'zlariga yeb yuborguday tikilib, qo'lini qattiq musht qilib 
tugdi. Kara unga e'tibor bermaslikka urindi. 
 
 
Uchinchi shart. Kurash. 
Hozircha uch kishi yetakchilik qilmoqda. Birinchi o'rin – Kara, 158 ball. 
Ikkinchi o'rin Elizabet, 118 ball. Uchinchi o'rin esa Elizabetning 
yugurdagi Alisa, 100 ball. 

 
Bu safar Kara ilk janning o'zidayoq yutkazib qo'ydi. Chunki jismonan 
chiniqmagan. 
Bu uning eng katta kamchiliklaridan biri. Kara maydonni tark etib, 
buvisining yoniga turib oldi. Ular qizlar o'rtasida bo'layotgan jangni 
tomosha qilib turisharkan, Ameliya buvi Karaga qarab jilmayib qo'ydi. 
–Izabella senga yaxshi tarbiya beribdi. Men sening haqiqiy buving 
ekanimni bilasanmi? 
–Ha...-Kara hech qanday hissizlik bilan javob berdi. Uning ko'zlari 
jangni tomosha qilgani bilan, hayoli umuman boshqa joyda edi. 
–Shunday davom et, Kara. Sendan juda ham zo'r ona hamda buvi 
chiqishi mumkin. Bunga ishonchim komil...-Ameliya gapini tugatib, 
Elizabetga ishora qildi,-Eng muhimi yo'lingdan har qanday raqibni olib 
tashlay olishing kerak... 
 
 
Oradan yarim soat o'tdi. Kurash tugab, unda Elizabet g'alaba qozondi 
hamda 40 ballga ega bo'ldi. Ammo endi yana bir kichik muammo bor. 
–Kara va Elizabetda bir xil ball,-dedi Ameliya qo'lidagi qog'ozdagi 
raqamlarni hisoblab chiqib,-Menda esa faqatgina bitta sovg'a bor. 
Menimcha so'nggi bellashuvni o'tkazish kerak. 
–So'nggi bellashuv? 
–U qanday bo'ladi? 
–Menimcha ular jang qilisha kerak...-qizlar orasida pichir-pichir 
boshlanib ketdi. Ameliya buvi esa kulib, qizlarga bas qilish ishorasini 
berdi hamda yoniga Elizabet va Karani chaqirdi. Elizabet hech ham 
qo'rqmay, Karaga dushmanlarga hos nihoh bilan qarab qo'ydi. 
–Demak sizlarga bittagina savol beraman. Kimning javobi ko'proq 
ma'qul kelsa, o'sha g'olib deb e'lon qilinadi,- 
Ameliya shunday deb Elizabetga yuzlandi,-Xo'sh Liz, sen fermaga ona 
bo'lib qaytsang, nima qilgan bo'larding? 

 
Elizabet hech o'ylanib o'tirmay, mahmadonalik bilan javob berdi: 
–Bolalarning har birini mas'uliyat bilan parvarish qilardim. Ular doim 
sog'lom va ozoda yurishiga, yetimxonadan tashqariga chiqmasliklariga 
ko'z-quloq bo'lib turgan bo'lardim va eng muhimi bolalar yetimxona 
sirini bilib qolishlariga umuman yo'l qo'ymasdim. Shtabga doimo sifatli 
mahsulotlar yetkazib turardim... 
–Juda soz,-Ameliya Elizabetning gapini bo'lib, Karaga yuzlandi,-Xo'sh 
Kara, sen-chi? 
 
Kara hech narsa deyolmay, yerga qarab qoldi. Barcha uning javobini 
kutib, sukut saqlab turgandi. Ameliya yana bir necha marta savolini 
qaytardi. Ammo Karadan sas-sado chiqmasdi. 
–Kara, axir qiyin savol bermadim-ku. Fermaga ona bo'lib borsang nima 
qilgan bo'larding? 
–Bolalarimni baxtli qilgan bo'lardim...-Kara nihoyat ko'zlarini 
yumgancha javob berdi,-Barcha bolalar baxtli yashashini xohlagan 
bo'lardim... 
 
Ameliya Karaning javobiga biroz o'ylanib qolib, cho'ntagidan juda ham 
chiroyli bo'lgan qip-qizil soch to'lnog'ich chiqardi. 
–Demak musobaqa g'olibi deb Karani e'lon qilaman!... 
 
 
 
 
Shtab buvisi Karaga ilk g'alabasi sharafiga juda ham chiroyli bo'lgan 
qip-qizil va yaltiroq to'lnog'ich sovg'a qildi. Uni ko'rib Elizabetning ichi 
shunaqangi kuyib ketardi-ki, xuddi uch yildan beri hech kimga 
bermayotgan yetakchiligidan birdaniga ayrilib qolayotganday bo'lib 

ketardi. Uning ko'zidan olov yonib, Karaga suzilib qarab qo'ydi-da, 
ichida pichirladi: 
–Hali ko'rsatib qo'yaman senga...bu ishing uchun javob berasan! 
 
 
Download 409.05 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling