Guliston bit-turkiy
Download 32.28 Kb.
|
Guliston bit-turkiy
4- mavzu. XIII-XV asrlar adabiyotining xususiyatlari. Sayfi Saroyi “Guliston bit-turkiy” asarida an’ana va ijodiylik XIII-XV asrlar adabiyotining xususiyatlari. Sayfi Saroyi “Guliston bit-turkiy” asarida an’ana va ijodiylik. (2 soat) REJA: XIII asr va XIV asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va adabiy hayot. Ijtimoiy-siyosiy hayotda yuz bergan o’zgarishlar Pahlavon Mahmud hayoti va ijodiy merosi haqida. Sayfi Saroyi hayoti va ijodiy merosi. «Suhayl va Guldursun» dostoni. Dostonnig badiiy xususiyatlari Mavzuga oid tayanch tushunchalar. Chingizxon. Muhammad Xorazmshoh. Jaloliddin Manguberdi, Temir Malik. Najmiddin Kubro ibrati. «Guldursun» rivoyati. Mahmud Tarobiy. Xisrav Dehlaviy. Badriddin Chochiy. Muhammad Avfiy. Jaloliddin Rumiy. Mulamma’-shiru shakar. «Qisasi Rabg’uziy». Nosuriddin To’qbug’abek. «Qissasi Odam – safiy alayhissalom». Sulaymon qissasi. Sulaymon va qarinchqa. Luqmoni hakim. Sulaymon va Bilqis. Sulaymon uzugi. Sulaymon taxti. Pahlavon Mahmud. Puryoyvaliy. Qitoliy. »Kanzul- haqoyiq». 24.Javonmardlik. XIII asr va XIV asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va adabiy hayot. XIII asrning ilk choragida Chingizxon boshchiligida mug’ul qo’shinlari tomonidan O’rta Osiyoning istilo qilinishi o’lka xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va adabiy-madaniy taraqqiyotiga berilgan yirik zarba sifatida tarix sahifalaridan o’rin oldi. XII asrning II yarmida vujudga kelgan Xorazm davlati XIII asr boshlarida, Muhammad Xorazmshoh (1200-1220) hukmronligi davrida tobora inqirozga yuz tuta boshladi. Bu davrda mamlakatda o’zaro ixtiloflar ancha kuchaydi. Ko’pgina viloyatlar Muhammad Xorazmshoh hukumatiga rasmangina qaram edi. Natijada XIII asr boshlariga kelib, Xorazm davlatining siyosiy va harbiy salohiyati ancha zaiflashib qoladi. 1206-yilda Chingizxon boshchiligidagi mug’ullarning ilk feodal davlati tashkil etilgandan so’ng ularning istilochilik harakatlari avj olib ketdi. Sibir va Sharqiy Turkiston xalqlari, Tangut (Si Sya), Chjurchjen (Shimoliy Xitoy) davlatlari bo’ysindirilgach, Xuanxe daryosining shimolidagi yerlar ham mug’ullar qo’liga o’tdi. 1218-yilda Yettisuv mug’ullar tarafidan istilo etiladi. 1219-yilda Chingizxon qo’mondonligidagi 150 mingdan ziyod mo’g’ul askarlari O’rta Osiyoga bostirib kiradi. Muhammad Xorazmshoh o’z qo’shinini bir joyga to’plash o’rniga, bo’lib-bo’lib shahardagi qal’alarga joylashtiradi. Bu mo’g’ullarning osonlik bilan mamlakatni bosib olishiga qulaylik tug’dirdi (Ahmedov B. Tarixdan saboqlar. Toshkent: «O’qituvchi», 1994, 418-bet). Mamlakatdagi boshbodoqsizliklarga qaramay, xalq ommasi o’z vatani, shahar va qishloqlarini istilochilardan mardona himoya qilish uchun butun kuchini safarbar qiladi. Ayniqsa, Temur Malik boshchiligidagi Xo’jand mudofaasi uchun olib borilgan kurashlar muhim ahamiyat kasb etadi. Tarixiy manbalardagi ma’lumotlarga ko’ra, o’zini davrining Iskandari deb atagan Muhammad Xorazmshoh 1220 yildayoq taxtini tashlab, qochib ketadi. U Kaspiy dengizining janub tomonidagi orollardan birida kasal bo’lib, xor-zorlikda vafot etgan. Muhammad Xorazmshohning o’g’li Jaloliddin Manguberdi mamlakat mustaqilligi uchun astoydil kurashgan yirik sarkardadir. Dushman Xo’jand, Buxoro, Samarqand, Termiz kabi shaharlarni istilo qilib, Urganj tomon yo’l oladi. Jaloliddinga saroy ayonlari va ko’pchilik askar boshliqlari buysunmaganligi bois u Temur Malik bilan birgalikda kuch to’plab, qayta hujumga o’tish niyatida Xurosonga ketadi. Urganch dushman qamali iskanjasida qoladi. Chingiz qo’shinlari suv to’g’onini ochib yuborib, shaharni suv ostida qoldiradi. Sharqning yirik shaharlaridan biri bo’lgan Urganch xarob ahvolga tushib qoladi. Shahar aholisining ko’pchiligi nobud bo’ladi. Jumladan, ulug’ vatanparvar shayx Najmiddin Kubro ham fojeali vafot etadi. Bu ulug’ orif va shayxning Vatan mudofaasi yo’lida ko’rsatgan shijoat hamda jonbozligi tillarda dostondir. Ona yurtdan ko’ngil uzolmagan Kubro hazratlari mo’g’ul bosqinchilari bilan yuzma-yuz jangda oxirgi qatra qonlari qolguncha kurashib, bahodirona jon taslim qilganlar. Shayx Kubro jasorati bugun uchun ham alohida ibrat maktabidir 1221 yilda Xorazm davlatining dushman ixtiyoriga o’tishi bilan O’rta Osiyo tamoman mug’ullar idorasi ostida qoladi. Keyingi istilochilik harakatlari qo’shni Xuroson hududlarida bo’lib o’tadi. U erda Muhammad Xorazmshohning o’g’li Jaloliddin mustamlakachilarga qarshi kurashni davom ettiradi. U Temur Malik bilan birgalikda 1221-1231-yillar mobaynida Afg’oniston, Hind, Eron va Iroq hududlarida Chingizxon qo’shinlariga qarshi shiddatli janglar olib boradi. Jaloliddin Manguberdi mo’g’ullar tomonidan Hind daryosiga qadar ta’qib etiladi. 1221 yilda u mag’lubiyatga uchraydi. Ulug’ sarkarda oilasi, xotini va boshqalarni dushman qo’lida asir bo’lishini istamay, Hind daryosiga cho’ktirib yuboradi. O’zi esa daryodan suzib o’tib, Hindiston sari yo’l oladiki, bunday jasorat takrorlanmas qahramonlik namunasidir. Ona-O’zbekiston ham bu pahlavon o’g’lining jasoratini unutmadi. Mustaqillik yo’lidagi kurashning yorqin timsoli sifatida uning mahobatli haykali Urganchda salobat to’kib turibdi. Ma’lumotlarga ko’ra, Jaloliddin Manguberdi 1231 yilda Turkiston tog’larida vafot etgan. Temur Malik Jaloliddin o’ldirilgandan so’ng, o’z vataniga qaytib keladi. Biroq xalqni istilochilarga qarshi kurashga ruhlantira olmaydi va mug’ul qo’shinlari qo’liga tushib, o’ldiriladi. Bosqinchilarga qarshi xalqning norozilik harakatlari uzoq vaqt davom etadi. Jumladan, Buxoro va uning atrofida Mahmud Tarobiy rahbarligidagi bo’lib o’tgan xalq qo’zg’oloni buning yorqin dalilidir. Chingizxon nomi eng dahshatli, yovuz istilochi sifatida tarix sahifalaridan o’rin oldi. Uning istilochilik harakatlari natijasida Buxoro, Samarqand, Urganch, Balx kabi yirik shaharlarga jiddiy talofot etkaziladi. San’at asarlari, kutubxonalar, ancha taraqqiy etgan qishloq xo’jaligi, saroylar va masjidlar vayronaga aylanadi. Bu xunrezliklar badiiy adabiyotda o’z in’ikosini topdi, shuningdek, ilm-ma’rifat, san’at va adabiyot rivojiga o’zining salbiy ta’sirini ham ko’rsatdi. Mo’g’ullar istilosi O’rta Osiyo xalqlarining shiddat bilan rivojlana boshlagan yozma adabiyoti ravnaqiga ham salbiy ta’sir ko’rsatdi. O’rta Osiyodagi madaniy yodgorlik, san’at asarlari, badiiyat namunalarining yo’qolib ketishiga ham Chingiz qo’shinlarining vahshiyona bosqinchilik harakati sabab bo’ldi. Ilm-fan, san’at, adabiyot namoyandalarining ko’pchiligi janglarda halok bo’lgan bo’lsa, ba’zilar boshqa yurtlarga ko’chib ketishga majbur bo’lishdi. Jumladan, ko’hna Shahrisabzda tavallud topgan mashhur shoir Xisrav Dehlaviyning ajdodlari birmuncha osoyishta, obod va madaniyati yuksak bo’lgan Hindistonga ko’chib ketadi va o’sha joyda turg’un bo’lib qolishadi. Xisrav Dehlaviy esa Dehlida tug’ilib nash’u namo topadi, o’sha o’lkada badiiy ijod bilan shug’ullanadi. Forsiy tildagi badiiy adabiyot ravnaqiga jiddiy ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Shuningdek, buxorolik shoir, adib va adabiyotshunos Muhammad Avfiy, toshkentlik shoir Badriddin Chochiy, naxshablik (Qashqadaryo viloyati) Ziyo Naxshabiy kabi ijodkorlar ham Hindiston o’lkasiga yo’l olishni afzal ko’rishadi. Qo’shni mamlakatlardan Eron mo’g’ullar istilosidan kamroq talofat ko’rgan va nisbatan osoyishta bo’lsa, Turkiya, Misr va boshqa yaqin Sharq mamlakatlari bunday bosqinchilik harakatlari o’chog’iga aylanmagan edi. Shu bois ko’pchilik shoir va olimlar mana shu mamlakatlardan panoh izladilar. Ma’lumotlarga ko’ra, Kamol Xo’jandiy, Nosir Buxoriy kabi bir qancha shoirlar Eronda turg’un yashay boshladilar. Kamol Xo’jandiyning ko’pgina asarlarini Eron Ozarbayjonining poytaxti Tabrizda ijod qilganligi manbalarda qayd etiladi. Bu davrda aksariyat olim va yozuvchilar ikki yoki undan ortiq tilda ijod qilganliklari ko’zga tashlanadi. Jumladan, asli balxlik bo’lgan Jaloliddin Rumiy bolaligida oilasi bilan panoh izlab Turkiyaga borib qoladi. U erda dastlab Larenda, keyinchalik esa saljuqiy sultonlarning poytaxti Ko’nyoda muqim yashaydi. Jaloliddin Rumiyning fors-tojik tilida yozgan “Ma’naviy masnaviy”si Sharq adabiyoti ravnaqiga qo’shilgan muhim hissa sanaladi. Shuningdek, shoir turkiy tilda ham asarlar yozgan. Husomiddin Osimiy fors-tojik, turkiy va arab tillarida ijod etgan. Manbalarda qayd etilishicha, Husomiddin Osimiyni zamondoshlari «arabchasi fasih, turkchasi saheh va forschasi maleh»-, deb tavsiflashgan. Bulardan tashqari, Muhammad as-Samarqandiy turkiy, mo’g’ul, fors-tojik va arab tillarini mukammal bilgan. O’z-o’zidan zikri o’tgan holat bu davrda mulamma’-shiru shakar (ikki yoki undan ortiq tilda asar bitish) san’atining ancha taraqqiy etishiga sabab bo’lgan. Jumladan, shoir Purbahoi Jomiy turkiy, fors-tojik va mo’g’ul tillarida qasida yozgani manbalarda qayd etiladi. Bunday ma’lumotlarga tayanib qasida janri ma’lum takomil bosqichlarini XIII asr va XIV asr boshlarida o’tadi, degan xulosaga kelish mumkin. Mo’g’ullar istilosi aksariyat madaniyat, san’at, adabiyot va diniy asarlarning yo’q bo’lishiga sababchi bo’lgani bois, ko’pgina ijodkorlar vujudga kelgan bo’shliqni to’ldirishga harakat qildilar. Mashhur shoir Jaloliddin Rumiy Mavlaviya tariqatining asoschisi sifatida o’z asarlarida tasavvufiy g’oya, istiloh va timsollardan keng foydalandi. Shuningdek, Sa’diy Sheroziy ijodida ham Qur’oni karim, Hadisi sharif va tasavvuf ta’limotining g’oyalari o’zining teran ifodasini topadi. Bir so’z bilan aytganda mazkur mavzularda ijod qilish bu davrda ancha taraqqiy etdi. Nosiriddin Burhoniddin Rabg’uziyning payg’ambarlar tarixiga bag’ishlangan «Qisasi Rabg’uziy» asari ilk yirik hajmli turkiy nasr namunasi sanaladi. Hozircha ma’lum adabiy dalillarga ko’ra dastlabki turkiy g’azal ham mana shu asar tarkibida uchraydi. Bulardan tashqari, Ali degan shoir tomonidan 1223 yilda o’g’uz lahjasida «Qisasi Yusuf» dostoni yaratilganki, bu ham qur’oniy mavzularga murojaat va doston janri taraqqiyotini belgilaydi. Pahlavon Mahmud ruboiylarining axloqiy-ma’naviy ahamiyati. Pahlavon Mahmud purhikmat ruboiylari bilan o’zbek adabiyotida tarixida alohida mavqega ega bo’lgan atoqli shoirdir. Ma’lumotlarga ko’ra, uning ota-onasi Ko’hna Urganjdan Xevaga ko’chib ketayotganganlarida, 645 (1248) yilda Xeva yaqinida Mahmud tavallud topgan. Shamsuddin Somiyning «Qomusul-a’lam», Lutf Alibek Ozarning «Otashkadai Ozariy», Kamoliddin Husayn Fanoiyning «Majolisun-ushshoq» singari mo’’tabar manbalarda Pahlavon Mahmud haqida nodir ma’lumotlar keltiriladi. Shahar hukmdorlari orasidan yetishib chiqqan bu zukko shoir o’zining qator fazilatlari bilan xalqqa tanilgan va kishilar orasida ko’plab rivoyatlarning tug’ilishiga sababchi bo’lgan. Pahlovon Mahmud asosan po’stindo’zlik, telpakdo’zlik kasbi bilan shug’ullangan bo’lsa-da, jismonan baquvvat va kuragi erga tegmagan pahlavonligi hamda badiiy jihatdan yuksak ahamiyat kasb etuvchi ruboiylari bilan shuhrat qozonadi. Shoirning asli ismi Mahmud bo’lib, Xorazmning qator shaharlari, hatto Hindistonga borib kurash tushganda doimo g’alaba qozongani bois u «Pahlavon Mahmud» unvoni bilan ulug’langan. Mazkur ulug’ inson haqidagi rivoyatlardan birida hikoya qilinishicha, Pahlavon Mahmud bir jangda Hindiston shohi Roy Rapon Cho’nani o’limdan qutqarib qoladi va buning evaziga qachonlardir Hindistonga asir tushgan xorazmliklarni ozod qildiradi (Mallaev N. O’zbek adabiyoti tarixi. Toshkent, 1976 yil, 171-bet). Shoirning «Puryoyvaliy» deb atalgan laqabi ham mavjud bo’lib, bu yuksak nom ham uning kurashda ko’rsatgan jasorati hamda marifiy-ma’naviy olamini ulug’lovchi sharafli unvon sanaladi. Shuningdek, manbalarda e’tirof qilinishicha, kurash tutuvchilardan biror kishi zo’rxonaga tavof uchun kirmoqchi bo’lsa, avval Puryoyvaliyning qadamiga bosh qo’yishi lozimligi ta’kidlandi. Bu jihatdan ba’zan «puryoyvaliy» so’zi ma’jozan «azizu mukarram» ma’nosida ham qo’llanilishi qayd etilgan (O’zbek adabiyoti tarixi. 1-tom, Toshkent, 1978 , 189-bet). Ko’rinadiki, shoirning yuksak insoniy xislatlari, mazlumlarni hurlik quyoshidan bahramand bo’lishdek yuksak baxtga sazovor etishi borasidagi say’u harakatlari tufayli u xalqning beqiyos muhabbatiga munosib ko’rilgan. Shoir «Qitoliy» taxallusi bilan ham ijod qilgan. «Qitoliy» so’zi «bir - biri bilan jang qilmoq, kurashmoq» ma’nolarini anglatib, ayni taxallus ham shoirning jismonan baquvvatligiga ishoradir. Pahlavon Mahmud 726 (1326) yilda, ba’zi manbalarda qayd etilishicha , 722 (1322) yilda Xevada vafot etgan. Uning shogirdlari shoirni po’stindo’zlik ishxonasi atrofida dafn etadilar. Keyinchalik Pahlavonning qabri ustida muhtasham bir maqbara barpo qilingan. Pahlavon Mahmud qalamiga mansub bir necha ruboiylar uning adabiy merosidan bizgacha etib kelgan noyob badiiyat durdonalaridir. Shoir ruboiylarining umumiy soni aniq emas. Shuningdek, o’sha ruboiylardan tashkil topgan qadimgi qo’l yozma kitoblar (devonlar) ham hali fanga ma’lum bo’lganicha yo’q. Mavjud qo’l yozmalar esa XIX asrda ko’chirilgan bo’lib, ularning tarkibiga boshqa shoirlarning ko’plab forsiy ruboiylari ham kirib qolgan. Bular orasidan Pahlavon Mahmudga tegishli ijod namunalarini aniqlash bugungi adabiyotshunoslikning dolzarb vazifalaridan biridir. Pahlavon Mahmud ma’naviy merosini o’rganish borasida ba’zi ishlar ham amalga oshirildi. Jumladan, adabiyotshunos T.Jalolov 1962 yilda Pahlavon Mahmud ruboiylarini alohida kitob holida nashr ettirdi. Shuningdek, Yo. Isoqovning «Pahlavon Mahmud haqida mulohazalar» («O’zbek tili va adabiyoti», 1971 yil, 2-son, 20-25-betlar) nomli maqolasi e’lon qilindi. Pahlavon Mahmud fors - tojik tilida ijod qildi. Uning ruboiylarini Ulfat (Imomiddin Qosimov), Boqir (Omonnulla Valixonov), Muinzoda, Shoislom Shomuhammedov, To’xtasin Jalolov, Vasfiy, Matnazar Abdulhakim kabi olim va ijodkorlar o’zbek tiliga tarjima qilishdi. Pahlavon Mahmudning ruboiylardan tashqari, «Kanzul-haqoyiq» («Haqiqatlar qaymog’i») nomli masnaviy yozganligi manbalarda qayd etiladi. Kamoliddin Fanoiyning «Majolisun-ushshoq» tazkirasida mazkur asardan olti bayt keltirilgan. «Kanzul-haqoyiq» tasavvuf masalalariga doir she’riy muhokama yuritishga bag’ishlangan falsafiy masnaviylar jumlasidan bo’lib, asarning ko’p o’rinlarida muallif o’zining ilohiy-irfoniy o’y- mulohazalarini kichik hikoya va rivoyatlar yordamida ifodalashga harakat qiladi. Shu jihatdan mazkur masnaviy Jaloliddin Rumiy va Farudiddin Attorning ijodiy an’analari zaminida yaratilgan o’ziga xos falsafiy-axloqiy doston hisoblanadi («O’zbek adabiyoti tarixi». 1-kitob, 169-bet). Pahlavon Mahmud ruboiylari uning xalq orasida shoir sifatida shuhrat qozonishini ta’min etdi. Shoir ijodida Xorazmda Najmiddin Kubro boshlab bergan javonmardlik tariqati hayotbaxsh g’oyalarinig badiiy ifodasi yorqin ko’zga tashlanadi. Javonmardlik tariqati musulmon dunyosida o’ziga xos bir insonparvar ta’limot sifatida keng tarqalgan. Unda halimlik ulug’lanadi, saxovat, shafqat, ta’madan yiroq turish, muhtojlar g’amiga sherik bo’lish kabi yuksak insoniy fazilatlarga da’vat etiladi. Shoir ruboiylarida nafs insonning eng katta dushmani sifatida talqin qilinadi. Inson nafsdek qattol dushmanidan doimo g’olib kelishga harakat qilmog’i lozim, deydi shoir ruboiylaridan birida. Oh tortgan chog’ingda yo’lga ko’z tikkil, Yo’lda quduq bordir ehtiyoting qil. Do’st uyida mahram bo’lgan chog’ingda, Qo’lingni, ko’zingni, dilni tiya bil. Pahlavon Mahmud mazkur ruboiyda nihoyatda muhim mavzudan bahs etadi. «Oh tortgan chog’» deganda shoir kishi boshiga tushgan kulfatlarni nazarda tutadi. Shunday chog’da inson, tabiiyki, yo’lga ko’z tikib, yaqin kishilaridan shu holatdan chiqib ketishi uchun qandaydir madad kutadi, najotga katta umid qilib yashaydi. Biroq buni hayot deydilar, unda turli quduqlar mavjud. «Quduqlar» shoir satrlarida, majoziy ma’no tashiydi. Unda inson murakkab ruhiy iztiroblar girdobida qolganda, musibatzada insonning ana o’shanday holatidan quvonadigan notavonbin, nokas shaxslar nazarda tutiladi. Shoir ta’kidicha, ulardan doimo ehtiyot bo’lmoq kerak. Ruboiyning keyingi misralarida esa shoirning tayanch g’oya, niyati o’z ifodasini topgan. Unda do’st uyida mehmon bo’lganda, qo’lni, ko’zni, dilni tiyib turish kerakligi ta’kidlanadi. Bu tasavvuf ta’limotidagi var’a maqomini boshidan kechirayotgan solikning oldida turgan burchlariga uyg’un keladi. Ayni maqomda qo’l var’asi, ko’z var’asi hamda qalb var’asiga qat’iy rioya qilmoq talab etiladi. «Var’a»- arabcha so’z bo’lib, «parhez qilmoq» ma’nosini anglatadi. Zikri o’tgan maqomda bo’lgan solikning qo’li nopokliklardan xoli bo’lishi, ko’zi nomahramga qarashdan tiyilishi hamda solik qalban man’ etilgan ishlarni qilmasligi lozim. Ko’rinadiki, shoir ruboiyda o’zining olijanob axloqiy-ta’limiy mohiyat kasb etuvchi fikrlarini badiiylashtirgan. Bunday ruboiylarni Pahlavon Mahmud ijodida yana ko’plab uchratish mumkin. Quyida ulardan ayrim namunalar keltiriladi: Otashki, alanga mezanad sinai most, Daryoki, chu mavj mezanad didai most. In ko’zagaronki, ko’zaho mesozand, Az xoki barodaroni derinai most. Mazmuni: Gurkiragan olov - dilim yo’ldoshi, To’lqin urgan daryo - ko’zlarim yoshi. Ko’zagarlar yasayotgan har ko’za - Ko’hna do’stlar xoki - qo’li yo boshi. Yana: Se sad Ko’hi qofro ba havon sudan, Ba toqi falak bo xuni dil andudan, Sad sol asiri bandi zindon budan, Beh z-on ki dame hamdami nodon budan. Mazmuni: Uch yuz Ko’hi qofni kelida tuymoq, Dil qonidan bermoq falakka buyoq. Yoinki bir asr zindonda yotmoq, - Nodon suhbatidan ko’ra yaxshiroq. Yana: Ey dil, tu biyo az payi jonona ravem, Layli talabon ba har xona ravem, Xayyom sifat ba xamr mastem mudom. Ba do’zax agar ravem mastona ravem. Mazmuni: Kel, ko’ngil, men axtaray jononani, Ko’cha- ko’yu har eshik har xonani, Mastu mayxo’rmiz mudom Xayyomsifat, Do’zax etgaymish, qabul mastonani. Pahlavon Mahmudning mazkur ruboiylari shoirning ilm-fan, shariati islomiya, badiiy adabiyot va tasavvuf ta’limoti bilan jiddiy shug’ullanganligi hamda fors-tojik shoiri Umar Xayyomning izidan borib, ruboiy janri nafisligini oshirishda buyuk salafidan so’ng dong taratganligini dalillaydi. Shoirning abadiy uyquda yotgan manzili-maqbarasining ziyoratgohga aylanishi, xalqimizning yuksak badiiy salohiyat sohibi bo’lgan so’z san’atkori, ulug’ jamoat arbobi, avliyosifat orif shaxs hamda saxovatli insonparast Pahlavon Mahmudga hurmatining ramziy ifodasidir. Pahlavon Mahmud hayoti va ijodiy merosi haqida. XIII asrning ikkinchi yarmi XIV asr boshlarida yashab ijod etgan faylasuf shoirlardan biri Pahlavon Mahmuddir. Shoir 645 (1248-49) yilda Xiva yaqinida dunyoga keladi. U jismoniy jihatdan chiniqqan, baquvvat bo’lib o’sadi va keyinchalik pahlavonlik bilan ham shug’ullanadi. Xorazm va uning atrof shaharlaridan tortib Hindistongacha borib kurash tushadi. Ammo uning asosiy kabi-po’stindo’zlik bo’lgan. Bu hunarda ham juda mohir bo’lib, ko’plab ixlosmand shogirdlari bo’lgan. Shoir 726 yil (1326)da 79 yil umr ko’rib vafot etadi. Pahlavon Mahmudning nomiga hamisha bir-ikki laqab qo’shib aytiladi. Uni Xorazmda “Paxlavon Mahmud”, “Pahlavonpir” deb atasalar, ayrim tarixiy va tazkira kitoblarda “Hazrat Pahlavon”, “Mahmud Piryorvali”, “Mahmud Puryorvali” deb tilga oladilar. “Otashkada” (Lutf Alibek Ozar), “Qomusul a’lom” (Shamsiddin Somibek) asarlarida “jangovor”, “harbiy”, “urushqoq” ma’nosida “Qitoli” laqabi bilan tilga oladilar. Manoqiblardan birida aytilishicha, Pahlavon Mahmud Hindistonda ekan chog’ida hindlar tarafini olib urushga qatnashadi. Hind podshohi Roy Ropoy Cho’nani o’limdan qutqazadi. Bundan mamnun bo’lgan shoh Pahlavon Mahmuddan “tila tilagingni” deb so’raganida, shoirimiz oltin-kumush, molu dunyo emas, bir vaqtlar hindlarga asir tushgan xorazmliklarni ozod qilishini so’ragan ekanlar. Podshoh shoir iltimosini bajo keltirib, xorazmlik tutqunlarni ozod qilib, yo’l harajatlarigacha berib Xorazmga qaytargan ekan. Shuningdek, Pahlavon Mahmud Xiva yaqinida Chingizga qarshi urushda halok bo’lgan pahlavonlar qabri ustiga maqbara qurdirgan ekan. Pahlavon Mahmudning zako va iste’dodi, tafakkur kuchi uning jismoniy qudratidan kam bo’lmaganligini ko’ramiz. Qolaversa, shoirning olijanobligi, sog’lom aqli, tafakkur kuchini unga xos iste’dodning mevasi-ijodiy merosida bir butun holda namoyon bo’ladi. Hayotga, atrof olamga teran nazar bilan qaraydigan mutafakkirlar uchun o’z mushohadalaridan xulosa chiqarmoq va uni biror shaklda bayon etmoq tabiiy bir zarurat bo’lib qoladi. Sharqda bunday mutafakkirlar ko’piroq she’riyatdan foydalanganlar. Bu holatni Pahlavon Mahmud misolida ham ko’ramiz. Ma’lumki, o’z adabiy faoliyatida faqat ruboiy janrida ijod qilib, butun falsafiy qarashlarini shu janr bag’riga joylab, uning tematik doirasini belgilab bergan olim va shoir Umar Xayyom bo’lgan. Pahlavon Mahmud esa she’riyatda ham, falsafada ham Umar Xayyomning zakovatli davomchisidir. Chunki, Fors adabiyotida ham Turkiy adabiyotda ham Xayyomdan so’ng Pahlavon Mahmuddek faqat ruboiy yozgan shoir uchramaydi. Alohida qayd etish joizki, Pahlavon Mahmud Xayyomning shunchaki bir taqlidiy davomchisi emas, balki,bu janrni yangi mazmun va o’ziga xos yangi ruh bilan boyitganini ko’ramiz. Loyni mushtlab turgan anovi kulol, Qilsaydi aql ila chuqurroq xayol, Hech qachon bunchalik tepkilamasdi, Ota tuprog’idan yasarkan sopol Xayyom. Gurkiragan olov-dilim yo’ldoshi, To’lqin urgan daryo-ko’zlarim yoshi, Ko’zagarlar yasayotgan har ko’za, Kuhna do’stlar xoki-qo’li yo boshi. Ko’rinib turibdiki, bu ruboiylar mantiqan bir-biriga o’xshaydi. Biroq ularni aynan bir xil deb bo’lmaydi. Avvalgi ruboiyda Xayyom har bir insonni o’tmishga, bugunga va kelajakka aql ko’zi bilan teran nazar tashlashga undab inson umrining mazmuni faqat bugundan iborat emasligini qayd etadi. Lekin bunda achinish, kuyunchaklik sezilmaydi. Pahlavon Mahmud ruboiysida ham shu mohiyat aks etadi. Biroq, bunda shu holatning o’zi emas, unga achinish, kuyunchaklik hissi burtib ko’rinadi. Boshqacha aytganda har ikki ruboiy ikki xil munosabatning biri “aqliy” ikkinchisi “hissiy” munosabat mevasidir. Pahlavon Mahmud ruboiylari bilan yaqindan izchil tanishilsa uning mavzu qamrovi juda keng ekanligini ko’ramiz. An’anaviy ishq-muhabbat, odob-axloq, mardlik va shijoat, to’g’rilik va oliyjanoblik, inson umri va uning bir butun mohiyati, ilm-ma’rifat, ochiq tanqidiy munosabat va hokazo. Qaysi mavzuda bo’lishidan qat’iy nazar shoirning har bir ruboiysi o’ta jozibadordir. Bu joziba ruboiylarni o’qigan kishiga o’ziga xos ulug’vor ruhiy tetiklik bag’ishlaydi. Albatta, shoir ruboiylaridagi bu jozibadorlik, bu sehr. kuchining manbasini shoir yashagan davrdan, davr qarashlaridan, qolaversa shoirning o’z hayotiy va faoliyatidan qidirmoq joiz bo’ladi. VII-VIII asrlardan e’tiboran maydonga kelgan “so’fiy”lar harakatining qamrovi vaqtlar o’tishi bilan ham shaklan, ham mazmunan kengayib boradi. Futuvvatchilik yoki javonmardlik harakati ana shu negizda yuzaga kelgan o’ziga xos harakat bo’lib, X asrlardan qadimiy Xuroson va Movarounnahr. shaharlarida keng yoyilgan edi. Javonmardlar o’zlari uchun maxsus qoida-talablarni ishlab chiqqan bo’lib, bunga og’ishmay rioya etar, qaerda bo’lmasin, qanday ish bilan shug’ullanmasinlar, mardlik va olijanoblik namunasini ko’rsatar, zulm va haqsizlikka qarshi kurashib kelganlar. Ular nazdida dunyo boyligi-mol-dunyo emas, inson va uning qadri ustun turgan. Oltin-kumushni ular nazar-pisand qilmaganlar, balki yashash uchun, taraqqiyot uchun bir vosita deb bilganlar. «Butun umrini hayrixohlar va do’stlar xizmatiga bag’ishlash, faqat yaxshilikni o’ylash va yaxshilik qilishdan charchamaslik, ezgu xulq-atvorga ega bo’lish, borini o’zgalar bilan baham ko’rish, muhtojlarga yordam berish, piru ustozlar, do’st-birodarlar nomusi va sharafini himoya etish, zohiran va botinan pok yurib, pokiza insonlar suhbatida bo’lish va hakazolar javonmardlarning amaliy axloqi, kundalik hayot tarzi hisoblangan». Bu bugungi kun kishisi uchun xayol yoki bir afsonadek bo’lib tuyulsa-da, o’sha davr uchun hayot haqiqatidir. XIII asrda yashagan Arab sayyohi Ibn Batuta o’zining “Safarnoma” kitobida javonmardlar haqida quyidagicha yozadi: “Men dunyoni kezib bunday odamlardan ko’ra ezgu xulqli kishilarni ko’rmadim. Sheroz va Isfahon aholisi o’zlarini javonmardlarga o’xshatsalar-da, ammo Xorazm va Movarounnahr javonmardlari g’arib musofirlarni siylash va mehmondorlikda ulardan ustun turadilar. Ularni Iroqda “Shotir”, Xurosonda “Sarbador”, Mag’rib (Andalusiya)da “Sukra” deydilar. Ularga tobe’ joylarda adolat rasmi shunday rivojlanganki, ularning lashkargohlari, xonalarida oltin va kumush tangalar erga sochilib yotadi va egasi topilmaguncha hech kim bu pullarga tegmaydi”. “Javonmard”lar aslida kimlar edi? Javonmardlar o’z davrining bir qadar uyushgan tabaqasi oddiy xalq orasidan chiqqan turli kasb egalari-temirchilar, qurolsozlar, duradgor va tikuvchi-to’quvchilar, pahlavon va qiziqchilar shuning boshqa toifa vakillari edilar. Ularning har birini o’z jamoasi, piri, ta’lim beruvchi ustozlari, yig’iladigan joylari bo’lgan. Jamoaga qabul qilish Pir boshchiligida ahd-paymon bilan qabul qilingan. Jamoaga qabul qilingan kishi “javonmard” yoki “fatiy” deb atalgan (har ikki “yosh yigit” ma’nosini beradi) farzand deb yuritilgan. Pir esa “ota” deyilgan. Bir butun jamoa shu tariqa bir-birining aka-uka, birodarlariga aylanganlar. Bir birlari uchun jon fido bo’lganlar. Arab olimlaridan biri Ibn Havaql Movarounnahr javonmardlari haqida yozadi: “Movarounnahr xalqining javonmardlari shu darajadaki, go’yoki barchasi bir xonadonda yashayotgandaydirlar. Birortasi boshqasining uyiga borsa, o’z uyiga kirganday bo’ladi. Juda mehmondo’stdirlar va kechasi kelgani mehmondan xijil bo’lmaydilar, uni tanimasalar ham mehribonlik ko’rsatadilar”. Javonmardlar yaxshilik va yordam ko’rsatishdan tashqari, uyushib tashqi dushmanlarga qarshi kurashganlar ham. Ular orasidan Abu Muslim, Muqanna, Yaqub ibn Lays, Mazayra, Mahmud Tarobiy kabi o’nlab xalq qahramoni etishib chiqqan deyiladi. X_XIII asrlarda kosib-hunarmandlar toifalari o’rtasida bo’lgan bu harakat XV asrga kelib, hokim tabaqalarga muxoliflik kuchini yo’qotib, barcha tabaqa-toifalarni uyushtiruvchi harakatga aylanadi. Endi bu harakat faqat hunar va kosiblar o’rtasida emas, shoh, shahzoda va boylar, amir va amirzodalar ichidan ham futuvvatga a’zo bo’lishga intiluvchilar paydo bo’ladi. Jumladan, Navoiy va hatto Husayn Boyqaro ham hayrixohlik bilan qaragani aytiladi. Muruvvat-barcha bermoqdur emoq yo’q, Futuvvat-barcha qilmoqdur demoq yo’q. Pahlavon Mahmud esa bevosita Xorazm javonmardlarining rahnamo-pirlaridan biri edi. Uning “Pahlavonpir”, Piryorvali”, “Puryorvali” laqablarini qo’shib aytilishi ham shundan bo’lsa kerak. Eron olimlaridan biri Said Norisiy “Sarchashmai tasavvuf dar Eron” asarida: “Futuvvat-javonmardlik ulug’ peshvolaridan biri mashhur shoir P.M. Xorazmiydir”, - deydi. Qolaversa, shoir ruboiylarining bir butun mazmun mohiyati ham buni har jihatdan tasdiqlaydi. Ayni paytda shoir ruboiylarining joziba tarovati, sehr kuchining boisi ham shundadir. O’z nafsingga bo’lgin amir shunda mardsan, O’zgalarga bo’lma haqir shunda mardsan. Yiqilganni tepib o’tish mardlik emas, Aftodaga bo’lsang dastgir shunda mardsan. Nafs ustidan o’z hukmini o’rnatish, birovga hech qachon qaram bo’lib qolmaslik, aftodaga dastgirlik qilish javonmardlarga aynan xos xususiyatdir. Ko’nglim oppoq na kek va na kinam bor, Dushmanim ko’p va lekin men hammaga yor. Mevali daraxtman har bir o’tkinchi, Tosh otib o’tsa ham menga bo’lmas or. Agar komil ustoz kim deb so’rasalar, u pok mazhabli, o’z aybini ko’radigan, dono va tamizli kishi deb aytgil. Unda hasad, gina va baxillikdan asar bo’lmaydi... (Futuvvatnomai sultoniy 30-bet). Ko’rinadiki, shoir ruboisida javonmard pirlarga xos fazilat kayd etilayotir. Demakki, bu shoir uchun ham xos fazilat hisoblanib uning ruboiylarinio’qish, o’rganish ulardan ruhiy ma’naviy quvvatlanish lozim bo’ladi. Sayfi Saroiy hayoti va ijodi. XIV asr o’zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Sayfi Saroiydir. U lirik va epik shoir, noshir va tarjimon sifatida adabiyotimiz tarixida muhim o’rin tutadi. Adibning hayoti, faoliyati haqida juda oz ma’lumotga egamiz. Sayfi Saroiy XIV asrning 20-yillarida tug’iladi (1321-1396 degan ma’lumot bor). Qamishli yurt manim tuvg’on elimdi, Bilik g’urbatga kelturg’on bilimdi. Kelib o’ldim saroyda she’r fidoyi, Saroyning shoiri elning gadoyi. Birinchi misradagi “qamishli yurt”ni hozirgi Xorazm viloyatining Sariqamish qishlog’i va shoirni shu erda tug’ilgan deb taxmin qilinadi. Sayfi Saroiy yashagan davrda yurt osoyishtaligi buzilib, juda ko’plab kishilar boshpana izlab turli yurtlarga ketishga majbur bo’lgan edi. Jumladan, Sayfi Saroiy ham bu joyda qo’nim yashay olmadi. U ham boshpana va ilm istab o’z el-yurtidan uzoq tushdi. Bu haqida shoir nadomat bilan yozadi: Usub tufrog’im uzra nayzalar, man evdin ayrildim, Vatandin benishon o’ldim-da, o’zga yurtga evrildim. Nechuk menga falak javr ayladi, qanday gunohim bor, Iloho ayla kam javring, man elga sodiq ul erdim. Sayfi Saroiy bir qancha mamlakatda bo’lib, umrining oxirlarida Misrga kelib, o’sha erda turgun bo’lib qoladi. Shu erda qiyinchilik bilan yashasa-da, barakali ijod qiladi. U fors-tojik shoiri Shayx Sa’diyning “Guliston” asarini 1390-91 yillarda tarjima qiladi. Bu tarjima “Gulistoni bit-turkiy” deb ataladi. 1394 yilda “Suhayl va Guldursun” dostonini va ko’plab g’azallarini yaratadi. XIV asrning oxirgi yillarida vafot etadi. Lirikasi. Sayfi Saroiy iste’dodli lirik shoir bo’lib, o’z ijodini lirik she’rlar yozish bilan boshlagan, devon ham tuzgan bo’lsa kerak, lekin bizgacha etib kelmagan. Uning “Gulistoni bit-turkiy” va “Suhayl va Guldursun” dostoni bilan birga kuchirilgan 10dan ortiq g’azali, 2ta qasidasi, 2ta qit’a va ikki bayt she’ri etib kelgan. Shularning o’zi Sayfi Saroiy o’z davrining iste’dodli shoir bo’lganidan darak beradi. Sayfi Saroiyning she’rlari hayotga yaqinligi bilan, sevgi-muhabbatni chiroyli qilib kuylashi bilan ajralib turadi. Kelib o’ldim saroyda she’r fidoyi, Saroyning shoiri elning gadoyi. U garchi saroy shoirlari bilan birga saroy doirasida ijod qilgan bo’lsa-da, lekin u eldan, mazlum xalqdan uzoqlashmagan, xalqning dardi bilan yashagan. “Vasful shuaro” – she’ri shoir karashlarini bir qadar yorkin ifoda etadi. Dilbarimning sochi sunbul, yuzlariguzor erur, Bo’yina oshiq sanubar, yuzlari gul zor erur. Bu malak nevchun meni doim qaroqinda tutar, Otim sayf o’ldig’uchunma qaro qinda tutar. Yamonliq qilgan erga eygulik qil, Qopar it og’zina luqma otadur,- kabi baytlar, ularda qo’llanilgan tasviriy vositalar shoirning yuksak mahoratidan darak beradi. «Gulistoni bit-turkiy». Sayfi Saroiy ijodining yana bir muhim tarjimasidir. U 793 (1390-91) yilda Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asarini o’zbek tiliga tarjima qiladi. «...Ilk yoz kunlarining birida bir kun olimlar davrasida o’tirib erdik, Ul olimlarning ulug’i aruz ilmidan senga bir savol tashladi. Javobini eshitib aytdiki, senga bir nasihatim bor. Ul kishi aytdiki, Sa’diyning “Guliston”ini turkiyga tarjima qilsang. Bu sening ham yodgoring bo’lib jahonda qolsun». Bu tarjima o’zbek adabiyotida tarjimanavislik tarixidagi ilk tarjimalardan bo’lib, bu tarjima asar kitobxonni Sa’diy ijodi bilan xam yaqindan tanishtiradi. Ayni paytda o’sha davr adabiyotini va adabiy tilini o’rganishda muhim manba hisoblanadi. Sayfi Saroiy bu tarjimadan maqsadi o’zbek va boshqa turkiy xalqlarni “Guliston”da aytilgan juda qimmatli bo’lgan fikrlardan qarashlardan bahramand etish edi. Shu bilan birga Sayfi Saroiy bu asarga ijodiy yondoshib, o’zining ham fikr-qarashlarini va she’rlarini kiritadi. (Sa’diy Sheroziy fors-tojik adabiyotining ulug’laridan bo’lib, 1204-1208 yillar oralig’ida Sherozda tug’iladi. Sa’diy ko’plab g’azallar, qit’alar, qasida va risolalar yaratgan shoirdir. Ayniqsa, u “Bo’ston” va “Guliston” asarlari va g’azallari bilan shuhrat qozonadi.) “Guliston” axloqiy-ta’limiy asar bo’lib, 8 bobga bo’lingan: 1) “Podshohlarning xislati”; 2) “Darveshlarning axloqi”; 3) “Qanoatning yaxshilig”; 4) “Xomushlikning foydasi”; 5) “Ishq va yoshlik”; 6) “Notavonlik va qarilik”; 7) “Suhbat odobi”; 8) “Tarbiyaning kuchi”. Har bir bobda avval shu bobga doir fikrlar aytilib, keyin bunga bog’liq bo’lgan kichik hikoyatlar, she’rlar keltiriladi va “qissadan hissa” chiqariladi. Sayfi Saroiy o’z tarjimasida bu holatni to’la saqlab qoladi va xuddi Sa’diy singari karam va saxovatni maqtab, baxillikni qoralaydi. Kishilarni himmatli va saxovatli bo’lishga chaqiradi. Xudbinlik, kibru havo, maqtanchoqlik, amal bilan kerilish kabi illatlarni qoralaydi. Ilm-ma’rifat, ota-onaga, ustozga, kattalarga hurmat, odoblilik va boshqa fazilatlarni uluQlaydi. “Guliston”da ham, “Gulistoni bit-turkiy”da ham ajoyib hikoyalar to’rlangan. Ular hajman kichik bo’lsa ham, lekin mazmunan juda boy va ibratlidir. «Suhayl va Guldursun» dostoni. Bu doston XIV asr dunyoviy adabiyotida yuqori o’rin tutuvchi dostonlardan biridir. Garchi dostonning hajmi qisqa bo’lsa-da, unda dunyoviy sevgi, sadoqat, mardlik va jasorat o’ziga xos bir joziba bilan kuylanadi. Doston Temur va To’xtamish o’rtasidagi jang va uning oqibatlarini aks ettirish bilan boshlanadi. Voqealar “Suhaylning chohda yotishi”, “Suhaylning tush ko’rishi”, “Shoh qizi Guldursun Suhaylni ko’rgani va uni sevib qolgani”, “Suhayl bilan Guldursunning chohdan chiqib qochganlari bayoni” kabi bo’limlarga bo’lib hikoya qilinadi. Garchi doston mana shunday bo’limlarga bo’linsa-da, ammo voqealar rivoji izchil davom etib boradi. Dostonning bosh qahramoni Suhayl va Guldursundir. Sevgi va sadoqat, mardlik va jasoratda ular bir-birlaridan qolishmaydi. Dostondagi Guldursun obrazi afsonadagi Guldursun obraziga tamomila qarama-qarshidir. Afsonadagi Guldursun – xiyonatchi, vatanfurush, irodasiz, engiltak, havoyi bir qiz edi. Uning shu xislatlari boshiga etadi. Dostondagi Guldursun esa mard, jasoratli, sadoqatli qiz. Garchi ularning taqdiri fojiali tugasa ham, dostonni o’qiyotgan kishida tushkun kayfiyat paydo qilmaydi. Balki kitobxonning ruhi ko’tarilib, qahramonlar mardligi, jasorati va bir-biriga sadoqatiga tahsin o’qiydi. Shoir ham o’z qahramonlarining jasorati va sadoqatidan ruhlanib shunday yozadi: Xotin sodiq ani sevgil, aziz er, Har og’ir ishda ham doim seni der. Anga do’st bo’l, ani sevgil, ko’ngil ber, Aning so’z bahridin gavharlarin ter... «Guldursun afsonasi» - mo’g’ul bosqinchilariga qarshi erk uchun olib borilgan kurashlar tafsiloti haqida ma’lumot beruvchi badiiyat namunasi sanaladi. Mazkur afsona bilan S. T. Tolstov qadimgi Xorazm bo’ylab arxeologik tekshiruv ishlarini olib borganda qiziqib qoladi. Mashhur arxeolog olim Qaraqalpog’iston hududidagi Guldursun qal’a xarobasini o’rganarkan, bu joy nomi bilan bog’liq afsonani mahalliy aholi vakillaridan eshitadi va yozib oladi. Afsonaning qisqacha mazmuni quyidagicha: Qadimda Guliston degan obod shahar bo’lgan ekan. Dushman bu shaharni qamal qilibdi. Donishmand keksa podsho aholini mudofaaga safarbar etibdi. Aholi shaharni mardona himoya qilibdi. Oziq-ovqat tugab, ochlik dahshati boshlanganda ham xalq qurolini tashlamabdi. Ochlik dushmanni ham mavh eta boshlabdi. Shahar aholisi semizroq bir necha sigirga so’nggi don-dunini edirib, darvozadan tashqariga chiqarib yuboribdi. Ochlikdan toliqqan dushman sigirlarni so’yib, ularni don-dun bilan boqilganligini ko’rib: «Shahar ahlining oziq-ovqati ko’p ekan, ochlikdan halok bo’lmay, jo’nab qolaylik»? - degan qarorga kelibdi. Shunda podshoning engiltak qizi Guldursun yurtboshilariga xiyonat qilibdi. U qal’a ustida jangni kuzatib turganida, dushmanning navqiron askar boshlig’ini sevib qolibdi. Ehtirosi ustunlik qilib, qaytib ketishga hozirlanayotgan dushmanning askar boshlig’iga maktub chiqarib «Sigir voqeasi hiyladir, shaharda oziq- ovqat tugagan, bir kun sabr qilsang taslim bo’lishadi»,- debdi. Aholi ochlikdan toliqibdi, ko’p kishi o’libdi, shahar taslim bo’libdi. Guldursunni askar boshlig’i oldiga olib kelishgan ekan, u qizning ishidan xursand bo’lsa ham, baribir menga ham xiyonat qilishi mumkin deb, qizni otning dumiga bog’latib, sudratib o’ldiribdi. Shahar er bilan yakson qilinibdi. Gulistondan asar ham qolmabdi. Shaharning xarobaga aylanishida Vatan va xalq xoini engiltak Guldursun sabab bo’lganligi uchun, kishilar tuproq teppani Guldursun deb atashibdi (Mallaev N. O’zbek adabiyoti tarixi. Toshkent, 1976, 166-bet). Ko’rinadiki, afsonada erk uchun mardonavor kurash, dushman va xoinlarga nafrat g’oyalari o’z ifodasini topgan. Dostonning badiiy xususiyatlari. Doston g’oyaviy mazmuni bilangina emas, badiiy xususiyatlari bilan ham qimmatlidir. Dostonda voqealar, qahramonlar tashqi va ichki ko’rinishi – ruhiy dunyosi yaxshi ochilgan. XIII asr va XIV asr boshlarida yaratilgan adabiy asarlar o’zbek mumtoz adabiyoti tarixida alohida bosqichni tashkil etadi. Chingiz istilosi va mo’g’ul xonlari istibdodi O’rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-siyosiy hayotiga qanchalik zarar etkazgan bo’lsa, ma’vaviy-madaniy hayotiga ham shunchalik, hatto undan-da ancha ko’proq talofot etkazdi. Ko’pchilik ijodkorlar yurt ozodligi uchun olib borilgan janglarda vafot etdi. Ba’zilari boshqa mamlakatlarga ko’chib ketishga majbur bo’ldi. Shunday bo’lsa-da, bu davrda o’zbek mumtoz adabiyoti ma’lum bir tarixiy taraqqiyot bosqichini o’tadi. Turli janrlarda ijod etila boshlandi. Ayniqsa, turkiy adabiyotga g’azal, qasida janrining kirib kelishi, «Qisasi Rabg’uziy»day yirik hajmli nasr namunasining ijod etilishi xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-madaniy hayoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o’rinda yana bir achchiq haqiqatni ro’yi rost e’tirof qilish mavridi keldi. XIII asr va XIV yuz yillik o’rtalariga qadar bo’lgan davr badiiy so’z san’ati tarixi oldida adabiyotshunoslikning katta qarzi ham bor. Biz ko’proq zikri o’tgan bosqich adabiyoti manzaralari xiyraligini mo’g’ul istilosi aybi sifatida sharhlab kelamiz. Mazkur omilning haq ekanligi shubha uyg’otmaydi, albatta. Ammo vatanni tark etib, o’zga yurtlarda uqubatda yashab, ona-tuproq sog’inchini qalb-qalbida asragan,hijron ohanglarini misralari bag’rida muhrlab qoldirgan qalamkashlar ma’naviy merosi ustida deyarli bosh qotirayotganimiz, Afg’oniston, Eron, Hindiston kabi davlatlarning xazinalarida saqlanayotgan nodir durdonalarni tadqiq qilayotganimiz yo’q. Keyingi 15-20 yil ichida shu davrga doir yangi nom yoxud asar haqida toza gap aytilmadi. Badriddin Chochiyday ulug’ ajdodimizning ruhi poki, noyob ma’naviy merosi bizdan madad kutayotir. Afsuski, ayni jabhada bu ulug’ alloma yagona emas. Ular bizdan shafqat, fidoyilik, mehr umidvordir. Download 32.28 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling