Dialektika kategoriyalari yakkalik (ayrimlik) xususiylik va umumiylik kategoriyalari - Falsafa kategoriyalari muayyan fanlarning kategoriyalaridan ancha farq qiladi. Bu farq shundan iboratki, dialektika kategoriyalari ob'ektiv dunyo hodisalari turkumlarining muhim xossalari va aloqalarinigina emas, balki barcha moddiy jarayonlarga xos bo‘lgan eng umumiy xossalar va aloqalarni aks ettiradi. Shunday qilib, dialektika kategoriyalari ob'ektiv dunyoni ideal aks ettirishning o‘ta keng shakllari bo‘lib, ular voqyelikni bilish va ma'naviy-amaliy o‘zgartirishning asosiy tamoyillari bo‘lib xizmat qiladi.
- Ba'zi hollarda umumiy kategoriyalar, ya'ni borliq kategoriyalari dialektika kategoriyalari deb ham nomlanadi. Dialektika kategoriyalarini ikki turga ajratish mumkin: substansion kategoriyalar va munosabatdosh kategoriyalar. Substansion kategoriyalar – bu boshqa kategoriyalardan qat'iy nazar, alohida-alohida qo‘llaniladigan kategoriyalar. Bunday kategoriyalar qatoriga «borliq», «materiya», «harakat», «rivojlanish», «makon», «vaqt », «ziddiyat» va hokazolar kiradi. Ular ob'ektiv voqyelikning muayyan umumiy xossalarini qayd etadi, lekin bu kategoriyalarning boshqa kategoriyalar bilan aloqalari haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini bermaydi.
- Munosabatdosh kategoriyalar biri ikkinchisi bilan uyg‘un bog‘liq bo‘lib, bilish jarayonida biri ikkinchisini nazarda tutadi; ularning biri haqida tasavvur hosil qilganda boshqasini hisobga olmaslik mumkin emas. Bunday kategoriyalar qatoriga quyidagilar kiradi: yakkalik va umumiylik; hodisa va mohiyat; shakl va mazmun; qism va butun; sabab va oqibat; tasodif va zaruriyat; imkoniyat va voqyelik.
- Biz munosabatdosh kategoriyalarni batafsilroq ko‘rib chiqamiz.
- Umumiylik, yakkalik, xususiylik kategoriyalari borliq narsalari va hodisalarining nisbatan mustaqilligi, ularning rang-barangligi va birligining in'ikosidir.
- Kundalik hayotda biz «yakka», «xususiy», «umumiy» tushunchalarini ko‘p ishlatamiz va ularning mazmuni bizga ba'zan oydek ravshan bo‘lib tuyuladi. Ammo mazkur tushunchalar bilan ifodalanadigan predmet yoki predmetlar turkumini topishga harakat qilganimiz zahoti katta qiyinchiliklarga duch kelamiz. Masalan unga ikkita bolaning suhbatini asos bo‘lishi mumkin:
- - Umringda hyech qushni ko‘rganmisan?
- - Ha, ko‘rganman. Mana u (kanareykaga ishora qiladi).
- - E, bu qush emas, kanareyka-ku. Kanareykani ham sen hyech qachon ko‘rmagansan. Sen faqat bitta kanareykani, bizning kanareykamizni ko‘rgansan.
- Sog‘lom fikr kanareykada qushni ko‘rgan bola u hyech qachon qushni ko‘rmaganini aytayotgan boladan ko‘proq haq ekanligidan dalolat beradi. Ammo umuman qush, meva, daraxtini ko‘rganini kim uzil-kesil qayd eta oladi? Biz bu qush, bu daraxt, bu mevani o‘z tajribamizda ko‘rganimiz hyech qanday shubha uyg‘otmaydi. Umumiy tushunchalar amalda ob'ektiv mazmunga ega yoki ega emasligi falsafa tarixida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan. Umumiy tushunchalar tabiati masalasi atrofida bahs o‘rta asrlardan beri davom etib keladi. Umumiy tushunchalar amalda mavjudmi? Nima haqiqiy borliq hisoblanadi – yakkalikmi yoki umumiylikmi? Umumiylik va yakkalik munosabati hodisalar xossalarining emas, balki hodisalarning munosabati sifatida qaraladigan darsliklarga hozir ham duch kelish mumkin. Xo‘sh, bugungi kunda falsafada mazkur masala qanday yechilmoqda?
Do'stlaringiz bilan baham: |