Generativ va vegetativ organlar


Download 91 Kb.
Sana07.03.2023
Hajmi91 Kb.
#1247989
Bog'liq
Generativ va vegetativ organlar


Generativ va vegetativ organlar

Reja:

1.Ildiz, uning tuzilishi va vazifasi.
2.Ildiz metamorfozi va uning anatomik tuzilishi.
3.Poya, uning morfologik tuzilishi va tiplari.
4.Novda, uning morfologik tuzilishi va metamorfozi.
5.Generativ organlarning kelib chiqishi.
6. Gulning tuzilishi.
7. To`pgullar va ularning klassifikatsiyasi.

O`simliklar morfologiyasi fani gulli o`simliklarda 3 ta asosiy organ bor deb hisoblaydi. Bular: ildiz, poya, barg. Boshqa organlar esa, jumladan gul, tikan, gajak, kurtak, mevalar yuqoridagi organlardan shakli o`zgarishi natijasida kelib chiqqan.


Yuksak o`simliklarning organlari bajaradigan vazifasiga qarab vegetativ va generativ organlarga bo`linadi. Vegetativ organlar o`simliklarni oziqlantirish, assimilisiya, gaz almapshnuvi va boshqa vazifalarni, generativ organlar esa jinsiy ko`payish vazifasini bajaradi.
Vegetativ organlarning tuzilishidagi asosiy qonuniyatlardan biri qutblilikdir. Uning mohiyati shundan iboratki, o`simlikning uchki va quyi qismi morfologik va fiziologik jihatdan farq qiladi. Shu sababli u faqat uchiga qarab o`sadi. Qalamcha erga qo`yi qismi bilan ekiladi.
Ikkinchi asosiy qonuniyat bu o`simlik organlarining simmetrik bo`lishidir. Ya`ni o`simliklarning bir xil qismlari gruppada mutanosib joylashadi. Ko`pchilik hollarda radial simmetriya uchraydi. Bunda silindrsimon poya va sharsimon meva aylanasining barcha graduslari bo`ylab tekislik o`tkazilgan deb faraz qilsak, bu tekisliklar ularni teng qismlarga bo`ladi.
Bilateral simmetriyada esa o`simlik organi bo`ylab faqat ikkita o`zaro perpendikular tekislik o`tkazish mumkin. Masalan, yong`oq va bodomning mevasida.
Monosimmetriyada esa bir o`simlik yoki uning organidan faqat bitta simmetrik tekislik o`tishi mumkin. Ba`zi o`simliklar tanasidan gullarni simmetrik qismlarga ajratadigan birorta ham tekislik o`tkazib bo`lmaydi, ular assimmetrik tuzilgan bo`ladi.
Evolusiya jarayonida o`simliklarning turli organlari har xil vazifani bajarib, shunchalik metamorfozlashib ketadiki, hatto ularni ilgarigi holatini aniqlash juda qiyin bo`ladi. Masalan, gulning tojbarglari, no`xatning gajaklari o`zgargan bargdir. Tokning gajaklari esa o`zgargan novdadir. Shunday qilib, tashqi ko`rinishdan bir-biridan keskin farq qilib, kelib chiqishi bir xil bo`lgan organlar gomologik organlar deyiladi.
Analogik organlar esa tashqi tomonidan bir-biriga o`xshash bo`lishi va bir xil funksiya bajarishi mumkin, lekin kelib chiqishi har xil bo`ladi. Analogik organlardan zirk va do`lananing tikani bir-biriga o`xshaydi va bir xil vazifani bajaradi, lekin kelib chiqishi har xil.
Bir xil ekologik sharoitda yashaydigan turli xil sistematik guruhlarga mansub o`simliklarda o`xshash belgilar paydo bo`ladi. Masalan, quruq iqlim sharoitida o`sadigan amerika kaktuslari va afrika sutlamaguli morfologik jihatdan bir-biriga o`xshashdir yoki O`rta Osiyo sahrolarida o`suvchi torondoshlar oilasining vakili qandim, sho`radoshlar oilasining vakili sho`raning tashqi belgilari bir-biriga o`xshash bo`ladi. Shunday qilib, turli sistematik guruhlarga mansub o`simliklarni bir xil sharoitda yashashi oqibatida o`xshash morfologik belgilar hosil qilishi konvergensiya deyiladi.
Evolusiya jarayonida dastlabki ahamiyatini yo`qotgan va batamom yo`qolib ketish oldida turgan organlar rudimentlar deyiladi. Masalan, sahroda o`sadigan saksovulning barglari kam suv bug`latishga moslashish natijasida reduksiyalashib, yupqa tangachalarga aylangan.
O`simliklar olamida ko`pincha korrelyasiya hodisasini kuzatish mumkin. Uning mohiyati shundan iboratki, o`simliklar bir organinint rivojlanishi ikkinchisiga juda bog`liq bo`ladi. Masalan, daraxt va butalar shoxidagi yon kurtaklar faqat ikkinchi yilda normal rivojlanadi, agarda poyadagi barg yulib tashlansa, kurtaklar shu yilning o`zidayoq rivojlanib, yangi novda hosil qilishi mumkin. Paxtachilikda g`o`zani chilpish ana shunga asoslangan.
ILDIZ, UNING TUZILISHI VA VAZIFASI. O`simlik hayoti uchun ildiz qo`yidagi muhim vazifalarni bajaradi:
o`simlik ildiz orqali suv va unda erigan mineral moddalarni shimib oladi;
u o`simlikni tuproqda tutib turadi va uni shamol va boshqa mexanik ta`sirlarga qarshi chidamli qiladi;
ildizda zapas oziq moddalar to`planadi;
vegetativ ko`payish uchun xizmat qiladi;
tuproqdagi mokroorganizmlar bilan simbioz aloqada bo`ladi.
Kelib chiqishiga ko`ra ildizlar asosiy va yon ildizlarga bo`linadi. Dastlab asosiy ildiz, keyin esa atrofga taralib yon ildizlar chiqadi. Ular asosiy ildizga perpendikulyar yoki ma`lum burchak ostida joylashishi mumkin. O`z navbatida yon ildizlar ham shoxlanib birinchi tartibli, ular ham shoxlanib ikkinchi tartibli ildizlar chiqadi va hokazo.
Qo`shimcha ildizlar deb ataluvchi ildizlar esa asosiy va yon ildizlardan emas, balki, poyadan, hatto barglardan ham chiqadi. Bunday ildizlar o`simliklar yer ustki organlarining biror qismi nam tuproqqa ko`milib qolganda hosil bo`ladi. Masalan, makkajo`xori, tok, qandimda uni tez-tez kuzatish mumkin. Begoniyaning barglari ham qo`shimcha ildiz chiqaradi.
Ildizlar tashqi ko`rinishiga qarab o`q ildiz va popuk ildizga bo`linadi.
O`q ildizlarda asosiy ildiz yaxshi rivojlanib, erga chuqur kirib boradi. G`o`za, yantoq, beda kabi o`simliklarning ildizi bunga misol bo`la oladi.
Popuk ildizlar ham asosiy ildiz o`sishdan to`xtagandan keyin hosil bo`lgan juda ko`p qo`shimcha ildizlardan iborat. Bu tipdagi ildizlar aksariyat holda bir pallali o`simliklar, xususan g`alladoshlarda uchraydi.
Bulardan tashqari ildizning boshqa shakllari, masalan, ipsimon, duksimon, piyozboshsimon, konussimon kabilari ham uchraydi. Lavlagi, sabzi, turp kabi ildizmevalarning ildizi ana shunday ildiz.
Ba`zi ko`p yillik o`simliklar yon ildizlarida qo`shimcha kurtak hosil qilish qobiliyatiga ega bo`lib, keyinchalik bu kurtaklardan ildiz bachkilari deb ataladigan yangi yer ustki poyalari o`sib chiqishi mumkin. Bular odatda gilos, terak, akasiya kabi daraxtlarda kuzatiladi.
Ildizning poyadan ajralib turadigan belgilaridan biri unda barglar bo`lmaydi. Ildizlarning uchida ildiz qini bo`lishi ham ular uchun juda xarakterlidir. Yosh ildiz uchidan biroz yuqoriroqda epidermis hujayralari o`simtalari bo`lgan ildiz tukchalari bilan zich qoplangan. Ildiz tukchalarining vazifasi tuproqdan suv va oziq moddalarni so`rishdir. Shunday tukchalarning borligi ildizning so`ruvchi yuzasini 5-10, hatto 30-40 barobar oshiradi. Ildiz tukchalari suv va botqoq o`simliklarda , tekinxo`r o`simliklarda deyarli bo`lmaydi.
Ildiz sistemasini uzunligi turli o`simliklarda turlichadir. Masalan, karamda 1,5 m, bedada 2 m, yong`oqda 20 m, yantoqda undan ham ortiq bo`ladi.
Ildiz sistemasining umumiy uzunligi ham turlichadir. G`alla o`simliklarida 500-600 m bo`lgani holda bug`doy ildiz tuklarining jami uzunligi 20 km ga etadi. Qovoq ildizlarining jami uzunligi taxminan 25 km bo`lib, ular har kuni o`rta hisobda 300 m ga o`sadi.
1866 yilda rus olimi M. S. Voronin dukkakli o`simliklar ildizlarida tuganaklar shaklidagi shishlar borligini aniqladi. Keyinchalik ularning po`stloq parenximasi to`qimalariga alohida bakteriyalar kirib yashashi aniqlandi. Bu bakterilar tuproq va o`simliklar tuganagiga kirgan azotni o`zlashtiradilar, bakteriyalar nobud bo`lgach, o`zlashtirilgan azot to`proqda qoladi va hosildorlikni oshirish uchun xizmat qiladi.
Shuningdek tuproqda yashovchi zamburug`lar ham gifalari bilan ildiz yuzasini, hatto hujayra oraliqlari va bo`shliqlarini egallab oladi. YUksak o`simliklar va zamburug`larning bu xilda birga yashashi mikoriza (gr.– “mikos” – zamburug`, “ridza” ildiz) deyiladi. Mikorizaning aqamiyati shundan iboratki, zamburug`lar qiyin eriydigan ba`zi zapas oziq moddalarni parchalash va eritishga yordam beradi. Shuningdek ildizning shimish qobiliyatini oshiradi, ularni vitaminlar bilan, ba`zan azot bilan ta`minlashga yordam beradi. Zamburug`lar o`z navbatida ildizlardagi uglevodlar bilan oziqlanadi.
Mikorizaning mohiyati birinchi bo`lib rus olimi Kamenskiy tomonidan ochilgan bo`lib, bunday simbioz zamburug` uchun ham, yuksak o`simlik uchun ham foydali ekanligini ko`rsatib bergan.
ILDIZ METAMORFOZI VA UNING ANATOMIK TUZILISHI. Bir qancha o`simliklarning ildizlari o`z faoliyatlari davrida metamorfozga uchrab, oziq moddalar to`playdigan joy bo`lib xizmat qiladi. Shu munosabat bilan ular yo`g`on va etli bo`ladi. Ularning bir necha xili mavjud.
1. Ildizmevalar. Asosiy ildiz o`z shaklini o`zgartirib, yo`g`onlashadi va o`zida zapas oziq moddalarni to`playdi, Bunga sabzi, sholg`om, turp, rediska, petrushkalar kiradi.
2. Ildiz tuganak asosiy ildizlardan tashqari yon va qo`shimcha ildizlar ham metamorfozga uchrashi mumkin va oziq moddalari saqlanadigan yo`g`on joy ildiz tuganaklari yoki ildiz g`uddalari deyiladi. Ular qishni o`tkazish uchun emas, balki , vegetativ ko`payish uchun xizmat qiladi. Bularga kartoshkagul, eryong`oq;, batat kabi o`simliklarning ildiz tuganaklar misol bo`ladi.
3. Tayanch ildizlarni poyadan chiqqan qo`shimcha ildizlar hosil qilib, ular poyani tik tutib turish uchun xizmat qiladi. Bunday ildizlarni makkajo`xori, oqjo`xorida kuzatish mumkin.
4. So`rgich ildizlar. Tekinxo`r o`simliklarda xlorofill donachalari bo`lmaganligi sababli ular boshqa o`simliklarning oziq moddalari hisobiga yashaydilar. Bunday o`simliklarda asosiy ildizlar o`rnida so`rg`ich ildizlar bo`ladi. Bu xildagi ildizlar zarpechak va shumg`iyada uchraydi.
5. Havo ildizlari. Bu xildagi ildizlar tropik o`simliklarda uchrab, uning poyasidan ildizlar chiqib havoda ochilib turadi va undagi suv bug`larini o`zlashtiradi. Masalan, monstera o`simligi ildizi.
6. Nafas oluvchi ildizlar. Botqoqliklarda o`sadigan ayrim o`simliklar, masalan, botqoq sarvida ildizga qo`shimcha kislorod kerak bo`lganda ular nafas oluvchi ildizlarni hosil qiladi.
Ildizlar bajaradigan vazifasiga qarab har xil to`qimalardan tashkil topgan bo`lib, ular ildiz uchidan boshlab ma`lum tartibda joylashgan bo`ladi. Ildizning uchi, odatda ildiz qini bilan qoplangan bo`ladi va parenximatik hujayralardan iborat bo`ladi. Hujayralarning po`sti yupqa, tashqi tomoni shilimshiqdir. Bu esa tuproq zarrachalari orasida o`sayotgan ildizning harakatlanishini osonlashtiradi.
Ildiz qinining ustida uning o`sish nuqtasi yoki konusi joylashgan. O`sish konusining hujayralari bir xil meristema hujayralaridan iborat. SHu hujayralarning uzluksiz ketma-ket ajralishi natijasida aktiv bo`linadigan birlamchi meristema hosil bo`lib, ildizni o`stiruvchi va uning orqasida ko`plab bo`linadigan mayda meristema hujayralarini qoldiradi. Ularning to`plami bo`linish zonasi deb ataladi. Keyinroq meristema hujayralaridan cho`ziq va ingachka hujayralar gruppasi ajralib chiqadi va ular o`sish konusidan bir muncha yuqori (1-1,5 mm) joylashadi. Ular o`sish yoki cho`zilish zonasini tashkil etib, hujayralar bo`linishdan to`xtaydi. Ildizning birlamchi gistologik elementlari paydo bo`lishi bilan uning uchinchi zonasi boshlanib, so`rish zonasi deyiladi. Ildizning bu zonasidagi epiblema hujayralarining bir qismi tashqi tomonga bo`rtib o`sadi va tukchalar hosil qiladi. Ular suv va mineral moddalarni so`rish uchun xizmat qiladi. Ildiz tukchalarining umri juda qisqa bo`lib, birin-ketin yangi tukchalar hosil bo`laveradi. Har bir tukcha 10-20 kungacha yashaydi. Ba`zilari esa yog`ochlanib 2 yilgacha so`rish qobiliyatini yo`qotmaydi. Ildizning shu zonadan yuqori qismi o`tkazish zonasi deyilib, undan yon ildizlar chiqadi. Ularda ikkilamchi tuzilgan elementlar paydo bo`lib, o`tkazish vazifasini bajaradi.
POYA, UNING MORFOLOGIK TUZILISHI VA TIPLARI. Poya o`simlikning yer ustidagi bargsiz, kurtaksiz qismi bo`lib, bargni ildiz bilan morfologik va funksional bog`laydi. Uning asosiy vazifasi o`simlik shox-shabbasini ko`tarib tutib turish va suv hamda unda erigan mineral moddalarni ildizdan barglarga, bargda hosil bo`lgan organik modalarni ildizga o`tkazishdan iborat. U ba`zan suv va zapas oziq moddalarni to`plovchi ombor vazifasini ham bajaradi. Shuningdek poya nafas oluvchi organ ham hisoblanadi. Ayrim o`simliklarda esa assimilisiya va vegetativ ko`payish vazifasini ham bajaradi.
Har xil o`simliklar poyasining shakli va uzun-qisqaliga juda xilma-xil bo`ladi. G`alladoshlarning yumaloq va ichi bo`sh poyasi poxol poya deyiladi. Labguldoshlarning poyasi to`rt qirrali, qiyoqlarniki uch qirrali va hokazo. Ko`pchilik o`simliklarda poya tik o`sadi. Bular aksariyat daraxtlar va ayrim o`t o`simliklari – g`o`za, beda singarilarda uchraydi. Ba`zi poyalar yer bag`irlab o`ralib, chirmashib o`sadi. Masalan, qovun, tarvuzlarda. Daraxt o`simliklarda chirmashib o`suvchi poyalilari lianalar deyilib, ular tropik o`rmonlarda ko`proq o`sadi. Ularning uzunligi 300 m gacha etadi. Barcha lianalarning poyasida etarli miqdorda mexanik elementlar bo`lmaganligidan, ularga tayanch kerak. Shu sababli o`zlariga turli yo`llar bilan tayanch topadi.
Lianalar poyasi bilan chirmashib olishidan tashqari, ularda boshqa moslamalar, masalan, tayanchga o`raladigan jingalaklar (tokda), turli xil ilmoqlar (chirmashuvchi atirgulda) va soxta qo`shimcha ildizlar ham bor. O`simliklar poyasining sirti ham xilma-xil. Masalan, makkajo`xorida ular tuksiz, yalpizda mayin tukli, atirgulda dag`al tukli va tikanli bo`ladi.
Poyalarning uzun-qisqaligi ham turlicha. Ayrim o`simliklarda ular bir necha mm bo`lgani holda, qarag`ayda 50 m, oqqarag`ayda 70 m, sekvoyya dendronda 135 m, evkaliptda 150 m gacha etadi. Shuningdek, poyaning yo`g`onligi ham turli-tuman. Zarpechak poyasi bir necha mm, chinorniki 5-6 m, Afrikada usuvchi boabab daraxtiniki 10-12 m, sekvoyya dendronniki 13 m gacha bo`ladi.
Poyasining tipi va hayotining uzun-qisqaligiga qarab, barcha gulli o`simliklar: daraxt, buta, chala buta va o`t o`simliklarga bo`linadi. Daraxtlarning asosiy tanasi yaxshi rivojlangan va yog`ochi ikkilamchi tartibda yog`ochlanib yo`g`onlashgan ko`p yillik o`simliklardir. SHuningdek, shox-shabbasi yaxshi rivojlangan bo`ladi. Daraxtlarning umri ko`pchiligida 200-300 yil bo`lgani holda, ayrimlarida o`nlab asrlarga etadi. Xususan, eman 1500, sarvi va savr daraxtlari 3000, boabab 5000, sekvoyya dendron ayrim manbalarda 8000 yil yashashligi ko`rsatilgan.
Butalar ham ko`p yillik o`simlik bo`lib, ularning ham tanasi ikkilamchi tartibda yo`g`onlashgan, lekin daraxtlardan farqli ravishda tanasi bir nechta bo`ladi. Ular yer yuzasidan boshlaboq shoxlaydi va bo`yi 4-5 m dan oshmaydi. Bodom, siren, na`matak , zirk, uchqat butalarga misol bo`ladi. Bo`yi 1 m dan oshmaydigan butalar ham bo`lib, ular butacha deb yuritiladi. Boyalish, teresken kabi O`rta Osiyo cho`llarida o`sadigan o`simliklar butachalarga misol bo`ladi.
Generativ organlarning vazifasi o`simliklarni jinsiy ko`payishiga xizmat qilishdir. Evolyutsiyaning dastlabki bosqichlarida generativ organlar vazifasini bir xujayrali gameta bajargan bo`lsa yuksak o`simliklargacha ma`lum evalyutsion bosqich bosib o`tilgan. Kanyugatlar, diatom suv o`tlari, bazidiyaali zamburug`larda jinsiy ko`payish organi yo`q. Saprolegniya zamburug`ida ogoniy va anteridiy hosil bo`lgan bo`lsa, xaltachali zamburug`lar, lishayniklarda arxegoniy hosil bo`ladi. Moxsimonlarda, paporotniklarda jinsiy ko`payishga xizmat qiluvchi arxegoniy va anteridiy hosil bo`lgan.
Gul yuksak o`simliklar uchun xos bo`lib evalyutsion taraqqiyotning sungi bosqichida vujudga kelgan. Gul - shakli o`zgargan, o`sishi chegaralangan spora hosil qilishga xizmat qiladigan organ hisoblanadi. Gulning taraqqiyoti natijasida changlanish jarayonidan keyin otalanish natijasida tuxum xujayrasi rivojlanib urug` va meva hosil bo`ladi.
2. Gul kelib chiqishiga ko`ra o`zgargan novda bo`lganidan barg va poya kelib chiqish xususiyatiga egadir. Poya qismiga gul bandi va gul o`rni kirsa barg kelib chiqishiga ega bo`lgan qismlariga gulkosabarg gultojibarg, urug`chi va changchilar kiradi.
Yuqoridagi qismlar o`ziga xos vazifani bajarish xususiyatiga ega. Gul bandi poyaning davomi bo`lib, ayrim o`simliklarda o`z rivojlanishini tezda to`xtatsa (olma, o`rik, shaftoli) ko`pchilik o`simliklarda meva pishgungacha o`sishni davom etiradi.
Gul urnida barcha gul qismlari joylashgan bo`ladi. Ulvarning joylanishiga qarab gullarni uch guruhga bo`lish mumkin.

Siklik gullarda gul qismlari doira hosil qilib joylashadi. Doiralar soni ayrim gullarda 1 ta bo`lsa ayrimlarida 16 tagacha bo`ladi. bunday gullar sabzi gulini tuzilishida yaxshi ifodalangan.


Atsiklik gullarda gulkosa va gultojibarglar speral hosil qilib joylashadi. Masalan: Magnoliyada.
Gemitsilik gullarda gulkosa va gultojibarglar doira hosil qilib joylashsa, changchi va urug`chilar speral hosil qiladi. Masalan: ayiqtovon gulida. Gul o`rnida gul qismlarning joylanishi ma`lum qonuniyatga amal qiladi. Gulkosa va gultojibarglar gulni muhafoza qilishga xizmat qilsa, changchilar yigindisi androtseyni, urug`chilar yigindisi ginetseyni hosil qiladi.
Gulkosa va gutojibarglar gul qavatlarini tashkil qiladi. gulda ham gulkosa, ham gultoji bargi bo`lsa ikki qavatli, gulda yoki gulkosacha yoki gultoji barg bo`lsa bir qavatli gullar deyiladi.
Bir qavatli gullar ayrimlari gulkosabargli (lavlagi, shavel) va gultojibargli (lola) bo`ladi.
Gultojibarglar - gulning ikkinchi qoplamini hosil qiladi. Ularning rangi xromoplastalar va xujayra shirasi pigmentlarga bog`liqdir. Xujayra shirasi tarikibidagi axtotsian va antoxlor pigmentlari kislotali va ishqoriy muhitga bog`liq holda o`z rangini nomoyon qiladi. Gul tekisligi tuzilishiga qarab gullarni 3 guruhga ajratish mumkin.


ADABIYOTLAR:

Burigin I. A., Jongurazov F. X. Botanika. Toshkent, “O`qituvchi”, 1977.


Васильев А. И. и другие. Ботаника: морфология и анатомия растений. М., “Просвещение”, 1988.
Жуковский П. М. Ботаника. М., 1982.
Тихомиров Ф. К. Ботаника. М., 1968.
Хржановский И. Г., Пономаренко С. Ф. Ботаника. М., “Колос”, 1988.
Хржановский И. Г. Курс общей ботаники. ч. 1, М., 1982
Hamdamov I. va boshq;- Botanika asoslari. Toshkent, “Mehnat”, 1990.
Download 91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling