Гидрологик прогнозлар ва уларни таснифлаш масалалари


Download 39.49 Kb.
Sana14.05.2023
Hajmi39.49 Kb.
#1460514

Gidrologik prognozlar va ularni tasniflash masalalari


Suv - Yer sharida inson hayoti uchun zarur bo`lgan bebaho ne`mat. Suvsiz borliqni tasavvur qilib bilmaydi. Shu sababli mamlakatimiz xalq xo`jaligi tarmoqlarini barqaror rivojlantirish maqsadida gidrologik prognozlarning zamonaviy usullarini ishlab chiqish va uni amaliyotga tadbiq etish gidrologiya fanining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Gidrologiyaning asosiy qismlaridan biri- gidrologik prognozlar fanining vazifasi turli tabiiy geografik sharoitlarda kechadigan gidrologik jarayonlarning oqibatlarini oldindan baholash usullarini ishlab chiqish va ularni tabiiy gidrologik qonuniyatlar nuqtai nazaridan asoslashdir.
Hozirgi kunda amaliyotda qo`llanilayotgan gidrologik prognozlarni quyidagi holatlarni e`tiborga olib, guruhlarga ajratish, ya`ni tasniflash mumkin:
1.Prognoz qilinadigan hodisalar turiga bog`liq holda;
2. Prognoz asoslanadigan tabiiy-geografik va gidrometeorologik qonuniyatlarga bog`liq holda;
3. Prognoz muddatiga bog`liq holda;
4.Prognoz qilinadigan xudud maydoniga bog`liq holda.
Prognoz qilinadigan hodisalar turiga bog`liq holda gidrologik prognozlar quyidagi ikki kichik guruhga bo`linadi:
a) suv rejimi elementlari (suv sathi, suv sarfi, suv harorati va boshqalar) prognozi;
b) muzlash hodisalari (boshlanishi, tugashi, umumiy davom etishi, qalinligi) prognozi.
Prognoz asoslanadigan tabiiy-geografik va gidrometeorologik qonuniyatlarga bog`liq holda esa quyidagi kichik guruhlar bir-biridan farqlanadi:
a) o`zanda kechadigan jarayonlar qonuniyatlariga asoslanadigan gidrologik prognozlar (moslashgan suv sathlari, o`zandagi suv zahiraliri), bunda asosan gidrometrik ma`lumotlardan foydalaniladi;
b) havzada kechadigan gidrometeorologik hodisalar qonuniyatlariga asoslanadigan prognozlar (atmosfera yog`inlari, qor qoplami qalinligi va suvliligi, tuproq namligi, yer osti suvlari zahirasi). Bunday gidrologik prognozlarda meteorologik, gidrologik va gidrogeologik ma`lumotlardan foydalaniladi;
v) atmosfera sirkulyatsiyasi qonuniyatlariga asoslanadigan gidrologik prognozlar. Bunda sovuq yoki issiq kunlar boshlanishiga bog`liq holda muzlash yoki qor erishining boshlanishi hisobga olinadi, bu prognozlarda ko`proq meteorologik ma`lumotlar va sinoptik kartalardan foydalaniladi. Shu tufayli, ular ba`zan gidrosinoptik pronozlar deb nomlanadi. Ta`kidlash joizki, gidrosinoptik prognozlarni tayyorlashda yuqoridagi guruhlardan birgalikda foydalanish ijobiy natija beradi.
Gidrologik prognozlar muddati deyilganda prognoz berilgan kun (vaqt)dan gidrologik hodisa kuzatilgan kun (vaqt) gacha bo`lgan oraliq tushuniladi. Gidrologik prognozlar muddatiga bog`liq holda quyidagi uch kichik guruhga ajratiladi:
a) qisqa muddatli gidrologik prognozlar (bir kundan ikki haftagacha);
b) uzoq muddatli gidrologik prognozlar (oy, kvartal, vegetatsiya davri, yarim yillik);
v) o`ta uzoq muddatli gidrologik prognozlar (yil, ko`p yil).
Daryolarning suv sathi va suv sarfi o`zgarishlari GES lar va suv omborlariga quyiladigan suv miqdori ko`pchilik hollarda qisqa muddatli prognoz qilinadi. Daryolarning oylik, mavsumiy va vegetatsiya davri oqimi miqdorini oldindan aytish uzoq muddatli gidrologik prognozlarga misol bo`ladi.
Daryolar suvidan samarali foydalanish, yirik suv inshootlarini loyihalash bilan bog`liq bo`lgan ko`pgina amaliy masalalarni hal etishda daryolar oqimining yillararo davriy (siklli) o`zgarish qonuniyatlarini bilishga ehtiyoj seziladi. Shu qonuniyatlar asosida o`ta uzoq muddatli gidrologik prognozlar ishlab chiqiladi.
Gidrologik prognozlar xudud maydoniga ko`ra quyidagi kichik guruhlarga bo`linadi:
a) mahalliy (lokal) gidrologik prognozlar;
b) nisbatan yirik xududlar uchun tayyornanadigan regional prognozlar;
v) global gidrologik prognozlar.
Mahalliy (lokal) gidrologik prognozlar aniq joy yoki daryo havzasi uchun beriladi. Regional gidrologik prognozlar esa yirik daryolar havzalari, yirik ma`muriy xududlar yoki regionlar uchun ishlab chiqiladi. Masalan, kutilayotgan vegetatsiya davrida O`rta Osiyo daryolari suvining ko`p yoki kam bo`lishini oldindan aytish regional gidrologik prognozlarga misol bo`ladi. Global gidrologik prognozlarda esa butun Yer sharida kechadigan gidrologik jarayonlar nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, gidrologik prognozlarning xalq xo`jaligining barcha jabhalarida suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishda ilmiy va amaliy ahamiyati beqiyosdir.
Download 39.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling