Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!


Download 41 Kb.
Sana18.05.2020
Hajmi41 Kb.

FIDOYING BO‘LGAYMIZ SENI, O‘ZBEKISTON!


Insonni inson qatoriga qo‘shadigan, xalqni xalq, yurtni yurt qiladigan, millatni boshqa millatlar qatoriga teng qo‘yadigan buyuk va qudratli kuch, ulug‘ va aziz ne’mat — bu davlat mustaqilligidir.

Uzoq yillar qaramlik azob-uqubatlarini, jabr-sitamlarini tortgan, xo‘rlangan, huquqlari oyoq-osti qilingan xalqimiz uchun esa mustaqillik ulug‘dan ulug‘, buyukdan buyuk, bebaho tarixiy yutuq, eng oliy baxt, eng oliy saodat desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shu bois ham har yili 1-sentabr — Mustaqillik kuni yaqinlashgani sayin hayajonimiz oshadi, tasvirlab, ifodalab berish qiyin bo‘lgan tuyg‘ular vujudimizni egallaydi, qonimizga qo‘shilib oqadi. Mamlakatimiz Prezidentining mustaqilligimizning yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorining e’lon qilinishi esa qalbimizga go‘zal bir bayram kayfiyatini olib kirdi. Qarorda bildirilgan yorqin fikrlar, ilgari surilgan hayotbaxsh g‘oyalar, ezgu niyatlarga yo‘g‘rilgan vazifalar kishiga g‘urur, faxr-iftixor bag‘ishlaydi, yuksak mas’uliyat yuklaydi.

Bu qaror o‘zining nufuzi, zalvori, yurakka yaqinligi bilan boshqa qarorlardan farq qiladi. Uning har bandi, satri zamirida katta ma’no-mazmun, tarixiy haqiqatlar mujassamligini yaxshi anglaymiz. Qarorning birinchi bandida 1-sentabr — Mustaqillik kuni ekani e’tirof etilarkan, «...Xalqimizning asriy orzu-intilishlari ro‘yobga chiqqan buyuk tarixiy sa’na», deb ta’kidlanadi. Nima uchun «asriy orzu intilishlar» deyilmoqda? Bu so‘zlar ma’no-mazmunini qanchalik tushunyapmiz? Ayniqsa, bugungi yoshlar biladimi, bu «asriy orzu intilishlar» nimalardan iboratligini? Bu uch so‘z ortida bir asrdan ziyod qaramlik davrining azob-uqubatlari, musibatlari, kulfatlari, qatag‘onlari yotganini ular anglashyaptimi?

Qisqa qilib aytganda, bu so‘zlar ortida achchiq tariximiz yotibdi. Jafokash xalqimizning, or-nomusli, vatanparvar ajdodlarimizning erk, ozodlik, mustaqillik, deya to‘kkan qoni yotibdi, orzu armonlari yotibdi, qamoqxonalarda, surgunlarda hayotdan ko‘z yumgan ota-bobolarimizning joni yotibdi, otilgan, dorga osilgan ming-minglab insonlarning qismati, oilalarning, yetim qolgan bolalarning fojiali taqdiri yotibdi.

Qaramlikning dahshatlarini, sovet davlatining zolim siyosatini aniqroq tasavvur qilish imkonini beradigan ayrim misollarga e’tibor qarataylik. ?937-1939 yillarning o‘zidagina... 41 ming nafardan ko‘proq kishi qamaldi. Shulardan 37 ming nafardan ko‘prog‘i sudlandi, 6 ming 920 kishi otib tashlandi...» («Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar» kitobidan). Ularning aksariyati tuman va viloyatlar rahbarlari, madaniyat va ta’lim xodimlari, olimlar, shoir, yozuvchilar, jurnalistlar, o‘qituvchilar edi, millatning ziyolilari, vatanparvarlari edi... Ular «millatchi», «jadidchi», «Vatan xoini», «chet el imperializmining ayg‘oqchisi», «panturkist» kabi turli bo‘htonlar bilan yo‘q qilingandi. Aslida ular ozodlik, erk haqida gapirgani, o‘z xalqiga achingani, haq-huquqini so‘ragani uchun xavfli dushman sifatida qatag‘on qilingandi.

Yurtimiz qaramlikda qolgan 130 yil davomida qirg‘inu qatag‘onlar uzluksiz davom etgan. 1983-1989 yillarda «Paxta ishi», «O‘zbek ishi» tamg‘asi ostida sovet davlati O‘zbekistonda so‘nggi qatag‘onni o‘tkazdi. Mustabid zamonda xalqimiz tortgan jabr-zulmning, boshimizga tushgan kulfatlarning, yo‘qotishlarning cheki-chegarasi bo‘lmagan. Xalqimiz ozodlik, hurlik uchun uzoq kurashgan. Shuning uchun ham mustaqillik xalqimizning asriy orzu intilishlari bo‘lgan.

Qarorda mustaqilligimiz «Buyuk va bebaho ne’mat» deb qadrlanyapti, ulug‘lanyapti. Buyukligi, bebaholigi nimadanligi e’tirof etilyapti. «Mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib bormoqda», deyiladi qarorda. Shuningdek, O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib qolmoqda, deb alohida ta’kidlanadi.

Darhaqiqat, bugun O‘zbekiston qanday yutuqlarga erishayotgan bo‘lsa, barchasining zamirida mustaqillik bergan huquq, imkoniyat, vakolat turibdi. Mustaqillik tufayli, qarorda aytilganidek, jahon xaritasida O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi. Birlashgan Millatlar Tashkilotida dunyo davlatlari bayroqlari qatorida O‘zbekistonimiz bayrog‘i ham hilpiray boshladi. Biz o‘z nomimizdan o‘zimiz gapirish, o‘z taqdirimizni o‘zimiz hal etish, o‘z yurtimizga o‘zimiz egalik qilishdek oliy huquqqa, baxtga muyassar bo‘ldik.

Endi, gap shu yerga yetganda, o‘zimizga o‘zimiz oddiy, ammo hayotiy bir-ikki savolni berib ko‘raylik: Mustaqillik bo‘lmasa, O‘zbekistonni dunyoda birov tanirmidi? Millat manfaati haqida so‘z yuritish mumkinmidi? Kim ruxsat berardi o‘zbek bolalari Vatan nomidan Olimpiya o‘yinlari yoki jahon chempionatlariga borishiga? Bizga nasib etarmidi sportchilarimizning dunyo maydonlaridagi yorqin g‘alabalarini ko‘rish? O‘n-o‘n ikki yashar farzandlarimiz inson aql-zakovatini belgilovchi shohmot bo‘yicha jahon chempioni bo‘lishi, «oliy zotlar» san’ati hisoblangan pianino bo‘yicha xalqaro tanlovlarda o‘zbek bolasi gran-pri sovrinlarini olishini kim o‘ylabdi? Yoki maktab o‘quvchilari, talabalar o‘rtasida o‘tgan matematika, fizika, ximiya kabi fanlar bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda farzandlarimiz g‘olib bo‘lishlariga kim ishonardi? Agar mustaqillik bo‘lmaganida bu yoshlar ham ming-minglab ajdodlari kabi o‘z iste’dodlarini namoyon qilolmay armonda qolishmasmidi?

Shu o‘rinda yana bir savol xayolga keladi. Mustaqil bo‘lmaganimizda yoshlarimizga hozirgi sharoitlarni yaratib beraolarmidik, hozirgidek g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish imkoniyati bo‘larmidi?

Xalqimizning o‘ziga xos fazilatlaridan biri shuki, borini, topganini, jonu jahonini farzandlariga bag‘ishlaydi. Bu milliy qadriyat davlatimizning yoshlar siyosatida ham o‘z ifodasini topgan. Ota-onaning farzand bilan bog‘liq orzu niyatlari davlatimiz siyosati bilan chambarchas bog‘lanib ketgan.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kamolot yoshlar ijtimoiy harakatining IV Qurultoyida so‘zlagan nutqida bildirgan fikrlar, takliflar bu siyosatning yangi, yorqin ifodasi bo‘ldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, bu nutq yoshlar tarbiyasining barcha jihatlari qamrab olingan, chuqur o‘ylangan, hayot haqiqatlari hisobga olingan yuksak siyosat namunasi bo‘ldi.

Aytishimiz kerak bo‘lgan gaplarning cheki yo‘q, adog‘i yo‘q. Ammo yana bir misolni aytmasak bo‘lmaydi. Yaqinda Toshkent shahrida «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi» mavzusida o‘tgan anjumanda Prezidentimiz muqaddas dinimiz, milliy qadriyatlarimiz, aziz avliyolarimiz xotirasi, merosini tiklash, qadamjolarini obod qilish bo‘yicha amalga oshirilgan va oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtaldi. Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab vijdon erkinligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat berib kelinayotganini ta’kidladi. Har birimiz o‘ylab, xulosa chiqarib olishimiz kerak bo‘lgan ikkita muhim ma’lumot keltirildi: «Agar sobiq mustabid tuzum davrida yurtimizda 80 ga yaqin masjid faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 2 ming 42 tani tashkil etmoqda.



Osha qaramlik yillarida Ozbekistonda sanoqli kishilargina Haj qilish imkoniyatiga ega bolgan edi, xolos. Mustaqillik yillarida esa har yili 5 mingdan ziyod yurtdoshimiz Haj ziyoratiga borib keladi. Joriy yilda 7200 nafar fuqarolarimiz muborak Haj safarini amalga oshirish imkoniga ega boladilar».

Yana va yana o‘ylab ko‘raylik, yaqin o‘tmishda dinga munosabat qanday edi? Qanchalab diniy kitoblar o‘tda yoqildi, diniy ulamolar, dindorlar qamoqqa tashlandi yoki surgin qilindi, bo‘htondan iborat ayblovlar bilan otuvga hukm etildi. o‘oyasi iymon, diyonat, ma’rifat, ma’naviyatdan iborat bo‘lgan dinimizga nisbatan sovet hukumati jaholatli siyosat yuritdi. Mustaqil bo‘lmaganimizda milliy qadriyatlarimizni tiklash, jumladan, muqaddas dinimizni xalqimizga qaytarish qayerda edi...

To‘g‘risi, kechagi va bugungi kunni qiyoslab fikr yuritsak, Mustaqillik qanday ulug‘ ne’matligini, uning oldida tiz cho‘kishimiz kerakligini yurak-yurakdan his etamiz.

Mustaqillik bizga nima berganini katta-katta iqtisodiy raqamlardan, ma’lumotlardan, oddiy odamlar tushunavermaydigan moliyaviy hisobotlardan axtarmay, oddiy kundalik hayotimizga qarab mulohaza yuritaylik, o‘ylab ko‘raylik, kechagi uy-joylarimiz qay ahvolda edi, bugunchi? Kechagi to‘ylarimiz qanday o‘tardi, bugunchi? Kecha bolalarimiz qanday maktablarda o‘qirdi, bugunchi? Ular ta’lim olish uchun dunyoning qaysi mamlakatlariga o‘qishga boraolardi, bugunchi?..

O‘zbekistonda — oldin Andijonda, keyin Samarqandda, mana, bugun Jizzaxda avtomobil ishlab chiqaradigan zavodlar qurishga kim ruxsat berardi? Ispaniyadan tezyurar poyezd olib kelib, «Afrosiyob» nomi bilan qatnovga qo‘yishimiz nari tursin, buni taklif sifatida aytishga jur’at etaolarmidik?..

Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlaridan tog‘lar osha temir yo‘li qurilishi xayolimizga kelganmidi? Angrendan Farg‘ona vodiysiga tog‘larni, qoyalarni teshib, temir yo‘l o‘tkaziladi, desak kim ishonardi? Agar o‘sha zamonda sovet davlati rahbarlariga shu bunyodkorliklar loyihalarini ko‘rsatib, qurilishga ruxsat so‘raganimizda, tasavvur qilaylik nima bo‘lardi? Yo ular aqldan ozardi, yo bizni aqldan ozganga chiqarardi...

Mustaqillik yillarida poytaxtimiz Toshkent chinakamiga dunyoning go‘zal shaharlaridan biriga aylandi. Poytaxtimizning bugungi husni-jamoli, tarovati bilan kechagi ko‘rinishi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz.

Bugun Nukus shahridan tortib, barcha viloyatlarimiz markazlari ham tamoman yangi, go‘zal qiyofaga ega bo‘ldi. Qishloqlarimizda bunyod etilayotgan zamonaviy uylar yurtimizga kelayotgan mehmonlarda ham havas uyg‘otmoqda. Bular qatoriga san’at, sport, ta’lim koshonalarini qo‘shib o‘ylab ko‘raylik, bu buyuk bunyodkorliklarga kim ruxsat berardi, kim mablag‘ berardi?...

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning «Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish — eng oliy saodatdir» asarida aytilganidek, Qoraqalpog‘iston yoki Xorazmda bitta bolalar bog‘chasi qurish uchun ham markazdan ruxsat olish kerak bo‘lgan, katta-katta idoralar eshigida sarg‘ayib, kimlarningdir qosh-qovog‘iga qarab yashashga mahkum etilgan edik.

Bu voqealar xalqimiz xotirasidan hech qachon o‘chmaydi, unutilmaydi. Sovet tuzumining tartibi, qonun-qoidalari, qaramlikning qismati shunday edi.

Mustaqilligimizning qisqa yigirma olti yilida erishilgan tarixiy yutuqlarni, buyuk bunyodkorliklarni aytib, yozib ado qilib bo‘lmaydi. Bu o‘zgarishlarni, muvaffaqiyatlarimizni dunyo ham tan olib turibdi. O‘zbekistonning 2014 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan davrda yillik o‘sish darajasi eng yuqori davlatlar orasida 5-o‘rinda qayd etilgani ham buning tasdig‘idir. O‘zbekiston «Butunjahon baxt indeksi»ning yangi reytingida 158 mamlakat orasida 44-pog‘onada, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar orasida esa birinchi o‘rinda qayd etildi. Yaqinda esa dunyoning qator nufuzli xalqaro tashkilotlari, tadqiqot institutlari tomonidan e’lon qilingan Baxtiyorlik va xushkayfiyatlilik indeksiga ko‘ra, 142 mamlakat orasida O‘zbekiston 3-o‘rinni, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida 1-o‘rinda turishi e’tirof etildi!

O‘ylaylik, bundan atigi yigirma olti yil ilgari qaramlikda yashagan, tunu kun qora mehnat qilib, kosasi oqarmagan, haq-huquqlari oyoq osti qilinib, qatag‘on azoblariga solingan xalqimiz bugun dunyoning eng baxtiyor va xushkayfiyat uch xalqidan biri, deb tan olinmoqda!

Bu baho qaysi mezonlarga ko‘ra, berilmoqda? Mamlakatimiz iqtisodiyoti tez rivojlanib, xalqimiz turmushi obod bo‘lib borayotgani, fuqarolarimiz huquqlari tobora mustahkam himoya qilinayotgani, tinchlik-osoyishtalik barqarorligi tufayli ana shunday yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘layapmiz.

Bugun esa baland ruh, katta g‘ayrat-shijoat bilan yanada yuksak marralarni ko‘zlayapmiz. Maqsadimiz — mamlakatimizni modernizatsiya qilish, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash, O‘zbekistonimizni dunyoning eng ilg‘or davlatlari qatoriga tezroq olib chiqish...

Bunday keng ko‘lamli, ulug‘vor ishlarni kim bilan, qanday amalga oshiramiz?

Qarorda alohida qayd etildi: Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. Xalqimizning mardligi, olijanobligi, donoligi tarix sinovlaridan o‘tgan, mustaqilligimizning dastlabki yillaridagi o‘ta keskin, murakkab sharoitlarda yana bir bor namoyon bo‘lgan. Og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, yovuz kuchlarning hurujlari, fitnalaridan shoshib, yo‘limizni yo‘qotmadik, chekinmadik, bo‘yin egmadik. Dadil va qat’iy turib, bir tan, bir jon bo‘lib, mustaqillikni asradik, mustahkamladik.

O‘sha tahlikali kunlarda, o‘ylanmay aytilgan bir og‘iz so‘z, noto‘g‘ri tashlangan birgina qadam bilan olov chiqib ketishi mumkin bo‘lgan paytlarda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning donishmandligi, xalqimizning yuksak madaniyati, ma’naviyati, birligi yurtni falokatlardan, fojialardan asrab qoldi. O‘zaro hurmat-izzat, mehr-oqibat, bag‘rikenglik balo-qazolarni bizdan uzoqlashtirdi.

Qarorda muhim masalalardan biri sifatida Ma’naviyat — eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz deya ta’kidlanayotgani ham chuqur ma’noga ega. Mustaqillik yillarida mustahkam ishonch hosil qildik, yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch ekaniga. Jamiyatimizning mustahkamligi ham aslida xalqimiz ma’naviyati bilan bog‘liq. Jaholatga qarshi kurashda ham ma’naviyat, ma’rifat qurolimiz, qalqonimiz bo‘lmoqda.



Mustaqillik haqida fikr yuritganda, yurt qadrini o‘ylaganda, ajdodlarimizdan bizga qolgan eng katta meros — shu aziz Vatan ekanligini anglaganda, bu muqaddas zaminda bobolarimiz, momolarimiz, ulug‘ ajdodlarimiz yotganini, bu yurtdan o‘zga borar makonimiz yo‘qligi va bo‘lmasligini ham his etganda, idrok etganda, yuraklarimizni titratib, qalblarimizdan otilib, bir nido keladi: Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!
Download 41 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling